Nodira Nazar (1991)

Nodira Nazar 1991 yil Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani No‘g‘ayli qishlog‘ida tavallud topgan. 2012-2016 yillar O‘zbekiston davlat Jahon tillari universitetining roman-german filologiyasi nemis tili yo‘nalishini tamomlagan.

2013 yil «Hayajon fasli» nomli ilk kitobi, 2015 yil «Moviy sevgi» 2022 yil “Had” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Hindistonda chop etilgan «XXI asr antologiyasi»da bir qancha she’rlari ingliz tilida e’lon qilingan. Ozarbayjon jurnallarida she’rlari e’lon qilingan.

2022 yil Gyote instituti taklifiga ko‘ra «Simurgh» antologiyasida nemis shoirlaridan tarjimalar qilgan va 2023 yil o‘zbek yosh shoiralaridan va o‘z ijodidan Gyote instituti bilan hamkorlikda she’rlarni nemis tiliga tarjimalar qilgan va bu kitob Germaniyaning nufuzli «Wunderhorn» nashriyotida chop etilgan.

2025 yildan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

* * *

Fursat sirtmog‘ida chayqalar umrim,
To‘xtamay chopadi soat millari.
Shaffof ko‘zgularga yuzimni burdim,
Ko‘zga yaqinlarim — ko‘ngildan nari.
Goh ingrab chorlasam ismin tun aro,
Tonglar bosh ko‘targay og‘ir uyqudan.
Yuksaklik yuksalib borar tobora,
Tubanlik yanada ko‘rinar tuban.
Vaqt o‘tsa ko‘ngilni sindirib chil-chil,
Ezilgan loshimni ko‘targum qanday?..
Lahzada o‘tadi kechagi ming yil,
Go‘yo jon yurtidan tan quvilganday.
Sokin sabrim bilan mashvarat qurdim,
Qanoat tig‘idan halok bo‘ldi nafs.
Oh, nahot men qattiq ishongan qurbim
Xatoga yetadi, jazoga yetmas?!..

* * *

Kutish iztirobin yelkaga tashlab,
Darvoza tomonga yo‘llaydi millar.
Yo‘lchiroq sarg‘ayar senga yo‘l boshlab…
Mashina. Ezila boshlaydi yo‘llar.
To‘satdan yurakni qo‘rquvga otib,
Tog‘larning ortidan uvlar izg‘irin.
Yomg‘ir yashagandek yo‘llarga botib,
Senga botib ketar g‘ira-shira tun.
Bir kuzak hidiga o‘xshasa havo,
Bir qordan charchagan qishga o‘xshaydi.
«Odamlar yurti»dan topmagan davo
Qanoti lat yegan qushga o‘xshaydi.
Yo‘l tinmas, xato ham tinmas – savol mo‘l.
Tumanlar — bulutning sachragan qoni.
Mashina ichida talmovsirar rul,
Sen va «sen» ko‘zguda to‘qnashgan oni.
Haqiqat — umrning og‘ir nafasi,
Yolg‘izlik rangiga o‘xshab botar kun.
Boshini shamollar ko‘ksiga bosib,
Devorlar yashaydi ust-boshi yupun.
Biroq sen tiriksan, dengizday qurib,
Havoga sovrilib ketayotgan yo‘l.
Sen hanuz hayotsan, olisda turib,
Mening hayotimni boshqaryotgan «rul».

* * *

«Ayt qaydan topasan qochmoqqa imkon,
Men seni Xudodan so‘rayveraman…»
Zebo Mirzo

Baribir ko‘nglingdan o‘chirolmaysan,
Baribir yodingga kelaveraman.
Sahrolar Shams emas, dengizni kutar,
Men sening yomg‘iring bo‘laveraman.
Sezaman, Osmondek yolg‘izsan hanuz,
Hilolga tenglashib yashaysan yakka.
Ismimni takrorlab kechayu kunduz,
Tobora muhrlab meni yurakka.
Baribir, men senda yashayman mangu,
Ko‘nglingga botsa ham mendek toshbag‘ir.
Shunchaki tug‘ilmas eng so‘nggi qayg‘u,
Hech kimni shunchaki yutib ketmas yer.
Baribir, ko‘nglingdan o‘chirolmaysan…

