Xolmuhammad Karimiy. Zanjir (hikoya)

Usmonqul muallim endi uyiga ketmoqchi bo‘lib turgandi, direktor chaqirayotgan ekan. Osmonga qaragancha ko‘zlarini yumib aftini bujmaytdi. Havo tafti qizdirilgan tandirdek yuzga urildi. O‘quvchilarga ta’til boshlangan, maktabda kunlik ishni tugatgani uchun yana nima kami bor ekan degan xayolda ortiga qaytdi. Maktab direktori O‘ktam aka uni odatdagidan xushchaqchaq qarshiladi.
– Buni qarang, Usmonqul ukam, yondiraman deydi-ku. Temirni qizig‘ida bos degandek, ajoyib bir xushxabar bor, – deya oldidagi uyum qog‘ozlardan bir dasta olib o‘zini yelpidi.
Hayoti bir me’yorda kechgan Usmonqul kutilmagan iltifotdan hayajonlanib ketdi. Ko‘rsatilgan stulga joylashib o‘tirib oldi. Tag‘in baxtdan esim og‘ib yiqilib tushmay degan ijirg‘anish lip etib xayolidan o‘tdi. Qirg‘ichdek tanasida shalvirab osilgan yengsiz ko‘ylak, bilak tomirlari chilvirdek tortilgan, botiq ko‘zlari nursiz yiltiraydi.
Bu odam ayni yordamga muhtoj. Bu ketishda ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qolsa, o‘zini o‘nglab olishi qiyin bo‘ladi deb o‘ylagan direktor mehribonlik bilan gap boshladi.
– Usmonqul oshna, biologiyadan ko‘rgazmali qurolsiz ham dars o‘taversangiz bo‘larkan. Bu turish nimasi, arvohga o‘xshab qolibsiz, – deya kulib bosh chayqadi. – O‘sha birinchi ish boshlagan davringizdan buyon sizni yaxshi bilaman. U paytlari men ham siz kabi o‘qituvchi edim. Umr shamoldek o‘tib ketarkan. Aft-angoringizga qaragan maymunlar ham yig‘laydi. Bu yurishda erta bir kun butingiz ko‘tarilib qoladi-ku. Gapning indallosi, bu yil dam olish gali sizga. Bu dunyoda Katmandan ham boshqa joylar bor. Qishloqqa yopishib qolmang, ko‘krakka bir shamol tegsin. Zominning bahavo archazorlarida mazza qilib bir dam olib davolanib kelasiz. Buning ustiga, sherikning ham zo‘ri to‘g‘ri keldi. Qo‘ziboydan yaxshi yo‘ldosh chiqadi, ajoyib yigit, anchadan beri iltimos qilib yuribdi. U yigitning ham xizmati singgan. Ikki oshna bir yayrasa yayrabdi-da.
Bu xushxabar Usmonqul muallimni kutilganidek quvontirmadi. Ko‘zlari hamon nursiz yiltirab, kuydirilgan kalladek tirjaydi.
– O‘ktam aka, holimni ko‘rib himmat qilibsiz, bundan juda xursandman, ochig‘i, quvonib ketdim, – dedi muallim yasama kulgi bilan gardanini qashlab. – Nima deyishga ham hayron bo‘lib qoldim.
– Bu odamning gapini qaranglar-a. Hayron bo‘ladigan joyi yo‘q. Sizning o‘rningizda boshqa bo‘lganda qanday holatga tushardi? Sal kam tekin yo‘llanma, bilsangiz.
– Bu gapingiz to‘g‘ri. Ammo yaqin kunlarda to‘y qilish rejam bor. Shuni o‘ylab… Ta’til boshlanishi bilan to‘ng‘ichga kelin tushiramiz deb turgandik. Sharoit o‘zingizga ma’lum, to‘y deganlarining hech kami to‘lmas ekan. Tashvishdan ertaroq qutulsak. Rostini aytsam, hozir ortiqcha chiqimni cho‘ntak ko‘tarmaydi.
