Turobjon Maqsudov. Dunyo kimniki (hikoya)

Bu voqea rus imperatori mustamlaka yerlarini kengaytirib borib Markaziy Osiyoga yag‘mo qilishga tayyorlanayotgan bir paytda ro‘y bergan edi…
Ikki navkar qo‘riqlab borayotgan kareta ro‘paradan kelayotgan shovqin-suronli lo‘lilar to‘dasi yonida to‘xtadi, yo‘lovchilar chakana odamlar emasligini payqagan lo‘lilar atrofni o‘rab oldilar; ular Mos­kvaga qaysi yo‘ldan yurish kerakligini so‘rayotgan izvoshchining, yelkasiga nayzali miltiq osgan ikki navkarning gapiga quloq solmasdilar; karetadagi ayollardan biri – yoshi o‘tinqiragani tushib butazorga o‘tdi, ikkinchisi – mudrab o‘tirgan suluv juvonga keksa lo‘li ayol yopishib oldi – fol ko‘ray, deb quloq-miyasini qoqib qo‘liga berdi, yoshgina lo‘li juvon esa chap zinaga chiqib eshikni ochgancha ichkarini ko‘zdan kechirardi. Butazordan qaytgan ayol hamyonidan kumush tangalar olib lo‘lilarga ulashdi. Shu choq qo‘sh ot bezovta kishnab bir-ikki irg‘ishlab izvoshchi jilovni bor kuchi bilan tortsa-da, kuch bermay qochmoqchi bo‘ldi, kareta ag‘darilishiga sal qoldi, o‘tirgan ayol yerga qulab tushdi, chaqaloqning big‘illab yig‘lagani eshitilib darhol tindi, chap zinaga chiqib olgan lo‘li eshikka qapishib oldi. Ikki navkar otdan irg‘ib tushib qo‘sh otni jilovidan tutdilar. Lo‘li juvon zinadan pastga sakrab tushib, o‘rmon qa’riga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan ikki ot birdan yuvvosh tortib qoldi.
Xayriyatki, izvoshdan qulab tushgan knyaginya lat yemabdi.
– O, xudoga aytganimiz bor ekan, o‘zi saqladi! – dedi uning onasi yig‘lagancha qiziga intilib.
Lo‘lilar yo‘l ko‘rsatdilar, kareta yo‘lga tushdi, oradan ko‘p vaqt o‘tmagan edi, yosh juvonning dod-faryodi olamni buzdi. Uning shunday yonida, yo‘rgakda uxlab yotgan chaqalog‘i yo‘q edi! To‘xtadilar. Navkarlar ortga ot qo‘ydilar. Qosh qorayib qolgan edi. Chor atrofga zir yugurdilar. Ammo tabor yerda ham, ko‘kda ham yo‘q! Rus askarlari qo‘ngan qarorgohga borib madad so‘radilar. Juvon onasi bilan chodirlardan biriga kirib ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqizib, hushli-hushsiz bir holda bo‘ynidagi adon duri, olmosu zulmoni yoqut ko‘zli ikki uzugini yechib rota komandiri qo‘liga tashladi.
– Lo‘lilar bizdan qochib qutula olmaydi, topamiz, – dedi xushbichim zobit xotirjamlik bilan taqinchoqlarni mundiri cho‘ntagiga solib qo‘yarkan.
Knyaginyaning yuragini umid nuri isitdi. Lo‘lilar butunlay teskari yo‘lni ko‘rsatgan edi; zobit yo‘lni qog‘ozga chizib berdi; qo‘nishlariga joy ajratdilar. Juvon tashqariga chiqarkan, zobit:
– Vohay ja, ketvorgan jonon ekanmi? – deb qoldi yutinib.
