Tursunmurod Ermatov. Jonqora (hikoya)

Yo‘l yoqasidagi pastqam tomda yoyilgan uzumlarni saralayotgan ayol ikki qo‘lini yonga tiragan ko‘yi, uvishib qolgan oyog‘ini uzatdi. Biroq qo‘llarini yerdan uzgan hamon, muvozanatini saqlolmay, gavdasi bir tomonga og‘ib ketdi. U jon holatda kaftlarini tomga bosdi. Qaddini rostladi, xavotirlanib, atrofga olazarak alang­ladi. Kimdir uni ko‘rib qolib, rahmi kelishini istamadi. Quyoshning nurlari tom ustini to‘ldirib yoyilgan tillarang uzumga jimirlab to‘kilar, ayolning doimo yosh silqib turadigan ko‘zlarini ayovsiz qamashtirar va bu uning qilayotgan ishiga xalal berardi. Endi u o‘ziga noqulay bo‘lsa ham, quyoshga teskari tomonga rostlandi, mo‘ltoq oyog‘ini muvozanatiga to‘g‘riladi-da, ishini davom ettirdi.
Ayolning bir oyog‘i qorasonning kasridan kesilgandi. Taqdiri azal uning yuragiga o‘ygan hadsiz jarohati va bu notavonligi ustiga-ustak ko‘zlarining doimo yoshlanaverib, jonidan to‘ydirgani, hali unchalik keksayib qolmagan bo‘lmasa-da, tishlarining aksariyati to‘kilib bitgani, shundog‘am ko‘rkamligi bo‘lmagan bu mushtiparni battar xunuklik botqog‘iga botirgandi. Bularni ko‘rib bir nafas ham yorug‘ dunyoning munavvar lazzati va masrur onlari bu bandaning xazin dunyosiga ko‘rinish bermayotganini ilg‘ash qiyin emasdi. Shunday bo‘lsa-da, ayol taqdirning qattol kirdikorlari bilan beayov kurashmoq uchun, o‘zida yetarlicha kuch topa olgan, tushkunlik, haqirlik bo‘hronlarini ham dog‘da qoldirish, kerak bo‘lsa, ularning ustidan g‘olib kelish mumkinligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lganday, yuz-ko‘zlarida doimo kulgi o‘ynab turar, bu bilan u go‘yoki qismat zarbalari ustidan qah-qah urayotganday edi.
Bu ayol yillar mobaynida tullikning sitamlarini sipqorgan va anchagina qiyinchiliklar zaqqumini totgan bobomiz ya’ni otamizning akasiga xotin bo‘lib, cho‘l tomonlardan tushib kelgan. Bobomizning zavjasi bo‘lganligi uchun biz aka-ukalar uni momo deb atardik. U erining qarindosh-urug‘lari hurmat-izzatini joyiga qo‘yar, yoshimizdan qat’i nazar, sizlab murojaat qilar, farzandidan garchi yoshim kichik bo‘lsa-da, men ham bu inoyatdan bebahra qolmagan edim.
Men momomiz va bobomizning xonadoniga juda kam kelganman. Ular haqidagi ba’zi bir gaplar ota-onamning o‘zaro suhbatlarida qulog‘imga chalinsa-da, bolalarcha beg‘amlik meni bu insonlarga u qadar yaqinlashtirmagan desam bo‘ladi. Biroq onam momomizning juda ham qadriga yetardi. Esimni taniganimdan buyon bu ayolning o‘z otimni aytmay, Jonqora deb atashini hech tushinmasdim, oldiniga jahlim chiqib, onamga obidiyda qilganim ham to‘g‘ri. Biroq shunday atalishimning sabab-mohiyatini har qancha urinmay bilolmaganim, onamga qilgan iltijolarimning shamolga sovrilganlari, mening indamay ko‘nishim, bunga chorasiz bo‘yin egishimga sabab bo‘lgan.
