Otaning o‘zi ruxsat berdi.
— Mayli, o‘g‘lim. Qayerda bo‘lsang ham boshing omon bo‘lsin. Faqat tug‘ilgan joying, ota-onangni, urf-odatlarimizni unutma. Men senday o‘g‘lim borligidan doim faxrlanaman.
— Sizni uyaltirib qo‘ymayman, ota…
— Senga ishonaman. Kelinimni ehtiyot qil. U hali yosh. — Ota o‘g‘lini bag‘ridan bo‘shatib, iymanibgina turgan keliniga yuzlandi. — Qizim, senga ishondim, lekin. Ikkovlaring ham o‘qigan, oq-qorani tanigansizlar. O‘zlaringni ehtiyot qilinglar. Mehr-muhabbatlaring tuganmas bo‘lsin.
Boshida do‘ppi, ustidan katta guldor ro‘mol tashlab, qo‘g‘irchoqdek bezangan kelinchak ro‘mol ostidan qaynotasiga qaradi va “Xo‘p” degandek bosh irg‘adi. So‘ng xayrlashish uchun ovsini yoniga keldi.
— Mayli, yanga…
— Xo‘p, kelinjon. Yaxshi yetib olinglar.
O‘g‘il akasi bilan ham xayrlashdi.
Bir vaqt ota:
— Manavi ashqol-dashqolingning yarmini tushir, men ham ketaman!
— Ie?! — dedi o‘g‘il quvonib. — Kechadan beri ko‘ndirolmagandik-ku?
— E, bo‘lmadi. Uzoq yo‘lga yaramayman, deb o‘tirsam, o‘tiraveraman. Shoshma, sen menga joy bo‘shatib tur, — ota shunday deya uyiga kirib, egniga yangi chopon, oyog‘iga mahsi-kovush kiyib chiqdi.
Mashina qir etagida joylashgan uylarni ortda qoldirib, shahar tomon ildamladi.
* * *
O‘g‘il magistraturani bitirgach, poytaxtdan ikki xonali uy sotib olgan, hozir aspiranturada o‘qir, kelinchak esa magistratura bitiruvchisi edi.
Shaharga kelgach ota o‘g‘li bilan kelinining joylashishini kuzatib, ularning bir-biriga mehribonligidan quvonib o‘tirdi. Kelinchak yelib-yugurib xizmat qilar, qishloqdan kelgan kelinlik narsalarini uyga joylashtirar, qilayotgan ishidan o‘zi-da quvonar, huzurlanar, orada qaynotasining choy- nonidan ham xabar olib, “Buvajon, choyingiz bormi?” deya girdikapalak bo‘lar, hayotidan mamnun edi. O‘g‘il ham yuklarni chiqarib bo‘lgach, do‘konga chiqib keldi. Orada kelinchak oshga ham unnab yubordi.
Kechga tomon ota namozini o‘qib, choy ichib, ularni kuzata turib, bundan ko‘ngli xotirjam tortib dedi:
— Bolam, ikkovlaringni kuzatib, bir narsani o‘yladim. Yetmish yillik umrim bekor ketmabdi. Hayotimning keyingi o‘n sakkiz yilini yolg‘iz o‘tkazdim. Taqdir ekan, onang erta olamdan o‘tdi. O‘shanda men ellik ikki, onang ellik yoshda edi. Shundan so‘ng men nima yedim, nima ichdim, nima kiydim, bilmayman. Bilganim sen bilan akang, uch opang edi. Men ham ota, ham ona bo‘lib, opalaringni turmushga uzatdim. Xudoyimdan aylanay, menga shunday solih farzandlar berdi. Akang menga qarashni, meni deb yashashni umrining mazmuni, deb biladi. Shuning uchun biror joyda o‘qimadi. Hamma tashvishni o‘z bo‘yniga oldi. Men ham ro‘zg‘orimizga bir ayol kishining qo‘li kerakligi uchun uni erta uylantirdim. Peshanamdan aylanay, kelin o‘z qizimday chiqdi. Keyin men hamma umidimni, o‘zim yetolmagan orzular ijobatini sendan kuta boshladim. Shu sabab, seni o‘qitdim, “Uy olaylik”, deding, umrim bo‘yi yiqqanlarimni sotib, mana uy olib berdim. “Ko‘ngil qo‘yganim bor” deding. Bu niyatingga ham yetding. Ilohim, hamisha shunday omadli bo‘lgin. Katta shaharda kichkina bo‘lsayam o‘z nomlaring bo‘lsin. Ilmli xor bo‘lmas. — Ota shunday deya cho‘ntagidan surat chiqardi. Keliniga qaradi. — Bu qaynonang. O‘n sakkiz yildan beri yonimda yo‘q, ammo kunu tun ko‘ksimda…
Ota shunday deya suratni dasturxon ustiga qo‘ydi-da, shart o‘rnidan turib, balkonga o‘tdi…
Bir lahza suratga tikilib qolgan kelinchak yuragi to‘lqinlanib, beixtiyor turmush o‘rtog‘iga qaradi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, uning ko‘zlari jiqqa yosh edi.
