Otabek Ismoilov 1953 yilda Xorazm viloyatining Xiva tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Bir nechta she’riy, nasriy va ilmiy ommabop kitoblar muallifi. Ayni vaqtda Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, “Xiva tongi” gazetasi muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.
IShQ BILAN O‘TSA UMR…
Uzoqdagi yorga ey shamol,
Salomim elt, dedim yolborib.
Eshik yopib jo‘nadi darhol,
Oyog‘ini qo‘liga olib.
Menku unga ishondim, biroq,
Salomimni eltmayin turib,
Ko‘rdim. Yurar dalada shu choq,
Otam bilan xirmon sovurib.
* * *
Dema aybni ishq aro ko‘ngilga qo‘y,
De pari ruxsor, sochi sunbulga qo‘y.
Debdi yor dil dardiga malham qo‘yay,
Ul kuyib kul bo‘ldi endi kulga qo‘y.
Erni Nuh to‘foni g‘arq etgay dema,
Hajr aro diydamdan oqqan selga qo‘y.
Til bila joiz emas izhori ishq,
Ushbu ishni ko‘zga yoxud gulga qo‘y.
Ko‘yida majnunligingdan urma lof,
Ushbu savdoda bahoni elga qo‘y.
Avji kamdir Otabek chah-chahlaring,
Bu yumushni xushnavo bulbulga qo‘y.
BO‘LMAS
Yuzlab zog‘ birlashib xonish aylasa,
Yagona bulbuligo‘yocha bo‘lmas.
Mingta sham jamlanib yonish aylasa,
Quyosh lahza sochgan ziyocha bo‘lmas.
Guvohmiz, o‘tdilar ne-ne hakamlar,
Surib yolg‘onu davron, so‘ng ko‘zda namlar,
Koshonalar ichra yal-yal gilamlar,
Mehnat bilan kelgan bo‘ryocha bo‘lmas.
Gar dilga cho‘g‘ tashlar, ul mohitoblar,
Na qalbda halovat, na ko‘zda xoblar,
Ishqda Farhod, Majnun tortgan azoblar,
Men chekkan dardlarga debocha bo‘lmas.
Agar dilda sevgi chinakam bo‘lsa,
Etar bardosh, yordan ne sitam bo‘lsa,
Jahon ra’nolari jamuljam bo‘lsa,
Ko‘ngling olgan o‘shal Ra’nocha bo‘lmas.
* * *
Qomating aqlu hushim olg‘oni rost,
Ko‘zlaring jonimga o‘t solg‘oni rost.
Bir nigohingdan tushib ming-ming olov,
Dil muhabbat torini cholg‘oni rost.
Tushmi erdi o‘pganim shirin labing,
Ta’mi yodda bir umr qolg‘oni rost.
Rost sevgimni desam yolg‘on deding,
Shum raqiblarning senga yolg‘oni rost.
Sabru toqat qolmayin hijron aro,
Ko‘nglimiz ko‘yingda qiynolg‘oni rost.
Balki dunyo kim uchun yolg‘onchidir,
Ishq bilan o‘tsa umr har oni rost.
* * *
Xorazm, muqaddas, mo‘tabar zamin,
Ne-ne ko‘rgiligu sharaflar ko‘rgan.
Unga sig‘inmoqni, unga singmoqni,
Ziyoratga kelgan daryodan o‘rgan.
Amu bo‘yiga bor, qirg‘og‘ida chop!
Yuraging bir ajib tarzda tepadi.
Shu zamin farzandi bo‘lganing uchun
Daryo oyoqlaring o‘padi.
ChAMANZORIM
Zaminni qilgani kabi shu’lador,
Shu sirli falakning quyosh, mohtobi,
Xalqim manglayini yoritdi ilk bor,
Alloh inoyati – erkning oftobi.
Ona yurt – misoli ulkan bir chinor,
Jonu dildan unga payvand erurman.
Butun yer yuzida mashhur, betakror,
Shu qadim diyorga farzand erurman.
Ziyorat qilsangiz qadamjolarin,
Tarqatar dilingiz g‘uborlarini.
Ishoning, ko‘ksingiz bo‘lgaydir osmon,
Ko‘rib gumbazlaru minorlarini.
Saqla, Parvardigor, chamanzorimni,
Buyuklikka boshla, ey, ezgu niyat.
Alloh omon etgin do‘stu yorimni,
Dillarni tark etma mehru muruvvat!
***
Xorazm!
Muqaddas, tabarruk zamin,
Ne-ne ko‘rgiligu sharaflar ko‘rgan.
Unga sig‘inmoqni, unga singmoqni,
Ziyoratga kelgan daryodan o‘rgan.
Amu bo‘yiga bor, qirg‘og‘ida chop,
Yuraging bir ajib tarzda tepadi.
Shu zamin farzandi bo‘lganing uchun,
Daryo oyoqlaring o‘padi.
***
Maktubingni oldim.
Biroq,
Konvertni
Yirtmasdan ochmoqqa
topmadim imkon.
Taajjub!
Nedandir sirlaringni u,
Labin qattiq jipslab,
Saqlamish pinhon.
