Qo‘ng‘iroq chinqirig‘idan uyg‘onib ketdim. Soat endi besh yarim bo‘lgandi. Telefonimni yoqdim. Hech kim qo‘ng‘iroq qilmabdi. Rost-da, kim ham meni tunda bezovta qilardi? Tanishlar, kasbdoshlar uchun bu vaqt kech hisoblanadi… O‘zim ham qiziqman-da… Tez yuzimni yuvib kelib, tikishga o‘tirdim. Kechagi “buyurtma”ni bitirishim kerak. Har qalay bir so‘m, ikki so‘m… Mashinani taqillatmaslikka harakat qilib, tikishni boshladim. Kelin kech uxlagan. Bir emas, ikkita yosh bolasi bor, axir. Yarim soatlar tikuvdim, hovlidan supurgining “ship-ship”i eshitildi… Soat yetti yarimda o‘rnimdan turdim. Ko‘ylak bitgandi. Yoqalari, yenglari kashtali, yaltiroq kelinlar ko‘ylagi. Qimmatbaho matodan. Juda chiroyli chiqibdi. Ichimdagi xo‘rsiniqni arang bosdim.
Deraza orti kattagina bog‘. Daraxtlarning oq-pushti gullari bir-biriga qo‘shilib, biram go‘zal manzara hosil qilgandiki… Shaftoli gulining bo‘ylari o‘sha yoqdan turib ham kishini mast qilardi. Bolaligimdan bahorni yaxshi ko‘raman. Bir paytlar bahor chog‘lari o‘sha bog‘dan beri kelmasdim. Hozir bunday sayru tomoshalarga vaqt qayerda deysiz?! Bir lahza mahliyo bo‘lib qoldim. Ichkaridan ukamning ovozi qattiq-qattiq eshitildi:
– …Qari qiziz soat to‘qqizgacha yotadi-yu, mening xotinim hammadan vaxli turib, hovli supurishi, choy damlashi kerakmi? Tursin o‘rnidan uyam. Endi o‘n sakkiz yashar qizmas. U tengilarning bolasi maktabga borayapti. Hech bo‘lmasa choyini o‘zi damlab ichsin zahriga!..
Nimadir taraqladi. Dadasining ovozidan kichkina jiyanim yig‘ladi. Kelinim uni ovutdi:
– Voy, aylanay, bo‘ldi, bo‘ldi… Dadang sani urishmayaptilar…
Ayamdan sado chiqmadi. Ortimga qaytdim. Maktabda biror nima yeb olarman…
Bugun olti soat darsim bor edi. Nonushta qilishgayam, tushlikkayam ulgurolmadim. Darsdan keyin bufetga kirsam, hech narsa qolmabdi. Sekin-sekin uy tomon sudraldim. Avvallari uyda meni bir mo‘jiza kutib turganday, oshiqardim. Yillar o‘tgani sari qadamlarim sustlashganday. Bahor sabosi yuzimni siypalab o‘tdi. Ko‘chada ham daraxtlar chaman bo‘lib gullagan. Lekin yo‘lovchilar bunga beparvo, shahd bilan ko‘zlagan manzillari tomon oshiqishadi. Ko‘pchilik ishdan uyiga qaytmoqda. Yonimdan ikkita bolasini bog‘chadan olib, qo‘shni kelin o‘tib qoldi. Darsi erta tugagan shekilli bozorlik qilishgayam ulguribdi. U bilan bir maktabda ishlaymiz. Boshlang‘ich sinflarni o‘qitadi. Yaxshi ayol. Qo‘lidagi yuki og‘irligini bilib, uni chaqirdim.
– To‘xtang, Mavluda. Qo‘lingizdagini menga bering.
– Ha, yo‘g‘-a, qo‘yovring, Ruxsora opa, – deb jilmaydi kelinchak.
– Bering, ikkita bola bilan qiynalasiz, axir.
– Rahmat, – dedi u, keyin so‘zsiz yurish noqulay bo‘ldimi, gap boshladi:
– Bozorda yuruvdim, dadasi telefon qipqoldila. Ishdan kech qaytaman, bolalaniyam opke deb.
– Ha.
– Ikki bola bilan ishlash qiyin ekan. Hali unisi kasal bo‘ladi, hali bunisi. Hali unisi xarxasha qiladi, hali bunisi.
– Ha.
