Xoliyor Safarov. Xizrni yo‘qotgan odam (hikoya)

Qishloq odamlari xo‘rozlar bilan barobar uyg‘onadi. Tashqariga chiqarkan atrofga ser soladi. Keng dalalar, musaffo havo, bepoyon osmon. Beixtiyor homuza tortib, kerishib oladi-da, yuz-qo‘lini yuvgach, bir baldoqpiyola suv ichib, shukrona keltirganicha yumushlariga sho‘ng‘ib ketadi. Yoz kunlari bir-ikkisi ketmon ko‘tarib, dalaga, tomorqaga yo‘l oladi, birovi mol-holga qaraydi. Kelinlar suv sepib, uy oldini supuradi. Tunda biroz hovuri bosilgan yerga tushgan tomchilar bir nafasda singib, namxush tuproq hidi keladi-yu, lahza o‘tmay g‘oyib bo‘ladi. Tonggi shabada inson tanasiga huzur bag‘ishlaydi.
Quyosh chiqishi bilan chumchuqlar daraxtlar shoxiga qo‘nib, chirqillashga tushadi. Tovuqlar ququlab, o‘zlarini soyaga tortadi, bag‘rini yerga beradi.
Bunday havoda bozorlar qaynaydi. Tumonat odam. Qo‘lida narsa-qora ko‘tarib, g‘imirlab yurgan zot borki, “negadir narxlar oshgan” deb tezroq olishga shoshgan, terga pishgan, ko‘ylaklar badanga yopishgan, yoqalar kirlanib, rangi surlanib, yuzi g‘uborlanib o‘zi orlanib ketadi. Sotuvchilarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi, savdosi bo‘lmasa, oldida turib qolganlarni yoqtirmaydi, “Olmasang nariroq tur. Savdoni to‘sma”, deb jerkib ham yuboraveradi. Bu kimgadir og‘ir botadi. “Ey, pulga sig‘inma buncha! Avval ko‘radi, yoqsa oladi, yoqmasa ketadida!” deydi bir orkash oradan chiqib. Savdogarning bo‘g‘riqqan yuziga sovuq ter quyiladi. Namchil ro‘molchasi bilan peshanasini artadi-da, yana surbetlik qiladi.
— Qani, kep qolinglar, arzon bo‘ldi!
Hamma molini maqtaydi. Qatorma-qator ketgan rastalardan ortib, yo‘laklar-u, ko‘cha bo‘ylariga chiqib ketgan, ustma-ust qalashib yotgan kiyim-kechak, meva-cheva, buyumlar boshni aylantirib yuboradi. Atrofni kabobpazlar yelpiyotgan cho‘g‘ tutuni qoplaydi. Ola-tasir, to‘polon tinmaydi. Sal shamol essa, urdi xudo — qiyomat qo‘padi. Chang-to‘zon ko‘tarilib, qog‘oz-u yelimxaltalar uchib, narsalar bir-biri bilan uyqashib, hatto odamlarning yuzi ola-pes bo‘lib ketadi. Bu paytda mol bozorini asti qo‘yaverasiz! Chang, ter, shiptir hidi aralashib ketadi. Yurak siqiladi, lohaslik boshlanadi, tomoq qaqraydi. Suv ichging keladi. Ammo suv ham pul. Bozor darvozalarida, ichkarisida gazlangan suv sotuvchilari bor. Qadoqlanganining esa adadi yo‘q. Hatto aravachalarga idish ortib, quduq suvini sotib yurganlar bor.
— Suv, muzday suv!
— Bolam, pulim qolmadi, juda chanqab ketdim. Bir krujka suv ber.
— Buyam pulga kelyaptida, buva…
— Voh-voh… Mayli, joning sog‘ bo‘lsin…
Ayni saratonda, shunday qiyomat qo‘pgan bozorda bir kuni “Obi xudoyi, ob xudoyi, men bir yaxshilikning gadoyi” deb idish o‘rnatilgan ikki oyoqli kichik aravachada istaganga tekinga suv berayotgan qariya paydo bo‘ldi. Ozg‘in, chuvak yuzli, boshiga do‘ppi, egniga yaktak kiygan, oyog‘ida mahsi kalish, juda harakatchan. Faqat ikki gapni takrorlaydi:
— Obi xudoyi, ob xudoyi, men bir yaxshilikning gadoyi.