* * *

Derazang tagida shivirlar shamol,
Yomg‘ir eshik qoqar tortinibgina.
Xonang tovlanadi — sariq, pushti, ol,
Ostonang izlardan ketadi nurab.
Derazadan oqar nafasing, hiding,
Eshiging lang ochiq — mendan ko‘ngling to‘q.
Sigara «Manhattan» — o‘zgacha diding,
Biroq uning tutunida yurak yo‘q.
O‘zing borsan, surating bor, ruhing bor,
Kuldoningda menga o‘xshab yonar cho‘g‘.
Uying to‘la nishonlaru tug‘ing bor,
Yurak yo‘qdir,
yurak yo‘qdir,
yurak yo‘q!

* * *

Nogoh ketib qolsam, izlama meni,
Ortimdan bo‘zlama «Qaylardasan?» deb!
Meningmas, bizlardan qolgan tuyg‘uni
Avaylab-asragin va yasha sevib.
Bilaman, yodingga kelaman tinmay,
Sog‘ini-i-b ketasan ayni shu zamon.
O‘zingga sig‘maysan devonalarday,
Sog‘inish g‘amidan chiqolmay omon.
Biroq men qaytmayman — ishonging kelmas,
Kutasan, ko‘nglingga sig‘maydi sabr.
Sen meni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqsang,
Tushun…
men Xudodan qo‘rqyapman, axir!

* * *

Yolg‘onday bu dunyo borligi,
Misli zulmat bilmaganday chek.
Malol kelar kenglik torligi,
Har bir lahza qo‘rqinchli tushdek.
Uyg‘otadi sog‘inch bemahal,
Tabiatning ko‘ylagi qora.
Chora izlar chorasiz ajal,
O‘ngim bilan tushlarim aro…
Osmon rangi siniqdan siniq,
Vido aytib qon yig‘lar chaman.
Ayriliqdan tonar ayriliq,
Mo‘ltiraydi Vatanga Vatan.
Qolganlarga tilaydi sabr,
Saraton va kuzak orasi.
Qad ko‘targay bir uyum qadr —
Topilmagan o‘lim chorasi.

* * *

Maktub ham yozmaysan — kutaman,
Sen deya bog‘landim ro‘yoga.
Xayolda qo‘llaring tutaman,
Begona bo‘lgancha dunyoga…
Sen o‘sha — o‘zidan ortmagan,
Sen o‘sha — eng olis osmonsan.
Sen o‘sha — so‘zidan qaytmagan,
Yomonsan,
Yomonsan,
Yomonsan!
Yulduzga yetmaydi qo‘llarim,
Iqrorman o‘zimni yengmoqqa.
Kutishdan tolmas bu yo‘llarim,
Senda-chi jur’at yo‘q kelmoqqa!
Yuzlaring ko‘rayin,
yo‘g‘asam…Asli men kimliging bilmayman!
Seni bu hayotda ko‘rmasam,
Men qaytib dunyoga kelmayman!
Umidim yurakka tutar bol,
O‘zimdan kuchlidir sabotim.
Ne uchun borsan-u, ey xayol,
Nimaga yo‘qsan sen, hayotim?
Ruhimdan buyukdir bu hijron
Yo‘lsizlik yurakka tosh bo‘ldi.
Men seni sahrodek kutyapman,
Dengizdek tosh — bo‘ldi, tosh — bo‘ldi!
Sen o‘sha — armonga o‘xshaysan,
Savolga o‘xshaysan, sirsan, sir!
Bilaman…
Kelmaysan,
kelmaysan,
Men esa kutaman
negadir.

* * *

Qolish — mensizlik,
Ketish — sensizlik.
Keta olish — ko‘ngilsizlik…
Menga gul emas,
imkoniyat ber
keta olishimga.

* * *

Hayotning bu hadsiz tug‘yonlarida
Adashdim (roziman) yaxshilik uchun.
Gar mensiz tonglaring uyg‘onganida
Unutma,
sog‘in
va
ozgina
tushun.

