Gap Ostonaqul buvaning “boyliklari”dan boshlandi. U saharda qo‘qim qutilarini titadi. Bo‘sh shisha, temir-tersak, idish-tovoq, qog‘oz, latta-puttalarni terib, qoplarga joylab, uyiga olib kiradi. Bir qismini shahar chetidagi eski-tuskilar bozorida pullaydi. Qolganlari yig‘ilaverib, uch xonali uyining shiftigacha to‘libdi. Keyin tashqariga – balkoniga tutash yo‘lak chetiga taxlabdi. Qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur, deganlaridek, shunaqa qoplardan katta “xirmon” paydo bo‘libdi. Taisa opaning aytishicha, o‘sha qoplarning orasidan kalamushlar chiqib, bezovta qilayotgan emish…
– Ishonmasayiz, uyimga chikingiz, bir ko‘ringiz, – dedi ayol o‘zbek tilida amal-taqal qilib so‘zlarkan ko‘kish ko‘zlarini javdiratib. – Kalamushning “chiy-chiy”i tunda rosa-a… ko‘rkitadi. Sanepidstantsiyaga yozdim, bo‘lmadi. Chol hammasini “tinchitib” yuborvotti. Kizil knijkasini pesh kiladi. “Frontovik”mish. Nima, astanamizzi musorga to‘ldirma, deyishga xakkimiz yo‘kmi, a? – U so‘zlarini tahdidliroq ohangda davom ettirdi. – Xat yozdim eng tepaga, shunga ko‘l ko‘yvoring. Axir, bizning dodimizni eshitadiganlar bordir-ku?..
To‘rtinchi yo‘lakdan atay kelgan opaxonning sepkilli sarg‘ish chehrasiga boqib, achindim. Bir hisobda unga rahmat deyish kerak. Qachongacha “dunyoni suv bossa, to‘pig‘imga kelmaydi”, deb yuramiz? Biroq, hozir imzo qo‘ydirish uchun uzatilgan qog‘ozni olmasdan avval dilimdagini aytdim:
– Birdaniga kattaga yozish shartmikan?..
– Shart, aynalay, shart! – gapimni oxirigacha eshitmay bobilladi u. – Kattadan boshkasining kuchi yetmaydir bu kaprizniy cholga!
– Bunaqa ishning yo‘l-yo‘rig‘i bor. – Tushuntirdim yotig‘i bilan. – Avvalo mahalla bilan gaplashish kerak! Xatni oqsoqolga yozing.
– U buni xal kilolmasa-chi?
– Innaykeyin, oqsoqol hal qilmadi, deb hokimga yozsa bo‘ladi, – dedim opaxonni tinchlantirishga harakat qilib. – Katta idoraga xat yozganda quyi tashkilotning qoniqarsiz javobini ilova qilsangiz – nishonga tegadi!
Ushlagan joyini qo‘ymaydigan qo‘shnimiz ko‘z oldimda xatning tepasiga mahalla oqsoqolining ism-sharifini yozib, boshqa qog‘ozga ko‘chira boshladi.
– Kaniy, yana nimalar deb yozamiz? – savol nazari bilan qaradi menga aji-buji xatini ko‘rsatib. – Siz professional ekansiz, karashivoring.
Mahalla oqsoqolini hushyor torttiradigan bir-ikki jumla aytdim.
– Ha-a, o‘lma-ang! – yozayotganlari nishonga tegishiga ishonch hosil qilgan ayolning yuzi yorishdi. – Endi g‘ing deb ko‘rsin-chi!..
– Oxiri baxayr bo‘lsin, – dedim o‘zimga o‘zim pichirlab.
– Endi baxayr bo‘lmaganiga ko‘ymaymiz, – dedi opaxon qog‘oz-qalamini menga uzatar ekan. – Kani, ko‘l ko‘ying-chi…
To‘rt yo‘lak naridagi janjalga aralashish zaril keptimi? Meni tinch qo‘ying, degan ma’noda bosh chayqagan edim, osonlikcha qutulishning iloji bo‘lmadi.
– Bir kun ko‘shnilar sizgayam kerak bo‘lar, o‘shanda ular ham karab turmaydi, – dedi tagdor qilib opaxon. – Ayrilganni ayik yer, degan makolni eshitmaganmisiz?..