– Lekin ishlamasangizam, uydan chiqmay qolarkansiz. O‘zizga qaramay qo‘yarkansiz. Shuning uchun ishga chiqdim… Dadasi avvaliga rozi bo‘lmadila.
– Ha, – zo‘r-bazo‘r jilmayaman.
Yo‘lda qo‘shnimizga kelin bo‘lgan sinfdoshimning uyi bor. O‘zi chiqib qolsa-ya, degan xavotir aralash yerga qarab o‘tdim. Xayriyat, chiqmadi. Qizchasi paqirchada suv sepayapti. Bir o‘rim sochi tebranib qo‘yadi. Kalta ko‘ylakchasi shabadada hilpiraydi. O‘g‘li futbol o‘ynayapti. Baqirib-chaqirib, terlab-pishib to‘p tepayapti. Bolalarini ko‘rib, uning sarguzashti esimga tushib ketdi. U maktabni bitirgan yili bir yigit bilan sevishgandi. Ota-onasi o‘zlariga teng ko‘rmay, yigit yuborgan sovchilarni qaytarishdi. Lekin sinfdoshim sevgisiga sodiq bo‘lib, o‘sha yigit bilan qochib ketdi. Institutga endigina kirgandi, o‘qishiniyam tashladi. To‘g‘ri qilgan ekan. Mana endi to‘rt bolaning onasi bo‘lib o‘tiribdi.
Undan keyingi hovlida mahallamiz “ko‘z-qulog‘i” turadi. Kimning kelini homilador, kimning qizi arazlab kelgan, hammasidan xabardor. U Mavludadan eri-yu qaynona, qaynotasini, o‘zining ota-onasi-yu, yonidagi bola-chaqalarini obdon so‘rab bo‘lgach, menga istamaygina ko‘z tashladi.
– Sen yaxshimisan, ayang yaxshimi?
– Ha.
Yonidan o‘tarkanman menga achingandaymi, jirkangandaymi qaraganini, hatto Mavludaga g‘alati ishora qilganini ko‘rib qoldim. Uning uchta qizi, ikki o‘g‘li bor. Katta o‘g‘li mening sinfdoshim. Alohida uyda yashaydi. Kichik kelini o‘zi bilan birga. Uch qizi bor, ikkitasi gap-so‘z bilan to‘y bo‘lganini eshitgandim. Ikkalasi ham tinib-tinchib ketishdi, shekilli.
Uyga kirsam, opamlar kelishgan ekan. Ko‘rishib bo‘lgach, ularning yoniga o‘tirmadim. Ukamning ertalabki gapi esimga tushib, kelin bilan birga xizmat qildim. Oshxonada jiyanlarimning “vag‘ir-vug‘ur”i bilan kelinim ikkovimiz tamaddi qilgan bo‘ldik.
Xonamga kirsam, men ertalab tikib qo‘ygan ko‘ylak joyida yo‘q, egasi olib ketgan hoynahoy, uyquga yotdim.
Ertalab yana telefon soati chinqirig‘idan uyg‘ondim. Tez turib, ko‘cha eshigini ochdim. Hovliga suv sepdim. Kelin turgancha supurib qo‘ydim. Yana tikishga o‘tirdim. Bugun bir hamkasbim uchun zamonaviy fasondagi kostyum-yubka bichdim. Eri allaqanday katta joyda amaldor. Bir o‘g‘il-bir qizi bor. Birni kiyib, birni yechadi. Qayg‘u-g‘ami yo‘q… Maktabdayam ermakka, kunini o‘tkazish uchun ishlaydi. Libosni bichdim-u, tikishga ulgurolmadim. Soat yetti bo‘layotgandi. Oshxonaga borib, nonushta tayyorladim. Ayam o‘rnidan turib keldi. Bechora ayamning yuzidagi ajinlar kechagidan-da ko‘payganday ko‘rindi ko‘zimga. Sut pishirib, oldiga qo‘ydim. Non to‘g‘rab yeya boshladi.
– Aya, ko‘ylakni egasi obketdimi? – deb so‘radim yoniga o‘tirib.
– Qanaqa ko‘ylak? E, ha, anavi yaltiroqmi? Ha, obketdi.
– Hmm…
– Puliga moy obkeldik, uyda moy qomagan ekan.
– Ha… – damim ichimga tushib ketdi.