* * *

Aeroport. Shunchalar tez o‘tadi vaqt,
ulgurmay qolasan xayr-xo‘shga ham.
Hayot to‘xtagandek tuyilar faqat
Onangning ko‘zlarin olib qochsa g‘am…
O‘zingni baxtiyor tutasan atay,
Qalb-chi faryod chekar uni jimmm quchib.
Zaminga sig‘magan ko‘r kapalakday
ketasan bulutlar qa’riga uchib…
Osmonni nogohon qoplagandek chang,
samolyot qaltirar sening ko‘ksingda.
Senga oq yo‘l tilab qoladi onang,
Vataning qoladi senga qo‘l siltab…
Berahm tush misol kengayar ochun,
Ko‘ngling yosh qizchadek yig‘lar bu mahal.
Qaniydi, ketmasang…
qolsang sen, bugun
hayotni chiptalar qilmasaydi hal!

* * *

O‘zingni jinnilikka solasan
Ahmoq qilishyotganda,
Aldashyotganda.
Tushunib turasan bor buding bilan
Jon qulog‘ing bilan eshitasan —
O‘zingni jinnilikka solasan
Xafa bo‘lmasin deb
Solasan
O‘zingni shu
JinNiLikKa.
Kamiga
Senga qiziq bo‘lmagan
Savollardan bir-bir tashlab qo‘yib
Kunlab eshitasan —
Yangi asar yozasan,
Yangi yozasan,
Yozasan
yangi
o‘zingni.
Xayolingda doimgidek qora muqova,
qanday go‘zal —
asar nomi yo‘q!
To‘g‘ri, bu nom boshqa biror kimda ham yo‘q — tanholik shunday shirin-a? —
Aytmaysan.
Ular aytadi ammo,
To‘xtash yo‘q —
kattalashgan dard.
Xursand qilasan
Jon qulog‘ing bilan eshitib.
Balki eshityotgandek bo‘lib.
O‘zingni jinnilikka solasan
Kulasan baqirib
ko‘z yosh o‘rniga!
O, aldanish — maza!
Sukut — sen!
Asar — sen!
Sen asarni ifodalamaysan faqat —
Nomuhim!
Chunki
Aldanish — maza!
O‘zingni jinnilikka solish ham…

* * *

Hali qaancha umr bor
yashalmagan..
Hali sevib qolasan…
Ko‘ngling ham qoladi…
Hali qancha umr bor
yashalmagan…
Sevolmaysan.
Ko‘ngling ham qolmaydi.
Hali qa-a-ancha umr bor
yashalmagan..

* * *

Simirilgan qahva. Olam. Men.
Sensiz kechayotgan Sen bilan suhbat.
Nozik tuyg‘u. Keyin
jamlangan diqqat.
(Yana bir narsalar…)
Ichimdagi so‘zlaydi shu on
chiqsam deydi tashqarilarga —
Yo‘q ruhsat.
Savalaydi meni o‘lganlar…
Taxir qaxva. Uzoq ho‘playman.
Eslarimdan chiqadi sog‘inch.
Chalg‘iyman bir muddat
atrofga.
Yana Seni ko‘rgim keladi.
Chil-chil bo‘lib sinadi dunyo
Sinib ketar kimdir, nimadir..
Nima qilay men Seni suysam?
Yana
Yana
Yana bugun ham
Ichkarida yig‘laydi kimdir.
Tugab bo‘ldi sovugan qaxva.
Ovutadi
endi
meni
kim?

* * *

Har qandayin bahonalarga
O‘rganadi vaqt, umr va men.
Lekin seni ko‘rgim kelganda
Topolmayman hech qanday taskin.
Senga xabar yozaman yana
Ahvolingni bilgim keladi.
Va yashayman kunlarni sanab:
(keladi,
keladi,
keladi)
Sensizlikka ko‘nikish — bu g‘am,
Sensiz baxtli yasholmayman men.
Azob — uyga kiryotganimda
Ichkarida ko‘rinmasang sen.

