Ukam isitmalab, onam tipirchilab qoldi.
Yo‘qsilning ko‘rgan kuni qursin. Topishi kam bo‘lsa ham bolasi ko‘p bo‘ladi. Kambag‘allik otameros o‘tib, biror kasbning hujjatiga ega bo‘lolmagan, aslida xo‘jalik ishlarining hammasi qo‘lidan keladigan otam erta bahordan ikki-uchta qismatdoshlari bilan avvallari qishloq oralab mardikor ishlab yurarkan. Bizlar songa kirib, uy ishlariga yordamimiz tegib qolgach, xorijda ishlab kelishni odat qilgan. Bu degani yilning to‘qqiz oyida ro‘zg‘orning hamma tashvishi, kamiga besh bolaning g‘urbati onamning gardanida edi. Otam shu yoqlarda ham yaxshi ishlay olasmidi yo xo‘rozlar hamma yerda ham bir qichqirganidanmi, topishining tayini yo‘q edi. Uyga yuborgan pullari ro‘zg‘orimizdan ortmasdi. Eri chetda ishlaydigan onam o‘ziga bir ko‘ylak-poycha olmasdi. «Men o‘zi yangi kiyim kiyolmayman. Kiysam, badanim qichimsib ketaveradi», deb nima orttirsa, bizga ilinardi. Shundayam avgustda yangi o‘quv yiliga kiyim qilish uchun yig‘inib o‘tirardi. Maktabga boradiganlarimizga bir sidra yozlik kiyim-kechak, daftar-ruchka olib bersa, «Endi otang kelsa, qishlik olib beradida… Hali un bilan yog‘imiz ham tugagan…» deb dami chiqmay qolardi. E’tibor berganman, o‘zi jussasi kichikkina, ozg‘in, qoramag‘iz onam bozordan narsa xarid qilayotgan vaqtlarida negadir kichrayib, battar qorayib ketardi, ketma-ket uh tortardi.
— Ona, nega uh tortayapsiz? – deb so‘rasam: «Bolam, shu bozorda juda dimiqib ketamanda. Havo yetishmaydi…» derdi.
O‘sha paytda men o‘n bir yoshda, ketma-ket tug‘ilgan uch singlimning kattalari maktabga chiqqan, uchinchisi ham onamga beshik tebratishga yordam beradigan bo‘lgan, kenjamiz esa toy-toy turib qolgandi. Ammo ukamga onamdan ko‘ra singillarim ko‘proq qarashardi. Onam uni emizib yoki ovqatlantirib bersa bo‘ldi, qolganini qizlar o‘ynatib yoki uxlatib o‘tirardi. To‘qqiz yoshli katta singlim hatto sumakni qo‘yib, qo‘lbog‘-oyoqbog‘larni mahkam tortib, chaqaloqni beshikka belashni va yechib olayotganda «Katta yigit bo‘lsin», deb erkalab beshikko‘rpachaga hamda bolaning yelkasiga urib-urib qo‘yishni ham bilardi.
…O‘sha kuni ayni shom mahali edi. Dekabrning o‘rtalari. Ertalab yoqqan qor ta’siridan tabiatda izg‘irin hukmron. Men og‘il ayvonida bog‘liq turgan sog‘in sigirga yemish — makkapoya tashlash uchun chiqib ketayotganimda onam ukamning oyoq-qo‘lini spirtlab, uqalab o‘tirgandi, ammo necha kundan beri yo‘talib turgan chaqaloq g‘ingshib, tinchlanmayotgan edi. Men onam hozir chiqib sigirni sog‘adi, degan xayolda iydirish uchun onasiga talpinib turgan buzoqni qo‘yib yubordim. Shu payt onam uydan ukamni ko‘tarib chiqdi.
— Murodjon, buzoqni joyiga bog‘lab qo‘y. Sigirni kelib sog‘aman. Ukangni do‘xturga olib boraylik, isitmasi battar ko‘tarilib, qaltirab ketyapti. – Gapini tugatmasdan katta singlimga buyurdi. – Bolam, sizlar uyda yaxshigina o‘tirib turinglar. Darrov kelamiz. Tashqariga chiqmanglar, kun sovuq. Odyolni ber.