Har safar shunday bo‘ladi. Mening buyurtmam bitishiga uyda nimadir tugab turadi.
Nonushta qilib bo‘lgunimizcha oshxonaga ukam ham, kelinim ham kirishmadi. Idishlarni yuvib qaytayotganimda, ukamning uyidan kelinimning ovozi eshitildi:
– Kelin bo‘lib tushganimga to‘rt yil bo‘ldi. Bitta uzuk oberganiz yo‘q. Ikkita qo‘chqorday o‘g‘il tug‘ib berganimga rahmatiz shumi?! Odamlarni erlari har bayramda tilla sovg‘a qiladi. Tug‘sa-ku, komplektlar oberishadi… Men bilmayman, oberasiz shuni!
Orada ukamning g‘o‘ng‘illagani eshitildi. Jiyanim yig‘ladi. Kelinim bolasiga “ey, o‘chir-ey”, deb davom etdi:
– Juda bo‘lsa, o‘sha mehribon opangiz bir oy maoshini ro‘zg‘orga berar. Nima, faqat Siz uni boqishiz kerakmi? Uyam qarashsin-da, tekin yeb yotavermay.
Xo‘rligimni arang bosib ichkariga kirib ketdim. Ammo kelinning baland ovozi bu yerga ham baralla eshitilardi:
– Erga tegib ketmaydimi endi, o‘o‘-o‘tiravermay? Izzati bitmadimi? Yo‘qolsa, xonasini bolalarga berardik. Ikkita bola bilan ikki xonada yashash jonga tegdi…
Zumda kiyinib, pardoz ham qilmasdan, ko‘chaga yugurdim. Maktabga borarkanman, kelinimning so‘zlari quloqlarim ostida jaranglardi.
U chekka qishloqdagi uzoqroq xolamizning qizi. Otasi yo‘q, ancha yillar avval vafot etib ketgan. Maktabni bitirganidan keyin, onasi menga shogirdlikka olib kelgandi. “Aylanay, biz buni katta o‘qishlarda o‘qitolmaymiz, sizlarga o‘xshab. Hech bo‘lmasa, bir hunar o‘rgansin”.
O‘sha yili ukamni uylantirish tashvishida edik. Uyatchan, kamgap, mehnatkash qizligi uchun men kelinlikka tavsiya qilgandim uni. Yangi kelinligida biram yaxshi edi. Qo‘limni sovuq suvga urdirgani qo‘ymasdi. Men tikib bergan yaltiroq ko‘ylaklarni kiyib, “opajon-opajon” deb bir gapirib, o‘n kulardi.
Bolali bo‘lib, tug‘ruqxonadan kelgach, uyiga kirdim. Jiyanimni bir ko‘ray deb qo‘l uzatsam, chaqaloqni zo‘rg‘a qo‘limga berdi. O‘shandan beri muomalasi kundan-kunga sovib boryapti.
To‘rt soat darsim bor edi. Tugatib, uyga bordim. Kelinimning qovog‘i shishgan, onam ma’yus. Nima bo‘lgan bu uyga o‘zi, hammalari bir bo‘lib yig‘lashganmi? Qo‘limni yuvib kelib, so‘riga – onamning oldiga chiqdim. Kelinim bir lagan oshni “taq” etkizib, dasturxonga qo‘ydi-da, o‘zi o‘tirmay, ketib qoldi. Sovugan choy bilan osh yedim. Nimagadir yuragim bezilladi. Oylik olmadingmi, deb so‘radi onam.
– Yo‘q, hali vaqt bor-ku.
– Tezroq olganingda yaxshi bo‘lardi. Bozorlikning barakasi uchib turibdi. Bu yoqda unniyam tagi ko‘rinib qoldi. Ukangni bolasi kasal bo‘lganida birovdan qarz olgan ekan. Shuning uchun…
– Yaxshi, – dedim gapni kalta qilish uchun. – Erta-indin oylik berar. Yo bo‘lmasa, tikkanlarimdan tushib qolar…
Onamning chehrasi ochildi.
Oylik maoshga hali erta bo‘lsa-da, ertasi kuni allaqanday umid bilan maktab kassasiga bordim. Kassirimiz Umrzoq aka “hech gap yo‘q” deb ikki qo‘lini yoydi. Yo‘lakda ayol o‘qituvchilar gaplashib turishgan ekan. Tarixchi hamkasbim Saltanat opa menga qarab so‘z qotdi:
– Oylikdan xabar olgani keluvdiyzmi, aylanay?
