Tog‘ay Murod. Momo Yer qo‘shig‘i (qissa)

“Momo Yer qo‘shig‘i” qissasi birinchi marta “Qo‘shiq” nomi bilan “Yoshlik” jurnalida e’lon qilinadi (“Yoshlik”, 1987, 3-son). Qissaning to‘liq varianti shu yili kitob shaklida chop etiladi (G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987). Asarning yozuvchi tomonidan qayta ishlangan yangi varianti esa 1994 yilda nashr qilinadi (“Ot kishnagan oqshom”. “Sharq” nashriyot-matbaa kontserni Bosh tahririyati, 1994).

1

Xumor momoga kun tug‘di.
Yolg‘iz o‘g‘il askardan kelar bo‘ldi.
Ostonasidan suyunchixo‘r arimadi.
Xushxabar olib kelguvchilar biroviga to‘n yopdi, biroviga belbog‘ o‘radi, biroviga do‘ppi kiygizdi.
Yolg‘iz o‘g‘ildan borini ayamadi.
Qo‘li sandiqda bo‘ldi.
Ko‘zi ostonada bo‘ldi.
Askardan qaytmish o‘g‘ildan darak bo‘la bermadi.
Shunda, momo ko‘ngliga tahlika tushdi. Chin-da, yo‘l azobi — go‘r azobi. Yo‘lda nimalar bo‘lmaydi.
Cholini otlantirib, yo‘lga chiqarayin, dedi.
Choli qirda yotib arpa o‘radi. Ikki-uch kunda o‘roqchilarga suv olib borish uchun bir kelib ketadi.
Bechora choli hali eshitmadi. Eshitsa, ot qo‘yib keladi.
Xumor momo qo‘lini qoshi uzra soyabon qildi. Choli arpa o‘rmish qirga qaradi. O‘g‘li kelmish Denov yo‘liga qaradi.
Intiho, askar keldi.
Xumor momo ko‘chaga chiqar bo‘ldi. Kalishini izladi. Tegrasiga alangladi. Topolmadi. Yalang oyoq chiqqani ep bo‘lmadi.
Bu, suyunchixo‘rlar ishi ekanini bildi. Kulib tura berdi. Kalishini so‘rovchi bo‘ldi.
Tevarakda yurmish hamsoya-qo‘llar, xesh-taborlar yelka qisdi.
Hovli darvozasi oldida turmish Mardon juvozkash aytdi:
— Suyunchisiga biror nima atamasangiz, kalishingiznida bermayman, darvozanida ochmayman. A? Yo‘q, Mardon juvozkash borning bolasi, mayda-chuydalarga uzatgan oyog‘inida yig‘maydi, ha!
Juvozkash darvozani ichidan zanjirlab oldi. Darvoza tirqishidan odamlar qora berdi.
O‘g‘li ostonadaligini ko‘rmish momo, endigi ataydigani oxirgi suyunchi ekanini bilmish momo, uch yildan buyon o‘g‘lini sog‘ina berib, yurak-bag‘ri ezilib yurmish momo, yo‘qchiliginida esidan chiqarib qo‘ydi. Qisir qolmish molini atab yubordi:
— Anavi molimni atadim, bor-e! — dedi. Shundan keyin juvozkash qo‘ynidagi kalishni momo poyiga olib kelib qo‘ydi.
Momo kalishni oyog‘iga yo‘l-yo‘lakay ildi. Darvozaga talpindi.
Juvozkash darvozani ochdi.
Ostonada askar turdi.
Momo o‘zini o‘g‘li bag‘riga tashladi. Yuzini o‘g‘li bag‘riga bosdi.
Askar momoni quchoqlab oldi. Bir-ikki marta yerdan ko‘tarib oldi.
— Raz-raz-raz! Tы poxudela, mamashka, da! Nu, starost — ne radost! — dedi.
Momo beli zirqirab ketdi. Ammo tevarakdagilarga sir bermadi. Dardi ichida bo‘ldi.
O‘g‘li qilig‘ini sog‘inishga yo‘ydi.
Yuzlarini o‘g‘li ko‘kragidagi nishonlarga suykadi, ho‘ngrab yig‘ladi.
Askar onasini yupatdi:
— Nu, mamasha, nu, xvatit! — dedi. Askar, boshi uzra sochqilar sochildi. Bolalar sochqi terdi.
Askar sochqilar ostida ichkariladi.
Odamlar davra bo‘ldi. Hol-ahvol so‘ra-so‘ra bo‘ldi.
Askar bosh irg‘adi. Lo‘nda-lo‘nda javob berdi:
— Da! Nichego! Spasibo!
Askar davraga alangladi. Onasidan so‘radi:
— Mamasha, gde papasha?
Xumor momo davraga jovdirab qaradi. O‘rischani chala-chulpa bilong‘ich juvozkash tilmoch bo‘ldi.
— Otasini so‘rayapti, xola, — dedi.
— Ha-a, otangmi? Qirga arpa o‘roqqa ketib edi. Hali-zamon kelib qoladi.
Askar bosh irg‘adi:
— Arpa o‘rganskiy-da? Nichego, pridyot! — dedi. Xumor momo o‘g‘li poyqadamiga osh berdi.
— To‘y otasi qirdan qaytganda bo‘ladi, — dedi.

