Egam Rahim (1918–1977) – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. Xorazm davlat pedagogika institutida tahsil olgan. Ijodkorning “Baxt yo‘li”, “Yangi qadam”, “Qo‘shig‘imsan, Xorazm”, “Nurli izlar”, “Jayhun nidosi” singari to‘plamlari nashr etilgan.
HAYoT
Qanday shirin, qanday ko‘rkamsan,
Nima bo‘lur sening bilan teng.
Bog‘u rog‘im, hovlim, o‘lkamsan,
Muruvvatli quchoqlaring keng.
Bunyodkorsan, inson qo‘liga
Tutqazgansan qudratli jilov.
Nur sochgansan uning yo‘liga,
Sen erursan nokaslarga g‘ov.
Seni degan avlod-ajdodim,
Seni degan butun mavjudot.
Odam o‘tgan izini yodlar,
Qo‘yib senga mehru e’tiqod.
Odamzotning suyangan tog‘i,
O‘zing borsan uning baxtiga.
Sen borsanki, gul ochar bog‘i,
Suyanadi toju taxtiga.
Umr qisqa, yillar sanoqli,
Inson degan boradi qarib.
Bu – haqiqat, odamzot naqshi,
Sen qolasan yashnab-yasharib.
SO‘QMOQLAR
So‘qmoqlar, so‘qmoqlar, so‘lim so‘qmoqlar,
Buncha ham sirlisiz, rivoyatga boy.
Sarguzasht, tarixga to‘liq so‘qmoqlar,
Insonga oshnosiz ko‘pdan, hoynahoy.
Kim yo‘l boshladiyu kimlar o‘tdilar,
Birov shodlik bilan, birov alamda.
Manzilgohga mash’al yoqib ketdilar,
Ko‘makdosh deb odam qoqilgan damda.
Qaydan boshlanasiz, qayda nihoya,
Bu savol javobsiz, qiynaydi hamon.
Umringiz boqiydir, tushmagay soya,
Uzoq yillar osha yashaysiz omon.
Ufqlar qadarli keting, mavj oling,
Serqatnov so‘qmoqlar mudom suyukroq.
Keng yo‘llar avjiga siz sodiq qoling,
Nopok qadamlarga toptalmang biroq.
TONG ChOG‘IDA
Ko‘kda hali yulduz ko‘chmagan,
Botib borar oyning barkachi.
Yon bag‘irlar tuya o‘rkachi,
Ko‘chalarda chiroq o‘chmagan.
Ufqda tong ko‘rsatib jamol,
Boshlab berdi shaffof ertani,
Tun topshirdi estafetani,
Kashf etib ajib bir xushhol.
Tog‘dan esgan yellar beozor,
Haydab ketdi tonggi tumanni.
Oftob balqib jumla jahonni,
Nurga burkab etdi lolozor.
Yosh archalar bag‘rida qirov,
Quyosh bilan urishtirar ko‘z.
– Qani, buning ta’rifiga so‘z –
Deb shipshiydi yonimda birov.
Ko‘kda pag‘a-pag‘a bulutlar,
Biri quvib, biri qochadi.
Oftob nurga yo‘llar ochadi
Va insonni nur bilan qutlar.
Tog‘ oralab, tubanga qarab,
Irmoqlardan oqar shalola.
Sarchashmalar ko‘m-ko‘k piyola,
Tollar qolar kokilin tarab.
Sahar turib sabrsiz, bedor,
Tongni kutib orom olaman.
Ko‘kka boqib o‘yga tolaman,
Ko‘rishaman tong bilan diydor.
QALB AMRI
Diydor ko‘rishmakka ne yetsin,
Suv ichadi ko‘ngil-ko‘ngildan.
Dilkash suhbat ko‘tarib ketsin
G‘uborlarni beorom dildan.
Suhbat bilan o‘tgan har onni
Oltin bilan teng deb, bil, do‘stim!
Dilkash e’zozlaydi insonni,
Qalb amrini bajo qil, do‘stim!
Beqadrlar nariroq ketsin,
Irg‘itmasdan jafo toshini.
Diydor ko‘rishganga ne yetsin,
Odam silar odam boshini.
ODAMIYLIK
Odamiy bo‘l, odamiylikdir husn,
Qolgay o‘tgan izlaringda yaxshi nom.
Xizmatingdan el aro har lahza, kun
Mansub etgay senga hurmat-ehtirom.
El bilan bo‘lgin, eling hamxonadir,
Dilda cho‘g‘ bo‘lgay mudom tashvishi.
Elu yurting ham ota, ham onadir,
Elga xizmat chin odamiylik ishi.
Dardli kun dardkashga hamdam bo‘lmasang,
Do‘stu yorlar yig‘lasa, tursang kulib,
Qalb bo‘lib shodlik va g‘amni tuymasang,
Nega kelding dunyoga odam bo‘lib?
Odamiy bo‘l, odamiylikdir husn,
Qolgay o‘tgan izlaringda yaxshi nom.
Xizmatingdan el aro har lahza, kun
Mansub etgay senga hurmat-ehtirom.
NURLI IZLAR
Kunlar, kunlar, kunlar…
Bunchalik xilma-xil, bunchalar farqli.
Kunlar, kunlar, kunlar…
Bunchalik sertashvishu buncha ardoqli.
Biri quvontirib, shodon etadi,
Ko‘klarga ko‘tarib yuborar boshing,
Ba’zisi sertashvish bo‘lib ketadi,
Ranju mashaqqatlar bo‘lib yo‘ldoshing.
Goh olamni etib ko‘zlaringga tor,
Yurak-yuragingni ezadi.
Bir lahza shodlikka qilib intizor,
Ko‘ngil bog‘in g‘amu tashvish kezadi.
Qani bir umrga qolib shodonlik,
Dunyodan ranjishlar yo‘qola qolsa.
Tashvishlar o‘rnini quvonch, omonlik,
Do‘stlarning mavj urgan davrasi olsa.
Sevinch onlarini ardoqlab, qutlab,
Shodlikka shodliklar ulab o‘taylik.
Do‘stlarni saodat bilan qutlug‘lab,
Hayotda nur izlar solib ketaylik.