Sodiq Norboyev. U (esse)

Kech bahorning bu tuni qop-qorong‘i bo‘lsa-da, ko‘nglimda o‘zim ham tushunib bo‘lmaydigan sirli surur hukmron edi. Tashqarida shovullab yomg‘ir yog‘ar, men deraza oldida turgancha katta-kichik tomchilarning oynaga urilib-chertilib pastga oqib tushishini yosh boladek zavqlanib tomosha qilardim. Chiroq yorug‘ida akslanib, jilvalanayotgan deraza oynasini o‘ksib-o‘ksib ko‘z yosh to‘kayotgan sohibjamol bir qizga o‘xshatib, azboroyi ko‘nglimga o‘tirganidan bu mengzashimni yon daftarimga yozib qo‘yishni o‘ylab qo‘ydim.
Xizmat safari bilan avvallari ham bu mehmonxonaga bir necha bor kelgan edim va har gal bu yerdagi sirli bir osudalik meni o‘ziga tortardi. Shahar shovqini va ishdagi odatiy holatlardan bezib, tinchlikni qo‘msaganim uchun bu gal ham ana shu qo‘nalg‘ani o‘zimga makon qilib tanladim. Men xotirjam ko‘rinar edim, ammo xayolimda bu tun, bu kecha butun hayotimni o‘zgartirib yuboradigan nimadir sodir bo‘ladigandek tuyulardi.
Birpasdan keyin yomg‘ir to‘xtadi, borliqqa farahli bir sukunat cho‘kdi. Dumalab-dumalab tushayotgan oxirgi tomchilarni kuzata turib, beixtiyor deraza oynasida parishon bir holda turgan O‘ZIMni ko‘rib qoldim. Oynada sochlari ancha-muncha to‘kilgan, keng peshonada uch-to‘rtta ajin uzun va chuqur chiziq tortgan, yuz-ko‘ziga mulohazali kishi nuqsi urgan MEN turar edim. Avvaliga hayrat, keyin esa vahima aralash oynadagi o‘zimga tikildim, afsus chekkan kishi bo‘ldim, keyin esa hammasini birdan esladim.
…199… yilning avgust oyining issiq bir kunida “dars berishi juda yaxshi” deb maqtalgan qo‘shni tumandagi maktab-internetga yo‘l oldik. Men o‘shanda endi beshinchi sinfni tugatgan edim. Uydan ko‘p chiqmaganim uchun avvaliga olis bir joyda o‘qish juda qiziqarli va ayni paytda g‘aroyib bo‘lib tuyuldi, shuning uchun bo‘lsa kerak, yo‘lda ketishda har bir narsani zavq bilan tomosha qilib bordim. Ammo akam bilan hujjatlarni topshirib bo‘lgach, direktorning gaplarini eshitib birdan shashtim so‘ndi, gapning ochig‘i, meni umidsizlik aralash vahima bosdi. Chunki bu yerda kamida bir oy uyga bormasdan, yotoqxonada yotib o‘qishga majbur ekanman. Ko‘z oldimga hovlining toshdevoriga suyangancha daraxt­larga qarab turgan otam, tandir oldida kuymalanib yurgan enam, opa-akalarim, uyimiz, qishloqdoshlarim, oshnalarim, hatto soyada boshini ko‘tarmasdan faqat uxlaydigan oqto‘sh itimizgacha ko‘rinib ketdi, hujjatlarimni shunday olib qaytib ketgim keldi. Lekin sinfdoshlarimga kuni kecha shaharda o‘qimoqchi bo‘lib maqtanganimni, endi qaytib borish uyat ekanini o‘ylab indamasdan akamga ergashdim.