Berganning betiga qaramaydilar. Odamlar avvaliga “Menga bir krujka bering”, “Mengayam bering”, “Ha, ko‘p yashang, rahmat!” deb suvni ichib ketaverdi. Birovlari “Suvday serob bo‘ling!” dedi. Qariya bo‘lsa, “Suvning savobini o‘tganlarga, Hurbibi onaga bag‘ishlang. Xizrni tanimaganlarni duo qiling”, deb oldinga ketadi. Suv tugasa, yana olib keladi. Yo‘l-yo‘lakay xirgoyi qiladi.

Suvni suluv ko‘rsatgan toshi bo‘lar yor-yor.
Qizni suluv ko‘rsatgan qoshi bo‘lar yor-yor.

Tez orada bozorda “esi og‘gan bir qariya” paydo bo‘lib, tekinga suv tarqatib yurgani haqidagi xabar tarqaldi. Buni eshitganlar, o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, guvohi bo‘lganlar “Xudodan bir so‘rovi bor ekan” deyishdi, birovlar esa “Unga nima zaril ekan” dedi ko‘zlari qisilib, peshanasi tirishib. Ammo suv sotuvchilarning paytavasiga qurt tushdi. Bir qoni qaynagani qariyani izlab topib, yoqasidan tutdi.
— Buva, bizam shu bozorda tirikchilik deb o‘tiribmiz. Bu nima qilganingiz?
— Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak, – dedi qariya og‘rinib.
— Savdoni o‘ldiryapsiz! Yoshingizni hurmat qilib turibman, bo‘lmasa joyingizni solardim!
Qariya avvaliga jim qoldi, keyin o‘siq qoshlarini chimirib:
— Suv ko‘rmay etik yechma, — dedi. — Sen savdoning barorini o‘ylasang, men oxiratimning tashvishini qilyapman. Tirikchilik deb ikki dunyomizni kuydirmaylik. Yerni suv, odamni pul buzadi, bolam.
Suv sotuvchi nima deyishni bilmay bir lahza jim qoldi, ammo baribir nafsiga yengildi.
— Bo‘lmasa, sal nariroqqa borib soting!
Qariya shundoq ham bir joyda turmaydi, aravachasini sudragancha “Obi xudoyi, ob xudoyi, men bir yaxshilikning gadoyi” deb bozor oralaydi. Sal yurmasdan ikki savdogarning bir qarich joy ustidan tortishib yotgani ustidan chiqdi.
— Joy talashma, bolam. Ma, suv ich, hovring bosiladi, — dedi.
Tovarini yoyishga joy yetmayotgan savdogar battar bo‘g‘riqib ketdi.
— Ie, nari yoqqa boring-e! Sizdan suv so‘radimmi?
— Burungilar aytgan. Doimo suv kabi oqib tozalan, har kun yangilan.
— Boring dedim sizga!
Qariyaning dili og‘ridi. “Suv bilan o‘t kelishmas. Ilonga suv bersang ham, sut bersang ham tilidan zahar tomar” deb nari ketdi. Sal yurgach, ozoda kiyingan bir kishi ayoli bilan bolasi uchun suv so‘radi. Qariyaning ko‘zlari quvnadi.
— Mana, oling. Osh kattadan, suv kichikdan, — deb avval bolaga yuzlandi. Baldoqpiyolani uzatayotib, tabassum bilan so‘radi:
— O‘yib oldim izi yo‘q, qilich urdim, o‘rni yo‘q. U nima?
Bola boshi qiyshayib, ko‘zlari olayib, urti osilib, onasiga boqdi. Volida yerga qaradi.
— Mayli, uyalma. Bismilloh deb o‘tirib ich, bolam.