2

Askar ertalab badantarbiya qildi. Beligacha yalang‘och bo‘ldi. Hovlini aylanib chopdi. Oyog‘ini ko‘tardi, bebilchagini peshonasiga tekkizdi. Qo‘llarini yerga tiradi. Yotdi-turdi, yotdi-turdi.
— Raz-dva-tri!.. Jivo, serjant Orziqulov! — dedi. Kun terak bo‘yi bo‘ldi.
Askar xolasi do‘pposday o‘g‘lini ergashtirib keldi. Askar xolasiga peshvoz yurdi. O‘ng qo‘lini chakkasiga qo‘ydi.
— Serjant Orziqulov! — dedi. Ko‘rishish uchun xolasiga qo‘l uzatdi.
Xolasi askar qo‘lini emas, o‘zini bag‘riga oldi. Askar jiyaniga qarab qo‘lini chakkasiga qo‘ydi.
— Serjant Orziqulov! Kak tvoya imya? Bahrom? Znachit, Borya, da? — dedi.
— Yo‘q, Bahrom, — dedi jiyan.
— Net, Borya! Bahrom, otstaloye imya! Borya sovremennaya! Ryadovoy Borya!
Jiyan, tog‘a bo‘lmish gapiga tushunmadi. Onasiga jovdirab qaradi.
Onasi oraga tushdi.
— Jiyaningiz hali askar bo‘lmadi. O‘zbekcha gapirmasangiz, tushunmaydi, — dedi.
— Nu-nu, pora znat, pora!
Askar chalqancha yotdi. Oyoqlarini chalishtirdi. Barmoqlari bilan ko‘kragiga chertdi. O‘zicha xirgoyi qildi:
— Ay lavyu, ay lavyu… Ya vas lyublyu, ya vas lyublyu…

