Abdulla Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) 1978 yil 15 aprelda Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan. Respublika «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi. «Siyrat» adabiy to‘garagi asoschisi.
Abdulla Boqiy «Ko‘ngil ko‘chalari», «Ayol qalbi», «Oliy xo‘jalik sudi Axborotnomasi», «Huquq va burch», «Intellekt» nashrlarida faoliyat yuritgan.
Uning «Kechikkan bahorim», «Mo‘jazgina mo‘jiza», «Siyrat hududi», «Nomsiz» she’rlar, badiha va mansuralardan iborat to‘plamlari chop etilgan.
NOMSIZ
Kimdandir oldinda, kimdandir ortda,
Bazida piyoda, bazida otda,
Goh makkor, goh xudbin, goh bo‘lib sodda
Umr etagiga yetay deb qoldik…
Asrlarga tengib o‘tmoqda kunlar,
Asablarni yengib o‘tmoqda kunlar,
Azobmi, ajrmi bilmam yakunda
Poyonsiz poyonga yetay deb qoldik…
Qaqragan dillarni ortmoqlab oxir
Qadamlar sudralar, sudralar og‘ir
Og‘ir yuk — qoq-quruq qo‘l bilan axir
Oxirat eshigin qoqay deb qoldik…
Savobdan asar yo‘q, tavbadan asar,
Qay yuz bilan oldinga boraman, Azal…
Hech bir niqob naf bermas kun uchun avzal
Siyrat niqobini taqay deb qoldik…
Siyrat: Astag‘firulloh, Astag‘firulloh, Astag‘firulloh…
Siyrat: Tavba qilmoq uchun fursat ber, Olloh.
Siyrat: Azobmi, ajrmi bilmam yakunda…
Hikmat: Cho‘michga chiqqanin totay deb qoldik…
ADABIYoT
Kurash maydoni-mi — Adabiyot?
Yo‘q aslo!
Bo‘lsa bordir — baxs-munozara…
Asli — ibrat maydoni bu — Abadiyat!
Jumlada jamul-jam bo‘lsa mohiyat,
Illo,
So‘zda ma’no, teranlik, mulohaza…
Mushohada maydonidir — Badiyat!
Kurash maydonidir — Adabiyot!
Zero,
Menni maxv etmog‘-u va menni topmoq,
O‘zlikni topish-u, O‘zni unutmoq
Va yana madora-yu, murosa —
Asli Odob maydonidir — Adabiyot!
HAQIQAT DARVOZASI
Bu bog‘ning qushchalari to tongacha tinmadi-ku,
Yuragimning to‘rg‘aylari, uyg‘onsangiz endi siz ham.
Ulug‘bek Hamdam
Ruhiyat …
Bu bog‘ning qushchalari
To tongacha tinmaydi-ku,
Dunyo …
Yuragimning to‘rg‘aylari
Uyg‘oning endi siz ham.
Haqiqat …
Sarg‘aygan hazonlar xonishi
Aytilmagan qo‘shiq …
Tinglanmagan kuy …
Yurak …
Adab axli …
… uyg‘onsin …
… yuraklar
Aytilajak yoniq so‘zlardan!
QOYa VA TOMChI
(simfoniya)
Ko‘piklanar, gupurar…
Qoyalarga o‘zini urar…
Daradagi sharshara,
toshqin soy…
Shashti baland, shiddati baland,
Yoshligiga borar honahoy,
Tog‘ni qulatmoqni istaydi chog‘i…
Qoyalar pinagin buzmaydi…
Qoyalar pinagin buzmaydi…
Yo‘q bu bardosh emas,
Matonat emas…
sabr ham emasdir,
nomi boshqacha…
qoyada tug‘ilgan tomchilar
oqimga qo‘shilib shoshgancha,
yo‘l-yo‘lakay, toshdan toshgacha
turli sinovlarni ko‘radi
goh sakraydi,
goh sachraydi…
tinmaydi,
yuguradi…
goh sirpanib,
goh yiqilib turadi,
lekin sinmaydi…
Qoyalar pinagin buzmaydi…
Toshdan toshga urilaverib
Tajribasi ortib,
Bilimi ortib
Tomchilar pishadi,
Jipslashadi…
Tomchilar birlashib to‘lqilanadi,
Yanada ortadi shiddati, shashti.
Yanada gupurib, yana mavjlanib
Sayqalanar — yoshlikning gashti.