Bolakay tik turgancha idishni bo‘shatgach, qariya “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar”, deya er-xotinga suv berdi.
— Rahmat, suvday serob bo‘ling. Bizniki qancha bo‘ldi?
— Yaratganning ne’mati sotilmas. Ikki oqlikka — suv bilan sutga pul so‘rash gunoh. Meni duo qiling. Suvning savobini o‘tganlarga, hech bo‘lmasa, Hurbibi onaga bag‘ishlang.
— Shoshmang, — dedi haligi odam. –Hurbibi ona kim?
— Tutingan onam.
— Ota-onangiz yo‘qmi?
— Bor. Otam Ato, onam Havo!
Haligi kishi hayron qoldi.
— Siz qayerliksiz?
— Tilim bir, dilim bir, makonimni so‘rab nima qilasiz?
— Bu bozorda sizday odamni birinchi ko‘rishimiz. Esimni taniganimdan beri hali hech kim bozorda tekinga suv tarqatmagan.
— Alloh qiyomat kuni uch toifa bandasini mag‘firat qilmaydi. Ulardan biri o‘zining yo‘l bo‘yidagi limmo-lim arig‘i, hovuzi, qudug‘idan yo‘lovchilarga suv bermagan kishi. Men shu toifaga kirib qolishdan qo‘rqaman. Keyin, men tilanchiga suv bermay Xizrni yo‘qotgan odamman.
— Qanaqasiga? – er-xotinning battar hayrati oshdi. Qariyaning yonidan ketgisi ham kelmasdi. – Tilanchi bilan Xizrning qanday aloqasi bor?
— Bu olamda bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan biror nima bormi? – qariya beixtiyor xo‘rsinib, boshini chayqaganicha olomon oralab ketdi. – Obi xudoyi…
— Hey, to‘xtang!
Qariyaning orqasida bozor xo‘jayini bilan militsioner turardi.
— Nega odamlarning tinchini buzyapsiz? – dedi bozorqo‘m pishillab.
— Bolam, ma, avval suv ich. Hovuring bosiladi.
— Ie, menga aql o‘rgatmang. – U peshanasida ko‘pchib ketgan terni do‘molchasi bilan artdi. — Ustingizdan shikoyat tushyapti. Suvchilarimizning savdosini o‘ldiryapsiz! Keksa odam, Xudo deb uyingizda o‘tirmaysizmi?
— Baxilning ko‘zasidagi suvdan ne foyda? Men ham Ollo deyman, lekin senday Xudoyimning ishoratlarini anglamay, Xizrni yo‘qotgan odamman.
— Nimalar deyapsiz? Boring, uyingizga keting. Yo, bular bir tekshirsinmi? – dedi militsionerga ishora qilib.
— Ular nimani tekshiradi. Menimi, yo suvnimi? Oqar suvning haromi yo‘q. Lekin sen so‘zingni yuksaltir! Mayli, men ketaman, ammo eslab yurasan.
Qariya shart ortiga burildi va xirgoyi qilganicha bozor darvozasiga qarab yurdi.

Suv keldi-yu, suv keldi,
Suv ustida gul keldi.
Gulni tutib hidlasam
Onamning bo‘yi keldi…

Oftob qizdirar, bozor ichidan chang, g‘ubor qorishiq hovur ko‘tarilar edi.
— Suv bering, — dedi bir bolakay.
Qariya shart to‘xtadi. Burnidan ter oqib turgan bolaga qarab, qalbi qaynadi.
— Bitta topishmoq aytaman.
Bola “xo‘p” deganday bosh irg‘adi.
— Ketar, ketar izi yo‘q, tayanmoqqa tizi yo‘q. U nima?
Bola o‘ylanib qoldi. Burnidan battar ter quyildi. Qariya suv olib uzatdi.
— Ma, ich. Chanqog‘ing qonsin, qalbing quvonsin.
Yana bir yigit suv so‘radi. Baldoqpiyola bo‘shaguncha qariya unga ham topishmoq aytdi.