– Ha.
– Sizga oylikning nima keragi bor ekan, – dedi u boshimdan oyog‘imgacha razm solib. Indamadim.
Bu ayolning Alining alamini Validan olish odati bor. Hozir bolalar darsini eshitishmagan yoki gap qaytarishgan shekilli, menga yopishayapti.
– Bizga o‘xshab uch-to‘rtta bolayiz, eriyz, ro‘zg‘oriyz bo‘lmasa. Bir boshiyiz, bir o‘ziyiz. Buning ustiga tikish qilib, pul topsangiz. Shuncha pulni nima qilasiz?..
Gapini eshitmaslikka olib, tez-tez yurib ketdim. Yonidagi o‘qituvchilar “Hay, opa”, “Ob-bo, bekor qildiyiz” deb qolishdi.
– Ha, nima, rost-da. Tavba, burnidan baland gapirolmaymi? Shuning yonini olishlaringni-chi?..
Salima opa bir yarim stavka dars beradi. Yarim stavkasini direktor bilan urishib-talashib olgan. Eri amaldornamo. Uyida bitta kelini bor. U ham bekor o‘tirmay, uyining oldida “bozorcha” qiladi. Shunga qaramay, nuqul pulga zoriqib, norozilanib yuradi.
Uyga kelib, buyurtmalarimning pullarini onamga olib chiqib berdim. “Bir-ikki kunda oylik berarkan, ungacha yetib turar”, dedim. Onam pulni indamay oldi.
Bugun havo billurday toza, chertsang jaranglaydiganday. Havoning lahzadagi o‘zgarishidan kayfiyatim yorishib, kunduzgi dilxiralik yodimdan ko‘tarildi. Onam meni kutib o‘tirgan ekan, shekilli, xonasidan chiqib, men bilan oshxonaga yurdi. Ukamning xonasidan kelinimning jiyanlarimga baqirgani eshitildi. Onam oshxonaga borib, ovqat isitib, choy damlab berdi. Anchadan beri bunday qilmasdi, hayron bo‘ldim. Yonimga o‘tirdi, kech qolganimni so‘radi. Hayronligim oshdi. Taftishchilar kelayotgani sababli kechga qolganimni aytdim. Onam ovqatlanishimga zavq bilan termulib turib sekin gap boshladi:
– Seni bugun yaxshi bir joydan so‘rab kelishdi.
Onamdagi o‘zgarishning sababini endi tushundim. To‘g‘risi, hayajonlandim. Chunki bunday gaplarni eshitmay qo‘yganimga ancha bo‘lgandi.
– …Kim ekan?
– O‘zi qo‘shni mahalladan. Toshkentdagi katta o‘qishlarda o‘qib, shu vaqtgacha uylanolmagan ekan. O‘zimga mos, o‘qimishli qizni olaman, o‘qituvchi bo‘lsa yana yaxshi, debdi. Shunga… seni… Nima deysan?
– Bilmadim, – dedim o‘n sakkiz yashar qizlarday uyalib, – unday odamni ko‘rmagan bo‘lsam, tanimasam…
– To‘g‘ri aytasan, biz ham shunday dedik. Shuning uchun ertaga uchrashuvga chiqasan.
– Buncha tez?.. – Javobimdan o‘zim uyalib ketdim.
– Yaxshi ishning tez bo‘lgani yaxshi-da! – Onamning ko‘zlari chaqnardi.