Qudrati, g‘ayrati sig‘may ichiga
Yana qoyalarga
o‘zin uradi…
o‘zligin unutib…
ba’zan laqqa tushib puch g‘oyalarga
Bilmaydi —
Harsangtosh cho‘kadi, hasdek suzmaydi
Qoyalar pinagin buzmaydi…
Kun kelib daryoga qo‘shilar
Dunyoning kengligin anglaydi,
O‘zligin topadi yangidan…
Fe’li ham kengayar, kengga — keng dunyo…
Tomchiga, qoyaga, yoshga, qariga
Barchaga barobar, teng dunyo…
Qoyalar pinagin buzmaydi…
ShE’R MULKI YoKI SIYRAT HUDUDI
Ko‘ringaning kabi bo‘l edi
Va yo asling kabi ko‘ringin edi
Surat, sokinlikni ko‘rsatib turib
Qalbimga shiddatni joylading, endi…
Asling qanday bo‘lganin qaydan anglayin?..
Anglamoq — siyratning suratin topib,
Suratning siyratin ko‘rmoq edi-mi?
Anglamoq — she’riyat vaznidan qochib,
Mohiyat qatida turmoq edimi?
Sokinlikni ko‘rsatib, Surat,
Qalbimga baxsh etding jilvakor sur’at.
Yana she’r yozmoqqa topildi jur’at…
Yana she’rda suzmoqqa berildi fursat…
Siyrat, she’rlarim ichida yashay… qol…
Siyrat, She’r bo‘lib ichimda yashayqol…
… Angladim — Asling qandayligin angladim —
Mohiyat… She’r mulki… Siyrat hududi…
Uch birlik — Sen-u, Men va Hayot — xuddi.
HAR KEChA…
Har kecha… Tushlarimga kiradi Zuhro…
Har kecha… Ishq o‘tida qovrilar joni…
Har kecha… Bir chekkada mung‘ayar Hilol
Har kecha… Rashk o‘tida qovrilib joni
Har kecha… Jamolidan ko‘zim qamashar
Har kecha… Yotog‘imga kiradi yulduz…
Har kecha… Hayollar og‘ushida tunayman
Har kecha… Har kecha.., hali-xanuz…
Har kecha… … tushlarimda yashayman…
O‘ngimda tush ko‘rib qadam tashlayman…
Tunim bilan kunim almashgan…
Mening uchun kechalar — kunduz
Va yana bag‘rimda uyg‘onadi tong…
Har kecha..
Har kunduz takror va takror…
Barchasi bekordir… Barchasi bekor!!!
… Yo‘q men oyni seva olmayman…
Oy bevafo, yulduzlar million…
Menga kerak yagona, tanho…
Kun kelar…
Qalbni uyg‘otmoqqa chalinadi bong…
Kun kelar…
… Tuni bilan to‘lg‘onar vujud…
Salovotlar yog‘ilar sim-sim…
Kun kelar… Ungacha sabr…
Har kecha…
MUHABBATGA…
So‘zlarimning rangi ham,
Hislarim jarangi ham,
Nigohimning jangi ham
Sen tufayli, muhabbat.
Hayotmi bu, «Uloq»mi?
Mehr — qaynar buloqmi?
Du torimning qulog‘i
O‘zingmisan, muhabbat?
Sayratasan tilimni,
Yayratasan dilimni,
Eh, o‘g‘irlab aqlimni…
O‘g‘rimisan, muhabbat?..
Hayot sen bilan go‘zal…
Hayot sen bilan tugal…
Demishlar, avval-azal,
To‘g‘rimi shu, muhabbat?
II
Oilaning «O» harfi
Odobdan, dedim, nishon,
«I»ning butun bir sarfi,
Dedim, ma’noi ishonch,
Lobarlikdan «L» olib,
Qo‘l ushlashib «O», «I»la,
Ahillik bilan qolsak
Mustahkam, deb, OILA…
Tayangandim Aqlimga…
Men aqlimga tayanib
Hislarim unutganda,
Tuyg‘uxonam to‘rida
To‘lg‘ondingmi, muhabbat?
Sevmasdan qurdim turmush,
Qara, qanday soddaman,
Bugun oxir-oqibat
To‘rt farzandga otaman.
O‘g‘lim yonimdan kirgan…
U belimning madori,
Qizlarim — quvonchlarim…
Oila — Baxt tumori…
Shudir hamon shiorim…
Borim shudir, muhabbat.
Kecham, ertam, bugunim
Hayotimning mazmuni,
Oilamning ustuni
O‘zingdirsan, muhabbat!
