Xoliyor Safarov. Ona vidosi (hikoya)

1

Nazir aka kolxozda suvchi bo‘lib ishlardi. Paxta terimi tugagach, har kuni qo‘shnilar bilan hashar qilishib, uyma-uy g‘o‘zapoya chiqarishar va hovlining bir chekkasiga g‘aram qilib bosishardi. Bugun ham hasharda edi.
Shomda uyga qaytdi. Yuzida qon yo‘q. Odatda, ishdan kela solib, uyga kirar kirmas ovqat so‘raydigan, ichi tang, baqiroq erini bu ahvolda ko‘rib, Muazzam xolaning yuragi shuv etdi.
— Otasi, sizga nima bo‘ldi?
Ostonada ruhsiz bir holatda turib qolgan Nazir aka mahzunlik bilan cho‘ntagidan chaqaloqning kaftidek keladigan ikkita qog‘oz chiqardi.
— Onasi… bu la’nati chaqiruv oxiri mengayam keldi.
— Voy, o‘lmasam… — uzun, qalin sochlarini ikkita qilib o‘rib yuradigan barvasta Muazzam xolaning oyoq-qo‘liga titroq kirdi. — Endi nima qilamiz? Bu qanday ko‘rgulik bo‘ldi-ya?
— Men-ku mayli, Po‘latniyam yozishibdi…
— Nima? – o‘g‘lining ismini eshitgan onaning hushi boshidan uchdi. Ko‘z oldini qorong‘ulik qopladi. Devorga suyanib qoldi. Birdaniga ham eri, ham o‘g‘li ketsa-ya… Bu yerda ro‘zg‘or, tirikchilik nima bo‘ladi? Po‘latga qiz unashtirib qo‘ygan edi-ku?! Yo, xudoyim…
— Men-ku bu sinovga tayyorman! Qachondir shu kun kelishini bilardim, ammo Po‘lat… — Nazir aka g‘ilt etib yutindi. — Bolalarimni ko‘zim qiymaydi. Ularning gunohi nima?
— Sinov deysiz, bu sinovi sho‘rimizga bitgan ekan.
— Bu urush kundan kunga avj olib ketyapti. Qo‘liga qurol oladigan borki, hammani tortib ketyapti. Men hatto Kamol bilan Jamshiddan ham xavotirlanib qoldim…
O‘choq ayvonda choy qaynatayotgan kenja o‘g‘il Jamshid ularning so‘zini eshitib, onasining yoniga keldi.
— Nega yig‘layapsiz, oyi?
Muazzam xola kenjasini bag‘riga bosdi-da, battar o‘kirib yubordi.
— Sho‘rimiz quridi, bolam. Sho‘rimiz quridi-i… Otang bilan Po‘lat akang urushga ketyapti…
O‘smir yigitning badani muzlab ketdi…

2

1942 yil bahori. Darvoza taqillasa, «Erimdan xat keldimikan, o‘g‘limdan xabar keldimikan», deb yugurib chiqadigan Muazzam xola eshik ortidagi harbiyni va uning mashinasini ko‘rdi-yu, baqa bo‘lib qoldi.
— Meni kechiring, — dedi harbiy muloyimlik bilan. So‘ng cho‘ntagidan ikki enlik qog‘oz chiqardi.
— Bu nima? – Muazzam xola shunday dedi-yu, ammo aslida uning nimaligini bilgani uchun titrab ketdi.
— Kamol Faxriddinov sizning o‘g‘lingizmi?
Ona javob o‘rniga ojizgina bosh irg‘adi.
— Vatan xavf ostida! – Harbiy qat’iylashdi. — Hamma kuch urushga safarbar qilingan! Ertaga men ham o‘g‘lingiz bilan birga vatan himoyasiga ketaman! Bizni vatan ozodligi kutmoqda! Bu sharafli burchimizni ado etamiz!
