Xolmuhammad Karimiy. Qamchi (hikoya)

Eshbo‘ri uyqudan uyg‘onsa suyagi zildek og‘ir, keliga solib tuyulgandek ulay-bulayga qimirlashga hafsalasi bo‘lmay har kungidek to‘shagida yalpaygancha o‘tiraverdi. Allaqachon kun yoyilib ketgan. Ayiqdek lapanglab hovliga chiqqanida badanlari zirqirab, ustiga-­ustak lop etib yuziga saratonning hovuri urilib basharasi tirishdi. Pomidor jo‘yaklarda o‘roq ushlab kuymalanayotgan xotinini ko‘rib, molga qarayotgan ekan, deb qo‘ydi. Bo‘sag‘ada turgan obtovani olib cho‘nqaygancha qo‘l-betini chaydi, ilib qolgan suv battar lanj qildi. Shu payt ola-chalpoq tok soyasida loysupada o‘tirgan onasiga ko‘zi tushdi.
Hayitgul momo eski ko‘rpaning paxtasini chiqarib, titayotgan edi. Salomlashib loysupaga omonat o‘tirdi-da: “Ishlar unsin, ena, ertalabdan nima tashvish”, dediyu baloga qoldi. Ha­yitgul momo o‘qrayib qarab turardi. “Hali ertalab degin”, deya bir dam taraddudlanib turgach, achinish bilan bosh chayqadi, keyin qahr bilan qah-qah otib kuldi. Bunday g‘ayritabiiy holatga qarab turishga beti chidamagan Eshbo‘ri ko‘zini olib qochdi. Shunda onasi:
– Hay bolam-a, bolam. Otalilar olti to‘ydi, enalilar yetti to‘ydi, bilsang agar. Sen esa sho‘r yetimday rizq-nasibadan mosuvo bo‘lib sasib uxlayver. Sening ertalabing shumi? Ha, esizgina yigitlik. Otang tirik bo‘lganda seni shuytib qo‘yarmidi, – deya javrashga tushdi.
Onasining hasrat-nadomatlaridan Eshbo‘rining tili tanglayiga yopishib qolgandek edi. Alam va armon to‘la diydiyo jon-jonidan o‘tib ketayotgan bo‘lsa ham, nima deb dalda berishni bilmay, biror iliq gap topolmay kalovlanib qoldi.
– Hadeb noliyvermang-da, meni ham tushuning, axir. Undan ko‘ra nima darding bor deb so‘rang? – deya Eshbo‘ri dardini doston qilishni xohlamayotgan bo‘lsa ham beixtiyor og‘zidan chiqib ketdi.
– Hoy bola, qaysi yuz bilan zorlanayapsan. Choshgohda uyg‘onsang, bu qilig‘ing bir kun bo‘lmasa, hafta bo‘lmasa, uzun saraton shu ahvol-ku. Yana kasalman deysan. Choshgohda turgandan keyin yer ustidagi bari ziyon-zahmat sendan bosh­qa kimga yopishsin. Sen kasal bo‘lmay men kasal bo‘laymi, o‘zing ayt, – degancha eski paxtani yulib-yulqilab titaverdi.
– Gapingiz to‘g‘ri, siz aytmasangiz ham bilib turibman. To‘shakdan boshimni ko‘tara olmasam nima qilay. Keliningiz ham azondan ming‘irlab, quloq-miyamni yeydi.
Ona-bola bir dam jim qolishdi. Hali maktab yoshiga yetmagan go‘daklarning goh otasiga, goh momosiga mo‘ltirab qarashlari kattalarning damini o‘chirdi. Endi shu katta nevara momosining ermagi, qo‘lidan yetaklab olib yuradi: otajonim, suyangan tog‘im, qo‘rg‘onim, toychog‘im, shirinim, shakarim, ovunchog‘im, qo‘riqchim deya erkalab suyadi. Bola ham momosidan sira ajralgisi kelmaydi. Meni go‘rga tepkilab-tepkilab ko‘madigan sayibim, soyabonim deb alqaydi. Agar to‘polon qilsa, uying bug‘doyga to‘lsin, deb koyiydi. Kelinning ikkinchi tuqqan bolalari egiz bo‘lganidan katta nevara momosiga mehr qo‘yib qolgan edi. Ana shu shirintoylar oldida momosi tilini tishlab qoldi.