— Unday qilmang, — dedi kelinchak sirg‘alib erining yoniga borib, — yig‘lamang. Shunday sadoqatli insonlarning farzandi bo‘lish bizga baxt-ku!
Er yalt etib xotiniga qaradi. Uning nigohlarini chulg‘ab olgan mung va g‘ussa o‘rnini quvonch uchqunlari egalladi. Beixtiyor yuziga nimtabassum yoyildi. So‘ng “Otamdan xabar olay”, deya o‘rnidan turdi. Qarasa, ota eshikka suyanganicha ularga qarab turibdi. O‘g‘il birdan to‘xtab qoldi, kelinchak xijolat tortib, qo‘liga choynakni oldiyu oshxonaga o‘tib ketdi.
Ota o‘sha kech o‘g‘li bilan keliniga hayotining eng gullagan damlaridan, eng og‘ir kechmishlaridan so‘zlab berdi. Quvonchini-da yashirmadi, armonlarini-da sir tutmadi. O‘g‘il ham shu oqshom otasini, ota qalbini qaytadan kashf etgandek bo‘ldi. Kelinchak esa o‘z hayoti va xayollari bir, qaynotasi taqdiridan eshitgan hikoyatlar bir bo‘lib, hayot maktabi oldida vijdon bilan yonma-yon turib qoldi.
O‘g‘li bilan kelinidan ko‘ngli to‘lgan va yuragini bo‘shatgan ota endi bu yerda qiladigan ishi yo‘qligidanmi, ko‘ngli xotirjamligidanmi, ertasi tongda farzandlariga oq fotiha berib, ota makoniga — qishlog‘iga qaytdi.
* * *
Otaning kun tartibi g‘alati. Bomdoddan so‘ng qo‘ylarini haydab, uyi yonidagi qir ustiga chiqib o‘tiradi. Qo‘ylar adirda yoyilib o‘tlaydi, u esa ikki tizzasini quchganicha atrofni kuzatadi. Tong otishiga, qishloqdoshlarining qiy-chuv qilib kunni qanday boshlashlariga qarab qoladi, xayollarga beriladi…
— Iqbol, keng, choyingiz sovib qoladi. Qo‘ylar o‘tlab tursin, hozir birortasini jo‘nataman. Maktabga ketar vaqti bo‘ldi.
U o‘rnidan turadi-da, qo‘ylariga bir qarab qo‘yadi. Chakana soyda yoyilib o‘tlayapti. U sekin, bir-bir bosib uyga kela boshlaydi.
— Iqbol, bolalar turdimi?
— Ha, turyapti.
Ota miriqib, yayrab yuz yuvadi. Eshik tutqichiga ilingan sochiqqa yuzini arta-arta ichkari kiradi. Uch qizi shakarchoy ichib o‘tiribdi.
— Iqbol, qizim, choyingni ichib bo‘lgandan keyin singling ikkoving qo‘yga chiqinglar, maylimi? Kun qizib qolguncha qaranglar, keyin qo‘raga qamab tashlaysizlar. Yotadi.
— Mayli.
Ota o‘tirgach qizchalar yuzlariga fotiha tortishib, o‘rinlaridan turishadi. Uyda er-xotin va kichkina qizcha qoladi.
Ular nonushta qilishadi. Keyin u maktabga ketadi. Ayol yukli holi bilan uy ishlarini qiladi. Tomorqadan o‘t yulib, daraxt tagida bog‘liq turgan sog‘in sigirga tashlaydi.
Tushdan keyin maktabidan qaytgan er qo‘ylarni qo‘shnining o‘g‘li bilan uning qo‘ylariga qo‘shib yuboradi-da, ayoli bilan tomorqada ishlaydi. Ba’zan sabzi, piyoz o‘toq qilib o‘tirgan ayoliga qarab turib-turib, so‘raydi.