Direktor kiftini uchirdi. Ajablanib qaradi. Bu xabardan to‘rva-xaltasini tayyorlashga tushadi degan xayolda uni alohida chaqirib o‘tiribdi-ya.
– Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-yu, oshna. Yaxshi, yaxshi, to‘y qilish yaxshi. Ammo odam degan o‘zini ham o‘ylashi kerak. Turishingizga bir qarang, cho‘pga libos ilgandek gap. Mana yo‘llanma desam, talabgor kam emas. Tekin bo‘lsa mixni yut deydiganlar bor. Ammo… – direktor hafsalasizlik bilan qog‘ozlarni tashladi-da, qo‘liga ruchka oldi. Bu qanaqa odam-a… odamlarga hech tushunib bo‘lmaydi.
– To‘g‘ri, shu turishimda ahvolimga shoqollar ham yig‘laydi. Ta’til boshlansin, bir-ikkita osma ukol olaman deb tayyorgarlik ko‘rib qo‘ydim. Do‘xtir quvvatingiz yo‘q, boshqasi joyida degandi.
Direktorning hafsalasi pir bo‘ldi. Menga nima, bu kuningdan battar bo‘l deyishgacha bordi.
– Usmonqul inim, to‘y qilish qochmaydi. Ezmalanmang, erkak bo‘ling! Kuzda o‘tkazasiz bir kunlik to‘yni, ko‘pam vahima qilavermang, yo‘l xarajatidan ham yordam qilamiz, – direktor qizishib ketdi.
Usmonqul tipirchilab qoldi. Ammo, nachora, topgan-to‘dalagani tejab-tergab kelin olishga mo‘ljallab turganda kurortga balo bormi, shu holatda dam olish tatirmidi? Har narsaning o‘z o‘rni bor deb o‘yladi.
– Mayliku-ya, lekin bir chatoq joyi bor. Biz qudalar bilan to‘y kunini mo‘ljallab qo‘ygandik. Oradan bu gap chiqsa, o‘rtaga sovuqchilik tushib qolishidan andishadaman. Qudachilik – ming yilchilik deyishadi-ku.
– Mayli, ixtiyoringiz, sizga ruxsat, – direktor xayr­lashdi-da, yetaklagan it ovga yaramaydi, menga desa o‘lib ketmaysanmi deb o‘yladi.
Direktorning gapimi yoki o‘zining ham ich-ichida cho‘kib yotgan dardlari bosh ko‘tardimi, nima bo‘lganda ham, o‘zini tergashga tushdi. Qalb tubida mudrab yotgan dardlari qo‘zg‘algandi. Direktorning oldidan chiqqandan keyin Usmonqul qattiq afsuslandi. So‘nggi paytlarda boshi kasaldan chiqmay qoldi. Bu dunyo tashvishlarining esa uchi-quyrug‘i yo‘q. Pichoq borib suyakka qadalganda miyasi ishlab ketdimi, har qalay, afsuslana boshladi-ku.
Usmonqul yo‘l-yo‘lakay o‘ylab keldi. Odam bo‘lib bu dunyoda nima ish qildim o‘zi? Odamlarning bolasiga o‘xshab otamdan dakki eshitmadim. Bunday o‘ylab qarasa, ota-­onaga maslahat solmasdan o‘ziga ko‘ylak ham olib kiymabdi. O‘l bu kuningdan deydigan odam yo‘q. Avvaliga ota-­onaning og‘ziga qaradi, endi-chi, endi xotin, bola-chaqadan o‘tib bir ish qilolmasa. Qanday lapashangman-a deya o‘zidan o‘zi g‘ijindi. Vaholanki, to‘y kuni haqida qudalar bilan hech qanday gap-so‘z bo‘lgani yo‘q. Bor-yo‘g‘i uyidagilar yozda to‘yni o‘tkazib olaylik deyishdi, xolos.
