Mahliyo Umrzoqova (1990)

Mahliyo Umrzoqova 1990 yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. Toshkent Gidrometeorologiya kasb-hunar kolleji o‘quvchisi.

BAHOR

Olis o‘lkalardan shivirlagan tush,
Butun vujudimni chulg‘aydi xayol.
Bahor nafasidan ko‘ngillar sarxush,
Go‘yoki yasangan tannoz bir ayol.

Tiniq osmoningda yayraydi qushlar,
Toshqin anhorlarda oqadi shodlik.
Sening quchog‘ingda o‘tgan kunlarim,
Qanchalar shirindir, qanchalar totlik.

Bahor – ko‘zlarimda gullagan ilinj,
Bahor – kipriklarda qiqirlagan yosh.
Umid-la ko‘klarga bo‘y cho‘zar sevinch,
Bamisli borliqqa singiydi quyosh.

Endi yuragimda ungay boychechak,
Muzlagan yerlarning yuzini silab.
Endi tuproqlarda gullaydi chechak,
Mehribon zaminning baxtini tilab.

O‘TINCh

Ko‘zlarimga boqmagin endi,
Kiritmayman orzularimga.
O‘ylarimga aylanma endi,
Aylanma dil yozuvlarimga.

Nigohimga ketmagin cho‘kib,
Qo‘l bermayman tuyg‘ularingga.
Ketgum dilda borimni to‘kib,
Kirmagayman uyqularingga.

Nigohlaring ostonasini
Band qilmayman, endi dil behol.
Mujgonlarning dilxonasida
Yashayvergin o‘zing bemalol…

AYoL

Yalpizlarning shirin isidan,
Iforidan yaralganmisiz.
Osmonlarning tiniq ko‘zidan,
Viqoridan yaralganmisiz.

Olis Bobotog‘ning bag‘ridek
Jozibali, osuda ko‘ngil.
Daraxtlarning dilgir bargidek
Ma’yus titrab turadi pok dil.

Niyatlari bulutlardek sof,
Oq kemadek suzib yuradi.
Yulduzlarning ko‘zidek shaffof,
Kulgulari kulib turadi.

Qo‘llarida igna qadog‘i,
Mehr kabi gullab turadi.
Chehrasida Ona timsoli
Kelajakka yo‘llab turadi.