Olimjon O‘sarov 1973 yil 9 aprelda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini (1996), Toshkent Davlat yuridik institutining sud-prokurorlik fakultetini (2002) tamomlagan. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
«Bahor hazonlari» (1993), «Iztirob gullari» (1994), «Yulduzlar yog‘dusi» (2015) she’riy kitoblari, «Tungi qotillik» (1995) hikoyalar to‘plami chop etilgan.
VATAN TUPROG‘I
Har gal qishlog‘imga borganim chog‘i,
Bir tuyg‘u dilimni titratar chunon.
Bolaligim kechgan Vatan tuprog‘i
Taftidan jo‘shgaydir tomirimda qon.
Butun vujudimda shijoat, g‘urur,
Ona el bag‘rida yana bolaman.
Shiddatini in’om etgan Bulung‘ur
Suvidan sipqorib huzur olaman!
Qo‘y-qo‘zi boqqanim qiru adirlar
Maysalardan turfa gilam to‘shaydi.
Har giyoh, har maysa suyuk, qadrdon,
Podachi bolalar menga o‘xshaydi.
Nogahon ko‘zimda jilva qilar dur,
Bu sog‘inch yoshimi, sevinchmikan yo,
Ko‘nglimga quyilar ilohiy g‘urur,
Mening yurtim tanho, Vatanim tanho!
Omon bo‘l, ey Ona maskan, beshigim,
Men hamon bolangman, senga xumorman.
Sening duong bilan baxtga eshligim,
Sening baxting ko‘rib, men baxtiyorman!
MENING BAXTIM
Meni Majnun atab ba’zi do‘stlarim,
Ortiqcha muruvvat ko‘rsatar har dam.
Rost, qalbda armon ko‘p, lek azizlarim,
Erurman dunyoda eng baxtli odam.
Baxtliman – qo‘limda hamrohim qalam,
Qalbimda ming orzu har tong tug‘ilar,
Suyganim o‘sha qiz tushda bo‘lsa ham
Bir dasta gul ila nozlanib kular.
Meni sira g‘amgin demang, do‘stu yor,
Boshimda sarbonim, hur Vatanim bor.
Yonimda siz kabi do‘stlarim bisyor,
Yuksak davralarda topdim e’tibor.
Bahoriy bog‘lari dunyoga mashhur,
Baxtlar vodiysida tug‘ilgan bo‘lsam
Va yurt sog‘inchini bilmasdan, shukur,
Har lahza elimning kamolin ko‘rsam,
Bu mening baxtimdir, biling, do‘stlarim…
BOLALIGIM
O‘tdi qancha oylar va yillar,
O‘tdi mening teng yarim umrim.
Ortda esa chinqirib qoldi
Bolaligim – go‘zal bahorim.
Ortda qoldi yoshligim mening,
Ertak kabi baxtli kunlarim,
Yulduzlarga orzular bitib,
Bedor o‘tgan oydin tunlarim.
Qoldi endi xotira bo‘lib,
Gulg‘unchalar tergan gul chog‘im.
Gulim bir qiz qo‘lida so‘lib,
Qoldi mening gulzorim – bog‘im.
Ostonada meni kuzatgan
Mungli ko‘zlar – bir mehr qoldi.
O‘sha qirda – meni uzatgan –
Bolalikdan xotira qoldi.
IShQ O‘TI
Oshiq etsin ekan har zotni Alloh,
Qovurg‘alar sinsin yurak zarbidan.
Yuz yil farog‘atda yashamoq gunoh,
Bir zum bo‘lsa qiynal hijron dardidan.
Nadir ko‘zyosh va g‘am, zavq va shavqni ham
Bilar faqat oshiq bo‘lgan bandalar.
Gar bo‘lsa dunyoda sevgisiz odam,
U ham qabrlarda yotgan murdalar.
Tangrim yor vasliga yetkazsa nogoh
Abasdir men uchun jannatga havas.
Yorim yashar uyni etgum sajdagoh,
Men endi Majnunman, Olimjon emas.
Ishq o‘ti jahannam o‘tidan og‘ir,
Boshimdan kechirdim faryod etmayin.
Har ne ishga yolg‘iz Allohim qodir,
Balki endi menga jannat ham tayin.
AJR
Yigirma yil kutdim tunlari bedor,
Tangrim vasling oxir ayladi ato.
Ne baxt, yonimdasan, quvonchdan, dildor,
Ismimni unutib qo‘yganman, hatto.
Bugun xirom etur dunyo men uchun,
Boshimdan nur sochur ishqning oftobi.
Bilaman, qachondir o‘ldirar bir kun,
Shu qaynoq bo‘saning qiynoq azobi…
BAHOR XAZONLARI
Biz kezgan bog‘larda xazon to‘shalgan,
Endi bunda hokim qushlar galasi.
Olmalarning hidin o‘g‘irlab ketgan,
Qachondir, sezdirmay tun shabadasi.
Sajdaga cho‘zilgan qo‘llar singari
Xayolchan tebranar yalang‘och shoxlar.
Qo‘shilib yig‘laydi bosganim sari,
Xazonmas – orzudan tul qolgan ohlar.
Elkamda zil-zambil xayollar tog‘i,
“Bularning bariga o‘zim gunohkor”.
Oh, bu ne ko‘rgilik. Shu kuzak chog‘i
Yo‘laklarda besas yig‘laydi bahor.
Xazonzorga o‘xshar dunyo, chamamda,
Men endi yolg‘izman, topganim faqat –
Qachondir kesilgan bir to‘nka hamda
Etimlikda yig‘lab yurgan muhabbat.
