Muhiddin Omon (1963)

Muhiddin Omon 1963 yili tug‘ilgan Toshkent davlat universiteti(hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
“Ko‘ngil darbozasi”, “Tole fasli”, “Munavvar sog‘inch”, bolalar uchun : “Dakang xo‘roz va uning jo‘jalari”, “Sog‘lomjon alifbosi”, “Z9 topishmoq” , “Zehni a’lo, tili burro”, “Buyumlar tilga kirsa” kabi she’riy kitoblari chop etilgan.

BAXT ChORLAGANDA

Yur ketamiz. Qo‘llaringni ber,
Qaynoq kafting kaftimga olay.
Bo‘zlab qolsin Sensiz Ona Yer,
Misli o‘qqa uchgan qarchig‘ay.

Yur ketamiz. Yelkamga boqqin.
Qanoti bor menda Humoning,
Shubhalaring daryoda oqsin,
O‘tda kuysin, bo‘lsa gumoning!

Yur ketamiz. Ketamiz, jonim,
Sen ham to‘yding. Men ham to‘yibman.
Ko‘z yoshimga qorilgan nonning
Talqonidan asrab qo‘yibman…

Yur ketamiz. Bo‘laqol tezroq,
Gurlaganda olov shaxdimiz.
Shuuringda portlasin mudroq,
Chorlayotir, axir, baxtimiz!
Yur ketamiz. Yur ketamiz…

***

Hilolimsan desam, havolab ketding,
Umrim oftobisan dedim, kuydirding.
Asiringman, desam, jazolab ketding,
Vafoga kibrdan libos kiydirding…

Oh urdim,ohimdan samo sadpora,
Sen eding-da axir, vujudimda jon…
Ketarda ortingga qara bir bora,
Tutundek ergashur bu ruhi ravon…

Ehtimol , men sevgan sen emasdirsan,
Seni ishq tufayli men ko‘rdim o‘zga.
Yanglishib atadim, “Malak, Farishtam”,
Va o‘zim ishondim shu yolg‘on so‘zga…

Ehtimol,taqdirning bitgani qismat,
Samodan ekanin unutdim mutloq.
Ehtimol, shuningchun Cohibi qudrat,
Men osiy bandaga bergandir saboq…

Endi mohiyating,mazmuning ayon –
Timsoling yaratmish xayol doyasi:
Angladim, ishqdirsan men uchun armon,
Sen – menga atalgan BAXTNING SOYaSI…

MENI ESLAMAGIN…

Meni eslamagin, barini unut,
Izhoru iqrorim yodingdan chiqar.
Endi hayotingda emasman mavjud,
Aqlim izmidadir asov tuyg‘ular…

Necha yil ortingdan bamisli soya
Ergashdim bir qatim muhabbatga zor.
Bugun o‘shal kunlar topdi nihoya,
Haqiqat ko‘z ochdi, tarqaldi g‘ubor…

Bir narsani bildim, qildim xulosa:
Ishqda tarozining tengdir pallasi.
Agar kimdir sevsa, sevilolmasa,
Umrin yashnatolmas ishqning nafasi…

Zero, “Sevdim” so‘zi sadaqa emas,
Ko‘ngilda ko‘kargan bir gavhar ekan.
Ishq Tangridan tuhfa ekan muqaddas,
Yo‘qsa “ohu voh”lar besamar ekan…

Sevilmoq baxtidan judolig‘imni
Tan olmog‘im garchi – men uchun o‘lim…
Nogahon anglatdi gadolig‘imni,
Sen tomon ishq tilab cho‘zilgan qo‘lim.

Lek ishqda gadolik – shohlik masnadi,
Bundan sha’nu qadrim topmagay rahna.
Garchi oshiq bo‘lib bahra topmadim,
Sevgilim, men Senga tilayman bahra…

Sendan ranjimoqqa yo‘q menda asos,
Ko‘ngilni yolvorib qilib bo‘lmas rom.
Har kimning hayoti toleiga mos,
Muhabbat bobida ketmaydi g‘irrom…

So‘nggi diydor chog‘i tilagim bisyor:
Tangrim hayotingni qilsin purziyo,
Sevsang, sevilmoq ham etsin baxtiyor,
Meni deb Sendan qarz bo‘lmasin dunyo…

Meni eslamagin, barini unut…
Endi hayotingda emasman mavjud…

SENI XAFA QILDIM…

Seni xafa qildim, Seni ranjitdim…
Bu mening gunohim, bu mening aybim.
Bir lahza jaholat yo‘lini tutdim,
Bu qanday yuz berdi… koshki bilsaydim…

