Xudoyberdi To‘xtaboyev. Besh bolali yigitcha (roman)

OPAJONIM BOR EDI…

Birinchi qism

ChAQIRIQ QOG‘OZI

Meni qishlog‘imizdagi jamiki o‘g‘il bolalar yomon ko‘rishadi, shuning uchun ham menga «besh bolali» deb laqab qo‘yishgan.
Besh bolali deyishlariga, rostini aytsam, uncha jahlim chiqmaydi. Nega desangiz, chindan ham roppa-rosa beshta ukam bor. Beshoviniyam o‘zim katta qilganman, opam traktorchi, urush boshlanganidan buyon kechasi-yu kunduzi dalada. Otam bo‘lsa, bola yupatishni hech bilmaydi, ukalarim yig‘lagudek bo‘lsa, to‘nini yelkasiga tashlab sekingina guzarga jo‘nab qoladi.
Bolalar meni nega yomon ko‘rishlarini aytsam, ular men tufayli yo opasidan, yo otasidan dakki eshitadi. «Sen ahmoq, kun bo‘yi ko‘cha changitib o‘ynaysan, sen tengi Orif bo‘lsa ukalariniyam o‘ynatadi, uy ishlariniyam tinchitadi…» deb quloqlaridan cho‘zishadi. Bir kuni mahallamizdagi boledar to‘planib: «Sen ahmoqni hozir suvga pishamiz», – deb o‘rtaga olib qolishdi.
– Mayli, – dedim parvoyimga ham keltirmay, – besh-o‘n kundan buyon bet-qo‘limni yuvganim yo‘q edi, bahonada cho‘milib olaman.
– Endi seni o‘yinga qo‘shmaymiz, – deyishdi, yana bolalar.
– Unda sizlarga bittayam afandi aytib bermayman, – deb yana bo‘sh kelmadim.
Aytgandek, sizga gapirib bermadim shekilli, bizning qishloqni Afandi qishloq deyishadi. Kattalar u yoqda tursin, men tengi, mendan kichkina bolalar ham bir biriga afandi aytib, bir-birini qiqirlatib kuldirishni juda, juda ham yaxshi ko‘rishadi. Men hammasidan ham ko‘p bilaman. Soy mahalladagi o‘zim bilan birga o‘qiydigan Mahmud sallani ham, Qibla mahalladagi Olim mallaniyam og‘iz ochtirmay qo‘yaman. Mana, hozir ham tomda o‘tirib makka uqalayapman-u, qiziq-qiziq afandilami o‘ylab, o‘zimni-o‘zim ovuntirib, o‘zimni-o‘zim kuldirib o‘tiribman… Ho‘ narida, jarlik orqasidagi yalanglikda boisa, o‘rtoqlarim ko‘zimni kuydirib varrali uchirishyapti, osmonda katta-kichik varraklar shunaqangi ko‘pki, biri shoh tashlab, boshqasi havolab, chiroyli uchyaptiki, bepoyon osmonda xuddi qush bozori boiayotganga o‘xshaydi.
Yoki men ham varragimni ko‘tarb, o‘sha yoqqa yugurib qolsammikin… Xo‘sh, makkani ertaga uqalasak nima boiibti, sigiming tagini buguncha tozalamasa ham bo‘ladi, sut bermaganidan keyin hadeb tozalayveramanmi! Poya qirqish kerak, o‘tin yorishim kerak… Uf-uf, qay birini qildim endi? Yo‘q, men ham birpas o‘ynab kelaman. Shunday deb sekin o‘rnimdan turayotgan edim, ko‘chada qo‘ylarini oldiga solib haydab, varragini boshi uzra avaylab ko‘tarib borayotgan Akrom bilag‘onga ko‘zim tushib qoldi. Qarab turgan edim:
– Ha, oyimqiz, tomga chiqib oftob chuvoqda ko‘rpa qaviyapsanmi, – deb so‘radi.
