Usmon Azim. Bir dasta qizil gul (hikoya)

Bosh hisobchi Jamila G‘afurovna chiroyli ayol. Bu ayolning yoshi qirqlardan oshib, qirq beshlarga tutashib qolganini hech kim tasavvur ham qilolmaydi! Nihoyatda go‘zal! Shodmonbekovning ta’biri bilan aytsak, dunyodagi eng, eng, eng, eng… eng go‘zal ayol! Tengsiz. Go‘zallar tanlovida qatnashsa, birinchi, ikkinchi, uchinchi… minginchi – qancha o‘rin bo‘lsa, hammasi, albatta, Jamila G‘afurovnaga tegishli bo‘ladi! Uning yonida boshqalar sanoqqa kirolmaydi. Voh, uning husnu jamoli! Ko‘rgan odam bir qalqib tushadi!
– Husnini sotganda-chi, mashi ayol ming karra miliarder bo‘lardi-de! – degan “yangi o‘zbek”larning husni jamolini qadrlashda afsonaga aylangan yirik vakili Karim boyvachcha, Jamilaning ortidan armonda qaragancha.
Har qanday molni necha so‘mu necha tiyin, necha dollaru necha sent turishini bir qarashdan aniq biladigan shunday odam ham, bir “uf!” tortib, dunyoda bozorning haddi sig‘maydigan narsalar borligiga juda qattiq achingan:
– Nodon-de! Vaqtida sotib qolmiydimi! Ertaga kech bo‘ladi! Xazon gulning huzurini musurxona ko‘radi-de… Lekin malades!
Ha, “lekin malades!” degan. Tan olgan! Boshqacha o‘yinlar qilishga jur’at etolmagan.
Chunki Jamila G‘afurovnaning chiroyi nihoyatda sipo, tortinchoq, sirli, hayoli, “kuching yetsa, olib ket”, deganday erkalanib turmaydi. Nozlanmaydi. Xuddi mung­ranib yozilgan musiqaga o‘xshaydi yoxud she’rning ruhidan bunyod topganday – dardli va samimiy.
Chiroy ham dardli va samimiy bo‘ladimi?
Bo‘ladi! O‘-ho‘! Bu dunyo ne turfa chiroylarni ko‘rmagan! Firibgar chiroy, nodon chiroy, bozor chiroy, podshoh chiroy, ko‘ngil chiroy… Bu chiroy esa hech narsaga da’vo qilmaydi, hech narsa talab etmaydi, faqat etlarni jimirlatadi, yurakni hapqirtiradi, hatto suyaklar qisirlaydi, ammo chidab bo‘lmas hayratu lollikning chegarasidan bir qadam o‘tkazmaydi. Ayolning beqiyos husni, latofatiyu latifligi shu qadar ozodaki, unga yaqinlashishdan erkaklar hayiqadi. Axir, buncha husnni qanday eplash mumkin? Bu chiroy oyday balqib, bag‘ringga bosh qo‘yganda, yuraging yorilib o‘lmaysanmi? Buning ustiga, yaqiniga borsang, dog‘ing yuqadiganday… Har holda, qo‘rqinchli! Shu sababdanmi, bu ayolga birov ko‘ngil izhorini oshkor aytishga jur’at etolmagan. “Oh”u “uf”lar oshiqlikning pinhon kechalarida qolib ketgan. Noilojlikdanmi, endi bu oshiqlar Jamila G‘afurovnaning muxlisiga aylangan. Ishxonaning jami erkaklari bosh hisobchining muxlisi!
Jamila kiyinishni ham qoyil qiladi. Nimaki kiysa, yarashiqli! Sochlarining turmaklariyu yuzidagi pardoz-andozi, quloqlaridagi isirg‘alaru barmoqlaridagi uzuklar – barchasi antiqa! “Qayerdan topdingiz?”, deb havas bilan surishtirgan ayollarga Eski shahar bozoridan olganini aytadi. Hech kim ishonmaydi. Chunki uning ustida arzongina liboslar shohona ko‘rinish oladi, narxi bir tiyin taqinchoqlar malikalarning zebu ziynatiga aylanadi – hozirgina “Kristian dior”dan kiyinib, Farangistonning “Go‘zallik saloni”dan chiqib kelayotganday! Koridordan yigirma minglik qalbaki atirni “Shanel”ning eng qimmatbahosiday ufurtirgancha, erkaklarning boshini aylantirib o‘tadi. “Baxtli bo‘lishdan osoni yo‘q, – deydi Shodmonbekov. – Ana, Jamila o‘tgan koridordan nafas olasan – tamom, baxtlisan!”
Kamgapgina Jamila gap boshlaganda ham suhbatdoshlari jim qoladi. Chunki farosati bor, aqli bor – bo‘lar-bo‘lmasni gapirmaydi. Burungi yil idorada uyushtirilgan seminarda hisob-kitobni yangicha tizimga o‘tkazish taklifi bilan chiqqan. Shunday asosli ilmu amal bilan gapirganki, go‘yo Jamila G‘afurovna artistday, zaldagilar qarsak chalib, olqishlaganlar.
– Vo-o, ukkaardi qizi-i! – degan tanaffusda idoraning Surxondaryodagi shu’basi boshlig‘i Jo‘raqobilov. – Aqli ham bor ekan-da! Tog‘am Panji chobag‘onning bir oti bo‘gich edi! Sho‘nga bir qoyil qolganman! Endi bul poshikastaga taslim bo‘ldim! Og‘zim ochilib qoldi-ya! Hozir ham yumolmay yuribman-a!.. Husniyam lekigin!.. A?.. Damiga tortsa, yo‘q bo‘p ketasan-da!..
U emranib anchagina gapiringan, so‘ng Shodmonbekovdan jiddiy so‘ragan:
– Bu baloni qayerdan topdilaring?
– Bizning aybimiz yo‘q, – degan kamtarlik bilan Shodmonbekov va falakka ishora etgan. – O‘zi yaratgan! O‘zi topgan!
– E, Xudoyim-a! – degan surxondaryolik Jo‘raqobilov.

Xullas, bu “O‘zi yaratgan” ayolni butun ishxona yaxshi ko‘radi. Uning yumshoqqina – ko‘zga tashlanmaydigan mardona fe’li ham barchani maftun etgan. Bosh hisobchiga ishi tushmagan odam bormi? Deylik, xonasiga kirasan! Iymanibgina gap boshlaysan:
– Jamilaxon!.. Shu oylikkacha… qurg‘ur… yetmay qoldi!
Jamilaxon G‘afurovna iymanganingni sezmaganga oladi. Darhol ikkilanmay, g‘aznachini chaqiradi.
– Akangizga biroz pul kerak ekan… Aytganlarini bering!
G‘aznachi zoti borki, bunday gapni yoqtirmaydi. Jamilaxon yuzida norozilik lipillagan g‘aznachiga kulibgina qaraydi:
– Siz bilan o‘zim hisoblashaman, Yoqutxon!
Ish bitdi, vassalom!
Ba’zan g‘aznachini chaqirmaydi ham. Negadir iltimosingizga aloqasi yo‘q mavzudan gap boshlaydi. So‘ng po‘lat sandiqchani ochadi-da, aytganingizni arzimagan qog‘oz taxiday oldingizga qo‘yadi. Pulga zarracha e’tibor bermaydi. Go‘yo gapirayotgan gapi muhim. Aslida, sizning xijolat tortayotganingizni ko‘rmaslikka oladi, battar xijolat torttirmaslikka harakat qiladi.
Qarzni olib kelganingizda esa, ko‘zingizga sinovchan nazar tashlaydi.
– Agar zarur bo‘lsa, ishlatib turavering, – deydi.
Bu gapni sizni ayab, juda samimiy, ta’bir joiz bo‘lsa, mehr bilan aytadi. Egachingiz yoki onangizga o‘xshab ketadi. Zo‘riqmayaptimikan, degan xayolga borgan-da! Qaytarganingiz pulni ham hech qachon sanamaydi. Stol tortmasiga tashlab qo‘yadi. Go‘yo pul emas, unga siz muhim.
Ishxonadan birovning boshiga ish tushib qolsa-ku, Jamilaxon u odam hali harakatga tushmasdan, boshliqning oldiga kirib, barcha muammoni o‘zi hal etib chiqadi – yordam pulimi, yo allaqanday xizmatingiz uchun mukofotmi…
Bu savob xizmatlarni u odam tanlamay – barchaga barobar bajaradi.
Hamkasblari esa uni ko‘klarga ko‘tarib, maqtaydilar.
Bu fazilatlari Jamila G‘afurovnaning chiroyiga chiroy qo‘shgani aniq.
Idoraning Buxorodagi shu’basi boshliqligiga tayinlangan Bo‘rsayev ishxonaga ilk kelganida, uni ko‘rib, “ibi, ibi”lagancha, gangib qolgan.
– In pari ast, – degan o‘zbekchani bir lahza unutib. – Pari!..
– Yo‘q, – degan qat’iylik bilan rahmatli Olim Jo‘rayevich. – Farishta! Jamila G‘afurovna – farishta!

Jamila G‘afurovna farishtaligidan bexabar, o‘zining hayoti bilan yashaydi.
Erga tegib chiqqan. O‘tgan yil universitetni bitirgan birgina qizi turmush qilib, xorijga ketgan… Odamlarning bu ayol haqida bilganlari – shu.
Uning o‘zi ham bu ma’lumotga qo‘shimcha qilolmaydi. Bori shu-da!.. Yana nima? Yana… Albatta, nimalardir bor. Bor! Ammo… Qanday aytsin? U hayotini tushuniksiz siru sinoatga to‘ldirgan, orziqtirgan, sog‘intirgan – intizor umrguzaronlikda yashashga mahkum etgan ajib bir g‘aroyibotning asiri! Bu asirlikdan qutulish chorasini, mana, yillarki, topolmaydi! Bu asirlik zanjiridan ozod bo‘lmoqqa ham kuchi yetmaydi. Qiynaladi, azoblanadi, ammo bu sirni birovga aytishdan iymanadi. Hatto qiziga ham gapirmagan. O‘zi tushunmagandan keyin, birovga nima desin? Faqat kulgiga qolishi mumkin! Asrori faqat Tangri taologa ma’lum sirlar ozmi? Ehtimol, shu sirlardan biri uning qismatiga yo‘ldosh bo‘lgandir? Ammo yashayapti-ku! Yaxshi ko‘rgan eri urushda beiz yo‘qolgan ayolday, sog‘inchda o‘rtanib bo‘lsa ham, yashayapti-ku! Nomini aytay desa, ismi yo‘q, suratini ko‘ray desa, jismi yo‘q kimnidir o‘zidan ham ortiq yaxshi ko‘radi-ku!.. Ha, hamma gap shunda! Jismi yo‘q bo‘lgandan keyin… E, Xudo! Bu sirni hech kimga oshkor etmay, huvullagan qismatini begona ko‘zlardan yashirin tutib, sirtida umrini kulib-o‘ynab o‘tkazayotganday yashashga majbur ekanligini his etmoq juda mushkul! Ammo majbursan! Chunki atrofda odamlar bor! Ularga o‘xshashing shart! Faryodni-ku, qo‘yaver, “uf” tortsang ham quyushqondan chiqqan ko‘rinasan. Odamlar o‘zlariga mengzamaganlarni kechirishmaydi! G‘iybat bilan omon qolsang-ku, mayli! Undan battariga duch qilishadi. Shuning uchun ularga mengzab yashashga harakat qilish zarur. To‘g‘ri, ishxonada uni hurmat qilishadi. Ammo bir qadam bejo qadam qo‘yib ko‘r, qani! Hech bo‘lmaganda, Muyassar Qodirovaning e’tiborini tortasan! Bu e’tiborning changali esa!.. O‘-o‘!
Jamila G‘afurovna xuddi shunday kun kechiradi. Risoladagiday odam. Orqada qolmaydi. Yugurib oldinga chiqmaydi. Ichida esa… Ichidagi esa faqat o‘ziga tegishli! Faqat o‘ziga!..