Odam yo‘qligi tufayli tumanimizga ketadigan avtobusning jo‘nashini ancha kutishga to‘g‘ri keldi. Zerika boshladim. Bir payt bu yerga qora-qura bola-chaqalarini ergashtirib besh-oltita lo‘li ayol kelib qoldi. Ular o‘z tillarida chug‘ur-chug‘ur qilishib, bizdan bitta nari o‘rindiqqa o‘tirishdi. Qiziq, ulardan biri, qo‘lida chaqalog‘i bor yoshgina kelinchak sal fursat o‘tmasdan biz tomonga tez-tez ko‘z tashlab qo‘ya boshladi. Yoshi kattaroq qishloqdoshlarimizning “Lo‘li xalqi kashmiri bo‘ladi, aldab-suldab odamlarning borini qoqib oladi” degan gapini eslab hushyorroq bo‘lishga harakat qildim, akamni ham ogohlantirmoqchi bo‘lganday turtib qo‘ydim.
Avtobusning jo‘nashini kutib yana ancha o‘tirdik. Bu orada haligi lo‘li kelinchak biz tomonga kamida o‘n-o‘n besh marta qaradi, keyin esa to‘satdan irg‘ib o‘rnidan turdi va to‘g‘ri mening oldimga keldi. U, biz kutganimizdek, sadaqa so‘ramadi, baxtimdan fol ochishini aytib, ko‘zimga qarab turaverdi. Akam ham menga o‘xshab lo‘li ayoldan shubhalangani uchun qo‘rs ohangda uni haydaganday bo‘ldi, u unayvermagach, oxiri do‘q-po‘pisa ham qildi. Lo‘li kelinchak bu gaplarning birortasiga ham parvo qilmasdan ko‘zimga tikilgancha bir muddat turdi, keyin esa deyarli pichirlagan ohangda “U sening hayotingga o‘zing bilib-­bilmagan holda kirib keladi, hayotingdan chiqib ketishda ham xuddi shunday bo‘ladi” dedi va shu gaplarni aytgach, shartta burilib sheriklarining oldiga qaytdi. Men hayronu lol edim, akam esa yupatmoqchi bo‘lgandek: “E, bu aytaveradi”, deb qo‘ydi.
Endi o‘ylasam… U, chindan ham, hayotimga o‘zim bilib-bilmagan holda kirib keldi. Qachon, qaysi paytda kirib keldi, buni vaqti bilan aytolmayman, ammo shunisi aniqki, U juda tez fursatda eng yaqin hamrohimga, sirdoshimu dildoshimga aylandi. U doimo xursand yurar, hamma narsaga beg‘uborlik ko‘zi bilan boqar, meni ham hech qachon xafa qilib qo‘ymaslikka intilar, bu bilan hayotga mehr-muhabbatimni yanada oshirardi. Hamisha men bilan birga bo‘lib orzu-havaslarimga qanot berar, intilishlarimni qo‘llab-quvvatlardi. Ayrim paytlari noto‘g‘ri ish qilganimda yonimdagilar aybni unga to‘nkashganda jimgina indamasdan bo‘yniga olardi. Hozirgina aytganimdek, U doimo menga dalda berardi, buni men yetmish ikki tomirimda ham his qilardim va ruhlanib, osmon-osmon orzular bilan yurardim.
Talabalik yillarida ham U bilan eng shirin, eng yodda qolarli damlarni boshdan kechirdik. Men ba’zan darslarga bormagan paytlarimda yoki saboqdoshlarim bilan ulfatchilik qilganimda, ayniqsa, kursimizdagi chiroyli qizlardan biri bilan ko‘proq gaplashib qolganimda U mendan arazlagan kishi bo‘lar, yolg‘iz qolgan paytlarim “qadrimga yetmayapsan” deganga o‘xshash iddaoli gaplarni aytib qolar, “Ha, endi davringizda o‘ynab-kulib turaylik”, degan hazil aralash kinoyali so‘zlarni aytganimdan so‘ng negadir maqtovdan eribmi yo bo‘lmasa o‘ziga maftun bo‘libmi, bilmayman, labiga tabassum yugurib, yuz-ko‘zi porlab ketar va darhol murosaga kelardi. O‘rtamizdagi bunday gina-kudrat, umuman olganda, ko‘pga bormas, bir-birimizni kechirib, darrov inoqlashib ketardik.