— Uzun-uzun iz kelar, uzun bo‘yli qiz kelar. Qoshginasi qaltirab, ko‘zginasi yaltirab. U nima?
Yigit iljaydi. Ko‘zlarini olib qochdi. Battar terga tushib, o‘zini olomon ichiga urib ketdi. Qariya qo‘lidagi suvni boshqa so‘rovchiga berdi. So‘ngra tashqariga yo‘l oldi. Bozor darvozasida “Xudo yo‘liga sadaqa qiling”, deb tilanchi ayol o‘tirdi. Qariya avval unga pul uzatdi, so‘ngra suv berdi.
— Alloh ikki dunyongizni obod qilsin, — dedi tilanchi. – Suvday serob bo‘ling!
— Omin. Savobini Hurbibi onaga bag‘ishlang.
Tilanchi bu nomni eshitmagan ekan, sergak tortdi.
— Hurbibi ona kim?
Qariya aytsammi, aytmasammi degandek tek qotdi.
— Yo‘l beringlar! Po‘sht, arava!
Ularning suhbati uzildi. Qariya bozor taloto‘pidan chiqib, aravachasini sudraganicha yo‘lga tushdi. Yana Hurbibi ona haqida o‘yladi.
…Yantoqdan boshqa giyoh qolmagan, shamol qaqroq tortgan yerlarni supurib, atrofga chang sochayotgan, odamlar mehnat qilishdan umid qolmaganidan uy-uylariga kirib, o‘tmish xotiralari-yu, kelajak umidlari bilan qorishib, g‘amboda hayot kechirayotgan bepoyon dashtda qirq kokil o‘rilgan uzun, tunday qop-qora sochlari yerga tegib turgan, qoshlari kamon, yuzi o‘n to‘rt kunlik oyday go‘zal, baland bo‘yli, sarvqomat qiz uyidan bir chaqirim narida, butun qishloq kaftdek ko‘rinib turadigan qir etagida, kichik bir tosh ustida Tangriga yolvorib o‘tirardi. Uning momiq qo‘llari ko‘kka ko‘zilgan, aqiq lablari qimtilgan, shahlo ko‘zlari xiyol yumilgan. Oftob badanini qizdiradi. U esa iltijo qilishdan to‘xtamaydi.
“Yo, Tangrim, O‘zing mehribonsan! Sendan o‘zga iloh yo‘q, sendan o‘zga najot yo‘q, sendan o‘zga panoh yo‘q! O‘zing Rahmonsan, Maliksan, Razzoqsan! Bizga rahm qilgin. O‘zingdan yolvorib so‘rayman. Gunohlarimizni mag‘firat etgin. Sening yo‘lingda qurbon bo‘lishga ham roziman. Faqat elimizga suv bergin. Yerimiz cho‘llab ketdi, chorvaga qiron yetdi, o‘t-o‘lanlar, daraxtlar qurib bitdi. Yantoqdan boshqa giyoh qolmadi. G‘aybingdan suv bergin, Tangrim! O‘zing mehribonsan! Har ishga qodirsan…”
Dasht shamoli qizning yuz-ko‘zini, ro‘moldan chiqib turgan sochlarini silar, uzun etaklarini o‘ynar, qiz esa tinmay yolvorardi.
Ayni qiyom vaqtida yuzi tirishgan, qoshlari o‘siq, ammo ko‘zlari tiyrak boqqan, bir zamonlar alpqomat bo‘lganiga ishorat beruvchi kishi qaddi egilib, hassasiga suyanib, sekin yurib, uning oldiga keldi.
— Bolam, tur. Uyga ketamiz…
— Xudo ko‘nglimga soldi. To suvni ko‘rmagunimcha, yo bir ishorat sezmagunimcha o‘rnimdan turmayman!
— Qizim, yolg‘izim, ko‘zimning oq qorasi! Nima qilayotganingni yaxshi bilaman, ammo erkaklarni bunday isnodga qo‘yma! Yetti nafar alp og‘ang bor!
— Ota, men ahd qildim! Mayli, bu yo‘lda qurboni bo‘lay!