Uch kunlik qidiruv ish bermadi, to‘rtinchi kuni rota safarga otlandi; juvon bechora yig‘lay-yig‘lay noiloj manzilini zobitga yozib qoldirib yo‘lga tushdi…
Qalin o‘rmon orasidagi torgina yo‘ldan turna qator bo‘lib ketayotgan rota qisqa dam olishga to‘xtadi. Zobit kimnidir kutayotgandek atrofga olazarak boqar edi, so‘qmoqdan ancha naridagi qalin butalar orasidan bir sas kelgandek bo‘ldi. Zobit o‘sha tomon shoshildi. Butalar shoxlari surilib ko‘zlari sirli, hirsli va ayni choqda makkorona chaqnab turgan juvon ko‘rindi. Bu o‘sha izvosh zinasiga chiqib olgan juvon edi. U zobitni butalar orasiga tortdi, bo‘yniga osilib ilondek chirmashdi. Zobit do‘rdoq lablarga lab bosib ehtirosli bo‘sadan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi…
Zobit hushiga kelganda juvon ketib qolgan edi. U qaynoq bo‘salardan mast bo‘lgan bir paytda aytilgan “U sen emassan, nari tur?!”, degan so‘zlarni esladi; tushunmadi – kuldi; keyin nima bo‘lganini bilmaydi, kiyimlarini qoqib-suqarkan, mundirining cho‘ntagi bo‘shab qolganini sezdi – knyaginya bergan taqinchoqlar, yon cho‘ntagidagi moyanasi yo‘q edi.
– La’nati lo‘li, tunab ketibdi-yu! – dedi alam bilan…

– Sharlotto, qaysi go‘rda sang‘ib yuribsan? Anavi haroming yig‘lab jonimga tegdi. Qara, o‘lib qolmadimikan?
Chodir oldida turib shang‘illagan aytilgan bu so‘zlardan Sharlottoning yuragi shuvv etib ketdi. Onasining qo‘lidan har balo keladi!
Chodirga otilib kirdi, engashdi, chaqaloq savatda pishillab uxlab yotardi.
– Xudoga shukr!
Sharlotto chaqaloqning yuzidan o‘pib, qasam ichdi:
– Endi seni sira yolg‘iz qoldirmayman!
So‘ng u chodir yirtig‘idan botayotgan quyoshning zarrin nuri tushib turgan o‘rindiqqa lippasiga qistirilgan bir dasta qog‘oz pulni tashladi, taqinchoqlarni avaylab olib yoyib qo‘ydi, uzuklarning olmos, zulmoni yoqut ko‘zlari sirli jilvalandi.
– Qizim, bu taqinchoqlarni o‘zingga asrab qo‘yaman, – dedi kallasini goh u yoqqa, goh bu yoqqa burib taqinchoqlarni tomosha qilarkan. – Katta bo‘lsang taqasan. Sening ismingni nima qo‘ysamikan? Hmm… Sashaning opasining oti nima edi? Ha, Margarita, Margarita edi, Margarita deb qo‘yaman, Sashaga o‘xshab Rita, Rita deb chaqiraman. Katta bo‘l, qizim! Mening sendan bosh­qa ovunchog‘im yo‘q hayotda!
Rita aldash, aldash, aldash, faqat aldash va hech qachon aldanib qolmaslik shiori qon-qonga singib ketgan muhitda voyaga yetdi.
Tabordagi Boris ismli bola: “Sen lo‘li emassan!” – deganda Rita achchiq-achchiq ko‘z yoshi to‘kdi, Sharlotto yotgan chodirga kirib dod-faryod soldi, shunda Sharlotto o‘rnidan irg‘ib turdi-yu tashqariga otildi, lo‘li bolani ushlab kelib siltab-siltab, qizining oyog‘i ostiga tashladi:
– Ur uni, toki u sening lo‘liligingni bilsin!
