Qaysidir yili edi, bir nechta uy bir bo‘lib bahor yurtga ko‘chib chiqdik. Hamma tomon ko‘m-ko‘k, ko‘rgan sari ko‘rging keladi. Qip-qizil lola-qizg‘aldoq ko‘zni quvontiradi, havodayam allaqanday yoqimli hid suzib yurardi. Jon rohati bo‘lgan kenglik o‘rtasida o‘tovlar tikildi. Bu paytda qo‘y-echki allaqachon to‘ldan chiqqan, uloq-qo‘zi dala-dashtni to‘ldirib, dusurlatib yugurib qolgan. Shu kunlarning birida qashqa biya qulunladi. Xo‘p g‘alati qulun, tim qora, belida xuddi xurjundek osilib tushgan oqi bor. Chorvador degani unchalik irimchi bo‘lmaydi, nimagadir choli tushmagur “Bu qulun g‘alati ekan, uni eshonjonga nazr qilamiz”, deb qoldi. Bir ko‘nglim qarshilik qil, deydi, lekin erga qarshi borib bo‘lami? To‘g‘ri, hozirgilar er bilan teppa-teng tillashadi. Er bilan bellashib, beling uziladi, to‘xta, deydigan odam yo‘q. Mayli, o‘zi biladi. Til o‘ziniki, er o‘ziniki. Oxiratini o‘ylagan poshikasta bunday qilmaydi.
Ayni bahormasmi, dala-dashtda o‘t ko‘pligidan jonivorlarning yelini sutga to‘lgan. Bundan bolalari rosa miriqishayapti, o‘ziyam. Haligi qulun, unga Olabel deb ot qo‘ygandik, biyaning sutga to‘lgan yelinidan emarkan, kun sayinmas, soat sayin o‘sayotgandek. Bir oyga qolmay, duppa-durust qulun bo‘p qoldi. O‘sha kunlari ovulga eshon keldi. Erim qulunni unga atagandim, deb berib yubordi. Haliyam biya yo‘g‘ida berdik, bo‘lmasa, u “isyon” qilarmidi, deyman. Uyur bilan ovulga qaytgan biya qulunini topolmay xo‘p bezovta bo‘ldi, u yoqdan-bu yoqqa chopdi, mungli-mungli nolish qildi. Oldiga borganga go‘yo achchiq qilgandek goh tepar, goh tishlardi. Uning bu holini tushundim. Shuning uchun sho‘rlik ayriliqqa chidolmay, o‘zini jardan tashlamasin, ushlab kelinglar, deb bo‘z yigitlarni yubordik. Ular ko‘p urindi. Zo‘rg‘a shomga yaqin bo‘ynidan arqon o‘tkazib olib keldi. Mahkam boyladik, bo‘yniga to‘rva osib, arpa soldik. Ammo qulunni o‘ylab siqilgan biyaga arpaning nima qadri bor. Unga yupanch bo‘lmay deb bo‘yniyu yollarini silab turib qalt-qalt titrayotganini tuydim. Ko‘ziga qarasam, bechora chini bilan yig‘layapti. Buni ko‘rib, tomog‘imga bir nima tiqildi, g‘ilt etib yutindim. Shu damda jonivorning nima deb nola qilayotganini uqib turardim:
“… Bolam, toychog‘im, yo‘qsan, senga nima bo‘ldi? Yaylovdan yelinim sutga to‘lib qaytdi, “qult-qult” qilib, tamshanib emmaysanmi, sog‘indim. Sutim toshib, oyoqlarimga oqib tushayapti. Kel, qayerdasan, toychog‘im. Senga nima bo‘ldi, ko‘rinmaysan? Boshqa qulunlar enasi atrofida sakrab-sakrab o‘ynab yuribdi, sening-da sakrashlaringni sog‘indim. Qayerdasan, toychog‘im?”
