Olimjon Suyarov (1991)

Olimjon Suyarov 1991 yili tug‘ilgan. Guliston davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

TUN

Yarim tun, yomg‘irlar tirnar derazam,
Tuyular shamolning tirnog‘i kabi.
Go‘yo men o‘zimni tutib bermasam,
Bostirib kirguday ko‘rinar ta’bi.

Butun nigohimni oynaga tirab,
Qishki daraxtlarday qoldim mung‘ayib,
Najotkor so‘z izlar lablarim titrab.
(Nahot, hamon qo‘rqsam shuncha ulg‘ayib).

Yashirib ne qildim qo‘rqaman hamon,
Shu tun vahimasi uyqum o‘chirdi.
Axir, olisdagi mushtipar onam,
Tungi shamollardan juda cho‘chirdi.

BAHOR

Sen ochgan gullarning chechagi
Aritar qahraton zangini.
Qiyofang hamon shu – kechagi,
Ayt, bahor, shodliging yangimi?

Tabassum yugurib labimga,
Daraxtdan izlardim kurtakni.
So‘ng taskin bergancha qalbimga,
Ovutib qo‘yardim yurakni.

Kunlarga tarqatib taskinlar,
Men kutib yashardim ko‘klamni.
Sha’ningga o‘qildi tahsinlar
Va gulga ko‘mding sen o‘lkamni.

Shamolning ham sillasi qurib,
Daraxtni uyg‘on deb siltashar.
Kurtaklar ketadi barq urib,
Yuraklar gupirar, dil toshar.

Maysani ohista avaylab,
Yomg‘irni bir mayin to‘karding.
Qalbimga quvonchlar jo aylab,
Ilk bora yurakda ko‘karding.

ARI

Deraza oldida izillar hamon,
Xonaga qamalib qolgan bir ari.
O‘zini uradi tashqari tomon,
Ammo hech o‘tolmas oynadan nari.

Hadeb derazaga bosh uraverar,
Erkidan ajralib qolgan bu ari.
Lek faqat oldinga intilaverar,
Mahkum bo‘lganini bilgani sari.

ARMON

Endi seni qilmam bezovta,
Meni ham qo‘yaver holimga.
Ishq o‘tin qalagan kosovda,
Cho‘pon bo‘lay bor armonimga.

Yillar kelar bo‘ridek bo‘lib,
Armonlarim bir-bir g‘ajiydi.
Yoshlanadi ko‘zlarim ko‘rib,
Nima qilay? Jonim achiydi.

O‘rtasa-da u firoq dardi,
Yillar etdi baridan xalos.
Mana, bugun soch ham oqardi,
Lek bitta armonim yo‘qolmas.

U titadi yurak qo‘rimni,
Kul ichidan hamon cho‘g‘ izlar.
Yillar bo‘lib kelgan bo‘rini
O‘sha armon bir-bir bo‘g‘izlar.

***

Yuragingiz ko‘zlab qoq,
Otgan edim nayzalar.
Bu o‘qlarim endi, oh,
O‘z ko‘ksimga qaytsalar.

Sevgim izhor aylashga
Netay? Yetmadi qurbim.
Orzularim almashgan,
Armondan qasr qurdim.

Dil yaram bitmas hanuz,
Nigohingiz o‘q urgan.
Boray deyman-u, afsus,
Nikohingiz o‘qilgan.