To‘yni kuzda qilsa ham, osmon uzilib yerga tushmaydi. Har doimgidek o‘zidan bir fikr chiqarib gap aytolmadi. Uydagilar bilan maslahatlashib kelayin deyishga esa tili bormay bahona to‘qib qo‘ya qoldi. Uydagilar bilan bir maslahatlashib olay desa ham bo‘laverarkan. Lekin shu gap ham hech xayoliga kelmabdi. Eh, xomkalla… Umrim o‘tibdiki, biror narsani tanlash to‘g‘ri kelib qolsa, albatta, uyga kelib aniqlashtiraman. Hatto institutni bitirish arafasida aspiranturaga qol deyishdi, uyga kelib maslahat solgandi, begona yurtlarda ulqoib yurasanmi degan vaj-karsonlar bilan ruxsat bo‘lmadi. Sinf­doshining singlisini yoqtirib qolganida-chi? Bunga onasi rozi bo‘lmagandi, oshnachilikka to‘g‘ri kelmaydi ekan. Ammo bir gap shu kungacha hech xayoliga kelmaganiga hayron bo‘ldi. Nima sababdan otamning oshnasining qiziga uylandim? To‘g‘ri keldi-ku. Vo ajab…
Hatto tomorqaga makkajo‘xori ekmoqchi bo‘lsam, xotinim bug‘doy ekaylik deydi, oqibatda bug‘doy ekiladi. Qo‘y qilib ko‘paytiraylik deb harakat qilib ko‘rdi. Xotini ko‘nmadi; bolalarni o‘qishdan chalg‘itarkan, sigir bo‘lsa arqonlab qo‘yadi. Sigir bolalagach, qo‘y oldirdi, bolalarning o‘qishiga xalaqit qilishini gapirmadi. Hattoki: «Bugun bir palov qil, xotin», – desa, «Sho‘rva qilmoqchi bo‘lib turibman, bolalar guruch ovqatni uncha xushlamaydi». Qarabsizki, otasi bolalariga qo‘shilib sho‘rvani xo‘rillatib o‘tiradi.
Maktabga ishga kelganidan buyon ta’til boshlandi deguncha birovning paxsasini uradi. Eshik-rom qo‘yadi, tom yopadi, bekor turmaydi. Yoshlikda kuch-quvvat bo‘lgan ekan, indamay ishlayvergan. Endi qo‘li ishga bormay qoldi.
Avvaliga uylanib uydagilarga og‘irim tushdi deya ota yoniga kirib kichkinalarni uylantirish uchun kechani kunduzga ulab ishladi. Keyin bolali bo‘ldi. Birin-ketin farzandlar ulg‘aya boshladi. Ularga sunnat to‘y qilib berish uchun ishga sho‘ng‘ib ketdi. Bir emas, ikki emas, uch sunnat to‘y qildi. Butun kuch-quvvatni elning oldidan o‘tay deb bir kunlik to‘yga sarflayveribdi. Endi qutuldimmi desa, uylantirish navbati yetib kelibdi. Tomog‘ini qisdi, ohorsiz kiyimlar kiyishga o‘tdi. Ularga latta-putta yig‘ishni boshlagan xotini tursa ham, o‘tirsa ham ta’kidlayverib fikri-xayoli shu narsaga bog‘lanib qolibdi. Ho‘ tovuqmiya, latta-putta nima zarur, o‘zingning kelinlik ko‘rpa-to‘shaging hali-hamon kelgan-ketganga ko‘rsatish uchun tomning to‘rida uch shum bo‘lib turibdi deyish uchun ham aql kerak…
Esizgina otamning mehnatlari, hamon uyimizning to‘rida qat-qat bo‘lib turibdi-ya. Nima bo‘lardi, turib-turib bir kun sichqonga yem bo‘ladi. Meniki ham xuddi shunday. Eh-he, shuncha tashvishni qanday kallador o‘ylab topgan ekan? Qoyilman lekin. Shularsiz ham yashash mumkin emasmikin?