Javonni ochib, uchrashuvga ko‘ylak tanladim. To‘g‘risi, yaxshiroq ko‘ylagim yo‘q ekan. Hammasi odmi, o‘qituvchilarga mos. Yana aniqrog‘i, qirq yoshdan oshgan ayollarning kiyimi. Mana bu ko‘ylak bo‘lmaydi, uzun, harqalay, Toshkentda o‘qigan bo‘lsa… Mana bu kostyum-yubka juda qalin, bu kofta-yubka esa yozgi, yupqa. Tanlab-tanlab, oxiri o‘tgan yili yozda olgan ixchamgina ko‘ylakni tanladim. Sal yupqaroq demasa, bo‘ladi! Ertaga kunduzi uchrashamiz, har qalay bugungiday jala quyvormas, qora devlarga insof bersa!… Soat o‘nga yaqinlashib qolganda, o‘rnimga yotdim. To‘xta, uchrashuvga bir o‘zim boramanmi?! Har qalay birinchi marta ko‘rishim bo‘lsa, uyat bo‘lmasmikin? O‘ylay-o‘ylay Gulshanga qo‘ng‘iroq qildim. Gulshan qo‘shni mahallada turadi, mendan ikki yosh kichik. Maktabimiz oldidagi go‘zallik salonida ishlaydi. Har zamon dardlashib turardik. Aniqrog‘i, u dardini aytardi. Ertaga ishi ko‘p ekan, yalinib-yolvorishga to‘g‘ri keldi. Oxiri rozi qildim. Endi uxlasam bo‘ladi!
Yana erta turib, hovli supurdim. Hovlidagi bir tup olma gullay boshlagan. Xushbo‘y hidi butun hovliga taraldi. Kayfiyatim ko‘tarilib, ashula aytgim keldi. Uchrashuvga yarim soat qolganda Gulshan keldi. Yasanib, chiroyli bo‘lib ketibdi. Uning oldida mening kiyimim odmi, soch turmagim, pardozim o‘ta oddiy bo‘lib qoldi. Mayli, go‘zallik – oddiylikda.
“Istiqlol” bog‘iga bordik. Yo‘llarda o‘tlar endi ko‘karib, atrof yashillikka o‘ranayotgan paytlar. Yigitga unchalik qarolmadim. Lekin menimcha, bo‘yi-basti kelishgan, o‘ziyam ko‘rimlikkina, shekilli. U bilan asosan Gulshan gaplashdi. Men bir-ikkita savollariga javob berdim, xolos. Gulshan bilan suhbatidan ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili aspiranturani bitirib, fan nomzodi bo‘libdi. Texnika fanlari nomzodi! Hozir politexnika institutida ishlarkan. Shuncha gapning orasida Gulshan hatto uning telefonidan qo‘ng‘iroq qilishga ham ulgurdi… Haliyam shu Gulshanning kelgani, bo‘lmasa ikkovimiz ham og‘zimizga talqon soli-ib o‘tiraverdik. Ismi Ozod ekan! Ozod! Chiroyli ism. Ota-onasi bilan birga turarkan, kenja o‘g‘il ekan, shunaqa gaplar!.. Nazarimda bugun havo har kungidan ajoyibroq bo‘ldi. Quyosh charaqlab turibdi, lekin havo salqin. Ariqchalardagi suvning “jildir-jildir” qilib oqishi kishiga biram xush yoqadi-ey…
Hovlimizdagi olma chaman bo‘lib gulladi, gulini to‘kdi, mevaga kirdi hamki, sovchilardan darak bo‘lmadi… Kelinim jiyanlarimni olib, onasinikiga ketgan, ukam ishdan hali qaytmagan, uyda onam ikkovimiz edik. Hovlidagi so‘rida kitob o‘qib o‘tirsam, uyga opam kirib keldi. O‘rnimdan turib ko‘rishmoqchi edim, “He” yo‘q, “be” yo‘q, yerda yotgan onamning kovushi bilan meni ura ketdi. Urib-urib qarg‘adi, qarg‘ab-qarg‘ab urdi:
– Ha, bozori kasod, qari qiz, o‘zingga er topib qo‘yuvdingmiki, birovga ilinsang?! Yo o‘zingdan ortdimi, ko‘nglingga urdimi, in’om qilasan uni Gulshan-pulshan deganlariga! Bizzi oriyatdan o‘ldirding-ku bir ergami yo qaro yergami tegmay?! Pochchang ko‘zimni ochirmaydi, qoziqda qarigan singling biznikiga kelmasin, mening qizlarimga ham nuqsi uradi, deyaveradi.
So‘rida o‘tirgan onam ham yuzimga bir shapati urdi:
– Sen bozori kasodni deb kelindan tilim qisiq, bir nima desam, qari qizingni bil, deydi. Shu yoshgacha it ham olmadi, bundan keyin go‘r bo‘larmidi, deydi. Ukang bilan har kuni urush, har kuni janjal. Qari qizing uyimdan chiqib ketsin, deydi. Jo‘ralarimni uyga chaqirishga or qilaman, deydi. Sen nimani ham bilarding, yashshamagur…
Onam shunday deb o‘tirgan joyida yig‘lay boshladi. Men butunlay gangib qolgandim. Opam urayotganidan ham ko‘ra onamning yig‘lagani ko‘proq ta’sirlantirdi meni.