Men buzoqni arang tortib, joyiga bog‘ladim-da, onamning yoniga bordim. Singlim odyolni olib chiqdi. Onam isitmalab yotgan ukamni o‘rab, yo‘lga tushdi. Men yonida. Qor bosgan, yakkam-dukkam iz tushgan izg‘irinli tosh ko‘chada ketyapmiz.
— Voy, kallam qursin-a, — dedi onam ancha yurib qo‘yganimizdan keyin. – Na pul olibman, na oyog‘imga tuzukroq narsa kiyibman. Kalishda chiqib ketibman. Sen ham boshingga biror narsa kiymabsan.
— Sovqotmayman, choponim bor-ku…
Yurib ketayotganimiz uchunmi hozir havoning sovuqligi bilinmayotigandi. Ammo kechki izg‘irin zabtiga ola boshladi. Egnimda chopon bo‘lgani bilan oyog‘imda maktabga kiyib bo‘lmay qolgan, «og‘zi» bir ochilib, yopilgan, ezilib qolgan krossovka edi. Hademay sovqota boshladim.
— Ona, do‘xturning uyi qayerda?
— A, yitib ketgan. Eski kolxozning idorasining oldida. – Onam yurishdan to‘xtab, chirqirab yig‘layotgan ukamning yuzini, odyolning oldini kengroq ochdi. Yo‘l chekkasiga chiqib, bir devorni shamolga pana qilib, emizmoqchi bo‘lib ko‘krak tutdi. Chaqaloq emmadi. Onam uning peshanasiga qo‘lini qo‘ydi. Issiq, «yonib» yotibdi. Onam odyolni menga uzatdi-da, ukamni uzun jemperining oldiga o‘rab, yana yo‘lga tushdi.
— Yo, xudojon, o‘zing sharmanda qilmagin. Nima bo‘lsa, do‘xtur uyida bo‘lsin…
Onam shunday nola qilib, toshko‘chaning iz tushgan joylaridan yurib borardi. Chamasi, uch kilometrlar yurgach, nihoyat, qishloq vrachining hovlisiga yetib bordik. Yo‘lda men bir necha marta to‘xtab, nafas rostlagan kishi bo‘ldim, ammo onam ukamni opichlaganicha hadaha ketaverdi.
Xayriyat, do‘xtur uyida ekan. Chamasi ellik yoshlarda. Semizligidan pildirab bir g‘alati yurar ekan. Bizlarni ko‘rib, achinish bilan bosh chayqadi.
— Kiring, kiring. U-hu, ona-bola sovuqdan ko‘karib ketibsizlar-ku. – Feldsherning bemorning ahvolini ko‘rganida achinganidanmi, «U-hu, chuq-chuq-chuq» deydigan odati bor ekan. Bizlarni uyga boshlayotib ham shunday qildi. – U-hu, nima bo‘ldi, bu polvonga?
— Isitmalab yotibdi. Qarang.
Ukamning yuzi menga ko‘rinmagani uchun onamga qaradim, yuz-ko‘zi ko‘karib, oyoqlari qizarib ketibdi. Qattiq kalish urganmi yoki avvaldan yirtiq bo‘lganmi, paypog‘ining ikkalasi ham tovonidan yirtilib ketibdi. U yerdan qor kirib, oyog‘ini qizartirib yuboribdi.
Do‘xtur birdan ukamning haroratini o‘lchadi.
— U-hu, chuq-chuq-chuq, o‘ttiz to‘qqiz yarim! Kelin, shu vaqtgacha olib o‘tirdingizmi-a? Hozir. – U kardon qutidan ikki xil dori olib, aralashtirdi-da, ukol qildi. So‘ng nikel qoshiqning tutqichini ukamning og‘ziga tiqib, tomog‘ini ko‘rdi. – U-hu, qizarib, yiringlab ketibdi-ku. Shuning uchun temperatura qilib yotibdida. Buni davolash kerak. – U ko‘rsatkich barmog‘iga doka o‘rab, spirtladi-da, ukamni chirqiratib tomog‘ini ikki marta artdi. Ikkalasida ham barmog‘i uchida qon aralash yiring chiqdi. – Oling, bir emizib yuboring.
Onam «Bolajonim-a, seni yig‘latmay men o‘layin-a…» deb ukamni oldi-da, do‘xturga orqa o‘girib, chaqaloqni emiza boshladi. Shunda do‘xturning ham ko‘zi onamning yirtiq paypoqdan ko‘rinib turgan tovoniga tushdi.
