Sobir O‘nar. Yuk (ertak-hikoya)

Sulton g‘aroyib tushlar ko‘rar edi. Misol, ko‘pincha dadasining va oyisining yelkasiga kimdir minib olganini ko‘rar, bu gal yalang oyoqli ikki odam ikkovining yelkasida o‘tirganini ko‘rib, birdaniga bu men emasmanmi, deb yubordi. U endi tuk bosa boshlagan oyoqlarni tanigan edi. Uyg‘onib ketdi. Biroq uyg‘onsa ham, shu holat ko‘z o‘ngida turaverdi. Garchi ota-onasi bazmi jamshiddan tunda kech qaytgan esa-da, erta turib bomdod namozini biri dahlizda, biri mehmonxonada ixlos bilan o‘qimoqda edi. Ikkita Sulton ikki yelkaga mahkam o‘rnashib, qo‘llari bilan ikkovining ham iyaklari ostidan qisib bo‘g‘ib olgan edi. Sulton onasining egnida buvisidan qolgan uzun etakli yashil ko‘ylakdan taralgan bir munis bo‘yni tuydi. Bir entikdi, ayni paytda bu hid buvimning oq chorsi ro‘molidandir deb ham o‘yladi, yo‘q, oyisi sochini o‘tkir hidli ajabtovur shampunda yuvgan, shu bois ro‘molning hidi u bilan qorishib ketgan edi.
Buvisi uni ayricha yaxshi ko‘rardi. Emishki, dadasi tug‘ilganida yarim oyni, bu nevara tug‘ilganida butun oyni tush ko‘rgan emish. Dadasi bolasining bo‘sh-bayovligidan nolib, ba’zan achchiqlanib tanbeh bera boshlaganida buvisi o‘g‘lini to‘xtatar, bu bolaning hali kelgusida katta martaba egasi bo‘lishini kuyunib uqtira boshlar, shunda ota tek turmay: ha, ko‘rib turibmiz, maktabni tuzuk-quruq yolchitib o‘qimayapti-ku; bundayligimda men oltin medal olaman deb harakat qilar edim, bu esa g‘irt savodsiz bo‘lib o‘syapti-ku; ertaga zo‘r odam bo‘lishi uchun hozir o‘qimaydimi, tentak desang – tentak emas, sog‘ desang – sog‘ emas; tavba, hali ko‘p kuydiradi bizni, derdi.
Otasi shunday kez o‘g‘lini urib yuborguday xezlanar, ammo qari buvisi uni bag‘riga olib atay erkalataverganini ko‘rib shashtidan tushar, bir ilinj istab nari ketar, kampir nevarasining barmoqlarini ushlab, uzunligini qara buning, barmog‘i uzun bola baxtli bo‘ladi, hali qarab tur, bu toychog‘im yigit bo‘lib yetishsa, hammang huzur-halovatini ko‘rasan, unda men bu dunyoda bo‘lmayman-da, derdi.
Ota o‘ylab qolardiki, rostdan ham, uzun barmoq egasi baxtli bo‘larmikan, deb. O‘zining dag‘al qo‘llariga qarab men baxtsizmanmi, agar baxtsiz bo‘lsam, shu esar o‘g‘il sabab, derdi qat’iy. Sultonning ikki opasi baxtini topib ketdi. Ilgari ular ham ukasini erkalatgisi kelaverardi. Oyisi goho uning boshini silab, yelkalarini uqalar, otasining ko‘zi tushib qolsa, chaqaloqmi bu, emizaqol, ustunday bo‘lib, onasining tizzasida yotishini qara, derdi tutaqib. Cho‘chib uyg‘onganday turib, tashqariga chiqib, uzoq yurar, bir mahallar qaytib kelib, o‘rnida uxlab qolardi. Agar shu hol ro‘y bermasa, ya’ni oyisi uni silab-siypab o‘tirganda otasi kelib qolmasa, onasining tizzasida yuvosh mushukday dong qotardi.
