Go‘zaloy Solih (1984)

Go‘zaloy Solih (Matyoqubova) 1984 yil 13 yanvarda Xorazm viloyati Yangibozor tumanida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Oliy adabiyot” kursini tugatgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida (bakalavr), O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida (magistr) tahsil olgan.
“Xayol so‘qmog‘i” she’riy to‘plami (2009), “Mehr rishtasi” (2010) hikoyalar to‘plami, “G‘oliba” (2019) qissa va hikoyalar to‘plami chop etilgan. Ijod namunalari rus, ingliz, turk, azarbayjon, vetnam tillariga tarjima qilingan.
“Ogahiy”, “Asilaning jasorati” hujjatli filmlari va Suriyadagi bolalar hayoti haqida “Hali urush tugamadi” qisqa metrajli filmining muallifidir. O‘zbekiston davlat drama teatrida “Turkiston bolalari” pesasi sahnalashtirilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

* * *

Oppoq tong otmoqda – bahorning tongi
Tog‘lar orqasidan mo‘ralar quyosh.
Bulbul navosidan uyg‘ongan olam,
Yashamoq istaydi o‘zicha bebosh.

O‘ynoqlab uchadi sho‘x bir qaldirg‘och,
Shudringni to‘kadi bolari guldan.
Turib gul bargida ochilgan qiyg‘os
So‘raydi kapalak so‘zlashmoq dildan.

Kel, kapalakjon, kel, sirimni aytay,
Bahorni sevaman bor vujudimla.
Yashagim keladi shodon va xurram,
Olamni zabt etgum kelar kulgula.

* * *

Jiyda bog‘i gullabdi qarang,
Jimjimador gullari mayin.
Jiyda guli isin sovurar,
Shamol sochin silagan sayin.

Jiyda bog‘i gullabdi qarang,
Tarovatin ko‘z-ko‘z qiladi.
Iforini taratib, chunon,
Atirgulning bag‘rin tiladi.

* * *

Xiralashdi qalbim ko‘zgusi,
Tuman ichra qoldi borlig‘im.
Tanimadim o‘zim o‘zimni,
Bilinmadi hatto borligim.

Yashayverdim taqdirga ko‘nib,
Shunday o‘tdi erta hamda kech.
Bunga ko‘ndi vujud rizosi,
Ammo yurak ko‘nolmadi hech.

Uvvos soldi bag‘rimni tilib,
Ovozidan titradi dunyo.
Nolishidan mening dardlarim
Tomchi bo‘lib to‘kilar go‘yo.

* * *

Kimsiz?
Ayting, kutganimmisiz
Yoki qismatimda adashgan kimsa?
Kimsiz, peshonamga bitilgan g‘ammi,
Va yo kiprigimga boylangan g‘ussa?
Alammisiz, ta’qib qilgan ming yildan beri,
Balki, sochlarimga tang‘ilgan baxt – siz?
Qachondir yo‘qotganim allaqaydadir,
Topinganim, eng so‘nggi ahd – siz?
Balki, oniy bir lahzada tug‘ilgan ertak,
Gunohu savobimga aylangan so‘z – siz.
Balki, bahorimdan qolgan xotira,
Hali hayotimga kelmagan kuz – siz.
Tobora yurakka singib borayotgan:
Anglanmas, o‘qilmas, buyuk sirim – siz.