Uning gapi zamirida, yaqinda ko‘chib kelgansan, bu ishdan o‘zingni olib qochsang, qo‘shnilardan ayrilasan, keyin, yakkamaxovga o‘xshab qolasan, degan iddao sezilib turardi…
Qo‘lim qaltiragancha imzo chekdim. Keyin barmog‘imni tishlab qoldim: axir, nega men birinchi bo‘lib… Endi Taisa opa boshqalarga nima deyishini bilaman: “Ana, jurnalist ham qo‘l qo‘ydi!..”
Bunaqa gapni eshitgach, boshqalar ikkilanib o‘tirmasdan imzo qo‘yadi-da… Hushim o‘zimga kelganida baqaloq opamiz zinadan lapanglab tushgancha uchinchi qavatdagi eshikni jiringlatayotgandi…
Ostonaqul buva to‘y-ma’rakalarda hamisha bosh-qosh. O‘z ta’biri bilan aytganda, qo‘ni-qo‘shnilarning “boshini qovushtirib” yuradi. Urishganlarni yarashtirib, “yarash oshi” degan udumgacha yodga solib turadi. Uning hamma ishi yaxshi-yu, shunaqa “boylik”ka ruju qo‘yganini hazm qilib bo‘lmaydi-da. Qo‘shnilar uning “oppoq soqolini hurmat qilamiz”, deyishadi. Chol esa qo‘qimning qadriga yetadi-yu, qo‘shnilariga jabr qilayotganini tushunmaydi.
Nihoyat, Taisa opa niyatiga yetdi! To‘rtta yo‘lakdagi qo‘shnilarning (hatto Ostonaqul buvaning kampiri ham so‘rab-surishtirib o‘tirmasdan qo‘l qo‘yib yuboribdi!) imzosi bilan to‘lgan xatini tutqazgancha mahalla oqsoqolini boshlab keldi. Ko‘pqavatli uyimiz hovlisidagi shiyponchada majlisga to‘plandik.
Hech gapdan bexabar Ostonaqul buva ham el qatori jimgina o‘tirardi. U biror oshning maslahati bo‘lsa kerak, deb o‘ylayapti, shekilli, nuroniylarga nimtabassum bilan im qoqib qo‘yardi.
Hozir g‘alva boshlanishini o‘ylaganim sari yuragim bezovta uryapti…
Mahalla oqsoqoli yig‘ilishni “Kun tartibi”dagi yagona masala”dan boshladi. Ostonaqul buvaning nomi tilga olinganida qo‘shnilar shamolda chayqalgan qamishlardek qimirlab qo‘yishdi. Hamma Ostonaqul buvaning “portlashini” kutgandi. Yo‘q, chol parvoyi palak o‘tiribdi! Faqat, “seni tushungan odam deb yursam, o‘ylamay-netmay imzo qo‘ydingmi?” degandek menga ma’noli qarab qo‘yardi…
Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi-da. Bu g‘alvaga qo‘shilib qolganimga ich-ichimdan qanchalik zil ketayotganimni otaxon qayoqdan ham bilsin?..
Mahalla oqsoqoli shikoyat xatini xuddi ma’ruzadek viqor bilan o‘qib bergach, odamlarga savol nazari bilan qaradi:
– Xo‘sh, bu masalani qandoq hal qilamiz? Kim so‘zga chiqadi?
Birinchi bo‘lib tashabbuskor ayol o‘rnidan turdi. Iymanibroq boshlagan gapi tezlashib, kutilmaganda qo‘lini men tomon bigiz qilsa bo‘ladimi? Go‘yo men uni qistovga olib xat yozdirgandek, nima deydi, deng:
– Bu xatni ana shu yangi ko‘shnimizning gapi bilan yozdim! Man yo‘lini bilaman, oksokolga yozish kerak, dedi, to‘g‘ri-a, uka? – U men tomon boshini irg‘agancha gapini o‘zi tasdiqlab qo‘yardi. – Keyin, aytib turdi, birinchi bo‘lib ko‘l ko‘ydi… Ishimiz maxallada bitmasa, xakimga yozish kerak, dedi. Bo‘masa, undan kattalar bar, dedi… Kattaga yozganda oksokolning konikarsiz javobini ham ilova kilish – nishonga tegishini bilmasdim. Mana shu jurnalist o‘rgatdi. Tugrimi, gapirgan gapingizni buyningizga olasiz-a, xoy, ko‘shni?!
Hamma guv etib menga qaradi.
Bu gapni qo‘shnilar qandoq tushunganlari tahdidli qarashlaridan sezilib turardi. Shu tobda yer yorilsa-yu, jimgina kirib ketsam…
Nihoyat, otaxon ham harakatga tushdi. Qo‘ynidan allaqanday daftarini chiqarib, nimadir yoza boshladi. Chamasi, u ham “jang”ga tayyorgarlik ko‘rardi.