Qizga alam o‘tgandi, bolani do‘pposlay ketdi, og‘zi-burni qonga bo‘yalsa-da, ayamadi, bola qocholmadi, Sharlotto to‘siq edi. Chodirga biror lo‘li kirib ularni ajratmadi, bola gangib qarshilik qila olmasdi, qiz alamdan chiqquncha urdi. Shu bo‘yi hech kim uni lo‘li emassan, deyishga jur’at eta olmadi. Qizgina – Rita chayir, mushtlashish hadisini juda yaxshi olgan, pahlavon kelbat Timofey temir (badani temirdek qattiq bo‘lgani uchun ham uning nomiga temir laqabini taqashgan, faqat aybi yalqovligi edi, bir uxlasa ikki kunlab uxlaydi, ammo taborda qilichbozlik, kurashish, mushtlashish, ovda unga teng keladigani yo‘q) unga kurashishning, mushtlashishning nozik sirlarini o‘rgatgan, Rita ba’zan o‘zidan katta bolalarni chinqirtirib urib qoladi, o‘n uch yoshli qizgina davangirdek lo‘lilarni ham bir hamla bilan yiqitib ko‘kragiga oyog‘ini tirab turganini ko‘rib qoyil qolishadi; o‘n uch yoshli qizgina gavdasi o‘n yetti yoshli qizlarnikidek edi, onasi unga o‘qish, yozishni o‘rgatdi, kitoblardan she’r o‘qiyotganda onasida ajib bir halimlik paydo bo‘ladi, Rita uning shu holatini juda yaxshi ko‘radi; onasi Aleksandr degan bir rus shoirning jazmani bo‘lgan, degan shivir-kichirlar yuradi, qizgina o‘zining aft-angori lo‘lilarga qaraganda boshqachaligini ang­laganidan beri shu rus shoirning qizi bo‘lsam kerak, degan xayolga ham boradi, ba’zan katta enasi onasiga qarab: “Ha, shoiringni qumsab qoldingmi?” deganlarini ko‘p eshitgan, ammo katta enasi ham onasidan qo‘rqadi, onasi shunda: “Jodugar! O‘chir ovozingni!” deyishi bilan dim bo‘lib qoladi, qizgina bu jodugar shoir bilan qizining baxtiga zomin bo‘lganini, shoirdan bo‘lgan bolani tushiraman, deb qiziga allambalo damlamalarni bildirmay ichirgani, oqibatda bola tushayotganda qon ketib qizi o‘lishiga sal qolganini, Aleksandr xizmat qilayotgan harbiy qism kattalariga shoirning turklar bilan aloqasi borligi xususida chaqimchilik qilib qamatib yuborganini, shoir qamoqda qazo qilganini, onasi shu yo‘l bilan qizini sevgilisidan judo etganini bilmas edi. Sharlotto yoshi o‘tinqiragan lo‘liga tegdi. O‘n yil yashab ham farzand ko‘rmadi. Eri silga chalinib qazo qildi. U boshqa turmushga chiqmadi.
Elkalari qirdek-qirdek, ko‘kragini viqor bilan ko‘tarib yuradigan baron Vasiliy lo‘li to‘dalari orasida obro‘yi baland; otasiga tortgan olti o‘g‘li mudom itoatida. Ammo Sharlotto yagona qiz bo‘lgani uchun erka, akalariga, ota-onasiyu tabordagi boshqa lo‘lilarga ham hukmini o‘tkazadi. Sharlottoning qahri juda qattiq. Farzand ko‘rolmagani, qayg‘u-has­ratlari tufayli u shunaqa toshyurak bo‘lgan deyishadi. Knyaginyaning qizini o‘g‘rilab, o‘ziniki qilib olgani ham uning yuragini yumshata olmagan. Faqat qizi Ritanigina koyimaydi, bor mehrini unga bergan. Sharlotto taborning Moskva tomonga qarab yurishiga sira yo‘l bermaydi.