Katta shaharga o‘qishga kirganimdan keyin onam quvonchini ovsini bilan baham ko‘rish maqsadida, garchi ulg‘ayib qolgan bo‘lsam-da, kenjatoyi, ya’ni meni momomiznikiga mehmonga olib keldi.
U bizni tomning ustidayoq ko‘rdi va sabrsizlik bilan yaqinlashishimizga ko‘z tikdi. Qisiq ko‘zlari yumilib, iljaydi. Uning sarg‘aygan yirik va siyrak tishlari ko‘rindi. Bizning tashrifimizdan boshi ko‘kka yetdi. Yonidagi qo‘ltiq tayoqlarini ildam qo‘ltig‘iga oldi-da:
– Men hozir, hozir, – deya hovliqdi. – Shaharlik Jonqora kepti-ku!
– Momojonisi, Jonqorangiz katta o‘qishga kirib keldi! – dedi onam quvonchini yashirolmay.
Momomiz shoshqilab, qo‘ltiqtayoqlarini tomdan sirg‘altirib yerga tashladi-da, narvonning pillapoyalaridan qo‘llarini shotiga tiragan ko‘yi, bir oyoqda hakkalab, dorbozlar singari chaqqon tushib keldi. Qo‘ltiqtayog‘ini g‘ichirlatgancha avval men tomonga dadil qadam tashladi, erkaklarday bir qo‘lida mahkam siqib quchoqladi. Momomizning qoqsuyak qo‘llari qattiq va kuchli edi. So‘ng yelkamga shapatilagancha:
– Shaharlik qizlarning sho‘rini quritib yuribsizmi? – deb qiyqirib kuldi.
Onamning hay-haylashiga qaramay, tansiq ovqatga hafsala qilib, yelib-yugurdi. Bir gapirib o‘n kulardi u. Men uning harakatini kuzatib, momomizdagi shijoat, iroda va yana allanarsaga tasavvur qilib bo‘lmas darajada intilish hissiyotidan batamom lol bo‘lib turardim. U hamma narsadan rozi, baxtiyor edi. Momomiz shu holida ham bobomizni yuvib-tarashiga, uni hurmatini bajo keltirishiga shaksiz ishonsa bo‘lardi. Uning ohori to‘kilmagan gap-gurungi, bir qadar hazmi og‘irroq hazillarini ham mohirlik bilan kulgiga o‘rab-chirmab ketishlarigacha, ba’zida silliq, quyma jumlalar eshitilib qolayotgani, momomizning tashqi ko‘rinishiga mutlaqo mos tushmasa-da, undagi nimalardandir boxabarlik, nozik ta’blikni mendagi botiniy bir sezgi ayon qilib turardi. Bundan mening hayajonim kuchayar, qalbimga esa iliq bir nur oqayotgani sezilardi. Men shu asno bu kamtarin xonadonga juda kam kelganimdan hadsiz afsus chekar, bu o‘taketgan xudbinlikdan boshqa narsa bo‘lmaganidan o‘zimni koyirdim.
O‘shanda har kim ham topa olmaydigan, har kimning uyida uchrayvermaydigan ikkita qalin kitobni momomizning tokchasida ko‘rdim. Kitoblar yangi duxoba mato bilan qo‘lda qayta jildlangandi. Kitoblarni qo‘limga olib qaradim. Duxoba jildda chiroyli husnixat bilan bittasiga “Alpomish”, ikkinchisiga “Kuntug‘mish” deb yozib qo‘yilgandi. O‘sha kundan so‘ng bu xonadonga, momomizga intiqlik uyg‘onganini sezganman.