– Qani bolalar, borib enangga aytinglar, dasturxon yozsin, otam choy ichmoqchi denglar, – deya o‘g‘liga kesatiq qilgan momo tovuqni kish-kishlagandek nevaralarini so‘ridan tushirib haydadi. Ular chuvillashib uzoqlashgach, ona yana o‘g‘lini tergashga tushdi.
— Shu paytgacha go‘daklarning yuz-xotirini qilib oq qilib yashayapsanmi, qorami, hayotingga aralashmadim. Egizlarni katta qilguncha kelinning ham ona suti og‘zidan keldi. Shu yashash ham yashashmi? It yotish – mirza turish. Yarim kechagacha sayoq yurib to‘rt tanga topganingga ish qilayapman, deb o‘zingni ovutib yuribsanma? Hovlida bir erkak sen bo‘lsang, atrofingga bir qara. Tomi-tosh-ku itimday bo‘lib yotibdi, tomorqaning ahvoli bu. Mana shu xaroba bir vaqtlar Katmandagi manaman degan hovlilarning biri edi. O‘zim ham ko‘rib yuribman, kelin ham nima deyarini bilmay, o‘g‘lingizga bir narsa bo‘lgan, deb qo‘yadi. Kasal bo‘lsang do‘xtirga bor, bola-chaqaning oldida sasib tushgacha yotishing nimasi?
Eshbo‘ri onasining hasrat xaltasini ochib yuborganini bilib tilini tishladi. G‘isht qolipdan ko‘chgan, bu ketishda endi uncha-munchaga bosiladigan emas. Dardini to‘kib solmasdan boshqa chora yo‘q.
– Ena, men ham bekor yurganim yo‘q. Ikki-uch yildan beri Nurmat do‘xtirga boraverib charchadim. Ishonganimiz shu do‘xtir, uyqudan bosh ko‘tarolmayapman, qo‘lim ishga bormaydi, do‘xtir bova desam, bo‘ynidagi temirini ko‘kragimga qo‘yib nafas ol, nafas chiqar deydi. Yuragingni eshitay, tinch tur deydi. Barmoqdan jiz etkazib qon oladi. Rentgenga tushib kel, deydi. Bilgani shu. Meni eshitmaydi ham. Keyin dorini qatorlashtirib yozib beradi. Xaltalab dori ko‘tarib keldim. O‘lay agar, chivin chaqqanchalik nafi bo‘lsa. O‘tgan oy yana borgandim, kasal emassan, seni poygaga qo‘yish kerak, deb it o‘tlamagan gap­lar bilan meni hashva qildi. O‘lganning kunidan qimirlab yuribman. Qo‘lim ishga bormaydi. Uyqudan bosh ko‘tarolmasam… Siz bo‘lsa bolam tanbal deb noliysiz, men esa o‘z dardimga kuyunaman.
Ona-bola o‘yga toldi. Bir mahal Hayitgul momo yo‘qotgan narsasini topib olgandek ko‘zlarini katta ochib gap boshladi.
– Do‘xtirdan kor qilmagan bo‘lsa, boshqa yo‘lini ko‘rish kerak. Folbinga ishonma, lekin folsiz ham o‘tirma, degan gap bor. O‘zim boray desam, bel qurg‘ur yaramaydi. Xotiningga rasmingni ber-da, ertagayoq folbinga jo‘nat. Chiltonlarmi, dev-parilarmi yana kim biladi… yo‘lingni bog‘lab turgan bo‘lmasin tag‘in? Qurib ketsin avvalasi, darrov irim-amalini qilamiz, ajabmas emiga tushsa. Manovi hamsoya kelinini do‘xtirma-do‘xtir olib chopti-chopti, bechorani ovora qilgani qoldi. Emiga tushmagach bari azob kelinga bo‘ldi, o‘zim guvoh, oilasi yegani nonga zor bo‘lib qolgan kunlari bo‘ldi. Kasal boqish osonmas. Topgan-tutgani shamolga uchdi. Oxiri taqdirga tan berib qo‘yishdi. O‘lib o‘lmagandan keyin, ikki ko‘zi yiltillab yotgach, qarindoshlar tinch turolama. Chiqmagan jondan umid, deb fol ochirgan ekan, bir qora tovuq chiqibdi. Shuni o‘tkazdi, kelin duppa-durust oyoqqa turdi.
Eshbo‘ri munday qarasa, onasi qushnochga mahkam yopishayapti. Nachora, yoqa ushlashdan bosh­qa iloji qolmadi.
– Ena, siz o‘ylab gapirayapsizmi? Paxta terim mahali Bibisora qushnoch Ergashali malimning xotinidan duo-jodu olaman, deb avrab o‘zi tuguncha qilib yasagan “jodu”sini ularning o‘chog‘i yoniga ko‘mayotganda qo‘lga tushdi-ku. Ergashali malim uni elga sharmanda qilgan edi. Odamlarga hayronsan, shuncha gapdan keyin ham biron bolasi isitmalaymi-yo‘talami, qushnochga yuguradi. Siz ham ko‘ra bila turib shu muttahamlarga meni ro‘para qilasizmi?
Baribir onasiga bir jo‘yali narsa deyishi kerak. Bo‘lmasa onasi osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Shunda lop etib miyasiga bir gap keldi. Ishxonada bir kishi uchi yo‘q dardga yo‘liqqanini aytib bergandi. Kirmagan eshigim qolmadi; do‘xtirigayam, folbinigayam, qushnochigayam uchradim. Birovi dardimga darmon bo‘lmadi. Oxiri qishloq mullasiga bordim, qamchinlab turib chilyosin qilarkan. Shuytib darddan qutuldim, degandi. Afsuski, uning qanday dardga yo‘liqqanini so‘ramagan ekan. Shuni onasiga aytdi.
Ona o‘ylanib qoldi. O‘g‘lidan o‘sha odamlar daragini so‘radi. Nima qilsa ham bolasining dardi arisa bo‘ldi-da.
— Erta-indin to‘y qilishing kerak. Elning oldida kulgi bo‘lib yuravermaymiz-ku. Hammasi ixlosdan, dard ariyman desa, cho‘pdandir-xasdandir, shifo topasan. Faqat mullaga beradigan puling bormi?
– Agar foydasi tegsa, bir yo‘lini qilib topib rozi qilarman, – dedi Eshbo‘ri.
Hayitgul momo ichidan xursand bo‘ldi. Endi bu ishni paysalga solib o‘tirmaslik kerakligini tushundi. Temirni qizig‘ida bosish kerak.
– Unda meni eshit, – dedi Hayitgul momo. – Qudabova yotib qolganda bobotovning mullasi kelgan. O‘shaning dami o‘tkir deb maqtashgandi. Balki, o‘sha mulla bo‘lib chiqar. Qudabovaning u bilan bordi-keldisi bor. Dard ketaman desa tabib o‘z oyog‘i bilan degandek. Bolam molni sen topasan, pul-mul deb yurma-da, shu qora to‘qling­ning birovini mullaga ata. Bosh-ko‘zdan yiroq, balo ham shu bilan daf bo‘lsin.
Eshbo‘ri onasining gapiga rozi bo‘ldi.
Oradan bir necha kun o‘tib qudabovaning sa’y-harakati bilan mulla keladigan bo‘ldi. Eshbo‘ri ham bobodan kerakli nasihatni eshitdi.
– Ixlos-xalos, degan Eshbo‘riboy. Meni aytdi dersiz, tez kunda sen ko‘r-men ko‘r bo‘lib ketasiz.
Choshgoh mahali qudabovaning o‘zi mullani kutib oldi.
Mulla ro‘parasiga Eshbo‘rini o‘tirg‘izib qamchinni qo‘lga oldi. Tizzalagancha xuddi maktabda tez aytish aytayotgan o‘quvchidek sharillatib qiroatni boshladi. Bir joyiga kelganda to‘xtab qattiq “suf” deya dam solib yana o‘qishga tushadi. Mulla qiroatidan Eshbo‘ri ruhi yengil tortar, “suf” degan chog‘lari yelkasiga bilinar-bilinmas tushayotgan qamchi zarbasini avvaliga sezmadi. Bu holat ancha davom etdi. Hatto Eshbo‘ri ko‘nglining tub-tubida bu holat yana ham uzoqroq davom etishini istayotgandek edi. Chindan ham uning ruhiyatida bir yengillik sezilar, borgan sari mullaning “suf”lashi kuchayib, ovozi tobora balandlashib borardi. Qamchining zarbalari ham jonlangandek. Qiroat ta’sirida paydo bo‘lgan nurli libos ich-­ichiga singib, yurakning tub-tubidan qandaydir rohatbaxsh tuyg‘uni elas-elas payqagandek edi. Goho sirli taralayotgan qiroatning sadolariga qo‘shilib, o‘zini uchib yurgandek his etardi.