Rita o‘n yetti yoshga to‘lganda shunday sohibjamol bo‘lib yetildiki… Raqqosalarnikidek g‘ozbo‘yin, irinlari nafis, burni gulyuziga chiroyli o‘rnashgan, quralay, jiyakli ko‘zlari moviy, oqbadan, savrqomat, rusga ham, lo‘liga ham o‘xshamagan bu go‘zal xilqatda shunday bir joziba bor ediki… Ko‘zi tushgan kishini o‘tdek yondiradi! Qo‘ng‘iroqdek ovozda kuylashini eshitgan, jo‘shqin raqslarini ko‘rgan har qanday odamning yuragi alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketadi. Unga tabordagi, boshqa lo‘lilarning to‘dalaridagi yigitlardan oshiq bo‘lganlarning son-sanog‘i yo‘q, bolaligida undan kaltak yegan Boris Ritaning orqasidan soyadek ergashib yuradi; boshqa yigitchalar ham unga shaydo, ammo hech qaysisi temirchi Timofeyning oldiga tusha olmaydi, botina bilmaydi. Rita Timofeyni sevmaydi, uni akamdek hurmat qilaman, xolos, – dey­di. Sharlotto esa bir ilojini topib qizini tezroq Timofeyga berib g‘alvalardan qutulish payida. Mehmon bo‘lib kelgan lo‘li to‘dasidagi Mixail degan yigit Ritaga oshiq bo‘lib uni olib ketmoqchi bo‘lganida katta janjal ko‘tarildi. Mehmon to‘dadagi barcha yigit bir Timofeyga bas kelolmadi, keyin tabordagi yigitlar ham qo‘shilib ketishdi. Katta mushtlashishni to‘da boshliqlari zo‘rg‘a to‘xtata oldilar. Mehmon to‘daning yigitlari qonga bo‘yalgan bir holda ketdilar. Ammo oshiq yigit bu bilan tinchimadi, tunda bir necha yigit bilan Ritani o‘g‘rilab ketmoqchi bo‘lganda, mudom qizni qo‘riqlab arava yonida yotadigan ayiq (yo tavba, qizning husn-tarovatiga shu mahluq ham shaydo bo‘lib qolgan shekilli, mudom qizga surkaladi, qiz uni erkalasa, paxmoq junlarini silasa erib, taltayib ketadi) qo‘liga tushib qoldi. To‘da yigitlari qovurg‘alari singan, jigari ezilib qon tuflayotgan Mixailni zo‘rg‘a ajratib oldilar. Bechora yigit taboriga yeta olmay qazo qildi.
Rita hamon hech kimga ko‘ngil qo‘ymasdi. Bir kuni uch otliq rus zobiti tortinmay otlarini daraxtlarga bog‘lab, lo‘lilar gulxan yoqib o‘tirgan joyga kirib keldilar. Rus askariyu zobitiga tahdidning oqibati o‘lim bilan tugashini hamma yaxshi biladi, ularga hujum qilgan har qanday mazlumni otib tashlashga ruxsat etilgan; shul sabab ular emin-erkin yurishadi, vaqti chog‘lik qilishadi; urush harakatlari vaqtincha to‘xtagach, gusarlar kunduzi manejda birmuncha mashq qilishadi-yu, so‘ng xonalarga qamalib qartabozlik, ichkilikbozlikka berilishadi; uch polk­dosh bu kun otda sayr qilishni istadilar, o‘rmon yaqinidagi gulxan yorug‘ini ko‘rib, ot jilovini shu tomon burdilar.
Tabor boshi – baron Vasiliy ota katta-katta, qovoqlari osilgan ko‘zlarining birini qisib, shop­muylovini silagancha surishtirib-surishtirib gusarlar hangomatalabligini bilgach, ularga yonidan joy ko‘rsatdi.
– Endi, Osiyoga qarab yo‘l oldilaringmi? – dedi Vasiliy ota uzoqlarga boqqancha.
– Shunday, – dedi xafaqosh gusar.
– Durust, durust. Sizlarga ayiq o‘ynatib berishsinmi? – dedi Vasiliy ota, so‘ng arava shotisiga bog‘langan ayiqqa qarab qichqirdi:
– Misha! O‘rislarga bir o‘ynab berasanmi?
Ayiq o‘zini chaqirayotganini bilib turdi-da, zanjirini shildiratgancha silkinib bir o‘kirdi.
Zobitlar bir-birlariga qarab jim bo‘lib qoldilar.
O‘ziga yarashadigan kichikkina muylov qo‘ygan, xushsurat, keng manglayi yarqiragan yoshgina zobit tabor boshiga qarab:
– Yo‘q, ayiqqa emas, men sizlarning raqslaringizga, qo‘shiqlaringizga juda ishqibozman, qo‘shiqlaringizni yozib olmoqchiman, – dedi.
– Daydilar qo‘shiqlarining nimasiga qiziqasan? Bizning hayot hayotmi? Mudom yo‘lda, cho‘lda, do‘lda… Buni men yoshligimda tushunganimda edi, bugun bosh­qacha yashayotgan bo‘lardim, – dedi Vasiliy ota boshini sarak-sarak qilgancha xo‘rsinib.