QAYTMAS KUNLAR
Begonam, termulmang, zinhor siz ortga,
Men endi ketarman – tin olsin yurak.
Axir muhabbati so‘ngan yigitga,
Ayting, bu dunyoda yashash ne kerak?!
Bevafom, ne qilay, unutgum sizni,
Visolga yetibdur qay Majnun, qachon?
Taqdir yo Tangrimas ayirgan bizni,
Ko‘ksimga iz bosdi siz ketgan karvon.
Iloham, qayg‘urmang, endi men uchun,
Men ishqning ko‘z yoshin ichib o‘laman.
Qabrimga gul qo‘ygan avlodga bir kun
She’rlari yo‘qolgan shoir bo‘laman.
Oqqushlar o‘g‘irlab ketar armonni,
Tonglar hadya etar ming orzu-xayol.
O‘shanda Siz va’da qilgan o‘g‘lonni,
Menga in’om etar bir baxtli ayol.
Hammasi iziga tushadi takror,
Xazonlar hech qachon qo‘shiq aytmaydi.
Qaytadi baxtlarim, qaytadi bahor,
Faqat siz-la kechgan kunlar qaytmaydi.
QAYDASAN
Ohlarni sipqordim osmonni quchib,
Quvondim anduhlar daryosin kechib,
Kuyladim bulbulning ko‘z yoshin ichib,
Qaydasan, qiynama xasta yuragim,
Xotiraga ona bo‘lgan malagim.
Osmondek bag‘rimni chaqmoqdek tilding,
Ko‘zyoshim samoga yulduzdek ilding,
Ruhimni devona shamollar qilding,
Kelmading, kibri ham samo, keragim,
Oyga singil bo‘lgan tanho malagim.
Termulib ishqimning ko‘zi tolmadi,
Bag‘rim yonib-kuydi, kuli qolmadi,
Baxtim sadqa qilsam, hech zot olmadi,
Armonga yor bo‘ldi ezgu tilagim,
Meni Odam etgan Havo malagim.
QAROKO‘Z MALAK
Kelgin, ey tabibim, qaroko‘z malak,
Jonimni olmasdan bu dardi hijron.
Bunchalar qiynading, sochi jamalak,
Qilmoqchi bo‘ldingmi sevgim imtihon.
Magarki, qalbimni bilmoq istasang,
Bir umr maftuning – ko‘zlarimga boq.
Unda hijron bilan qilar bahsu jang,
Sening ishqing ila munavvar qaroq.
Kelgin, ey tabibim, qaroko‘z malak…
FALAKNING GARDIShI
Falakning gardishi yag‘ir kiftimga,
Og‘riqli, o‘kinchli tig‘ bo‘lib botmish.
Kalavam sig‘mayin mo‘jaz kaftimga,
Oymomo yog‘dusi tong bo‘lib otmish.
Namsiz kipriklarim tortqilab bog‘lar
Iztirob, armonning qaroqchilari.
Zil-zambil boshimni kundaga chog‘lar
Sochim tarab gunoh taroqchalari.
Umr daftarimning bo‘sh varaqlari
Oqqushdek chayqalib uchdilar bir-bir.
Ey voh, chaqin urgan daraxt singari
Besamar etdimi umrimni taqdir?!
Yo‘q-yo‘q, zinhor qismat quli emasman,
Ne desa hukmini jo-bajo etgan.
Mevasiz daraxtdek xazon bo‘lmasman,
Hayot chashmasiga ildizim yetgan…
BAHOR KELDI
Bahor keldi!..– xabar qilar boychechak,
Ajib to‘yxonaga aylanar dunyo.
Hovlidagi bir tup o‘rik – kelinchak,
Oppoq libos kiyib nozlanar go‘yo.
Bahor!.. – novdalarda ko‘z ochar kurtak,
Chinqirig‘i uning – momoqaldiroq.
Yulduzlarga balki so‘zlaydi ertak
Qismatdoshim mening – lolaqizg‘aldoq.
Bahor kelayotir!.. – adirlarda ham
Maysalar unadi, yo‘qolar izim.
Yurak sirlarimdan ogoh tor xonam,
Faqat bir suratga termular ko‘zim.
Bahor kelayapti!.. – chug‘urlashadi
Tepamda aylanib bir juft qaldirg‘och.
So‘nggi sirimni ham o‘g‘irlashadi,
Bag‘riga ilk sirim o‘ygan qayrag‘och…
Bahor kelayotir!.. – ko‘chadan bir to‘p
To‘pori bolalar o‘tdi yugurib.
Ko‘ksimda nimadir uzildi shu top,
Suratidan yuzim oldim o‘girib.
Bahor! Kelayapti… koshki qarasa…
Qo‘lida adashim – qorako‘z o‘g‘li.
Yonida qaddini g‘oz tutgan esa,
Sobiq xat tashuvchi o‘rtog‘im – o‘g‘ri…
ONAMNING SUVRATI
Titroq qo‘llarining mo‘jaz kaftida,
Taram-taram qaqrab yotadi shudgor.
Rangini yo‘qotgan ro‘mol ostida,
Kumushdek tovlanar bir tutam oqqor.
Kirtaygan ko‘zlari – qurigan buloq,
Quyosh ham uyalar qaragan kezi.
Intilgan orzusi yulduzdan yiroq,
Yuzida chiziqlar – temir yo‘l izi.
Har kuni iz solar tashvish ishchisi,
Kesishib-kesishib ketgan bu izlar.
Bekatsiz izlardan shoshib o‘tadi,
Vagon-vagon armon ortgan poyezdlar.