Taisa opadan so‘ng o‘n chog‘li kishi gapirgan bo‘ldi. Faqat, gap nishabi ikki tomonga: qisman Ostonaqul buvaga, asosan menga qaratildi. Otaxonga juda yumshoqlik bilan: “Yo‘lakdan musoringizni yo‘qotsangiz yaxshi bo‘lardi” deyishsa, menga: “Bo‘ri Botirov jurnalistligini pesh qilmasin, qo‘shnilari ustidan bunaqa ustamonlik bilan xat uyushtirmasin! Taisa opa yo boshqa xotinlarning qo‘li bilan birovlarga tosh otmasin! Gapni nishonga urish uchun mahalla oqsoqolini hokimga, uni katta idoralarga yomon ko‘rsatmasin!..” deya dag‘dag‘a qilishardi…
Ayniqsa, cho‘qqisoqol kishining gapi qiziq bo‘ldi:
– Bo‘riboy uka, haqiqiy bo‘ri ham o‘z atrofidagi qo‘ylarga tegmaskan. Siz yozuvchiligingizni kep-kep sakson yashar otaxonga ko‘rsatdingizmi? Buvangiz tengi odamni shunaqa izza qilishingiz insofdanmi? O‘zlariga yotig‘i bilan aytsangiz bo‘lmasmidi?.. Qilg‘ilikni qilib qo‘ygach, nega endi hadeb bu ayolga (Taisa opaga ishora qildi) ko‘zingizni ola-kula qilib qaraysiz? Ojizaning qo‘li bilan birovni urishga ustamonligingizni xaspo‘shlamoqchi bo‘lganingiz yetmagandek, endi unga tahdid ham qilyapsizmi?! Mahalla oqsoqolini nega podstavka qilmoqchi bo‘ldingiz? Uning xatini ilova qilib hokimga yozishdan muddaongiz – kattalarning orasiga ham nifoq solishmi?! Bunaqasini yetti uxlab tushingda ham ko‘rmaysan…
Burni yapasqi kishining gapi undan ham oshib tushdi:
– Shuncha dardiyiz borakan, domkom o‘lgani yo‘q-ku?! – Ko‘kragiga urib qo‘yganiga qaraganda o‘zini aytayotgandi. – Yigirma yildan beri domimizdan bunaqa bema’ni gap chiqmagandi…
– Ilon chiqmagandi, deng, ilon! – Luqma tashladi piyonistabashara odam.
– Undan ham battar – chayon, deng, chayon! – Ilib ketdi boshqasi.
– Chayon ham undan tuzikroq, dangal chaqadi-qo‘yadi, – deya luqma tashladi kimdir.
– Chayon bunaqa xat yozishni, birovni “padstavka” qilishni bilmaydi…
Tepakal kishi so‘yloq tishlari orasidan papiros tutunini purkagan ko‘yi ilondek vishilladi:
– O‘sha musordan ko‘ra shunaqa xat yozadiganlar xavfliroq! Ko‘rinishidan tuppa-tuzuk odam soddagina Taisa opani yo‘ldan uribdi… Manfurlik ham shunchalik bo‘ladimi?!
Bu gapga mahalla oqsoqoli shundoq bosh chayqadiki, go‘yo “ko‘rdilaringmi, men qanaqa odamlarning kasriga qolib yuraman?” degan ma’no aks etib turar edi.
Shu tariqa, cholning qop-qop qo‘qimi qolib, qo‘shnilar meni muhokama qilishga o‘tib ketishdi…
Nihoyat, Ostonaqul buva do‘ppisini to‘g‘rilab qo‘ygancha odob bilan qo‘l ko‘tardi. Mahalla oqsoqoli, marhamat, degandek o‘rtaga chiqishiga ishora qildi.
Chol davra o‘rtasida g‘oz turgancha qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi, bosh irg‘ab salom berdi. Menga ham g‘alati qarab qo‘yarkan, go‘yo ta’zim qilgandek bo‘ldi. Bu kesatiqqa javoban nima qilishni, o‘zimni qandoq tutishni bilolmay garang edim…
Ostonaqul buva gapni nimadan boshlar ekan, deb turganimizda qo‘ynidan qandaydir daftar chiqardi. Bunaqa mojarolarga obdan tayyorgarlik ko‘rib yurarkan chog‘i. U daftarini varaqlay boshlaganida ba’zilarning dami ichiga tushib ketdi.
– Aziz qo‘shnijonlar, – dedi chol bosiqlik bilan. – Soqolim oqarganida shu g‘alva menga kerakmidi? O‘zi ustimdan yozishga arzigulik gap bormikan? O‘zimga bir og‘iz aytsangiz, bamaslahat hal etardik-ku! Oqsoqolni ovvora qilish shartmikin? Hozirdan u kishiga ham shantaj qilib, hokimga yozaman, javob xatingni ilova qilaman, deb tahdid qilish mahalladoshlikka, qo‘ni-qo‘shnichilikka, odamiylikka, boringki, erkakchilikka to‘g‘ri keladimi?!
Orqaroqda kimdir menga qarata g‘o‘ldiradi:
– Bu gapni eshitgandan ko‘ra o‘lganing yaxshi emasmidi?..
Chol luqma tashlagan tomonga nimtabassum qilib qo‘yarkan, vazminlik bilan davom etdi:
– Biz urushda qon kechgan, nonga zor bo‘lib o‘sgan, ochlikdan o‘lganlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan avlodmiz. Uvoldan qo‘rqamiz… – Shu gaplarni aytayotib otaxonning ovozi o‘zgardi, chamasi, xo‘rligi keldi. Choponining yengi bilan ko‘zlarini artib qo‘yarkan, tovushi qaltirabroq chiqdi. – Har kuni och qolganimdan kallai saharlab axlat qutisini titmayman. Xudoga shukr, hech narsaga zor qolganim yo‘q. Bor-yo‘g‘i, nonning uvoli tutishidan qo‘rqaman… Bu isrofgarchiliklar yaxshilikka olib kelmaydi, – dedi chol men tomon qo‘lini bigiz qilib. – Xudoyim, nonni uvol qilib tashlayotgan shunaqa bandalaringni kechir, tavba qildik, deya siz tashlagan nonlarni uvog‘igacha terib olaman…
Cholning so‘nggi gaplari aynan menga qaratilgan edi. O‘tgan hafta uyda mog‘orlab qolgan nonlarni nima qilishimni bilmay turganimda qatiqchi ayol qo‘qim qutilari yoniga non tashlash uchun toza idish qo‘yilganini aytgandi. Xullas, mog‘orlagan nonlarni o‘sha idishga tashlayotganimni kuzatib turgan chol bosh chayqagandi. Tunov kuni ortib qolgan nonlarni quritish niyatida gaz plitasining pastki xonasiga qo‘ygancha xayolim faromush bo‘libdi. Birpasda kuyundi isi xonalarni qopladi. Yugurib borib ochsam, maydalangan nonlar qorayib, adoyi tamom bo‘libdi. Ularni ham qutichaga tashlayotganimda Ostonaqul buva boshini sarak-sarak qilgancha o‘tib ketgan. Haqiqat har qancha achchiq bo‘lmasin, shu tobda uni tan olmay ilojim yo‘q edi…
– Gapim to‘g‘rimi, o‘rtoq jurnalist? – Chol inkor qilib bo‘lmas so‘zlari bilan mot qildi-qo‘ydi. – Nonni uvol qilma, deb o‘zlaring televizorda gapni boplaysilar-ku?! Sizni ham suratga olib qo‘yganlar bor… Bir kun ko‘rasiz tomoshani…
Nafasim ichimga tushib ketdi. Ro‘paramizga o‘rnatib qo‘yilgan kameraga hech e’tibor bermaymiz. Hozir chol qasdma-qasdiga kurashsa, non tashlaganim “teleaybnoma” bo‘lib turibdi-ku…
Gap qaytarsam shallaqiga chiqib qolaman, sukut saqlasam, aybimga iqror bo‘lganga o‘xshayman. Bunaqasini teatr sahnasida ham shunchalik qoyil qilib ko‘rsata olmaysan. Bo‘ynimni qisib o‘tirishdan o‘zga chora topolmadim…
Nonning uvoli haqida gap ketganda hammaning boshi xam tortib qoldi. Boshiga gulli ro‘mol o‘rab olgan bir onaxon hiq-hiq yig‘lashga tushdi. Ro‘molining uchi bilan ko‘zyoshlarini artgancha o‘rnidan turib, menga shunday nafrat bilan tikildiki…
Ayol chiday olmayman, degan ma’noda qo‘l silkib chiqib ketdi. Ortidan achinish bilan qarab qolganlarning ko‘zlari keyin yoppasiga menga qadaldi…
– Xo‘-o‘sh, qog‘ozning uvoli ham nonnikidan kam emas. Bu ukamning qog‘ozlari hammasidan noyob! Yetti uxlab tushingga kirmagan gaplarni yozadi. Bir-ikkita kattalar haqida yozganlaringizni o‘qib, esxonam chiqib ketdi. Unaqa gaplardan ilon ham po‘st tashlab yuborsa ajabmas, – chol yana gapning nishabini menga qaratdi. – Bekor g‘ijimlab tashlabsiz. Ularni dazmol bilan tekislab qo‘yganman! Esipast chol qog‘ozlarni jimgina terib olaveradi, deb o‘ylamang. O‘sha yozganlaringizni tegishli odamlar bilan tahlil qilib ko‘rmoqchimiz…
Shu tobda ba’zi nozik gaplarni qog‘ozga tushirganim, keyin o‘chirmasdan g‘ijimlab tashlaganlarim yodimga tushib, yuragim shuv-v etdi. Nahotki, ular shu injiq cholning qo‘liga tushgan?! Tegishli joylarga yetkazgan bo‘lsa-ya… Ne balo kelsa tilimdan (meniki esa – o‘ylamay yozganlarimdan…) deya yuragim qinidan chiqqudek urardi. Biroq, endi kech. Chol jonini bersa beradiki, o‘sha qog‘ozlarni qaytarmaydi… Taqdirga tan berishdan o‘zga yo‘l yo‘q…
Ostonaqul buva g‘oliblarcha qararkan, holing qalay, “yozg‘uvchi”, degandek ishshaydi. Bunaqa qarashlar, “mimika”larni uncha-muncha odam tushunmasa-da, qilg‘ilikni qilib qo‘yganlar va uni tutib olganlar oqibati nima bo‘lishini yaxshi biladi… G‘ijimlab tashlagan qog‘ozlarga yozib qo‘yganlarimni o‘ylagan sari bokschilar tilida aytganda – “nokdaun”mas, “nokaut” bo‘layotgandim…
Ko‘rinishidan bir muallima qo‘l ko‘tarib, mavzuni salgina yengillatdi:
– Maktabimizdan maklatura talab qilinishini yaxshi bilasizlar. Shunday paytda Ostonaqul bobo jonimizga oro kiradi. O‘sha terib olgan qog‘ozlarini qopi bilan bizga topshiradi. Biz u kishining suratini maktabimiz “Hurmat taxtasi”ga yopishtirib qo‘yganmiz…
Bu gapga hamma chapak chalib yubordi. Shu bilan Ostonaqul buva xalqparvar, insonparvar siymoga aylandi. U ulug‘langan sari men mulzamlik botqog‘iga botardim…
Chapak chalingan joyda har qanday dilxiraliklar barham topishi kerak! Afsuski, shu lahzada ham ba’zilar menga qarab qo‘yishardi. Bu qarashlar zamirida “ko‘rdingmi, nodon!” degan iddao yaqqol sezilib turardi.
– Musordagi shishalarni ko‘rib, yuragim achishib ketadi, – so‘zida davom etdi chol. – Shundoq chiroyli shishalarni ishlab chiqarish davlatga qanchaga tusharkin, deb o‘ylab qolaman. Ularni tashlash uvol emasmi?!
Shu gaplarni aytayotib chol yana menga qaradi. O‘tgan hafta mehmon kutgach, uyimdan bir talay bo‘sh shishalarni chiqarib tashlayotganimni hamma ko‘rgan… Ularni ham Ostonaqul buva terib olgan…
Chol mushtiga yo‘talib olgach, so‘zida davom etdi:
– Shisha qabul qiladigan joy bekorga ochib qo‘yilmagandir? Ularni tashlaganingizda hech uvoli tutishini o‘ylab ko‘rganmisizlar?
U yana menga qaradi. Men tashlagan shisha idishlarni sotib pulini olganda huzur qilgani yetmagandek, endi kalaka qilib, xumordan chiqardi.
– Temir-tersaklarni ham uvol qilish yaxshimas, – davom etdi chol. – Bir parcha metall ishlab chiqarish davlatga qanchaga tusharkin?!
Qo‘shnilar yalt etib qarashdi. Yaqinda xonadonimdagi eski quvurlarni yangilaganimni ular ko‘rishgan… Men tashlab yuborgan quvurlarni Ostonaqul buva terib olgan…
Boyagi muallima otaxonning gapini ma’qullab, rahmat aytdi. Yana nima qo‘shimcha qilganini anglay olmay qoldim. Unga kimdir luqma tashlaganida, tushungandek bo‘ldim. Chamasi, yonida o‘tirgan malla soch kishi “Bo‘riboyning ketini Ostonaqul buvasi tozalab yurar ekan-da”, dedi. O‘sha burchakda kulgi ko‘tarilib, so‘ng olag‘ovur bo‘lib ketdi.
Xuddi hukm chiqarish vaqti kelgandek chol qo‘lini shaxt ko‘tarib, jimlik o‘rnatdi va men tomonga yuzlandi:
– Xo‘sh, yozg‘uvchi ukam, nima deysiz? Shuncha narsa uvol bo‘layotganini ko‘rib ko‘rmaslikka olib ketaverishim kerakmidi?
Bir xomsemiz kishi menga iddao qildi:
– Otangiz tengi odamning ustidan xat uyushtirganingiz qanchalik xato bo‘lganini endi tushundingizmi? Qilar ishni qilib qo‘ygach, qo‘shnilarga hech qachon bunaqa yomon qaramang! – U xuddi suddagi sudya kabi so‘zlardi. – Xo‘sh, siz ham biror narsa deysizmi? Oqsoqol, bu bolani ham eshitaylik-chi…
Tergovchi qarshisida so‘roq qilinayotgan gunohkor bandadek o‘rnimdan turdim. O‘zimga qo‘yib bersa, aytadigan gaplarimning cheki yo‘q. Biroq, hozir na mahalla oqsoqolini, na Ostonaqul buvani va na qo‘shnilarni qoniqtiradigan biror jo‘yaliroq gap topolmay qiynalardim. Oxiri, o‘zimni qo‘lga olib, qo‘shnilarga yuzlandim.
– Avvalo assalomu alaykum, – dedim qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib. – Gunohim bo‘lganida uzr so‘ragan bo‘lardim. Muhokama qilinayotgan masalada gunohim yo‘q, yuzim yorug‘, – shu gaplarni aytayotganimda tomog‘imga nimadir tiqilib, xo‘rligim keldi. O‘zimni qo‘lga olib dilimda borini aytdim. – Men hech qanaqa xat uyushtirmaganman. Ostonaqul buvaning shunchalik yaxshi ishlarini bilar ekansiz, o‘zlaringiz o‘sha xatga nega imzo qo‘ydingiz?..
Bu gapim bilan o‘cha boshlagan cho‘g‘ ustiga moy quyganimni kech tushundim. Olomon pov etib yondi; og‘zimni ham, ko‘zimni ham ochirmay qo‘ydi.
– Ah-a, endi bizni padstavka qilishni boshladi! – Chiyilladi bir ayol.
– Mahalla oqsoqolini hokimning oldida, bizni shu otaxon oldida yer bilan bitta qilmoqchiga o‘xshaydi… – Ilib ketdi boshqasi.
– Bu ustamon birinchi maqsadiga erishdi! Mana, oqsoqol va Ostonaqul buvaning o‘rtasiga nifoq urug‘ini sepdi. Endi mahalladoshlarni xijolat qilishga o‘tdi, – dedi baqaloq kishi men tomonga ola qarash qilib. – O‘zi maqsadingiz nima, uka?!
– O‘zini oppoq ko‘rsatib, qo‘shnilarining yuzini qaro qilishga ustasi farang ekan… – Ilib ketdi boshqasi. – Bu boladan hali ko‘p gap chiqadiganga o‘xshaydi…
Tayog‘ini o‘ynatib mashinalarni to‘xtatib qo‘yadigan yo‘l patrul xodimiga o‘xshab Ostonaqul buva qo‘lini ko‘tarib o‘rnidan turmaganida meni yakson qilib tashlashlari hech gap emasdi.
Qo‘shnilar “yig‘ilish tugadi” deb o‘ylashdi, shekilli, ba’zilar o‘rnidan tura boshladi. Vaholanki, “ikkinchi qismi” bundan ham qiziq ekan. Otaxon daftarini varaqlagancha o‘rtaga chiqdi-da, hammaga eshittirib shunday dedi:
– Taisaxon, bu ukamiz sizning qo‘lingiz bilan mening ustimdan yozishni qoyil qilgan ekan, endi navbat bizniki! Siz hozir aytilgan gaplarni yozib, so‘zga chiqqanlarga qo‘l qo‘ydirasiz. Ishingizni oxiriga yetkazing! Qilmishiga yarasha jazosini olsin bu bola! Kelishdikmi?
Go‘yo “adolatli hukm” o‘qilgandek hamma chapak chalib yubordi. Majlis boshlanganidan buyon jonsarak bo‘lib o‘tirgan Taisa opa choldan qutulish uchun qog‘oz qoralashga tushdi. U nimalar yozayotgani ayon. “Bo‘ri Botirov jurnalistlik nomiga dog‘ tushirib, har kuni non, qog‘oz, shisha, temir kabi noyob narsalarni uvol qilib axlatga tashlaydi” deb boshlansa kerak. Balki “fikri buzuq” deb yozib, o‘sha g‘ijimlab tashlangan va Ostonaqul buva dazmol bilan tekislagan qog‘ozlarimni ilova qilishar… Eng yomoni, “savob ishlar qilib yurgan otaxonning ustidan xat uyushtirgan” degan mazmundagi “aybnoma” ham yoziladi…
Hozir u nimaiki yozsa, qo‘shnilar imzo qo‘yishga shay turishibdi! Mahalla oqsoqoli ham tap tortmasdan muhrini bosadi. Keyin dodingni Xudoga ayt…
Davraning norasmiy qozikaloniga aylangan Ostonaqul buva endi menga yuzlanib, buyruq qildi:
– Siz ham ishingizni oxiriga yetkazing, – dedi u qo‘limga qog‘oz-qalam tutqazib. – Modomiki, yozishga usta ekansiz, qani, boshlang!
Dahshatli ko‘rinmas dor tagida ekanimni sezib turibman. Undan eson-omon qutulishning yagona yo‘li: murosai-madora!.. Birinchi galda, cholning talabini qondirish kerak. Ikkilanib o‘tirishning mavridi emas. Xuddi mirzolardek qog‘oz-qalam olgancha yozishga shay bo‘ldim.
Chol daftarini varaqlay boshlaganida nechundir ba’zilarning rangi gezardi. Daftarda nimalar yozilganidan ko‘pchilik xabardorga o‘xshaydi. Bir kishi turib ketmoqchi edi, Ostonaqul buva keskin ishora bilan o‘tqazib qo‘ydi. So‘ng “qora ro‘yxat”ini o‘qiy boshladi:
– Do‘st-do‘stga oyna, deganlaridek, xatolarimizni ochiq aytganimiz va tan olganimiz yaxshi. Menga ta’na qilganlar avval o‘zlarining qusurlarini tuzatsalar, anavi qopdagilarni hoziroq yo‘qotaman! – Shu gaplarni aytayotib chol menga qarab qo‘ydi. – Xo‘-o‘sh, yozyapsizmi, yozing! Birinchi, Taisa Murtazina paqildoq degan portlovchi modda sotmoqda. Quloqning pardasini yirtib, yurak o‘ynog‘i qip qo‘yyapti-ku bu qizitaloq! Tinch yotgan musordan yuz marta battar asabni buzmayaptimi?!
Chol “ayblov”ini o‘qishda davom etdi:
– Ikkinchi, Mahzuna voyaga yetmagan bolalarga papiros sotadi. Uchinchi, Qo‘zivoynikida talabalar noqonuniy ijarada turishadi. To‘rtinchi, Maryam Inog‘omova va Guli Sotivoldiyevalar antisanitariya holatida holva yasab, pullaydi… Beshinchi, Sa’dullayeva xonadoniga kiraverishdagi qo‘shimcha devorini buzdirib tashlagan. Axir, birinchi qavatdagi qo‘shnimiz devorini buzishiga yo‘l qo‘yish mumkinmi? Xudo ko‘rsatmasin, yer qimirlasa, butun “dom” adoyi tamom bo‘ladi-ku! Oltinchi, Aqida ikkinchi eri bilan benikoh yashayapti. Yettinchi, Mansur montyorga kim pora bersa, tok hisoblagichini orqaga qaytarib beradi. O‘tgan oyda sakkizta xonadonning schyotchigini nol qildi… Sakkizinchi, Qo‘zivoy sog‘ ko‘zini kasal deb hujjat to‘g‘rilab, avtobusda tekin yuribdi. To‘qqizinchi, Solivoy uch joyda ishlashini soliqchilardan yashirgan. O‘ninchi, qalbaki propiska bilan yurgan yetti kishini aniqladim. O‘n birinchi, Matqobil xonadonida yashirin tsex tashkil qilgan. Aytib qo‘yay, hamma faktlarim aniq tasdiqlanadi!..
Eh-he, choli tushmagur “qora ro‘yxat”ini tegishli idoraga berib yuborsa, ko‘pqavatli uyimiz huvullab qoladi-ku. Chol hammasini ayovsiz oshkor etib tashladi.
Shu bilan majlis poyoniga yetdi, o‘ylasam, “qora ro‘yxat”da o‘zim ham bor ekanman. Chol daftarining yangi sahifasini ochdi:
– Yangi qo‘shnimizning davlatga keltirayotgan zararini cho‘tga tashlasak, hammanikidan oshib tusharkan, – dedi u kekirdagini cho‘zib. – Mehmondo‘st bo‘lish yaxshi, biroq, evi bilan-da. Bo‘riboyning uyiga o‘tgan oyda o‘ttizdan ortiq mehmon kelganini sanadim. Bular hali men ko‘rganlarim! Ko‘rmay qolganlarim-chi? Ba’zilari uch-to‘rt kunlab yotib yurishdi-ya. Besh-o‘n nafari qarindoshdir, qolganlari-chi? Qancha odamga “boshpana” bo‘lyapti bu to‘rt xonali uy! Yoki mehmonxona ochganmisiz? – U mahalla oqsoqoliga qarata buyruqomuz ohangda gapirdi. – O‘z uyingni o‘zing asra, deganlaridek, shunga e’tibor bersangiz bo‘lardi. Qancha issiq suv, ichimlik suvi, gaz behudaga sarflanyapti?! Uyida propiskada bo‘lgan uch kishi uchun pul to‘lansa-da, o‘ttiztalab odamga suv, gaz va boshqa narsalar isrof bo‘laverishini qandoq izohlash mumkin? Eng ko‘p axlat tashlaydigan ham uning o‘zi. Qandoq noyob narsalarni uvol qilib tashlashiga o‘zingiz guvohsiz… Taisa, hammasini yozayapsizmi?
– Yozvomman, yozvomman, – dedi ko‘kish ko‘z xotin chiyillab. – Nishonga tegadigan kilib yozvomman…
Chol gapim tamom, degandek daftarini yopdi.
Yo, alhazar! Aybim hammanikidan ziyodaga o‘xshaydi-ya?! Qo‘shnilar biri olib, biri qo‘yib meni muhokama qilishardi. Har xil luqmalar go‘yo olis-olislardan eshitilayotgandek tuyulardi:
– O‘zingdan chiqqan baloga – qayga borasan davoga?
– Tuppa-tuzik odamga o‘xshaydi, deb yursak, zararkunda ekan-a?
– Katta ketadigan kishidan har narsani kutish mumkin.
– Otasi tengi odamning nafsoniyatiga tegib nima qilarkin?
– Hali shu kishining yoshiga yetadimi, yo‘qmi?
– G‘alamis deganlari shunaqa bo‘ladi-da!..
Oxirgi gap g‘alati bo‘ldi:
– Tinchgina ko‘chib ketmasa, o‘zini musor yashikda ko‘radi!
– Va-ha-ha-ha…
Yonginamda o‘tirgan cho‘tirbasharaning luqmasidan seskanib tushdim:
– Shunaqa buzg‘unchidan Ostonaqul buvaning musori tuzukroq!
Gur-r kulgi ko‘tarildi…
Bir alfozda uyga chiqsam, kecha mehmonga kelishgan sobiq sinfdoshlar bamaylixotir o‘tirishibdi. Biri cho‘milayotgan ekan (ichkarida suvning shaloplagan tovushidan yuragim bir qalqib tushdi), ikkinchisi sochiqni yelkasiga tashlagancha navbat kutyapti. Boshqalari balkonda papiros tutatib, xumoridan chiqishyapti…
Jimgina oshxonaga o‘tdim. Gazning to‘rtta “ko‘zi”da olov porillab turibdi. Birining ustida qozon, ikkinchisida choynak. Qolganlari ermakka yoqib qo‘yilganga o‘xshaydi. Negadir ikkala jo‘mrakdan ham suv oqizib qo‘yilgan. Sababini so‘rasam, xotinim muncha maydakash bo‘lmasangiz degandek ming‘irladi: “Quvurlarni tozalash uchun…”
Ko‘z oldim tundlashib, qoramtir parda ichra Ostonaqul buvaning ko‘lkasi paydo bo‘ldi. U go‘yo “noinsof”, deyayotganga o‘xshardi. Seskanib tushdim. Nima balo, tush ko‘ryapmanmi yo aqldan ozyapmanmi?!
…Ertasi kuni Ostonaqul buva odatiga ko‘ra qora qutilarni titkilayotgan mahalda men katta yo‘l bo‘yidagi bekat ustuniga “Uyimni sotaman” degan e’lon yopishtirayotgan edim…