Farzandlariga so‘z – qasamdir, deb o‘rgatgan, uning muqaddasligini anglatgan ota dilbandining bu shijoatidan titrab ketdi.
— Unday dema, bolam. Senga nimadir bo‘lsa, men chidolmayman! Axir men seni nomahramlardan, nazarlardan yashirib, ko‘zlari ko‘r, quloqlari kar, tili soqov, oyoqlari shol rutbasida voyaga yetkazdim. Sen suvday tiniq, nurday pok, go‘dakday begunohsan!
— Siz el og‘asisiz, ota! Siz bizga eng aziz narsani baxshida qilmasdan turib, eng aziz narsalarga erishib bo‘lmaydi, deb o‘rgatgansiz! Shuning uchun men o‘zimni Tangriga baxshida etdim!
Otaning qalbi o‘rtandi. Oh tortdi. Hassa tutgan qo‘llarini ko‘kka uzatib, iltijo qildi.
— Yo, Tangrim! O‘zing mushkulimizni oson qil! O‘zing har ishga qodirsan!
U shunday deya bir-bir qadam bosib iziga qaytdi. Shu kungacha ostona hatlab ko‘chaga chiqmagan suluv qizi endi tosh ustida tongni tunga ulardi. Xufton kirgach uyga qaytib, xonasiga kirar, yana iltijo qilardi… Tong otishi bilan tosh ustiga borib o‘tirardi…
Shu zaylda kunlar o‘tdi. Qish keldi. Ammo na qor, na yomg‘ir yog‘di. Faqat qora sovuq, izg‘irin esar, ko‘z ochirmasdi. Qiz shunda ham tosh ustiga borib o‘tirar, yolvorishdan to‘xtamas, faqat tunda fayzi yo‘qolib borayotgan uyga qaytardi. Barcha umid bahordan edi. Kutilgan bahor yog‘ingarchiliksiz o‘tib, qurg‘oqchilik xalqning tinkasini battar quritdi. Qizning ko‘z o‘ngida odamlar birin-ketin uylarini tark eta boshlashdi. Qishloq huvillab, faqat tosh ustida iltijo qilib o‘tirgan qiz hamda ularning oilasi qoldi…
— Ota, pichoq borib suyakka qadaldi, — dedi katta o‘g‘il. — Hech bir umid yo‘q. Chorvamiz bitdi, yerimiz cho‘lga aylandi. Xotiramizdan boshqa hech nimamiz qolmadi. Endi biz ham ketaylik…
— Yo‘q… – dedi ota boshini chayqab. – Singling ahd qilgan! Allohga so‘z bergan! Endi u sinovda! Uni tashlab ketolmaymiz!
— Singil – nomus! Buni bilaman, — dedi o‘g‘il. — Uning ham bir rang-ro‘yiga qarang. Gulday so‘lib, bargday qovjirab boryapti.
Ota boshini egdi, lablarini tishladi va chuqur xo‘rsindi. Uning qaroqlari qorayib borardi.
Qish yana bola tashladi, Bahor bebahra keldi. Qurg‘oqchilik odamlarning tinkasini tamoman quritdi. Yetti o‘g‘il rizq izlab yetti tomonga ketdi. Uyda faqat keksa chol-kampir qoldi. Oftob tig‘ida o‘tiraverib, rangi so‘ligan, yuzida dog‘lar paydo bo‘lgan, kundan-kunga ozib, eti qochib, holsizlanib borayotgan qiz esa hamon tosh ustida o‘tirar, iltijo qilishdan to‘xtamasdi. Qishloqda ulardan boshqa zot qolmadi. Hatto ko‘kda qushlar uchmay qo‘ydi. Go‘yo bu oila unutilgan, hayotdan uzilgan edi.