U bilan oramizdagi yaqinlik, dilkashu dardkashlik uylangunimga qadar davom etdi. To‘g‘ri, U to‘ydan keyin ham meni yolg‘iz tashlab qo‘ymadi, vaqtimni topdi deguncha men bilan hamnafas bo‘lishga intildi. Lekin, endi o‘ylab qarasam, turmush va hayot tashvishlariga o‘ralashib, avvalo, men Uni unutib, esdan ham chiqara boshlagan ekanman. Tirikchilik bilan bog‘liq muammolarim meni Undan, Uni esa mendan yiroqlashtirdi, biz borgan sari bir-birimizdan begonalashib, uzoqlashib ketdik.
O‘ttiz yoshga to‘lganda tug‘ilgan kunimni qadrdon og‘aynilarim bilan nishonlaganda U bilan yana bir esda qolarli holat yuz berdi. O‘sha kun to‘kin dasturxon atrofida, tabiiyki, sha’nimga iliq gaplar aytildi, qadahlar ko‘tarildi. Men, albatta, yaqinlarim davrasida bunday o‘tirganimdan juda xursand edim. Biroq ayni damda necha yillar davomida menga dildoshu sirdoshlik qilgan Uning ham yonimda bo‘lishini qattiq qo‘msayotgandim. Bir payt gurungimiz o‘z-o‘zidan talabalik yillaridagi voqealarga borib taqaldi, birimiz qo‘yib, birimiz olib, o‘sha damlarni xursandchilik va sog‘inish bilan esladik. Men uchun juda quvonarli bo‘lgani shuki, bu eslashlarda U ham ko‘z oldimda borligicha namoyon bo‘ldi, xotiramda bo‘lsa-da Uni qayta topganimdan juda-juda suyundim.
Oshnolarimni kuzatib, uyga kirayotganimda Uning mendan borgan sari begonalashib, uzoqlashib borayotganini og‘rinish bilan esladim, ko‘nglimdan “Hayot o‘zi shunaqa-da, kerak paytda bir yo‘qlaring topilmay qoladi”, degan iddaoli fikr “yalt” etib o‘tdi. Keyin esa yomg‘ir shivalab yog‘ayotgan qop-qora tunga tikilib turib U ning bundan buyog‘iga hech qachon qaytib kelmasligini, faqatgina qalbimda yashashini tuydim.
Adashmagan ekanman, chindan ham, shunday bo‘ldi. U eslasa entiktiradigan xotiralar bilan ko‘ng­limda yashay boshladi. Ba’zan tushlarimga kirar, yuz-ko‘zlarida hali-hanuz samimiylik va beg‘uborlik ufurib turardi. Biror marta ham Uni mahzun bir qiyofada ko‘rmadim. U sho‘x-shodon kular, shirin jilmayar, yengil va nafis harakatlar bilan o‘zining go‘zalligini namoyon etar edi. Yaqinlashmoqchi bo‘lsam uzoqlashar, uyqudan turgach esa, sog‘inchli bir qo‘msash bilan Uni eslar edim.
Bu eslashlar, bu qo‘msashlar meni bir qiz bilan tanishtirib, uni yaqin qadrdon sirdoshimga aylantirdi. Bu qizni birinchi bor ko‘rganimdayoq chaqnab turgan qop-qora ko‘zlariga, qayrilma qoshlariga qarab beixtiyor Uni esladim va ayni o‘sha lahzalarda qalbimni o‘zim ham tushunib bo‘lmaydigan noma’lum, ammo yoqimli bir his qoplab oldi. O‘sha kuni bir og‘iz ham gaplashishning iloji bo‘lmadi, ko‘nglim simillab ishxonamga qaytdim. Ammo taqdirni qarangki, oradan ikki kun o‘tib haligi qizni ishxonamiz katta zalida, yolg‘iz o‘zi xayol surib o‘tirganida uchratib qoldim. Bir muddat jim qotdim, yonidan o‘tayotib beixtiyor eski tanishlardek “Yaxshimisiz?” deganday bosh silkib qo‘ydim va undan ham shu taxlitdagi ishorali javobni olib yuragim gupurib ketdi. Keyingi kunlarda ham uni shu yerda uchratdim, bir martasida sal dadillik bilan “Yaxshimisiz?” dedim, u ham shirin jilmayib yaxshi ekanligini qo‘ng‘iroqdek, nafis ovozi bilan menga bildirdi. Shu kuni biz u bilan yanada yaqindan tanishdik, keyin esa juda inoqlashib ketdik. U ham menga “Sizni qayerdadir ko‘rganman”, dedi, men ham chin dildan shu gapni aytardim (aslida ham shunday edi), ikkalamiz ham bundan hayron qolardik, eslashga urinib ko‘rardik, taajjub­lanardik, kulardik, izohini esa topolmasdik. O‘rtamizda muhabbat ham deb bo‘lmas, ammo juda samimiy, iliq bir munosabat paydo bo‘ldiki, bora-bora biz bir-birimizga… o‘rganib qola boshladik. Men oilali edim, ko‘nglimdan boshqa bir nomahramga joy berishga hech qanday haqqim yo‘qligini juda yaxshi anglardim, o‘z navbatida, uning ham hayotimga suqilib kirish niyati yo‘q edi. Biz bir-birimizni so‘zsiz tushunardik, qadrlardik, imkon darajasida yordam berib, tirgak bo‘lishga harakat qilardik. Lekin baribir ich-ichimizdan bir-birimizni yaxshi ko‘rishimizni sezib turardik.
Bir kun yarim tunda uyg‘onib ketdim. Xonada xira nur taratayotgan tungi chiroqqa bir muddat tikilib o‘ylanib yotdim, uni ham xotirladim. Siqilib o‘rnimdan turib, deraza oldiga bordim. Kecha oydin, osmonda o‘n besh kunlik to‘lin oy suzib yurardi. Oyga qarab turib, yana uni esimga oldim, biroq bu ko‘pga cho‘zilmadi.
“Uyat, uyat, – dedi aqlga bo‘ysungan bir ko‘nglim. – Uch bolaning otasi bunday xayollarga berilib o‘tirishining o‘zi uyat”.
“Nimasi uyat bo‘lar ekan? – dedi ikkinchi ko‘nglim. – Ha, endi, hayotda bo‘p turadi-da”.
“Ha, bo‘p turadi, – dedi aqlim piching bilan. – Bo‘lib turadimish. Oxiri nima bo‘lishini esa men yaxshi bilaman. O‘zingni qo‘lga olmasang, hayoting izdan chiqadi”.
Bu gaplardan keyin qalbimni umidsizlik egalladi, beozorgina, pishillab uxlab yotgan bolalarimga qarab bu gaplarda jon borligini sezdim.
“Seni ham tushunaman, – dedi aqlim bir payt. – Sen hali ham Uni eslaysan, Uni qo‘msaysan. Uning endi sening oldingga hech qachon qaytib kelmasligini ham juda yaxshi bilasan. Hozirgi munosabatlaring ham Uni qo‘msash ekanini men ham juda yaxshi bilaman. Lekin tentak ko‘nglingning aytganlari bilan yursang, o‘hhu…To‘g‘risini aytsam, U bilan bu ishlarni qilsang juda yarashardi, lekin hozir kulgili holat. Shuning uchun esing borida etagingni yop”.
Men indamadim, sukut saqladim va aqlimning aytganlariga jimgina ko‘ndim. Keyin-keyin, “Nega shunday qildim?” deb o‘zimni ko‘p bora so‘roqqa tutdim, bu so‘roqning javobi esa har gal topilmasdan qolaverdi. Balki men o‘shanda, aqlim aytmoqchidek, hayotim izdan chiqib ketishidan juda qo‘rqqandirman, balki xudbinlik qilgandirman, bunisi haligacha qorong‘i, lekin shunisi aniqki, men o‘sha tunda “Bo‘ldi, bundan bu yog‘iga endi u bilan umuman gaplashmayman, ko‘rishmayman ham” degan qat’iy xulosaga kelgan edim va bu xulosam qizni yo‘qotish bilan tugashini aslo bilmagan edim. Gap shundaki, ertasi kun qizni zalda uchratmadim, bizdan bir qavat tepada joylashgan ishxonasiga o‘tib ham topolmadim. U yerdagilar men so‘ragan qizni hech qachon ko‘rmaganday yelka qisishib, tayinli bir gap aytishmadi. Mening ko‘nglim yana egasi tashlab ketgan eski uyday huvillab qoldi.
Shundan keyin ham o‘sha qiz haqida hech narsa eshitmadim. So‘ng bir psixolog do‘stim aytdiki, “Odam bir narsani qattiq sog‘insa, qo‘msasa, xayolidagi narsa hayotdagidek jonlanishi mumkin. Bu fanda isbotlangan”. Bilmadim, bilmadim. Bu qiz ham farishta misol suvrati bilan yodimda bir umrga muhrlanib qoldi.
Hayot davom etaverar ekan. Turmush, ishim tashvishlari bilan band bo‘lib, asta-sekin bu yo‘qotishga ham ko‘nika boshladim. Lekin Uni hech qachon yodimdan chiqara olmadim, balki vaqt o‘tgan sari Uni yanada ko‘proq eslaydigan bo‘ldim. Endi U tushlarimga borgan sari ko‘p kirar, yuz-ko‘zlarida hali-hanuz samimiylik va beg‘uborlik ufurib turardi. Biror marta ham Uni mahzun bir qiyofada ko‘rmadim. U sho‘x-shodon kular, shirin jilmayar, yengil va nafis harakatlar bilan o‘zining go‘zalligini namoyon etar edi. Yaqinlashmoqchi bo‘lsam uzoqlashar, uyqudan turgach esa sog‘inchli bir qo‘msash bilan Uni eslar edim…
Dumalab-dumalab tushayotgan oxirgi tomchilarni kuzata turib, beixtiyor yana Uni esga oldim, xo‘rsinish bilan entikdim. Keyin esa karavotim yoniga borib, sumkamni ochdim va ichidan suratlar solingan, doimo yonimda olib yuradigan fotoalbomni qo‘lga oldim. Oxirgi paytlarda Uni yodga olganimda men rasmlarga termulib-termulib, qayta-qayta qaraydigan odat chiqargan edim. Hayotimning U bilan bog‘liq eng shirin, ortga qaytmas damlarini eslatuvchi bu rasmlar turli suratkashlar tomonidan har xil holatlarda suratga olingan edi.
Mana, suratlarning birida oqquvadan kelgan, sochlari biroz hurpaygan, yuz-ko‘zlari chaqnab turgan navqiron yigit xiyol kulimsirab turibdi. Bu – menman, o‘n to‘qqiz-yigirma yoshning nari-berisidagi men. Rasmni tomosha qila turib lo‘li kelinchakning gaplarini yana bir bor esladim: “U sening hayotingga o‘zing bilib-bilmagan holda kirib keladi, hayotingdan chiqib ketishda ham xuddi shunday bo‘ladi”.
Shunday ham bo‘ldi. Sen hayotimga o‘zim bilib-bilmagan holda kirib kelding, Yoshligim! Endi esa istab-istamaganim holda meni tashlab, borgan sari uzoqlashib borayapsan, Yoshligim! Seni juda-juda sog‘inaman, ko‘nglimda yashayotgan bo‘lsang-da juda-juda qo‘msayman, Yoshligim!

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 8-son