Xoliyor Safarov. Og‘riq (hikoya)

Baland bo‘yli, sersavlat, qirra burun, qoshlari qalin Davlatbek aka tish og‘rig‘idan bu kecha ham yurib chiqdi: «Voh, xuddi birov miyamda arra yuritayotgandek zirqiratadi-ya?!» Zora bosilsa, degan ilinjda tamaki tutatdi, foydasi bo‘lmadi. Uyga kirib yotsa, battar zabtiga olgandek tuyuladi.
Sog‘ning dardmand bilan nima ishi bor – xotini yonginasida yotgan nevarasiga alahsiydi-yu, uning yelkasiga ko‘rpasini tortib, yana pishillab uxlaydi. Goh-gohi uyg‘onib ketib, «Buncha dardga bechidamsiz-e? Shu zormandani oldirib tashlamaguncha qutulmaysiz-ov. Tishingizga nos surkang qani», deb g‘udranib qo‘yadi.
Davlatbek aka yarim kecha ular bilan bir hovlida yashaydigan katta o‘g‘lini uyg‘otib, undan bir otim nos oldi-da, paxtaga o‘rab, o‘sha og‘riq tishiga bosdi ham. Ammo bekorga og‘zi shilimshiq suvga to‘lib, ko‘ngli aynigani qoldi. Endi tinchirman, deb joyiga yotgandi, tishdagi zirqiroq yetmagandek ko‘ngli aynib, yugurib tashqariga chiqib ketdi.
– Voh, uying kuygur, yedi-a, meni… – dedi to‘n­g‘il­lab. – Ertagayoq sug‘urtirib tashlayman! Yaxshilik yoq­maykan, bu tishlargayam.
Davlatbek aka tongga qadar hech chidolmay necha marta uyga kirdi, necha marta tashqari chiqdi. Hovli aylandi, mol-holdan xabar oldi. Darvozani ochib, ko‘chaga ham bir qarab qo‘ydi. Hammayoq sokin. Hamma shirin uyquda. Birgina u ikki qo‘lini chakkasiga bosganicha u yon-bu yon yuradi. Goh chorpoyada oyoqlarini osiltirib o‘tirgancha xayolga cho‘madi.
Yoshligida ham bir shunaqa tishi og‘rigandi. Rah­mat­lik otasi uni eshakka mindirib, «bizdi urug‘da tish og‘rig‘i nasl suradi. Yur, bolam, bir ish qilamiz», deya qishloq mullasining uyiga olib borgan, bosh egib o‘tirgan payti oppoq soqollari tizzasiga tegib turadigan mulla duo o‘qigan ko‘yi bolaning og‘ziga qarab, uch marta «suf-suf» qilgan, bir parcha qog‘ozchaga nelarnidir yozib bergan, so‘ng mulla tayinlagandek, to uyga yetguncha shu qog‘ozni og‘riq tishiga bosib tishlab kelgan, oxir-oqibat, og‘iz so‘lagidan nam bo‘lib, hilvirab ketgan qog‘ozni yutib ham yuborgan edi. Ne ajabki, o‘shanda tish og‘rig‘i chindan ham bosildi. Shularni eslab, Davlatbek aka kecha o‘g‘lining mashinasida mullaga ham borib keldi, ammo natija bermadi. Bu haqda kechqurun xotiniga – Bolqin opaga aytgandi, ayol kaftini og‘ziga bosib-bosib kuldi.
– O‘lmang-da siz, oqjol. Oldirib tashlash kerak buni, boshqa yo‘li yo‘q.
– Qaysi og‘risa oldiraversam, og‘zimda tish qo­ladimi?
– Qolgan tishlaringiz rizqi butun bo‘lsin. Tuzalmaydigan bo‘lsa, oldirasiz-da, boshqa nima qilasiz?
– Xudoga shukr, ayollar faylasuf bo‘lgan zamongayam yetib keppiz… – degandi Davlatbek aka jahli chiqib.
Mana, xuftondan beri yana shu ahvol. Na uyga si­g‘adi, na hovliga. Tong otishini kutadi. Tongda najot bor.
Davlatbek aka azonda xotinini uyg‘otdi.
– Bo‘ldi, boshqa chidolmayman, shaharga ketdim, zang‘arni oldirib tashlayman-e! O‘g‘lingga berib yubo­radigan narsalaring bo‘lsa, ber, shu bahonada uniyam ko‘rib kelaman.