– Lo‘liligingizdan afsuslanasizmi? – dedi yosh gusar.
– Yo‘q faxrlanaman.
– Nega unda…
– Har qanday lo‘li ham har zamonda shunday nolib qo‘yadi. Qani Tima, childirmani ur!
Vasiliy ota irg‘ib o‘rnidan turdi. Timofey qasqoniga qo‘ng‘iroqchalar o‘rnatilgan childirmani zarb bilan urib chala ketdi, sho‘x musiqa sadosi yurak­larni zirillatdi.
Baron boshini baland ko‘tardi, burgutdek qanot yozib, o‘ljasiga tashlanayotgandek panjalarini kergancha, xuddi bor dunyoni changallab oladigandek bir holda qotib turdi, so‘ng oyoqlarini yerga dadil tiragancha, tizzalarini childirma ohangiga moslab bukib-bukib raqsga tushib ketdi. Beli mahkam bog‘langan, qizil ko‘ylagi, uzun yengi lov-lov hilpirab, atrofni alangalatib yuboradigandek! Keksagina odamning bu mardona raqsi ruslarni hayron qoldirdi. U charx urib o‘ynab bordi-yu, lo‘lilarga qarab bir hayqirdi:
– Yoppa!
Birdaniga qiy-chuv, qiyqiriq solib hamma davraga tushib ketdi. Vasiliy Timofeydan childirmani olib unga “Sen ham o‘yna!” degandek imo qilib childirmani o‘zi chala boshladi. Atrof shovqin-suronga to‘ldi. Ayiq ham zanjirini shiqirlatgancha bir necha bor o‘kirib qo‘ydi. Rita quyoshdek davrani nurlantiradi, ana u o‘ynab borib Timofeyning atrofidan bir aylanib qo‘ydi, Timofey bu iltifotdan sevinib joyida qotib badanini shunday dirillatdiki… So‘ng qulochini keng yozib o‘ynay ketdi, Rita sochi qordek oq Sharlottoni quchoqlab bir aylantirib qo‘yib yubordi, Sharlotto bunga javoban ikki ko‘kragini dirillatib raqs tusha boshladi, Rita kaftini o‘pib uzoqdan Borisga bo‘sa hadya qildi, bechora yigit taltayib ko‘ksiga urgancha o‘zini yerga tashlab Rita tomon tizzalab intildi…
Tiniq osmondagi oy, yulduzlar enkayib lo‘lilar raqsini tomosha qilardi. Lo‘lilar shu zayilda charchaguncha raqsga tushib, so‘ng hamma joy-joyiga o‘tirgach, birdaniga qo‘ng‘iroqdek bir ovoz yangradi:
Lo‘li bo‘lib tug‘ilding,
Bu keng jahon seniki.
Ming bir fotih ololmagan,
Ming bir makon seniki!
Yosh gusar tabor boshining o‘ng yonida, onasi oldida turib kuylayotgan qizga tamom mahliyo bo‘lib tikilib qoldi. Qizning yuzi gulxan shu’lasida emas, balki uning o‘zining ich-ichidan cho‘g‘lanib nurlanayotgandek edi!
Hamma unga jo‘r bo‘ldi:
Havas qiling lo‘liga,
Butun dunyo uniki!
Naqarotni lo‘lilarning bari birlashib bor ovozi bilan shunday jaranglatib aytardiki… Atrof ham aks-sado berardi:
Butun dunyo uniki,
Butun dunyo uniki…
Rita yanada jo‘shib, ovozini bir parda ko‘tarib kuyladi:
Chiranmangiz, fotihlar,
Ololmaysiz dunyoni!
Mo‘r-malahdek qo‘shin-la,
Ololmaysiz dunyoni,
Lo‘lilar ovozlarini baralla qo‘yib jo‘r bo‘lishdi:
Havas qiling lo‘liga,
Butun dunyo uniki!
Ikki zobit bir-biriga qarab qo‘ydi. Yosh yigit esa Ritadan ko‘zini uzolmasdi. Qo‘shiq tingach, yosh gusar o‘rnidan turib o‘rtaroqqa chiqdi.