Onamning ba’zi-ba’zida aytib beradigan eng g‘amgin hikoyalari momomiz bilan bobomizning dilgir kechmishlariga kelib taqalar, bu naql bizning eng ezgin onlarimizga aylanar edi. Momomiz bilan bobomizning yolg‘iz farzandi haqidagi voqea hali-hanuz qalbimda xazinlik, o‘kinch urug‘ini sochadi. Men bu voqeani bolalik chog‘imdayoq eshitgan bo‘lsam-da, guvohlari bo‘lgan onamchalik yoki otamchalik idrok etolmas edim. O‘sha yolg‘iz farzand bobomiz bilan momomizning umidlari – tirgaklari bo‘lganini onam doim ko‘zida yosh bilan eslaydi. Yillar o‘tib momomiz bilan bobomizning o‘g‘illari ulg‘ayadi, bobomizning qavatidan kiradi. Ori baland bir yigit bo‘ladi. Do‘sti-yoronlari orasida kelbatli bo‘ladi. Davralarda manaman degich polvonga bas keladi, kuragi yer ko‘rmagan mardi ham bobomizning bolasidan hayiqadigan bo‘ladi. Bobomiz g‘ururdan boshi osmonga yetib yuradi. Shunday kunlarning birida o‘g‘lini qavatiga chorlab: “Molboqarlikni ham, polvonlikni ham kasbga sanab bo‘lmas, bolam, biror hunarni boshini tutish yigitning bezagi, rizqi-nasibasi, – deydi. − Shahrisabz tomonlar ko‘p obod joy. Biror hunarmandga shogird tushgin”. Yigit otasidan qayg‘uradi. Onasining intiq nigohlaridan uzoqlashishni xohlamaydi. Otasi, onasini tashlab ketishga ko‘zi qiymaydi. Ota tutgan tayoqni aziz biladi.
Bir kuni bobomizning o‘g‘li do‘stining to‘yidan biroz hayallab otarga qaytadi. Ko‘ngli bir narsani sezganday notinchlana-notinchlana yetib keladi. Kelsa, qo‘ton ichi huvullab ko‘rinadi. Otasi yotadigan o‘rin bo‘sh bo‘ladi. To‘yiga atab boqib qo‘ygan to‘rt novvosni joyidan topmaydi. Yigitning boshidan hushi uchadi, vajohat bilan otilib tashqari chiqadi. O‘zini har yon urib, novvoslarni izlaydi. Novvoslar izini topganday bo‘ladi. Yerga botgan tuyoq izlarini ko‘radi. Yugura-yugura katta yo‘lga chiqadi. Yo‘lda nogoh ingragan ovozdan dong qotadi. Jon vahmida o‘sha tomonga oti­ladi. Bobomizni yerda yotgan, aftoda bir holda ko‘radi. Qo‘l-oyog‘i bog‘liq bo‘ladi bobomizning. Yigitning bundan esi og‘ayozadi. O‘zini o‘g‘lining quchog‘ida ko‘rgan bobomiz bo‘lgan voqeani ko‘zda nafrat, yurakda hasrat bilan aytadi. O‘g‘lining qon to‘lgan ko‘zlari bobomizdan so‘rayveradi. “Taniy olmadim, bolam, varganzaliklarga o‘xshabroq so‘zlashdi ular”, deya oladi bobomiz. Yigitning yuragi o‘rtanib ketadi. Allanimani anglaganday to‘lg‘anib ketadi. Bir hafta burungi Varganzadagi kurash chaqinday miyasiga uriladi. Tovoqni ko‘targan chinor kelbat polvon ko‘z oldiga keladi. O‘sha polvonga talabgor bo‘ladi bobomizning bolasi. Bakovul polvonni panjakentlik deydi, “Kuragi yerga tegmagan polvon, aziz mehmonimiz”, deya nisbat beradi. Bobomizning o‘g‘li davra chetida tayyorgarligini ko‘rib turganida, unga bir iroqi do‘ppili kishi yaqinlashadi. “Polvon, – deydi