Nozima Habibullayeva (1996)

Nozima Habibullayeva 1996 yil 4 noyabr kuni Farg‘ona shahrida tug‘ilgan.  Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetini “Oliy adabiyot kursi”ni tamomlagan. “Moviy qo‘shiq” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

* * *

O‘n asrmi, yuz asr,
Kahkashonlar uzra sir.
Bir g‘aflatki muttasil…
G‘orlar bu – mudrayotgan
Tog‘larning homuzasi,
Uyg‘onasizmi, yo‘qmi!?

Uzlatiga bosib lab,
Sukutga o‘zin sozlab,
qaqrayotgan ovozlar,
Bir-biriga o‘ranib
betob yotgan qog‘ozlar,
Ayo, Hazrati So‘zlar,
Ayo, Hazrati So‘zlar
Uyg‘onasizmi, yo‘qmi!?

Ey, sohibi dilim yak,
Umrim umringiz ichra.
Ming yillar u yog‘idan
Ming yillar bu yog‘iga
Qo‘shiqlarimiz uchar
Va ular qanotidan
Tomar anvoyi chechak.
“Haq hadyasi – taqdirdan… ”
Ertak aytgum ming kecha –
Uyg‘onasizmi, yo‘qmi!?

O‘rtan-ey ruhi ayub,
Ilohiy tuyg‘ularning,
Arjumand kulgularning,
Ifori nechuk zaif?!
Subhidamga yuz chayib,
Asl gulin topolmay,
Sandulochlar yig‘layur!..
Uyg‘onasizmi, yo‘qmi!?

Ey! Pokiza rang qani?
Ta’masiz jarang qani?
Osiy siyohdoniga,
Begunohlar qoniga
Cho‘milmagan tong qani?
Uyg‘onasizmi, yo‘qmi!?

O‘z onasi bir zamon
alla aytgandan buyon
Elinib mudrayotgan,
Haliyam uxlayotgan,
Ayo, g‘aflati inson!
Uyg‘onasizmi, yo‘qmi?

* * *

Dimog‘ingga kirib ishq
Butun umr mast bo‘lsang
Va yo tiriltirib ishq
Ruhi zabardast bo‘lsang.

Ko‘k orday o‘saversa,
Tuvoday o‘saversang,
Faqatgina Rabbing va
Rasulingdan past bo‘lsang.

Sujudning har besh vaqti
Peshonang etib taqdim
Yor-la uchrashuv vaqti
Yo‘lga poyondoz bo‘lsang.

Pardada tursa joning,
Va harir ursa joning,
Ikki dunyo hayoning
Yuzida pardoz bo‘lsang.

Haqiqatda o‘lmagan,
Va dunyoga kelmagan,
Hali hech kim bilmagan
Qadimiy ovoz bo‘lsang.

Eng baxtiyor yig‘i, Ey!
Umrimdan ortig‘i Ey
Tangrimning tortig‘i , Ey!
Hadyasiga xos bo‘lsang.

Holi hulvoyim ichra,
Ruhi anvoyim ichra,
Yolg‘on dunyoyim ichra
Rost bo‘lsang-o, rost bo‘lsang!

* * *

Men o‘zimdan o‘zim xafaman,
Dilning shakli kamonmi, aka?
Balki jazo, aybdir bilmadim,
Yaxshi bo‘lish yomonmi, aka?

G‘URUR

Biroz qahva to‘kilgan maktub
Qo‘llarimda qurirdi safsar.
Demak, holing parishon,
taajub,
Demak, yaqin…
shu ko‘chamdasan…

Xat boshida biz sevgan satr,
O‘sha qo‘shiq yangrar yangidan
Va ismimni bag‘riga bosgan
Bir yurak bor ko‘zing rangida.

Shoshilgancha chopdim eshikka
Bo‘g‘zimda tovushlar g‘arami
Ketib borar shoshib, eshitgin
Yuragimda urib qadaming.

Bo‘ron tortdi ko‘ylaklarimdan
Yugurmadim, turaverdim jim.
Izlaringni shamol-la o‘pib
Sochlarim-la chaqirgan edim…

Qo‘limda oq bo‘lgan farahga
Javob yozdim ko‘zim o‘ngida.
Davomiga to‘kilgan qahva…
(Yo atayin to‘kilgan qahva…)
Ne deganding maktub so‘nggida?

* * *

Tasavvur etmaysiz musiqalarning
Humori bepoyon girdobligini.

Tushimga kiradi eski uyimiz,
shimol yog‘dusiday taralgan ohang
Va bunda
qadrdon pianinamning
kuz misol sarg‘arib klavishlari
qitiqlab chiqdilar barmoqlarimni…

Quruqshab ketganda qaroqlar,
toki,
she’r yozib to‘kilsam
sharros, ruhma ruh,
tarona to‘lqinlar yig‘ib borardi
ritmma- ritm.
ruhma ruh.