Ammo Van Gogning suratlari uni tamoman izdan chiqarib yubordi. Natyurmortdagi qizil gullar qayerdan keldi? O‘sha gullar-ku! O‘sha – tushidagi gullar! Adashgani yo‘q! O‘sha gullarning o‘zi!

Gullarni…
sen
yubordingmi?

Van Gogning xayoliga
gullarni
qanday olib kirding?

Gullarni
rassomning
xayolidan
suratga ko‘chirib,
menga
hadya etdingmi?

Bu dunyoda
borligingni
bildirdingmi,
azizim?..

Dunyoni sening bo‘ylaring tutib ketdi. Havolarni bag‘rimga bosib, ko‘ksimni to‘ldirib-to‘ldirib, nafas olib yuribman. Aniq bilaman, sen tushdan yerga ko‘chgansan. Shu atrofdasan. Menga tobora yaqin kelyapsan! Kel! Tezroq kel! Seni bir bor ko‘rib, dunyodan o‘tsam, armonim yo‘q! Eshityapsanmi? Eshityapsanmi, umr bo‘yi sog‘inganim! Suratda alvon gullaringni ko‘rgandan keyin toqatim qolmadi. Kel!..

O‘shanda nechada edi? Yigirmada!
Institutda o‘qib yurgan chog‘lari! Yoshlik! Muhabbat va orzular fasli! Ha, o‘sha! O‘sha!.. Jamilaning atrofidagi tengdoshlari, do‘stlari, dugonalari – barcha sevgi va orzu ummonida to‘lg‘onadi. Uning mavjlari yuraklarni hapqirtiradi. Oyog‘i yerga tegmay yurganlar qancha, chilparchin yiqilganlar qancha! “Karashma dengizin ko‘rdim – na nozli to‘lqini bordir, Halokat bo‘lg‘usin bilmay, qulochni katta otdim-ku!” Kim aytgan? Cho‘lpon! Topib aytgan. Sevgi degan to‘fon yetganda, halokat xayolingga keladimi? Najot faqat shu to‘fonda ekanligini yaxshi bilasan! O‘zingni o‘ylab o‘tirmaysan! Yo hayot, yo mamot! Yo bahorday gullab-yashnash, yo kuzday qovjiramoq!..
Jamilaning tegrasida shunday hayot mavj uradi.
U tengdoshlariga havasi kelib qaraydi: birovning ko‘yida yonib yashash qanday yaxshi!
Oshiqlarining esa sanog‘i yo‘q. Uchragan yigit uning ortidan bir ergashib ko‘radi. Ammo adadsiz chiroy yorug‘lariga chulg‘ongan bu qizga yetadigan manzil qayerda ekanligini hech kim tasavvur etolmaydi. Visol deb yo‘lga chiqqanlar, yuraklar kesishadigan chorrahada bu qizning izi ham yo‘qligiga iqror bo‘lishgach, taqdirlariga tan berib, qolib ketishaveradi. Qiz esa bu yorug‘ olamdagi hech kimga talpinmaydi. Ammo yuragida sog‘inch bor. Yuragi kimningdir sog‘inchida lab burgani burgan…
Shunday kunlardan birida tush ko‘rdi.

Dashtu qirda yakka-yolg‘iz o‘zi – sog‘inchdan o‘rtanib, to‘rt tarafga yuguryapti. Bu qirdan o‘tsa, murodiga yetadiganday, bu tepadan oshsa, istaganini topadiganday… Goh shamolday olg‘a uchadi, goh izlagani qolib ketganday sarsonu sargardon ortiga qaytadi. Istagiga yetmasa, umri ado bo‘ladiganday yuguradi. Qayerdasan, qichqiradi u. Qa-er-da-san? Axir, sog‘inyapman-ku! Sog‘i-na-yap-man! Shu payt ro‘parasida bir dasta qizil gul ko‘rinadi! Yerga tushsa, uvol bo‘ladiganday, o‘zini havoda muallaq tutib turgan bir dasta qizil gul! Epkinda gulbarglari nozik titraydi. Xuddi orzu kabi chiroyli! Hatto bo‘ylari rango-rang tovlanadi! Jannatning gullari, o‘ylaydi Jamila, jannatning gullari! Kimdir bu gullarni unga intizor tutib turgani aniq, ammo ko‘rinmaydi – na yuzi, na ko‘zi, na qo‘li – vujudi tumanga o‘ralgan. Ammo… Qizil gullar! Qiz aqlu hushi ketib, o‘zini unutgancha, gullardan ko‘z ololmaydi. U – mast! O‘sha – faqat muhabbat tortiq etadigan mastonalik vujudiyu qalbini tamom asir etgan. Jonu jahonini baxshida etishga tayyor asnoda gullarga qo‘l cho‘zadi. Biroq qo‘llari yetmaydi. Yana intiladi – dastlari faqat havoni ushlaydi. Gullarni ber, yolvoradi u. Bu gullar – meniki! Menga atagansan! Men seni sog‘inganman axir! O‘zingni tumanlarga o‘rama! O‘zingni ko‘rsat! Men seni sog‘inganman, deyapman-ku! Gullaringni ber!..
Birdan ko‘rinmas odam tilga kiradi. Uning ovozi nihoyatda g‘aroyib – jono‘rtar, anvoyi, yuragu bag‘irni burdalaydigan. Men seni sevaman, deydi ovoz. Men seni sevaman… Bu ovoz buncha chiroyli bo‘lmasa! Inson zoti bunday tovushda qayerdan gapirsin! Farishtamikan? Farishta! Yo sevgan odam farishtaga aylanadimi?.. Qiz tovushning beqiyos ohangiga toqat qilolmay, yig‘lab yuboradi. Gullarni ber, deydi yolvorib. Gullarni ber!..
Nogahon tovush she’r o‘qiyotganini his qiladi:

Bir dasta qizil gul bizni o‘rtagay,
Bir dasta qizil gul – bir dasta armon.
Qismat ayriliqqa toshday o‘rnagay,
Azalning yozmishi sog‘inch – beomon…

Jamila ho‘ngrab yig‘laydi. Gullarni ber, deydi u faqat! Gullarni ber! Seni sog‘inganman! Seni kutib yashayapman! O‘zingni ko‘rsatsang-chi!.. Nega gulni bermaysan?..

U uyg‘onib ketadi. Ho‘ngrab, o‘ksinib yig‘layotganini, “gulni ber”, deb yolvorayotganini eshitadi. Tushu hushligini ajratolmay, qo‘li bilan yuzini silaydi – ko‘zlari, yonoqlari, yuziga yopishgan sochlari ho‘l!.. Tush hasratining harorati vujudini tark etmay, yana uzoq – o‘zini to‘xtatolmay – yig‘laydi. Bu sohir ovozning dardli, og‘riqli, lazzatli ohangi uni tark etishini negadir istamaydi. “Eslab qolishim kerak, – deydi uyqu aralash. – Eslab qolishim kerak! She’rni ham… Nima edi? “Bir dasta qizil gul… Bir dasta qizil gul…” U uyqu komiga yana tortib ketayotganini sezadi. Uyqu bezovta holini parqu quchog‘iga oladi – besas allalaydi. Uning yig‘idan bo‘shashgan vujudi uyquga singib ketadi.
Ertalab odatdagiday uyg‘onadi. Ammo shu kecha nimadir bo‘lgani aniq edi. Biroq hech narsani eslayolmaydi. Faqat ko‘ksida nimadir shu’lalanib, yuragiyu ruhini yoritib turganini his qiladi. Derazani ochib, hovliga qaraydi. Voy, gul ochilibdi! Atirgul! Bir donagina atirgul! Qip-qizil!.. Va birdan kechagi tushi esiga tushadi. Nima edi… “Bir dasta qizil gul!..” U yugurib hovliga chiqadi. Aprelning iliq havosiga chulg‘anib, pirpiragancha, hovlining chetidagi gulzorda – boshqa gullardan ko‘ra oldinroq ochilishga ulgurgan atirgulga termilib turadi. Engashadi. Ko‘zlarini yumib hidlaydi. Yo‘q, tushidagi atirgulning bo‘yi o‘zgacha, tarovati ham bo‘lakcha! U gullar!.. U tovush-chi?..

Kel!.. Sen ko‘rinmading, ammo meni yaxshi ko‘rishingni bilaman! Shu qadar yaxshi ko‘rasanki, hatto tushlarimga kirishni uddalaysan! Tovushing yuragimni limmo-lim to‘ldirdi! Olamga yog‘du tarayotgandayman! Kelsang-chi!.. Nima edi? “Bir dasta qizil gul!” “Bir dasta…” U yog‘i nima edi?.. Esimda qolmadi! Voh, esimda yo‘q! Kel, hammasini qayta aytib berasan. Kel!..

U kelmadi.
Sog‘inch esa yurakda shovullagani shovullagan.
Uzluksiz, bepoyon, jonu jahonini asir olgan sog‘inch.
Bir oylardan keyin tushiga yana o‘sha – bir dasta qizil gul kirdi. Havoda muallaq turgan bir dasta qizil gul!.. Biroq endi So‘z eshitilmadi. So‘z besas musiqaga – faqat yurak eshitadigan sadoga ko‘chgan – ko‘rinmas odam chidamoq amrimahol uzluksiz sukutfig‘onda dil izhor etar, ammo Jamila titrangancha, uning bor gapini shundoq tushunib turar edi.
“Meni sevasanmi? – deb so‘rar edi besas musiqa. – Meni sevasanmi?”
“Ha, – der edi entikib Jamila. – Ha! Faqat o‘zingni ko‘rsat! Faqat kel! Men seni sevaman!”
“Men ham!.. Men ham seni sevaman!..”
“Kel!”
“Borolmayman! – der edi fig‘on yurakni yorguday avjlanib. – Borolmayman!.. Sen chiroylisan! Sen – Parvardigor yaratgan go‘zallikning tanho xilqatisan. U sen kabi hech kimni yaratmagan…”
“Kel, deyapman! Tushda nima qilasan? Hushga tushsang-chi! Sog‘indim…”
“Biz uchrashmaslikka mahkummiz! Tegrangda chiroy qurgan dovondan oshib bo‘lmaydi!.. Oshib bo‘lmaydi!..”
“Unday dema!.. Unday dema!.. – Tushning bo‘shliqlariga hayqiradi qiz. – Iltimos, hech bo‘lmasa gullarni ber! Iltimos!.. U gullar menga atalgan! U gullar – meniki!.. Seni sevaman! Kel!..”
Bir dasta qizil gul havoda muallaq turibdi. U gullarga qo‘l uzatadi. Qo‘llari yetmaydi. Yana uzatadi. Qo‘llari faqat havoni ushlaydi.
Qiz yig‘laydi.

Jamila ko‘cha-ko‘yda, avtobusu tramvayda, institutda, mehmonda – qayerda bo‘lmasin, hushyor yuradi. Nogahon tushdagi odam ro‘baro‘ kelsa, o‘tkazib yuborishdan cho‘chiydi. Ko‘rmagan bo‘lsa ham uni shu zahotiyoq tanishini aniq biladi. Axir, qizil gulning bo‘ylari dimog‘ida! Ovozi-ku!.. Unutib bo‘ladimi?

