Mohigul O‘ktam qizi (1970)

Mohigul Nazarova O‘ktamovna 1970 yil 25 iyulda Buxoro viloyati G‘ijduvon shahrida tug‘ilgan. 1994 yilda ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tugatgan. 1997 yilda Toshkentdagi «Yozuvchi» nashriyotida «Yuragimda so‘z», 2008 yilda Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida «Qalbim shabnami» va 2021 yilda Toshkentdagi “ Oltin meros” nashriyotida “ Za’far ko‘zgu” nomli she’riy kitoblari nashr etilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
«Oila va jamiyat», «O‘zbekiston ovozi» , «Buxoronoma» va «Buxoro yoshlari» gazetalarida muxbir bo‘lib ishlagan. She’r va hikoyalari respublika matbuotida e’lon qilingan. Ayni paytda Buxoro viloyat musiqali drama teatrida adabiy bo‘lim mudiri bo‘lib ishlaydi.

BAHOR MANZARALARI

Yana qamchi uradi yomg‘ir,
Taraqlaydi tunuka tomlar.
O,yuragim zarb tegib og‘rir,
Qaroqlarim- yosh to‘la jomlar.. .
Shamol yana uvlab qo‘yadi,
Bahor nomli nafis kuyini.
Ko‘ngil bundan taskin tuyadi,
Yig‘moq bo‘lib fikru-o‘yini…
Cho‘llab yotgan dashtu-dalaga,
Malham bo‘lar, yomg‘ir- barakot.
Oshik, bo‘lib tanho lolaga,
Havaslarim uyg‘onar nahot?
Feruzarang shishaday samo,
Tongda qarshi oladi kulib.
Bahor keldi,tashrifidan oh,
Ko‘ngil ketdi she’rga to‘kilib…

ILTIMOS HAQIDA…

Hargiz iltimosga kuning qolmasin…
                                                        A.Oripov

Ming afsus tusharkan kimgadir ishing,
Minnatning ta’miga o‘xsharkan oshing,
Keyin tarqamaydi ko‘ngilda g‘ashing,
Iltimos qilsang gar egib boshingni.
“Iltimos…” bu so‘zning zalvori og‘ir,
G‘arib yuragingni aylaydi sag‘ir,
Bo‘g‘zingni yalagan xo‘rliging taxir,
Iltimos qilsang gar, egib boshingni…
Shoir aytgan ekan, hammasin bilib,
Vaziyat talabi bag‘rini tilib,
Inson ketar ekan bori to‘kilib,
Iltimos qilsa gar, egib boshini.
Izza bo‘lib yuzi,xijolat o‘zi,
Kiprikka ilinib ko‘zdagi yoshi,
Tegirmon toshidek aylanib boshi,
Iltimos qilsa gar,egib boshini.
Iltimos,iltijo o‘zingga mudom,
Meni yolg‘izlatma,ey qodir xudom,
O‘limdir xayringdan aylasang judo,
Iltimos,qilmayin egib boshimni…

KO‘NGLIMNI ALDADIM…

Ko‘nglimni aldadim… Sevar deb meni,
Umrim shu aldovning bo‘ldi girdobi.
Bosdim o‘kinchlarga majruh taskinni,
Umidlar-ertamning yorug‘ sarobi.
Ko‘nglimni aldadim… Pushmon bo‘lar deb,
Muhabbat bor dedim,ishondim shunga.
Baribir afsusim borim qo‘ydi yeb,
Singidim,ko‘z yoshday dardkashim tunga.
Ko‘nglimni aldadim… Aldovdan to‘ydi,
Oxiri sig‘mayin qoldi yolg‘onim.
Ko‘nglim ming yig‘ladi,ming yondi,kuydi,
Yaxshi bo‘lmadi hech o‘sha yomonim.
Ko‘nglimni aldadim. Aldadim,shunday,
Omonat quvonchdan izladim bir nur.
Ko‘zimda yolg‘onlar achishdi qumday,
Yig‘ladim,ko‘nglim ham topdi-ku,huzur…

O‘TINCh…

Siz meni “Gulim” deng,”Gulimohim”deng,
“Sen mening yagonam,bor gunohim”, deng.
G‘amlar bo‘ronida adashib qolsam,
“Yonimga kel,jonim,men panohing”, deng.
Men Sizni jahonim,borlig‘im deyman,
Xayolim, umidim, zorligim deyman.
Men Sizsiz yashadim, bilmadim qanday,
Shu yolg‘on dunyoda borligim deyman.
Muhabbatim Sizga,bor umrim Sizga,
Qanchalar intiqman,o‘sha bir so‘zga.
Men Sizni suyganman,dunyodan ortiq,
Hech kimni ko‘rmayin o,sizdan o‘zga.
Siz meni “Gulim”,deng,”Gulimohim” deng,
Yuragimda yongan nurli ohim deng.
Qora ko‘zlarimga bir boqib tikka,
Yonimga kel endi erka ohum deng….

NIMADIR YoZMASAM BO‘LMAYDI…

Nimadir yozmasam bo‘lmaydi,
Borimni yemoqda g‘ussalar.
Yozmasam dunyoim to‘lmaydi,
Yozmasam,g‘amlarim kuy chalar.
Yozaman,oq qog‘oz qorayar,
Berkitmoq istarmi yuzini.
Keng dunyo sig‘dirmay torayar,
Eshitgach yuragim so‘zini.
Yorishar ko‘nglimning qatlari,
Nimadir yozganim sababi.
Bu axir yashashim shartlari,
To‘kilar kunlarning g‘azabi.
Nimadir yozmasam bo‘lmaydi,
Ko‘zimda kunlarning buluti.
Qaroqda yomg‘irlar tinmaydi,
Bo‘lmaydi,barini unutib…

NEChUN ShE’R YoZAMAN?