shivirlab, – avvalo to‘y Varganzada bo‘layotganini unutmang. Talab qilayotganingiz panjakentlik mashhur eshonimizning tilab-tusab olgan bolasi. Yiqitib qo‘yib, boshingizni baloga qo‘ymang. Yana bir gap, bu polvon bizning mehmonimiz. Biz mehmonni ranjitib qo‘ymaymiz, solimingizni beramiz, bu yog‘iga o‘ylab ish tuting”. Bu gaplarni eshitib turgan bobomizning bolasi miyig‘ida kuladi. “Ota-onam meni ham tilab-tusab olgan, birodar, – deydi. − Ko‘rdik, polvoningizning qulog‘i bor ekan. Biz har qanday polvonman deb davra aylangan marddan qaytmaymiz, qulog‘i bo‘lsa bas”. Bu gapdan haligi kishining ko‘zi olayib, allanarsa aytgancha, shoshib narilaydi. Bobomizning bolasi raqibini sinab, narilay-narilay, yo‘lbarsday hamlaga shaylanib olishadi. Usullarini kutib, bellashadi. Bobomizning bolasini o‘ylab turgan lahzasi keladi. Shunda, “Yo, pirim!” deya raqibning baquvvat boldiriga chil solgancha, chinorni eggan misoli egadi. Ingragan ko‘yi raqibining oyoqlari yerdan uziladi. Davra guvranib ketadi. Varganza larzaga keladi. Bobomizning bolasi ikki qo‘lini havoda o‘ynatib-o‘ynatib, muzaffar davra aylanadi…
Bobomizning bolasining boshiga urilgan chaqin ana shu bo‘ladi. Yigitning vujudi zirqiraydi, yuragi nafratga to‘ladi. “Men ularni topaman, ota!” deya na’ra tortadi. Hisor tog‘i oshib jo‘nayveradi. Bobomiz o‘g‘liga yolg‘iz bormasligini aytib, zor qaqshaydi. Yigit arslonday ko‘krak berib, oriyatdan yuragi qaqshay-qaqshay tusmolidagi yurt tomon shoshiladi… Kunlar o‘taveradi, alp yigit qaytay demaydi. Uning bedarakligi nafaqat ota-onani, Halovat elini tashvishga ko‘madi. Urug‘-aymoq yigitni izlab, har tomon sochilib ketadi. Oh, falak ne chog‘li beayov. Naqadar achchiq ekan!.. Bobomiz ham, momomiz ham Yaratganga iltijolar aytib, yig‘lay-yig‘lay kutadi. Shu bois momomizning ko‘zlari yig‘lamaganda ham yig‘laganday ko‘rinadigan bo‘ladi. Yillar o‘tadi ham yigitdan darak bo‘lmaydi. Ko‘rgan yo‘q, bilgan ham yo‘q. Kimlardir Hazrat Sulton tog‘larida qo‘y boqib, pinhon o‘sha o‘g‘rilarni izidan tushib yurganmish desa, yana birov Samarqand bozorlarining birida hammollik qilib yurganini eshitgan chiqib qoladi. Novvoslarini g‘orat qilganlarni topolmay ovvorai sarson yurgani to‘g‘risidagi mavhum, gaplar sovuq shamol kabi momomiz bilan bobomizning dardini yangilayveradi, mutaassir yuragini tilkalayveradi, dardi dunyosini iztirobga ko‘maveradi. “Ah, bolam-a, to‘rt emas, o‘n novvos aziz boshingdan sadaqa”, deya nola chekadi momomiz, “Bir kunlik o‘ligim beega qolamasmikin?” deb g‘am-alam yutadi bobomiz. Biroq bir mudhish hadikdan dunyosi yonadi ikkisining, bir yovuz xayol majruh qalblarni do‘zaxiy bir chohga irg‘itadi… “Er bosib yurganda kelardi-ya shunqorim, gursillab-gursillab kelardi-ya, polvonim! – deya izillab-izillab yig‘laydi ikkisi. − Yo Xudo, o‘zing panohingda asra, yolg‘izimni!” Bu duo kun-kecha ham tilda, ham dilda. Bir lahzaki bu iltijo tinmaydi. Bu o‘tinch hanuz betinim…