U kelmaydi.
Faqat tushlariga kirgani kirgan.
Sog‘inchning harorati yondirib, kul etadigan darajaga yetganda, yana qizning tushiga keladi.
Jamila endi tushdan tushgacha yashaydi. U qizil guldan taralgan bo‘ylarga ko‘ksini to‘ldirib, yurak-bag‘irni burdalaydigan tovushning sadolaridan mastona yuradi. O‘sha she’rni eslamoqchi bo‘ladi. “Bir dasta qizil gul…”dan boshqa so‘zlar esa yodiga tushmaydi.
Qiz uni izlaydi.
Keladi! Albatta, keladi! Tushidagi ko‘rinmas kimsaning bu yorug‘ dunyoda borligiga butun borlig‘i bilan ishonadi.
Atrofida esa yigitlar chiroq atrofidagi parvonalardek charx urishadi. Ammo qanotlari beparvolikning sovuq o‘tida yonib bitgach, sudralib, qaygadir g‘oyib bo‘ladilar.
Uydagilar esa to‘y orzusida. “Turmush qil”, deb jon holiga qo‘yishmayapti. Ularga nima desin? Yoshi o‘tib borayotgani ham, ertaga kech bo‘lishi ham haqiqat, ammo tush… Undan qanday ayrilsin?
Jamila tushidagi ko‘rinmas odam taqib etmayotganini; faqat uni ayayotganini, shafqat qilayotganini; o‘zini qurbon etib bo‘lsa-da, unga baxt tilayotganini – shuning uchun, tushdan hushga tushmayotganini endi fahmlaydi. “Ket” desa, uni baxti­qarolikda ketishini ham his qiladi. Shu sabab bu so‘zni aytishga kuch topolmaydi. Axir, sog‘inchda o‘lib ketadi-ku! O‘zi-chi? O‘zi omon qolarmidi?

O‘zini to‘rt tomonga urmasin, uydagilar g‘olib keldi. To‘y taraddudi boshlandi. Jamilaning o‘zi ham onasi aytganday, “boshqalarday” yashash lozimligini tushinib turar – “odaming bormi?” degan savolga tayinli javob berolmasa, nima qilsin? “Odamim tushimda”, desinmi?

Tush esa qaytarilgani qaytarilgan.

Turmushi bo‘lmadi. Ajralib ketdi. Birovni ovora qilgani qoldi. Yaxshi odam edi. Janjalsiz javobini berdi. To‘g‘ri aytding, dedi u, ajralsak yaxshi bo‘ladi. Kechalari ho‘ngrab chiqishingni bilmaydi, deb o‘ylaysanmi?
Nima desin? Sizni yaxshi ko‘rmayman, desinmi? Tushimdagi bir odam aqlu hushimni olgan desinmi?
Indamadi. Eri ham boshqa hech narsa degani yo‘q. Ortiqcha g‘alvalarsiz ajralib ketishdi. Undan qolgan yodgor – qizi – Hanifa. Juda bilimli, juda aqlli, buning ustiga, allaqaydan omilkorlikni ham yuqtirgan. Dunyoga ko‘ngil bilan emas, aql ko‘zi bilan qaraydi. Shu sababdanmi, uning “yaxshilab o‘ylab ko‘r”, degan pinhon iltijo o‘tinchlariga parvo ham qilmay, xorijga o‘qishga ketdi. O‘sha yoqqa – nemis aralash turkkami, turk aralash nemisgami turmushga chiqdi. O‘zidan yigirma yosh katta. “Bunisi qandoq bo‘ldi?”, degan savoliga, Hanifa gapni cho‘zmay, unga shunisi qulayligini aytdi, xolos. Binoyiday yashab yuribdi. Eri bilan allaqanday laboratoriyada ishlaydi. Xullas, nima bo‘lsa ham, boshida eri bor. Jamila G‘afurovnaning ko‘ngli tinch.

Tush esa qaytarilgani qaytarilgan.
O‘-ho‘, necha yillarkim, u sog‘inchning zarjirband quchog‘ida yashayapti!
Ammo Van Gogning ko‘rgazmasidan keyin, sog‘inchning yonida nogoh umid ham paydo bo‘ldi. Axir, Van Gog uning tushini qayerdan biladi? Qanday qilib u aynan tushidagi gullarni chizdi? Hatto rasmning tagidagi bir enli qog‘ozga yozib qo‘yilgan – “Bir dasta qizil gul” lavhasi ham uning tushidan. Van Gog o‘sha she’rni ham… biladimi? Qayerdan biladi?..

Sen birovga hukmingni o‘tkazdingmi? Tushimdagi gullarni boyoqish rassomning ilhomiga Sen hadya etdingmi!.. U sening do‘stingmi? Sen hozir Yerdamisan? Ha-a… tushimdan yerga tushganing aniq… Sezyapman… Tushgansan! Bu gullarning rasmini ko‘rgan onimdan angladim! O‘zingni ko‘rsat! Axir sog‘iniblar ketdim! O‘zingni ko‘rsat deyapman!..
Boqibek – Van Gog deganlari juda antiqa odam. Uning Van Gogligini bilmagan paytlari – bu idoraga ishga kelishidan avval ham – bu yigitni ko‘p uchratgan. Talabalik yillari institutda, metroda, avtobusda, ko‘chada, ishxona eshigi yonida… duch kelgani duch kelgan edi. Unga bir ko‘z tashlaydi-da, xayollanib o‘tib ketadi. Ko‘z tashlaganiga Jamila ajablanmagan, chunki uchragan odam unga e’tibor berishiga ko‘nikib ketgan. Bir ko‘z tashlab o‘tishsa ham mayli – birovlar to‘xtab qoladi, birovlarning oyog‘i chalkashadi; ortiga burilib qaraganlar qancha; yo‘lidan qaytib, uni yana bir bor tomosha qiladiganlar… Van Gog esa “odam odamga qaraydi-da” qabilida bir ko‘z tashlaydi-yu – tamom! – o‘tib ketaveradi. Yuzida ham, ko‘zida ham hech narsa o‘zgarmaydi. Ehtimol, bee’tibor qaragani uchun ham Jamilaning xotirasida qolgandir? Uchratgani bori kas esu hushidan ayrilib qolay deganda, bu yigitning alohida beparvoligi, ayolning esida muhrlangan-da! Ha, Jamila bu yigitning birovlar bilan to‘dalashib yurganini ham ko‘rgani yo‘q. Doim yakka-yolg‘iz…
Jamila shu idoraga ishga kelganidan keyin bir-ikki oy o‘tib, bu yigit ham ishxonada paydo bo‘lgan: “bo‘yoqlar bo‘yicha ekspert”, degan lavozimnimi-ey egalladi. “Lavozimnimi-ey…” deb shubhaga olganimizning sababi bor. Ma’lumingizkim, lavozimning o‘ziga xos shonu shavkati bo‘ladi. Ammo lavozim, ko‘pincha, mansab kursisiga o‘tirgan shaxsning ko‘lamiga, miqyosiga, bilimiga, tashkilotchiligiga, o‘zini “qo‘ya bilish”iga va qanchadan-qancha mayda-chuyda narsalarga bog‘liq. Dazmollangan kostyum-shim, oppoq ko‘ylak kiyib, bo‘yinbog‘ taqib olinsa, bir qarich lavozim ham bir quloch ko‘rinadi. Agar mansabi balandlar seni yaxshi ko‘rib, martabasi pastlar hayiqsa, lavozimingning obro‘yi yanada oshadi. Senga ishi tushadiganlar qabulxonada sekingina gaplashib, kotibadan kayfiyating qalayligini surishtira boshlaganda esa, bil, endi idorang, unday-bunday odam qarasa, do‘ppisi tushib ketadigan joyga aylangan – o‘zing esa istiqboli porloq rahbarchalar toifasiga kirasan.
Biroq ish boshlaganidan ikki-uch oy o‘tib, bu yigitning lavozimi borligi idoradagilarning esidan ham chiqib ketdi. Ehtimol, lavozimi borligi bu yigitning o‘zini ham xayolidan ko‘tarildi, yo lavozim uni pisand etmadi – xullas, u boru yo‘qligi uncha ham bilinmaydigan xizmatchilardan biriga aylandi. Holbuki, ekspert degani hazilakam ish emas! Uni fikridan odamlarning oylab-yillab qilgan mehnatlarining taqdiri hal bo‘ladi. Idoraga taalluqli yoki u bilan hamkorlik qiladigan qanchadan-qancha tashkilotlar ekspertning og‘ziga qarab turishadi. Uning ko‘nglini ovlashga harakat qilishadi. Ilgari bu o‘rinda ishlaganlar hozir boyu badavlatgina umrguzaronlik etayotganlari haqida ko‘p rivoyatlar yuradi. Odamlar bu yigitning atrofida ham aylanib ko‘rishdi. Biroq uni avrayman deb ovora bo‘lmaslikni tezda tushunib yetdilar. Endi Asror Valiyevichning sovuq nigohi qarshisida bu isqirti odamning hukmini eshitishdan o‘zga chora yo‘q. Ammo bu yigit ishga kelgach, lavozimining shavkatidan urvoq ham yuqmadi. Xuddi zavoddagi ustalarday kiyinadi. Buning ustiga, allaqanday xizmatkor – ko‘ngilli tarzda – shior chizadimi-ey, xonalarni ta’mirlashga kirishib ketadimi-ey, devorlarga antiqa rasmlar tushiradimi-ey… Lavozimning obro‘yi qoladimi? Bora-bora idoradagilar uning ismi sharifini ham unutishdi. Kimdir “Van Gog” deb qo‘ygan laqab esa unga yopishdi-qo‘ydi. Ammo birov uning mushugini “pisht” deyolmaydi. Axir kotiba Jasmina tarqatgan tezkor axborotga ko‘ra, Asror Valiyevichning shaxsan o‘zlari shu Van Gogni o‘nga yaqin nomzodlar orasidan tanlab olgan! Rahbarga yaqin odamga gapirib bo‘ladimi? Ko‘ngliga kelganini qiladi-da! Buning ustiga, bu odamning fikrini Asror Valiyevich tasdiqlab tursa!

Xullasi kalom, Jamila G‘afurovna yoshligidan buyon ko‘zi tushib turadigan bu yigit – Van Gog uning sirini anglaganday edi.
Ammo o‘sha “ko‘rgazma kuni” ko‘ngilni xira qiladigan yana bir voqea bo‘ldi.
Ko‘zyoshlari qurimasdan turib, xonasiga rangi bo‘zarib, Muyassar Qodirovna kirdi.
– Jamila G‘afurovna, – dedi u rasmiy ohangda. – Sizdan kutmagan edim! Har holda, rahbar xodimlarimizdansiz! Bu nimasi? Surat tomosha qilib ham odam shu ahvolga tushadimi? Men ham qaradim – bir dasta qizil gul! Shunga ham rahbar odam yig‘laydimi? Xayriyat, mendan boshqa hech kim ko‘rmadi! Idoramizni ham, o‘zingizning ham obro‘yingiz bir pul bo‘lar edi! Xafa bo‘lmang, aytib qo‘yish burchim! Yo biror siringiz bormi?
Jim o‘tirgan bosh hisobchining vujudi muzlab ketdi.
– Yo‘q!.. – dedi u negadir shoshib. – Yo‘q! Hech qanday sirim yo‘q!
Muyassar Qodirovna unga sinchiklab qaradi.
– Odam ham ishxonada yig‘laydimi? Yo anavi o‘lgur Van… Boqibek odam sezmas etib, suratda biror narsa qilganmi? Yashirmang, aytavering! Bu pismiqning qo‘lidan har ish keladi! Sezib turibman, bu joyda bir sir bor! Bo‘lmasa, sizday esli-hushli odam ham allambalo qizil bo‘yoq chaplangan aji-buji suratga qarab yig‘laydimi?
Jamila G‘afurovna qo‘rqib ketdi. Bu sovuq ufurib gapirayotgan ayol uning tushlariga ham bostirib kirayotganday tuyuldi. Bu ayolning qo‘lidan har ish keladi! Jamila G‘afurovna kalxat chang solayotgan qushday allanechuk qunishdi. O‘zini yo‘qotganidan tili ham gapga bormadi. Biroq negadir kulishga harakat qildi. Yuzida ayanchli tabassum paydo bo‘ldi-da, ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. Faqat – yoshlarini arta-arta, boshini sarak-sarak etib – xavotirga zarra o‘rin yo‘qligiga zo‘rg‘a ishora qildi.
Muyassar Qodirovna esa unga yana bir bor sinovchan tikildi. Qattiq tikildi.
Jamila G‘afurovna dosh berolmadi.
– Kechirasiz, – dedi Jamila G‘afurovna yoshlarni artarkan, o‘rnidan turib. – Meni yolg‘iz qoldirsangiz. Iltimos…
Muyassar Qodirovna qanday bo‘zarib kirgan bo‘lsa, shunday bo‘zarib chiqib ketdi.