— Qiynalmayapsanmi?
Ayol boshini ko‘tarib eriga boqadi. Ko‘zlari tinib, bir muddat harakatsiz qoladi. So‘ng “Xavotir olmang, yaxshiman”, deb qo‘yadi. Er uning qoni kamligidan hozir boshi aylanib ketganini sezib qoladi, so‘ng bozor kuni shaharga tushib, qoramolning tilidan olib kelishni niyat qiladi. O‘rik tagida o‘ynab o‘tirgan qizlariga qarab ma’yusgina jilmayadi. Ich-ichidan bir nido keladi: “Xudoyim, shularning izidan birgina o‘g‘il bergin…”
… Tongda qir ustida o‘tirgan ota chaqmoq kabi yilt etib, xotirasining qat-qatlarini yoritib yuborgan xayollardan xalos bo‘lib, beixtiyor o‘g‘illari haqida o‘yladi. Mana, nabirasi qirga qarab kelyapti. Tushgacha qo‘y boqadi.
Ota hozir uyga kirib, choy ichadi. Keyin birpas kichik nevarasini o‘ynatadi. So‘ng tomorqalarni aylanib keladi. Kun qizib qolgach, yana uyga kiradi. To‘y-ma’raka bo‘lsa, shunga boradi. Bo‘lmasa, uyda radio eshitib yotadi. Nari borsa, bir mizg‘ib ham oladi. Peshinni o‘qigach, yana uy atrofida g‘imirsib yuradi. “Ota, qo‘ying, o‘zim qilaman”, deganiga qaramay o‘g‘ilning ishlariga yordam beradi. Hech bo‘lmasa, uy soyasida ketmondasta yo‘nib o‘tiradi…
Biroq keyingi kunlarda ota o‘ziga sezilmagan holda yangi odat chiqardi. Har kuni tushdan keyin uy yonidagi o‘rindiqda o‘tirib yo‘l qaraydi. Katta o‘g‘il avvaliga e’tibor qilmagan ekan, bu holat kunda takrorlanavergach, yurak yutib so‘radi.
— Ota, har kuni bunday, uyning yoniga chiqib o‘tirasiz. Tinchlikmi?
— Tinchlik, — dedi ota allanechuk bezovtalanib. — O‘zim… Qiladigan ishim bo‘lmasa. O‘tiribman-da.
— Yo, Tashkindagilardan xavotir olayapsizmi?
Ota “yalt” etib o‘g‘liga qaradi. Uning ko‘zlarida allaqanday ma’yuslik, sog‘inch , mung yashirin edi.
— Ketganlariga yigirma kun bo‘ldi, bir kelishmadi-ya?! — ota kutilmaganda dil yordi. — Odam shuncha ham beo‘y ketadimi-a?
O‘g‘il nima deyarini bilmadi. Oxiri:
— Ota, ular ikkoviyam o‘qiydi. Javob ololmayotgandir-da. Yoki ertaga borib, ko‘rib kelamizmi?
Otaning chehrasi yorishgandek bo‘ldi. O‘rnidan turdi.
— Tashkin yaqin bo‘lsa ekan, g‘ir etib borib kelsak. Qo‘y, seniyam ovora qilmay. O‘zim ketaman.
* * *
Kun bo‘yi avtobusda shilqillab kelgan ota shohbekatda tushgach, o‘tirib charchaganini his etdi. Qaysi yo‘ldan yurishni bilmasdan, bir muddat kalovlanib turdi-da, taksi to‘xtatdi.
— O‘g‘lim, shu, meni kenjamnikigacha oborib tashlolmaysizmi?
Haydovchi “piq” etib kulib yubordi.
— A, otaxon, kenjangizni tanimasam men. Manzilni ayting, manzilni.
— Manzili … — ota bilganicha manzilni tushuntirdi.
Mashina yo‘lga tushdi. Ota atrofni kuzatdi. O‘zgarib borayotgan shaharni miriqib tomosha qildi. Mashina baland uylar oldida to‘xtadi.
Ota “Yo, pirlar madad”, deya mashinadan tushdi va atrofga alanglagancha o‘g‘li yashaydigan uyga qarab keta boshladi. Kerakli qavatga chiqqach, eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi.