Ruhimga osildi xarsangday savol,
Nechun she’r yozaman,nega kerak bu?
Kimgadir she’rlarim keladi malol,
Kimningdir qalbiga taratar yog‘du.
Goho ta’nalar ham eshitdim ortdan,
“Shu yoshda muhabbat haqda yozarmish…”
Shularga aytgim bor yuziga shartta,
Kimdir she’rlarimni qalbga bosarmish!
Otamdan merosim-faqat shu ilhom,
Qonimda,jonimda aylangan nafas.
Ortimdan qo lsa gar she’rim ila nom,
Bilganim – she’r menga emasdir havas.
Ko‘nglimning mulki u,yashashga asos,
Hech kimga aytmagan dardlarim she’rda.
So‘zlarim tuyg‘umga bir oyna xolos,
Yuragim yo‘g‘rilsa otashin nurga.
Shukrona aytaman,senga Allohim,
Bergan in’omlaring- she’rlarim uchun.
Ta’na,dashnomlarga bir aytar so‘zim,
Men uchun she’r sabab yorug‘dir ochun…

BUGUNGI KAYFIYaT

Qorni kutdi intizor bo‘lib,
Ammo yomg‘ir topdi Buxoro.
Bir kemaday turgancha qalqib,
Ilinjiga cho‘kdi Buxoro.
Minora-yu,tim-u,toqini,
Xo‘mraygancha bulut artadi.
Juftlayolmay dunyo toqini,
Laylak yana unga qaytadi.
Qish tugadi,qorsiz va zavqsiz,
Yomg‘irlarning tashrifi-bahor.
Kuy tingladim,go‘yoki shavqsiz,
Sog‘inchimda qoldi oppoq qor….

RANJLARINGIZ RANGIN RANGLARI

Ranjlaringiz rangin ranglari,
Nigoxlarim uzra to‘kildi.
Otmay ketdi umid tonglari,
Kismat bitiklari o‘qildi.
Ketdingiz jim. Ergasholmadim,
Tutolmadim qo‘llaringizdan.
Nima qilay,xech yetolmadim,
Araz sarbon yo‘llaringizda.
Keching endi siz ham baridan,
O‘tmish sepin titkilamang, bas.
Chiqing endi ilinj bag‘ridan,
Xotiralar olsin so‘ng nafas.
Neki bo‘lsa o‘tdi,eslamang,
Yillar gardi tushdi qalblarga.
Tuyg‘ularmi o‘rtada garang,
Titroqlarmi qo‘ndi lablarga?
Ketavering,yo‘lingiz unsin,
O‘zga manzil,makonlar tomon.
Ko‘ngilni bir uring,u ko‘nsin,
Yig‘lab holi bo‘lmasin yomon.
Derazaning ortidan turib,
Qadamingiz o‘psin nigohim.
O‘tinchimday shamol yugurib,
Olib ketsin,chekkan xar ohim.
Taqdirning bu o‘yinlaridan,
Bilsaydingiz qanchalar bezdim.
Sizga bergan quyunlariday,
Ketdingiz jim… Yengillik sezdim…

SENSIZMAN…

Dunyo-dunyo dardim bag‘rimga bosib,
Yolg‘izlik g‘amini yelkamga osib,
Umid – yuragimni yamagan kosib,
Tanho ketayapman, ko‘z yosh – dengizman,
Netay, qalbim yetim – hamon sensizman!

Hayot, osmoningda qanotsiz qushman,
Kimgadir orzuman va yoki tushman,
Kimdir do‘st biladi, kim bilar dushman,
Bu alam, qayg‘ular aro tengsizman,
Bilganim – bu dunyo armon, sensizman…

Koyima, bunchalar anduhi ko‘p deb,
Bu qismat olovi borim qo‘ydi yeb,
Dard, alam ko‘ylagi – taqdir bergan sep,
Kiyganim shu bo‘ldi, qara – yengsizman,
Ranglari za’faron somon, sensizman…

ONAMGA SO‘Z…

Ona, yana bir o‘zim qoldim,
Duolaring qanotlarida.
Bu dunyoda yo‘qotdim, topdim,
Taskin topmay sabotlarimdan.
Do‘st deganim,burdi yuzini,
Befarq qarab bemor holimga.
Kim qizg‘andi iliq so‘zini,
Yana alam chiqsa folimga.
Qondoshlarim o‘z-o‘zi-la band,
Mendan ustun tashvishi bisyor.
Bu dunyodan hozir ko‘z yumsam,
Sendan boshqa kuymaydi birov.
Kechir ona…So‘zlarim achchiq,
Netay,hayot haqiqati bu.
Yuragimga merosmi sanchiq,
Armonlarmi kiprikdagi suv.
Mayli ona…Aytib shukrona,
Umidlar-la yuvaman dilni.
Allohim bor,u bor yagona,
Tashlab ketmas telba ko‘ngilni.
Ona…Yana qoldim bir o‘zim,
Erta kunning ozorlarida.
Nasib qilsa,tugaydi kuzim,
Umidim bor bahorlarida.