Ertasi Jamila G‘afurovnaning xonasiga qorasini ham ko‘rsatmaydigan Van Gog to‘satdan kirib keldi. Negadir o‘zini noqulay sezib, xonaning o‘rtasida to‘xtadi. Bu odam uning allaqanday ulkan gunohini olamga hozir oshkor etadiganday, ayolning yuragi shuvullab ketdi.
– Assalomu alaykum, – dedi Van Gog juda jiddiy tarzda. – Sizga mening ishlarim yoqdimi?
Jamila G‘afurovna tushunmadi. Nima deyapti? Qanaqa ish? Uni Van… (Oti nima edi? Nima edi?.. Hech eslay olmaydi!..) Gogning ishlari bilan nima ishi bor?
– Kechirasiz, – dedi ayol negadir yuragi zimillab. – Qanaqa ish? Ishlaringizdan xabarim yo‘q…
Van Gog nim jilmaydi:
– Ish… endi suratlarim-da! Suratlarim sizga yoqdimi demoqchi edim?
– Ha, – dedi ayol bor kuchi bilan o‘zini beparvo ko‘rsatmoqchi bo‘lib. – Yoqdi… Yoqdi!..
Van Gog boshini xam qildi. Jim qoldi. Xafa bo‘ldi, deb o‘yladi Jamila G‘afurovna va o‘ziga xos bo‘lmagan jonsaraklikda takrorladi:
– Chindan ham yoqdi! Yoqdi! Ayniqsa…
Voy, nima keragi bor? Shu gapni aytib, nima qilaman!
Van Gog boshini ko‘tarib, unga tik qaradi:
– Ayniqsa… qaysi?
Jamila G‘afurovna sehrlanganday – tiliga kelgan gapni qaytarolmadi:
– Ayniqsa, “…qizil gul”… “Bir dasta qizil gul!”
Van Gog yana boshini xam qildi.
– Shu yaxshi ish, – dedi u xuddi birovni maqtayotganday. – Juda yaxshi ish! Suratimni aytayapman… “Qizil gul”ni…
So‘ng ortiga burilib, jo‘nadi. Eshik oldiga yetgach esa, bir narsani unutganday ortiga qaradi:
– Rahmat…
U muvozanatini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqayotgan monand – allatovur yurishda chiqib ketdi.
Ayol butun vujudi titrabgina turganini his qildi. E, Xudoyim! Bu odam nimanidir biladi. Biladi!.. Ey! Ey!.. Uni sen yubordingmi? Allaqanday Van Goglarni yuborgancha, o‘zing kela qolsang-chi! Bir dasta qizil gullarni qo‘lingda tutib, qarshimdan chiqsang-chi! Sog‘inching haddidan oshdi! Yuragim dosh bermayapti! Kel! Umrim ado bo‘lmasdan kel!..

Bu orada ishxonada kutilmagan o‘zgarishlar boshlandi. Asror Valiyevich to‘satdan o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi. Jamila G‘afurovna xizmat safarida ekanligida esa idoraga yangi rahbar tayinlanganini eshitdi.
– Voy, Jamila opa, – hayajonlanib qo‘ng‘iroq qilib qoldi g‘aznachi Yoqutxon. – Ishxonaga yangi rahbar keldi! Juda antiqa odam ekan! Hammani yig‘ib, majlis qildi. Majlisda she’r o‘qidi, opa!.. Odamlarning og‘zi ochilib qoldi!
Jamila G‘afurovna ham hayron qoldi. Chunki shu yoshga kirib, majlisda she’r o‘qilganini eshitmagan edi.
– Ismi kim ekan? – beixtiyor qiziqsindi u.
– Davron Rahmonov… Davron Ismoilovich Rahmonov! Xodimlar maqtab yurishibdi. Zo‘r odam ekan, deyishyapti! Hali kelsangiz ko‘rasiz, opa!..

O‘sha kecha yana tush ko‘rdi. Qizil gul! Bir dasta qizil gul! Gullarni olay desa, hatto qo‘llarini ko‘tarishga ham kuchi yetmadi. Gul esa shundoq yuzlariga yaqin keldi. Qanday go‘zal! U erkalanib, yuzlarini gulbarglarga bosdi.
U bor vujudi gul hidlariga to‘lib ketganini his qildi.

Jamila G‘afurovna ishga kelganda, ishxona ko‘tarinki ruhda edi.
– Onam, Jamilaxon! – dedi Shodmonbekov uni koridorda uchratganda va tepani bosh barmog‘i bilan ko‘rsatdi. – Qarang! Qarang!..
Bosh hisobchi tepaga qaradi va hech narsa ko‘rmadi.
– Nimaga qaray, Zafar aka?
Shodmonbekov qahqaha otib kuldi.
– Shiftimiz balandlab ketdi, Jamilaxon! Shiftimiz balandlab ketdi! Yelkangizdan bosmayotganini sezmadingizmi? Havoning yengilligini qarang! Endi idorada bemalol ko‘ksimizni to‘ldirib nafas olamiz!..
Jamila G‘afurovna gap nima haqida borayotganini tushundi va negadir ovozini pastlatib so‘radi.
– Rahbar yaxshi odam ekanmi?
– Yaxshi ham gapmi, onajonim! A’lo odam! Hamma narsadan xabardor. Kasbimizni ignasidan ipigacha suv qilib ichib yuborgan! Majlislarni kulib-o‘ynab olib boryapti. Har qanday fikrni aytishdan cho‘chimaydi. Bugun ertalabki rejamajlisimizda “O‘qish, o‘qish va yana o‘qish” degan shior hech qachon eskirmaydi, deb qoldi. Qo‘rqmay gapirgani­ni qarang! Uning aytishicha, odam fikrining oldiga to‘siq qo‘ymasligi lozim ekan! Bu to‘­­siq esa erinchoqlikdan yoki qo‘rqishdan kelib chiqar ekan! O‘qigan, bilimdon odam esa qo‘rq­mas ekan! Zo‘r gap-da, Jamilaxon! Ayniqsa, rahbardan eshitsang, alohida jarang­lay­­­­di-da, a? Yana bir gapi… Ishga va hayotga ko‘ngilli bo‘lib yollanmoq lozim ekan! O‘shanda ish­ga ham, hayotga ham qul bo‘lmas ekansan… E, zo‘r odam ekan bu Davron Ismoilovich!
Jamila kuyib-pishib rahbarning “zo‘r”ligini isbotlayotgan Shodmonbekovning shashtini o‘ldirmaslik uchun suhbatga cho‘g‘ tashladi.
– Majlisda she’r ham eshitibsizlar!..
– O!.. – doim hazillashib gapiradigan Shodmonbekov jiddiy tus oldi. – Navoiy hazratlaridan o‘qidi, onam! Hazratimning o‘zlaridan o‘qidi. Men Navoiyni yod biladigan rahbarni birinchi ko‘rishim! O‘zimcha Navoiy bizga o‘xshagan g‘ariblarga tegishli ekan-da, deb g‘amxayol surib yurgan edim! Ko‘nglim o‘sdi!.. Ajoyib odam ekan! Endi rohat qilamiz! Yoyilib ishlaymiz!.. Xayr, onam!..
U g‘ayrat bilan koridordan uch-to‘rt qadam tashladi-da, burilib ulgurmagan Jamilaning yoniga qaytib keldi.
– Yuragi nozik odamga tez ko‘z tegadi! Shu odamning ham yuragi juda nozik ekan! Ko‘z tegmasin!
Jamila G‘afurovna Shodmonbekovning to‘lib-toshishlariga kulib qarab turdi. “Yaxshi odam, shu Shodmonbekov, – o‘yladi u negadir quvonib. – Birov uchun kuyib-pishishini qarang!”
Xonasiga kirib o‘tirar-o‘tirmas, gul-gul ochilib, g‘aznachi Yoqutxon kirib keldi.
– Keldingizmi, opajon! – Kechagi xabarini yana yangilikday takrorladi Yoqutxon. – Sizni safarga jo‘natib, o‘zgarishlar qilib yubordik!..
Birovni yerga urishda ham, maqtashda ham hech kim ayollarga teng kelolmaydi. Yerga urishsa, qora yerning tagida mo‘ltirab yotaverasan – qaytib yorug‘ dunyoni ko‘rmaysan; maqtashsa, yetti qavat osmonga olib chiqishadi – tashlab yuborishmasa, qushday uchib yuraverasan! Yoqutxon og‘zidan bol tomib, yangi rahbarni maqtashga tushdi. Voy, opajon, unday odam ekan! Voy, opajon, bunday odam ekan!.. Jamila ayollarning bu taxlit gaplariga ko‘p e’tibor bermaydi. Buning ustiga, ishi ko‘p! Ammo hozir maqtalayotgan odam rahbar-da! Bevosita u bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi. Shu sabab eshitdi. G‘aznachi esa maqtov shiddatida rahbarni falakka ko‘tarib ketyapti! Davron Ismolovich osmon sari uchib ketayotganini bilmasdan, qaysidir bir majlisda jiddiy tarzda o‘tirganini ko‘z oldiga keltirib, Jamila G‘afurovna jilmaydi.
Bu orada esa Yoqutxonning barq urib turgan yuzida tashvish alomatlari ko‘rindi.
– Ammo har to‘kisda, bir kam deganlariday, opajon, – dedi u ovozini pasaytirib. – Shu odam ham baxtsiz ekan!
Bular qayerdan biladi? Rahbarning ishga chiqqanidan bir haftagina o‘tganmi, yo‘qmi…
– Nega baxtsiz bo‘ladi?
– Bilmayman-da, Jamila opa! Bilsam, sizga aytmasmidim…
U ichidagining hammasini aytishdan bor kuchi bilan tiyilib turgani shundoq bilinib turadi. Ammo bu kuch shu zahotiyoq tugadi:
– Xotini yomon bo‘lsa ekan, opa! Qaysi baxtsiz erkakni ko‘rsangiz bilingki, xotinini Xudo urgan! Aytishlaricha, u kishi xotini bilan besh yildan buyon birga yashamas ekanlar… Xotini bir yomon ish qilgan deyishadi! Endi shu sharmanda “ajralmayman” deb turib olganmish, opa! Yomon xotin – yomon-da!
Yoqutxon erkaklarning bebaxtligini chuqur his etganidan, birdam jimib qoldi-da, so‘ng allaqanday orzumandlikda entikdi:
– Davron Ismoilovich shunday yaxshi odam ekan!.. Shunday yaxshi odam ekan!..
– Birga ishlayversak, – dedi Jamila G‘afurovna suhbatni yakunlash payti yetganligini his qilib. – Kimligini bilib olaveramiz!

