Sobir O‘nar. Otamzamon hangomalari

O‘tirikni eplay bilmadi

Otamga o‘zini yaqin olganlardan biri, garchi yoshi kattaroq bo‘lsa ham, Faqir bobo degan cho‘rtkesar, ayni vaqtda, yolg‘on-chin gapini ajratib bo‘lmaydigan sariq, yalpoqyuz, bitko‘z bir odam edi. Oddiy hangoma yo‘lida ham zarur bo‘lsa-bo‘lmasa o‘tirik qo‘shaverganidan bo‘lsa kerak, odamlar birovning gapiga ishonqiramay qolsalar, “Bu yog‘i Faqir bobosi bo‘lmasin yana”, deydigan bo‘lishgan.

Bir vaqt bobo kech kuzda tog‘dagi chaylatomidan xabar olishga borib yo‘lda uchinganmi, ko‘ziga bir balo ko‘ringanmi, birinchi duch kelgan Fayzi boboga xabar beribdi:

– Payzi aka, tog‘dan yaxshiyam ertaroq ko‘chib tushganimiz. Mana hozir chayladan chiqib qarasam, yo‘limdan bir to‘da uligan qashqir o‘tdi. Orqadan, panadan turib sanadim: bir yuz yigirma bitta ekan. Ko‘chmay turganimizda har birimizning molimizga qiron keltirar ekan, pak Xudo saqlabdi.

– E, qo‘y-e, – debdi Fayzi bobo, – eshitgan quloqqayam uyat-e. Tog‘ni qidirib chiqsang, yigirmata qashqir chiqadimi-yo‘qmi. Nimalar deyapsan?

– Payzi aka, mana shu ko‘zlarimminan ko‘rdim, o‘lay agar.

– Faqirqul, qasam ichma. Bo‘ladigan gapdan ayt. Bir-ikkita kuchukdir, tulki yo pishakdir. Ko‘zingga ko‘ringandir. Ulay-bulay uchingan bo‘lsang, To‘xsuluv baxshiga bor, quloq-boshingni tortib qo‘ysin.

Faqir bobo mollariga xazonbarg yig‘ib yurgan Irisboy muallimni to‘xtatibdi.

– Irisboy, mana shu kunbetkaydan hozir o‘n besh chog‘li bo‘ri oshib ketdi, ko‘rdingmi? Men ularni chaylani oldidan quvib, soydan o‘tkazib qo‘ydim.

– Es bormi senda, Faqir. Xo‘p echki haydab yuribsan-a. Bo‘ri emish! Tulki ko‘rsang, tumataqingni tashlab qocharsan. Bor-e, bu o‘tirikni kampiringga ayt.

U Boliqul boboga uchrab, bu yil tiramoh tog‘da tulki ko‘pligi, bolalari undan ham ko‘pligini aytib boshlagan ekan, bobo ra’yini qaytaribdi.

– Podamidiki, tulki to‘dalashib yursa. Odam isidan cho‘chiydigan bir jonivor bo‘lsa. Tovuq izlab birorta kelsa, kelgandir. Indamaganga hadeb ko‘piraverasanmi?

Boliqul bobonikidan hafsalasi pir bo‘lib chiqib ketayotsa, Muhammad oqsoqol ko‘rinib qolibdi.

– Shu chaylatomga o‘tsam, hammayoqni yovvoyi pishak bosib ketibdi…

– Qani-qani, Faqirboy, nechta edi?

– Ancha boridi-yov, qiztaloq.

– O‘zingniki qolgan bo‘lsa yovvoyilashgandir-da.

– Yo‘q, men qishloqqa pishakni opkelganman, Muhammad, bo‘lmasa jiydaning orasida “shitirr” etgan narsa nimaydi?..

O‘zingniki – o‘zingnikiga

Burungining odamlari ham qo‘liga gazeta tushsa, bekorchilikdan ko‘z yugurtirib yotar edilar. Ismat chavandoz Faqir boboning jiyani, mening amakim. Chamasi, amakim o‘sha vaqtdagi yoshlar gazetasining to‘rtinchi beti, oxirgi ustunidagi “Turfa olam” degan joyini o‘qib bergan. Emishki, Qozog‘iston cho‘lida ilonlar uyg‘onib, birvarakayiga qo‘zg‘alib, avtomobil yo‘lidan o‘ta boshlagan. Ular shu darajada ko‘p va g‘uj bo‘lib harakatlanganki, natijada bir necha soat avtomobil qatnovi to‘xtab qolgan.

Faqir bobo bu gapni ilib olgan. Ko‘plarga aytib chiqqan. Albatta, ko‘pirtirgan.

Biror oylardan keyin Ismat chavandozning o‘ziga aytib yotgan emish:

– Jiyan, endi buyam bir ko‘rgilik-da. Qara, Qozog‘iston cho‘lida o‘n milliyondan ziyod ilon o‘n kilometr bo‘lib poyezd yo‘l, moshin yo‘l, hammasini bir oy to‘sib qo‘ygan, hammasi zaharli ko‘lvor ilon desang, ularning orqasidan o‘n kilometrlik toshbaqa, o‘n kilometrlik yumronqoziq karvoni qo‘zg‘olibdi desang. Qozoq endi qayga boradi, a, qayga boradi? Biz chigirtka balosini ko‘rib och qolganmiz. Ey, Ismat, bu ko‘lvor ilon-ku. Toshbaqa, yumronqoziq, qurbaqalar ham ergashganiga qara, erta-indin shu Qo‘rg‘ontepadan oshib, bizning qishloqqayam o‘rlaydi-yov…

Rashid jo‘ra

U yoshimiz teng bo‘lgani bilan bizdan ikki yosh kichiklar bilan o‘qib maktabni tugatgan. Bo‘ladi-ku shunaqasa ham. Sinfdan bir emas, ikki marta qolsa shunday bo‘ladi. Lekin Rashidning kuyadigani bu emas. Keyin hatto o‘sha vaqtning men degan oliy o‘quv yurti – xalq xo‘jaligi institutiga kirishga ham kuch topdi. Bilim topmasayam, kuch… ya’ni pul topdi-da. Bitirmadi, shekilli. Ko‘knori biznesiga aralashib, hayoti alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Qamalib chiqdi. Qutulganida ota-onasi, jigarlari – jami olti yaqinidan ajragan edi. Odam bunday judolikka dosh berolmay tentak bo‘lib qolishi hech gap emas. Boshda borini ko‘z ko‘raverar ekan. Xudoyim bandasini saqlayman desa, qirq yillik qirg‘inda ham asrar emish. To‘g‘ri, Rashid jo‘ra afg‘on urushida ham uch yil yurgan. Qulog‘ining orqasidan oskolka ham yegan. Na bo‘lg‘ay, ota-onasi umidini uzib o‘tirganda g‘oz yurib, tik oyoqda uyiga kirib kelgan.

– Pokistonning chegarasi, Qandahorda xizmat qildim, – deydi. – U yer endi bir ajalxona edi. Qo‘qqisdan minaga, daydi o‘qqa uchib qolaverasan. Qarg‘aning sharpasini sezasan, lekin afg‘on “bosmachi”ning qorasini ko‘rolmaysan. Oyog‘ing ostidan yo osmondan tarillatib o‘qqa tutib qoladi. O‘zingni o‘nglaguningcha safdoshlaringni titib tashlagan, qarasang – izi ham, soyasi ham topilmaydi. Shuytib, biz ulardan, ular bizdan alamzada, ko‘rinsa ayamas edik. Ayol, bola, qari deb o‘tirmay otib tashlasang ham, birov bir narsa demaydi.

Bir kuni shtabdan qora chodra yopingan ayolni opchiqishdi. Qirg‘iz askari va menga buyruq bo‘ldiki, tog‘ning narigi kamariga oborib otib tashlanglar. Ayolning tiliga tushunmaymiz, biroq imo-ishoralaridan oltita bolasi borligi, biri ko‘krak emadigan chaqaloq ekanini anglaymiz. Bunaqa holat ko‘p bo‘ladi: ering qayda, bosmachilar qayerdaligini ayt – javob bo‘lmasa, o‘limga mahkum. Bu bechoraning boshida ham shu kun ekani ma’lum. Kim ham behuda juvonmarg bo‘lib ketishni xohlaydi? Ko‘hlikkina ayol. Bolajon, musulmon, yig‘lab javrab boryapti, sen ham musulmon bolasidirsan, deydi. Negadir juda rahmim keldi, onam, opalarim ko‘z oldimga keldi. Samatga nima qilamiz, dedim. Bilmasam, deb yelka qisdi. Kel, dedim, shuni o‘ldirmaylik. Lekin bizni qorovulminor tepasidagi navbatchilar durbinda kuzatib turishadi. Hiyla qilganimizni payqab qolishsa, o‘zimizni otib tashlashadi.

Ayolga o‘zimizcha tushuntirdik: yetib to‘xtaganda biz ustingdan oshirib o‘q otamiz, sen guppa tashlab “o‘lib” qolasan.