– O‘zing oyimqizsan, bildingmi! – dedim achchigim chiqib.
– Idish-tovoq yuvishing yolg‘onmi?
– Yolg‘on!
– Kir yuvishing-chi?
– Yolg‘on!
– Sigir sogishing-chi?
– Hozir boshingga kesak bilan tushiraman!
– Qo‘lingga xina-yu, qoshingga o‘sma qo‘yishing ham yolg‘onmi? – deb Akrom bilag‘on qiqirlab kulayotgan edi, doni qoqib olingan makka so‘tani otgan edim, essizgina, moijalni sal noto‘g‘ri olib qo‘ygan ekanman, qulogining yonidan zuvillab o‘tib ketdi. Ikkinchisini otmoqchi bo‘luvdim, bilag on shataloq otib qochib qoldi, bexavotirroq joyga borib olib:
– Yig‘lama,qiz, yig‘lama. Ertaga to‘ying bo‘ladi! – deb yelkalarni uchirib, o‘yinga tushib, meni masxara qila boshladi… Mana shunaqa, menga hech kun berishmaydi. Uyda opalaridan kaltak yeb chiqib, alamini mendan olishadi. Shoshmay turishsin hali, ukalarim eson-omon katta bo‘lib, uyga qaraydigan bo‘lib qolishsin, men ham shunaqangi o‘yinqaroq bo‘lib ketayki, shunaqangi qiziq o‘yinlar topib o‘ynayki, alam qilganidan sochlarini yulib olishsin. Hozir esa hecham o‘ynay olmayman, o‘yinga berilib ketsam, uydagi ishlarim qolib ketadi. Keyin opam xafa bo‘lib qolishi mumkin. Men opamni yaxshi ko‘raman, juda, juda ham yaxshi ko‘raman, hecham xafa qilmasam, hecham yig‘latmasam deyman. Opam ham meni yaxshi ko‘radi: «Hayriyatam esim yo‘g‘ida seni tug‘ib olgan ekanman, bo‘lmasa, ahvolim nima kechardi» – deb, erkalatgani-erkalatgan. Ukalarim bo‘lsa, yosh, Sulton endigina o‘n ikkiga kirdi, Zulayho o‘n birga, biz hali hammamiz ham bir-birimizdan bir yoshdan farq qilamiz. Sulton fe’ldor, ko‘ngli xushlasa, eshakday ishlaydi, x
ushlamasa yana o‘sha eshakka o‘xshab, to‘rt oyog‘ini bir joyga tirab turaveradi. Zulayhoga o‘zim ataylab ishni kam buyuraman, qiz bolalar nimjon bo‘lishadi, nimjon bo‘lgandan keyin ularni ehtiyot qilish kerak deb o‘ylayman. Usmon ukam juda xayolparast, qozon-tovoq qilib o‘tirib ba’zan o‘choq boshida uxlab ham qolaveradi. Buning ustiga, shunaqangi ozg‘inki, xuddi tandirga olov yoqadigan kosovga o‘xshaydi. Kun bo‘yi rasm chizgani-chizgan, qo‘li ham ancha kelishib qolganga o‘xshaydi. Shu ukamdan hammamizning ham umidimiz katta. Zo‘r rassom bo‘ladi deb o‘ylaymiz. Shuning uchun ham unga hech ish buyurmayman. Bo‘sh vaqti ko‘p bo‘lsa, ko‘p chizadi, ko‘p chizsa, tezroq kamolga yetadi deb o‘ylaymeui. Endigina besh yoshga kirgan Omon ukam bo‘lsa temir qanot bo‘lgan chumchuq bolaga o‘xshab chirqillab, ovqat so‘ragani-so‘ragan. Shunaqangi mechkayki, hatto uxlaganda ham og‘zini ochib uxlaydi, deng. Jajji singlim Robiya endigina ikki yoshga kiryapti…