Kechqurun o‘z xonamga kirib, bo‘lib o‘tgan janjalni eslarkanman, xonamga ko‘z yugurtirdim. Rahmatli dadam “Bu xona kenja qizimga” deb o‘zimga mos qilib bezatib bergandilar. O‘shanda beshinchi sinfda o‘qirdim. “Mening ham alohida xonam bo‘ldi”, deb quvonganman. Devorga kichkina gilam osib, yerga palos yozgandik. Uy burchagida ixchamgina xontaxta. O‘shanda dars tayyorlardim. Maktabda, institutda o‘qiganimda. Haliyam tayyorlayman. Eshikdan kiraverishda kichkina shkaf. Unda kiyimlarim, kitoblarim turadi. Endi mana shu kichkinagina xonaga, dadam menga bergan xonamga ham sig‘may qoldimmi?!…
Opamning uyiga ko‘p boravermasdim-ku. Borsam ham, pochchamning yo‘g‘ida, birrovga borib kelardim. Keyin uning qizlari kichkina. Hali maktabda o‘qiydi. Nega ularga mening nuqsim urarkan?! Bir paytlar, institutga kirganimda, uni bitirganimda shu opamning o‘zi qizlariga meni ibrat qilib ko‘rsatib “xolangga o‘xshasalaring, odam bo‘lasizlar”, degan emasmidi?!
Darvoqe, opam nima dedi?! Ha, Gulshan Ozodni o‘ziga qaratib olibdimi?! Shundan beri uchrashib yurisharkan?! Unashtirilishibdi! Yaqinda to‘ylari bo‘larmish! Bu nimasi bo‘ldi?! Men uni dugonam, yaqinim deb uchrashuvga olib borsamu, u men uchun kelgan yigitni o‘ziga og‘dirib olsa?! Insof qayerda qoldi? Lekin… lekin men buni bilmagandim-ku. Axir, o‘zim xohlamagandim-ku.
Kelinim nega onamga meni ta’na qiladi. Unga og‘irligim tushgani yo‘q-ku. Ukam, mening jon ukam, tug‘ilganida xursandligimdan osmonlarga sakraganim, yakka-yu yagona ukajonim mendan or qilar ekan-da. Boya opam nima dedi? Uydan chiqib ket, dedimi?! Endi tug‘ilgan uyimga ham begona bo‘ldimmi? Demak, ketishim kerak. Lekin… qayerga boraman…
O‘rnimdan turib, xonadan chiqayotganimda eshik yonidagi ko‘zguga duch keldim. Maktabni bitirganimda sinfdoshlarim sovg‘a qilishgan ko‘zgu. Yurak shaklidagi, pastda, yurakning tutashgan joyida ikkita uzuk aksi tushirilgan ko‘zgu. Tepasida o‘sha bitiruv kechasi sovg‘a qilingan sun’iy gul… Ko‘zguda ko‘zlari nam, oq oralagan sochlari to‘zigan, ko‘zlari ostiga bilinar-bilinmas ajin tushgan bir qiz mung‘ayib turardi. Qari qiz. Hech kimga kerak bo‘lmagan qiz. Hammadan dakki yeyishga yaralgan qiz. Hammadan ta’na eshitishga yaralgan qiz. So‘nggi umidi ham poymol bo‘lgan qiz. Og‘zidagini oldirgan landovur qiz. Bu dunyoda hech kimi yo‘q qiz…
O‘sha kuni xonadan chiqmadim. Yig‘lab-yig‘lab, uxlab qolibman. Ertasi kuni ertalab ishga otlandim. Nonushta ham qilmadim. Yo‘ldagi salonda Gulshanning quvnoq chehrasiga ko‘zim tushdi. Meni ko‘rib, uyalmadi, aksincha menga eshittirib, qah-qah otib kuldi. Avvalgidan-da yasharib-ochilib ketgandi…
Darslarimni o‘tib bo‘lib, uyimga emas, mutlaqo boshqa tomonga yurdim. Yurib-yurib, shahar chekkasiga bordim. Bu yerda temir yo‘l bor. Undan poyezdlar tez-tez, vajohat bilan o‘tib turadi. Bolaligimda uyimiz shu yaqin atrofda edi. Hozir u uylar buzilib, o‘rniga qandaydir harbiy bino qurilgan. Onam bu yerga kelib, o‘ynagani qo‘ymasdi. “Xudo ko‘rsatmasin, bir falokat bo‘lmasin”, derdi. Hozir esa menga o‘sha falokat kerak.