Adirda jasadlar jayrab yotibdi. Dunyoda odamning murdasiday sassiq, badbo‘y narsa bo‘lmaydi. Eskilari etsiz suyak, skeletlarga aylangan, parranda-darranda yegan chiqar. Ko‘pchiligi… ayol. Bor-yo‘g‘i bir daqiqadan so‘ng bu kelinchak ham shular safiga qo‘shilishi kerak. To‘xtadi. Otdik. Yiqildi. Yiqilgach, yana otdik. Tipirchilab qo‘ydi – rolni yaxshi bajardi.

Qilarini qildig-u, vahimadamiz: bilib qolishsa – tamom. Axir, u yurib shu yerlardanmi, qayerlardandir o‘tadi-ku. Bir-ikki kun o‘tdi oradan. Hartugul, gap chiqmadi.

Ittiqofo, bir kuni kechki smendamiz. Sheriklarim o‘ris askarlar. Rosa chekkilari kelib qoldi. Kechasi biror sharpa sezdirishing juda xavfli, payqagan zahoti otadilar. Chekmanglar, deb tixirlik qilsam ham, unashmadi, o‘zlaricha shinelga bekitib cheka boshlashdi. Zahar tang qilib, bo‘shanish uchun sal nariga yurishimni bilaman, boshimning ustida bir nima momaqaldiroqday gumburlab ketdi-ku. Hushimga kelganimda qulog‘imning orqasidan sharillab qon oqar, askarlar, sanchastdagilar atrofda timirskilanib yurar edilar.

Tong otgach, o‘ris sheriklarimning parcha-parcha go‘shtlarini yig‘ib olishdi…

Qishloq oralab “tozalash” o‘tkazib turamiz. Biz izlagan “bosmachi”lar odatda uyga kirib qamalib o‘tirishmaydi-yu, baribir qiladigan ishimiz nima – eshiklarni tepib, buzib ochib kiraveramiz. Navbatdagi eshik ham ochilmadi. Turumini buzib, qulatib ichkariga kirsak, olti afg‘on bola nafas yutib qaltirab o‘tiribdi, onasi o‘rtada g‘oz turibdi. Shunaqa, biz ularni o‘limga tik qarashga o‘rgatib qo‘yganmiz. Boshqa xonalarni titkilashga o‘tdik. Bir mahal haligi xotin mening yengimdan tortadi, desang. Qarab tanib qoldim: o‘sha yolg‘ondakam otganimiz – kelinchak. “Tek, damingni chiqarma!” deb do‘q qilgan bo‘ldim. Tintuv tugagach, bir tog‘ora olma opchiqyapti haligi. Nima bo‘lsa bo‘ldi deb cho‘ntaklarimni to‘ldirib oldim. Ne bo‘lsa bo‘lar deb komandirgayam ulashdim. “Qayoqdan olding?” deydi. “O‘zim, bog‘dan terdim”, deyman. “Avval o‘zing ye”, deydi. Qarsillatib tishlayberaman, keyin u ham qo‘l cho‘zadi…

“Bosh qattiqmi, tosh qattiqmi”, deb tirashib yashab kelaman, jo‘ra, deb osmonga qaraydi Rashid. Hoynahoy, tepadan ne savdolar tushadi deb o‘ylar. O‘lmagan qul yashaydi, yashay beradi. Judoliklar uni egsa eggandir, lekin sindirmadi, yanchib tashlamadi. Tog‘dan iskana qildi. Bunga ham yigirma yillar bo‘ldi. Otasi Xoldor aka qishloqning molini boqib yurib, Oqzovdan o‘tib, Qiyomatning og‘zidagi bir parcha yerning toshini tozalab, o‘n besh tup yong‘oq ekib edi. Mol-holdan asrab daraxt qildi. Boshqa mayda-chuyda ham ekdi. Ota-ona, jigarlar ketgach, shu yer Rashidga qoldi. Xotini Ozoda bilan kelib, otasining chaylasiga yonbosh ikki xona qo‘shdi, ustiga shifer bosdi, eshik-deraza qo‘ydi. Qishloqdan yigirma chaqirim naridagi tog‘ ichida hovli paydo qildi. Daraxtdan tashqari sabzavot ekdi. Tosh aralash qora tuproqda qovun-tarvuz ham ekib ko‘rdi. Bo‘lar ekan. Ag‘darilib qoldi. Palak mezon shamolini yesa, pishmagan sapcha qovun ham bolday bo‘lib ketadi. Gap mezonga yetishda. Tog‘da tez salqin tushadi. Yozda ham ko‘z yoshiday mildirab yomg‘ir to‘kilib qoladi. Haytovur, bilsak, bu yerlarni sel yuvmas ekan. Nima bo‘lsa pastda – soylar qo‘shilgan joyda bo‘lar ekan. Keyingi kezlarda ayni yoz chillasida ham sel ayqirib kelib, hammayoqni balchiqqa, toshga to‘ldirib, ko‘priklarning eng zo‘rini ham sanab-sanab, birma-bir oldiga solib “haydab” ketadigan bo‘ldi. Sangloqda ko‘prik qurishga ham odamlar cho‘chib qoldi. Lekin kerak. Ikki yil burungi eruvda ham ko‘prik qolmagan edi. Har yili hasharga aytib, to‘rt-besh so‘m pul yig‘adigan oqsoqollar ham bir nima deya olmay qoldilar. Mana, bu yil baribir qurishga to‘g‘ri keladi.

Oyday enam – onamning onasi aytar edi: Abdullasoy, Solisoy, Burgutlining tepasiga yozda chayla qurib chiqar edik. Bug‘doyliq mo‘l edi. Oralasa qo‘y-echki ko‘rinmay ketar edi. O‘ttiz-qirq qo‘y-echkini, mollarni sog‘ib, kunbo‘yi kuvi pishib charchar edik. O‘ntalab qorin moyi to‘latardik. Davlatning chigit moyini kecha eshitdik. Bug‘doyliq yeb semirib, dumi tars yorilib ketgan qo‘chqorlarni o‘shanda ko‘rganman. Lalmi qovun ham naqd to‘nkarilib qolardi. Handalak, bo‘rikalla, kampirchopon, bo‘riboy, olatarvuzning tuynagi tubiga tosh tirab chiqmasang, bandidan uzilib soyga dumalab sochilib ketar edi.

Haliyam o‘sha-o‘sha yerlar. Faqat nafs, ochko‘zlik balosimi, daraxtlar – soy bo‘yi keta-ketguncha sariq tol, ya’ni majnuntollar bilan qoplangan, orasidan zo‘rg‘a o‘tib borarding, qo‘ling uzilgurlar, na imoratga yog‘och bo‘ladi, na devorbop, na o‘tinlikni obod qiladi – shularniyam bitta qo‘ymay qirqib olishgan-a. Solisoyning og‘zida bir tupgina yovvoyi qizil olma bo‘lib, o‘shaning sharafiga bir parchagina yer Qizilolma atalar va hamma uchun tushunarli manzil hisoblanardi. Olmani to pishmaguncha og‘izga olib bo‘lmas, taxir bir balo, ammo pishgach, juda mazali, suvli, yeganda jon baxsh qiluvchi mevaga aylanardi. Soy chetida qayrag‘ochday sersoya bo‘lib turuvchi shu olmaniyam kesibdilar – bo‘yningga ot tepgurlar. Bir soyda ikki-uch tup yovvoyi o‘rik, yana birida yovvoyi olmurut – nok, Tokli degan joyda yovvoyi uzum o‘sadi. Uch tupgina uzum. Uniyam faqat pishganda tatish mumkin, xolos. Bo‘lmasa, og‘zingni shunaqa taxir qilib tashlaydiki, uch kungacha yegan-ichganingning ta’mini sezmay yurasan.

Xayriyatki, tog‘ yonbag‘rida, Qorazovning pastida tik qirda o‘sgani boismi, odamlar unga tegmabdi, Oybek domla aytgani yanglig‘, “o‘shshaygan qoya labi”da ochofat mollarning hamlasidan ham xoli, bir xil ko‘karib, ko‘zni yashnatib turibdi. Och bachchag‘ardan qoch bachchag‘ar – tik qirda o‘sgani o‘zining jonini saqlashga bois bo‘lgan, chamasi. Qishloq to‘qsabosi – yuz yil avval, to‘qsaboning otasi mening bosh bobom ham undan totingan. Bilarsiz-bilmassiz, tok qarimaydi, chinorga o‘xshab ming yil yashaydi.

