Pahlavon Sodiq (1973)

Pahlavon Sodiq 1973 yilda Namangan viloyati Chortoq shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini, Turkiyadagi Egey universitetining xalqaro jurnalistika bo‘limini tugatgan. «Ruhiyat nasimi» she’riy to‘plami chiqqan. Ayni vaqtda London shahrida yashaydi.

BUNChA ShAMOL ESDI SO‘Z ARO

***

sen tong bo‘lib uyg‘onolmading
tun bo‘lib men ko‘z yumolmadim…

X.F.XXI asr

Asr tiyra tortdi. Shom — g‘arib
hali yulduzlardan asar yo‘q
men TONGlarni ketdim axtarib…

paypaslashim kerak bu tunni
tiniq tortgunicha ko‘zlarim
yorug‘ tushgunicha inimga…

oqarguncha dunyoning sochi
tozarguncha yuragi butkul
aritguncha o‘zidan tunni

ungacha ko‘z yumishim mushkul.
Sen ham hech bo‘lmasa tin ol
kel, ko‘zlarim ustiga egil…

kiyib olgin meni — yupunni…

***

Bir vujud ruh berding, bir qalb hissiyot,
Taxayyul berding sen menga bir shuur,
Bir nafas uh berding, bir o‘lim hayot,
Va ko‘zim gulxani — bir qorachiq nur.

Bir zabon so‘z berding, bir qalb hissiyot,
Bir yurak iztirob etding inoyat.
Bir kalom ifoda buyurding, illo —
Sening qalaming-la bitilgan oyat.

Va subh berding sen bitta shafaqda
Va shomni yo‘llading unga nihoyat.
Bir do‘zax azobni etgansan va’da
Yana berguvchi Sen bir jannat rohat.
Bir vujud ruh berding…

***

Shabiston — azalning harami, azizam,
Azizam, sukunat — ilohning sasidir.
Gullarga shunchaki qarama, azizam,
Gullar kapalakning qobirg‘asidir.

Ufunat ufurgan iforlar bir toza,
Bir toza iforlar ufurar ufunat.
Sen bunday ufurma, uf urma, azizam,
Gullar kam biz kabi yupun de, yupun, ayt.

Shu so‘zlar ortidan yig‘lasang mayliga,
Mayliga kulsang-da, garchi bu og‘ir g‘am.
Faqat menga bunday qarama, azizam,
Kapalak emasman, gul emas qobirg‘am…

***

Uyg‘ondim — ro‘yolar yana ta’birsiz,
Yana yuragimda g‘arib bo‘m-bo‘shliq.
Uxladim beshiksiz hamda qabrsiz
Muallaq vujudim ustimga tushdi…

Men balo tog‘idan ko‘chgan eng so‘nggi
Tamal toshlarining his etdim vaznin.
Jarga qulayotgan odamday yengil
Dorga tikilgan bosh singari vazmin.

Bemozor arvohday izg‘idim daydi,
Egnimda yalang‘och tunning kafani.
Bilmadim borarga manzilim qayda,
Qaysi qorong‘ulik — mening vatanim…

Axir men qasammas, sharob ichdim-ku,
Mana, ko‘z yoshlarim o‘xshaydi mayga.
Dunyoni orqalab ketmas edim-ku,
O‘limni orqalab boryapman qayga…

***

Buncha shamol esdi so‘z aro,
Buncha uzun nafas o‘tildi.
Aytilmasdan tunlari qaro
G‘amlar bugun ichga yutildi.
Buncha og‘ir havodan so‘lish,
Nasimlarim, siz yo‘qsiz axir.
Buncha uzoq cho‘zildi o‘lish,
Yashash esa shunchalik taxir…
Ko‘zlarimga tortilgan mildan
Olam butkul siyoh rangida.
So‘zlar uchib bormoqda dildan,
Ko‘milmoqda unut changida…
To‘kilmoqda yashil barglarim
Umidlarim chil-chil sinmoqda.
Yuragimda she’rning marglari,
Ichimdagi tovush tinmoqda…
So‘z yo‘q, demak, chora ham yo‘qdir
Tuyg‘ularning butkul tarkiga.
Ko‘ngil na och va na-da to‘qdir,
Yurak butkul azob g‘arqida…