* * *

Yomg‘ir yog‘ar — osmondir xomush,
Hanuz sendan tortinar quyosh.
Kipriklar — kuz,
ko‘zlar — yomg‘irpo‘sh,
Yuzingda-chi yomg‘irmi yo yosh?
Yashirma, ona…

AKSIOMA

Hali dunyo o‘zgargani yo‘q,
Hali bahor ketmagan qishdan.
Kaftlarimda yona boshlar cho‘g‘,
Telbalarcha yashab yurishdan.
Bugun bari eski va yangi,
Moviy ufqqa qarayman — savol…
Peshvoz chiqar qadah jarangi
O‘zingdan avval…
Xona bir juft surat bilan band,
Uzugingni qo‘yibsan yechib.
Qarashlaring berib qo‘yar pand,
Mening boru yo‘g‘imdan kechib!
Muvozanat saqlay olmas til,
Raqs tushmoqda mast-alast tuyg‘u.
Men Xudoga deyman: «Kechirgil»,
Eshitmaysan, eshitmaydi U.
Tun shovullar — bedordir kecha,
Ovutolmas so‘zlar — nedir kam.
Sen yashaysan qasamlar ichib,
Ont ichirib yashayman men ham.
Netay, shunday ojizaman — ko‘r.
Ketgin, yo‘llar do‘stdir — bag‘rikeng.
Men o‘zimni topolmadim-ku,
Sen ko‘nglimni topolarmiding…

* * *

Dunyo — suratxona, suratda — bizlar,
Zulmat — yuragimga sachragan parcha.
Hislar — ortimizda qolayotgan izlar.
Kutish — umr bo‘yi yopilmas darcha.
Orzu — ko‘zlarimda gullagan uchqun,
Umid — mehrga zor-mushtoq ishqimiz.
Yillar — ko‘z yoshimga sig‘magan kulgu,
Kadar — armon uzra ulg‘aygan ildiz.
Tushlar — biz uchun bir aziz koshona,
Ta’bir — yolg‘onlarning ayovsiz tig‘i.
Iqror — xatolarim akslangan oyna,
Faryod — ko‘ksimdagi ovozsiz yig‘i…
* * *
Iliq bahorlarning rangi sarg‘aydi,
Ko‘ngilga tutashdi osmonu falak.
Sen bor lahzalardan ketgim kelmaydi —
Halakman, halak.
Yo‘liga termilib oq xayollarning,
Kuttirib yashashdan topganday taskin,
Olisda o‘tyapti umrning yarmi —
Biroq sen kelmaysan,
ko‘rinmaysan sen.
O, bu hasratimning chegarasi yo‘q,
Sog‘inch — shiftga qarab mo‘ltiragan ko‘z.
Sen mag‘rur yashaysan — mendan ko‘ngling to‘q,
Men ketib boryapman, azizim, afsus.

DUNYo

Nafslar ildiz otib ketgan makonda,
Xiyonat tuniday zir titrasa yer.
Qarsakboz kulgular otganda xanda,
Etim yig‘lamasa, ust-boshlari kir.
Chekka-chekkalarga qochib orzular,
Tilini tishlaydi andisha, qo‘rquv.
Bahorga begona bo‘lib tuyg‘ular,
Yomg‘irlar ostida yig‘laydi kulgu…
Tarjima qilolmay qalbini hayot,
Qo‘l siltab qo‘yadi notavon do‘stga.
O, gulgun hayoti xayol bo‘lgan Yot,
Engili-i-b yashaydi yig‘loqi kuzga.
O‘zin oqlay olmay qolgan xatodek,
Shunday mahzu-u-n boqar dunyo o‘ziga.
Shunday mahzu-u-n boqar Odam Atodek,
Qarolmay Xudoning ko‘ziga…

* * *

Quyosh eriyapti, kuzak bezovta —
Bezovta ruhimning nomsiz yerlari.
G‘arbning osmonida chayqalar savdo,
Men narxin bilmagan dunyo singari.
Mudroq xayollarda bahs etar yo‘llar,
Yo‘llar savollarin bezovta olam.
O‘ljaga to‘ymagan bo‘riday quvlar,
Dilimning ostida uvlayotgan g‘am.
O‘zimga sezdirmay qochar yuzimdan,
Kulgu — iqbolidan ayrilgan gado.
Ko‘nglining ortidan pildirab ketgan
Qodiriy o‘ldirgan Kumushdayin, oh…
Chiroqlar silkinar — shamol bezori,
Oyni etak bilan yopmoqchiday tun.
Xonamga qaytaman o‘zimni olib,
Xayolim — ko‘chada qolib ketgan gung.
Eshik bot ochilar horg‘in, bedarmon,
Ko‘zguga tikilib qarib borar vaqt.
Har kecha ustimdan kuladi armon,
Har kecha holimga yig‘lab chiqar baxt.