Yana bir holat: tog‘da tez ochqaysan. Non ham gohida bir yoqimli ovqatday ketadi. Sariyog‘ surib ursang, go‘yo oshga to‘yganday maza qilasan. Unda-bunda uchrab qolgan mevalardan yesang ham to‘ymaysan. Bu dunyoda tamom begunoh yashab o‘tgan otajonim bir safar xurjunini to‘ldirib o‘sha qizil olmadan opkegan. Bir-ikki kunda uni tinchitib, mazaxo‘rak bo‘lib, so‘ng o‘zimiz tag‘in eshakka xurjunni bosib, qizil olmaga borganmiz. O‘ziyam, avval salkam bir xurjun olmani ukam ikkimiz paqqos tushirib tashlaganmiz. Qorinlar do‘mbira bo‘lgan, yo‘l-yo‘lakay daraxt panalab, to‘xtab-to‘xtab kelganmiz…

Gapning kaltasi, shu yil may oyining to‘qqizida jo‘ra, amakivachcha, bola-baqra Rashid jo‘raning chaylatomiga borib, sayil qiladigan bo‘ldik. Fotihali joylarga kirdik, qarindoshlarni ko‘rdik, Boytemir, Abdushukur, Abduvali, G‘aybulla sinfdoshlarimizni ham ko‘rdik. So‘ng uzun-qisqa bo‘lib, bir ot, uch eshakka o‘tirib toqqa o‘rladik. Yaqin do‘stim, beg‘ubor inson Abduolim men bilan birga borgan. Fozil amakim bir serka so‘ygan, go‘shtini nimtalab shashlikbop qilib xurjunga joylagan. Soliqchi do‘stim Abduolim toza “o‘ris bolasi”dan ham olgan ekan, charchoqbosdi ham gapni qovushtiradi deb. Xolmurod, Jozil, kamina, Abduolim ko‘lik – eshak, otda, qolganlar poyu piyoda soy kesib, qaydasan Qiyomat deb urib turibmiz. Darhol salqin boshlandi. Tog‘lik g‘amini yeydi-da: Fozil har birimizga bittadan chopon olibdi. Borsak, Rashid yo‘q, mollarni tugal qilgani toqqa ketibdi. Xotini Ozoda poy-patak bo‘lib qoldi. Sariyog‘, chakkilarni uyib tashladi. Qumg‘onda choy qaynatdi. Shom bo‘lay deganda Rashid ikki targ‘il sigirini oldiga solib qiyshanglab kelib qoldi. Abduolim “Toshkentniki tabarruk”, deb ikki piyola bostirib uzatgan edi, jigit chechilib jo‘nadi-ku. Boyagi afg‘on voqealarini aytdi. Xotinining bir yomon dardga yo‘liqib, do‘xtirlar odam bo‘lmaydi degach, shu toqqa opkelib sog‘aytirganini so‘zladi.

– Sobir jo‘ra, olti oy qiynalib yotdi, do‘xtir nima kasal ekanini aytolmaydi, oxiri bechora behush bo‘lib komaga tushdi. Qaramay ham qo‘yishdi. Uch kun koridorda yotdi. Majoli yo‘q, tinkasi quriydi. Amallab shu chaylagacha opkeldim. Nima bo‘lsa bo‘lar deb har xil tog‘ o‘tini damlab ichiraverdim. Yo‘q, Xudo boqdi: asta-sekin jon kirganday o‘zgaraberdi. Haytovur, bir kunlari oyoqqa ham turdi. Hay, yoz o‘tib tiramoga kelganda odam bo‘ldi-da. Mana, yuribdi, joni tosh ekan, o‘lmadi.

Rashid picha kulimsirab, Yaratganning marhamatidan to‘liqibmi, ortiga, xotini tomonga burilib qo‘yadi. Ozoda bo‘lsa iyagiga ro‘mol tang‘ib, ketmon ko‘tarib, kunchuvoqdagi yangi ekilgan pomidorga suv tarayapti. Urchuqday xizmat qilib yuribdi. Bir mahal u bir dasta ko‘k piyoz tashlab ketdi.

– Manov kattalarni taniysanmi, ey? – deydi Rashid mazaxlanganday.

– Ha, – deydi u.

– Go‘ringni taniysan, – deydi Rashid. – Bular katta, ko‘rmagansan, Toshkentda turadi.

– Rashid jo‘ra, kelinni olib o‘ting poytaxtga, – deydi Abduolim, atay kelinga eshittirib.

– Ko‘ramiz, – deydi Rashid yuz grammning ta’siridanmi, tag‘in xotiniga o‘girilib: – Ay, men seni katta kuchuk qilib bularga maqtab yotippan, – deydi-da, o‘zining gapi o‘ziga nash’a qilib enkayib-enkayib kuladi.

– Chuchchisiz-da, tuzingiz yo‘q, – deydi xotini va Fozilning ikkita pishgan shashlikni opketing deb hay-haylashiga ham qaramay, juftakni rostlaydi.

– Fozil, bor, oborib ber, uyaldi, – deyman men.

Fozil rezinka shippakni oyog‘iga ilgancha yangasining ortidan yo‘rtadi.

– Endi o‘lmaydi, – deydi Rashid sekingina.

Tag‘in bir yutumdan keyin avjlanib hangomaga shaylanadi.

– Sobir oshna, shu chaylada olti qishladik keliningiz bilan. Bozor-o‘charniyam bollar eplab turishadi, yemish, o‘tinniyam g‘amlab olganmiz, sabil qolsin, jondor ko‘p kelar ekan. Bir kuni mollardan xabar olay deb o‘tayotsam, simdarvozaning oldida bir qora turibdi. Odam deb o‘ylab, “Keling, mehmon”, debman. “Tak-tak” qiladi. It ham emas, anglab qoldim, mol haybatli bir qop-qora bo‘ri. Uzluksiz tishini takillatadi.

Bosar-tusarimni bilmay yugurgilab, uyning tashqariga ochiladigan eshigini ichkariga qarab itaraveribman. Keliningiz hadaha eshikni ochib, suv sepib hushimga keltirdi. Yomon qo‘rqdim. Eshikni har balolar bilan tambalab, uxlamay tong ottirdim.

Tong otib bilsam, har qalay tinch ketibdi.

Bir qulayi keldi, sirtlon urchitdim. Bilsangiz, bo‘ri bilan itning chatishuvidan kuchukbachchalar beshta, olti, yettitadir, tug‘ilib, shularning biri sirtlon bo‘ladi, oyog‘ida qo‘shimcha bir belgi – ortiqcha panja bo‘ladi. Bo‘ri buni biladi, bachchaligidayoq yo opketadi, yo eplayolmasa bo‘g‘izlab ketadi. Chunki ulg‘aysa o‘ziga kun bermaydi-da.

Qishloqda amallab ikki yashar qilib oldim. Uchinchi yili chaylaga opchiqdim. Gavdasi qozoqning olaboyidan katta edi. Undan boshqayam bir qozoqi kuchugim bor edi, qish kuni shu g‘ingshiyverdi, keyin vovullashga o‘tdi. O‘zi, asli bu meni uyg‘otishga kelgan ekan. Ortidan ergashib borsam, bir narsa sulayib yotibdi. Boshini ko‘tarolmay harsillaydi, fonusni tutsam, boshi qonab yotibdi. Sirtlon ham charchab qolgan, tilini chiqarib indamay turibdi. Og‘ildan ketmonni opchiqdim-da bo‘rining boshiga ikki marta soldim. Qolgan joni ham chiqib ketdi. Sirtlon bo‘riga bas kelishini shunda o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.

Rashid keyin sirtlonni asray bilmagan. O‘g‘irlatgan. Tog‘ ortidan kelgan xeshlarning ishi deb o‘ylaydi. Pastki qishloqlarda bo‘lsa, topilardi. Ko‘p so‘radim, ularga kerak emas, axir bu it bilan tulki ovlamaydi-ku, deb qo‘yadi.

Sirtlonning yo‘qolishidan so‘ng jondorga ishonch yo‘q, tag‘in qishlovga qishloqqa ko‘chib tushadigan bo‘libdi. O‘t-xashak, o‘tinni to‘playdi, salqin tushishi bilan epini qilib tashiydi. Mol-holni oldiga solib, o‘zlari ham tushib kelishadi.

Biz bo‘lsak – dam olish, mayovkaning uyini kuydirgan zotlar, quyosh chiqib ketgan, soyga, buloqlarga yuzimizni chayib, toqqa bir o‘rlab kelamiz. Qayda, baland qirning ortida undan ham balandi bor. O‘rkach-o‘rkach tog‘larning ortida, tizmaning adog‘ida Bel bor. Tog‘ning beli. Undan oshsang, tojik xeshlarning qishlog‘i – Mojrimga tushasan. Forishga qaraydi.

Qirdan tog‘rayhon, kiyiko‘t, telpakgul, shirachnikiga o‘xshagan uzun bo‘yli gul terdim. Miltillabgina suvi qo‘zg‘alib, lekin oqmay turgan buloqlarga ko‘zim tushdi. Rashid jo‘ra u yerlarga ham yong‘oq, olma, o‘rik ekibdi. Shaharda bozorga pishgan o‘riklar chiqdi. Bu o‘riklarning esa hali danagi qotmagan, barra dovuchcha.

Choy ichib bo‘lgach, zilol buloq suvlaridan qo‘shilib, sharqirab oqib yotgan soydagi qo‘lbola hovuzda cho‘milamiz. O‘zimizcha uni kengaytirib, ichidan toshlarni olib chuqurlatamiz. Boya etga pichoqday sanchilayotgan soy suvi endi muloyimlashganday, qandaydir tanaga xush yoqayotgan edi.