Bu tungi uyqu faqat tushdan iborat bo‘ldi. Ammo qizil gul tushiga kirmadi. U qizil gulni izlab, dashtu qirlarda sarson-sargardon kezdi. Biroq vujudiyu ruhiga beayov hasrat sochib, tutqich bermaydigan ro‘yo tushini tamom tark etganday edi! U tentirab, tonggacha yugurdi. Gullar qayerda qoldi? Gullar! Qizil gullar! Ey!.. Endi bu sarsonlikka kuchim yetmayapti! Qayerdasan?..
Tong otganda esa allaqanday baxtiyorlikda uyg‘ondi. Va nogoh yotoqxonasida o‘sha gullarning bo‘yi elas-elas anqib turganini sezdi. Negadir baxtdan to‘liqib, qo‘llarini yuziga bosdi. Voh! O‘sha gullarning hidi! Qo‘llarida ham o‘sha gullarning hidi! Xudoyim, bu qanday ko‘rim?
Tashqariga chiqdi. Tashqarida ham o‘sha bo‘y!
Ayol gul bo‘ylariga o‘ralib, ishxonaga jo‘nadi.
Shoshib jo‘nadi.
Biroz hayallab qolsa, nimadir ketib qoladiganday besabr oshiqib jo‘nadi.
Jamila G‘afurovna ishxonaga kirganda, gullarning bo‘ylari kuchayganini sezdi. Hayajondan lablari qaqrab, yuragi tez-tez ura boshladi. Jismida esa allaqanday bezovta farog‘at junbush urar, baxtu saodatga o‘xshash bir tuyg‘uning shu’lasidan ko‘ngli yop-yorug‘ edi.
– Voy, opa-a-a!.. – dedi koridorda qarshisidan chiqqan Yoqutxon chindan hayratlanib. – Buncha chiroyli bo‘lib kelyapsiz! Yuzingiz nurlanib turibdi-ya! Voy, opa-a! Atiringiz ham antiqa! Bunaqasi bu olamda yo‘q! Voy, opa-a-a!..
“Bunaqasi” bu olamda qaydan bo‘lsin! Axir, bu bo‘ylar tushdan!.. O‘sha qip-qizil gullarning hidi!
Jamila G‘afurovna g‘aznachi bilan sho‘xu shodon kulib so‘rashdi-da, xonasi tomon yo‘naldi.
Xonasiga yaqinlashgani sari bu mastona bo‘y tobora quyuqlashib borayotganini tuygancha, qo‘llari qaltirab qulfga kalit soldi. Eshikni ochdi-yu, bir seskanib to‘xtab qoldi.
Voy, Xudoyim!..
U eshikni beixtiyor qayta yopdi. Yuragi yorilguday urar, vujudini titroq bosgan edi.
Voy, Parvardigor!..
Rostdan ham…
U taqdir darvozasini ochayotganday eshikni avaylab qayta ochdi.
Stol ustidagi bejirim guldonda bir dasta qizil gul barq urib turar edi.

Keldingmi?

Shu yerdamisan?

Gullaringni xonamga
qo‘yib,
qayerlarga ketding?

Kel!
Kel!

Hozir
seni ko‘rmasam,
sog‘inchdan o‘lib qolaman!

Sog‘inchda o‘lib qolmasimdan, kel!

U hayajondan to‘lg‘onib, xonasiga kirdi. Mana, o‘sha tushlaridagi gullar! Qip-qizil gullar! Tushlarini kezib-kezib, oxir xonasigacha yetib kelgan gullar!..
Ayol besabrlikning toshqin harakatlarini yengib, go‘yo guldasta uchib ketadiganday unga beozor bir harakatda qo‘l uzatdi. Gullarga barmoqlari tekkanda, bir ajib bezovta farog‘at bor-yo‘g‘ini qamrab olganini his qildi. Gullarni ikki qo‘llab ohista tutib oldi-da, avaylab bag‘riga bosdi. Voh! Naqadar muattar bo‘y! O‘sha – tushidan taralib, uni devona etgan sog‘inchning bo‘yi!.. Gullaring meni topib keldi, azizim! O‘zing qayerdasan? O‘zing?..
Nogahon eshikda hovliqib Yoqutxon ko‘rindi.
– Opa, televizorni qo‘ying!
U bag‘riga gullarni bosgancha, angrayib qolgan Jamila G‘afurovnaga parvo qilmasdan, toshqin harakatda stol ustidagi telemurvatni oldi-da, shoshib, bosh hisobchining qarshisida o‘rnatilgan televizorni qo‘ydi.
– Kattamizni ko‘rsatayapti, Jamila opa!.. – dedi Yoqutxon hayajonlanib, kerakli kanalni topar ekan. – Davron Ismoilovichni!..
Yoqutxon yorishgan ekrandan ko‘z uzmay, nogahon baxtni topib olgan odam kabi quvonchli ovozda bidilladi:
– Opa, qarang! Qarang! Voy!. Buncha chiroyli odam! Voy! Qanday odam-a!..
Jamila G‘afurovna gullarni bag‘riga bosgancha, tushu hush oralig‘idagi bir ahvolda tik turar; ko‘zi ekranda bo‘lsa ham, hech narsani ko‘rmasdi.
Yoqutxon unga o‘girilib qaradi.
– Opa!..
Jamila G‘afurovna noxos uyqudan uyg‘ongan odamday seskanib g‘aznachiga qaradi:
– Nima, Yoqutxon?
– Jamila opa, sizga nima bo‘ldi? Televizorga qarang!.. Davron Ismoilovich!
Jamila G‘afurovna og‘rinib ekranga ko‘z tashladi.
Ekranda kelishgan, nihoyatda kelishgan odam nimalarnidir gapirar, qarshisidagi mashhur teleboshlovchi qizgina esa yuzini tabassumga to‘ldirganicha, uning gaplarini ma’qullab bosh qimirlatar – odatda, bir qarashdanoq seziladigan soxta e’tibori bu safar nihoyatda haqiqiyga o‘xshardi. Davron Ismoilovich deganlari esa, allaqanday o‘ziga yarashiq viqorli samimiyatda nimalarnidir ko‘tarinki kayfiyat bilan tushuntirib turar edi. Shu kishimi?.. Barcha og‘zidan bol tomib maqtagan rahbarimiz shu kishimi?..
– Voy!.. Opa!.. Qarang, opa! Shunday erkaklar bor-a! Aqlini qarang! Gaplarini! Bunday so‘zlarni qayerdan biladi, a?
Yoqutxon ko‘zlari yonib, ekrandan nigohini uzmaydi.
Jamila G‘afurovna Yoqutxon tezroq televizorni o‘chirib, xonadan chiqib ketishini istaydi. Nega u ketmaydi?
– Opa!.. Quloq soling!
Bu orada teleboshlovchi qizgina gapira boshlaydi.
– Rahmat, Davron Ismoilovich! – deydi u bisotidagi sururli bir ifodani abjirlik bilan yuziga qo‘ndirib. – Yangi sohadagi ishlaringizda muvaffaqiyat tilaymiz! Endi mavzuni ozgina o‘zgartirsak… Biz sizni adabiyotu san’atning muxlisi sifatida ham yaxshi bilamiz. Hatto, garchi sohangiz boshqa bo‘lsa ham, adabiyot haqida yozgan maqolalaringizni o‘qiganmiz. Ayniqsa, she’riyatni yaxshi ko‘rasiz. Keling, shu suhbatni noan’anaviy tarzda yakunlasak. Tomoshabinlarga biror she’r o‘qib bermaysizmi?
Ekrandagi odam taraddudlanmaydi, faqat biroz tin oladi.
– Bir she’rni yaxshi ko‘raman… Yoshligimda o‘qiganman. Muallifning ismi ham xira-shira esimda qolgan: nazarimda… Boqi Bek bo‘lsa kerak. Uning she’rlarini keyin hech uchratmadim…
U she’r o‘qiy boshladi. Ammo Jamila uning she’r o‘qiyotganini ham anglamaydi. Uf!.. Nega gapini cho‘zgani cho‘zgan? Tezroq gapini tugatib, uni Yoqutxondan qutqazsa-chi!
Ayol betoqatlik bilan, ammo Yoqutxonning istagiga bo‘ysungancha, televizorga tushunmay termiladi va… birdan hushyor tortadi. Bu ovozni qayerda eshitgan edi? Qayerda?.. Nima? “Qizil gul”, dedimi? “Bir dasta qizil gul”, dedimi? U aqlu hushi sachranib, televizorga qaraydi. Ekrandagi odamning har bir so‘zi unga endi yaqqol eshitila boshlaydi:

– …Bir dasta qizil gul bizni o‘rtagay,
Bir dasta qizil gul – bir dasta armon.
Qismat ayriliqqa toshday o‘rnagay,
Azalning yozmishi sog‘inch – beomon…

Jamila G‘afurovnaning vujudi banogoh urilgan hayajon mavjida to‘lg‘onadi. Voh, nega darrov bilmadi? Axir, o‘sha ovoz! O‘sha!.. O‘sha tushlaridagi she’r!..

– Taqdir qaylardadir miltirar elas,
Umr hushdan ketar, chalkashar yo‘llar.
Tushlarimdan tushib senga yetolmas
Senga ataganim qip-qizil gullar…

Ayol ekrandagi odamga hayajonda qaltirab qaraydi.

Senmisan?..
Keldingmi?..
Sen shunaqamisan?..

Telejuvon nimalardir deydi. Davron Ismoilovich yarashiq bir tabassum qiladi. Ko‘rsatuv tugaydi.
– Opa, she’r o‘qiganini ko‘rdingizmi? – deydi orziqib Yoqutxon, boshliq yana qaytib chiqadiganday, televizordan ko‘z uzolmay. – Qanday ajoyib odam! Voy, qarasam, ko‘z ololmayman-a!.. Opa, gullarni nega quchoqlab turibsiz! Menga bering!..
U Jamila G‘afurovnaning qo‘lidan gulni oladi-da, hidlab ko‘radi.
– Voy, hidini qarang!
So‘ng boshlig‘iga negadir xavotir ichida qaraydi:
– Opa, hidi atringizning o‘zi-ya…
U jiddiy tortib, gullarni vazaga qo‘yadi. So‘ng titrab-qaqshabgina turgan ayolga yuzlanadi.
– Sizga nima bo‘ldi? Mazangiz yo‘qmi? Rangingiz ham oqarib ketibdi.. Voy, o‘lay! O‘tiring, o‘tiring!..
Jamila G‘afurovna xonaga kirganidan buyon tik turganini anglaydi. U zo‘riqib, jilmayadi-da, stulga cho‘kadi.
– Opa, dori kerak emasmi?
– Yo‘q, – deydi tetik va baxtiyor ko‘rinishga harakat qilib Jamila. – Yo‘q, sizga shunday tuyulgandir… Boravering, Yoqutxon!..
Ammo yuragida noxos paydo bo‘layotgan mantiqning zo‘ridan zo‘riqib, burilib ketayotgan g‘aznachini shoshqin bir talvasada to‘xtatadi:
– Shoshmang… Sizga televizorni qo‘yishni kim aytdi?
Yoqutxon bu gapni o‘zicha tushunadi.
– Hech kim… – deydi u karaxtlanib. – Nima, televizorni bekor qo‘ydimmi, opa?
– Yo‘q, yo‘q… Rahmat! Rahmat!..
Yoqutxon yana bosh hisobchiga sinchiklab tikiladi.
– Dori kerak bo‘lsa, – deydi u qandaydir xulosaga kelib. – Qo‘ng‘iroq qiling, opa.
G‘aznachi chiqib ketishi bilan stol ustidagi telefon jiringlaydi. Jamila G‘afurovna tushdan ilkis uyg‘onganday seskanib, trubkani oladi.
– Allo…
Jasminaning ovozi! U namalarnidir gapiradi. Jamila tushunmaydi.
– Nima? Yana qaytaring, Jasminaxon! A? Qachon? Boshliq so‘rayapti? Hozirmi? Men bilan tanishmoqchi? Hozir boraman! Hozir!..
Ayol boshi lovullayotganini, tomog‘iga nimadir hapqirib tiqilganini, lablari qovjirab qolganini sezadi. Dunyoda havo qolmayotgandek, entikib-entikib nafas oladi. O‘zini suyanchiqqa tashlaydi. Parvardigor! O‘sha… Bu guldastani o‘sha olib kelgan! Ertalab hech kim yo‘q paytda kelgan-da, gullarni qo‘yib, chiqib ketgan. Endi esa “kel” deb chorlayapti! “Kel” deyapti!.. Nogoh ichida g‘uch bo‘lib, portlay deb turgan allaqanday kuch uni silkib, falakka – osmonlaru cheksizliklar sari otmoqchi bo‘layotganini his qiladi. O‘sha… O‘sha… Tushlaridagi odam… Sapchib o‘rnidan turadi-da, tashqariga otiladi.