Xotira albomdek nota daftarim
titranib varoqlar nafaslarimni.
Devorda chalaman-
Sado yo‘q!
Havoda chalaman-
Sado yo‘q!
Quyosh nurlarini chalaman-
Navo yo‘q.
Yo‘q!
Havotir chalinar…
Qo‘lim unutsa-ya tovushlarini?
Hozirmi navoga mendek gado yo‘q…

Meni qutqarmanglar,
Demak kuy yaqin,
Yana ozroq agar chiday olmasam
Ohangga aylanib ketaman o‘zim!…

* * *

Umrimizga dasturxonin to‘shar Toshkan,
Ey yuzi shams,
elkalari hiyol adir.
Yuzlarimdan haror olib sizga shoshgan
Qo‘llarimda piyolalar uyoladi.

Jilmayasiz, nafasimda vaqt sinadi
Ko‘zingizdan ravolanib boqqan sarim.
Ro‘molimning uchlariga berkinadi
Kulgularim,
Chimmatimga ulgularim.

Tushlarimiz xushlarimga emish egiz
Aylanadir- hayolimday ishqi rohlar.
Aylanadir — ko‘nglimizga tashrifimiz
Va osmonga eltib qo‘yar arg‘imchoqlar.

Ovozingiz qalamimda qilar xonish,
Hilpiragan kipriklarim kuyi sizga.
Sindirilgan non misoli tashrifi xush —
Tong nafasli hilol botdi yelkangizga…

Umrimizga dasturxonin to‘shar Toshkan,
Ey yuzi shams,
elkalari hiyol adir.
Yuzlarimdan haror olib sizga shoshgan
Qo‘llarimda piyolalar uyoladi.

* * *

Yo‘ldaman…
Qadamim sizdan iborat
Tomirlarim ichra so‘qmoq aylanar.
Uchar gilamlarda etdim ibodat
shaylana-a shaylana…

Yo‘ldaman,
sochimda tunning libosi
elpib borayotir hayolingizni.
Sarg‘aygan sog‘inchlar bo‘lib silovsin
yutmoqchi bo‘ldilar g‘izolingizni.

Axiyri,
qanotim ostida borliq,
Axiyri, tonglarning bari pariro‘y.
Yo‘ldaman —
Manglayda Ishq degan yorliq,
Axiyri, so‘ngagim sipqoradi kuy.

Ohangdek qo‘naman ko‘k hovuziga,
Ko‘zimga to‘ldirib oyning nurlarin.
Chorlaydi
osmonni larzaga solib
bunda ko‘ksingizning cho‘ng dupurlari.

Yo‘ldaman…

Bag‘ringizga qo‘yib eng go‘zal tuzoq,
Bir kuting, so‘nggi bor kuting-u,
yongan
kelgan yo‘llarimni nurga oqizoq
eting-u
Cho‘ktiring ikki dunyoga!…

***

Bir sohilda
dunyodan nari…
Fursatlaring kitobga qulab
Varoqlasang sahifalarin
To‘lqinlarning nafasi bilan.
Mo‘ralaydi olislardan bir
Alvonlanib boradi yelkan.
Kitoblarga sho‘ng‘igan umr
Kitoblarga aylanar ekan.
Yulduzli tun poyida qalqdi
Iqrorlarning boshida chidam.
G‘oyib bo‘ldi bolalik balki
Oq kemalar cho‘kkan joyida.
Bir qo‘limda oq bayroqdir tik
O‘tkan kunlar tarozisida.
Chiqib keldim,
ko‘nglimda hadik
Marg‘ilonning darvozasidan…

UChRAShUV

Tizzalarim qaltirayotir,
uchar gilam, muhtasham gilam.
Pardoz qildim ko‘zingga boqib
sevgim bilan, hayajon bilan.

Sen haqingda so‘ylar olti yoq,
qulluq qildim ko‘ksim qarmoqda.
Yurak esa senli borliqning
eshigini taqillatmoqda.

Va yo‘l ochding, tashakkur aytdim,
Ich – ichkarim, hujayram chaman.
Qachon keldim? O‘ldim?
Bilmadim
Ammo aniq tirilmoqdaman!

Oh, bunchalar ulkan ishq berding!
Izing izlab boshimni egib
izhor aytsam pichirlab,
erning
quloqlari ketadi erib…

Bu uchrashuv shavqim bugunning
besh lahzalik buyuk tashbehmi? !
Qo‘llarimga taqib qo‘yding eng
qimmatbaho marjon – tasbehni!