Rashid jo‘ra tog‘ning bir kamarlaridan mollarni topib, boshini to‘plab qaytib keldi. Tush payti borib sug‘orib, yotqizib, undan keyin yana o‘tga haydar emish. Mollar halitdan tirsillab, yaltirab semirgan, sog‘sa chelak-chelak sut beradi. Buyam bir baraka, salomatlik, rohat-farog‘otlik. Bir hisobda Rashidga havas qilasan. Kvartira, kommunal to‘lov, gaz puli, issiq-sovuq suvlar to‘lovi yo‘q, birov pishagini “pisht” demaydi. Tog‘ havosi, suvi toza. Harakating ham, yemaging ham foyda.

Yasha, yashab qol, og‘ayni.

Safar qarib ulovlarga minamiz. Eshaklarga xalacho‘p uriladi.

Rashidning xotini yana sigir sog‘yapti. Yelinlari to‘lgandir-da. Sut va o‘tga to‘yingan, xuddi onalari singari ikki qo‘ng‘ir buzoqcha shataloq otib o‘ynoqlaydi.

Rashid og‘ilxona yonida. Sog‘ilayotgan sigirga, sog‘ayotgan kelinga bir-bir qarab qo‘yadi.

– Abduolim oshna, – deb uni to‘xtatadi. – Haligi ko‘k bo‘rini shu yerda, manovi yog‘och qoziqning oldida tinchitganmiz-da. Esizgina sirtlonim, qayerlarda ekan.

Keyin bemalol:

– Sabilning terisini shilib, ketgan bahosiga sotibjardim. Tirnoq-tishiniyam so‘raganlarga tarqatdim. Birovlar uni pulga sotaymish, – deb yirik tishlarini ko‘rsatib kuldi. – Yana kelasilar bir.

– Toshkentga o‘ting, Toshkentga.

– Hay endi, Toshkent… Yo‘l tushsa, ko‘rarmiz.

Bu Toshkentni qo‘yaver, biz shu yerga bog‘lanib qolganmiz yoki bu jannat turganda shaharingni boshga uramanmi deya yotgan, dunyoga, biz ortidan yugurayotgan – shuhrat, obro‘-izzat, mol-pulga mutlaqo befarq oddiylarning oddiyi, bir jo‘mardning shunchaki qo‘l siltashi edi.

Shaharga yaqinlashganing sari nafs otlig‘ bir jodugarning tobora komiga kirib borayotganday sezasan o‘zingni.

G‘aroyib tog‘ ortda qoladi. Ortda qolgan sari ulkanlashayotganga o‘xshaydi…

To‘ng‘iz bolasi

Ovloqul otam – O‘nar bobomning kichik ukasi urush ko‘rgan, chap yelkasidan yaralanib, o‘mrov suyagidan ayrilgan, ammo pay-etlari joyida bo‘lganidan mehnat qobiliyatini yo‘qotmagan, qaytanga, shu holida yer chopib, ko‘p ter to‘kadigan, hammadan oshib tushgan zo‘r bog‘bon edi. Boz ustiga, biz kabi bolapaqir nevaralarni ko‘p sevguvchi, iskayman deb nos hidi anqib turgan soqolini tomog‘imizga piypab obdon bezor qilguvchi, bolajonligidan bo‘lsa kerak, yaktagi yengini sirib qo‘yib, etidan bo‘rtib chiqib turgan chala suyaklarini xunuk ko‘rsatib bizni qo‘rqitguvchi, so‘ng o‘tirib olib urush taassurotlarini tamom yolg‘on-yashiq aralashtirib o‘rtoqlashguvchi, teshik quloqqa tayyor hangoma berguvchi qiziq bir chol edi. So‘zlaganda o‘zi ham rolga kirishib ketardi. Aytaylik, mening esimda qolgani – u kishi Kalashnikov avtomatini ushlab olib, nemisni qiyratgani qiyratgan, ko‘ringanini sog‘ qo‘ymagan, urushga birga borgan Narziqul tog‘a yoki Mansur tog‘a o‘lgan dushmanlarni sanayverib eslari ketgan… Ukkag‘ar nemislar judayam avom xalq ekan-da, deb bizlar achinib qo‘yar edik. Buning ustiga, urushda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa bechoralar.

O‘mir amakim bo‘lsa bu hangomani o‘zicha talqin qilar edi: “Bular – bir to‘da qishloqilar urush ko‘rmay qaytib kelgan: til bilmasa, miltiq ushlashni eplayolmasa…

Ovloqul otam qaysarfe’l edi. Uch marta uylangan bo‘lsa, uchinchi kampiri, katta qushnoch Musal enamni xalacho‘p bilan dodlatib urganlarini ko‘p ko‘rganmiz. Shu holiga yarasha uyida baraka bor edi. Bog‘iga gilos, sarxil olma, antiqa o‘rik, behi, anor, turli gullardan tortib biz “chaqaloq panja” deydirgan patison ham ekar edi. Jitirmasida, ya’ni qorong‘i g‘allaxonasida qishda ham karsillagan toyfi uzumlar shoxda ilingan turardi. Biz nevaralariga mehri iysa, bir bosh berib yeyishimizni tomosha qilib o‘tirar, oxiri yeyilgan uzum yo behiga g‘aroyib narx-navo belgilab odamni xunob qilishni xush ko‘rardi: “Uzum bir bosh, ikki behi, parvarda, choy – hammasi bo‘lib besh so‘mu qirq olti tiyin bo‘ldi. Otangda bormi shuncha pul, bo‘lmasa topganida olib ketadi seni, ungacha qamab olib o‘tiraman!”. Yig‘lagandirmiz, yolborgandirmiz, qutulgandirmiz, lekin ikkinchi yo uchinchi kuni shu hol baribir takrorlanar edi…

Otamning aytishicha, shu mehnatkash, qadoqqo‘l, o‘r­fe’l chol juda qo‘rqoq bo‘lgan. Bir gal toqqa haydagan mollarini tugal qilib qaytay deb Gumsoyga borib, otam bilan hangomalashib qolib ketibdi. Bilasiz, tog‘da jimjit hayot. Kechasi yana zimiston. Burganing uchishiniyam eshitsa bo‘ladi. Jonivorlarning tovushi-ku juda vahima. Shu atrofda “pirq-pirq” etib bir narsa sharpa berib qolarmish.

– Hamza, hoy, Hamza. Uxlamayapsanmi?

– Hoy aka, nima gap?

– Anov pirqillayotgan nima, eshitdingmi?

– Cho‘chqalar-da, oqshom suvga kelgan chiqar.

– Ie, cho‘chqa bormi bu yerda? Yorib tashlaydi-ku!

– Odam bilan ishi yo‘q, uxlasangiz-chi.

– Tentakmisan, ishi bo‘lmasa odamning oldida nima qiladi?

– Pastda ko‘lmak bor, balchiq oralaydi-ku bu.

– Ey, sen mening qabatimga kelib yot! Bir tosh joyga o‘rin solibsan, munday hangoma qilib yotaylik.

– Aka, uyqu bermayapsiz. Uxlaylik, odam charchagan.

– Bo‘lmasa cho‘chqalaringni yo‘qot, yomon pirqillayapti, mening isim yoqmayapti, chog‘i, to‘ng‘iz odamxo‘r deb eshitganman…

– Toza jonga tegdingiz-da…

Shunday deb otam uzalib yonida yotgan kalladay toshni olib soyga otibdi. “Pirq-pirq” to‘xtabdi. Lekin Ovloqul otam uxlamabdi. Tong otgach, sekin soyga mo‘ralasa, endigina muguzi bo‘rtgan bir qop-qora to‘ng‘iz bolasi boshi qonga bo‘yalib ko‘lmakda yotganmish.

– Hamza, hey Hamza, – deb uyg‘otibdi otamni. – Anov bir qora narsa yo‘limda yotibdi, olib tashla, men qishloqqa qaytaman…

Buzoqboshdan qo‘rqqan chol

Men Hamzaning o‘g‘li, Hamza O‘narning o‘g‘li, O‘nar Sulaymonning o‘g‘li, Sulaymon Xidirning o‘g‘li, Xidir G‘oyibnazarning o‘g‘li, G‘oyibnazar Xolboyning o‘g‘li, Xolboy Qobilning o‘g‘li, u yog‘i katta urug‘ – Sho‘rliq, Sho‘rliq esa Bo‘gajili, Bo‘gajili bo‘lsa Turkman yo Qo‘ng‘irotga borib ulanib ketadi. Men o‘qigan bir necha tarixiy kitoblarda Bo‘gajili(Bo‘xchali) Qo‘ng‘irot deyiladi, ammo nechukdir Ergash Jumanbulbul va boshqa ijodkorlarimiz turkmanga taalluqli ekanimizni uqtirishgan. Hayron bo‘laman: turkmanga yovuq til yo odatimiz bo‘lmasa…

Mayli, bu tarixning ishi. Men bilganlarimni so‘zlayman. Sulaymon bobomni otam va onam yaxshi eslashardi. Temirchi usta bo‘lgan ekan. Jini kuchli bo‘lgan chog‘i, yasagan ketmoni obdon qizargach, yalang oyog‘ining kaftini ketmonga bosib turarkan, oyoq tutab, hammayoqni hid bosib ketarkan. Ajabki, asli oyog‘ining oyasiga hech narsa qilmas, boboy hech narsa ko‘rmaganday mo‘kkisini kiyib ketaverar ekan. Odam terisi olti qavat bo‘ladi deydi, siz bilan biz bu ishni qilolmaymiz, qilsak, olti qavat terimiz ham go‘shtigacha kuyib ketadi.