* * *

Ko‘zdan uyqu qochdi seni sog‘inib,
Sen yurgan yo‘llarga berkinib xayol.
Kutishdan og‘rinib, ishqdan og‘rinib,
Javobsiz tong qadar bergancha savol…
Bir ziyo qidirar jununvash ko‘nglim,
Ko‘rganim sog‘inch-u,
ko‘rinmagan — sen.
Entikib kutadi musaffo umid,
Entikib kutadi ichimdagi «men».
Ishqmi bu bechora qolgan vujudning
Chorasiz rahmidan umidlangan jon?
So‘zlar zalvoridan larzaga kelib,
Har ikki vujudda ezilayotgan…
Kunlar savollardan o‘rtanar mudom,
Ruhim sen tomonga bo‘ylayveradi.
Necha bor unutdim desam ham, seni
Men emas, yuragim o‘ylayveradi.
Shunda ham gunohkor menmi, azizim?..

* * *

Meni sog‘in,
Kutaver boqiy.
(Hayotingga
bermasman
xalal.)
Xat yo‘llayman,
Juda sog‘insam…
(Sen
kutmagan
kunda, ehtimol).
Biroq sog‘in,
kutgin va
lekin
o‘zimni kut,
xatlarni
emas…

* * *

Opam aytdi… yig‘labsan-a, ona, bugun,
Dadamni sen shunchalar ham sog‘indingmi?
Gullar bilan siylaguvchi seni har kun
Dadamni sen shunchalar ham sog‘indingmi?
Qani edi, ko‘z yoshlaring arta olsam,
Qani, dadam ketganligi yolg‘on bo‘lsa.
Qani, shodlik quchog‘ida mangu qolsang,
Qani, kulsang…
Osmondagi mitti yulduz udir, balki,
Barcha tongning chehrasida faqat u bor….
Balki, shamol emas seni silayotgan,
U, ehtimol.
Og‘riqlarning cheki yo‘qdir…
Sabr — bepusht.
Dadamni sen shunchalar ham sog‘indingmi?
Endi qanot yoyayotganda yiqilgan qush —
Dadamni sen shunchalar ham sog‘indingmi?
Yoki biror farzandingdan og‘rindingmi?..

* * *

Bugun yomg‘ir yog‘di — mangu sog‘inish,
Hijron saodatin bo‘yinga olmoq.
Axir mumkinmi, ayt, sendan og‘rinish,
Axir mumkinmikan sen bilan qolmoq…
Yuragim juda ham yig‘loqi, kechir,
Yomg‘ir — yuragimni yashirguvchi kuy.
Gar meni desang — bu baxtsizligingdir…
Bas!
…baxtli chog‘laring meni eslab qo‘y…

* * *

Yolg‘onday bu dunyo borligi,
Misli zulmat bilmaganday chek.
Malol kelar kenglik torligi,
Har bir lahza qo‘rqinchli tushdek.
Uyg‘otadi sog‘inch bemahal,
Tabiatning ko‘ylagi qora.
Chora izlar chorasiz ajal,
O‘ngim bilan tushlarim aro…
Osmon rangi siniqdan siniq,
Vido aytib qon yig‘lar chaman.
Ayriliqdan tonar ayriliq,
Mo‘ltiraydi Vatanga Vatan.
Qolganlarga tilaydi sabr,
Saraton va kuzak orasi.
Qad ko‘targay bir uyum qadr —
Topilmagan o‘lim chorasi.

* * *

Soatlar imillar senga bildirmay,
Gohida bu umr tuyuladi oz.
Bor bo‘lsang, borman de, jim yurma bunday,
Yo‘q bo‘lsang, yodimdan ketgin, iltimos!
So‘rama uzrlar,
so‘rama vido,
Kutishga izn ber — boshqasi bekor.
Meni ham tushunar bir kuni Xudo,
Seni ham tushunar bu g‘urur, bu or.
Faqat jim yashama, yashama izsiz,
Axir sen hayotsan — aniq bilaman.
Kelib, o‘zligingdan kecharsan, kechsang,
Mendan kechsang agar, nima qilaman?

