Mirzohid Muzaffar (1999)

Mirzohid Muzaffar – 1999 yilda tug‘ilgan. Chinoz sanoat kasb-hunar kollejini tamomlgan. She’rlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan.

* * *

ko‘nglim ko‘zgusida ko‘rinur aksing
va u tush ko‘radi mensiz kunlarni
qoladi tushlarning billur kaftida

chayqalar shamolga aylangan tuyg‘u
uchadi osmondan yaralgan ishqqa
yaraqlab ketadi lahzalar.

manzilsiz yo‘llarda adashar ruhim
adashar meningla sening aksing ham
tasvirga aylanar jamiki so‘zlar

kiprigimga tegar nafasing
ko‘lmakdan misoli quyosh balqqanday
ko‘nglim ko‘zgusida ko‘rinar aksing

* * *

1

g‘ira shira cheksizlikning noma’lum ismi
uyg‘otib yuborar kapalaklarni
va ular qanotidagi zalvorli dunyolar ila
kirisharlar sajda qilmoqqa
sim sim og‘riq
(bu og‘riq ila ochish mumkin hatto xazina g‘orin)
endi xazinaning ismiga aylanadi cheksizlik

2

rangning soyasiga to‘shalgan ovoz
hurkib ketar mudhish jimlikdan
ko‘zlardagi ikkita dengiz do‘nar ko‘zguga
va ularda ko‘rinadi
bir paytlar dunyoni isitgan
endi esa
ertaklarga singib ketgan quyoshning
ikki dona qop qora nuri
bu qop qora nurlar o‘z soyalari ostiga
to‘shab qo‘yarlar mash’um jimlikni

3

chinnigullarning nim sarg‘aygan yafrog‘i
joylanadi xotiraga
gultuvak sarhadidagi o‘zga olam
chayqalib ketar gursillab yiqilgan
gulyafrog‘ zalvoridan

* * *

sovirilib ketaman o‘tkinchi yelga
va seni o‘ylayman
sen esa yo‘qdirsan dunyoda hali
yo bor bo‘lsang ham sezmagandirman
balki mening o‘zim yo‘qdurman
aslida bu muhim ham emas
zamharir sovuqdan rohatlangancha
simirgancha ko‘zing rangli qahvani
o‘ylayveraman
sevgi ham emasdir ehtimol bu
bilmadim
sevib ko‘rmaganman oldin
qo‘llaringni
sovuqdan ko‘karib ketgan qo‘llaringni
ushlayman xayolan
uyalib ketaman o‘zimdan
ro‘yolar dunyosin
derazasidan mo‘ralayman basorat ila
unda ko‘rinadi kim haqidadir
berilib hayol surayotgan qiz

* * *

ovozimning dengizida suzgan soyalar
bag‘riga oladi nigohlaringni
xayolga aylanar umrim
mening sen haqingda o‘ylaganlarim
singib ketar yurak mavjudligiga
homuza tortadi pardalar
ho‘rsinar derazadan meni
poylagan tomchi tomchi nur
endi o‘zining sabr toqatini
quchib yig‘layotgan kishining
ko‘zyoshlari dengiziga
do‘ngan ovozimga
sho‘ng‘ir dunyosiz kunlarning ko‘lankalari
shuursiz hislar aro
shamollar esadi mendek bemaqsad
men esa cho‘kaman sensizligimga

Qishloq xokkulari

1
Tongni uyg‘otib yuborar
Sutning chelakka
Vizillab urilgan tovushi.

2
Maysa yaprog‘ida
Jon berdi kapalak.
Oy cho‘mila boshladi soyda.

3
Poda qaytar karvondek.
Ufqqa bosh qo‘yar
Dehqonlarni kuzatib horigan quyosh.

4
Bog‘
Sanchib oladi ildizlarini,
Tunning qora ko‘ksiga.

5
Ayol ro‘molini uchirar
Daryodan esgan shamol.
Yo‘l hali olis edi.

***

Mayli,
ne qilsang qil,
rozidirman men,
roziman, olovga tashla loshimni.
Jazola,
aybliman qoshingda albat,
soching kabi qora kun sol boshimga.
Roziman,
azoblab rohatlan meni,
jonim og‘riqlarning vatani bo‘lsin.
Qiynagin jimgina,
ko‘zimga qarab,
iltijo qilmiram shafqat deb, shafqat…
Aylagil umrimni beburd va harob,
qayg‘ular bag‘ishla ko‘ngilga…
faqat
meni qiynayotgan vaqtingda ey yor —
ko‘zim tegrasini aylabon benur,
dardlarga mubtalo etganda ming bor,
meni sevib turgin,
meni sevib tur…