Qora uyni bilasizmi? O‘tovni eslang. Bobom pirlarimi, jinlarimi qo‘zg‘ayversa, o‘tovning devorlaridan yonlamasiga tik oyoqda yurib aylanaverar ekan. Qora uy o‘zi bir omonat narsa, oyog‘ingni qo‘ysang, albatta, yog‘ochlar odam vazniga dosh berolmay, tob tashlab yuboradi yo qoruvli erkak yukiga chidamay, chong‘orog‘i – tepa tuynugi bilan qo‘shilib yerga qapishib qoladi. Shuning o‘zidan bilib olaverasiz bobomizning sir-sinoatli harakatlarini.

Sulaymonning otasi Xidir bobom chavandoz o‘tgan, o‘zi maydaroq, lekin chorpaxildan kelgan o‘ta polvon odam bo‘lgan ekan. Negadir ko‘pkariga baytal chopgan, baytalining fazilati ko‘p bo‘lgan, chamasi, ehtimol, kuchli va o‘zg‘irligi, ayg‘irlardan o‘zarmonligi sabab to‘qsaboning nazariga tushadi va… oqibat bobomiz ulovsiz qoladi. O‘n puddan ziyod yuk bosuvchi zo‘r to‘qsaboning tagiga boshqa otlar chidash berolmas ekan. Bular butkul boshqa hangomalar. Mavridi bilan boshqa safar gurung qilarmiz.

Sulaymonda ikki kampir bo‘lgan. Biridan O‘nar otam, ikkinchisidan Egamqul, Ovloqul otamlar o‘rgigan. To‘qsuluv, Nozanin, Nozik ammalarim ham yashab o‘tishdi. Ulardan bir dunyo o‘g‘il-qiz, ana ulardan esa bir qishloqqa sig‘mas nevara, chevara, evaralar yuribdi. Barchasi bizni tog‘a deydi, ochiq tan olay: taniganimizdan tanimaganimiz ko‘p. Odamzotniki shu ekan-da: bora-bora bir-biringdan uzoqlashaverasan. Kuning yetsa ajalga tob yo‘q, buniyam bo‘yningga olasan… Hay-hay, hay-hay!.. Bizdan nari, sizdan nari!..

O‘nar otam barvasta bo‘y, polvon chol edi. Umrining so‘nggida o‘z chorbog‘ini o‘g‘illari Hamro, Hamza, Hazan, Omonga bo‘lib bergan edi. Chorbog‘dan o‘rib olingan 300-400 bovliq yemishni eshakka ortishga erinib o‘zi yelkasiga dast ko‘targancha orqalab tashib tashlar edi.

Ovqatni ham polvonlarga xos yerdi. Danakli mevalarning danagini chiqitga chiqarib o‘tirmas ekan. Sin solganlar yuz-ikki yuz dona, yarim chelakning ziyodrog‘ini chamalasharkan. Saroyning Qurisoyidan Davir bobo bir mahal suv yoqalab kelib, chorbog‘da soyalab o‘tirib, bir uyum danakni tosh bilan chaqib yeyayotgan emish. Soydan eshagiga somon ortib o‘tayotgan Safar bobo jo‘rasidan hol so‘rabdi.

– Danak shirin ekanmi?

– E, shirin bo‘lganda qanday!

– Hafta burun shu yerda O‘narboy zardoli yeb ketgan ekan… To‘g‘ri aytasan, shirin bo‘lishi kerak…

– O‘, oting o‘chsin, O‘naringningam oti o‘chsin! O‘l, o‘l!

Shunday deya Davir bobo og‘zidagi danak mag‘izlarini jirkanib tupurib tashlayotganmish…

* * *

Bobom buzoqboshdan qo‘rqishini odamlar afsona qilib aytishadi. O‘roq vaqti O‘rtacho‘l dashtida bobom ishdan charchab pichanga bosh qo‘yib uxlab yotsa, sho‘tanoq jo‘ralaridan biri o‘lik buzoqboshni ipga boylab, bo‘yniga osib qo‘yibdi. Bobom uyqudan uyg‘onsa… ko‘k­ragida jondor yotibdi. Silkinsa ham, ursa ham, tushmas emish. Turasolib uyiga qarab yuguribdi. Bo‘yniga tumorday osilganidan bexabar, o‘ngdan ursa, chap tomondan, chapdan ursa, o‘ng tomondan kelib, ko‘kragida turib qolar emish. Katta gavda bilan kalishni ham qoldirib, yalangoyoq naq o‘n besh chaqirim masofaga o‘zicha buzoqboshdan qochib uyiga kelib qo‘ygan. Uyda esa kampiri Mayram enam masxaralay-masxaralay bo‘ynidagi ipni kesib olgan, shundayam buzoqboshning o‘ligidan cho‘chib tashqariga qochishga shaylanib turganmish.

* * *

Bobom bir vaqtlar tojik jo‘ralaridan ko‘chat olib, chorbog‘iga ariq bo‘ylab ko‘p olma ekib tashlagan ekan. Chuchuk qizil, sariq, katta-katta olmalar edi. Karsillagan, shunaqa mazali ediki, yeb to‘ymas eding. Yozda birvarakayiga pishib, to‘pillab tagiga tushib yaltirab yotar, ariqqa oqib ketganlaridan pastki ovuldagilar ham bahramand bo‘lisharkan. Bir g‘aroyib olmalar edi. Daraxtlari ham xuddi yong‘oq daraxtidek tarvaqaylab osmonga bo‘y cho‘zib ketgan, to kuzgacha shoxlarida ilinib qolgan olmalarni bitta-bitta uzib yeb mazza qilar edik.

Taqdirni qarangki, O‘nar bobom yetmishdan oshib chol bo‘lib qolganida ho‘kiz sudrab, mana shu o‘zi ekkan olma tanasiga gavdasi urilib, shol bo‘lib qoldi. Eh, mening oqko‘ngil, mehribon bobom necha yillar mahtal bo‘lib yotdi-ya. Ko‘rpada yotib yelkalari achishib ketaverardi, chog‘i, “Ag‘dar!” deb baqirar edi. Biz bola edik, amakilarim, kelinlari, goho bo‘yi o‘sib qolgan Ismat, Damin, Sayimboy akalarim bobomni u yondan bu yonga yonboshlatib qo‘yishar, shu ko‘yi bir necha soatgina tek yotar, tag‘in boyagi ahvol takrorlanar edi. Kunlarning birida kichik amakim qishloq shifoxonasidan oyoqsiz sim karovot topib kelgan, oyoqlari o‘rniga tosh qo‘yib, bobomni unga yotqizishgan edi. Bobom sho‘rlik qorong‘i uychada bir o‘zi yotar, ho‘l-qurug‘i bir joyda bo‘lganidan zax xona hidlanib ham ketgan edi.

Onam yoki kelinlaridan boshqa birovi non pishirsa, birinchi kulchalarini olib, bobomning yoniga chopar edik. Yarim non kattaligidagi kulchani bobomning og‘ziga tutsak, boyoqish ochiqib ketarmidi yo oshqozoni ham o‘ta baquvvatmidi, katta kulchani bor-yo‘g‘i ikki tishlab ado qilar edi…

Tengqur-bo‘yinsalari shu yotganida ham yo tegishib­mi, yo yaxshi maqsaddami, bobomning ko‘kragiga boyagiday o‘lgan buzoqboshni tashlab qo‘yishgan. Shoyad, qo‘rqqanidan, ha, albatta, qo‘rquvga dosh berolmay o‘r­nidan dast turib ketishini istashgan. Lekin… bobom qo‘rqsa qo‘rqqandir, baqirib bergandir. Biroq shunday polvon odam… qimir etmay yotavergan! Shu dard bobomga so‘nggi nafasigacha do‘st bo‘lib qoldi…

* * *

U vaqtlar, qiziq, dunyoda shovqin kam edimi, odam oz edimi, olis-olis masofadan kishilar bir-birini chaqirib olardi. Otam rahmatli yaqin yillar ichida ham uch-to‘rt chaqirim masofadan mollarini qaytarib olganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.

Ajab!