— Kim? — ichkaridan kelinining nozik ovozi eshitildi.
— Men, ochinglar-ey.
Bir lahzalik jimlikdan so‘ng eshik ochilib, o‘g‘il ko‘rindi.
— E, ota?! Assalomu alaykum. Keling, keling.
— Vaalaykum assalom. Ha, omon bo‘lgurlar-a? — charchab, xansirab qolgan ota xaltasini eshik oldiga qo‘yib, o‘g‘lini bag‘riga bosdi. Oyog‘idan mahsi-kalishni yecha turib, kelini bilan qo‘l berib salomlashdi. — Yaxshimisan, qizim?
— Keling, buva… — kelinchak otani uyga chorladi. Yo‘l-yo‘lakay eriga “Ana, ko‘rdingizmi?” degandek qosh uchirdi. O‘g‘il xijolatomuz ota izidan yurdi.
Kelinchak dasturxon yozib, choy damlaguncha ham ota yayrab gapirolmadi. Nafasi siqilib, xansirab qolaverdi. Ammo ko‘z osti bilan avval keliniga, o‘g‘liga, so‘ng atrofga nazar soldi. Negadir “Yaxshi, yaxshi”, deb qo‘ydi.
— Qanday, yaxshi yuribsizlarmi? O‘qishlaring, ishlaring joyidami?
— Rahmat, ota. Hammasi yaxshi.
— Kelin ham ro‘zg‘orga o‘rganib ketdimi?
Buni eshitib turgan kelin dasturxonga meva-cheva qo‘ya turib, bir jilmayib qo‘ydi. Ota kelinchakning haliyam katta ro‘molni tashlamaygina, do‘ppida yurganidan quvondi.
— Nimaga qishloqqa bormadinglar? Odam xavotir oldi, lekin.
— Shu, kelayotgan shanba kuni bormoqchi edik. Nimaga deganda, bir-ikki kun bo‘ldi, stipendiyalarimizni oldik, — dedi o‘g‘il.
— Uydan olib kelgan pullar tamom bo‘ldimi?
— A, u allaqachon joyini topib ketdi. Bir-ikkita o‘rtoqlarimiz “Qulluq bo‘lsin”ga keldi. To‘yga borolmaganlarga haq berdik. Ishqilib, ketdi-da.
— Ha, mayli. Yaxshilikka ketibdi. — Ota shunday deya yonidan bir dasta pul chiqarib, dasturxon ustiga qo‘ydi. — Qiynalib qolmanglar. Yosh ro‘zg‘orga ko‘p narsa kerak bo‘ladi.
— Ota… — o‘g‘il xijolat tortdi. — O‘zi biz borishimiz kerak edi. Shuncha yo‘ldan horib kelishning ham o‘zi bo‘lmaydi.
— Hali sen ham ota bo‘lgin, ko‘ramiz… Ilohim, o‘g‘il-qizlaring ko‘p bo‘lsin.
Ota-bola, kelin uzoq gaplashib o‘tirishdi. Otaning bolalari hayotidan ko‘ngli to‘lib, ancha yengil tortdi. Ikki yoshning gaplari, fikrlaridan ular ham shaharlik bo‘lib ketayotganini his etdi…
Shundan keyin ham o‘g‘il vaqtida otasidan xabar olishga fursat topolmas, ilmiy va jamoat ishlaridan bo‘shay olmas, ota esa ularni o‘n-o‘n besh kunda bir ko‘rmasa toriqib, yana uy yoniga chiqib yo‘l qaray boshlardi… Ota shu tarzda uch-to‘rt kun kutar, hatto bir haftagacha uy yonida intiq o‘tirar, oxiri bir nevarasini olib, poytaxtga yo‘l olardi. Yo‘l uzoq, keksalik esa o‘z so‘zini aytardi. Ota endi o‘g‘lining uyiga borgach, yotib qolardi… Ikki-uch kun hordiq chiqargach, yana qishlog‘iga qaytar, o‘g‘il esa xijolatdan yerga kirgudek bo‘lardi.