Ayni saraton chillasida, kun qiyomga kelganida mo‘jiza yuz berdi. Avvaliga cho‘lda kuchli to‘fon boshlandi. Qizni qurquv cho‘lg‘ab oldi. “Yo, Allohim! – dedi u. – O‘zing mehribonsan! O‘zing barchasiga qodirsan! O‘zing bizlarni hidoyat qil!” U pichirlab duo qilar, shamol esa zabtiga olar, qizni battar holsizlantirardi. O‘shanda hatto uning ichishga tomchi suvi yo‘q edi. Birdan quyun ko‘tarilib, qizni o‘rab oldi. Qiz esa ko‘zlarini yumdi, qo‘llari bilan yuzini yopdi. Qancha vaqt o‘tdi bilmaydi. Bir mahal tovoniga sovuq suv kelib urildi.
— Yo, Alloh! – ko‘zlarini ochdi u. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, tosh tagidan buloq otilib chiqqan edi. U quvonchdan chinqirib yubordi. Avvaliga hovuchini to‘ldirib suv ichdi! Yana ichdi, yana ichdi! So‘ng behush yiqildi.
Shomga yaqin qizidan xabar olishga kelgan ota pastlikka qarab jilg‘a hosil qilayotgan suvni ko‘rib, joyida turib qoldi. Ikkala qo‘lini ko‘tarib, «Yo, Alloh! Yo, qudratingdan!” dedi. Engashib kaftida zilol suvdan olib ichdi. Tani yayradi. Qizini izladi. Huv narida, tosh yonida qizi cho‘zilib yotardi. “Uxlab qolibdida” dedi va yoniga bordi.
— Qizim?!
Qiz yumilgan ko‘zlarini ochmadi.
— Qizim, qara, Alloh iltijolarimizni eshitdi! Tosh tagidan buloq chiqardi!
Qizdan javob yo‘q edi.
— Qizim, eshityapsanmi? – ota egilib, jigarbandining yuziga boqdi. Uning yuzi nursiz edi… – Bolam, uyg‘on!– deb yelkasidan tutgan edi qizning boshi yonga og‘ib ketdi.
— Bolam! – otani titroq tutdi. Ko‘zlariga duvva yosh quyildi. Bu yo‘qotish-u topish, boy berish-u erishish orasidagi shunday bir buyuk iztirob ediki, otaning vujudini tilka-tilka qilar edi. – Suv keldi, sen ketdingmi, bolam! Sen ketdingmi!
Ota qizining boshini tizzasiga olib, qancha o‘tirdi, qancha nola chekdi, bilmaydi. Yig‘lay-yig‘lay ko‘z yoshlari tinib, boshini ko‘tarsa, ko‘kda yulduzlar charaqlab, yetti o‘g‘li atrofini o‘rab turgan edi…
Shu-shu qishloqqa hayot qaytdi. Chashma nomi hur ketgan qiz ismiga aylandi. Xalq orasida Hurbibi ona deb atala boshladi. Odamlar endi suvning savobini unga bag‘ishlashni ham odat qildi…
…Xayolga cho‘mgan qariya bozor ko‘chasidan ancha yurib, dasht yo‘liga tushgan edi, ketidan birov “Buva, to‘xtang!” dedi. O‘girilib qarasa, haligi ozoda kiyingan erkak.
— Nima gap, inim?
— Suv bering.
Qariya unga sinovchan boqdi.
— Sening darding suv emas.
Erkak joyida qotdi.
— Bir narsa so‘ramoqchi edim.
Qariya unga sinovchan boqdi.
— Siz boya bozorqo‘mga Xudoyimning ishoralarini anglamay, Xizrni yo‘qotgan odamman, dedingiz? Buning siri, ma’nosi nima?
— Har kimning o‘z qayg‘usi, g‘ami bor, — dedi qariya ma’yuslanib. — Ma, avval suv ich.
Erkak bir ko‘tarishda baldoqpiyolani bo‘shatib, qariyaning horg‘in, ammo tiyrak ko‘zlariga boqdi.
— Endi aytchi, bu nega seni qiziqtirib qo‘ydi?
— Havodan boshqa hamma narsa pullik bo‘lib ketgan zamonda siz bozorda tekinga suv tarqatib yuribsiz. To‘g‘ri, buni savob deb qilasiz, duo olasiz. Ammo “Xizrni yo‘qotgan odamman” deganingiz men uchun jumboq. Uni yechishga yordam bering.
