I
— Quloq sol, momosi, quloq sol. Qayerdandir odam ovozi kelyapti…
Sayrak adirda yonboshlab yotmish bobomiz, momomizga shunday dedilar.
Bobomiz og‘izlarini angraygannamo ochdilar. O‘ng quloqlarini yellar yelmish tarafga tutdilar.
Ellar, ovozlarni yorqin olib kelmadilar.
Bobomiz o‘ng kaftlarini quloqlari sirtiga tutdilar. Yelpana qildilar. Nafas olmadilar. Bor vujudlarini berib quloq soldilar.
Bobomiz shunda-da bir nimani eshitmadilar. Chuqur tin oldilar.
Bobomiz oydinga tikildilar.
— Manovi yoqdan shekilli… — dedilar. — O‘zi, vaqting xushmi, momosi? Eson-omon yuribsanmi? To‘rt muchaling butmi?..
1
Sovchilar qadami qizlik eshikka sharaf!
Sovchilar oqshom vaqti keldi.
Uy bekasi dasturxon yoydi. Xo‘jasi mezbonlik qildi.
— Xush ko‘rdik, xush ko‘rdik, — dedi.
— Xushvaqt bo‘l, qassob, xushvaqt bo‘l, — dedi sovchilar. — Qani, ilohi omin, shu uyda katta-katta to‘ylar bo‘lsin, olloh-akbar!
— Olloh-akbar! Aytganingiz kelsin!
Palovdan keyin tarvuz so‘yildi.
Sovchilar odatlari bo‘yicha u yoq-bu yoqdan gapirishib o‘tirdi.
Eson qassobni haminqadar eladi. Keyin, maqsadga o‘tdi.
— Singlingning boshiga baxt qushi qo‘nib turibdi, qassob, uchirib yubormasang bo‘ldi, — dedi.
— Aslini bilmay, so‘z demaslar, naslini bilmay, qiz bermaslar, — dedi qassob. — Kim ekan, u?
2
Qishloqda bir bo‘zbola bo‘ladi.
Bo‘zbola yelkador, pishiq qomatlik bo‘ladi. Kulcha yuzlarida chuqur-chuqur kuldirgichlari bo‘ladi. Qo‘y ko‘zlik, siyrak qoshlik bo‘ladi.
Bo‘zbola qomatini g‘oz tutadi. Joyida tik turadi. Qo‘llarini ko‘kragiga qovushtiradi yo beliga tiraydi. Bir nuqtaga tikiladi. Qayerga tikiladi, nimaga tikiladi?
Bilmaymiz, biz bilmaymiz.
Inchunin, o‘zi-da bilmaydi.
Bo‘zbolani ilk bor ko‘ramiz.
Shunda, bu bola yo qattiq qayg‘uda, yo bir nimani o‘ylab o‘yiga yetolmayapti, deymiz.
Yurish-turishidan… kekkayadi, o‘zidan o‘zgani oyog‘i bilan ko‘rsatadi, deymiz. Shox-u butog‘ing bormi, muncha kerilasan, deymiz.
U mizoji xush ko‘rmish odamlar bilan salom-alik qiladi. Bordi-keldi qiladi. Chin dildan gapirishadi. Ochilib gurunglashadi.
Ko‘ngliga o‘tirmaydiganlar bilan salomlashgisida kelmaydi!
Oqibat, bo‘zbola bizni nazarga ilmaydi, deymiz.
Oqibat, bo‘zbolani birovimiz xush ko‘ramiz, birovimiz noxush ko‘ramiz.
U o‘zini biz uchun dil-dildan oshno biladi.
Bizga sodiq mehr qo‘yadi. Biz bilan hamisha xayrixoh, hamdard bo‘ladi. Bir qorindan talashib chiqqanlardayin bo‘lsam, deydi.
Aqalli, bir, bir yomonligimizni ko‘rsa bo‘ldi!
Bizdan qo‘lini yuvib qo‘ltiqqa uradi. Biz bilan salom-alik qilmaslik payida bo‘ladi.
Bizdan qaytganini bizga-da, birovga-da aytmaydi.
Qoboq-tumshuq qiladi. Ichimdan top deb yuradi.
U odamovi!
U olislardan ko‘z uzmaydi, kipriklarini-da pirpiratmaydi.
Biz u tikilmish tarafga qaraymiz. Zangori ufq. Shu! Aqalli bulutlar-da yo‘q.
U bizni hayron qoldirib-qoldirib yashaydi!
Bir nimani so‘rasak, ha yo yo‘q deb qo‘ya qoladi.
Qo‘liga suv beramiz. Suvni go‘yo birinchi ko‘rayotganday tikiladi. O‘zicha bosh irg‘ab qo‘ya qoladi.
Biz og‘rinamiz. Minnatdorchilikni tilab olamiz.
«Sen ham odamga o‘xshab biror nima de».
«Nima deyin?»
«Hech bo‘lmasa, baraka toping, de».
Shunda u tizzalarini quchoqlaydi. Olis-olislarga— Bobotog‘ cho‘qqilariga o‘ychan-o‘ychan termiladi. Bobotoqqa termulib-termulib aytadi:
«Chin gaplar ko‘ngilda bo‘ladi. Tilga chiqsa, yolg‘on bo‘ladi-qoladi».
U yolg‘iz bir ashulachini ashulachi deb biladi. Bu ashulachini Yunus Rajabiy, deydi.
U Yunus Rajabiy ashula aytganda so‘zlashuvchi yo yo‘taluvchi odamni ko‘rishga ko‘zi bo‘lmaydi.
U Yunus Rajabiy ashula aytganda iljayuvchi odamni otishga o‘qi bo‘lmaydi.
U Yunus Rajabiy ashulalarini bosh egib eshitadi, muztar bo‘lib eshitadi.
U… qo‘shiq aytadi!
Adirga o‘tga boradi. O‘t o‘rib-o‘rib, tevarakka alanglaydi. Yolg‘iz o‘zi bo‘ladi.
Keyin, o‘tni bolish qiladi. Qo‘llarini boshi ostiga chalishtiradi. Olis-olislarga — paxta xirmoni misol oppoq bulutlar, havolanmish chumchuqlar galasiga termulib-termulib… dimog‘ida qo‘shiq aytadi.
Bora-bora lablari-da qimirlaydi…
Sovchi ana shu bo‘zboladan bo‘ladi!
3
Eson qassob gapni cho‘rt kesdi:
— Qoplonmi? Bo‘lmaydi!
— Qassob, og‘ir bo‘l, somonday og‘ir bo‘l.
— Og‘ir bo‘lsam-bo‘lmasam! Uningiz na salomni biladi, na alikni biladi!
— Qassob, ko‘ngling bilan eshit — quloq aldaydi, aqling bilan ko‘r — ko‘z aldaydi.
— Uningiz odamga o‘xshamaydi!
Shunda sovchilar o‘z san’atlarini qo‘lladi. Biri qo‘yib biri, qassob otasi borasida hamd-u sanolar aytdi:
— Rahmatlik otasi ko‘p yaxshi odam edi-da…
— Ko‘p mard edi…
— Ko‘p tanti edi…
— Esonboy otasiga tortmabdi…
— Noshukur bo‘lmang. Esonboy otasiga quyib qo‘yganday tortadi…
— Qani, qaniqayin?..
— Ana, anakayin. Musulmonchilik asta-asta-da…
Sovchilar gap oxirini ana shunday otadan qolmish ana shunday o‘g‘ilga olib kelib uladi.
Eson qassob oxir-oqibat yon berdi.
— Men bir nima deyolmayman, — dedi. — Og‘ayni-jamoa bor, qiz boqqan yangasi bor. Yana bir kelinglar, maslahatlashib olaylik.
4
Kenja zurriyot bo‘lmish qiz besh yasharligida ota-onadan sag‘ir qoldi.
Akasi qo‘lida qoldi.
Yanga bo‘lmish qoboq-tushmug‘iga qarab kun ko‘rdi.