Ko‘ngilni hasratga cho‘mdiradigan bu hodisa meni doimo o‘z domiga tortib kelar, o‘sha noma’lum yoqlarga ketgancha qaytmagan yigitning alamli qismatini qalbim to‘ridagi uyg‘oq bir tuyg‘u yakkash eslatib turadi. Qaysi yurtga bormay, xuddi u bilan yuzma-yuz bo‘lib qolishdek hayajonni tuyaman, hali-hanuz uni so‘rab-surishtirishdan to‘xtagim kelmaydi…
Bobomiz shundan keyin podani bir o‘spiringa topshirdi. O‘zi uyi oldida katta bog‘ni obod qildi. Biz yoqlarda uzumzorni bog‘ deydi. O‘h-ho‘ anchagina, bog‘ desa bog‘ deguday o‘ziyam. Sultoni uzumlari quyosh nurida tillaga mengzasa arziydi. Bir momomizning ko‘zini emas, qaragan barchaning ko‘zini qamashtiradi. Uning hosili biram bo‘ladi, biram bo‘ladiki. Bobomiz tomga chiqarib beradi, momomiz bu yog‘ini eplaydi. Mayizini ayting, har biri boshbarmoqning katta bo‘g‘iniday…
Qishloqqa kelganimda momomiz bilan bobomizning oldiga borgim kelaveradi. Do‘stlar boshqa, qarindoshlar o‘z yo‘liga, meni qandaydir botiniy, betinim kuch, intiq bir tuyg‘u undayveradi. Ataylab momomizdan Jonqorani kimligini so‘ragim kelib boraman. Jonqoraning kimligini birov bilsa-chi, shoyad eshitgani bordir? Ma’no-manisi nima? Go‘dakligimdan menga esh bo‘lgan, ergash bo‘lgan Jonqora! Anig‘i shuki, momomizdan bo‘lak odam bolasida bu javob yo‘q. Javob berguvchi yo‘q. Yo‘ldan ataylab momomiz bilan bobomiz uchun Samarqand nonini olib boraman.
– Keling, Jonqora, aylanay sizdan, keling, – deydi yer-u osmonga sig‘may. – Kenja qaynimiz kep qopti-ku! – Momomiz xuddi yosh boladay xursand bo‘lib ketadi. Uchib-qo‘nadi. Obdan so‘rashadi. Men aldab yurgan shaharlik qizlarning ham ahvolini so‘raydi. Suhbat qizigandan-qiziydi. Gapi hazilidan bir parda yuqorilaydi-da, momomiz tushkur meni uyaltiradi…
– Kim u Jonqora? – deyman. Bahonada gapni chalg‘itaman. – Otimni aytavering, momo. Jonqorangiz nimasi?..
– Siz bizga qaynog‘a turasiz. Otingizni aytolmaymiz-da.
– Unda Jonqorangiz kim bo‘ldi, momo?
– Katta o‘qishlarda o‘qiysiz-da, shuginani bilmaysiz…
– O‘zi yaxshi odamning otimi?
– Polvonlarning oti-da, yaxshi do‘stlarning oti, aylanay…
– Jon momo, ayting, ichim qizib ketdi.
– Bir shart bilan aytaman, − momomiz mug‘ombir jilmayadi. Men har kelganimda aytaveradigan gapni yana qo‘zg‘amoq payida bo‘ladi. O‘girilib qo‘shni hovliga qarab qo‘yadi, yana kuladi.
– E, qo‘ying-ey momo, topib olganingiz shu, – deyman yolg‘ondakam momomizdan xafa bo‘lib.
Bir gal borsam momomiz tom ustida qurigan turshakni to‘rvaga joylab, qo‘ni-qo‘shniga bo‘lishayotgan ekan. Imlab yoniga chaqirdi. Momomizning oldiga chiqdim. Momomiz qo‘shnining hovlisiga im qoqdi. Qaradim.
