Abdulazizxon (1509-1550) – Shayboniylardan. Ubaydullaxonning o‘g‘li, Xorazm hokimi (1538—39). Otasining vafoti (1539)dan so‘ng mamlakatda ikkihokimiyatchilik vujudga kelib, Abdulazizxon Buxoro xoni (1540—50), Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdullatifxon esa Samarqand xoni (1540—1551) bo‘lgan.
Abdulazizxon o‘z hukmronligi davrida davlat va aholi manfaatlarini ko‘zlab qator islohotlar o‘tkazgan, ayrim soliqlar (tanob puli, tafovut, tavfiri va b.) ni bekor qilgan, Buxoro atrofini yangi mudofaa devori bilan o‘rashga kirishgan (uni Abdullaxon II qurib bitkazgan bo‘lib, 20-asr boshlarigacha saqlangan). Bundan tashqari u Buxoroda Madrasa, ulkan kutubxona, Bahouddin Naqshband qabristonida xonaqolar qurdirgan.
Abdulazizxon ilm va she’riyat ahlining homiysi, o‘ta taqvodor inson bo‘lib, tasavvuf olimi — Shayx Jalolning muridi edi. U benazir husnixat sohibi bo‘lgan, «Aziziy» taxallusi bilan g‘azallar bitgan.
Abdulazizxon saroyida Hofiz Sulton, Ali Ubahiy, Vosifiy, Majlisiy, Kavkabiy, Shaydo, Afsariy kabi shoirlar shuhrat qozondilar.
Aziziy ijodining namunasi tarzida keltirilgan ushbu g‘azal Hasan Nisoriyning «Muzakkirul-ahbob» tazkirasidan olindi.
G‘AZAL
Xush erdi manga bo‘lsa edi yor musohib,
Yo bo‘lmasa erdi anga ag‘yor musohib.
Xushdur kishiga bo‘lsa agar yor musohib,
Gar bo‘lmasa oning bila ag‘yor musohib.
Bulbul boshig‘a kelmas edi muncha balolar,
Gar bo‘lmasa erdi gul ila xor musohib.
Yorab, ne balodur buki hijron alamidin,
Bormen g‘amu anduh ila, ey yor musohib.
Ko‘ying itidek yori vafodor topilmas,
Ko‘rdum meni dilso‘xta bisyor musohib.
Bu telba ko‘ngul birla, Aziziy, ne qilursen,
Gar bo‘lmasa ul sho‘xi dil ozor musohib.