– Hozir…
Bolqin opa shosha-pisha o‘rnidan turdi-da, oshxonaga qarab ketdi. Yo‘lda keta-keta sirg‘alib qolgan ro‘molini to‘g‘rilab, chorpoya yonida turgan oftobadan yuz-qo‘lini yuvdi. Shipillab bir oshxonaga, bir uyga kirdi, ammo dam o‘tmay bozor xaltachani to‘ldirib, erining qo‘liga tutdi.
– Nima balo bu?
– Tayyor shahar boryapsiz, ola keting. To‘rtta non, chakki, yana ul-bul narsa. Ozroq pul ham qo‘ydim.
– Shu kenjangga juda mehribonsan-da… – Davlatbek aka jilmayib qo‘ydi. – O‘zim bir ahvolda bo‘lsam, buncha narsani qanday olib ketaman? – dedi, keyin bir qo‘lida xaltacha, bir qo‘li bilan belbog‘ bog‘langan chakkasini ushlagancha yo‘lga chiqdi.
Davlatbek aka ikki yil oldin nafaqaga chiqqan, ammo hali tetik. Farzandlarini birma-bir o‘qitib, uchirma qildi. Faqat shu kenjasi qolgan. U ham o‘qishni bitirib kelsa, armoni yo‘q. Davlatbek aka pedagogika institutini tugatib kelgach, o‘z qishlog‘i maktabida oddiy o‘qituvchilikdan maktab direktorligi lavozimigacha ishladi. Rahbarlikdan nafaqaga chiqdi. Endi uyda, ammo beg‘am o‘tirishni istamaydi. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtar. Mahallaga ishga o‘tsammi, deb o‘ylab qoladi. Ammo rahbar bo‘lib, buyruq qilib o‘rgangan odam, «uka»larining buyrug‘ini bajarishni istamaydi… Ular o‘zlari «Keling, shu mahallaga bosh bo‘ling», deb chaqirishmaydi. Arosat. Anchadan beri loyqa hovuzidan boshqani bilmagan tilla baliqchaga o‘xshab, achchiq qilgandek qishlog‘idan nariga chiqqani ham yo‘q. Bolalarining ishlarini so‘rab-surishtirib turadi-yu, aralashmaydi. Chetdan kuzatadi. Endi hamma umidi bolalaridan. «Men qirga chiqdim, ular toqqa chiqishi kerak», deb qo‘yadi o‘ziga-o‘zi. Bugun yaxshi bahona topildi – ham tishini oldiradi, ham o‘g‘lini ko‘rib keladi.
Davlatbek aka bekatda ko‘p turmadi. Dam o‘tmay viloyat markaziga boradigan avtobus kelib, yonginasida «pisillab» to‘xtadi. U o‘zi kasal-u, shaharga borayotganidan xursand boladek bir sakrab avtobusga chiqdi. Avtobus to‘la odam edi, o‘rta yoshlardagi bir yigit «E, domla, assalomu alaykum», deb joy berdi. Davlatbek aka yigitni tanimadi, ammo «rahmat», deb o‘rindiqqa joylashdi. So‘ng atrofga nazar soldi. Birov o‘tirgan, birov tik. Kimdir tiqilgan, kimdir g‘ijingan. Kimningdir nafasidan kecha ichilgan aroqning achimsiq hidi keladi. Bir ayol qayerda o‘tirganini unutgandek kimgadir kechagi to‘y haqida gapirib kelyapti. O‘rtada tik turib kelayotgan yigitlar «g‘udung-g‘udung» qiladi, qizlar «pishing-pishing» qiladi. Davlatbek akaning yonida o‘tirgan qiz, talaba shekilli, sipogina, oldida jimitdekkina sumkasi, oyoq tagida bir xaltachasi bor. Qo‘lida uyali telefon, qulog‘iga quloqchin taqilgan. Go‘yo hech kimni ko‘rmayapti, e’tibor qilmayapti, ammo boshini sarak-sarak qiladi. Ba’zan o‘ziga-o‘zi jilmayadi, «piq» etib kuladi. Keyin darrov yana bez bo‘lib oladi.
– Domla, shahargami? – dedi bir mahal boya joy bergan yigit.
Davlatbek akaning xayoli chalg‘idi.
– Ha… – bosh irg‘adi u.
– A, bu Shurikning kinosidagiga o‘xshab, jag‘ni bog‘­lab opsiz?