Katta qishloq nomi Quvkalla bo‘lgani bilan u tarmoqlanib kichik qishloqlarga bo‘linib ketadi: Allaberdi, Burgali, O‘rtaqishloq, Zulmonota, Berdibuloq, Qirgi Sho‘rliq, To‘daqishloq. Allaberdida Qambar tog‘a yashar edi. Novcha bo‘yli, polvon, bir avomroq kishi edi. Bobomga o‘xshagan xo‘ran, bir o‘tirishda qishloqning katta tandir nonidan uch-to‘rtini saryog‘ surkab urib tashlar edi, deyishadi. Eshak minsa negadir uzangi bog‘lamas, uzun oyoqlari yerga tegib, buta, xashaklarni supurib yurar edi. Shu odam kun botish shappatdagi qishloqda yashovchi jo‘rasi O‘nar bobom bilan goh Qo‘rg‘ontepa ustiga chiqqanida, goh Ko‘kqum degan joyga, O‘rtaqirga mol yoygani chiqqanda ikkovi ikki qishloqda turib gaplashib, hangomalashib yotar ekan.

Ko‘kqum – Allaberdi. Orasi uch-to‘rt, balki besh chaqirim, ya’ni chaqirim deganni kilometrga mengzab aytayotirmiz… Shuncha masofa uzoqlikda ikki chol gurungini tasavvur qiling! Qanday tovush kerak bunga!

Hozirgi “sotka”larimizning ham chidash bermay joni chiqib ketar-ov!

Malla bobo sarguzashtlari

Egamqul otam Sulaymon cholning O‘nardan keyingi o‘g‘li. O‘ziga yetarli jindor boboy edi. Xotinboz edi, deb aytmayman, biroq taqdir taqozosi bilan besh marta uylangan. Ne tongki, uch o‘g‘il, bir qizi faqat bir kampiridan tug‘ilib edi. Qolganlariga tulligicha javob bergan edi.

Biz bolaroq edik, ikki kampirini yaxshi eslayman: biri qop-qora, semizroq, unisi uzun bo‘yli, sariq kampir edi.

Egamqul otam attorlik qilar, Kattaqo‘rg‘ondan ul-bul opkelib xotin-xalajga sotar edi. Misol, hayitda bir xurjun holva, boshqa vaqtlari arzon mato, saqich, hushtak, matobo‘yoq, achchiqtosh, yog‘och qoshiq, iroqi do‘ppi, qovun qirg‘ich, shunga o‘xshash eng kerakli narsalar olib kelardi. Boshqa attorlarga o‘xshab qishloqma-qishloq, uyma-uy kirib yurmas, shundoq uyida pullab qo‘yaqolardi. Insofli bo‘lganini haligacha aytib, qiliqlarini eslab yurishadi. Kelinlarining har biriga o‘zi ot qo‘yib, faqat shu laqab bilan atar, atay o‘zining ismini bilmaganga olib ketaverardi. Masalan, bir necha kelinlarini “yovg‘on” deganini ko‘rganman, faqat tanimoli bo‘lish uchun bo‘lsa kerak, “katta yovg‘on”, “kichik yovg‘on” deya aniqlik kiritib qo‘yardi o‘zi. Opkelgan molini boshqa narsaga, misol, tuxum, echkining juni yoxud ba’zan o‘ziga kerakli biror buyumga ham almashtirib ketaverardi. Nazarimda, eng “uchib ketadigan” moli bo‘yoq edi, qizig‘i, Egamqul otam mana shu bo‘yoqlarining ishlatilishida ham ustida turardi. Oq junga buni ishlat, qorasiga uni, muncha miqdorda qo‘sh, achchiq toshdan buncha qo‘sh, ko‘p qo‘shsang ipni qotiradi, oz qo‘shsang bo‘yoq tez ketib qoladi, deya kechgacha katta qozonda suv isitib, quchoq-quchoq yigirilgan iplarni bo‘yayotgan xotinlar bilan aralashib yuraverar edi. U odam bilan yaqinlashish ham, arazlashish ham oson edi. Birdaniga “Otangning qoq lahatiga!..” deb so‘kib qoldimi, tamom edi, shu kuni demak, kim bilandir qirpichoq bo‘ldi deyavering.

Qoramag‘izdan kelgan kelinlar, hatto nevaralari ham “mo‘ltoni”atalardi. “Toshbaqa”, “soyaki” kimligini ham bilamiz.

O‘zi sariq odam bo‘lgani uchun yangalari “malla” deyar ekan. Bu yangalarning, qayn ismini tutmaslik irimidan kelib chiqqan, biroq u og‘izdan og‘izga o‘tib to nevaralarigacha yetib kelgan, ne murodkim, bizlar-da “Malla ota” deb yuraverib, to esimiz kirib, xat-savod o‘rgangunimizga qadar “Malla ota”ning asli Egamqul chol ekanini anglamaganmiz.

Hayit saylida “ushbullak”, ya’ni hushtakning turli rangdagisi, bir-biriga tamom yopishib yotgan, rang-barang, cho‘pi bilan og‘izga tiqqaningda birpasda erib tamom bo‘luvchi xo‘rozqandlarning ham asl muallifi Malla otam edi. Kattaqo‘rg‘on saqichi, baraka topgur kim ishlab chiqarar ekan-a, kunjut holvaday kulcha shaklida bo‘lar, otamiz xohlagan yeridan besh, o‘n, yigirma tiyinlik qilib sindirib uzatib yotar edi. Sabil shunisi bilan qiziq edi. Hozirgiday turli-tuman o‘yinchoqlar yo‘q, o‘nlab bolalarning og‘zida birdaniga churillay boshlagan yigirma tiyinlik “ushbullak” eng qimmatbaho matoh edi. Sayil erta tongda, tong qorong‘isida machit yonida boshlanar, ur-to‘polon bilan bir soat ichida tamom bo‘lar edi. Buncha shoshilinch, nega tong qorong‘isida – hech aqlim yetmaydi. Hozir ham xuddi shu “Nonber ota” machiti yonida hayit sayli bo‘ladi, hozir ham holva sotiladi, lekin “ushbullak” yo‘q, jiyan, nevaralarga sovg‘a ulashish yo‘q, chunki hayitsiz ham o‘yinchoq bor, hayit kunisiz ham holva, hatto xurmo tiqilib yotibdi. Endi odamlar o‘zgacha hashamat bilan qurilgan yangi machitga hayit namozini o‘qish uchun keladilar. Avval uch-to‘rt mulla chol tor, zax bir xonaga kirib namoz o‘qigan bo‘lsa, ehtimol, buni ham bilmaymiz. Biz machitning yaqiniga ham yo‘lamas, yo qo‘rqar, yo haddan ziyod muqaddas deb o‘ylar edik. Hatto machit hovlisidagi daraxtning shoxini sindirib qo‘ysak, og‘zimiz qiyshayib qoladi yoxud qo‘limiz shol bo‘ladi, arvoh uradi, deb qo‘rqar edik. Bizning tasavvurimizda bu yerda arvohlar yashaydi, yaqinlashgan kim­saga ziyoni tegaverar edi…

Ota-onalarimiz ham bu irimga ishonganlari uchun shunday bo‘lgan, ehtimol.

Malla otamning biz bilgan qora kampiri ancha saxovatpesha edi. Kaminani ayricha yaxshi ko‘rib erkalardi. Bitta tuxum keltirib, shu moyakday saqich bering, desam, moyakday saqich berar, so‘ng “qora-qura qaqajonlar” uni bir chaynamdan tishlab bo‘lib, achqimtil-taxir bo‘lishiga qaramay, to uxlaguncha zo‘r berib chaynar va uxlaganda so‘lak bilan qo‘shilib erib yostiqqa, undan sochimizga yopishib qolib, abgorimiz chiqib yurar edik. Abgorimiz chiqqani shundaki, ertalab onamizga shikoyat qilsak, darhol qaychini olib, saqich yopishgan besh tiyinlik tangaday joyni o‘yib qirqib tashlar va biz boshiga temiratki chiqqan boladek ko‘chada iymanib yurar edik.

Malla otam o‘jarligi uchun bo‘lsa kerak, qishloqqa boshqa attor oralatmas edi, hayqirib, baqirib so‘kib o‘rtaqirdan oshirib qo‘yar edi. Buloqdan Rahmon baqiroq, Berdibuloqdan Berdi to‘mor bu qishloqqa faqat Malla otam yo‘qligida birrov oralab, darhol ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib jo‘nab qolar edi. Shunda ham Malla otam daragini bilib qolsa, tek o‘tirmay cho‘biriga minib boyoqishlarning dodini berib qaytardi. Alhol, kelinlarining: “Aka, nega buytasiz, sizda yo‘q narsalar u attorda bor ekan, nima qipti, haydamang!” deb zorlanishlariga quloq ham solmay, jerkib tashlar edi:

– Ota-bobongning qoq lahatiga… hammangning!

Shu xitobdan so‘ng jami qishloq xotin-xalaji uy-uyiga pusib dami chiqmay qolardi.