KUZAK ShAMOLI
(ballada)
Shamol shovullaydi, uvlaydi
Na tinim bor na uyqu unda
Alamini yoza bilmaydi
Shodligin ham etolmas udda
Rauf Parfi
Shovullaydi shamol, uvlaydi shamol,
Sarg‘aygan barglarni yulib otadi.
Tong qadar olisdir shamsning jamoli,
Tun qadar Hijron tosh dilga botadi.
Shamol shovullaydi, shamol uvlaydi,
Yalang‘och daraxtlar afsun aytadi.
Afsun-ki, bir duo — kadarni quvlar,
Ishonch aytar:
Tong qaytar,
Shams qaytar,
Bahor qaytar,
Baxt qaytar…
Visol qaytadi…
01.11.2023y. 21:56.
II
Shamol shovullaydi, shamol uvlaydi,
Na halovat bordir, na tin bor unda
Bilmam, Alamdanmi va yo quvonchdan
Hazonlarni to‘zg‘itar kuzakli kunda…
02.11.2023y. 21:00.
Shovullaydi shamol, uvlar erinmay,
Jazavaga tushib to‘rt tomon chopar.
Goh u yon, goh bu yon tebranib tinmay
Zikr aytar daraxtlar — Allohu akbar!
III
Shamol shovullaydi, uvlaydi shamol,
Na uyqu bor unda, na bir halovat.
Uzoqdan, yaqindan, to‘rtta tomondan
Quloqqa chalinar salovat:
Allohumma, soli ala sayidina Muhammad.
YO‘L-YO‘LAKAY
Umrim bo‘yi …
yo‘l…
yurdim…
qanchadir…
manzil-u, makon ko‘rdim.
Goho bo‘ldim so‘zamol,
gohida lol bo‘ldim…
hayrat ichra jim turdim.
Qaydadir burildim o‘ngga,
Qaydadir so‘lga,
Qaydadir tog‘ ila to‘qnashdim…
Tog‘ tutdim qaddim…
Qaydadir duch keldim ko‘lga,
Qaydadir cho‘lga…
Bepoyonlik kasb etdi…
Cho‘l qadar qadrim…
Qaydadir yo‘liqdim daryoga…
Qalbim daryo bo‘ldi — to‘lib oqdim.
Qaydadir bog‘ bo‘ldi manzilim…
Ko‘nglim chaman bo‘ldi…
Dunyoga kulib boqdim.
Dunyoga kulib boqdim…
Kulgumdan…
Jaranglab ketdi osmon,
Jaranglab ketdi quyosh,
Zuhro-yu, Hilol…
Jaranglab ketdi…
Yillar… yo‘llar…
Jaranglab, ketdi…
…
Umr bo‘yi yo‘l yurdim —
Vatan ichra musofirlik bo‘ldi kasbim…
TIRIKLIK
Yurak sarhush… nedan sarhush… qaydan sarhush…
Yurak sipqorgan u qon emas…
May edi… u… maydan sarhush…
Ko‘ngil sarhush… nedan sarhush… qaydan sarhush…
Cho‘li iroqdan keldi nay…
Cho‘li iroqdan… naydan sarhush…
QIZIL ShE’R
Hali birovlarning ko‘zi tushmagan —
Ko‘nglimni qo‘limga oldim-u,
chokidan so‘kdim…
Hali birovlarning ko‘zi tushmagan —
Hislarimni, tuyg‘ularimni
qog‘ozga to‘kdim…
Hali birovlarning ko‘zi tushmagan —
Qoralama, yohud oq she’rmas,
Qizil she’r bo‘ldi…
Hali birovlarning ko‘zi tushmagan —
Qizil she’rni takror o‘qidim,
Ko‘nglim, dil to‘ldi…
DUNYoDA DUNYo TALASh
Tomirda yugurgan u
Sharobmidi yoki qon…
Maydan qonar jism-u jon…
bo‘zlagan Dil…
Qon talash…
Qassob go‘sht qayg‘usida,
Echkining qayg‘usi jon…
Tiriklik bozorida…
Bo‘g‘izdagi jon talash…
Kimdir yalang oyoqda…
Qaydadir ochlik zamon…
Dasturxonda tayoqday
Qotib qolgan non talash…
Bir Odamdan tarqalgan
Aka-ukalar har yon,
Qo‘l yopishgan yoqaga…
O‘z aro makon talash…
Mol davlat ilinjida…
Qoldirib ko‘zni xayron…
Sotarlar arzon…
Vijdon…
O‘rtada Shuhrat talash…
Shavkat talash…
Shon talash…
Ko‘ngil dunyosi aro
Ko‘ngilda Dunyo talash…
Dunyoni qo‘y, ey Ko‘ngil,
Baxt sari Iymon talash!!!
