Gulnoza Karimova 1990 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti magistratura bosqichini tamomlagan.
XAYoL
Ko‘zingni yumsangu tasavvur qilsang,
Go‘yo o‘zgarmagan hamma-hammasi.
Va yana o‘zingni bola deb bilsang,
Besh yarim yo olti yoshlar chamasi.
Yana ranglar tiniq, havo yana sof,
Bir yig‘lab ovungan yomg‘irdan so‘ngdek.
Yangi umid sochib chiqadi oftob,
Dunyoda yo‘llarning barchasi o‘ngdek.
Seni ranjitganlar senga qaytadi,
O‘yinchoq talashgan tengdoshing kabi.
Kelib soddagina uzrin aytadi,
Gaplashmay yurishning yo‘qdek sababi.
Kulib qo‘yasanu etasan davom,
Araz bo‘lmagandek go‘yo o‘yinda…
So‘ng ko‘zing ochasan:
Hayot bu – dovon,
Uni bola bo‘lib oshish qiyin-da…
MOHIYaT
Hasad, arzimaysan zarra o‘yimga,
Gumon, zerikdik-ku sabablar izlab.
Kibr, teng kelmaysan hatto bo‘yimga,
Shukr, o‘zing bergin bularga adab.
Araz, uch kundan so‘ng qimmating bitar,
G‘iybat, hech ko‘rmadim yuzing oqligin.
Nafsim, buncha meni avrading, yetar,
Tavba, o‘zing aytgin bu gunohligin.
Yolg‘on, hali-hanuz yashaysan nechun?
Tama, yomg‘irdan so‘ng yog‘gan g‘uborsan.
Nafrat, yo‘qoladi tobora kuching,
Uzr, yaxshiyamki, dunyoda borsan.
Hasrat, odamlarning yelkasidan tush,
Qahr, hokimlikka senga yo‘l bo‘lsin.
Orzu, ismlaring bunchalar ham xush,
Sabr, bu jonginam senga qul bo‘lsin.
Iffat, boy berma hech ko‘ngil jilovin,
Himmat, kerak payti noyobsan nega?
Azob, keltirdingmi Tangri sinovin?
Hayrat, hislarimga o‘zing bo‘l ega.
Mehr, yurakkinam senga omonat,
Vafo, uyimizda biz-la mangu qol.
Jazm, ezgulikka boshla to abad,
Iymon, borlig‘imni o‘zing qo‘lga ol.
JUMBOQ
Quvonchli kunlarim sizsiz o‘tmaydi,
Ezgin kunlarimda jim turolmaysiz.
Ammo nimadir kam, nedir yetmaydi,
Go‘yoki menchalik qayg‘urolmaysiz.
Yig‘lab yuborgingiz kelar dam-badam,
Kiprigim ko‘zyoshga bo‘lganda tarnov.
Uyimning to‘riga kirolsangiz ham,
Yuragim to‘riga birovsiz, birov…
Yo men haddan ziyod arzanda qalbman,
Yo kutgan mehrimni o‘zim bermadim.
Yoki farishta deb sizni o‘ylabman,
Balki o‘zimnimi, yana bilmadim…
Nega shunday ekan – azaliy jumboq,
Xolis bo‘lolmaydi odamzod butkul.
Qil o‘tmas dillardan o‘tar goho tog‘,
Goh olis dillarni bog‘lar bitta gul…
BAHOR
Ko‘ksimni to‘ldirdi binafsha bo‘yi,
Siyohtus ranglari dilim yayratdi.
Borlig‘im egallab tashrifing o‘yi,
Kelar yo‘llaringga ko‘zim qaratdi.
Sendan umid uzgan kunlarim kechdi
Va haqdir seni ham ranjitganlarim.
Kimlardir biz uchun qasamlar ichdi,
Kimlardir biz uchun to‘qidi irim.
Barchasi, barchasi bir taxmin edi,
Maydagap kunlarning mubham tashxisi.
Mavhum xayollardan qutqardi endi
Bizlarni bog‘lagan muhabbat hissi.
U borki, biz uchun tatiydi bahor,
Bahorga aylanib yoshlik tatiydi.
Axir gul tugadi ko‘ngillar yakbor,
Gullagan dillar bir-birin taniydi.
Bilganim birgina shu muhabbatdir,
Qolganlari, bilmam, juda g‘alatdir,
Juda g‘alatdir…
MEZON
Pokiza muhabbat bilan sevolsang,
Seni ham sevgaylar shaksiz, begumon.
Samoga tilakdan bir nur yuborsang,
Javoban mo‘jiza to‘kadi osmon.
Hech nima javobsiz qolmagay, axir,
Bordan yo‘q bo‘lmaydi, yo‘qdan esa bor.
Har neki tuyulsa ma’nisiz, taxir,
Ehtimol ma’noga emassan tayyor.
Nafratdan, g‘aflatdan o‘zni xalos qil,
Sevolgin sevgiga tashna hayotni.
Faqat toza yurak qutqarolgay, bil,
Nedir qutqarolsa gar odamzodni…
BINAFShA
Buncha kichik binafsha bo‘yi?
Buncha chuchuk binafsha bo‘yi!
Bu bir mitti guldan boshlanar
Bahorlarning ulug‘vor o‘yi…
QOQIGULLAR
Momo yer yuzini bezar gul, maysa,
Ko‘hna hayot tag‘in yangi kuy boshlar.
Osmon yerga qarab bir bor jilmaysa,
Zamin ko‘kka tutar minglab quyoshlar.
Ular nur sochmoqni istaydilar xo‘p,
Ko‘klam iforidan sarxush, aldanib.
Maysazor bag‘rida qiqirlab to‘p-to‘p,
So‘ng bari bulutga qolar aylanib.
Esib o‘tganida shamollar shitob,
Bag‘ri pora bo‘lib to‘zg‘iydi bir-bir.
Ammo ko‘k izmida yagona oftob –
Ularday omonat emas baribir…