Jamila G‘afurovna ichkariga kirdi-da, to‘rdagi stol ortida hozirgina televizorda ko‘rgan odam allanimalarnidir chaqqon yozib o‘tirganiga ko‘zi tushdi. Ayol besas entikib, unga qaradi va vujudining har bir hujayrasi bilan bu odamni tanidi. O‘sha!.. O‘sha!.. U hozir nimalar bo‘lishini bilmas, ammo vazni tamom yo‘qolib, oyog‘i yerdan uzilganini shundoq fahmladi. Davron Ismoilovich esa, kabinetiga kimdir kirganini sezgan bo‘lsa ham, bosh ko‘tarmay, “hozir-hozir” degancha, yozgani-yozgan edi. U oxiri yozishdan to‘xtab, qog‘ozga bir zum termilib turdi. Nimanidir tuzatdi. So‘ng qog‘ozlarni bir chetga surib, shasht o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, yuziga tabassum yoyilib, ayolga tomon yurdi. Uzun xonaning o‘rtalariga yetganda, ilk bor ayolga e’tibor berib, tik qaradi va go‘yo yo‘li nogahon shart kesilganday to‘xtadi. Uning yuzida tabassum o‘cha borib, nogahon hayratning karaxtligi tomon ko‘chdi. Sarosimalandi. Nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, tili so‘zga kelmadi. Faqat qo‘llari noilojlikdan betartib harakat qildi. Bunday paytda ko‘mak beradigan rasmiy muomalayu mulozamat bir zumda qaylargadir g‘oyib bo‘lgan, faqat rostu chin so‘zlar qolgan edi.
– Siz bilan bir tanishay deb… necha kundan buyon yo‘qlayman… – dedi u zo‘riqib va ovozi nihoyatda hasratli ekanidan o‘zi taajjubga tushib. – Keldingizmi?..
Jamila bu ovozni yana tanidi. O‘sha – ovoz! O‘sha!.. Tushlarida uni sargardon etgan – bir dasta qizil gulga yetkazmay, intizor yugurtirgan armon…
– Keldim, – dedi ayol ovozlari o‘zi ham bilmagan osmonlaridan yetgan darddan qaltirab. – Keldim…
U bu gapining ohangi Davron Ismoilovichni ham qaltiratib o‘tganini sezdi. Boshliq najot so‘raganday u yoq-bu yoqqa qaradi. Yuragini nogoh shovullatgan tuyg‘u selidan omonlik yo‘qday, javdirab ayolga tikildi:
– Nihoyatda chiroyli ekansiz… – dedi u to‘satdan. – Tushdan tushgandaysiz…
Jamila G‘afurovnaning hapqirib turgan yuragi battar muzlab ketdi. Bu odam ham o‘sha tushni ko‘rgan! Aniq. Bo‘lmasa… U fikrini oxiriga yetkazolmadi.
– Siz ham!.. Siz ham!.. – dedi u shoshqin bir o‘rtanishda.
Ixtiyor tizgini qo‘ldan chiqqan edi. Ayol bu beixtiyorlik bundan so‘ng taqdiri ekanligini, bu taqdir uni qayga boshlasa, ketaverishini boru yo‘g‘i bilan birdan angladi.

Yoqutxonning ishxonaga u-bu narsa olib kelib, ayollarga sotadigan odati bor. Opam olib keldi, deydi. Aytishicha, opasi sayru tomoshaga o‘ch – goh Turkiya, goh Xitoy, goh Vetnamni ixtiyor etadigan odati bor ekan.
Shaharning bozorlariyu do‘konlari kiyim-kechakka to‘la bo‘lsa ham, ishxonadagi ayollar negadir Yoqutxon keltirgan kiyimlarni talashib-tortishib olishadi. Chunki bu savdoning qulayligi bor – pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lansa ham bo‘laveradi. Qolaversa, ayol zoti kiyim desa o‘zini tutib turolmaydi: birovi libos xarid qilsa, boshqasi ham – olamdagi barcha kiyim-kechak ertaga yonib ketadiganday – tashlanadi. Yoqutxon “mol” olib kelgani zumda xonalarga tarqaladi. Ayollar hamma ishlarini tashlab koridorga otilib chiqadilar-da, hisobchilar xonasi tarafga hovliqib jo‘naydilar. “Tavba, bularning kiyimi yo‘qday-a”, degich edi, bunday paytda rahmatli Olim Jo‘rayevich. “Afsuski, bor-da”, deb askiya ildirardi Shodmonbekov. Baribir ayollarning – qo‘llarida xaridlari – ko‘zlari yonib, quvonib, bir-birlariga qumrilarday chuldirab – xona-xonalariga tarqalishlari qo‘ngillarga ham ajib bir tarovat tarar – erkaklar mamnuniyat samimiy tabassumda, ularni “o‘lja” bilan qutlashar edi.
Bugun ertalab hisobchilar xonasida yana Yoqutxonning “ko‘chma” do‘koni faoliyatini boshladi. Stollarning usti do‘kon peshtaxtalariga aylangan – tuflilaru etiklar, ko‘ylaklaru plashchlar, ichki kiyimlaru ustki liboslar terib qo‘yildi. Ayollar bunisini olib, bunisini tanlab ko‘rishyapti.
Bunday paytda hisobxonaga qorasini ham ko‘rsatmaydigan Muyassar Qodirovna ham bu safar nogoh eshikda paydo bo‘ldi. Chuvullayotgan ayollar unga ko‘zlari tushgach, birdan jim bo‘lib qoldi.
– Keling, opa, – dedi Yoqutxon, ovozi pasayib.
U dalli-g‘ullilikni birpasda unutib, xatarni sezgan jonivorday Muyassar Qodirovnaga qaradi. Xodimlar bo‘limining boshlig‘i vazifasi doirasidan chiqib, bu uymalashgan bozorga kelib qolganidan uyalgansimon, qovushmaygina ichkariga kirdi.
– Biror narsa kerakmi, opajon, – dedi javdirab Yoqutxon.
Opa hadiksirab, “peshtaxta”lardagi mollarga nazar tashladi.
– Menga… – dedi Muyassar Qodirovna erkaklar orasida ichki kiyimdan gap ochishga majbur bo‘lgan ayolday qizarinib. – Etik kerak edi…
– Bor! Bor! – dedi Yoqutxon, opaning kuniga yaraganidan quvonib. – Uch xil etik bor! – U eng bejirim etikning bir poyini olib, shosha-pisha opaga ko‘rsatdi. – Mana! Eng so‘nggi moda! Hozir Toshkentda hech kim bunaqasini kiygani yo‘q!
Muyassar Qodirovna etikni qo‘liga olmay, ammo unga sinchiklab, nihoyatda sinchiklab qaradi. Ayollarning nazarida, bechora etik kichrayib borayotganday tuyildi.
– Yo‘q, – dedi xaridor iymanibgina. – Bu juda olifta ekan… Menga sal odmirog‘i…
Yoqutxon chaqqonlik bilan boshqa etikni bir poyini oldi-da, ko‘z-ko‘z qildi.
– Mana, bu – siz aytgan etik! Qarang! Pishiq! O‘n yil tepkilab kiysa bo‘ladi.
Opa yana o‘sha qarashda etikka tikildi. Ko‘ngliga o‘tirishdi, shekilli, qo‘liga olib qaradi.
– Kiyib ko‘ring, Muyassar opajon! O‘tiring… – dedi g‘aznachi yasama jonkuyarlikda, chaqqonlik bilan stullarning birini u tomonga surib. – O‘tiring…
Muyassar Qodirovna Yoqutxonning jon kuydirib, aylanib-o‘rgilayotganiga parvo ham etmadi, faqat – mana shu ayollar qatorida savdolashib turganidanmi-ey – yana qizarindi.
– Razmeri necha?
– O‘ttiz yettinchi…
– Kichik ekan, – dedi u afsuslanib. – Mening oyog‘im o‘ttiz sakkiz…
– O‘ttiz sakkizi ham bor, opajon! – dedi Yoqutxon “opajon”iga yoqishga astoydil urinib. – Bor! Faqat opamning uyida-da! Ertaga olib kelaman!
Muyassar Qodirovna bir poy etikni Yoqutxonning qo‘liga bo‘shashibgina tutqazdi-da, indamay tashqariga yo‘naldi. Ammo ostonadan hatlaboq to‘xtadi. Burilib, Yoqutxonga yuzlandi. Oldi-berdi mahali bo‘shashgan ayollar yana xavotirli sukunatga cho‘kdilar. Savdodan xalos bo‘lgan xodimlar bo‘limining boshlig‘ining turishida, yuzida, ko‘zida esa dunyoni tosh tartibga soluvchi rasmiyatning qat’iyati yana qalqqan edi.
– Yoqutxon, – dedi u barchani hayiqtiradigan xos ovozida. – Etik masalasini shu bugun hal qilaylik. – So‘ng hammaga qarata xitob etdi: – Sizlar ham oldi-sotdilaringni tezroq qilinglar! Davlatning ishi qarab turmaydi!
Muyasar Qodirovna Yoqutxondan javob ham kutmasdan, ortiga burildi. Uning oyoq ovozi koridorda eshitilmay qolguncha, barcha qimirlolmay turdi. Oxiri kimdir “uf” tortdi. Birpas karaxtlanib qolgan “bozor” o‘ziga kelib, hamishagi qizg‘in savdosiga kirishib ketdi.