* * *

Egamqul otam dutor chertib qo‘shiq xirgoyi qilardi. Uyida ikkita dutor osig‘liq turardi. Uyining ortida “jitirma”, ya’ni yerto‘laga o‘xshash qorong‘i, past tomi bo‘lib, ichida har balo, egar yasaydigan uskuna, mollarning quritilgan paylaridan tortib har xil temir-tersaklar uyilib yotar, mezon shamoli yegan, qishga saqlangan qovun-tarvuzlar ham shu yerda qalashib yotar, shiftidagi qarag‘ay xodalariga esa kampiri qishqi behilarni qator qilib ilib chiqar, kirganingda di­mog‘ingga gup etib behi va qovun hidi urilib, boshing aylanib ketardi. Ammo boshqa tuynuk yo‘qligidan ichi mudom qop-qorong‘i bo‘lar, kunduz kuni ham sham yoki fonus ko‘tarib kirmasang, ichkaridan biror vaqo topolmasding. Jitirma – yitirmaning ma’nosi shu bo‘lsa kerak.

Sulaymon bobomning usta qo‘li shu o‘g‘ilga, undan o‘z o‘g‘li O‘mirqulga o‘tgan bo‘lsa kerak. O‘mir akam ham, Xudo rahmat qilsin, oz umr ko‘rgan bo‘lsa-da, juda pishiq egar yasar, odamlarning uylariga yasagan eshik, romlarni haligacha maqtab gapirib yurishadi.
So‘nggi kampiri Xonbegi enamiz suluv ayol edi. Malla otamning kichik o‘g‘li Xalil akamni juda qattiq suyar, xuddi o‘zi tug‘ib katta qilgandek yeru ko‘kka ishonmasdi. Egamqul otam kampirini urib-so‘kib qo‘yib yuborgach ham, onamiz to‘y-ma’rakalarda ayollardan Xalil akamni so‘rab-surishtirar, ham gapirib, ham sog‘inib yum-yum yig‘layverar ekan.

Bu kampiri pastki Kamarovul qishlog‘idan edi.

Men bolaligimda bu qishloqqa talay marta borib, ikki-uch kunlab yurganman. Sababi, shu qishloqda otamning singlisi Qandolat ammam turardi. To‘rt o‘g‘li, to‘rt qizi bor, serfarzand, qizi Maktab men tengi, Abduhamid mendan ikki yosh katta edi. Yozgi ta’tilda Abduhamid tog‘asi Omon akamning uyida u-bu ishlariga qarashib yurar, ko‘pincha jiqillashib urishib ham qolardik. Maktab ham Omon akamnikiga kelib, ikki oylab yurib, biz bilan bir sinfda o‘qib, so‘ng shu haqda ma’lumotnoma olib, o‘zining maktabiga ketar edi.

Ammam o‘pka kasalidan ko‘p qiynalar, tinimsiz po‘killab yo‘talar, oqshomlarni ham uyqusiz o‘tirib o‘tkazar, har to‘lib yo‘talganda “Ha, sag‘ana qolgur!” deb yo‘talini qarg‘ab norozi bo‘lib qo‘yardi.

Ammamning uyining orqa tarafida, toshloq soy bo‘yida Usmon degan gung chol yashardi. Biz ermaktalab bolalar kunchuvoqda erinib o‘tirgan cholni o‘zimizcha gapga tutar, u bo‘lsa ishoralar bilan nimalardir der, qo‘qqisdan xunuk tovush chiqarar, shunda qo‘rqib ketib urra qochar edik. Shumligimiz tutib yana yig‘ilishib kelsak, bu safar chol yaqiniga yo‘latmay, tosh otib quvib solardi. Biz bo‘lsak uni masxaralab qochardik. Holbuki, u tentak emas, miyasi butun odam, aybi – gungligi edi.

Mening Xonbegi enam shu cholning singlisi ekan. U boshqa joyga turmushga chiqibdi. Yana tug‘mabdi. Lekin har kelganida Xalil akamni eslab, sog‘inib ammamga yig‘lab ketar ekan…

* * *

Egamqul otam dastavval xuddi ertakdagidek soydagi buloq bo‘yida bir qiz bilan tanishadi. Bu qiz qishloqning tengsiz suluvi edi. Ana-mana to‘y qilamiz deb yer tepishib turganida otamizni urushga chaqirib qolishadi. Qarag‘andada poyezddan o‘zini tashlab, oyog‘i lat yeb, undan Semipalatinskda davolanib, keyin shtrafbatalonda xizmat qilib, kimlarningdir ko‘nglini olgan chiqar, urushga bormaslikning ilojini qiladi. Urush tugaganda qaytsa, o‘sha kuni suyuklisining to‘yi bo‘layotgan emish. Qarang, xuddi kitobdagidek. Yangalaridan bu gapni eshitgach, ot qo‘yib qizning uyiga boradi-da – norg‘ul, baquvvat soldat emasmi – qizni otga o‘ngarib opqochib keladi. Soldat to‘yi bilan kelin to‘yini qo‘shib yuboradi. Bu – bo‘lgan voqea. Momomiz hozir ushbuni o‘qib turgan ba’zi boshqa odamlarning momosi bo‘lishi mumkin edi. Ayb etmasinlar bizni, bu bo‘lib o‘tgan rost gaplar, nachora, boshqa momodan o‘ragan nevara bo‘lding nima-yu, shu suluv kampirdan tarqading nima – taqdir shuni yozgan ekan-da. Tarixdan o‘pkalashga na hojat. Malla otamdan o‘pkalashga ham na hojat. Dunyo ayvonida endi ular yo‘q. Pishqirib, yovqurlashib yashab o‘tib ketishdi.

Egamqul otamning xuddi o‘sha ayolidan Salomat ammam, O‘mir akam, Suyun akam, Xalil akam tug‘ilgan. Kattalar o‘tishdi. Farzandu nevaralari bir olam.

Xalil akam – kenjasi barvasta bo‘lmasa-da, juda kelishgan, yumshoqtabiat, aqlli odam. Ota qo‘li, rubob olib qo‘shiq aytib turadi. Uyatchang. Odam to‘plansa, aytmay qo‘yadi.

Xonbegi onamizning suyub-erkalashi, sog‘inib ko‘zyoshi to‘kkanlaricha bor…

Egamqul otamning qarib, betoblanib to‘shakka mixlanib qolgan kunlarini yaxshi eslayman. Shu yotishida ham kelinu nevaralarini laqab bilan chaqirar edi. “Yovg‘on”, “Toshbaqa”, “Palakat”, “Serri”.

Ammo o‘g‘illariga boshqacha baqirar edi:

– O‘mir, Suyun! Menga bir kampir obberinglar! Shuytib yotmas edim, uyalganimdan turib ketar edim. Meni uylantiringlar axir, ey serri, ho‘kiz, go‘r­so‘x­talar!

Uylantirishmadi.

Bobom ham kutib o‘tirmay, bu dunyoga taloq qo‘yib yubordi…

O‘zi qora, ko‘ngli oq

Qora otam, ya’ni Ovloqul otam Egamqul otamdan ham o‘tib tushgan qaysar edi. Negadir bir onadan bo‘lsa ham, biri sariq, biri qora edi. Qora otamga ham nomni yangalari qo‘yishgan. “Qora bola” deyishgan chiqar. Picha vaqt eski maktab ko‘rgan, uncha-muncha suralarni oyog‘ini osmondan qilib o‘qib tashlar edi. Shu bois ba’zilar mulla Ovlo deyishardi. Birinchi xotinidan Sanobar ammam va Ismoil akam tug‘ilgan, kampir qaytish bo‘lgach, ikkinchisiga uylangan, bunisi bilan turmush yaxshi bo‘lmagan, bir tuqqan, bola turmagan, keyin qo‘ygan. Ichi qoraroq ayol ekanini yaqinlarda Ismoil akam aytib bergan.

Qora otam urush ko‘rgan. O‘zining aytishicha, to Berlingacha nemisni quvib tashlab qaytgan. Lofi ko‘p edi. Yoniga o‘tqizib olib, biz kabi teshikquloq bola-baqrani obdan ishontirishga urinar, har zamon bu gaplar bekor ekanini kimdir aytib qo‘yardi-da, hafsalasini yomon pir qilardi. Ammo keyingi safargi suhbatda yana yangi maqomda, qo‘shib-chatib hikoya boshlardi, deganlariga o‘zi ham ishonib ketardi, chamasi. Qizig‘i, qishloqdan birga ketgan bir guruh quroldoshlari – Narziqul tog‘a, Hamro bo‘la, Juma tog‘a, Hamid bobo, Ikrom tog‘a, O‘rol tog‘a, Mansur tog‘a bir joyda xizmat qilgan. Mansur tog‘a og‘zidan, Ikrom tog‘a oyog‘idan, Qora otam chap qo‘lidan o‘q yegan.