Yalt etib biyaning yeliniga, oyog‘iga qaradim. Yo piray, chini bilan sut uning oyoqlariga oqib tushardi, ko‘zidan toshayotgan selni aytmasayam bo‘ladi. O‘tovga kirgach, buni o‘ylab, rosa siqildim. Turmush qurganimizdan beri erga gap qaytarmagan odamning qilig‘ini ko‘ring, cholim nimani so‘ramasin, ters-ters javob beraverdim. Bundan u hayron qolib:
– Nima, bugun chap yoning bilan turganmisan, – dedi yuzimga sinchkov tikilib.
– Hech balo bo‘lgani yo‘q, – dedim qovoq-tumshuq qilib. – Anavi Qashqani o‘ylab siqilayapman.
– Qashqaga nima bo‘pdi? Dashtdan to‘lg‘onib-to‘lg‘onib qaytgandi-ku.
– Toychog‘ini topolmagach, ne ko‘yga tushganini ko‘rmadingiz-da…
– Nima qildi?
– Bechora yig‘ladi. Men-da yig‘ladim.
– Qo‘ysang-chi… Hayvon yig‘lashni bilarkanmi?
– O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, ko‘zidan yosh sizib turardi, yelinidan oqqan sut undan ziyoda. Ot odamday sezadi, deyishadi-ku…
– Qo‘yaver, oradan ozroq vaqt o‘tsin, sekin-asta o‘ziga keladi, unutadi. Yana bir gap, ko‘navermasa, boshqa qulunni emizinglar, ancha yengil tortadi.
– Bilmadim, bu kor qilarkanmi…
– Kor qiladi, kor qiladi, aytganni qilsalaring-chi…
Ertasidan boshlab bir haftacha boshqa qulunni emizib ko‘rdik, bir ish chiqmadi. Aksiga olib, biya bechora kundan-kun saratonning o‘tiday so‘lib boraverdi. Bir qarasang, burni yer iskaydigan bo‘lib, mungli-mungli yurish qiladi, bir qarasang, quturgan ayg‘irdek har tomon chopib, olamni buzaman, deydi.
Odamning aytgani bo‘lmas ekan. Bahor o‘tib, saraton yaqinlashdiyamki, Qashqa toyini unutmadi, unutolmadi, bechora. Bu vaqt ichida unga qo‘shilib, mening-da bo‘larim bo‘ldi. Chiday olmadim, bir kuni kechqurun cholimga portladim:
– Hoy, chol, eshonga shu toydan boshqa beradigan molingiz yo‘qmidi, – dedim. – Qo‘ra-qo‘ra qo‘y-echki, poda-poda sigir, uyur-uyur yilqingiz bor, shulardan birini, kam desangiz o‘nini bering edi, qani, men biron nima dermidim.
– Yana nega popillab qolding?
– Har yerda yurasiz, uyda kam bo‘lganingiz uchun bu yerda bo‘layotganidan xabaringiz yo‘q-da.
– Ayt qani, nimalar bo‘layotgan ekan?
– Qashqa o‘ziga kelolmayapti. O‘zini har yon uradi, yig‘laydi, mungli kishnaydi. Buni ko‘rib, ich-etimni yeb ado qilayapman. Bolam uzoq paytga ketgandayam buncha siqilmagandim. Endi bo‘larini aytsam, uning qulunini qaytarasiz.
– Nimalar deyapsan, qanday qaytarib olaman?
– Borini ayting, u kishi tushunadigan odam. Jonivorni shu holida tashlab qo‘yish gunoh bo‘ladi.
– Jim bo‘l, bir o‘ylab ko‘ray. Sen aytmasang-da, bir necha kundan beri uni kuzatib, ichimdan o‘tganini o‘zim bilib yuribman. Kecha biya jonivor yonimga kelib, tumshug‘i bilan yelkamga sekin turtib, ko‘zlarini mo‘ltiratib boqdi. Nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo men hech narsani tushuna olmadim. Yo‘q, allambalolarni anglagandekman. Nazarimda, u toychog‘ini qaytarib kelishimni so‘radi. Jonivor tumshug‘i bilan meni nariga qarab surarkan, bor, bolamni olib kel, bo‘lmasa o‘lib qolaman, deyotgandek bo‘ldi. Ha, kampir, bu biya odamday sezadigan xilidan ekan…
Azonda tursam, choli tushmagur otlanayapti.