— Ota, bunday qiynalib yurmang, o‘zimiz boramiz…
— E, mening o‘nta o‘g‘lim bo‘lsa ekan, hali unikida, hali bunikida yursam. Sog‘inaman-da, lekin, bolam. Mana, bolalaring odam bo‘lyapti. Hademay, bu kunlar sening ham boshingga tushadi…
* * *
Oradan yillar o‘tdi. O‘g‘il — endi sochlariga oq oralagan, fan doktori, haftada yo o‘n besh kunda bir ayoli bilan qishloqqa, ota uyiga keladi. Uyda ko‘p ham o‘tirolmaydi, ota kabi toriqib, uy aylanib yuradi. Otasi qo‘y boqqan, o‘zi qo‘y haydagan qirlarga chiqib, atrofni tomosha qiladi. Qir ustidan turib, onasi ishlagan paxta dalalariga, otasi maktabga borib-keladigan yo‘llarga tikiladi… O‘pkasi to‘lib-to‘lib ketadi. Go‘yo hozir shu yo‘llardan qo‘ltig‘iga papka qistirgan otasi yurib keladi, daladan boshiga oppoq ro‘mol o‘ragan onasi chiqib keladi.
“— O‘g‘lim, bu yerda nima qilib o‘tiribsan?”
Bu otasining xavotirli ovozi edimi, yo onasining mehribon tovushi edimi, bilolmay qoladi. Bir atrofga alanglab oladi. Bir-bir armonli qadamlar tashlaganicha qirdan uy oldiga tushib keladi.
— Nimalar qilib yuribsan? — so‘raydi aka. — Kel, uyga kiramiz.
— Birpas tashqarida yuray…
Aka-uka taxta o‘rindiqqa o‘tirishadi. U yerdan butun qishloq ko‘rinib turadi. Ular unsiz uzoq-uzoqlarga tikiladi.
— Bir vaqtlar otam rahmatlik shu yerda yo‘lga qarab o‘tirardi… — aka o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek boshini chayqadi. — Endi men shunday o‘tiraman. Ikki ukang shaharda o‘qiyapti. Shu yerda o‘tirib otamni eslayman, nega bu yerda o‘tirishlarini endi tushunayapman.
Uka armon bilan boshini irg‘adi.
— Siz-ku, otamning xizmatlarini qilib, ko‘p duolarini olib qoldingiz. Men-chi? Hali ilmiy ish, hali oila tashvishi, hali boshqa sabablar bilan vaqtida otamni ko‘rishgayam kelolmadim. Rahmatlik keksa holi bilan o‘zi borardi-ya? Shundayam yonida ko‘p o‘tirolmasdik. Otam kechqurun borar, ertalab yana qaytardi. Chunki men ham, keliningiz ham ishga chiqib ketardik. Endi mana, aytganingizdek, o‘zim otamning ahvolidaman. Ikki o‘g‘lim, ikki shaharda. Katta amal egalari, lekin bir kelib ketishga vaqtlarini qizg‘anishadi. Ularni ham tushunaman, ammo men otaman-ku?! Shunday paytlarda o‘zimga-o‘zim “qaytar dunyo ekan-da”, deyman. O‘zim bilmagan holda eshikka termulaman, derazalardan tashqarga boqaman. Otamni qo‘msayman, xuddi hozir eshikdan to‘lib-toshib, xaltalarini ko‘tarib kirib keladigandek bo‘laveradi. Ammo bu endi xayol… Ke-yin, aka, chidolmay o‘g‘illarimning yonigayam bormasdan shu yerga kelaman. Xayolimda otam o‘z uyida o‘tirgandek tuyuladi. Ammo bu ham xayol. Keyin uyga ham sig‘may qirlarga chiqib ketaman. Otam yurgan izlardan yuraman. Uyga kirib ularning suratiga boqaman, yuragim to‘lib-to‘lib ketadi. Otamning, onamning yodi, xotiralari qolgan devorlarga tikilaman, shu derazalardan tashqariga qarayman, aka, qo‘llarim bilan mana shu loysuvoq uy devorlarini silayman, ammo bu ham xayol! Xotira…
U to‘lib so‘zlay-so‘zlay beixtiyor o‘girilib, yonida o‘tirgan akasiga qaraydi. Akaning ikki ko‘zi to‘la yosh. U yelkasini ukasining yelkalariga tiraydi. Bunga-da qanoat qilmaydi, ukasini bag‘riga bosadi. Uka aka quchog‘iga singib ketgudek bo‘ladi. Yelkalarini silaydi. Ana shunda go‘yo bag‘rida akasi emas, otasi turgandek tuyuladi. Ota bo‘ylari dimog‘iga urilgandek bo‘ladi. Bir taskin topadi, yengil tortadi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 41-sonidan olindi.