— Vatan ham bor bo‘lsin… – Muazzam xola ro‘molining uchini labiga bosganicha hiqillab yig‘lab yubordi. – Burch ham o‘lsin! Bu qanday ko‘rgulik bo‘ldi? Erim urushga ketdi. Katta o‘g‘lim ketdi. Har kuni ularning yo‘liga ko‘z tikaman. Na xat bor, na xabar! Endi bu bolamni so‘rab turibsizlar! Mening qarovchim shu! Uni jo‘natolmayman!
— Nima?! – harbiyning lablari gezarib, turqi o‘zgardi.- Vatan himoyasi muqaddas burchimiz! Kimki bundan bo‘yin tovlasa, Vatan xoini hisoblanadi! Naqd peshanasidan otiladi! O‘g‘ling qani? Tez chaqir!
Muazzam xola boshini ushlab oldi.
— Senga aytayapman, o‘g‘ling qayerda?!
Muazzam xola titrab ketdi.
— Jon, bolam. Sening ham onang bordir… — dedi yalinchoq tovushda.
Kamol hovli chetidan, o‘tin g‘arami yonidan hojatxona kovlayotgan edi. Onasiga baqirayotgan harbiyning ovozini eshitib, chiqib keldi. Uning ust-boshi chang, tuproq bo‘lib yotgan edi.
— Kamol senmi? – so‘radi harbiy.
— Ha.
— Nima, yashirinib o‘tiribsanmi?
— Yo‘q.
— Unda tez bo‘l, men bilan ketasan!
— Yo‘q, uni olib ketmanglar, — yalina boshladi ona. – Boquvchim, boshimdagi qoram shu!
— Nimalar deyotganingni o‘zing tushunyapsanmi? – harbiy Muazzam xolani jerkib tashladi. – Hoziroq men bilan ketadi. Tez bo‘l, odimga tush.
— Yo‘q! – ona harbiyning yo‘lini to‘sdi. – Bolamni bermayman! Otasi urushda, akasi urushda!
Harbiy hushtagini chalgandi, u minib kelgan mashinadan yana ikkita zobit tushdi va kela solib, Kamolning qo‘llarining qayirib, mashinaga bosishdi.
— To‘xtanglar! – yig‘lab yubordi ona. – Hech bo‘lmasa, bolamning kiyimlarini beray!
— Hech narsang kerak emas! Ovozingni o‘chir, bo‘ldi! Unutma, hamma narsa front uchun!
Barchasi ko‘z ochib yumguncha sodir bo‘ldi. Mashina yurib ketdi. Muazzam xola esa o‘g‘lini olib ketganlar izidan bo‘zlab qolaverdi.
— Oyi?
Muazzam xola boshini ko‘tarib qaradi va qarshisida kenja o‘g‘lini ko‘rib, battar xo‘rligi keldi.
— Oh, bolam-a?! – shunday deya Jamshidni quchoqlab oldi. – Akalaring bilan ayni o‘ynab-kuladigan davringda ma’yusgina turishingni qara-ya, bolam-a. Zamoniga o‘t tushdi. Sen bilan meni kuydirdi, bolam. Kuydirdi… Akangni mashinaga bosib olib ketdi.
— Oyi… — Jamshid onasining namli ko‘zlariga boqdi. – Kecha Abduraim oqsoqolning o‘g‘liniyam shunday mashinaga bosib olib ketgan ekan. Ular xudodan qo‘rqishmaydi…
— Uch o‘g‘il tug‘dim deb terimga sig‘masdim. Men sizlarni urush uchun tuqqan ekanman, bolam… Urush uchun tuqqan ekanman…
Otasi, akalarining sog‘inchi yuragini o‘rtab yotgan Jamshid onasini qanday ovutishni bilmasdi.

3

Muazzam xolaning ikki ko‘zi eshikda bo‘lib qoldi. Darvoza tiq etsa, «bolalarimdan xat keldimikan yo otasi mujda yubordimikan», deb yugurib chiqadi. Qayoqda, darvozadan yegulik izlab horigan, terisiga qo‘tir tushgan Olapar kirib keladi. G‘ingshib, sohibasining oyoqlariga suykaladi.