SUKUT

Ma’no izlayapman
yashashdan ortiq,
Ortiq yashamoqdan
topmayin ma’no.

SOYa

Kitob varaqlayman —
izlayman hamroh,
qo‘rqinchli bu tunga
etmaydi aqlim.

QISMAT

Qarmoqqa ilinmas
Baliq — qovurg‘a,
Etimning suvdagi shaklidek go‘yo.

VIDO

Sarg‘aygan bulutdek
qochar ufqqa
daydi qiz ko‘zini qoplagan xayol.

VIJDON

Avtobusdan tushib qolar jim,
Yo‘l haqiga yetmagan besh tsent.

LAHZA

Temir yo‘lga o‘xshab qoladi
Uning o‘tib ketgan poyezdi.

MAKTUB

Oppoq edi oydin yo‘llardek,
siyoh to‘kib
bulg‘adim uni.

KO‘ZOYNAK

Ko‘rolmayman hanuz uzoqni,
Yaqiniga yo‘lolmayman hech.

XOTIMA

Onasiga baqirdi tinmay,
Go‘dagidan kecholmagan nafs.

EHSON

Tuynukdan tushayotgan
bu nurning aksi bor
kechagi kitoblarimda.

* * *

Xabarlaring fosh etar seni,
Osmonlar ichida suzadi hayot.
Havo ko‘chib ketgan odam yo‘q joyga,
Yolg‘onlar yolg‘onga qilar qasamyod.
Nafs bilan nafslar o‘ynaydi poyga,
Men esa uzoqda, men boshqa yerda.
Kutaman,
hech kimga ishonmay seni,
Sen esa qo‘rqasan mendayin sirdan.
Yoki sen sevmaysan meni…
Hech nima demayman, qilmayman inkor,
Yurak — yomg‘irpo‘shdan yiqilgan yomg‘ir.
Yoki adashdimmi?
Yo‘q, deb ayt bir bor,
Yozib-o‘chiravermasang-chi, axir…

* * *

Hayot, men norozi emasman sendan,
Hech qanday ko‘z yoshga qolmadi o‘rin.
Faqat, iltimosim, men ketgan kundan
Uning ko‘zlariga BAXT bo‘lib ko‘rin.

* * *

Borolmayman…
kelolmaysan o‘zingdan ortib,
Seni olib qo‘ygani rost qahrli qishlar.
Ming shukrki, seni menga bermoqda topib
tushlar…

YoMG‘IR

Yog‘, yomg‘ir, yog‘aver tomchi-tomchilab,
Mayliga ergashsin ko‘z yoshim senga.
Senga peshvoz chiqib tutgan chog‘im lab,
O‘chsin yurakdagi otash, alanga.

Menga taskin bergin, ham yonimni ol,
Ko‘z yoshim bir seni panohim desin.
Seni hech kim ko‘rmas-lablarimda qol
Kunduzga aylansin men yashagan tun.

Yog‘, yomg‘ir, yog‘aver tomchi-tomchilab…

11.12.2012

* * *

Hijronning talx sharobini ichganda ham,
O‘rtadagi ishq rishtasin yechganda ham,
Hatto sening yuragingdan o‘chganda ham,
Ko‘zlaringni unutolmam, ko‘zlaringni.

Yot bir malak qadamingni tun-kun kutsa,
Muhabbatning afg‘onlari dunni tutsa,
Chin oshiqday rost dunyoga tomon o‘tsam,
Ko‘zlaringni unutolmam, ko‘zlaringni…

19.03.2011

MASOFA

Yuqori qavatdan pastga qarasang,
Kichkina ko‘rinar senga odamlar.
O‘zingni ko‘kda deb mag‘rurlanmagin,
G‘urur baxsh etmasin senga bu damlar.

Bir o‘ylab ko‘rgin-a pastdan tepaga
Qaragan chog‘ sen ham xuddi shunaqa.
Faqat farqi shuki, bu holatingdan
Erdagi odamlar yirtmaydi yoqa.