3

Kun oqqanda askar otasi qirdan enib keldi.
Otini darvoza oldida qoldirdi. Qamchini belbog‘iga qistirdi.
Ichkari ravona bo‘ldi. Kulimsib-kulimsib qadamladi, quchog‘ini ochib-ochib qadamladi. O‘zicha gapirib-gapirib qadamladi.
— Qani, askar kelibdi-da, qani…
Askar otasiga peshvoz yurdi. Qo‘llarini boshi uzra yoydi.
— O, papasha, zdorovo! — dedi. — Skolko zima, skolko vesna!
Otasi quchoqlashib-quchoqlashib ko‘rishdi. Shu o‘zimning o‘g‘limmi, demishday, askarga qarab-qarab qo‘ydi.
Otasi jonliq so‘ydi.
Qarindosh-urug‘lar, gapga yetarlar uchun to‘y qilib berdi.
O‘g‘li oyoq olishi bilan gaplaridan ulay-bulay izza bo‘lmadi.
Mayli, hali-hozir askarlik havosi bor. Keyin-keyin o‘ziga keladi, deya o‘yladi.
Ammo askar o‘ziga kelmadi.
Mo‘ysafid otasi toqati toq bo‘ldi, otasi yorildi:
— Ulim, erta birov aytgan ekan, otangni ko‘rdim — ahmadi forig‘, enangni ko‘rdim — tovoni yoriq, deb. Otang shul, enang shul, qo‘y endi, o‘z tilingda gapir.
— Nu, dayosh, papasha, dayosh!
— Men-ku, chala-chulpa bilaman. Qizil askar bo‘lib, o‘ris oshnalarim bilan tillasha berib, picha bilib olib edim. Lekin enang bechora manavi qishloqdan narini bilmaydi. Tilingga tushunolmay qiynalyapti.
— Nu, papasha, pora znat!
Otasi nima qilishini bilmadi. O‘y surib qoldi.
Otasi bir vaqtlar Denov, Termizlarda qizil askarlik mashqini olib edi. Mana shu yerlarda Sovet hokimiyatini barpo etish uchun qo‘ltig‘iga to‘pponcha osib edi.
Unda manavi mishiqi po‘rim onasi qornida yo bor edi, yo yo‘q edi. Bu o‘zi, kimga po‘rimlik qilyapti?
Otasi zardasi qaynadi. Ko‘ylagini ko‘tardi. Chap biqinida hamon saqlanib turmish ajabtovur izlarni ochdi.
— Ay serjant, sen o‘zi kim bilan gaplashayotganingni bilyapsanmi? — dedi. — Men nagan taqib, Sovet hokimiyatini o‘rnatganimda qayerda eding? Enangning qornida, otangning belida eding! Ishonmasang, mana, nagan izi haliyam turibdi, mana!
— Ya uzbekskiy yazыk ne ponimayu!
Otasi u dedi, bo‘lmadi, bu dedi, bo‘lmadi. Askar gap korlamadi.
Otasi, shu chindan o‘z o‘g‘limmi, yo, boshqa birovmi, demishday askar uyog‘idan qaradi, askar buyog‘idan qaradi. Aniq bir gapga kelolmadi.
Keyin, shu o‘z o‘g‘lim ekani yo haqqost chin bo‘lsin, yo yolg‘on bo‘lsin, deya askar quloq-chakkasiga tars etkizib bir soldi.
Askar bunday zarbni kutmab edimi, yo, eski qizil askar mushti o‘zi shunday bo‘ladimi, ishqilib, yonboshiga gup etib tushdi. Unsiz, jingak bo‘lib yotdi.
Otasi askarni yoqasidan ushlab turg‘izdi. Endi bu chakkasiga solmoqchi bo‘ldi.
Askar otasi niyatini payqadi shekilli, hovlini aylanib qochdi.
— Voy enajon, o‘ldim-e! — deya baqirdi.
Otasi belbog‘idagi qamchini oldi. Yalang oyoq bo‘lib askar quvdi.
— Enag‘arning bolasi, to‘xta deyman! — deya zug‘um qildi.
Askar o‘qday uchdi. Oshxonaga kirib bordi. Qozonni aylanib chopdi. Onasi ketiga panaladi.
— Enajon, otamni ushlang! Jon ena, ushlang! — deya yolvordi.
— Qo‘rqma-e, indamaydi!
— Indaydi, siz ko‘rmadingiz, uje bitta yedim! Qo‘lidagi qamchini oling, enajon!
Otasi zug‘um qildi:
— Ushlama meni, enasi, ushlama! — dedi. — Enag‘arni bir qamchi ostiga olayin!
Onasi oracha qildi.
— Qo‘ying, endi qobil askar bo‘ladi, — dedi. — Ayt, qobil askar bo‘laman, de.
— Endi qobil bo‘laman, jon ota!
— Ha-a, enag‘arning askari, tiling bor ekan-ku!
— Bor, mana, bor!