— Tavbangdan ketay, itning qorni to‘ymaydigan zamon bo‘ldi…
Muazzam xola o‘ziga-o‘zi gapirib, ostona hatlab tashqariga chiqadi. Atrofga boqadi. Qo‘shni hovlidan go‘dakning chirqirab yig‘lagani, onaning zor qaqshagani eshitiladi.
— Yig‘lama bolam, yig‘lama, bu yig‘laganlaringni urushdagilar bilama? Boshi omon bo‘lsa, bir kuni otang derazadan tushgan nurday uyimizni to‘ldirib kirib keladi. Ana shunda bu yig‘laganlaring esingdan chiqadi, bolam. Nasib bo‘lsa, shu kunlar keladi…
Muazzam xolaning yuragi zirq etdi. Bu ovoz, bu nola go‘yoki qo‘shni uydan emas, barcha onalarning qalbidan otilib chiqayotgandek edi. U ham shunday umidlanadi: bir kuni ota-bolalar boshlashib kirib keladi, ularning uyi yana nurga to‘ladi. Eri yana azondan nosini otib, chorpoyada paytava o‘rab, ish ko‘pligini aytib, ularga baqirishni boshlaydi.
— Baqirsayam, nos otsayam go‘rga edi… — Muazzam xolani sog‘inch o‘rtadi. – O‘g‘illari bilan uyda bo‘lsa mayli edi. Bolalarim yonimda bo‘lsa qaniydi…
Ko‘chadan qora kiygan juvon bola yetaklab o‘tdi. Mahzun, umidsiz… Yetaklab olgan qizchasi ham tushkun. Ona-bolaning yuziga g‘am soya solgan.
— Bechora Nasiba… Eri bilan bir yil ham yashamay, Vohidjonni urushga kuzatgan edi. Yaqinda qoraxat keldi…
Muazzam xola mahzun bo‘lib qoldi. Shu payt ko‘cha boshidan cho‘loq brigadir ko‘rindi.
— Ertadan hamma chopiqqa chiqsin! Bu ham bir front! Kolxozimizning hamma yigitlari, erkaklari urushda Vatan uchun jon berayotganda bizning qarab o‘tirishga haqimiz yo‘q! Paxta boyligimiz! Uni o‘z vaqtida yetishtirib, hosilni zavod-fabrikalarga jo‘natishimiz kerak! Siz yetishtirgan paxta urushda qon kechib yurgan turmush o‘rtog‘ingiz, farzandingiz uchun issiq kiyim-kechak bo‘ladi!
— Erkak bo‘lmay o‘l! – Avvaliga Muazzam xolaning xayolidan shu fikr o‘tdi. So‘ngra unga-da achindi. — Sog‘ bo‘lsa buyam ketardi…
Shu payt ko‘chaning narigi tomonidagi hovlidan bir bolakay yugurib chiqdi. Izidan «Dovchamni be-er!» degancha ukasi arillab yig‘lab kelardi. Shundagina Muazzam xola hozir bahor ekanligi yodiga tushganday tabiatga boqdi. Daraxtlar yam-yashil, atrof ko‘m-ko‘k, ammo bu hech kimga zavq bermasdi…
Ayol «Bolalarimsiz bahorni nima qilaman», degandek darvozani yopib, ichkariga kirdi. Bu 1944 yilning bahori edi…
Shom kirganda darvoza taqilladi. Qo‘shnilarmikin, degan xayolda eshik ochgan Muazzam xola ostonada turgan harbiy komissarni ko‘rdi-yu, bir lahzaga o‘zini yo‘qotdi.
— Jamshid Faxriddinov sizning o‘g‘lingizmi?
Ona nafasini yutganday harbiyga tikilib qoldi. Rangi oqarib ketdi.