Qariya chuqur xo‘rsindi. Aravachasiga suyandi. O‘ylanib qoldi.
— Men juda omadsiz odamman, — dedi nihoyat.
— Keling, soyaga o‘taylik. Bemalol o‘tirib gaplashamiz, — dedi haligi erkak.
— Ko‘rdingmi, hamma halovatini deb maqsaddan og‘ishadi. Men ham sen kabi o‘zimni o‘ylab, uch bora adashdim…
Erkakning butun vujudi quloqqa aylandi.
— Bir kuni saratonda, mana shunday jaziramada juma namozidan chiqib, uyga kelayotsam eshigim oldida bir kir-chir, juldur kiyimli odamni uchratdim… U mastga ham o‘xshardi. Jirkandim. U esa mendan suv so‘radi. Uni haqoratlab, so‘kib haydab soldim…
Erkak yelkasidan nafas oldi.
— Endi bunisini eshit. Yana birda ayni kun qiyomga kelganida yo‘limdan bir ayol chiqdi. U menga dardini doston qildi. Eri vafot etib, yetim qolgan farzandlari sabab yengil yo‘lga kirganini, keyin tavba qilib, Haq yo‘liga qaytganini aytdi. Juda chanqadim, non olishga pulim yo‘q. Yordam bering dedi. Men uning Haq yo‘liga kirganiga ishonmay, indamay o‘tib ketdim.
Qariya o‘kinch bilan hikoya qilar, erkak bo‘lsa uning yuzidagi nadomatni yanada chuqurroq ilg‘amoq uchun hatto nafas olishni unutganday qotib turardi.
— Hayotimda yana bir voqelik yuz berdi. Ammo uni aytib berolmayman… – dedi qariya xo‘rsinib. — O‘sha kecha tush ko‘rdim. Tushimda oppoq libosda, yenglari osilib turgan mo‘ysafid qarshimga kelib, “Bekorga nolinma, uch bora ko‘rinish berdim, tanimading! Belgilarni sezmading. Undan ko‘ra, kibrdan xalos bo‘l! Suv kabi oqib tozalan, har kun yangilan” dedi. Keyin anglasam, uch bora Xizrga duch kelibman-u, uni tanimabman. Shundan beri ko‘cha-ko‘yda, cho‘l-biyobonlarda, ba’zan bozorlarda suv tarqataman. Tug‘ilganimizdayam, o‘lganimizdayam poklaguvchi shu… Ikki eshik orasida suvsiz najot yo‘q.
Erkak hang-mang bo‘lib qoldi.
— Iltimos, uchinchi voqeani ham so‘zlab bering… – dedi oxiri.
Qariya boshqa gapirishni istamay aravachasini sudragancha hirqiroq tovushda xirgoyi qilib, oldinga yurib ketdi.

Obi xudoyi, ob xudoyi,
Men bir yaxshilikning gadoyi.
Qaqroq yerda o‘tirgan Balyo,
O‘t-o‘lanni tebratgan Balyo,
Sen imonda, oh, men gumonda,
Holim bu kun shunday yomonda.
Hikmating ko‘p, ey, ko‘hna dunyo,
Yo‘ldan adashtirma, Xudoyo!
Yo‘ldan adashtirma, Xudoyo!

Qariya uzoqlashgan sari ovozi ham so‘nib borardi. Oxiri ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Quyosh tik kelgan, zamin bag‘ri tandirday qizir, chumchuqlar chirqillab o‘zlarini daraxtdan daraxtga urar, odamlar terga pishgancha narsa ko‘tarib, yuk orqalab bozordan qaytar, tinmay narx-navoni muhokama qilishar, qariyaning hikoyasini tinglagan erkak esa poyonsiz hislar, azaliy jumboqlar ichra boshi gangib yo‘l chetida mulzam o‘tirardi…
Odamlar endi har bozorda tekinga suv tarqatib yurgan qariyani izlashar, ammo undan darak yo‘q edi…