– Sochiga qarang, sochining o‘zi bir qiz! – deydi momomiz hazillashmay. – Xotin, qiz degan ninachiday bo‘lmay, mana shunga o‘xshagan tutimligina bo‘lsa-da! Bugina qizga ham yer boqib gapiradi. Husniga non botirib yesa bo‘ladi.
– Non botirib ye-eb o‘tiring bo‘lmasam, – deb kulaman.
– Voy, aylanay sizdan, siz non botirib yeng deb yuribman-da, Jonqorajon, – deya qarsak urib kuladi momomiz.
Momomizning o‘sha aytgan gaplari yillar o‘tib xotiramda tiklanadi. Holsiz, tushkun o‘ylab qolaman. Momomizning gaplarini shunchaki ermak deb yurganimni o‘ylayman. Menday bir oliygohda tahsil ko‘rayotgan,“bilimi ummon”ga bir o‘qimaganning teng bo‘lishi to‘g‘rimikan, degan xayollarim endi o‘zimga juda bachkana va yuksiz tuyuladi. O‘sha beboshliklar, sarsari xayollar va yoshlikning betiyiq, daqqi-devona kechmishlari…
…Shularni o‘ylab ko‘z o‘ngimda qilday nozik, ipakday eshilgan, choshgohda zo‘rg‘a uyg‘onadigan, shaharning qoq o‘rtasida o‘nib-o‘sgan, yostiqdoshimiz gavdalanadi. So‘ng negadir o‘sha momomiz biz uchun o‘zicha asrab yurgan, qoshlari qalam, sochi taqimini o‘pgan durkun qizni o‘ylab qolaman. Shunda yana ko‘z oldimda ayolimning charchoq va hamisha nimadandir norozi nigohlari bo‘y ko‘rsatadi. Men o‘ylab qolaman va o‘yimga yetolmayman. O‘zimni ham noma’lum narsa qiynayveradi. Yegan ichgani oldida, bugun istirohat bog‘i, erta kontsert, indin… Biroq kun-kunora hali boshi, hali tishi… Qoni kam emish… Bu qoni tushkur qayoqqa ketarkan?.. Injiqlik, erkalik… Bu ham qonning kamligidanmikin?.. Momomiz shularni bilganmikan, shularni o‘ylab aytganmikin? Ah, momojonim-a!..
Shahardan bezib, saratonda beton devorlarning hovuriga dosh berolmay, salqin go‘shalarni qo‘msab, bola-chaqani olib qishloqqa otlanamiz. Necha kundir hali u oshnanikida, hali bu jo‘ranikida bosh g‘ovlab, sarsari yuramizda oxiri zerikamiz. Momomiz bilan bobomizni ham bir ko‘rib o‘taylik ketar oldi. Malikai diloromning anavi qo‘ltiqtayoqda sudralib yuradigan, xunuk momoni, momomizni sira ko‘rgisi yo‘q. “Kelib-kelib o‘shatga boramizmi, o‘rgildim sizdaqa romantikdan! Manga kim bo‘lalla, man momo deb aytolmiyman, opoqi deyman. Adasi, bormey qo‘yaqolaylik…” Men bu nag‘malarni sezaman-da, atayin uni birga olib boraman. Oldiniga uni takabburligi tutib, tumtayib, betoqat o‘tiradi. Biroq momomizning qaynoq taftidan qishda pechkaning ustiga qo‘yilgan chelakdagi muzdayin asta-asta eriy boshlaydi. Momomiz ham, bobomiz ham kelinini o‘tirgizgani joy topolmaydi. Ayniqsa, momomiz million narsaga urinib yotibdi-da, ko‘ziga boqsangiz hech ko‘ngli to‘lmayotganday. Nimadir kamday. “Turshak, mayizni ko‘targaningcha ol. Axir borimiz sizlarniki-da, orqalab ketarmidik?!” Momomiz xotinimga tez-tez qaraydi. Bir menga, bir unga, bir unga, bir menga. “Shirinlik bermang, ko‘proq go‘sht yesin”, deb ichi tutaydi. Hammasini pichirlab aytadi. Teskari qaraydi-da, afsusli bosh chayqab, epsiz bo‘ladi. Chiqayotganimizda xotinimning “Yaxshi-da, a, adasi, opoqi bilan dodani etaman, boyoqishlar shirin so‘z, biram mehribon!” degan gaplariga arang chidayman, vijdonim zirqiraydi. Momomiz tutqazgan to‘rvadagi zilday og‘ir yong‘og‘-u, mayizning kuch-qudratiga qoyil qolaman…
– Jonqora, kelinni olib, yana keling, – deydi momomiz.