— Jamshid Faxriddinov sizning o‘g‘lingizmi? – takrorladi komissar.
— Mening erim, uch bolam urushda-ku! – bu so‘z qanday og‘zidan chiqdi, ilg‘amay ham qoldi.
— Sovet armiyasi yenga boshladi. Ammo g‘alaba uchun urushga yana odam kerak!
— Sizga aytayapman, erim urushda, bolalarim urushda! Ularda na xat bor, na xabar bor! Ular tirikmi, o‘likmi, bilmayman! – yig‘lab yubordi ona. – Yana mendan nima istaysizlar! O‘zim boraymi yo?!
— Kuch ishlatishga majbur qilmang! Hali boradigan yerim bor. Bo‘lmasa, mashinaga bosib olib ketardim. Yaxshilikcha, o‘g‘lingiz ertalab soat oltida shiyponda bo‘lsin!
Komissar yigit har bir so‘z onalarning yuragiga nashtar bo‘lib qadalishini yaxshi bilardi. Maqsadni aytdi-yu, iziga qaytdi.
Muazzam xola darvozani yopar ekan, hiqillab yig‘lab yubordi.
— Endi nima qilaman?..
U ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslik uchun hovli burchagiga, eri uyub ketgan g‘o‘zapoya g‘arami tomonga ketdi…
…Ertasi kuni choshgohda ikki nafar harbiy Muazzam xolaning uyiga bostirib kirishdi.
— O‘g‘lingiz qani? – udag‘ayladi kattasi.
— Jamshid Faxriddinov qayerda? Uni qayerga yashirdingiz! – so‘radi ikkinchisi.
— Kechayam aytdim-ku, mening bunday bolam yo‘q! Hammasi urushda… – yig‘lab yubordi ona.
— Yolg‘on! Sizning ikki o‘g‘lingiz urushda. Biri uyda!
— Menga qarang, urushga ketgan erim, bolalarim tirikmi? Avval shulardan xabar bering!– battar o‘qsindi ona.
— Tirik!
— Tirik bo‘lsa, nega ulardan na xat bor, na xabar bor?!
— Buni biz ham bilmaymiz! Mening ham o‘g‘lim urushda! – dedi kattasi. — Bir yildan beri xat olganim yo‘q! O‘liginiyam, tiriginiyam bilmayman! Ammo nima qilay? Hamma narsa front uchun! Ayting, o‘g‘lingiz qayerda?
— Mening o‘g‘illarim urushda-ku! – yig‘ladi ona. — Mendan yana nima istaysizlar, insofsizlar! Ana, uyim, ana, hovli joyim! Ishonmasanglar, ko‘ringlar!
— Tintib chiqamiz! – buyurdi kattasi.
Ular uyni, oshxonani, og‘ilxonalarni, hatto hojatxonani ham ko‘rib chiqdi. Jamshid yo‘q.
— Sizlarga nima deyapman! – battar yig‘ladi ona. — Meni kuydirmanglar! Erimga, uch bolamga kuyganim yetadi! Boringlar, ketinglar! Undan ko‘ra, erim bilan bolalarimdan xabar beringlar!
— Sen sovet armiyasini aldashga urinma! – harbiylarning kattasi battar udag‘ayladi. – Men yigitlarni jo‘natib, qaytib kelaman. Ungacha o‘g‘lingni topmasang, yaxshilik kutma!
Harbiylar sochlari oqarib, kuyunib, ko‘p yig‘layverganidan, g‘amga botganidan yuzini ajin bosib, etlari tirishib, qarimsiq bo‘lib, besh kam ellikka bormay elakda turmas bo‘lib qolgan Muazzam xolani g‘amxona hovlisida anduhga botirib chiqib ketishdi.