– Ay… – Davlatbek aka boshida tik turgan yigit­ga qarab, qo‘l silkidi. Keyin shu belbog‘ni yechib chiq­maganiga ham xijolat bo‘ldi, ammo sezdirmadi. – Toza azob berdi. Oldirib tashlayman-e…
Davlatbek aka avtobusdan tushishi bilan o‘zi bilgan, oldindan bor va nomi chiqqan shifoxonalarga bormadi, sabri chidamay shohbekat yaqinidagi «Stomatologiya» yozuvli eshikka kirdi. Qarasa, nav­bat yo‘q. Bir xushro‘y ayol vrach yigitga tishlarini tozalatib o‘tiribdi.
– Boshqa odaming yo‘qmi, ulim?
– Yo‘q, bobo. Kelavering. Hozir…
Vrach Davlatbek akaga yaqin kelib salomlashdi va nima bo‘lganini so‘radi. Tishlari milkini tozalatayotgan juvon jag‘ini beso‘naqay qilib bog‘lab olgan Davlatbek akaga qarab kulimsiradi, ammo o‘zini tiydi. Yuzini o‘girib, qo‘l telefoniga bir qarab qo‘ydi.
– Manavi jag‘ tishim bir haftadan beri meni ado qildi, – dedi Davlatbek aka vrachga arang og‘zini ochib ko‘rsatib. – Shuni op tashlagin, bolam.
– Bo‘ldi. Tushundim… – vrach yigit uni kresloga o‘tirg‘izdi-da, o‘z stoliga borib, dori tayyorladi. Ish orasida dedi: – A, bu jag‘ shishib ham ketibdi-ku, bobo, qanday yuribsiz?
– A, shu chidolmaganimdan keldim-da!
Ayol piq etib kulib yubordi. Vrach yigit unga «Kulmang…» degandek bir qarab, shprits ko‘targanicha Davlatbek akaning oldiga keldi.
– Qani, og‘izni oching qani. U-hu…
Davlatbek aka endi tishining og‘riyotganini ham, ja­g‘ining qimirlayotganini ham sezmay, gapirolmay an­cha o‘tirdi. Bu vaqt orasida vrach apparatini zuvillatib, juvonning tishlari orasini, milklarini toza­lab bo‘ldi. So‘ng unga javob berib, Davlatbek akani stolga chorladi. Avval rosa uning asablarini qaqshatib, og‘riq tishning nerv tomirlarini «o‘ldirdi».
– Ulim, tishimni sug‘urish o‘rniga jonimni sug‘urib olyapsanmi, nima balo?
– Bo‘ldi, bobo, ozgina chidang. Tishingiz o‘zi hali ancha sog‘lom ekan. Suyaklarni ham rosa g‘ajisangiz kerak-a? Qani…
– Hii… – bosh qimirlatdi Davlatbek aka. – Ooo! Vu, o…
Stomatolog vrach uni gapga avrab-avrab, tishini sug‘urib tashladi. Keyin uni ko‘rsatdi.
– Qarang, rosa tamom bo‘lgan-ku?
Davlatbek aka qurt yeb, yemirilib-emirilib, qo­ra­yib, jimitdekkina bo‘lib qolgan tishiga qarab bosh chayqadi.
– Ko‘zimdan olovim chiqib ketdi-a?! Lekin endi bir atrofim yorishgandek bo‘ldi. Baraka top, ulim!
Davlatbek aka vrach aytgan pulni berib, stomatologiyadan chiqqanida quyosh choshgohga kelib qolgandi. Qorni ham ochiqqanini sezdi, ammo biror oshxonaga kirib ovqatlanishga ko‘ngli bo‘lmadi. Vrach ikki soat issiq ovqat yemang, sovuq suv ichmang, degan. O‘ylanib turib, o‘g‘li o‘qiydigan universitetga bordi. U o‘g‘lining qayerda va qaysi fakultetda o‘qishini bilardi-yu, qayerda yashashini bilmasdi. «Ko‘chasini bilganim bilan uyini topolmayman baribir», deb institutga bordi.
Uchinchi para darslari tugagan, katta tanaffus vaqti edi. Davlatbek aka binoning kirish eshigi oldida turib, darsdan chiqayotgan talabalarga hayron qarab qoldi. O‘g‘il bolalar bitta-ikkita daftar, yakkam-dukkam kitob ko‘targan, ko‘pida na unisi, na bunisi bor. Qizlarda esa sumka, ammo Davlatbek aka ular olib yurgan sumkaga daftar-kitob qanday sig‘ishiga tushunolmadi, ayrim qizlarning kiyinishlarini ko‘rganda esa lab tishladi.