– Qayerga, yo‘l bo‘sin, – dedim.
– Bir joyga borib kelay, – dedi u yo‘l kiyimini kiyarkan. – Biyani ko‘p o‘yladim, oxiri, buni eshonga aytayin, fikrini bilayin, deb turibman.
– Ana endi to‘g‘ri o‘ylabsiz.
– Faqat bir narsadan ikkilanayapman.
– Nima ekan?
– Bolasini olib kelsam, Qashqa uni taniydimi-yo‘qmi… Oradan ancha vaqt o‘tib ketdi.
– Ey chol, bunisini o‘ylamang. Qashqa haliyam bolasini unutgani yo‘q, haliyam yig‘lab yuribdi. Qizig‘i, boshqa toylarni emizmay qo‘ygan bo‘lsa-da, haliyam yelinidan sut toshayapti. Avvaliga buni ko‘rib, rosa ajablandim. Bechora biya qulunim yonimda, miriqib emayapti, degan o‘yda bo‘lsa kerak-da, suti qurimagan.
– Shunaqasiyam bo‘larkan-da, a? Buyam bir hayvon, vaqt o‘tib barini unutadi, deb o‘ylayapman. Endi bilsam, xato qilibman…
– Nimaga muncha ezilasiz, undan ko‘ra boring-da, toyni olib keling, shunda bari iziga tushadi…
Cholim ketgach, biyaning yoniga bordim. Keyingi paytlarda u tumshug‘ini yerga tirab, bexiyal bo‘lib qolgani uchun uyurdan olib qolayotgandik. Meni ko‘rgach, tumshug‘ini yerdan ko‘tardi, ammo turishni xayoligayam keltirmadi. Farosat qilib qarasam, adirda o‘t mo‘l bo‘lsayam, jonivor ancha oriqlabdi. Uf-f, nima qilay, uniki yemishdanmas, uniki darddan, ayriliqdan. Unga yupanch bo‘lay, deb yoniga cho‘kkalab o‘tirib, yoli, bo‘ynini silay boshladim. U bunga parvo qilmadi. Silashni davom etib:
– Ha, jonivor-a, senda faqat til yo‘q, lekin barini sezib, bilib turibsan, – dedim. – Yana ozgina sabr qil, toychog‘ingni olib keladi. Ertalab ko‘rdingmi, cholim shuning uchun ketdi…
Xudoyjonning qudratidan o‘rgilay, jonivor buni tushundimi, sergak tortdi, yana nima derkin, degandek ko‘zini mo‘ltiratib boqdi. Bunga chiday olmadim. Ichimdan bir dard quyilib keldi, bu dard Qashqaniki, meniki, ikkimizniki edi: “Aylanayin, toychog‘im, bovrim huvillab qoldi, kelgin-da bovrimni to‘ldirag‘ay. Sadag‘ang ketay, dala-dashtni gumburlarga to‘ldir, uyur tevaragida aylanib-aylanib chopgin-da. Kelib, bu tor dunyoni keng qilgin-da. Bosh aylandi, ko‘z tindi, nafas qisayapti, hozir o‘ladigandekman, bu dard davosi, bilsang, o‘zingsan, toyim, toychog‘im. Boshqa toychoqlarning enasini emayotganligini, ular atrofida dupur-dupur chopayotganliklarini ko‘rib, ichimda bir nima uzilgandek bo‘ldi, omonat turgan dunyo buzilgandek bo‘ldi. Sog‘indim, toychog‘im…”
Asrdan o‘taverib, uzoqdan bir otliq ko‘rindi. Cholim bo‘lsa kerak, deb ancha yergacha xalakilab bordim. Adashmabman. U kishim xursand, o‘zicha bir nimalarni xirgoyi qilib kelayaptimi-ey. Meni ko‘rib:
– Kampir, bari zo‘r, – dedi ot jilovini qo‘yib yuborib. – Eshonga aytgandim, ancha vaqtgacha “attang”, deb bosh chayqab o‘tirdi, so‘ng: “Ko‘lik topib keling-da, ana, olib keting”, dedi.