Garchi harbiylar boshqa bu ostonaga qadam bosishmagan bo‘lishsalar-da, qo‘ni-qo‘shnilar, ba’zida kolxoz brigadiri bosh suqib qolar va Muazzam xolaning hovli ichida, o‘tin g‘aramlari atrofida parishon, telbavash holatda yurganini ko‘rib, uning ahvoliga achinishganicha qaytib ketishardi. Ba’zan unga taom chiqarishardi. G‘arib ona esa ular keltirgan taomga qaramas, mabodo qo‘lidan olsa ham ko‘tarib, o‘tin g‘arami tomonga qarab keta boshlardi. Bu esa boshqalarda shubha uyg‘otardi. «Bechora… esdan ham og‘ibdi…»
Muazzam xola kuyunchak va dardkash qo‘shni ayollarning jumboqli nigohlariga, savollariga javob berishni ham istamas, balki eshitmas, ko‘zda yosh bilan burilib ketar, darvozaga qarab, hiq-hiq yig‘lar yoki g‘aram tomonga ketib qolardi…
— Bu kishiga nimadir bo‘lgan… Avval bunday emasdi…
— Eri bilan o‘g‘illaridan xat-xabar yo‘qlidan shu ahvolga tushdimikin?..
— Bo‘ldi, boshqalarning ham yuragini ezmanglar. – Bir ayol hiqillab yig‘lab yubordi. – Xat-xabar kuta-kuta mening ham ko‘zlarim teshildi-ku… Bu bechoraning eri, uch o‘g‘liyam urushda…
Qo‘shnilar ham ma’yusgina bo‘lib uy-uylariga tarqalishardi.
Sinovli kunlar o‘tardi. Radiodan urush oxirlab, sovet armiyasi qo‘shinlari Germaniyaning Brandenburg darvozasiga yaqinlashib borayotgani aytilar, ammo panohlarini urushga kuzatgan onalarning va ayollarning, kelinlarning toqati ham tugab borardi. Joylarda endi sog‘inch maktublari kelish o‘rniga qoraxatlar ko‘payib ketgan, xonadonlarning qora chiroqlari o‘chib, qora libos onalarni va ayollarni o‘rab borardi… To‘rt yildan oshiq vaqt mobaynida na eridan, na o‘g‘illaridan xabar olgan, ikki ko‘zi darvozada bo‘lgan Muazzam xola esa endi uyga ham kirmay qo‘ygan, goh bo‘sag‘ada, goh tandir oldida, gohida esa g‘o‘zapoya g‘arami yonida yig‘lab o‘tirardi…
Nihoyat, kutilgan kun keldi: «Sovet armiyasi g‘alaba qozondi!»
Barcha xonadonlarda, ko‘cha-ko‘yda bayram boshlanib ketdi. Ayollar bir-birlarini tabriklashar, peshanalaridan o‘pishar, quvonchdan yig‘lashar, «Endi kelishadi…» deya hayajonlanishar, shirin xayollarga cho‘lg‘anishardi…
Yoz boshlanishi bilan atrofda quvonch shabadalari esa boshladi. Hali u, hali bu xonadon sohibi urushdan qaytar, kimdir sog‘-salomat, kimdir esa bir qo‘lidan, birov oyog‘idan ayrilgan, birovning miyasi joyida emas… Ammo jismoniy nuqsonlar ikkinchi daraja bo‘lib qoldi. Muhimi, ularning kelgani – oilalarga hayot qaytgani edi.
Shunday saodatli kunlarning birida Muazzam xolaning ikkinchi o‘g‘li Kamol urushdan qaytdi. U ozib, cho‘pday bo‘lib qolgan, ko‘ylak ichida insonning jonli tanasi emas, quruq sklet turgandek holatga kelgan onasini ko‘rib tanimadi.
— Bolam! – dedi Muazzam xola va uni bag‘riga bosdi. – Sog‘-salomat keldingmi? Aylanay sendan. Aylanay…
Ona bolasining diydoriga to‘ymasdan tinmay yuz-ko‘zidan o‘par, ko‘zlaridan oqqan jola yoshni ham tiya olmasdi.