4

Shunday qilib, askarga til bitdi. Askarlik kiyimlarini tashladi. O‘z kiyimlarini kiydi.
Bir erta otasi ovozidan uyg‘ondi.
— Serjant Orziqulov, buyoqqa bir qarang! — dedi otasi.
Askar hadahalab kiyindi. Otilib bordi. Uyquli ko‘zlarini uqaladi. Otasiga jovdirab qaradi.
— Serjant Orziqulov, bet-qo‘lni yuvib farishtali bo‘lib keling, muhim topshiriq bor!
Askar chopqillab borib, chopqillab keldi. Otasi askarni og‘ilxonaga ergashtirib bordi. Mol tappilarni ko‘rsatdi.
— Manavilar nima, serjant Orziqulov? — dedi. — Ha, yashang, tappi! Endi, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, serjant, tirikchilik, ha, tirikchilik! Bilasiz, tappi qishda ko‘p yaxshi o‘tin bo‘ladi. Qishning g‘amini yozda ye, degan! Endi, yengni bilakkacha turib, tappi yopganskiy, ha!
Askar tappilarga qaradi. Ko‘ngli o‘ynadi. Bir, tappiga qaradi, bir, otasi qo‘lidagi qamchiga qaradi.
O‘lmayinning kunidan bilaklarini turdi. Avaylabgina enkaydi. Tappiga qo‘l urdi.
Ko‘ngli o‘ynagandan-o‘ynadi. Ko‘zlarini chirt yumdi. Tag‘in ochdi. Yelkasi osha otasiga qaradi.
Otasi qaqqayib qarab turdi. Otasi qamchi o‘ynatdi.
Askar taqdirga tan berdi. Tag‘in ko‘zlarini yumdi. Tappini kaftlariga oldi. Devorga qulochkashlab tappi yopdi.
Shunda, devordagi qator tappilarda botib yotmish onasi panja izlariga ko‘zi tushdi.
— Ha, bali, serjant Orziqulov, gap bunday bo‘pti-da! — dedi otasi. — Enangizning qo‘lidan bir ishni oladigan bo‘ldingiz!
Bir oqshom otasi masalani ko‘ndalang qo‘ydi:
— Mana, mehmonligingizda qaridi, serjant Orziqulov. Keldi-ketdilarda siyraklab qoldi. So‘ramoqdan ayb yo‘q, endi kim bo‘lmoqchisiz?
Askar harbiy xizmatdan qaytib, ijroqo‘m raisi bo‘laman, deya niyat qilib edi. Ana shu niyatini aytish uchun tili aylanmadi, yelka qisib qo‘ya qoldi.
Otasi bo‘lari gapni aytdi:
— Bilmaganskiy-da? Unda, bizniki bilganskiy! Manavi zarang tayoqni olib, orqamdan yurganskiy! Serjant Orziqulov poda boqqanskiy!
Askar angrayib qoldi. Og‘zi ochilib qoldi.
Otasi bir o‘qraydi.
Askar dirk etib joyidan turdi.
— Yest, poda boqqanskiy! – dedi.
Shu kundan e’tiboran askar chakana cho‘pon bo‘ldi.
Adirda uzun kun chakana mol boqdi.
Avval-avval ko‘nika olmadi. Qayerlargadir, xususan, askar bo‘lmish joylariga ketib qolgilari keldi.
Keyin-keyin adirlarga o‘rgana bordi. Adirlarsiz zerikdi. Adirlarsiz kuni o‘tmadi.
Oqshomlari uyma-uy yurdi. Oshi halol yig‘di.
Boshi ikkita bo‘ldi.
Ketma-ket ikkita qiz ko‘rdi.

5

El askarni serjant Orziqulov deyishini qo‘ymadi.
Hazil-mutoyibachilar to‘y-gashtaklarda serjant Orziqulov askardan qaytib kelib gapirmish gaplarini gapirib berdi. Qiliqlarini qilib ko‘rsatdi.
El xandon otib kuldi.
Bolalar serjant Orziqulov bo‘lib gapirishdi, serjant Orziqulov bo‘lib ko‘rishib-so‘rashdi, serjant Orziqulov bo‘lib tappi yopdi.
El qah-qah urib kuldi.
U, serjant Orziqulov bo‘lib qoldi.

6

Shunda… shunda, urush boshlandi.
Serjant Orziqulov urushga ketdi.
Urushdan eson-omon qaytdi.
Tevarakka olazarak boqdi.
Otasi bechora rahmatlik bo‘libdi.
Gul deb atalmish bir dard ikkita qizinida olib ketibdi.
Cholidan ayrilmish onasi bilan farzandlaridan judo bo‘lmish ayoli mung‘ayib qolibdi, g‘arib bo‘lib qolibdi.
U urushdan ajabtovur bo‘lib keldi.
Miq etmadi. Olis-olislarga termuldi.
Qarindosh-urug‘ bolalari ko‘ksidagi orden-medallarga qo‘l tekkizib ko‘rdi.
— Bularni qayerdan oldingiz? — deya surishtirdi. — Urushga borsak, biz ham orden olib kelardik, — dedi.
Shunda, serjant Orziqulov qirg‘inbarot kunlardan bor-yo‘g‘i bir marta gap ochdi:
— Urushning oti o‘chsin, bolam, — dedi. — Sizlar so‘ramanglar, men aytmayin. Bundaychikin ohangjamolarni men taqdim, sizlarga taqish nasib etmasin…
Kolxoz raisi serjant Orziqulovni yaxshi-yaxshi ishlarga qo‘ymoqchi bo‘ldi.
Ammo serjant Orziqulov rad etdi. Tag‘in o‘z podasini so‘radi.
Ikki yilda farzand ko‘rdi.
Bunisida qiz bo‘ldi.
Qiz bo‘lsada umri bilan bo‘lsin edi, bunisida ketdi.
To‘rtinchisi o‘g‘il bo‘ldi.
Xumor momo nevarasi uchun ism o‘yladi.
Aqllarga maslahat soldi. Oq-qorani taniganlarga kitob ko‘rdirdi.
Olis o‘yladilar.
O‘ylamay bo‘ladimi, ketma-ket uchta farzand ketdi!
Oxir-oqibat, hayot sohibi bo‘lsin, hayotda tursin, deya Tursun deb ism qo‘ydilar.
Ota-ona orzusi bajo bo‘ldi.
Tursun hayotda turdi.

7

Yolg‘iz o‘g‘il Tursun bir oyog‘i maktabda bo‘ldi, bir oyog‘i adirda bo‘ldi.
Maktabdan keyin bir qo‘yniga non soldi, bir qo‘yniga kitob soldi. Otasi oldiga bordi.
Toshga cho‘nqayib kitob o‘qidi. Ovoz qo‘yib kitob o‘qidi.
El ta’biri bilan aytmish, Tursun g‘azalxon bo‘ldi.
Bayram, to‘y-ma’rakalarda she’r o‘qidi.
Maktab kutubxonasi kamlik qildi. Tumandan dasta-dasta kitob olib kelib o‘qidi.
Sandiq osti bilan deraza tokchalari kitobga to‘ldi.
Adabiyot muallimi Tursunning she’riy daftarini ko‘rib berdi. Bir-ikkitasini tuman ro‘znomasida chiqarib berdi.
Yolg‘iz o‘g‘il dovrug‘i dong taratdi.
El o‘ylab qoldi: otasi bor-yo‘g‘i podachi bo‘lsa, o‘g‘li qanday qilib bayt yozadi?
Javobini otasidan so‘radi:
— Serjant Orziqulov, ulingizga nima berib boqyapsiz?
— Shu, biz nima yesak, uyam shuni yeydi.
— Unda, qanday qilib bayt bityapti?
— Shunga hayronman. Shuncha bo‘y-bastim bilan men bayt bitolmayman, bu enag‘ar bityapti.
Bir oqshom serjant Orziqulov o‘g‘li yotajak uyga ohista kirib oldi.
Devorda rangtasvirlar ilig‘lik bo‘ldi, qalamtasvirlar ilig‘lik bo‘ldi.
Tasvirlarda turfa gullar, qorli tog‘lar, jonivorlar bo‘ldi.
Bir saman yo‘rg‘alab yurdi. Bir bo‘z yollari hilpirab-hilpirab yeldi. Bir jiyron olis-olislarga termulib kishnadi. Ikkita qora to‘riq old oyoqlarini ko‘tarib, tumshuqlarini tumshuqlariga tekkizib iskashdi…
“Otga moyilli bo‘libdi. Esaysin, ot olib beraman”.
Serjant Orziqulov shunday niyat qildi.
Derazada taxloqliq daftarlarni varaqladi.
O‘g‘li shularni o‘z ichidan chiqarib bitdimi, yo, biror kitobdan olib bitdimi, bilolmadi.
Daftarni varaqladi-varaqladi, tag‘inda ajablandi…
Daftarda bir qiz rasmi bo‘ldi. Qiz xushro‘ygina bo‘ldi. Yelkasida guldor ro‘mol bo‘ldi.
Rasm ostida husnixat bo‘ldi.
“Shu qiz uchun bitilmish bayt bo‘lsa ajab emas”.
Serjant Orziqulov shunday o‘yladi.
Ayolini chaqirdi. Qizni ko‘rsatdi.
Ayoli qizga bot-bot tikildi.
— Tanimadim, — deya yelka uchirdi.
Ayoli o‘zida yo‘q xushvaqt bo‘ldi.
Yolg‘iz o‘g‘li uyg‘onibdi! Bir qizga, kim bo‘lsa-da, bir qizga ko‘ngil qo‘yibdi! Bir qiz bilan ko‘ngil olib, ko‘ngil beribdi! Yolg‘iz o‘g‘li suyukli bo‘libdi!
O‘g‘li maktabni bitirsin. Nasib bo‘lsa, shu qizni kelin qiladi!
Uch birday qizni qora yerga berdi. Nasib bo‘lsa, shu qiz kelinda bo‘ladi, qizda bo‘ladi!
Serjant Orziqulovningda bir quvonchi ikki bo‘ldi. Orzusi ezgu bo‘ldi.
Nasib bo‘lsa, o‘g‘lini vaqtli uylantiradi. Yolg‘iz o‘g‘il erta uylansa, erta farzandli bo‘ladi. O‘zidan-o‘zi ko‘payadi, o‘zidan-o‘zi unib-o‘sadi. Farzandlari otasiga yo‘ldosh bo‘ladi, bobosiga nevara bo‘ladi.
Ota-ona orzu-havasi hamisha ezgu bo‘ladi.
Ammo hayot hamishada ota-ona orzu-havasiga esh bo‘la bermaydi.
Hayot boshqa, orzu-havas boshqa.

8

Tursun maktabni bitirdi. Kiyimlarini jomadon joyladi. Gap yo‘q, so‘z yo‘q, o‘qishga jo‘nadi. Onasi og‘rindi.
Urushda qon kechmish otasi o‘g‘lini qo‘llab-quvvatladi. Qo‘liga pul berdi. Xush-xushvaqt o‘qishga jo‘natdi. Bot-bot tayinladi:
— Ulim, biz o‘qiyolmadik, endi, sen o‘qi. Zamon o‘qiganniki bo‘lib qoldi. Birdan-bir tilagim, otang kim, enang kim, shuni unutmasang bo‘ldi…
Tursun o‘qishga kirib keldi.
Ta’til ketidan ta’til o‘tdi.
Tursun o‘sib-ulg‘aydi.
Yuzlarida uchli nimalar toshib yotib edi. Yonoqlarini g‘adir-budur nimalar bosib yotib edi. Yonoqlari qo‘ng‘irtob qora edi.
Bir g‘animi yonoqlarini qotib yotmish tappiga qiyosladi. Bir g‘animi yonoqlarini chalmaga qiyosladi.
O‘zi oynaga qaradi-qaradi-da:
— Yo‘q, bular shunchaki kirlar, — dedi. Tursunqul yuvina berdi-yuvina berdi. Yonoqlaridagilar ketdi. Yuzlari silliqqina bo‘ldi.
Ajabtovur kiyimlar kiyadigan bo‘ldi.
Papirosni lablari chetiga qistirib yuradigan bo‘ldi.
Gugurtni tashladi, yondirgich tutdi.
Juzdoni betiga ayollar tasvirini yopishtirib oldi.
Oyoq liboslari tovoni ko‘tarildi.
Sochiga soch qo‘shildi. Quloqlarini yopdi.
Palovni qoshiqda yeydigan bo‘ldi.
Bir to‘yda “Modern toking” deya atalmish guruh ashulasini xirgoyi qilib o‘ynadi.
Ko‘pni ko‘rganlar miyig‘ida kuldi.
— Otasiga tortibdi, — dedi.

9

Tursun tong saharlab uyg‘ondi.
Bet-qo‘lini yuvmasdan do‘konchaga chopdi.
Ammo do‘koncha hali yopiq bo‘ldi.
U do‘koncha oldini olib turdi.
She’ri chop etilmish ro‘znomadan o‘nta oldi!
Qaytimiga qaramadi. Ro‘znomalarni qo‘ltig‘iga qisib chopdi.
Bir ro‘znomani qo‘liga oldi. Tag‘in, biror misram tushib qolmadimikin, degan tashvishda she’rini yo‘l-yo‘lakay o‘qidi. Hijjalab o‘qidi.
Xayriyat, misralari tugal bo‘ldi.
Ijarasida eshikni ichkaridan qulfladi.
She’rlarini chalqancha yotib o‘qidi, tik turib o‘qidi, o‘tirib o‘qidi.
Tursun o‘zini katta shoir his etdi.
Ro‘znomadagi rasmiga tikildi. O‘zini… XIX asr buyuk pyuirlariga qiyosladi.
“Yo‘q, o‘xshamaydi. Buyuklar soqol qo‘yadi. Buyuklar sarxonali mundshtuk chekadi”.
Chin, qadimgi ulug‘lar soqoli bor, sarxonali mundshtugi bor.
Nimaga endi Tursun soqol qo‘ymaydi? Mundshtuk chekmaydi?
Odamlar soqolini qirtishlab yuradi. Odamlar papiros chekib yuradi. Yura bersin! Odamlar kim bo‘libdi? Jaydari xalq-da!
Yo‘q, jaydari xalkdan farq qilmoq lozim…
Tursun soqol qo‘ydi. Tursun sarxonali mundshtuk oldi.
Tursun ism-sharifini pichirlab aytdi: Tursun Orziqulov!
Ismi sharif deganida shuncha uzun bo‘ladimi! Yana-tag‘in jaranglamaydi! Shoirlar ismi sharifiga o‘xshamaydi!
O‘zi, ismi ma’nosi nima? Tursun, o‘tirsin, yotsin… Shuyam gap bo‘ldi-yu!
Tursun o‘z ismi sharifidan… oriyati keldi. Ota-bobosi otidan… uyaldi!
O‘ziga shoirona nom topishni o‘yladi.
Necha-necha taxalluslar topdi. O‘ziga yoqmadi.
Oxiri, tarixdan kelib chiqdi. O‘zini Pahlavon Daho deb atadi.
Pahlavon Daho!

10

Bir ta’tilda ota-onasi Paxlavon Dahoni uylantirmoqchi bo‘ldi.
Daho oyoq tiradi. O‘qishni o‘rtaga soldi.
— Hali yoshman, — dedi. Ammo asl boisini aytmadi. Ota-ona niyati qat’iy bo‘ldi.
Onasi ko‘ziga yosh oldi. Tavallo qildi.
Oxiri Daho ko‘ndi.
“Mendan nima ketdi, bir o‘ynab qolay. O‘qish bitguncha kim bor, kim yo‘q”, dedi.
Ota-ona qarindoshlari qizini kelin qilmoqchi bo‘ldi:
— O‘zimizniki yaxshi-da, yolg‘izgina bolamiz bo‘lsa… Daho o‘sha daftardagi qizni aytdi:
— Olsam, o‘shani olaman, bo‘lmasa yo‘q! – dedi. Ota-ona yolg‘iz o‘g‘il ko‘ngliga qaradi.
To‘y bo‘ldi.
Kelin ota-ona oldida qoldi. Kuyov boshoqoyda o‘qishiga qaytdi. Bayram, ta’tillarda kelib-ketib turdi. Bir o‘g‘il, bir qiz ko‘rdi. O‘qishlar bitdi.
Daho o‘z viloyatiga ishga yuborildi. Daho shaharda qolmoqchi bo‘ldi. Shaharda qolish uchun pinhona urinib ko‘rdi.
Ammo ish masalasi qiyin bo‘ldi.
Daho ichini it tirnadi.
Ongsiz qoldi. Qishlog‘iga qaytib bordi.
O‘zi o‘qib-ulg‘aymish maktabda o‘qituvchi bo‘ldi.

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.