– Unda, ko‘lik qani, qulun qani, – debman bolasini kutayotgan enadek hovliqib.
– Hali zamon kelib qoladi.
Bu gapdan shunday quvondim, shunday suyundim, buni so‘z bilan aytib bo‘lmaydi. Shunday pallalarda so‘z ojiz qoladimi, deb o‘ylayman. Biyaning quvongani-chi, buni-da so‘zga sig‘dirish qiyin. Sevinganini qanday sezding, deysizmi? Nima, shuni sezmay o‘libmanmi? Cholning xursand kelayotganini ko‘rgan jonivor tumshug‘ini yerdan uzdi, necha kundan beri yotgan joyidan kuch-quvvatga to‘lgan yosh baytaldek qalqib turdi. Cholim kelgan yoqqa uzoq termilishini qarang. Buning ustiga bir joyda tinch turolmayapti, u yoqqa boradi, bu yoqqa keladi. Avvallari ko‘zida og‘ir mung cho‘kkan bo‘lsa, endi yosh bilan birga, allaqanday nur, ha, sevinch nurlari-da porlab turibdi. Bu hol uzoq cho‘zilsa, biya yo aqldan ozadi, yo yuragi tars yorilib o‘ladi, deyman. Shu uchun tezroq kela qolsaydi, deb olislarga uzoq termildim.
Bir payt qora moshina ko‘rindi. Hayal o‘tmay uning shovqini eshitila boshladi, unga qandaydir ovoz jo‘r edi. E’tibor bilan eshitsam, bu moshin ustida kelayotgan toychoq ovozi ekan. Tug‘ilib o‘sgan qadrdon dalasini, ichki bir rishta bilan bog‘langan cheksiz kengliklarni, teng-to‘shiyu, biyaning issiq bovrini sog‘ingan bechora toychoq uzoq-uzoq kishnab, turgan joyida betoqat bo‘lib tipirchilayapti. U bilan chalg‘ib, biyani unutibman. Bir payt qarasam, Qashqa moshin yonida yelday chopib kelayapti. O‘ziga qo‘yib bersa, bir sakrab, ustiga chiqib oladigandek. To o‘tovga yetib kelguncha moshina bilan teppa-teng chopib keldi.
O‘-o‘, enani boladan, bolani enadan ayirmasin ekan. Shopir moshin orqasini ochib, toyni arqondan bo‘shatish uchun tepaga chiqdi. Biya esa ena go‘yo bolasiga “kel, kel”, deb qo‘l uzatgandek qilib, borib turdi. Toychog‘i-da ko‘p kuttirmadi, uning sabri tugab, tamom bo‘lgan. Arqondan bo‘shalishi bilan bir sakrab yerga tushib, enasining iliq bovriga singdi. Ikkisi bir-birini iskadi, dam qo‘yib yana iskadi, o‘lsin dunyo, to‘ymadilar, shekilli, yana, yana iskadilar. So‘ng ena bolasiga issiq bag‘rini tutdi, bechora go‘dak bir necha oylikni bir yo‘la olishga qacd qilgandek yutoqib-yutoqib emishga tushdi. U emib bo‘lguncha biya toychog‘ini necha martalab iskamadi, yalamadi, tumshug‘i bilan sekin-sekin turtkilab, erkalamadi, deysiz.
Buni ko‘rib, ichimdan bir dard toshib keldi, xo‘p yig‘ladim, xumordan chiqquncha yig‘ladim. Bir tilsiz jonivor mehri shunchalik bo‘ladimi, deb yana yig‘ladim. Nimasini aytayin, shundayi-da bo‘larkan. Faqat ularning tili yo‘q, lekin odamday sezadi, odamday kuyadi. Agar o‘zim ko‘rmaganimda, buni og‘izni to‘ldirib aytmagan bo‘lardim. E-e, yana nima deyin, ot jonivor odamdayin sezadi, odamdayin kuyadi…
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 2-son