Mulla uzoq duo qilgach, Eshbo‘riga yana dam urdi-da, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. U chordona qurib o‘tirib olgach, xuddi hukm o‘qiyotgan qozidek buyruq ohangida Eshbo‘riga tushuntirdi:
– Eshbo‘riboy, shu kundan boshlab qirq kun quyosh botmasdan uyga yetib kelasiz. Har kuni yotish oldidan cho‘milasizmi yoki tahorat olasizmi, xullas, pokiza bo‘lib yotasiz. Tong otishi bilan quyosh chiqmasdan turib yana cho‘milish yoki tahorat olishni unutmang. Quyosh chiqar va botar payti xatarli vaqt bo‘ladi; jin-shaytonlar harakatga tushadi. Shunday damlarda aslo uxlab qolmang. Ishga qatnaysizmi, yugurasizmi, o‘qiysizmi – bu yog‘i o‘zingizga havola, hech birining zarari yo‘q. Mana shu qirq kun ichida tunda biron joyga bormang, shifo beruvchi O‘zi, – deya eshikka ishora qildi.
Mullani kuzatish vaqti kelganini Eshbo‘ri tushundi.
Mullani kuzatib qo‘yib aytganlarini uydagilarga birma-bir tushuntirdi. Har qalay mullaning gaplari Eshbo‘rini ajablantirgani ham yo‘q. Xudoning bergan kuni lanj yurish, ishi yurishmaslikdan charchaganidan, mullaning gap­lari o‘ziga ham ma’qul tushdi.
Shunday qilib Eshbo‘ri qirq kun chillada o‘tiradigan bo‘ldi. Hayitgul momo er-xotinni ko‘zma-ko‘z qilib, parhezni bajarishni yaxshilab tushuntirdi. Har tong, namozimni o‘qigach silardan xabar olaman, dedi. Kelin, sen uyg‘oq bo‘lmasang, baloga qoldim deyaver, deya po‘pisa ham qildi.
Erta turgan Eshbo‘ri azonlab hovlida aylanib, onasiga ko‘zi tushdi. Ish vaqtigacha hovlida o‘sgan begona o‘tlarni yulib tashladi. Hovli toza bo‘lgach keyingi kunlarda tomorqaga o‘tdi. Daraxtlarni butoqlab, taglarini yumshatib, jo‘yak oldi. Oshxonaning o‘pirilgan joylarini suvab chiqdi. Dam olish kuni jiyanini chaqirib loysuvoq ustidan qumsuvoq qildirdi. Ke­yingi haftada tog‘a-jiyan ikkalasi devorlarni oqlab chiqdi. Hovli toza-ozoda, devorlar oppoq bo‘lgach tok soyasidagi beo‘xshov loysupani ham epaqaga keltirib qo‘ydi. Eshbo‘ri o‘ziga o‘zi hayron, ertalablari aylanib yurar ekan, xuddi begona hovlida yurgandek atrofga qiziqish bilan razm soladi.
Ko‘chaga chiqishi bilan ishlari ham yurishib ketayotgandek nazarida. Shirin xayollar bilan kech tushmasi uyga qaytadi, bolalarning xursand­chiligini ko‘ring, ertalablari onasi ham uni tergamaydi, kuyunmaydi, alqab-alqab duo qiladi. Nihoyat, chilla tugadi. Onaning xavotir bilan kutgan kuni keldi. Chilladan keyin ham choshgohgacha uxlasa nima deb bolasini uyg‘otadi. Endi nima deb koyiydi. Nima desanglar bajardim, buyog‘iga meni tinch qo‘yinglar desa, nima bo‘ladi? Shunday o‘ylar bilan namozni apil-tapil o‘qib, oyoqqa kalishini ilib hovliga chiqqanda tong qorong‘usida sigirga yemish solayotgan o‘g‘liga ko‘zi tushib, ko‘ngli joyiga tushdi: “Bolamning tuzalgani rost bo‘lsin, ilohim”, deya tomog‘iga nimadir tiqilgandek yutinib, ko‘zlariga yosh keldi. Ortiga burilar ekan, ha mullaboboning qamchisidan o‘zim o‘rgilay degancha, uxlayotgan nevarasining peshanasidan o‘pdi.

“O‘zAS”dan olindi.