Xotinim baqrayib qoladi:
– Kim? Jonqora? Oppoqqinasiz-ku! Nega unaqa deyaptilar?..
Sababini momomizdan so‘ramayman. Mavridi emas-da. Boshqa gaplar oraga kiradi. Momomiz jon deb hazil-huzul qiladi. Kulisha-kulisha xayrlashamiz. Qushday yengil tortaman. Momomiz, bobomiz xayr-xushlashayapti-yu, men bo‘lsam ularni sog‘inayapman, tavba, negadir xo‘rligim kelayapti, istihola bilan ulardan ko‘zlarimni yashirishga tirishaman.
Kunlarning birida ishxonamga onam qo‘ng‘iroq qildi.
– Momomiz o‘tib qoldilar… Kela olasanmi?
– Nima! Nega, nega axir!? Yaxshi edilar-ku! Qachon… qachon?! Ona, momomiz, o‘zimizning momomizni aytayapsizmi?.. Kela olasanmi, deysizmi? Bu nima deganingiz, ona?..
Yo‘l olis. Momomizning tobutini ko‘tarishga yetolmadim. Beixtiyor momomizning aksariyat o‘tirar joyi – tomga ko‘zim tushdi. Hamma narsa saranjom-sarishta. Mayizlar saralab olingani bilinib turibdi. Momomiz shunday qoldirarmidi? Qarindoshlar eshik oldida saf tortishgan. Bobomizni bag‘rimga bosaman. Bobomiz kichrayib qolganday xuddi. Ushoqqinaday. Ko‘zyoshlari yuzlarini yuvadi, men dalda bo‘lish yo‘lini izlayman-da, topolmayman.
Bobomizning yonida kechgacha o‘tirdim. Keyin xayrlashib yo‘lga chiqdim. Ketayapman, ortimga qarayman. Orqamda birov yo‘q. Birinchi marta men uchun o‘lib-tiriladigan, girgitton bo‘ladigan odam yo‘q. Yo‘q! Ko‘zlarimga yosh quyilib-quyilib kelayapti. Boshimda javobi yo‘q savollar. “Momojon, menga Jonqoraning kimligini aytmadingiz-ku?! Siz aytganday o‘sha katta o‘qishlarda o‘qibmanu uni kimligini bilolmabman-da, qarang! Bormidi o‘zi o‘sha Jonqora deganingiz?! Yoki meni yaxshi ko‘rganingiz, meni erkalab aytgan hazillaringizmidi, a, momojon?” Yuragim bir armon bilan o‘rtandi. Shu kez kimningdir ortimdan chaqirgani xayolimni bo‘lib yubordi. Qarasam, bobomiz. “Bolam, qarichilik qursin, esimdan chiqayozibdi, momong senga berib qo‘yishimni tayinlagandi”, deydi qandaydir qog‘ozni menga uzatib. Yosh to‘la ko‘zlarimni arta-arta nariroq borib qog‘ozni ochdim. Xatda shunday yozilgan edi: “Jonqora bu – Qorajon. Alplarning kenjasi – Alpomishning do‘sti. Momongiz”.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 9-son