Bildim.
Balki uni bekitayotib,
Tiling bilan asta
Namlabsan chog‘i.
Yo shakar, yo asal
Tegmagan bo‘lsa,
Bu qadar yopishmas edi
Dudog‘i.
BO‘LMAS
Yuz zog‘ birlashib
Xonish aylasa,
Yagona bulbuli –
Go‘yocha bo‘lmas.
Ming sham jamlanib
Yonish aylasa,
Quyosh lahza sochgan
Ziyocha bo‘lmas.
Guvohmiz, o‘tdilar
Ne-ne hakamlar,
Surib davru davron,
So‘ng ko‘zda namlar.
Koshonalar ichra
Yal-yal gilamlar,
Mehnat bilan kelgan
Bo‘ryocha bo‘lmas.
Gar dilga cho‘g‘ tashlar
Ul mohitoblar.
Na qalbda halovat,
Na ko‘zda xoblar.
Ishqda Farhod, Majnun
Tortgan azoblar,
Men chekkan dardlarga
Debocha bo‘lmas.
Agar dilda sevgi
Chinakam bo‘lsa,
Etar bardosh yordan
Ne sitam bo‘lsa.
Dunyo go‘zallari
Jamul-jam bo‘lsa,
Ko‘ngling olgan o‘shal
Ra’nocha bo‘lmas.
***
Shodon kunlarimda
Eslayman seni,
Qisinib ketaman
O‘shanda erkam.
Ming afsus, shunday choq
Birga emassan,
Afsus, shodliklarim
Ko‘rmassan baham.
G‘amgin kunlarimda
Eslayman seni,
Sevinch to‘lar dilga,
Ruh tortar tetik.
Boisi yonimda
Yo‘qdirsan, axir,
Ming shukr, g‘amimga
Emassan sherik.
***
Tong chog‘i,
Lahzalik pok marjon bo‘lib,
Yaproqlar qatida tizilmish tomchi.
Gohi sevinch yoshi, gohi g‘am yoshi,
Kiprik orasidan uzilmish tomchi.
Ba’zan,
Ko‘k bag‘ridan shitob-la kelib,
Erning siynasiga urilib boshi
Qirlarda bug‘doyzor bor qilgan tomchi.
Bir paytlar yurt erki,
O‘z elini deb,
Barxanlar bag‘rida yovni quvlagan
Tashnalab qo‘shinni zor qilgan tomchi.
Ma’shum kun frontdan qora xat olgan
Ona yanog‘ida kezgan tomchi u.
Otalik baxtiga ilk bor musharraf,
Yigit ko‘zlarida suzgan tomchi u.
Tomchilar!
Mayliga bo‘lingiz shabnam,
Samodan to‘kiling, mayli, erta-kech.
Gohida sevinchdan ko‘zda bo‘ling nam,
G‘am yoshi bo‘lsangiz rozimasman hech.
***
Uzoqdagi yorga, ey shamol,
Salomim elt, dedim yolborib.
Eshik yopib jo‘nadi darhol,
Oyog‘ini qo‘liga olib.
Eh, men unga ishondim, biroq,
Salomimni eltmayin turib,
Ko‘rdim, yurar dalada shu choq,
Otam bilan xirmon sovurib.
DANAK
Metin yerni yorib
Chiqdimu lekin,
Bo‘y cho‘za olmadim ko‘kka
Oshnalar.
Daraxt bo‘lardim,
Meva tugardim,
Qattiq toptamasa balki,
Poshnalar.
AFSUS
Bu qadim dunyoda mo‘jiza-ku mo‘l,
Shartmas yoqa ushlash har gal, albatta.
Tosh ustida bir gul unganin ko‘rib
Tan olay, ochig‘i, qoldim hayratda.
Bunga sabab balki gulning sabridir,
Va lekin demoqchi bo‘lganim boshqa…
Ko‘p tahsinlar aytdim, tark etib g‘urur
Mitti urug‘ga jon baxsh etgan toshga.
…Qaytmagani kabi mehrga mehr,
Bo‘lmagani kabi salomga alik.
Tomir otolmadi sevgim dilingda,
Yuraging yo‘q ekan bitta toshchalik.
TO‘RTLIKLAR
Bog‘lari fayzlidir guli ochiqning,
Olgan duosi bor yo‘li ochiqning.
Xazinasin sirin so‘ramang O‘zi
Davlatin toshirar yo‘li ochiqning.
***
She’rlar ruhiyatim suratlaridir,
Bizlar-ku o‘tarmiz, she’rlar qoladi.
Bir kuni termulib qay bir qorako‘z,
Mening yuragimni yodga oladi.
***
Eru osmon sir-sinoat, sir izlama,
Aybu xato bo‘lmagan bir yer izlama.
Zuvalamni asli o‘zi loydan bilsang,
Tirnog‘imning ostidan, qo‘y, kir izlama.
***
Ishq zavqini ishqqa fido biladi,
Hijron dardin yordan judo biladi.
Yor deb ne azoblar chekkanlarimni
Bir o‘zim bilaman, bir Xudo biladi.