Otasi unga deb uy qurar, manaman markali mashina olar, do‘stlaridan kam bo‘lmasin deb ohorli, zo‘r kiyimlar xarid qilar, oyisi shaharning malikasiman, degan qizlarning ostonasini supurib yurardi.
Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsa, bunday o‘mgagini ko‘tarib, yaxshi odam bo‘lishga oshiqmas, o‘ylangani o‘ylangan, biror narsaga bel bog‘lab harakat qilmas edi. Uyqudan turib ham yana karaxt, uyqusirab yurishi otaga sira botmas, shunday vaqtlari to‘yib ichib olib, yuragida borini to‘kib-sochar, himoyaga otlangan onasini ham ayab o‘tirmasdi. Hamma yoq bosilgach, oyisi erining fig‘onu hasratlari ta’sirida bo‘lsa kerak, “Qachon odam bo‘lasan axir?” derdi yig‘lamsirab.
– Oyi, hali zo‘r bo‘laman, ko‘rasiz, – derdi o‘g‘il. Bu oxirgi va’da emas edi. Odam o‘zgarsa va’dalarsiz, shunday, bir ichki xulosaga kelib intilish boshlanadi, tamom. U esa shuncha gapdan keyin ham xonasiga kirib, juda tinch, hech narsa bo‘lmaganday pishillab uxlab qolar, yana zo‘r ishni qotirganday choshgohgacha yostiqdan bosh ko‘tarmas, oyisi uyg‘otsa turib yuz-qo‘lini chayib, dasturxondagi har narsadan cho‘qib pala-partish, to‘yib ovqatlanar, keyin xonasiga kirib, bir rus faylasufining kitobini yuziga qo‘yib, tag‘in uyquga ketardi. Uning uyqusi ko‘p va pala-partish, to‘yib ovqatlanishi aqli raso odamning ishi emas, deb qo‘rqib ketardi oyisi. Orzu-niyatlari birin-ketin chippakka chiqayotganidan ko‘ngli to‘lib ho‘ngrab yig‘lab yuborardi. O‘g‘il bu kuyunishlar o‘zi uchun ekanini sezar, his qilar, odam bo‘lish, yaxshi odam bo‘lish haqida xayol surar, biroq atrofidagi odamlar bilan til topishish naqadar og‘ir ko‘rinar, o‘yining uchiga yetolmay, tag‘in to‘shakka cho‘zilardi…
Uyqudan turib yana oyisiga ont ichardi.
Turmushdagi bunday birxillik uning o‘ziga ham yoqmasdi, albatta. Ammo shu birxillikni yo‘qotish, yangicha yashay boshlash uchun na jur’ati, na kuchi bor edi.
Buvisi ham namoz o‘qiganda ustiga katta oq bulut ko‘lanka solib turardi. Chamasi, bulut vaznsiz ko‘ringani bilan o‘ta zalvorli, qari va ozg‘in kampirni bukchaytirib qo‘yar, sajdadan qa’daga turganida bu yaqqol sezilar, “sami’allohu limanhamidah” kalomini yig‘lab-ingrab, bazo‘r aytar edi.
Nevarasidan bu haqda eshitganida, buvi gapning ma’nosini tushunmagan, ishqilib, bir narsa yelkamga og‘irligini tashlab turadi, deb qo‘yaqolgan va o‘ylab qarasam, bola chog‘imdayam shu yuk bor edi, hech qutulmadim, balki o‘lguncha qutulmasman, deb uf tortgan edi. Buvi kuchdan qolib qoyimni eplayolmay, o‘tirgan ko‘yi yuz rak’at nafl namozi o‘qigan kezlari ham shu oq bulut uni sira tark etmas, qizig‘i shundaki, bulut faqat Sultonning ko‘ziga ko‘rinardi, xolos. U ham bulut buvisining yelkasiga o‘tirib olardimi, tegib turardimi, tegmasmidi, shunisini bilmasdi. Buvisi nihoyatda qiynalib qad rostlayotganida bulutni ustidan tushirib tashlashni yo haydab yuborishni xohlab qolardi. Lekin birovning ibodatiga xalaqit berish mumkin emasligini yaxshi anglardi.