– Ha, besh bolali! – degan ovoz eshitildi qulog‘imga. Bir cho‘chib tushib, atrofga alanglab qarasam, pastda Hayit kalla turibdi. Eshagiga yantoq ortib, ustiga minib ham olibdi, – ja boshingni egib, nimalar haqida o‘ylayapsan, yo yangi latifa to‘qiyapsanmi?
– Ha, yangi latifa to‘qiyapman, – deb yolgon gapirdim.
– Qani ayt-chi.
– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Hayit kalla degan bir afandi bo‘lgan ekan, – deb gap boshladim.
– Senga o‘xshab beshta bolasiyam bo‘lganmikan? – kesatib dedi Hayit kalla.
– Yo‘q, senga o‘xshab bitta urg‘ochi eshagi bor ekan.
– Xo‘sh, keyin nima bo‘libdi?
– Keyin daladan eshagiga yantoq yuklab kelayotgan ekan, to‘satdan o‘t chiqib, alanga ichida qolibdi. Sakrab eshakdan tushib, nima der emish degin?
– Xo‘sh, nima dermish?
– Eshagiga qarab: «Esing bo‘lsa o‘zingni suvga tashla!» – deb baqirarmish…
Hayit kalla afanding ham o‘zingga o‘xshagan bemaza ekan deb, eshagini yo‘rg‘alatib jo‘nab ketdi. Men negadir xafaroq bo‘lib qoldim. Nega desangiz, shu paytda kim bilan bo‘lsa ham birpas gaplashgim kelayotgan edi… Yoki jarlik orqasiga borib varrak uchirayotganlarga qo‘shilsammikan… Yo‘q, u yoqqa hecham bormayman, Akrom bilag‘onga qo‘shilib, boshqa bolalar ham: «Oyimqiz keldi» – deb meni masxara qilishadi… Undan ko‘ra shu yerda, tomda o‘zimga-o‘zim latifalar aytib, o‘zimni-o‘zim kuldirib mazza qilib o‘tiraverganim yaxshi… Bir bor ekan, bir yo‘q ekan bir afandi bo‘lgan ekan, qo‘shnisi g‘alvir so‘rab chiqsa: «G‘alvirga suv quyib qo‘yganman» debdi, «Ie, g‘alvirgayam suv quyiladimi» desa, «bergisi kelmagandan keyin har narsa quysa ham bo‘laveradi», dermish…
– Hu Mirza aka! – degan ovoz eshitilib qoldi ko‘chadan. O‘rnimdan turib qarasam, qo‘ltiqtayog‘iga suyanganicha kolxozimizning qorovuli To‘ron amaki turibdi. O‘ziga o‘xshagan cho‘loq oti bor edi, ko‘rinmaydi, piyoda kelganga o‘xshaydi.
– Nima deysiz? – dedim.
– Uqachapolvon qayerda? – so‘radi qorovul.
Uqachapolvon… kechirasiz, mening otam bo‘ladi.
Otam, bechoragaham xuddi menga o‘xshatib roppa-rosa beshta laqab qo‘yishgan.
– Otang qayerda, deyapman?
– Qirda dedim-ku!
– Oying-chi?
– Traktor haydayapti.
– Dadangga chaqiruv qog‘ozi bor, tezda yetkazish kerak.
Qorovul chaqiruv qog‘ozini qo‘ltiqtayog‘ining uchiga ilib tomga uzatdi-da, otamga tezda yetkazishimni qayta-qayta tayinlab, o‘zi jo‘nab ketdi… O‘tirgan joyimda o‘tirib qoldim. Juda g‘alati bo‘lib ketyapman, xafamanmi, xursandmanmi, o‘zim ham bilmayman, yig‘lashim kerakmi kulishim kerakmi, ishonsangiz, bunisiniyam bilmayman. Makkani qopga solib, pastga olib tushdim-da, eshakni to‘qimlab, dalaga, opamning oldiga qarab choptirib ketdim.

Romanning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling