Xolmuhammad Karimiy. Janoza (hikoya)

Ko‘hna Bobotog‘ ortidan endigina bosh ko‘targan saraton quyoshi birdaniga qizdirishni boshladi. Havo dim. Katmanning chekka bir qishlog‘ida tuproq ko‘cha bo‘ylab borayotgan otliq: «Boynazarboyning janozasiga», – deya uylarga qarab tovush berib o‘tdi. Bu sovuq xabardan qari-qartanglar kalima qaytarib: «Bechora, hali yosh edi-ya», – degan ko‘yi janozaga borish uchun taraddudga tushib qoldi.
Jonqobilning xotini ham supada yotgan erini darhol turtkilay ketdi: «Hoy, hoy… ko‘zingizni oching, Boynazarboyning qulog‘i ostida qolibdi. Turib, yuvinib-chayinib o‘zingizga keling. Janozada aroqning isi kelib elga sharmanda bo‘lib yurmang tag‘in».
Jonqobil seskanib ko‘zini ochdi, ammo boshi zirqirab og‘ridi-yu, qimirlashga majolsiz yotgan ko‘yi jerkindi:
– Nimaga vahima qilasan, ahmoq? Ajali yetgan ekan, o‘libdi. Shu besh kunlik dunyoda bir hordiq chiqarib keldimmi, sen xotinning mashmashang tayyor turadi. Aslida, bu vahimalaring meni ham ajalimdan burun o‘ldiradiyov…
– Ha, shishangga o‘t tushsin-a, hayosizga har kuni ha­yit ekan. Oshnasi o‘lib, bola-chaqasi chirillab yotsa-yu, bu kishining kayfi buzilmasin emish. Sadqai oshnachilik ketsin-e, – degancha Oyimxol g‘udranib yiroqlashdi.
Quyosh bir tayoq bo‘yi ko‘tarilib, Jonqobil tandir ichida yotgandek terga tushib o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Cho‘ntagini kavlashtirib nosxaltasini oldi. Nos chekkanidan keyin battar ko‘ngli aynib, qayt qilib yubordi. Erining supa chetida o‘mganlab qusayotganini ko‘rgan Oyimxol obtova ko‘tarib bordi. U bir amallab o‘rnidan ko‘tarilgach boshidan quyilgan sovuq suv ta’sirida sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi.
– Boya nima deb valdiraganding, o‘lgan kim ekan? – deb xotiniga qaradi. O‘zi boshiga sochiqni tashlab pishillaydi.
Oyimxol erining gapiga ijirg‘andi.
– Nima balo, men devorga gapirdimma?..
Dastlab Jonqobil bu gapga ishonmadi. Xotini aniq-tiniq qilib qayta aytgandan keyin ot bosgan qurbaqadek ko‘zi manglayiga bitib qoldi.
Tushdan keyin Boynazar oshnasining betobligini eshitishi bilan Jonqobil yugurgilab Boyto‘ranikiga bordi. «Biznikida ichganidan beri yana ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qolibdi. Sening xabaring bo‘ldimi? Uyiga o‘tib kelaylik-chi», – dedi. Ammo Boyto‘ranikida ovqat tayyor ekan, kel-e, qaynonang suyar ekan deb dasturxon boshiga qo‘yarda-qo‘ymay o‘tirg‘izdi. Avvaliga ikki oshna ovqatning tagida qolsin deya yuz-yuz urdi. Ovqatdan ke­yin shishaning tagida qolmasin deb yana ol-ol bo‘ldi. Sal boshlar qizigach, ko‘chaga otlandi, mahalla guzariga yetganda oshxonada bir-ikki ulfatlar ichib o‘tirishgan ekan, ularga qo‘shilib tun yarmigacha o‘sha yerda qolib ketdi. Jonqobil qorong‘i tushganda ham ichishib o‘tirganini biladi. Qanday qilib va qachon uyga kelgan, u yog‘ini eslolmaydi.
Jonqobil yetib borganda allaqachon choshgoh bo‘lgan. Janozaga to‘planganlar tom, dov-daraxt soyasiga o‘zini urgandi. Bir xonada goho ayol, goho bola o‘ksib-o‘ksib yig‘laydi. Musibat ustiga marhumning qarindoshlarida qandaydir besaranjomlik ham bordek, nimadandir alag‘da. Tokning soyasida o‘tirgan mullodan nimalarnidir so‘rab-surishtirgan bir-ikkov mayit yotqizilgan xona eshigi oldida turganlar bilan kelib pichir-pichir qilishadi. Hovlida yuk mashina o‘nglab qo‘yilgan, ammo tobut chiqarishga hech kim shoshayotgani yo‘q.
Hovliga kirib kelarkan, ko‘z qiri tushganlarga bosh irg‘ab salomlashgan bo‘ldi-da, marhumning yaqinlarini ko‘rganida dovdirab nima qilarini bilmay qoldi. Bir muddat ikkilanib turganidan keyin oshnasining to‘ng‘ichi yelkasiga qo‘l tashlab: «Bandachilik, har birimizning boshimizda bor savdo, sabr bersin xudoyim», – deyoldi, xolos.
Bu gaplar tiliga qanday kelganini o‘zi ham sezmay qoldi. Shu zahoti bo‘g‘ziga bir narsa tiqilgandek bo‘g‘ilib ketdi. Yuragida simillab og‘riq paydo bo‘ldi. Bu vijdon azobimidi yoki yetimlarga rahmi kelganidanmi, nimaga yig‘layotganini o‘zi ham aniq bilolmadi. Tayoqqa suyangan jabrdiydalar oldida turgan Boyto‘rani ko‘rganida Jonqobilni qaltiroq tutdi. Shunda buloq ko‘z ochgandek, ko‘zlaridan yosh quyilib keldi. Shu topda uning ko‘ziga hech kim ko‘rinmasdi, biror narsani farqlashga ham holi yo‘q, yetim bo‘lib qolgan nevarasini quchoqlab ovozsiz silkinib-silkinib yig‘lar, xo‘rligi kelib og‘ir-og‘ir xo‘rsinardi. O‘zini bosolmay nevarasini yanada mahkamroq quchoqlardi…
Kimdir yelkasidan ushlab tortganida ko‘z yoshlarini tiyolmasa ham o‘girildi. Boyto‘ra ekan. Uning ham ko‘zlarida yosh, ammo u ancha xotirjam edi. Jonqobil nevarasini ko‘ksidan bo‘shatarkan, uning yelkasiga mehribonlik bilan shapatilab qo‘ydi.
Boyto‘ra oshnasiga dalda bergandek uni quchoqlab qulog‘iga o‘zingni qo‘lga ol deya shivirladi. Oshnasining bu qilig‘i dard ustiga chipqon bo‘lmasin degan andishada unga shipshib qo‘ygandi. Og‘ir musibat dog‘ida jizg‘anak bo‘lib turganlarga oshnasining kech kelib bu yanglig‘ ko‘ngil so‘rashdan yomon o‘yga borishlari mumkinligidan Boyto‘ra alag‘da.
Bir sidra yuragini bo‘shatgan Jonqobil oshnasiga qaradi.
– Tog‘ani kutyapmiz, qabrga o‘sha kishi qo‘yadi, – pichirladi Boyto‘ra.
Jonqobil kayfini tarqatish uchun ustidan satillab suv quyaverib, chakki yalab-yalab bir navi bo‘lgunicha ancha vaqt o‘tdi. Kun ko‘tarilib ketgani, hovliqib it quvgan tanadek yugurgilab kelganidan hamon nafasini rostlayolmay entikardi.
Uning hayajonida boshqa bir gap bor. Bundan to‘rt kun oldin uch oshna topishdi. Ketdik, ketdik bilan ularni Jonqobil uyiga olib kirdi. Tez orada dasturxonga qaynoq sho‘rva keltirildi. Chakki suyultirib kelinglar deya o‘zi bir juft shishani Boyto‘raga uzatdi. Boynazar: «Mening mazam yo‘q, ichmayman, ichsalaring ochinglar, – dedi. – O‘zlaring guvoh, shifoxonadan chiqqandan beri ichganim yo‘q, buning ustiga, do‘xtir ichma degan». Bu gapga parvo ham qilmagan Boyto‘ra uch piyolani to‘latdi. Faqat bir martadan olamiz mezbonning hurmati, dasturxon izzati deb piyolani qo‘lga oldi. Mezbon ham Boyto‘raga qo‘shilib Boynazarni qistashga tushdi. Boynazar hadeganda bo‘yin egmadi. «Agar yuz gramm ichsam ham yuragim uyushib uxlayolmay chiqaman. Mana shu yurishimda ham kechalari suyaklarim qaqshaganidan azob chekyapman. Shu paytgacha biror marta qo‘llaringni qaytardimmi, meni ham tushuninglar-ey. Aldayotganim yo‘q, qasam ichayinmi, xudo ko‘rib turibdi-ku», – deya rosa taysalladi.
Boynazar o‘zini oldirib qo‘ygani chin, qoq suyak bo‘lib qolgan. Tirishgan kaftdek yuzida burni mushtdek bo‘lib turibdi. Davolanib chiqqanidan beri yuziga so‘l yugurgandek ko‘rinsa ham, rangi hamon zahil edi.
Maktabni bitirish kechasi birinchi bor sinfdoshlar o‘zlarini erkin sezdi. Endi tergaydigan muallim bo‘lmasa, bo‘ylari otalari bilan tenglashdi. O‘sha kundan boshlab bir-birining qo‘lini qaytargani yo‘q. Uch oshnaning orasidan qil o‘tmasdi. Og‘ir-engil, yaxshi-yomon kunida hech bir ishdan qosh qaytarishgan ham emas. Qatorda noring bo‘lsa, yuking yerda qolmaydi deya bir-birining ishiga o‘mganlab kirishib ketadilar. Qachon bo‘lmasin boshi birikdimi, aroq yoki vinosiz ajralishmasdi ham. Ichmayman degan so‘z ular o‘rtasida hali bo‘lganicha yo‘q.
Endi biri kasalmand bo‘lib o‘tiribdi. Ikki oshna qanday bo‘lmasin bemor ko‘nglini ko‘tarishga kirishdi. Uy egasi Jonqobil piyolani uning tumshug‘ida ushlab turaverdi. Oxiri noiloj qolganidan: «Mayli, faqat bir marta», – deya Boynazar piyolani qo‘lga oldi. Sho‘rvani ichib bo‘lishganidan keyin endi juft bo‘lsin deb bu gal Boyto‘ra turib oldi. Birinchisining ta’siri bo‘ldimi, ikkinchi piyolani ko‘p gapirtirmay oldi. Juft bo‘ldi, toq bo‘ldi bilan uch oshna ikki shishani bo‘shatishdi. Yana avvalgidek apoq-chapoq bo‘lib o‘tirishdi.
– Boynazarning yayrab o‘tirganini ko‘rib, ochig‘i, bosh­qacha bo‘lib ketdim. To‘g‘risi, oxirgi paytlarda kasallikni bahona qilib avvalgi davralar esdan chiqa boshlagandi. Agar bugun ham uyimdan quruq og‘iz, xafa bo‘lib chiqib ketganingda bormi, oshna, sendan ko‘nglim og‘rirdi. Lekin meni xursand qildilaring. Qanday ham yaxshi-ya, uzoq yillik oshnachiligimiz yana o‘z yo‘liga tushib oldi, – deya Jonqobil bemor oshnasini quchoqlab o‘pib minnatdor ekanligini bildirdi.
Sal bo‘lmasa Boynazar oshnalarini xafa qilib qo‘yarkan. Ayni paytda vujudiga iliqlik yugurib, rohatlanib o‘tiribdi. Hatto oshnalarini yalintirib qo‘yganiga xijolat tortdi.
– To‘g‘ri, hozir olmaganida, oshnachiligimiz ham shunchaki gap bo‘lib qolardi. Boynazar-ku kasal ekan, agar men bundan battar ahvolda bo‘lsam ham qo‘llaringni qaytarishni hech tasavvurimga sig‘dirolmayman. Bir-birimizga yo‘q degan so‘zni aytsak, do‘stligimiz qayoqda qoladi? – kamgap Boyto‘ra ham ichidagini to‘kib sola bosh­ladi.
Mana shu o‘tirishdan uch kun o‘tib Boynazar yana yotib qolganidan xabar topishdi. Afsuski, ko‘risholmay qoldilar.
Musibat yetgan joyda odamlardan ko‘ngil so‘rashdan og‘ir narsa yo‘q ekan, asli. Odamlar to‘plangandan keyin janozaning kechiktirilishi esa ahvolni battar og‘irlashtirib yubordi. Ayniqsa, bu xabardan qattiq ta’sirlangan Jonqobil hali-hamon o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. Uyidan jo‘naganda ham bu holni o‘ylab kelayotgandi, voqea joyiga kelganda butkul o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Yaxshiyam, Boyto‘ra bor ekan. U og‘ir tabiatli, yaxshi-yomonni ichiga yutib ketadigan xilidan. Quvonsa ham, yonsa ham o‘z ichida saqlaydi.
Qo‘liga tutqazilgan obtovadan yuziga suv urib Jonqobil bir navi odamshavanda bo‘ldi. Ana shundan keyin Boyto‘ra uning yoniga cho‘qqayib, egniga qo‘lini qo‘ydi. Jonqobilning qontalash ko‘zlaridagi ma’noni shu topda Boyto‘radan boshqa tushunolmasligi aniq. Boyto‘raning ham ichidan qirindi o‘tyapti. Faqat u tabiatan og‘ir-vazmin bo‘lganidan tezda o‘zini qo‘lga ololdi.
Jonqobil yaqinida odamlar yo‘qligini bilganidan keyin dedi:
– Oshna, ichim kuyib ketyapti. O‘zimdan shunday nafratlanib boryapman. Endi oshnaning bolalari ko‘ziga qanday qaraymiz? Bosh ko‘tarib yurgiligimiz qoldimi-a?! Qandaygasiga oshna bo‘ldik?..
Azalilar boshqa tomonda qolib Boyto‘ra endi buni yupatishi kerak. Oshnasining holati tushunarli, fe’li ham ravshan, uni tinchlantirmasa, sharmanda qilishi aniq. Dabdurustdan men uning qotiliman deya ayyuhannos solib qolishi hech gapmas. Aqlini tanigandan buyon uni yaxshi biladi, terisi yupqa, o‘ta ta’sirchan. Yo‘q joydan tomosha ko‘rsatib azadorlarning yarasiga tuz sepishi turgan gap.
– O‘zingni bos, oshna, har ne bo‘lganda ham ajal-da. Xudoning xohishi ekan, bizning qo‘limizdan nima ham kelardi? Endi boshqa bir narsani o‘yla. Hozir bu yerdagilarning ko‘ngliga qil sig‘may turgan paytda seniki ortiqcha bo‘lyapti, bilsang agar. Noto‘g‘ri gapirayotgan bo‘lsam, ayt o‘zing.
Bu gaplarni deyarli pichirlab gapirayotgan Boyto‘ra ikkovining buytib o‘tirishini ep bilmadi. Jonqobilni hovuridan tushirganiga ko‘zi yetgach odamlar ko‘z tikib turgan yo‘l tomon qaragan bo‘ldi-da, o‘rnidan turdi.
Jonqobil ham oshnasining ortidan borib yong‘oq soya­sida mum tishlagandek o‘tiraverdi. Gapirishning ham hojati yo‘q. Birov gapir demaydi ham. Hammaning dardi ichida, boshi egik, sukutda.
O‘n-o‘n besh minut o‘tar-o‘tmas oshnasining bezovtalanayotganini ko‘rgan Boyto‘ra uning tirsagidan ushlab ariq tomon yurdi. Loyqaroq suv shaldirab oqardi. Ariqqa engashgan Jonqobil boshidan qo‘shqo‘llab suv quya boshladi. Boyto‘ra jimgina uni kuzatib turdi, xolos. Oshnalarning bu qilig‘i odamlarga g‘alati ko‘rinishi tayin. Ammo nachora…
Ust-boshi shalabbo bo‘lgan Jonqobil tol soyasiga o‘tib o‘tirdi. Yaqinida eshitar quloq yo‘qligini bilgach yana dardini dasturxon qilishga tushdi:
– Oshna, o‘zi nimaga bu dunyoga kelganmiz? Ertalabdan beri shu savol boshimni yorib yuboray deydi. Nahotki, o‘z do‘stimizni o‘zimiz o‘ldirib o‘tirgan bo‘lsak? Ming la’nat shu arog‘iga ham, chiqargan zovutiga ham. Yo‘q, u o‘z holini bizga bildirib uzrini aytdi. ­Eh-h,­ attang, attang. Bizning hurmatimizni qil, loaqal, dasturxonning izzatini bil, hech bo‘lmaganda, do‘sting uchun zahar ich deymizma-ey. Shunchalar ham govkalla bo‘lamizma? Eh-h, eh-h, qanday ahmoqmiz-a. Uni biz o‘ldirmadik deb menga isbotlab ber-chi. Qo‘lingdan kelsa meni tinch­lantir. O‘zi biz nima uchun ichamiz? Bir-birimizni o‘ldirish uchunmi yoki o‘zimizni o‘ldirish uchunmi? Nima uchun ichamiz, bu balo qayerdan chiqqan, ayt-chi menga. Yo‘q, endi meni bu azoblar tinch qo‘ymaydigan ko‘rinadi…
– Men ham xuddi sendek tushunib turibman, ammo bu gaplarni gapirish mavridi emas, bilyapsanmi, sendan iltimos qilaman, o‘zingni qo‘lga ol, jon oshna, – qalbi titrab turgan Boyto‘ra yoshli ko‘zlarini yerga qadadi.
– Menga oshna deb gapirma. Oshna, oshna deb bir kishini o‘ldirib o‘tiribmiz. Yana qanaqasiga oshna deysan? – deb Jonqobil yana izillab yig‘lab yubordi.
Shu payt duv etib odamlar hurkkan qo‘ydek ko‘cha tomon qarab qolishdi. Mashina kelib to‘xtagan, marhumning tog‘asi tushib kelmoqda edi. Yig‘i-sig‘i endi hovlida baralla yangradi. G‘ala-g‘ovur ichida obtova ko‘targan tog‘a hojatxona tomon yurdi. Odamlar ham qimirlashib qolgan. Ikki oshna ham mayit yotqizilgan xona tomon kelishdi.
Tobut tashqariga chiqarilgach, hamma tomon suv sepgandek jimjit bo‘lib qoldi. Erkaklar shoshilinch saflana boshladi. Tahorati yo‘qlar o‘tirgan joyida qolaverdi, ba’zisi xijolatda o‘zini panaga tortdi. Yig‘ilgan olomonning yarmidan ko‘prog‘i safga tizildi… Janoza o‘qildi. Tobut ko‘tarildi.
Shovqin yana boshlandi: to‘rama-a… otama-a… qandaylar og‘am bor edi-ya… degan yo‘qlovlar zo‘rayib borardi. Tobut qo‘ldan qo‘lga o‘tib mashina ustiga chiqdi. Odamlar mashinaga yopirilib, tobut atrofiga cho‘kkalashdi. Boynazar bilan Jonqobil ham oshnasining so‘nggi safarida uning yonidan joy olishdi.
Mashinalar qo‘zg‘oldi. Xotin-qizlarning chinqirishi boshlandi: «Bizlarni kimlarga tashlab ketyapsiz, otajo-on, men endi nima qilaman, to‘ramo-ov, yetimlar boshini kim silaydi, to‘ramo-ov…»
Tobutni ko‘rib sirri bo‘lib qolgan Jonqobil olomonga qo‘shilib qadam tashlayotgandi. Mashina bir maromda keta boshlaganda xayolini yiqqan Jonqobil ho‘l tol dastakni mahkam changalladi. Oshnasining so‘nggi manzil sari mingan oti. Yarqiroq matohlarga burkangan taxtiravonda oshnasi uxlayapti. Sekin uning libosiga qo‘l tekkizdi va qo‘lini tezda tortib oldi. Men sening qotilingman deb o‘yladi. Bunday qilishga haqqim yo‘q. Ikkinchidan, hamon mening qornimda aroq to‘la, qo‘llarimda ham qon bilan birga aroq aylanyapti. Bobolar ayt­ganidek, shu shayton suvi bilan sening so‘nggi manzilga kiygan kiyimingni bulg‘amay. Mening qo‘lim qon, qo‘lim murdor. Sening tobutingni ushlashga ham haqqim yo‘q. Tobutni changallagan qo‘llari titrab bo‘shashib ketganida ro‘parasidagi motamsoraga nigohi qadaldi. Boyto‘ra yig‘lab oshnasiga tikilib borardi.
Jonqobilning ham ko‘zidan tirqirab yosh otildi. Mana, oshnamiz o‘rtada uxlab yotibdi. U bizni kechirarmikin deya ikki oshna bir-biriga mo‘ltirardi.
Qabriston darvozasi oldida to‘xtagan yuk mashina ortidan chang-to‘zon ko‘tarib turnaqator yengil mashinalar yetib kelishdi. Tobut tushirildi. Odamlar ildamlik bilan tobutni yelkama-elka o‘tkazishib qabr tomon yelib borishardi. Go‘yoki biror narsadan kechikayotgandek olomon shoshib-surinib qadam tashlaydi.
Tik ko‘tarilgan saraton quyoshi yelkadan olov purkaydi. Qabristonda o‘t-o‘lanlar qovjirab jizg‘anak bo‘lib qolgan. Do‘ppili boshlar, qizargan-qoraygan basharalar, chang qo‘ngan qosh-kipriklar rangsiz qotgan, xuddi uyasida uymalashayotgan qumursqadek qabr atrofida ivirsiydi. Bir zum tobutni tuproq uyumiga tirkab ushlab turishdi. Tog‘a boshiga ro‘mol tang‘ib ichki qabrga kirdi, ikki kishi qabrning dahliziga tushdi. Jonqobil ham qabrga tushib oshnasini o‘z qo‘li bilan tog‘asiga uzatmoqchi bo‘ldi. Bu yorug‘ dunyoni tark etayotgan so‘nggi lahzalarda uzr so‘rab qolish uchun o‘zini zo‘r qulayladi. Shu xayolda turganida qabrga tushuvchilardan tahorati bor-yo‘qligi so‘raldi. Jonqobil birdan orqasiga tisarildi. Bu orada oshnasining ustidagi barcha sarupolar olingan, birgina oppoq surp ko‘ylakda oxirgi uyiga olib tushilayotgan edi. Jonqobil do‘stining libosini nopok qilib qo‘yishdan o‘zini to‘xtatib qoldi…
Bir-biriga turtinib odamlar bel-ketmonga yopishadi: bir, ikki, uch… yetti deya tuproq tortib qo‘ldagi asbobni yerga qo‘yib tisariladi. Ortga o‘tganlar beixtiyor peshonasidan quyilayotgan terni chang qo‘lining sirti bilan sidiradi. Odamlar orasidan chiqib olganidan keyin ro‘molcha bilan qaytadan terlarni artib chetroqqa cho‘nqayib o‘tirib kuta boshlaydi. Nihoyat, bu joyda bir to‘mpiq paydo bo‘lib, odamlar sochilib yerga o‘tirib tinchib qolishdi. Tilovat boshlandi, qo‘llar duo­ga ko‘tarildi, ovmin… «Boynazarboy qanday odam edi?» – deya mullo murojaat qildi. «Yaxshi odam edi», – degan jo‘r ovoz taraldi. Olomon gurillab qo‘zg‘oldi. Yuzlar ma’yus, qadamlar mashinalar tomon horg‘in siljiy boshladi.
Shu choq qator tizilgan qabrlarga ishora qilib:
– Bu yerdan joy band qilib qo‘yish kerakka o‘xshaydi, – dedi bir yigit hazil ohangida.
Jim borayotgan olomon orasida bu tovush jaranglab ketgandek bo‘ldi. «Astag‘firulloh» deguvchilar bo‘ldi.
– Hech kimsaning o‘ligi hovarda qolmaydi, oshna. Yaxshisi, nomai a’molingni o‘yla, so‘rov-savol bo‘ladi, – degan do‘rillash eshitildi.
– Nomai a’molimda kamchilik bor ekan, shuni tuzatgali keldim deya qaytib borganni hozirgacha ko‘rmadik ham, eshitganimiz ham yo‘q, – deya yana luqma tashladi boya hazil qilgan yigit.
Kimdir piqirlab kuldi. Bu safar «astag‘firulloh» degan tovushlar ko‘pchilik tomonidan aytildi.
– Hoy musulmonlar, tavba denglar, tavba. Tilim bor deb valdirama, bo‘tam, o‘ylab gapir, – deya keksaroq kishi tomog‘iga nimadir tiqilgandek yo‘talib qoldi.
Jonqobil yiqilib tushmaslik uchun Boyto‘raning tirsagidan ushlab olgan. Yorug‘ olamda faqat ikkisi qolgandek g‘amga botgan Boyto‘ra dardini ichiga yutib bormoqda. Unga son-sanoqsiz musibatlar birdan yopishgan. Marhum oshnasi uchun aza ochgan bo‘lsa, yonida borayotgan tirik oshnasi uchun ham qayg‘uda, joni kuyadi.