— Otang bilan akangni ham ko‘rdingmi? – takror so‘rardi.
Kamol bosh irg‘adi.
— Bolam, sog‘-salomat kelibsan, erta-indin otang bilan akang ham kelar…
— Jamshid qayerda? – deb so‘radi urushdan eti qotgan Kamol.
Ona birdan sergak tortdi. Avval atrofga boqdi, darvozani qulfladi. So‘ngra «Hozir» deya hovli to‘riga, o‘tin g‘arami tomonga keta boshladi.
— Bolam, endi chiqsang bo‘ladi…
Onaning bu ovozini birov eshitmadi. Kamol esa heya narsaga tushunmay hayron turardi.
Muazzam xola g‘aramga bordi va bir chekkadan, uyga ko‘rinmaydigan joydan ikki-uch quchoq o‘tinni olib, yoniga qo‘ydi.
— Jamshidjon, bolam. Urush tugadi, endi chiqsang bo‘ladi. Ana, Kamol akang ham keldi!
G‘aram ichidan ovoz kelmadi.
— Bolam, endi qo‘rqma. Urush tugadi, bemalol gapiraver, chiqaver.
Yana javob bo‘lmadi. Muazzam xola emaklab, g‘aram orasiga kirib ketdi. Kamol onasining bu harakatlarini hayron kuzatib turardi. Bir payt g‘aram ichidan onaning «Bola-a-aam!» degan chinqirig‘i eshitildi.
Kamol yugurib keldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘tin g‘arami orasidan joy ochilgan va chuqur o‘ra qazilgan ekan. Esladi: bu o‘sha urushga ketayotgan kunda qaziyotgan hojatxona o‘rasi edi. Nogoh Kamolning ko‘z oldiga urushdagi okoplar keldi. Unda askarlar jon saqlashar va kutilmagan hujumlarni amalga oshirishar edi. Bu yerda esa ko‘ksiga zanglagan pichoq sanchilgan ukasi Jamshid jonsiz yotardi. Onasi esa o‘g‘lining boshini ko‘ksiga bosganicha o‘z-o‘zini qarg‘ardi…
— Sen-ku urushga boraman deding, men qaytardim. Meni desang, akang kovlab ketgan hojatxonaga yashirin. Urushga bormaysan debman-a? Seni urushga jo‘natmay men o‘layin-a? Men nomard seni nega bunday yashirdim-a? Nega?! Mana, Kamol akang keldi, bir kuni Po‘lat bilan otang ham keladi. Ajaling yetmasa, sen ham bir kuni kelarding, bolam. Bu qanday ko‘rgulik bo‘ldi, bolam? Ona bo‘lmay men o‘lay, bola-am…
Kamol nima qilishini bilmay xandaq devorlariga razm soldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bir chetda hojatxona ham bor edi. Boshqa bir tomondan esa tokcha o‘yib olingan va u yerda loydan yasalgan qator nemis askarlari… ko‘ksidan o‘q yeb ag‘darilib yotardi… Loydan yasalgan tanklar esa yorilib, titilib ketgandi. O‘raning bir burchagida qo‘lbola — taxta avtomat ham turardi. Kamol beixtiyor uni qo‘liga olib, otmoqchi bo‘lganday atrofga boqdi. Ana shunda devordagi yozuvga ko‘zi tushdi: «Jamshid – dezertir!» Ammo uning ustidan chizib tashlangan edi. Tagidan esa katta harflar bilan devorni o‘yib, «Onam uchun urushga bormasdan shu yerda o‘zim bilan o‘zim jang qilib yotibman!» deb yozilgan edi…
Kamol hammasiga tushundi. Onasiga qaradi. O‘g‘lining boshini tizzasiga olib o‘tirgan Muazzam xola ko‘z yoshlarini tiya olmas, o‘zini qarg‘ab, ko‘ksiga mushtlab yig‘lardi…