– Yo, tavbangdan ketay! Har zamonga bir zamon, deb shunga aytsalar kerak-da…
Davlatbek aka hozir o‘g‘lim ham chiqib qolar, degan umidda edi. Bir mahal egniga oq yo‘l-yo‘l ko‘ylak, ko‘k jinsi shim kiygan o‘g‘li qo‘lida bitta beli qayrilgan «umumiy daftar» bilan eshikdan g‘olib sarkardaday chiqib keldi.
– Almardan?!
Alimardon «yalt» etib tovush kelgan tomonga qa­radi, qo‘l silkib turgan otasini ko‘rdi, so‘ng birdan hushyor tortib, atrofga boqdi. Davlatbek aka o‘g‘li nega bunday qildi tushunmadi, ammo otalarga xos salobat va g‘urur bilan unga qarab yurdi.
– Almardan?! Ha, bo‘yingdan!..
– Salom alaykum, – o‘g‘il talabalar orasini yorib o‘tib, yo‘lakda kir sumka ko‘tarib turgan otasi bilan qo‘l berib ko‘rishmoqchi edi, Davlatbek aka o‘g‘lini quchoqlab ko‘tardi-da, bir aylantirib, yana joyiga qo‘ydi.
– Qandaysan, ulim?! Yaxshimisan?
– Yaxshi… – o‘g‘il shunday deya otasiga bir qur razm soldi. – Bu yerlarda nima qilib yuribsiz?
– Ie, bolasi o‘lsin, tish og‘rig‘i yeb tashladi, – Davlatbek aka og‘zini ochib, oldirgan tishi o‘rnini ko‘rsatdi. – Shuni deb chiquvdim. Oldirdim. Keyin seni bir ko‘ray deb, bu yoqqa kelaverdim.
O‘g‘il harakatlaridan og‘ringanini sezdirib qo‘ydi.
– A, ertaga shanba edi. O‘zim ham borardim.
– Ha, borsang, borarsan. O‘zing yaxshimi? – ota o‘g‘­liga boshdan oyoq razm soldi. – Darslar tugadimi?
– Yo‘q. Yana bir para bor. Kvartiraga boramizmi?
– Mayli. Qayerda turishingni ham bir ko‘rib ketay.
– Haydang.
Ular fakultet binosi yonidan o‘tib, orqa tomondagi mahallaga ketishdi. Yo‘lda bir qiz Alimardonni to‘xtatib, so‘radi:
– To‘rtinchi para bo‘larkanmi, yo‘qmi?
– Bilmayman. Bo‘lsa kerak.
– Ha, mayli…
Qiz shunday deya yo‘lida davom etdi. Ota esa o‘g‘­lidan so‘radi:
– Sen to‘rtinchi paraga kirmaysanmi?
– Ay! – qo‘l silkidi o‘g‘il. – Ko‘p bola kirmaydi o‘zi.
– Ho-a… – otaning ichida bir og‘riq turdi. Keyin o‘g‘lini tergashga tushdi: – Sen bola o‘qiyapman, deysan-u, qo‘lingda bitta daftar. Tushunmadim?
Alimardon nima deyishni bilmay qoldi. Chor­rahaga kelib qolishgandi, yaxshi bahona bo‘ldi. Gapni burdi.
– Bu tomonga yuramiz, ota.
Ular Alimardon va yana uchta yigit turadigan ijara uyga kirib borishdi. Ijarachi Davlatbek akani ko‘rib, shirinsuxanlik bilan salom berdi va ota­ning «Bular sizni qiynamayaptimi? Aytganingizni qilayaptimi?» degan savoliga:
– Ha, bular juda ahil. Osh qilishsayam, biror mas­lahat bo‘lsayam meni chaqiradi. Qo‘li ochiq bachalar.
– Ho-a…
Davlatbek aka boshqa gapirmadi. Ayvon tagidagi gaz plitaning yonidan uyga kirishdi. Xonada to‘rtta karavot. Karavotlar tagida bittadan eski jomadon. O‘rtada stol. Ham dars, ham ovqatlanish uchun. Uy to‘rida kiyim ilgich. Yana bir eski shkaf. Deraza tokchalarida va stol chetida, karavot tagida uch-to‘rttadan kitoblar sochilib yotibdi. Biroq daftarlar soni kitoblarga qaraganda ancha ko‘p.
– Shu yerda yashayapsanmi?
– Ha. Sharoitimiz yaxshi. Gaz bor, svet o‘chmaydi. Xonalarimiz qishda issiq.
– Ho-a… Universitet yotoqxonasi qanday?
– A, u yer zo‘r! Lekin katta kurslarni qo‘ymaydi. Joy kam.