Uyoq-bu yoqqa yurib, kech bo‘lishini kutdim. Quyosh bota boshladi. Uzoqdan vishshillab poyezd kelardi.
Shu payt orqamdan qandaydir tovush eshitildi. Norozilanib o‘girildim. Harbiy kiyimdagi bir kishi menga qarab kulimsirab turardi. Noiloj ortimga qaytdim:
– Menga gapirayapsizmi?
–Ha-da. Boyadan beri sizga gapiraman.
– Kechirasiz, eshitmay qolibman.
– Bo‘p turadi. Xayollar bilan band edingiz.
– Ha, bu yerlarda bolaligim o‘tgan. O‘sha paytlarni sog‘inib kelgandim.
– Uylaringiz shu yerdamidi?
– Sizlarning ishxonangiz joylashgan yerda, – dedim qo‘lim bilan ishora qilib.
– Ey, shundaymi. Unda hamdardlik bildiraman. Lekin biz.. bunday bo‘lishini xohlamagandik…
Mendan kulayaptimi desam, yuzida samimiy, sodda tabassum akslanib turardi. Yoshiyam uncha kattaga o‘xshamaydi. Juda nari borsa mendan bir-ikki yosh katta, xolos. U bilan tanishdik. Ismi Bahodir, Andijondan ekan. Shu yerda ishlarkan, qanday vazifadaligi sir emish.
Men ham o‘zimni tanishtirdim. Kasbimning sirli joyi yo‘q, o‘qituvchiman, dedim. U kulib yubordi. Kulganda yuzlari yashnab ketdi. Qiziq, bundan nari borsa o‘n-o‘n besh daqiqa oldin o‘zimni o‘ldirish haqida o‘ylardim. Endi u xayollarim o‘zimga ahmoqlik bo‘lib tuyulardi. Bahodir aka bilan tez chiqishib ketdik. Telefonlarimizni almashdik.
Hayotimga ma’no kirganday edi. Endi meni kechqurunlari ham yo‘qlaydigan kishim bor. Ertalab nonushta qilmay, ishga otlanaman. Kun bo‘yi maktabda yurib, uyga kun botganda boraman. Uch-to‘rt kunda, ba’zan kun ora biror joyda uchrashadigan bo‘ldik. Bir kun u menga ancha tikilib turdi. Birinchi uchrashuvimizdagiday quyosh botib borar, shabada allaqayerlardan gul isini dimoqqa olib kelib urardi. Avval kulimsiradi. Keyin ko‘zlarimga jiddiy tikildi. Negadir yuzlari bir oz qizardi.
– Ruxsora, – dedi u yutinib, – meni Nukusga jo‘natishyapti. Ancha paytga. Men… agar qarshi bo‘lmasangiz… sizni olib ketmoqchiman. Bir umrga… rozimisiz?
Yuragim bexos gupirlab urib ketdi. Axir men nima ham deyishim mumkin? Sekin bosh irg‘ab yerga qaradim.
– Ha.
Bahodir aka hayajon bilan qo‘llarimni siladi.
– Rahmat sizga, rahmat… Lekin… biroz kutib turasiz… Avval o‘zim borib yaxshilab joylashib olay, so‘ng… axir sizni ovora qilib qo‘ymay deyman-da… Keyin… Andijonga borib xotinim bilan rasmiy ajrashishim kerak… Shunga ozroq vaqt kerak bo‘ladi. Ruxsora, meni kutasiz-a?
Men, yana yerga qaradim. Axir shu ham savol bo‘ldimi? Kutaman-da! Kutmay nima ham qilardim. Bahodir yonimga qaytmagan taqdirda ham o‘z bahodirimni kutaveraman.
U ketdi. Men xiyobondan chiqarkanman, yuzimga quyoshning otash nafasi urildi. Bahor chekinib, o‘rnini issiq va qaynoq yozga bo‘shatib bermoqda edi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 3-son.