Etikning ham padariga la’nat! Kelib-kelib shu Muyassar Qodirovnaning etik kiygisi keladimi? Yurmaydimi almisoqdan qolgan poyafzalini sudrab! Shuncha ovora qilgani qoldi! O, kelguncha ko‘rgazgan nag‘malarini! Avval taksida bormaymiz, deb turib oldi; so‘ng metrodan qo‘rqaman, deb vahima qildi; marshrutka bechora esa tor ekan, havo yo‘q ekan… Necha avtobuslarda sarsonu sargardon – nari borsa o‘n besh daqiqalik yo‘lni, naq bir yarim soatda bosib – charchab-terlab manzilga yetdilar. Xuddi birov yelkasiga miltiq tirab olib kelganday, qovog‘ini solgancha, u etikni, bu etikni kiyib ko‘rdi, ammo yoqtirmadi – bittasi tor ekan, bittasi keng ekan; birovining tumshug‘i so‘ppaygan chiqdi, boshqasining rangi murdaning rangiga o‘xshash!.. Ha, xuddi shunday dedi! Shunday sovuq aytdiki, bechora etik ham o‘zining rangidan o‘zi qo‘rqib yuragi yorilganday, qo‘njlari asta osilib tushdi. “Joni yo‘q bir narsa ekan”, dedi Muyassar Qodirovna uning bu holiga ijirg‘anib qarab. Yoqutxonning opasi kulibgina etikning tarafini olmoq bo‘lib, og‘iz juftlagan edi, biroq opaxonning qahrli qarashi zabtiga dosh berolmay, dovdirab, nogoh tokdan uzilgan radioday o‘chib qoldi. Xullas, barcha etik brakka chiqdi. O‘-ho‘! Kimsan Muyassar Qodirovnaga poyafzal bo‘lish osonmi? Ammo olmagani ham yaxshi! Etik­lar Yoqutxon bilan bir ishxonada ishlaganlarida edi, bu ayoldan qutulganlariga ming bir shukrona aytib, elga xudoyi bergan bo‘lar edilar!
Mana, endi Yoqutxon uni kuzatgani olib chiqayapti. Opaning qovoq-tumshug‘i yetmaganday, tashqarida yomg‘ir ham boshlab yuborgan – endigina tushgan shom qorong‘iligini oralab, maydalagancha, beovoz, qo‘rqa-pisa yog‘ayapti. Boshqacha yog‘ib ko‘rsin-chi! Ammo Muyassar Qodirovnaga yomg‘irning shu yog‘ishi ham malol kelganday, unga parvo qilmay shiddat yurishda bekat tarafga ketyapti. Ortidan kelayotgan Yoqutxonga burilib ham qaramaydi. Opadan taralayotgan allaqanday og‘irlik havoni quyuqlashtirgan – Yoqutxonning nafasi bo‘g‘zidan arang o‘tadi, oyoqlarini zo‘riqqancha ko‘tarib bosadi. Bu baloga yo‘liqqur havoni ham bir balo qildi! Hozir dunyoni ham toshga aylantiradi. Iloyo, etik olaman degan xayollaring chirib ketsin! Yurak-bag‘irni qonga to‘ldirib yubordi-ya!
Dunyoni qo‘rqitgancha oldinda yo‘rtayotgan Muyassar Qodirovnaning ortidan Yoqutxonning hasratidan dud chiqib yo‘rg‘alaydi. Ammo kutilmaganda opa sekinlaydi va ko‘chaning narigi betiga tikilgan ko‘yi, tezligini yo‘qotgancha, imillab to‘xtaydi. Yoqutxonning yuragiga nogahon sovuq bir vahima yopishadi. U ham avval ko‘chaning narigi betiga, so‘ng opaga hayron qaraydi:
– Opa? Ha?.. – deydi u negadir ovozi qaltirab. – Nima bo‘ldi?
Muyassar Qodirovna ayolning savolini eshitmaydi, balki yonida turganligini ham unutgan – ko‘chaning narigi betidan ko‘z uzmay, sehrlangan kabi turadi. Yoqutxon opasi tikilgan tarafga qaraydi. Har kuni ko‘rib yurgani binolaru daraxtlar yomg‘ir aralash bu shomda allaqanday sirli ko‘rinish olgan – reklama chiroqlari rango-rang tovlanadi, shishadevor do‘konlar bag‘ridan nur tarab yaraqlaydi, turfa idora imoratlarining marmar qaddi-qomatlari g‘ira-shira yaltiraydi, odamlar yo‘lkadan sharpalarday o‘tadi. Moshinlarning biri to‘xtab, biri qo‘zg‘alib – ko‘chada shovullab oqayotgan avtomobillar oqimiga qo‘shilib ketyapti. Barchasi, barchasi yomg‘irning nim tumani ichida… Nima bo‘ldi? Yoqutxon opaga yana bir qarab oladi.
– Nima bo‘ldi?
Opa javob bermaydi. Ko‘zlari ko‘chaning narigi betiga – bir nuqtaga tikilgan, yuzida ajabtovur hurmatu izzat ifodasi aralash noxush bir qiziqish… Yoqutxon Muyassar Qodirovna ko‘z uzmay turgan nuqtaga sinchiklab tikiladi va peshtoqiga yonargul harflardan “Guluzorim” deb yozilgan restoran ro‘parasida – qo‘ng‘izday qop-qora mashinaning yonidagi erkakka ko‘zi tushadi. U yengil plashchining yoqasini ko‘tarib olgancha, bir joyda qaqqayib turibdi. Ammo bu erkakdan taralayotgan allaqanday intizor quvonch shohko‘chani to‘ldirib oqayotgan moshinalar osha yuziga urilayotganini ayol sezadi. Bu quvonch shabadasi uning vujudiga oqib kiradi-da, Muyassar Qodirovna tufayli ko‘nglida paydo bo‘lgan g‘ashlikka aralashib – allaqanday xavotirga aylanganini ham his qiladi. Yoqutxon erkakni taniy boshlaydi.
– Opa, Davron Ismoilovich-ku… – deydi birdan quvonib va o‘sha zahotiyoq bu odam Davron Ismoilovich chiqishini istamayotganini anglaydi.
Opa javob bermaydi.
Ikki ayol erkakdan ko‘z uzmay turadilar. Nogahon erkak birdan jonlanadi. Kimgadir qo‘l ko‘tarib, o‘zi qayerda ekanligini bildiradi va shasht harakatda moshina eshigini ochib bir dasta qizil gul oladi. Bu guldasta olisdan kattakon bir gulga – allaqanday sehr bilan havoda ushlab turilgan bir uyum qonga o‘xshab ko‘rinadi.
– Voy! – deydi seskanib Yoqutxon va shu zumda xayoli chalg‘iydi.
Uning ko‘zi erka bir yurishda, har bir harakatidan baxtu iqbol tarab Davron Ismoilovichga yaqinlashib kelayotgan ayolga tushadi. Tushadi-yu, yuragi hapqirib ketadi. Jamila G‘afurovna! Jamila G‘afurovnaning o‘zi! Voy, oyday balqib guldastani olishini qarang! Gullarni hidlashlari, yuzlari bilan silashlari, bag‘riga bosishlari qanday chiroyli! Gullarga buncha yarashmasa bu ayol! Erkak va ayol bir-birlariga nimalardir deyishadi, kulishadi, so‘ng yetaklashib, restoran tarafga yo‘l olishadi. Restorandan kimdir shoshilib chiqib, ularga peshvoz keladi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, ichkariga taklif qiladi. Eshikog‘a tavoze bilan eshik ochadi. Yarashiq bir yurishda Jamila G‘afurovna, so‘ng Davron Ismoilovich ichkariga kiradi… Yoqutxon ulardan ufurib, butun dunyoni tutgan allaqanday mastona baxtiyorlikning bo‘yini tuyub, butun vujudi bilan entikadi.
– Yashamagurlar!
Bu vishillagan ovozdan Yoqutxon cho‘chib tushadi. Voy, Muyassar Qodirovna ham shu yerda-ku! Voy-ey!.. Endi nima bo‘ladi?
Muyassar Qodirovnaning yuzida qahru g‘azab – dunyoni tartibga keltiradigan, qo‘shinlarni jangga tashlaydigan, xalqlarni balolarga duch ettiradigan, yolg‘onni rost, rostni yolg‘on etib ko‘rsatadigan – hech narsadan tap tortmaydigan – allaqanday bir qo‘rqinchli rasmiy irodaning shashti aks etgan.
– Opa!..
Muyassar Qodirovna Yoqutxonga burilib ham qaramaydi. Hamon restoranning eshigidan ko‘z uzmay turibdi. U ichida buralib kelayotgan g‘azabning zabtiga tob berolmay, yana vishillaydi:
– Bularni qilib yurgan ishini! Yer yutgurlar!.. Buzuqlar! Davron qilib yurishlarini qara! Bu ishni bunday qo‘yib bo‘lmaydi!.. Davlatning idorasini nahsga botirishadi!..
Yoqutxon xodimlar bo‘limining boshlig‘i bu qadar junbushga kelganini hech qachon ko‘rmagan edi.
– Opajon!.. – deydi Yoqutxon negadir yolvorib.
– “Opajon”lamang! Davron Ismoilovichni xotini bor-a! Yo‘q, bu ishni bunday qo‘yib bo‘lmaydi! Sharmandalar!
U hozir pulemyot ambrazurasiga o‘zini tashlaydigan jangchi kabi, mislsiz bir shiddatda, bekat tomonga yuradi.

Shodmonbekov shahar hokimligida idoraning yumushlarini bitirib, tushlikka ozgina qolganda, ishxonaga keladi.
Panjaralarga bosh urib, qator turgan avtomobillar orasiga mashinasini joylashtiradi-da, ishxonaning dabdabali eshigiga olib boradigan, ikki chetida go‘yo tavoze bilan “Xush kelibsiz” deya, qator archalar tizilgan keng yo‘lkaga buriladi. “Hurmatlaring uchun rahmat!” deb qo‘yadi u ichida, qator turgan daraxtlarga qarab. O‘zining bu hazilidan yuziga tabassum yoyiladi. Har xil shakl berib o‘stirilgan turli-tuman gullarga ham ko‘z qisib qo‘yadi! Chiroylisizlar, deydi u, chiroyli!.. O, dunyo qanday yaxshi! Gullar! Daraxtlar!.. Voh, bularning kuz kelganini sezmaganga olib, yashnab turishlari!.. Ammo… Bu nimasi? Bu og‘irlik qayerdan keldi? U tevarakka bezovtalanib qaraydi. Atrofga ajabtovur – ko‘ngilga qandaydir g‘ashlik soladigan sukunat cho‘kkanini his qiladi. Shodmonbekov to‘xtab, yana tevarakka nazar tashlaydi. Daraxtlarning biror bargi qimirlamas, shamollar allaqaylarga bosh olib ketganday… Sukunat ham bejon – noxos yuragi yorilib yiqilgan kabi – panjaralar o‘ragan bog‘u hovlini bahaybat gavdasi bilan to‘ldirib yotar, undan taralayotgan tushunuksiz diqqinafaslik bor havoni yutib qo‘yganday… Hatto ishxonaning hamisha qadrtalab salobatli imorati ham negadir karaxtlangan, go‘yo allaqanday bahaybat maxluq nogahon uning yuziga shapaloq tortib yuborgan kabi gangib turibdi. Eshik oldida ham hech kim ko‘rinmas – allaqanday kuch bu joyda o‘ralashib turadigan xodimlarni xona-xonalariga quvib yuborganday…
Shodmonbekov nafas ololmay yutinadi. Bu nimasi?
Shu payt ishxona eshigida Jamila G‘afurovna ko‘rinadi. Shodmonbekov unga ko‘zi tushgan zahotiyoq fojia yuz berganini his qiladi. Ayol allaqanday bujmayib, kichrayib, xo‘rlangannamo – o‘ziniyu dunyoni unutib, bir aftoda ahvolda zinalardan tusha boshlaydi. Chap qo‘lidagi harir sharfning bir uchi yerga sudralib kelyapti. Jamila G‘afurovna bu daraxtlarni, gullarni, ishxona hovlisini, zinalarni, hatto Shodmonbekovni ham ko‘rmagani, sezmagani aniq edi! Uning sochlari to‘zg‘igan, yuzlari yumdalangan, ko‘ylagi ustidan kiygani kostyumning bir yoqasi chokidan so‘kilgan… Shodmonbekov endi tevarakdagi sukunat nega bejonligini birdan ang­laydi. Shunday ayol bu ahvolga tushganda jon qoladimi! Shunday ayol! Kimning haddi sig‘di? Kimning?
– Onajonim… – deydi Shodmonbekov bexos ayol yaqin kelganda va ovozi xirillab chiqayotganini, tomog‘iga yig‘i tiqilganini his qiladi. – Onajonim! Nima bo‘ldi?
Jamila G‘afurovna uning so‘zlarini eshitmaydi, hatto uni ko‘rmaydi ham; Shodmonbekov ayolning rangida rang yo‘qligini, yuzi behad – murdanikiday – bezarib ketganini ko‘rib, seskanib ketadi… Voh, osmon o‘yilib yerga tushgan! Bo‘lmasa, bu ayolning rangu ro‘yi nega murdanikiday oqaradi? Qattiq xo‘rlanibdi! Qattiq!.. Shunday ayolni ham xo‘rlab bo‘ladimi? Kim uni tiriklay o‘ldirdi? Kim?
– Jamilaxon!.. Onajonim!
Ayol vayronlik qurshovida – tevarakka fojianing mudhish bo‘yini tarab, Shodmonbekovning yonidan o‘tib ketadi. Endi unga bu dunyo baribirligini erkak sezadi.
Shu payt ishxona eshigidan o‘qday otilib Yoqutxon chiqadi.
– Opa!.. Jamila G‘afurovna!..
G‘aznachining qo‘lida sumkacha, izillab yig‘lagancha, zinalardan zuvillab tushadi.
– Opajon! Sumkangiz qolib ketibdi! Opa!..
Jamila G‘afurovna Xudo urgan odamday gungu kar – Yoqutxonni eshitmay, ishxona hovlisining ko‘cha eshigi tomon telbavor bir behushlikda ketib boradi. Bu paytda Jamila G‘afurovna ko‘cha darvozadan chiqib, ko‘zdan pana joyga – panjaralar ortida tig‘iz qilib ekilgan archalar ortiga burilib ulgurgan, Yoqutxon ham uning ortidan chopqilab yugurgancha, birpasda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
Shodmonbekov garangsirab, yerdan oyog‘ini uzolmay, mixlanganday turadi. Cho‘ntagidan dastro‘molini olib ko‘zini tezgina artadi. So‘ng ko‘zoynagini zo‘r berib tozalashga tutinadi. Ko‘zoynagini qayta taqqanida, yo‘lakdan kelayotgan Yoqutxonga ko‘zi tushadi. Surmasi ko‘zlari atrofiga chalpishgan – yig‘isi to‘xtagan bo‘lsa ham, xo‘rsinib-xo‘rsinib kelyapti. Shodmonbekov qo‘lidagi dastro‘molini Yoqutxonga uzatadi.
– Yuzingizni artib oling…
– E, yuzimni balo ham urmaydi! – deydi g‘aznachi, ro‘molchani olmay. So‘ng hayajonda o‘rtanib, ovozlari qaltirab gapira boshlaydi: – Shodmonbekov aka, Jamila G‘afurovnani ko‘rdingizmi? Shunday ayolni oyoqosti qildi ana u yalmog‘iz!
– Kim u yalmog‘iz?
– Bu dunyoda bitta yalmog‘iz bor-da, Shodmonbekov aka! Bitta yalmog‘iz ishxonamizga ham, bu dunyoga ham yetadi!
Shodmonbekov bu yalmog‘iz kim ekanligini anglaydi.
– O‘sha… Jamilaxonni… – U so‘z topolmay o‘ylanib qoladi. – …shu ko‘yga soldimi?
– O‘sha!.. – G‘aznachi ovozini pasaytiradi. – O‘sha Davron Ismoilovichning sharmanda xotiniga bir narsalar degan. U kelib, Jamila opani yumdaladi. Voy, do‘zaxning o‘zi ekan! Butun idorani yamlab tashlayman, dedi!
– A-a!.. – deydi Shodmonbekov hammasini tushunib. – Bechora Jamila! Bechora!..
U yana nimalardir demoqchi bo‘ldi-yu, ishxona eshigidan chiqib, zinalar ustida to‘xtagan Muyassar Qodirovnaga ko‘zi tushib, jimib qoldi. Xodimlar bo‘limining boshlig‘i bir qo‘lini beliga tiragancha, olamga haykal monand qarab turar – uning bu muzaffar qiyofasidan ishxona hovlisiga yana zil sukunat cho‘kadi. Yoqutxonning ko‘zidan yana yosh oqa boshladi.
– Muyassar opa! – deydi u, nogahon jon holatda baqirib. – “Hammaning adabini berdim”, deb maqtanib turibsizmi? “Hammani qo‘rqitdim”, deb o‘ylayapsizmi? Men qo‘rqmayman sizdan! Bilib qo‘ying, men qo‘rqmayman! Siz yalmog‘izsiz! Eshitib qo‘ying, siz yalmog‘izsiz! Ammo sizdan qo‘rqmayman!..
Muyassar Qodirovna belidan qo‘lini oladi. Nimadir demoqchi bo‘ladi. Ammo Yoqutxonning vajohatidan cho‘chiydi shekilli, biror so‘z demasdan, qayrilib ishxonaga kirib ketadi.