Dadasi qo‘shnisining xaroba yarim yerini katta pulga sotib olib, yana buning evaziga qolgan yarmiga uy qurib berib, yarmini o‘zinikiga qo‘shib imorat solib, uning bir qismini onasi uchun yaxshilab ta’mirlab, atay, garchi gaz va issiq polda uy isib tursa-da, o‘tini qishda charsillab shu’la sochib yonadigan pech qurib, qiblasiga mehrob yasatib va ko‘rkam patgilam joynamoz to‘shab berganida, momo tamom qarigan, namoz o‘qish asnosi muk tushib uxlab qolaverar edi. Uzun kunlarning birida o‘g‘li qo‘y so‘yib odam chorladi, ma’rakada muftiy va domla-imomlar ham bor edi, ziyofat chog‘i cho‘qqi soqol bir mo‘ysafid onaxonga kattagina o‘rog‘liq qog‘ozni ochib o‘qidi, unda Habibulloh ismli arab talabasi onaxonni haji badal qildirgani, buning tasdig‘i uchun Saudiya podshosining muhri urilgan qog‘ozning tepasiga hajni ado etgan yigitning fotosurati tushirilgan, onaxonning ismi va otasining nomi qizil arabcha harflar bilan bitilgan edi. Bir mis ko‘zada zam-zam suvi, bir talay tasbeh, taxlam-taxlam joynamoz, yana Qur’onning nihoyatda bejirim qilib chop etilgan nusxalari tuhfa qilindi. Kampir kalomullohning birini olib tavof qilar ekan, qurib qolgan ko‘zlariga yosh quyilib keldi, o‘pkasi to‘lib, negadir “Rahmat, eshon bobojon, bosgan qadamingizga gul bitsin”, deb yig‘ladi.
Atrofda qarindoshlar, qizlari va nevaralari to‘plangan edi. Nevaralar gul tutar, qizlari esa qimmatbaho ro‘mol va kimxob liboslar kiydirishar edi. Momo shu uyda bir oy yashadi, to‘g‘rirog‘i, bir oy ko‘rpa-to‘shak qilib yotdi-yu, so‘ng omonatini topshirdi.
Sulton yana bir oy shu yerda oq bulut aylanib uchib yurganini ko‘rdi, so‘ng u ham qaygadir g‘oyib bo‘ldi.
Yilday uzun qish kechalarida Sulton uyqusi qochib buvisiga atalgan uyni aylanar, mehribon yuzli momoni ko‘z oldiga keltirar, mehrob yoniga kelib joynamozga cho‘kar, ammo namozni bilmagani uchun yotib-yotib uxlab qolaverar edi.
Uydan chiqqanida papka yelkalagan o‘rtoqlari maktab sari oshiqib borayotganini ko‘rar, u ham oyisining qistovi bilan sumkasini ko‘tarib yo‘lga otlanar, ammo oyog‘iga tosh osilganday zo‘r-bazo‘r borar hamda qo‘shga qo‘shilgan ho‘kizday horib qaytib kelardi.
Shu yo‘lning boshida jome’ masjidi bor edi. Juma kunlari ko‘chaning oyoq tomonidan uch-to‘rt, ba’zan to‘da-to‘da namozxonlar ibodatga shoshib qolishadi. Sulton ularga qo‘shilib masjidga bordi. Darvozada bir serjant to‘xtatib, ism-sharifi, manzili, otasi, o‘qiydigan maktabini so‘rab-surishtirdi. Sulton qo‘rqib ketdi. Mahallasidagi oqsoqol Ahmadjon domla unga rahmi keldimi, melisaga ro‘baro‘ bo‘lib, bolani himoya qila boshladi. Nima dedi, nima qo‘ydi, ishqilib, serjant uni ichkariga kiritdi. El qatori tahoratxonaga o‘tdi, undan chiqib odamlar safiga qo‘shildi. Miyasi yorishdi. Ibodat chog‘ida har bir odamning yelkasida bittadan yuk ko‘rdi. Ajablandi. Biroq nimagadir xuddi avvaldan o‘qib yurgandek tag‘in to‘rt rakat sunnat namozi o‘qidi.