Yanga bo‘lmish qoboq uydi…
Shunda… shunda, sag‘ir nafas olmadi! Sag‘ir ko‘zlari pit-pir etdi. Sag‘ir ko‘zlari olma terdi.
Sag‘ir hadahalab bordi. Jiyani beshigini qo‘sh- qo‘llab ushladi. Sag‘ir jon-jahdi bilan beshik tebratdi.
«Beshik tebratsam, yangam qobog‘i ochiladi, keyin, meni urishmaydi…»
Sag‘ir ana shunday umidga bordi!
Sag‘ir qorni ochdi. Sag‘ir barmog‘ini so‘rdi. Ammo miq etmadi.
Yanga dasturxon yoydi. Sag‘irni dasturxonga imladi.
Sag‘ir dasturxon oldiga siljib keldi. Sag‘ir barmog‘ini so‘rib, yangaga mo‘ltiradi. Sag‘ir barmog‘ini so‘rib, dasturxonga mo‘ltiradi.
Keyin, og‘zidagi barmog‘ini dasturxonga uzatdi. Barmog‘ini avval dasturxon burchiga tegizdi. Undan dasturxon o‘rtasi sari ohista-ohista o‘rmalatib bordi. Keyin, non chetiga tegizib turdi.
Sag‘ir bir tishlamgina non sindirib oldi.
Sag‘ir, yangaga qarab-qarab non tishladi, mo‘ltirab-mo‘ltirab non chaynadi.
Sag‘ir, yangamga yaxshi ko‘rinayin deya, o‘ziday-o‘ziday satillarda suv tashidi.
Chin, akasi-da, yangasi-da sag‘irni o‘z bolasidan kam ko‘rmadi. Shunday bo‘lsa-da, sag‘ir ushbu xonadonda jiyanlari bilan o‘z orasida katta tafovut borligini ich-ichidan his etib-etib kun ko‘rdi.
Sag‘ir munis-da bo‘ldi, g‘amgin-da bo‘ldi.
Sag‘ir sertamiz bo‘ldi.
Hayotda bo‘lmish ilkis qiliqlar, iring gaplarni darhol ilg‘ab oldi. Eng yomoni ko‘ngliga oldi!
Sag‘ir ziyrak bo‘ldi.
Zarra boshidan hayotga kattalar ko‘zi bilan qaradi.
Sag‘ir ta’sirchan qiz bo‘ldi.
Bari sag‘irlik ishi bo‘ldi!
Sag‘ir bir qiz bo‘ldi, bir qiz bo‘ldi-e!
Sarvqad bo‘ldi!
Suluv yuzlarini oppoq desak, bizning haqimiz ketadi. Qorachadan kelgan desak, qizning haqi ketadi.
Bug‘doyrang bo‘ldi!
Barchin yuzli bo‘ldi, saraton yulduzli bo‘ldi, parishon zulfli bo‘ldi.
O‘rim-o‘rim sochlari birovga, kimgadir birovga talpindi.
Bo‘lmasa, shunchalar taqim urib-taqim urib to‘lg‘onarmidi?
Qop-qora xoli ingichka lablari burchida bo‘lsa bo‘lmasmidi? Iyagidagi chuqurchasi ichida bo‘lsa bo‘lmasmidi?
Kelib-kelib, o‘ng yonog‘i qoq uchida-da bo‘ladimi!
5
Akasi xo‘p binoyi gap aytdi.
Bunday qiz taqdirini og‘ayni-jamoa jamligida hal etmoq ma’qul bo‘ladi.
6
Sovchilar tag‘in keldi.
Oradan ikki kun o‘tdi.
Og‘ayni-jamoalar birovi u dedi, birovi bu dedi.
Birovi arazlab ketdi.
Bari o‘z gapini ma’qullatish payida bo‘ldi.
Aka bo‘lmish bariga birday bo‘lib o‘tira berdi.
Bo‘lar gap qizda qoldi.
Yanga bo‘lmish oshxonaga yo‘l oldi.