***

Tunlarni
tunlarga uladim betin,
tunlarni
tutamlab titradi tanim.
Ayni dam…
hayotga og‘ir botadi
mening
er ustida
yashayotganim.
Garchi bu umrimning lahzalaridan
dildagi orzular serobroq erur
va yaxshi kunlarning umidi ila
ko‘ksimdagi shamlar taratadi nur.
Turasan jonimga ko‘zingni tikib,
yoding yodim ichra izg‘ir beqo‘nim.
Ey
ruhimga qo‘rquv niholin ekib
o‘zi qurityotgan telbavash o‘lim.
Qachongacha yo‘lim to‘smoqchisan, ayt,
kelyapman, deb aldab qo‘yasan tokay?
Sen bilan erkakcha hisoblashaman,
faqat…
shu she’rimni tugatib olay…

faqat shu she’rimni tugatib olay…

***

Oydinlik ongingni keladi bosib —
oqlik!
Va yana allanarsalar…
ilojsiz o‘zingni ozod etmoqlik —
ruhda
og‘riq kezar beruh, sarsari…
Va sakkizinchi osmon kengliklarida
uyingni o‘ylaysan —
erni o‘ylaysan.
Yomg‘ir bo‘lib yog‘ib,
singib tufrog‘ga
maysadek unasan —
ko‘kni kuylaysan.
Muvozanat nomin olar arosat,
botiningda hodis sodirdir ming bir.
Hayot ohirida…
so‘ngso‘zing bo‘lar:
“mening umrim butkul qoralamadir…”

***

Meni chorla…
shivirlab chorla…
bora olay O‘zimdan o‘tib
va qarog‘laringni
millard bora
nigohim-la
qo‘yayin o‘pib.
Sog‘inmadim dema,
barini bilgum —
ko‘ngling
diydorlarga
o‘zini chog‘lar.
Ruhing ichra
larzon uradi bugun
meni
kutib
sarg‘aygan
bog‘lar…
meni chorla,
Iso hayotni nafasi-la chorlaganidek,
meni chorla,
qaytayin toki
ming yillik mahbusga qaytgan kabi erk.
Ovozingning izlarin ko‘rdim
shamollarning yelkalarida.
Balki sen ham nafasim sezding
umidsizlik ko‘lkalarida…
Chaqiraqol,
borayin uchib,
payg‘ambarga kelgandek vahiy
va buzilsin ko‘nglimizdagi
tashnalikning qadimiy tahi.
Meni chorla…
shivirlab chorla…

***

Senga borsam dardim olib,
ketmasmanmi yo‘lda qolib,
dayrning
bul urhosida
kimlar mag‘lub,
kimlar g‘olib…
Har bir qayg‘u — Yusufruxsor,
xayollarim — chobuksuvor,
dilim og‘ir,
dilim og‘rir,
ayo Rabbim,
qo‘llab yubor —
ayo Rabbim qo‘llab yubor!

Jang qilaman:
raqib — o‘zim,
bardoshimga tilab to‘zim
tiriklikning maydonida —
ko‘r,
ketdim-ku axir to‘zib.
Sochilmishman,
bir-bir tergan
bandang qani — bo‘lar bekam…
Alloh,
netay, yo‘ling manim
Bul umrimdan uzun ekan…

***

Yo‘q,
yuragimning duk-duki emas,
sen aytyotgan kuchli urishi —
Ular — senli tuyg‘ularimning
Yuguryotgan qadam tovushi.
Sen o‘ylama,
his ham qilmagin,
faqat yashab turgin bul lahza
va sog‘inchim gullagan sayin
uni hidla…
bunda hech narsa
sen o‘ylaganchalik emasdir,
Er — aslida yonayotgan she’r,
Osmon — mening ko‘zimda asir.
His qilganing muhabbat hammas,
nafratdir u,
qaydan bilasan?
Nom hech neni bildirmas aslo,
bari nisbiy,
bari qiyosan…
…shunday qilib,
anglagil buni,
xushyorlik bu —ishqning mastligi.
Balki endi anglagandirsan,
ko‘ksimdagi yurakmasligin…