Qaytgan chog‘idan boshlab onasining yelkasida ham, otasining yelkasida ham o‘zini ko‘radigan bo‘ldi. Buning nima ekanini tushunmadi. Aksiga olib, ularning ustidan tushay desa ham tusha olmasdi.
Jumadan boshqa kunlari ham masjidga qatnadi. Bir kuni peshinga chiqqanida hammaning yelkasida mol va odamlar o‘tirib olganini aniq va tiniq ko‘rdi. Uyalganidan masjid hovlisiga chiqib, kesilgan daraxt kundalaridan ortmoqlab yelkasiga bog‘lab oldi. Chunki o‘zidan boshqa hammaning yuki bor edi. Namozdan keyin imom uning yoniga kelib, bu ishi yaxshi emasligi, boshqalarni ibodatdan chalg‘itganini uqtirdi.
– Hammalaringizda yuk bor-ku, nega endi menda bo‘lmasin, orim qo‘ziganidan shunday qildim, – dedi Sulton.
– Imom hayron bo‘ldi. Sekin chekkaga o‘tkazib so‘radi:
– Xo‘sh, mening yelkamda ham yuk bormi?
– Bir qo‘chqor o‘tiribdi.
– Yo‘g‘-e, qanaqa qo‘chqor?
– Qizg‘ish qora qo‘chqor.
Imomning ko‘zlari olayib ketdi. So‘ng o‘ziga kelib:
– To‘g‘ri aytasiz, uka, shu qo‘chqor meniki, Qurbon hayitiga so‘ymoqchiman, namoz vaqti hayitgacha o‘lib-netib qolmasmikan, bir o‘zi qoziqda ma’ragani ma’ragan deb o‘ylagan edim… Abdusattor so‘fida nima ko‘rdingiz?
– Loy.
– Loy? Ha, darvoqe, kambag‘al, tomini yopaman deb lo‘mbozga hasharchi chaqirgan, namozdan qaytgunimcha loyning nami qochib qolmasmikan, deb alag‘da bo‘lgan chiqar.
– Jalol domlada-chi?
– Mashina. “Neksiya”.
– To‘g‘ri, o‘g‘li ikkovi to‘plagan pul mashinaga yetmayapti.
Sulton otasi va onasiga yuk bo‘lib yurganini balog‘atga yetgan kuni tushundi, o‘sha kuniyoq yelkasiga olacha xurjunni tashlab, padari buzrukvoridan duoi fotiha so‘radi. Ota duo berdi, ona ertakdagi singari mo‘ltillab ko‘z yoshi qilib qoldi. Internet orqali uyg‘ur do‘stlar orttirgan edi. Ular va’da qilingan gazlamalarni Samarqanddagi Toshmatning saroyi omboriga tushirishlari kerak, Sulton borib mollarga ega chiqishi, uch kun ichida Samarqand, Urgut, Chelakdagi ulgurji xaridorlarga tarqatib, bir haftadayoq pulini yig‘ib berib yuborishi zarur. Har shaharning o‘g‘risi ham, to‘g‘risi ham bor, Samarqand o‘g‘rilari Sultonga ola qarashdi. U uyg‘ur jo‘ralari bilan samarqandcha palovxonto‘rani sob qilib, xufton mahali xonai xobiga kirgach, yomon niyatlilar uyquda bosmoqchi bo‘lishdi. Qarasalar, karovatda bir boshsiz odam yotibdi. Chiroq yoqib qaradilar hamki – shu ahvol, biroq xurrak eshitiladi. Ne bo‘lganda ham murdaning tovoni bo‘ynimizga tushib qolmasin, deya pusib asta chiqib ketishdi. Ertasi kuni qarashsa, kechagi “jasad” gazlamalarni bozorga yuklamoqda. Qaytib kelishini kutdilar. Kechagiday tunash maqsadida yana poylashdi.
Ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, bu gal yarimta gavda jonsiz bo‘lib yotibdi. Yo, astag‘furulloh, yo falak, bu ne sir, bu ne sinoat! Qo‘rqa-pisa ortga qaytdilar.
Ertalab Sulton Urgut bozoriga ikki moshina gazlama ortadi. Qaroqchilarning ko‘zi chiqib ketadi. Buncha molning pulini hisoblab ko‘rib taxta bo‘lib qotib qoladilar. Kecha o‘sal bo‘ldik, bugun ne bo‘lsa ham ishonmaymiz, tappa bosib puliniyam, moliniyam tortib olamiz deb kelishadilar.
Kechqurun saroyda baliqxo‘rlik bo‘ladi. Mehmonlar Zarafshonning maydaqiltiq shirmohisi bu qadar mazali ekanini aytib, maqtab-maqtab yeyishadi. Xuftonni ado etib, tag‘in uxlaydilar. Sulton kechagi xobxonaga kirib g‘oyib bo‘ladi. G‘oyib bo‘lganini qaroqchilar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishadi. Yostig‘i, o‘rin-ko‘rpasini ham ushlab ko‘radilar: yo‘q, bus-butun odam yo‘q! Qilichi sinib, qalqoni teshilgan g‘ayurlar ertasi yana poylashadi, bir ish chiqishiga ko‘zlari yetmagach, oxiri shopmo‘ylov, taqirbosh sardor kabobxo‘rlik qilayotgan savdogarlar oldiga kelib, Sultonni imlaydi. O‘zining o‘g‘ri ekanini tan olib, uni so‘roqqa tutadi.
– Birinchi kuni charchagan edim, xuftondan so‘ng “Oyat al-kursiy”ni bir marta o‘qib edim, shunga boshsiz ko‘ringan bo‘lsam kerak, ikkinchi kuni ham charchoq bosib, yotishda oyatlarni ikki marta qaytargan edim, yarmimni yashiribdi, kecha esa uch marta o‘qiganman. Demak, uch marta o‘qilsa, butun gavdani yashirarkan-da, qoyilman. Mazmuni oddiy: “Ey mo‘minlar, na oldi-sotdi, na oshna-og‘aynigarchilik va na oqlov bo‘ladigan KUN kelishidan ilgari hayoti dunyoda sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq-ehson qiling­lar! Kofir bo‘lgan kimsalargina zulm qiluvchilardir. Ollohdan o‘zga hech qanday tangri yo‘q. Faqat Uning o‘zi bordir. U tirik va abadiy turguvchidir…”. Shuni o‘qiyman, xolos.
– Tan berdim, oshna, – dedi taqirbosh qo‘lini uzatib, – lekin, o‘lay agar, hech baloni tushunmadim.
– Zulm qiluvchi bo‘lmang, unda sizni hech kim oqlamaydi. Oyatda shu narsa aytilayotir.
Sardorning hafsalasi pir bo‘ldi. Himoyasiz bu churvaqalarning pul topib, boyib yotishi baribir uning g‘ashini keltirdi.
Sulton uyiga qaytib, otasiga ikki kundan so‘ng Urumchiga ketishi, uchta “Fura” moshina gaplashib qo‘yganini ayt­di.
Otasi avval ishonmadi, keyin qo‘rqdi, o‘g‘lining rejalarini tinglagach, ziyrak tortib:
– Endi boshog‘ing pishibdi, bolam, – dedi va teskari qaradi.
– Oyi, men yelkalaringizdan tushdim, yelkangizda oq bulut yuribdi.
Onasi bu gapni eshitib, shu mening bolammi yo boshqami, deb hayron qaradi.
Onasining ham, otasining ham o‘pkasi to‘ldi.
Sulton boshqa odamga aylangan edi.

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 4-son