Jamila G‘afurovna ishxonaga qaytib kelmadi.
O‘sha voqeadan keyin shunday katta ishxonadan biror kishi uni na ko‘cha-ko‘yda, na bir yig‘inda, na bir to‘yu hashamda uchratdi. Faqat allaqanday uzunquloq gap­lar  – shamolda uchib kelganday – koridorlarda, xonalarda, kabinetlarda ba’zan-ba’zan aylanib qoladi: birovlar u boshqa shaharga ko‘chib ketgan desa, boshqalar xorijga – qizining oldiga ketgan deydi. Uyidan chiqmay – xonanishin umrguzaronlik kilishi haqida ham qayerdandir gap yetib keldi. Hatto uning o‘lgani to‘g‘risida ham kimdir gapirib qoldi. Bu gapga barcha yoppasiga qarshilik qildi. Shunday chiroyli ayol ham o‘ladimi? Yo‘q, albatta, o‘ladi, hamma Xudoning bandasi, ammo… Bir gal kimdir hammani karaxtlantirgan gap topib keldi: Jamila G‘afurovna o‘zini o‘ldirgan emish. Shodmonbekov birdan g‘azablandi. E, Qo‘ying-e!.. Sal o‘ylab gapiring! U stolidan zabt turdi. Deraza yoniga borib, ko‘chaga termilgancha uzoq turdi. So‘ng ilkis qo‘zg‘alib, tashqariga chiqib ketdi. U ketgach, xonadagilar “o‘ylab gapirmagan”ni ta’nayu dashnomga ko‘mib tashladilar. Har xil gapni odam degan ishga ko‘tarib kelaveradimi? Ko‘zingiz bilan ko‘rmagan bo‘lsangiz! Tilni tiyishni bilish kerak, og‘ayni. Gapning po‘stkallasini esa, tashqaridan qaytib kirgan Shodmonbekov aytdi:
– Otajonim, dunyoda shunday pokizaliklar bo‘ladiki, unga gard tegsa, odamman deb yurganni barchasi haqoratlanadi! Tushundingizmi?
Gap ko‘tarib kelgan xijolat tortdi. Tushundi.
Uning chiroyi, odobi haqida hikoyalar esa kunlar o‘tib, rivoyatga aylandi. Ishga yangi qabul qilinganlar bu rivoyatlarni eshitib, og‘izlarini ochib o‘tiradilar. Ko‘pni ko‘rgan akalarning zavqu shavqqa to‘lib so‘zlashlaridan to‘lqinlanib, xayollarida bu ayolni negadir Layligami-ey, Julettagami-ey mengzatadilar, qo‘shilib hayratlanadilar. Jamila G‘afurovnaning taqdiri haqida turfa xayollarga boradilar. Hatto shoirlarning she’rini yod o‘qib yuradigan Ravshan degan yangi xodim, u bu dunyodan uchib ketgan bo‘lsa kerak, degan taxmin aytganda ham, hech kim ajablanmadi.

Shodmonbekov ota-onasining qabrini ziyorat qilishga, bu udumni odamlar umumtarzda bajo keltiradigan kunlar bormaydi. Begim kunlari – qabriston odamlardan xoli payti boradi-da, ota-onasining yonma-yon mozorlari yoniga tiz cho‘kadi. Tilovat qiladi.
Bugun ham birov biron joyda Qur’on o‘qiganini ko‘rmagan bu odam xuddi qorilarday yoqimli ovozda butun vujudi bilan tebranib oyat o‘qidi. Padariyu volidasiga jannatning to‘ridan joy ato etishini so‘rab, Ollohga iltijolar qildi. Keyin uzoq bosh egib o‘tirdi. Ota-onasi bilan suhbatlashdi – yuragidagi bor dardlarini to‘kib soldi. Mendan xavotir olmanglar! Men siz uqtirganday halol yashayapman! Nevaralaringiz ham peshona teri bilan topgan rizqlari bilan kunlarini o‘tkazayapti. Qiyin! Ammo shunday yashayapmiz! Tangrini esdan chiqarganimiz yo‘q… So‘ng yengil tortib, atrofga qaradi va… Van Gogni ko‘rdi. U bir dasta qizil atirgullarni ikki qo‘llab ko‘ksida tutgan ko‘yi, boshini eggancha, ro‘paradagi yo‘lakchadan borar, uning beozorgina yurishidan ajabtovur hazinlik xazonday to‘kilib qolayotganday edi. U biroz yurib burildi-da, mozorlar oralab, to‘xtadi.
Shodmonbekov, negadir Van Gog unga ko‘zi tushsa, noqulay bo‘ladi, deb o‘yladi. O‘rnidan ohista qo‘zg‘alib, yo‘lkadan Van Gogga ters tomonga qarab yurdi. Bilmas ekan, bu Boqiboyning xam yaqinlari shu qabristonga qo‘yilgan ekan-da! U qabristonning yarmini asta-asta aylanib, Van Gogni ko‘rgan joyiga yetdi va yo‘lakchadan sal narida – qabrdagi yodgorlik poyiga bag‘ir bosib yotgan bir dasta qizil gulga ko‘zi tushdi. Boqibekning qo‘lidagi gullar! Kim yotibdi ekan bu joyda? Shu odamning ham qarindoshlari bor ekan! Qaro yer tagida yotgan bo‘lsa ham qarindosh-da! Bir o‘zi huvullab yurgani-yurgan edi…
Shodmonbekov bu xayollaridan negadir xursand bo‘ldi. O‘sha qabrga qarab bordi. Qabrtoshdagi lavhani o‘qishga tutindi. Kim? “Jamila G‘afurovna Akbarova?” Nahotki… Bechora! Bechora! U qabrning poyiga o‘rnatilgan bejirim o‘tirg‘ichga cho‘kib, oyat o‘qidi.
Qabristondan chiqib ketishda esa, yana Van Gogga ko‘zi tushdi. U qabriston darvozasiga olib boradigan ishkomli yo‘lkaning chetidagi o‘tirg‘ichda go‘yo bu olamni unutganday boshini xam qilib o‘tiribdi. Shodmonbekovga u allaqanday dahshatning qa’riga cho‘kib ketayotganini, hozir borib nimadir demasa, uni qutqazib bo‘lmasligini his qildi.
– Boqibek…
Van Gog boshini ko‘tarib unga qaradi. O‘rnidan turdi. Uning ko‘zlaridagi dahshatli g‘ussa Shodmonbekovning yuragini zirqiratib yubordi. Allaqanday fojianing sovuq izg‘irini vujudiga kirdi. Van Gog esa odamni cho‘chitadigan sokin ovozda, ko‘zlaridagi g‘ussa allaqanday teranlik qa’riga cho‘kib, qayerlardadir – yetib bo‘lmas uzoqlardagi birovning ko‘ziga tikilgancha nimanidir gapira boshladi. Nimalar deyapti? Jinni bo‘lib qolmaganmi? E, she’r-ku! She’r… Shodmonbekov birdan uning har bir so‘zini aniq tushuna boshladi.

– …Ne deyin qiynalgan ko‘ngil qushimga?
Azob uchishiga pichoq qadalgan.
Bir dasta qizil gul esa tushimda,
Senga atalgan u, senga atalgan.
Taqdir qaylardadir miltirar elas,
Umr hushdan ketar, chalkashar yo‘llar.
Tushlarimdan tushib senga yetolmas
Senga ataganim qip-qizil gullar.
Izillab kezaman o‘ngu hushimda,
Vaqtning shamollari borar uchirib.
Bir dasta qizil gul esa tushimda,
Senga berolmayman tushdan tushirib…

Shodmonbekov she’r yana davom etsa, o‘lib qoladigan kabi “To‘xtating, bas qiling…”, deganday qo‘llarini jonholat silkitdi. Van Gog she’r o‘qishdan to‘xtadi.
– Bandachilik… – dedi Shodmonbekov ko‘zlari yoshlanib noxos.
Van Gogning lablari qaltiradi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi.

– Rahmat… Rahmat…
Shodmonbekov qabristondan chiqayotib, ortiga qaradi. Van Gog yana boshi xam, qovjirab o‘tiribdi… Kimni kutayapti? Taqdirning kelib kechirim so‘rashinimi? Taqdirning u bilan nima ishi bor! U yozmishdagi ishini bajaradi-da, oxir-oqibat, ana, qabrga tiqib ketaveradi! Xuddi shunday!.. Xuddi shunday!.. Ey, Parvardigor! Sir-asroring buncha ko‘p! Bu asrorga sheriklar ham uni oxirigacha bilmaydi. Bil-maydi! Nega yana ko‘zimga yosh keldi? Nega buncha yurak og‘riydi? Nega?.. Ammo yashash kerak. Bu dunyo yelkangga tashlagan yukni zo‘riqib bo‘lsa ham tortib, yashash kerak! Hushyor bo‘lmasang…
Shodmonbekov qaddini tik tutdi, qadamini tezlashtirdi. U dali-g‘uli odamning chapani yurishida qabristonning ro‘parasidagi bozorchaga oralab ketdi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 3-son