— Hozir qish bo‘lsa, oyog‘ingizga butun, qalinroq narsa kiyib yuring. Sog‘lik o‘zingizga kerak. Hozir ichagi uzilguday big‘illab yig‘lab yotgan bu bolalar hademay katta bo‘lib, uylansa, siz qolib, xotinining pinjiga kirib ketadi. Jon-jon, o‘zingizning joningiz. O‘zingizni ham o‘ylang.
— Ha, xudoga shukr. O‘zimniyam o‘ylayman. Ukangiz, har bir narsaning ikki-uch xilidan olib berib qo‘yibdi, shoshganimdan shunday chiqib ketibmanda… O‘zimgayam bilindi. Oyog‘im qaqshab ketdi. Mayli, do‘xtur, qo‘yavering. Ishqilib, bolam tuzalib ketsa bo‘ldi.
— Nasib bo‘lsa, otday bo‘lib ketadi. Tomog‘ini doka bilan bog‘lab yuring. Keyin, manavi doridan kuniga uch mahal ichiring.
Onam bir qo‘lini uzatib, dorini oldi. Bu paytga kelib, ukam ancha tinchlanib, uyquga keta boshlagandi.
— Xudoga shukr, uxlamoqchi. Ko‘zi ilinyapti… — dedi onam quvonib.
— Ha, indamang, bir pas uxlasin. Mana bu yerga yotqizing. – Do‘xtur ora-sira kirib-chiqib yurgan xotiiga «Choy-poyga qaranglar», dedi.
Uy bekasi dasturxon yozdi. Onam bilan menga choy uzatdi. Bir burdadan non yeb, bir-bir piyola choy ichdik.
— Endi keta qolaylik. Uyda bolalarim yolg‘iz qolgan, — dedi onam ukamning halovat topganiga ishonch hosil qilgach. – Do‘xtur buva, sizga katta rahmat. Iloyo, qo‘lingiz dard ko‘rmasin. Bolalaringizning huzurini ko‘ring. Bu doriga necha pul beraylik?
— Ha, shu… — do‘xtur arzimas pul aytdi, ammo onam kalovlanib qoldi.
— Kechirasizda. Shoshganimdan, pul ham olmay chiqib ketibman…
— U-hu, tushunaman. Onasizda. Mayli, ertaga yetkazarsiz…
— Rahmat. Iloyo, kam bo‘lmang.
Do‘xturning uyidan chiqqanimizda xufton kirib, qishloqda g‘imir-simir tingan edi.
— O‘zlaring qo‘rqmaysizlarmi? Xo‘jayiningiz qayerda? – so‘radi do‘xtur.
— U kishi ishga ketgandi… — onam negadir chuqur xo‘rsindi.
— Ha, qayda bo‘lsayam boshi omon bo‘lsin. Hammamiz ham ro‘zg‘or, bola-chaqa deb yashab yuribmiz.
Yo‘lga tushdik. Onam uxlab qolgan ukamni odyolga o‘rab olgandi. Tevarak jim-jit. Faqat yon-atrofdan itlarning hurgani eshitiladi. Yerda qor bo‘lgani uchun g‘ira-shira yorug‘lik bor edi. Bir mahal onam negadir hiq-hiq qila boshladi. Ser solib qarasam yig‘layapti…
— Nega yig‘layapsiz, ona? – deb so‘radim.
Onam avvaliga javob bergisi kelmadi, keyin burnini yana bir tortdi-da, ukamni yanayam qattiqroq bag‘riga bosdi.
— Bilasan-ku, ko‘nglim bo‘sh. Har narsaga ko‘zimga yosh kelaveradi… Ukangning ichitmasi tushganiga xursand bo‘lib… — onam boshqa gapirolmadi.
Biroz yurgach sovqota boshladim. Onam buni sezdi-da, jemperini yechib berdi..
— Ma, buni kiyib ol. Sovqotyapsan. Endi sen kasal bo‘lib qolmagin.
— Buni men kiysam, siz sovqotib qolasiz-ku? – dedim.
— Yo‘q. Men o‘zi yursam isib ketaveraman… Ma, kiyib ol.