– Anavilarni ol, enang berib yuborgandi, – Davlatbek aka qishloqdan ko‘tarib kelgan sumkasiga ishora qildi. Shu vaqt tashqarida vag‘ir-vug‘ur bo‘lib, izma-iz ikkita talaba yigit salom berib kirib kelishdi.
– Siz Alimardonning otasimi? – so‘radi biri karavotiga o‘tirgach. So‘ng egilib, shimini ko‘tardi-da, paypog‘i ichiga tiqilgan daftarini olib, deraza tokchasiga tashladi.
– Kun yomon isib ketdi-e, – dedi ikkinchisi va ko‘ylagini shimidan chiqardi, so‘ng qayishi tagidan bitta daftarni olib, u karavot ustiga tashladi.
– Sizlar ham o‘qishdan kelyapsizlarmi? – so‘radi Davlatbek aka.
– Ha…– deyishdi yigitlar.
– Bular kursdoshlarim, – dedi Alimardon. – Birga turamiz. Yana bitta bola bor. U boshqa fakultetdan.
– Ha. To‘rtinchi paraga bormaysizlarmi?
– Yo‘g‘-e, bo‘ldi-da, – kuldi hali paypog‘i orasidan daftar chiqargan bola. – Bugunga yetadi.
– Sizlar kelajakda kim bo‘lmoqchisizlar? – Davlatbek aka bo‘g‘ziga tiqilgan savolni to‘xtatib qololmadi.
– Ha, diplomni olaylik-chi, bir gap bo‘lar…
Qolgan ikki talaba ham do‘stining so‘zini ma’­qullagandek bosh irg‘adi. Bu gaplardan otaning dili og‘ridi. «Ishongan norim sen bo‘lsang…» degandek achchiq bilan o‘rnidan turdi.
– Hammalaringga ikki! – dedi. – Yo‘q, bir! Talaba ham shunaqa bo‘ladimi? Sizlarda g‘urur bormi? Ertani o‘ylaysizlarmi? Bu to‘rt yil nima? O‘tadi ketadi. Imkoniyatlardan foydalanib, o‘qimaysanlarmi? O‘zlaringni ko‘rsatmaysanlarmi? O‘ziyam kontraktda o‘qisanglar kerak-a? Ey, qolganlardan qayer­laring kam? To‘g‘ri, ular daftarini paypog‘ining ichiga tiqib yoki qayishining tagiga bosib yurolmaydi. Ko‘chada otasini ko‘rib qolsa, xijolat bo‘lmaydi, «Nima qilib yuribsiz?» deb so‘rolmaydi…
Davlatbek aka shunday deya yonida xo‘mrayib o‘tir­gan o‘g‘lining yuziga bir shapaloq urdi. Talabalar bir-biriga qarashdi. Alimardon battar bo‘zarib, o‘zi­ni qo‘yarga joy topolmay qoldi.
– Lekin ular bilan ota-onasi, yaqinlari, hatto ma­hal­ladoshlari, kerak bo‘lsa, yurtdoshlari faxr­lanishadi! Bunday yoshlar juda ko‘p! Lekin senlar-chi? Uyalinglar! Mana bu yerlaringni ishlatinglar! – deb Davlatbek aka o‘g‘lining chakkasiga bir nuqidi. – Odamga o‘xshab o‘qinglar! Odamga o‘xshab yuringlar!
Davlatbek aka shunday deya indamay xonadan chiqib ketdi. Alimardon qizarib, nima qilishini bilmay qoldi. Bo‘zarib turgan kursdoshlariga qa­radi. Ular-da yer chizishardi. U yugurib tashqariga chiqdi. Hovlida hech kim yo‘q. Ko‘chaga chiqdi. Qarasa, otasi qo‘llarini silkib, katta-katta qadam tashlab ketayapti. Universitetga yetib qo‘yibdi…
O‘sha kuni Davlatbek aka kun botganda uyga bir ahvolda kirib keldi. Erining ahvolini ko‘rib, Bol­qin opa hayron bo‘ldi.
– Otasi, sizga nima bo‘ldi? Tishni oldirdingizmi?
– Uyi kuysin. Tishni-ku oldirdim…
Davlatbek akaning negadir xo‘rligi kelib jim qoldi. Hanuz taajjub bilan termulib turgan ayoli boshqa savol berib bezovta qilishga botinmadi.
Tun. Borliq yana g‘aflat uyqusiga botdi. Bir payt Davlatbek aka qandaydir og‘riqdan cho‘chib ko‘zini ochdi. Bu gal og‘riq uning chap ko‘ksi tagida paypaslanib yurardi.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 3-son.