UChINChI ZAMON…
O‘tgan kuni —
Alvon rangda edi hislar ham,
Alvonrang edida shiorlar…
Alvonrang bog‘ichda ko‘zini bog‘lab
Cho‘lda kezar edi shoirlar…
(Surgun qilingandi shoirlar…)
Kechagi kun —
Bog‘ichlar yechildi ko‘zlardan,
Istiqlol sharobi ichildi.
Alvonrang shiorlar, alvon so‘zlardan,
Alvonrang sarobdan kechildi…
Bugungi kun —
Jahonga bo‘yladi — Orzular,
ishonchlar, umidlar, tuyg‘ular…
Jahonga bo‘yladi. Jahoniy bo‘ldi —
Quvonchlar
va hatto qayg‘ular…
O‘tgan kuni —
Manqurtlarning kuni kulgandi…
Vaxm solar edi qizil «Prikaz!»
O‘zining o‘zagin o‘zi kesganni
Kas deyinmi va yoki nokas…
Kechagi kun —
Ta’mal toshi qo‘yildi
Erkin, farovon,
Ham ozod, ham obod — Hur kelajakka…
Bugungi kun…
Globallashuv —
Ommaviy madaniyat — ommaga tahdid!
Qilmoq uchun Erkinlikda erkin qul…
Tarmoqda tarmoqli xuruj va xujum…
«O‘zligingni unut, o‘zingni top», der,
«O‘zgani qo‘y, faqat o‘zingga chop», der,
«O‘zing uchun yasha, o‘zgani chop», der…
O‘zagingni chopishga undaydi nuqul…
Va yana
Bugungi kun —
Jahonga bo‘yladi — tuyg‘ular,
Orzular, umidlar, ishonchlar…
Jahonga bo‘yladi. Jahoniy bo‘ldi —
Yutuqlar, shodlig-u, quvonchlar.
Ey, tinch elim, tinchparvar elim,
Nazari tushgan senga Qodirning — Haqning
Jannatmonand yurtda osuda, omon,
Ko‘ngli obodlikda yashamoq haqqing…
UChINChI O‘LChAM…
Xayolimda ish, faqatgina ish,
Yo‘limda dunyoning tashvishi…
Ko‘zlarimda sog‘inch —
Ko‘zlarimda Ona surati…
Fikratimda ishq,
Tegramda rashk,
Qalbimda g‘alayon —
She’riyat sog‘inchi…
Tuyg‘ular to‘lg‘onar…
Yurakka o‘t solar…
Ko‘ngil ko‘chasida darbadar
Umidlar, istaklar —
Yurt ravnaqi…
Nigohlar siypalar sochimni,
Sochimga qirovlar indirib…
Bu chirkin, dudbosgan ochunni
Elkamga mindirib,
Ko‘nglimni sindirib…
Olib ketarmidim go‘rimga…
II
Ohlarim ohudan uchqurroq,
Uchinchi o‘lchamning ko‘zi ko‘r…
Bu olchoq dunyoning ranglari
Oq-qora, oq — qora, oq, qora.
Mehnatdan xormagan tinka-madorni
Yo‘qlik ezg‘ilaydi — Adolatparvar.
Ko‘zyoshga cho‘milgan ko‘ngli yupunni
Erkalatib qo‘yar tilning uchida
Qorni to‘q, egni but to‘ralar…
Izg‘irinli kunlar. Izlayman tinsiz…
Qani edi topolsam biron
Istarali, issiq yuzlini…
Oh, naqadar sovuq…
Qalbim muzlab bormoqda
Kun sayin
Ey, odamlar, o‘tinaman,
Kimning yuzi issiq, iltimos,
Issiq yuzingizga bir nafas
Yuragimni bosib, isitib olay
Muzlab borayotgan Orzularimni….
AVVALGI NUQTA
Charxpalakka o‘xshayman — Tinmay
oqimga teskari chopaman…
Natija: o‘zimni oxir-oqibat
Avvalgi nuqtadan topaman…
Tegirmonga o‘xshayman — Tinsiz
bir nuqtada aylanaman.
Toliqqanim sezmayman…
Dard-u, sitamlarni ichimga yutib
Avvalgi nuqtani izlayman…
Tug‘ilish — ibtidosi bu umr yo‘lin…
Tug‘ilish — o‘lim sari qo‘yilgan qadam…
Tug‘ildimu, Avvalimni qidirdim…
Avvalim bu — Hazrati Odam!
Yashagim keladi odamga o‘xshab…