15.05.2012

KUT

Kut meni, kut yana, kutgin intizor
Ilhaqlik sabringga qo‘ymasin tuzoq.
Quyoshning nidosi berganda ozor,
Kut meni har kuni qizarsa ufq.

Kut meni, yolg‘izim, yolg‘iz meni kut,
Yomg‘irlar yig‘lasa yuzlarim yuvib.
Aqalli bir lahza barini unut,
Qalbim dunyosini shodlikka ko‘mib.

Ko‘zlaring tinsa ham yo‘lim poylashdan,
Chekinish tomonga qo‘ymagin qadamyu
Kut meni, kut yana, axir umrimda
Boshqa yo‘qdir meni kutguvchi odam.

Kut meni, kutaver, kutgin intizor…

03.12.2012

* * *

Sening yuragingga yetmaydi so‘zim,
Etib borolmasman, aslida hech vaqt.
Qacha nolalarim Haq eshitdi-yu
Seni topganda so‘z o‘lgaydir bevaqt.

O‘zni nodon sanab kuydim tun-u kun
O‘zimni o‘zimga yomon ko‘rsatdim.
Axir yashash og‘ir yolvorib beun,
Etmas maktubarni qilgancha g‘ijim.

Sen hamon o‘shasan-quloqlari berk,
Men ham o‘sha-o‘sha qaytmas sasdirman.
Dardlarim qalbingga yetmasdir balki
Men o‘zi besubut, so‘zi mastdirman.

Sening yuragingga yetmaydi so‘zim,
Etib borolmas dil, aslida hech vaqt.

05.02.2015

* * *

Dunyo yaralgandir asli mukammal,
Uni o‘lchama o‘z qariching bilan.
Aqlda barobar bo‘lsaydi bashar,
Zulmatga limmo-lim bo‘lardi olam.
Hammaga qarab sen berma baholar
Besh qo‘l barobarmas dunyoda, axir.
Agar bo‘lmasaydi buyuk daholar,
Umr bodasi ham tortardi taxir.

21.04.2012

IShQ

Ishq mayidan mastonaman, ayting netay,
Shu sharafga cho‘milgandir oshiq qalbim.
Bir uni deb devonaman, ayting netay,
Saroblarga dil bog‘lagan darvesh kabi.

Ko‘zlarimdan jola bo‘lib oqadi u,
Olov sochib vujudni ham yoqadi u.
Goh qon bo‘lib oqib yotar tomirimda,
Goh ko‘zgudan ilhaq-ilhaq boqadi u.

Ishq mayidan mastonaman, ayting netay…

31.07.2011

* * *

Men seni kutyapman, kutyapman yana,
Yurak umid qilsa qilibdi, kechir.
O‘zingmas siyrating kerakdir menga
Menga kerak hatto ko‘zingdagi sir.
Kutsam kutibman-da, nima qilibdi
Oshiqlar yalovin yulgan dil menmas.
Yo meni izmiga manguga solgan
Kutishim sababi ruhingdir, senmas.

Seni men kutyapman, kutyapman yana…

14.02.2015

* * *

O‘zingni kamsitma,
aldama
etar!
Qilichni qiniga joyla,
bas, mahkam.
Kelganlar ketarlar,
musofir ketar,
munavvar onlarga tutilmas motam!
Yoniq chirog‘ingni tan ol,
bo‘ldi,
bas!
G‘ashlikka andalib titkilama cho‘g‘.
Kelganlar ketarlar,
ul kelgan-faraz,
Haqiqat qiymati seningdek ulug‘.
Olovtaft bag‘ringni tig‘layapsan sen,
O‘zingni kaslarga o‘xshatayapsan.
Tan ol, axir iymon g‘olib-ku, do‘stim,
Shayton vidolashgan,
u ketdi, axir,
Demak, sen…
sen asli chin jannatiysan!

19.02.2015

* * *

Bir kun, bir kuni
men seni…
topib olaman,
Seni yana
O‘zingni, ha
Mensizlikdan
tortib olaman!
Etolmasin…
Tutolmasin…
mazlumlar,
O‘zimizni tutguncha
O‘zimizga yetguncha…

28.01.2015