Onam meni majburlab, jemperini kiydirdi. Issiqqina ekan. Tanimga rohat kirdi, ammo endi boshim sovqotayotgan edi. Picha yurgach, onam qizarib ketgan burnim va quloqlarimga qarab, chidolmadi. Ro‘molini ham yechib berdi, o‘zi boshyalang qoldi.
— Ma, buni boshingga o‘rab ol.
— Ona-aa? – dedim buni istamay.
— Aytganimni qil bolam. Ukangga o‘xshab, isitmalab qolsang, men seni bunday ko‘tarib yurolmayman.
— Sizning boshingiz yaxlamaydimi?
— Aytdim-ku, yursam isib ketaveraman. Kallam ham qizib ketadi, shu ro‘mollar og‘irlik qilib boshlaydi… Ma, bolam, aytganimni qil. Shuni o‘rab olgin. Kechasi hech kim ko‘rmaydi.
Onam majburlab boshimga ro‘molini bog‘lab, quloq-burnimni o‘rab tashladi. Qizlarga o‘xshab qoldim. Ammo birdan tanimga orom kirli. Isidim. Uygacha shunday bordim. Onam esa ukamni qo‘lidan qo‘ymadi, biror joyda to‘xtab dam ham olmadi.
Uyga borgach, ukamni beshikka yotqizdi. Kun bo‘yi yig‘layverib, horib ketgan ekanmi, ukam bir g‘ingshidi-yu, yana darrov uxlab qoldi. Onam boya ovqatga ulgurmagan ekanda, katta singlim ovqat qilibdi. Kam qilgan ekan, o‘zlari yeb, bizlarga bir kosa qoldirgan ekan. Onam uni isitib, mening oldimga qo‘ydi.
— Siz ham yeng, — dedim.
— Yo‘q, sen yeyaver. Bilasan-ku, ko‘p yursam, bir joyga borsam ovqat yegim kelmaydi… Olaqol, bolam. Ye. Sen ham katta yigit bo‘libsan. Otangning o‘rniga otao‘g‘il bo‘lib, meni do‘xturning uyiga olib borib kelding-a! Aylanay sendan!
Onam meni maqtadi. Erkalatdi. Ovqatni ham yedirdi. Tamaddi qilgach, uyqu elita boshladi.
— Joyingga kirib yot, — dedi onam. – Xudoga shukr, ukang yaxshi uxlayapti. Men endi kech bo‘sayam sigirni sog‘ib kelay. Harna…
Uxlab qolibman. Bir mahal uyg‘onsam, beshik joyida-yu, onam o‘rnida yo‘q. Singillarim, ukam, hamma uxlab yotibdi. Sekin turib, dahlizga chiqdim. Chiroq yoniq, onam qo‘llarini, oyoqlarini uqalab o‘tiribdi. Negadir spirt hidi ham keldi.
— Nega uxlamayapsiz? – dedim.
— Uyqum qochdi. Bilasan-ku, kam uyqu bo‘lib qolganman. Kir bolam, sen bezovta bo‘lma, uxlayver…
— Yaxshimisiz?
— Ha, yaxshiman, bolam, yaxshiman. Mendan xavotir olma. Joyingga kirib yotaver.
…Men — yosh bola, men — nodon, men — hissiz, o‘sha kech bilmagan ekanmanki, onam o‘shanda sovuqdan qizarib ketgan oyoqlarini shunchaki uqalab o‘tirmagan ekan. O‘zi isitmalab, o‘zini-o‘zi spirtlab, o‘zini-o‘zi davolayogan ekan. Ertalab tursak, ukam yaxshi, ammo onam boshini ko‘tarolmaydi…
— Dori olib kelaymi? – dedim yoniga o‘tirib. Onam esa mening qo‘llarimni mahkam ushladi. «Yonib» yotibdi.
— Mendan xavotir olma, Murodjon. Hademay o‘tib ketadi. Bilasan-ku, kechasi yaxshi uxlolmasam ba’zan shunday isitmam chiqib turadi.
— Pul bering, do‘xturning uyiga borib kelay. Ham, kechagi qarzimizni beraman.
Onam chuqur xo‘rsindi.
— Indama qani. Otang yangi yil arafasida kelaman degandi. Ungacha hali o‘n besh kun bor. Bugun-erta telefon qilib qolar…
Yoshlik – tajribasizlik. Anglamabmanki, o‘shanda uyda pulimiz ham yo‘q ekan.