Seni xafa qildim, Seni ranjitdim…
Yuzlaringni yuvdi ashki nob taxir…
Yig‘laganing ko‘rib, men og‘u yutdim,
Buni istamovdim… tushungin, axir…

Seni xafa qildim, o‘zim-da purg‘am,
Bani basharga xos yanglishmoq azal,
Bilsang, bir xato deb, hazrati Odam
Behishtdan mosuvo bo‘lgan bir mahal…

Seni xafa qildim… oh, bu xatolig‘
Meni-da jannatdan tufroqqa otdi…
Nahot, boshga tushdi mangu judolig‘,
Nahot, pok sevgimiz quyoshi botdi?!

Seni xafa qildim… Do‘zaxda yondim,
Jahannam otashi kuydirdi tanim…
So‘ngsiz azoblarda o‘zlikdan tondim,
Lek Sendan tonmadim, tanho suyganim …

Seni xafa qildim… O‘zni o‘ldirdim…
Jismimni tark qildi ruhi ravonim,
Borliqni bor etgan SO‘Zni o‘ldirdim,
Ishq edi, Sen eding, axir, iymonim…

Seni xafa qildim bilib, bilmasdan…
Seni xafa qildim… men osiy, gumroh.
Holbuki, qoshingda farqim yo‘q xasdan,
Sen esa…Farishta… Farishta ey, voh…

Seni xafa qildim…

***

Seni xotirlamoq naqadar go‘zal.
Nozim Hikmat

Seni xotirlamoq, yodga olmoqning
Shukuhi dilimni qiladi masrur.
Ammo yillar kechar, olislab borar
Oydin jamolingdan taralguvchi nur.
Xotira… nima u, qandayin tuyg‘u –
Entikib eslamoq, xo‘rsinish… ko‘zyosh…
Umr deganlari – lahzami, yohu,
Nahotki, diydoring – botguvchi Quyosh?!
Ayt, nechun tark etding qalbim ufqini,
Qirmiz shafaq qilib bag‘rimni xunbor…
Endi men Sen kabi ardoqlay kimni,
Kimga dil sirlarim aylayin izhor…
Hikmati ne erur ushbu visolning,
Magar intihosi iztirob, hijron?!
Nahot qolar bo‘lsam tole, iqbolning
Yo‘llarida yana g‘arib, sargardon…
Xotirang yog‘dusi garchi nurafro‘z,
Har lahza anduhim quvmoqqa shaydir.
Ey, ishqim toqida porlagan yulduz,
Nahot, qalbim endi Sensiz yashaydir…
Yo‘q, aslo… jamoling dilimdagi naqsh,
Ne baxtkim – xayoling, mangu boshimda,
Sen farishtam, axir, tanho ilhombaxsh,
Mavjudsan, ruhimda, ichu toshimda…
Seni yodga olsam, tuyg‘ularim fosh,
Umrimning har oni, topajak sayqal,
Seni yodga olsam, charaqlar Quyosh,
Seni xotirlamoq naqadar go‘zal…

MENGA SO‘Z BER…

Menga so‘z ber, yig‘lamayman, deb,
Toki ko‘rmay qarog‘ingda nam.
Ko‘zyosh emas, kulguchlaring zeb,
Chiroy bersin chehrangga, Sanam…

Azal shunday hayot royishi:
Ba’zan ravon, ba’zan po‘rtana.
Behudadir ko‘ngil koyishi,
Qalbda quvonch qilsin tantana…

Anduhlarni unut, endi bas,
Qo‘limdan tut, tayanchman qoyim.
Axir, bizni yig‘lash uchunmas,
Farah uchun qo‘shdi Xudoyim!

Gohi odam yuraksiz yashab,
Qalbda hissiz umr kechirgay.
Orzularin xazondek to‘shab,
Tuyg‘ularga zahar ichirgay…

Men ham kajrav falak charxiga,
Mag‘rur boqib, boshim tik tutdim.
Sotilmasdan shayton narxiga,
Ilohiy ishq – vafoni kutdim…

Rabbim shafiq, chevar har ishda,
Lutfu karam ayladi nisor.
Bugun Sendek gulyuz Farishta,
Menga hamdam, hamnafas, hamkor…

Illo, shunday. Sen-da g‘am-anduh,
Qayg‘ularga ko‘kraging kergin.
Tangrim bergan IShQ atalmish ruh,
Sevgim haqqi menga so‘z bergin:

Menga so‘z ber, yig‘lamayman deb…