– Vasiliy ota, ruxsat eting, men bir she’r o‘qiyman!
– Marhamat.
– Ritaga.
O, g‘amga botdim netay?
Chunki sevib qoldim men.
Qarorim o‘tin qilding,
Rita sen deb yondim men…
U she’rini tugatishi bilan gulduros qarsak yangradi. Faqat Timofeyga suyanib o‘tirgan Sharlottogina qarsak chalmadi, u qiziga xavotirlanib qaradi.
Rita o‘zini uning qarashini sezmaganga olib bir sakrab davraga chiqdi, tap tortmay gusar yoniga bordi-yu qo‘lidan ushlab baland ko‘tardi.
– Chal! – dedi Timofeyga.
Timofey sho‘x bir kuy chala boshladi. Ikki yosh bir-biriga qadalib boqqancha raqsga tushib ketdi. Ofitser garchi Ritadek raqsga tusha olmayotgan bo‘lsada, ular bir-biriga juda yarashardi. Hamma ularga havas bilan qaradi, havas bilan. Gusar Ritaga topinib borar, mazurka usuliga mos harakat qilar, lo‘li qizdan qolishmay ishtiyoq bilan raqs tushar edi. Bu raqsning o‘zi bir qo‘shiq, o‘zi bir olam edi!..
…ular otlari tomon ketishayotganda:
– Qo‘shiqlarining mazmuni bizga ishora emasmi? – dedi xafaqosh gusar.
– Albatta, ishora! – dedi katta yosh gusar.
– Xo‘sh, butun dunyoni egallasak yomonmi? – dedi xafaqosh gusar.
– Boshqa yurtlarni bosib olaman, deb ming-ming­lab begunoh odamlarning qonini to‘kish yaxshimi? – dedi yosh gusar.
– Ha, bosqinchilik qahramonlik emas, – dedi yoshi katta zobit.
– Men ikkalangizga tushunmay qoldim, kavkazliku osiyoliklarni odam, deb achinyapsizlarmi?
– Ha, ular ham bizga o‘xshagan odam, axir!
– Yo‘q, ular manavi lo‘lilardan ham battar kazzob! Qo‘limga tushganini bitta qoldirmay otib tashlayman!
– Unda sen jallod ekansan! – dedi yosh gusar.
– Anavi bitliqi bilan raqsga tushib jinni bo‘lib qolibsan. Senga o‘xshagan lattachaynarning gusar bo‘lib qolganingga o‘laymi?
Yosh gusarning labi titradi:
– Sen…
Dahanaki jang boshqacha tus olmasligi uchun ularni yoshi katta zobit ajratib qo‘ydi.
– Men ertaga iste’foga chiqishga raport beraman, – dedi yosh gusar.
Uchinchi gusar indamadi.
Yosh gusar ertasi kuni taborga yolg‘iz o‘zi keldi. Hammaning ko‘z o‘ngida Rita bilan shirin suhbat qurdi – uzoq, uzoq… Otiga minayotganda Ritaning qo‘lini o‘pdi. Qizning badani jimirlab ketdi.
Rita ertasi kuni ham uning yo‘liga ko‘z tutdi, ammo gusar kelmadi, tunda keladi, deb kutdi, tunda ham kelmadi, tongda ham. Rita endi kuta olmadi, ikki dugonasini olib soy bo‘yidagi istehkomga bordi, otini yetaklab manejdan chiqib kelayotgan yoshi katta gusarni ko‘rishi bilan uning qoshiga uchib bordi, uchib. Betoqatlik bilan so‘radi:
– Yuriy qani?
Gusar boshini g‘amgin egib jim turdi.
– Nega indamaysiz? Nima balo tilingizni yutib yubordingizmi? – dedi Rita shang‘illab.
Ko‘zlarida yosh qalqigan gusar boshini ko‘tardi:
– U kecha duelda o‘ldi!
Rita qotib qoldi. So‘ng birdan orqasiga o‘girilib yugurdi, etaklari izini supurdi, yugurdi, yugurdi-yu, o‘zini yerga tashlab o‘kirib-o‘kirib yig‘ladi.

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 5-son