Umrim vafo qilib bolalarni uylantirib bo‘lgunimcha nafaqaga ham chiqsam kerak. Xudo xohlasa, nafaqada ham bekor o‘tirmay ularga uy-joy qilib berish kerak bo‘ladi…
Otam rahmatli ham dam olish, sayru sayohat degan narsalarni bilmay o‘tdi. Qo‘lim yupqa, elning oldida uyatli bo‘lmay, bolalarning qo‘lini halollatay deya besh marta sunnat to‘y qilib berdi. Esimni tanib bilganim otamning egnidagi bir choponi ikki bo‘lgan emas. Elning oshini yeganmiz, qaytimcha… yuzi yorug‘ bo‘ldi.
Yorug‘ yuz bilan birin-ketin o‘g‘illarini uylantirishga tushdi. Navbati kelsa qizlarni uzatdi, uzataverdi, uylantirdi, uylantiraverdi. Yoshlarning orzu-havasiga to‘g‘anoq bo‘lmaylik deyishdi.
Yangi oilalarga uy-joy qurishga tushdi. Endi o‘zining yoniga bizlarni ham tortdi. Achinarlisi, tinim bilmay mehnat qilsa ham, umri yetmadi. Kenja ukamni uyli-joyli qilolmaganidan ortiga qaray-qaray o‘lib ketdi. Otam dig‘-dig‘lashini bizga meros qoldirgan ekan. Xuddi otamdek qo‘lim yupqa bo‘ldi. Boy bo‘lolmadim, boyning bolalaridek aysh-ishrat ham qilolmadim. Biror bazmga borsam uydagilarni o‘yladim. Ular ham shunday shirin taomlar yesa bo‘lardi deya tomog‘imdan taom o‘tmay qoldi. Men kim bo‘ldim?
Usmonqul bir-bir bosib go‘yo ming yildan beri yurgan yo‘lidan xayol surib keladi. Toltush mahali ko‘chada odam qorasi ko‘rinmadi. Go‘yoki bemalol xayol suraver degandek.
Butun ichki dunyosini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlagan bugungi gurung emas, o‘sha gap bo‘lmaganda ham, uning o‘zi bu narsani o‘ylashi aniq edi.
Ichki bir isyon bilan uyga yetib keldi. Kiyimlarini almashtirib daraxt soyasidagi to‘shamchiga borib o‘tirdi. Quyosh hamon olov purkaydi. Erining parishonligini ko‘rgan xotini boshingizdan issiq o‘tganga o‘xshaydi dedi-da, tarvuzni kosalab uning oldiga surdi. Tarvuz muzdekkina ekan, tana rohatlandi. Sekin shitirlayotgan daraxtlarga qaradi. Tanasi o‘zining bilaklaridek g‘adir-budir. Otamni ko‘rgan daraxtlarim…
Salqinlab sal chiroyi ochilganidan keyin maktabdagi gurungni aytib berdi. Fikrini bilgisi kelib qiziqish bilan xotiniga tikildi.
– To‘g‘ri qilibsiz, otasi, dam olish bo‘lsa qochmas. Avval kelinni tushirib olaylik. Kelin hovlimizni supurib-sidirib ko‘rinish bersa, el oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. Hali buning qancha kamu ko‘sti bor, – dedi xotini.
Usmonqul tirjaydi. Tanasi boshqa dard bilmas deb pichirladi.
Xotini og‘ilxonadan ikki quloch zanjirni Usmonqul o‘tirgan supaning oldiga sharaqlatib tashladi.
– Ho‘kiz no‘qtasini uzib ketgan, qo‘raga qamab o‘tiribmiz, ushlab bog‘lang, – dedi.
Usmonqul zanjirga qarab o‘ylanib qoldi.