7
Kenja jiyaniga qatiq yalatib o‘tirmish Oymomo yangasidan orlandi. O‘ziga qaragan bo‘ldi: yelkasiga sirg‘anib tushmish iroqi ro‘molini yopindi. Yuqoriga yig‘ilib qolmish ko‘ylagi barini tortdi, tizzalarini yopdi.
Jiyani qulochini ochdi, onasiga talpindi.
Onasi kenjasini bag‘riga oldi.
Qaynsinglisiga tikildi-tikildi, miyig‘ida kuldi-kuldi.
Keyin, qaynsinglisi ko‘ngliga qo‘l soldi:
— Sen nima deysan?
— Nimani nima deyman?
— Talmovsirama, biror nima de. Sovchi kepti.
— Kimga?
— Menga bo‘larmidi, senga-da.
— Eb-ey, men sizga nima qildim? Boring-e!
Oymomo ters bo‘ldi. Bilq-bilq qaynamish qozonga yuz berdi.
Kosov bilan o‘choq kovladi.
Olov hur-hur yondi.
Kenja, onasi yoqasini tataladi.
— Ena, mamma! Mamma ber! — dedi.
Onasi o‘g‘liga emchak berdi.
— Uyalsang-uyalmasang, bu barimizning boshimizda bor savdo, — dedi yanga bo‘lmish.— Biz ham sendayin uyalib edik. Mana oqibati, jiyaning sho‘rpillatib-sho‘rpillatib emib o‘tiribdi…
— Erga tegaman deb o‘lib o‘tirganim yo‘q…
Yanga bo‘lmish ketiga chalqayib-chal- qayib kuldi. Ko‘kragi kenjasi og‘zidan chiqib ketdi.
— Men seni o‘lib o‘tiribdi, deb o‘ylabman, — dedi. — Menga qara, bugun, bugun bo‘lmasa ertaga baribir kelin bo‘lasan…
Kenja, mimit qo‘llarini cho‘za berdi-cho‘za berdi. Onasi ko‘kragini tag‘in og‘ziga soldi.
— Joyi chiqib turibdi, xo‘p deya ber. Qoplon ikki yelkasiga uy tiksa bo‘ladigan yigit.
— Men undaychikin odamni bilmayman…
— Endi bilasan-da. Aytganimdan qolma. Chiroying borida chinoringni top!
Oymomo cho‘qqa tikilmish ko‘yi o‘tira berdi.
Cho‘g‘ Oymomo yuzlaridan, Oymomo yuzlari cho‘g‘dan qolishmadi.
Yanga bo‘lmish kenjasini Oymomoga berdi.
— Bo‘ldi, sukut alomati rizo, — dedi.
8
Yanga bo‘lmish og‘ayni-jamoa qoshiga bordi. Oymomo sukutini aytdi.
Sovchilar dasturxonga o‘ralmish nonni o‘rtaga qo‘ydi.
Qalin aytish boshlandi.
— Xo‘-o‘sh…
— Elga qarab ayting-da.
— Xo‘-o‘p…
— Bo‘ldi-e, hech kim qiz uzatib boyigan emas.
— O‘nta qo‘y… shularga rozimisizlar?
— Qani, ilohi omin, ikki yosh qo‘sha qarisin, olloh-akbar!
Yangasi qiz onasi o‘rnida fotiha o‘qidi.
Non sindirildi.
Sovchilar ohorli belqars o‘rab ketdi.
9
Kuyov tarafdan fotiha to‘y keldi.
Fotiha to‘yida qo‘y, zig‘ir moy, guruch, mayiz… bo‘ldi.
Kelin-kuyovlik davri boshlandi.
Kuyov, kelin qarindosh-urug‘lari oldidan yerga qarab o‘tdi. Ko‘zlariga tik qaramadi. Davralarda yuzma-yuz o‘tirmadi.
10
Oy o‘tdi.
Kelinnikiga ko‘rpa-to‘shak matolari bilan paxta keldi…
Bu, to‘qqiz deb ataladi.