Ana shu cho‘loq qo‘li bilan ketmonni sog‘ odamdan zo‘r chopardi. O‘t o‘rar, o‘tin qilar, tog‘dan bodomcha, shuvoq chopib eshakka ortib kelardi. Shiddatli, chars, shunga yarasha juda mehnatkash, eng muhimi, mehribon, bag‘ri issiq odam edi. Men chaqaloqligimda avlodimizda tengqur bolalar bo‘lmagan ekan, shu boismi, yangalar, bobolar, momolar o‘rtasida doim talash bo‘lgan ekanman. Onam xamir qoradigan tog‘oraga o‘tqazib qo‘yarkan, yuvosh ekanman, shu joyda kechgacha miq etmay o‘tiraverarkanman. Qora otam pastki ovuldan bu yoqqa yo‘li tushsa, meni tog‘ora-pog‘ora bilan qo‘shib uyiga ko‘tarib jo‘narkan, shunday qilmasa birov javobgar qilarmidi?

Qora otam ham akasi Malla otam kabi birovga ot qo‘yishga usta, biroq biz kabi nevaralarini o‘zgacha mehr bilan yaxshi ko‘rar, piypalab iskar, soqolining tikanaklari bilan atay yuzing, bo‘yningni tirnar, qitiqlar, oxirida tom shiftiga osilgan qushxaltadan yegulik mevalar olib uzatar, so‘ng uning narxini falon so‘m deb aytib, otang shuni to‘lab, keyin seni opketadi, deya o‘zicha jiddiy qo‘rquv solib, uyiga erinmay qamab ham o‘tiraverardi.

Nega axir, bu odamlarning shuncha vaqti ko‘p edimi, mehri o‘z farzandlaridan ortib yotarmidi, e’tiborsiz bo‘lsa ham bir joyi kamayib qolarmidi?

Bir qadar esimizni taniganimizda ham, Qora otam bizni quvlab yurar, qochsak chopib izimizdan kelardi, ushlamay qo‘ymasdi. Yetsa piypalagani-piypalagan edi. Lekin biz xuddi g‘anim quvlagandek jon-jahdimiz bilan qochardik.

Qishda hammayoq qorga to‘lib ketardi. Ertalab mol-holga, so‘ng esa pastki ovulga bir kurak siqquday yo‘l ochilardi. Bo‘lmasa u yoqdan baland tovushda “Padaringga qusur”, “Ot tepkurlar”, “Yovg‘onlar”, “Otangning qoq lahatiga!” deya yo Malla otam, yo Qora otam yo‘l ochib kelaverardi. Bu odamlar bir-biriga qattiq gapirar, ayblashar, mundoq qarasang o‘shqirayotgan bo‘lardilar, endi-endi o‘ylasam, bir-birlarini ayagan ekan, boshqacha qo‘pol so‘zlar bilan aslida mehr bildirgan ekanlar. Bu mehrdan esa biz bolalar tamom bezor edik.

…Qarasam, ro‘paradan Qora otam choponining o‘n­giri burgutning qanotiday hilpirab chopib kelayotir, ura ortga qochdim. Etigim toyg‘inchoq edi, bir-ikki munkib ham ketdim. Yo‘lakdan chiqay desam iloj yo‘q, gurtuk qorga botib qolaman. Qora otam o‘ljani qo‘ldan chiqargisi yo‘q, shasht bilan yugurib kelayotirki, bir poy kalishi gurtukka uchib ketdi ham, mahsichan ilgarilayotir. Shu vaqt ro‘paramda suzong‘ich qoraola sigirimiz paydo bo‘ldi. Sigir ma’qulmi, Qora otammi – birpas ikkilanib turdim-da, sigirning yonidan aldab o‘tib ketmoqchi bo‘ldim. Baxtga qarshi yana etigim sirpanib ketib naq umbaloq oshib tushdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, shu holimda sigir ustimga bostirib kelyapti. Har qalay, shoxi badanimga tegmadi-yu, lekin qattiq, do‘ng peshonasi bilan meni qalin qorga botirib kirgizib yubordi. Buning endi vahimasini ko‘rsangiz, sigir xuddi jonimni chiqarib olayotganday baqirib dodlayman. Qora otam qandaydir mol tagini tozalaydigan belkurakni topib olibdi-da, sigirning quymichiga qarsillatib urib quvib yuribdi. Bu urishda jonivorni belangi qilib qo‘yishi ham hech gap emas. Ayollar duvillab chiqib cholni to‘xtatishdi.

Qora otam qorga so‘lagini cho‘zib nos tupurdi-da:

– Bermon kel, dabba. Hech nima qilmadimi? – dedi.

Qora sigirdan qutulib, Qora otamga tutildim.

Qasoskorning qo‘liga tushganim uchunmi, har qalay, o‘zim bilib-bilmay yuvoshlanib qolgan edim…

* * *

Hayit kuni edi. Sayildan qaytyapmiz. Endi maktabga boradigan kattagina bolaman. Yonimda sinfdoshlarim. Qora otam sayildan eshakda qaytayotgan ekan, bizga yetib olib, qo‘qqisdan eshakdan tusha solib, akang qarag‘ayni quvib jo‘nadi-ku, toyg‘oq yo‘lda darrov yetib oldi. Qorga burkab rosa piypaladi. Nima deb jerkinganim esimda yo‘q, ammo shu safar juda xafa bo‘lib yig‘laganman. Sinfdoshlarning oldida izza bo‘lganman-da. Sakson sakkizinchi yil bir jurnalda Qora otam haqida “Qora chol” degan hikoyam bosildi. Boboy nevaralaridan biriga uni o‘qitib eshitibdi. Mana shu gaplar, kampirini urishi, urush hangomalarini lof-qof qilishlarini kula-kula yozganman. “Hay, bachchag‘ar, otasini o‘shak qipti-da”, debdi. Mening o‘zimga hech narsa demadi, biroq xafa bo‘lgani shu gapdan ma’lum.

Kampiri Musal enamni yaxshigina do‘pposlar edi. Nozikjussa enamiz necha bor xalacho‘pda tayoq yeganlarini ham eshitardik. Balki bu gaplar haqiqatan o‘shak, ya’ni g‘iybatdir. Ular har ikkovi chin dunyoga ketdi. Musal enam ham farishtali kampir edi. Qushnoch, odamlarni davolar edi. Vosvosga uchragan odamning davosini o‘sha zahoti aytar, ko‘plarning palakatdan qutulib qolishiga sababchi bo‘lgan edi. Buni hamma gapiradi. Tirnoqqa zor kelin-kuyovlarga ham to‘g‘ri maslahatini berar, bir necha o‘g‘ilga muhtoj odamlarning o‘g‘illi bo‘lishiga yordam berganiga guvohman. Bu endi tug‘masakni tug‘dirardi degani emas, ba’zi birovlarga senda urug‘ ko‘rinmayotir deb ham ochiq aytaverardi. Bir kishi haqida uning belida bola yo‘q, kichkinaligida o‘ynab yurib quduqqa tushib ketgan, vahimaga tushib qo‘rqib urug‘i qurib ketgan, degan edi. Nega, bolasi bor-ku, deganman. O‘ziniki emas, dedi, taajjublandim: qanaqasiga? Do‘xtirlarning ustakorligi-da. Yana taajjublanaman.

– Gapirtirasan-da, bolam.

Bez bo‘lib turganimni ko‘rib:

– Kelinchakning tuxumdoniga begona erkakning uru­g‘ini solib tuvdirib og‘on, tushundingmi? – deb ba­qirib yuborgan.

Bu sirni menga aytganiga pushaymon yedi, shekilli, darrov teskari o‘girilib gapirmay qo‘ygan. Menga esa xafa bo‘lish kayfiyatidan ko‘ra boyagi yangilik o‘ta muhim tuyulganmi, ag‘rayib qotib qolganman.

– Bor, ket endi! – deb jerkigan qushnoch enam teskari qaragan ko‘yi.

Turib chiqib ketdim. Xafa ham bo‘lmadim. O‘zi enam rahmatli jini tutsa, birdan tusi o‘zgarib, boshqa odamga aylanib qolardi.

Bemor kelib dardini ayta boshlasa, tinglab o‘tir­masdi. Titroq tutib “hayy!” deya uzun esnab olardi-da, shartta ag‘anab besh yo o‘n daqiqa uxlab olardi. So‘ng turib u yoq-bu yog‘ini tuzatib olardi-da, turgan uyining qanday joyda o‘rnashgani, agar ahamiyatli bo‘lsa, falon joydagi kultepada ziyon ilashgani, qorachadan kelgan, ko‘zlari chaqchaygan bir juvon irim qilib uyiga, yostig‘iga, ko‘rpasiga yoki biror joyga duo bekitganini ko‘rib turgandek gapiraverardi, lo‘liga o‘xshab o‘zi borib topib, qizil qo‘y so‘ydirib, falon so‘m ata, deb yotmas, nari borsa, bir qora xo‘roz buyurib hojatini ravo qilib yuboraverardi.

Enamiz o‘zi yetimlikda katta bo‘lgan, o‘gay onasi ko‘p azob bergan ekan. Bir mahal ena kech tushganda suv olib kel, deb yosh qizni buloqqa jo‘natadi. Borsa, buloq bo‘yida bir suqsurday kelishgan qiz soch tarab o‘tiribdi. Oldida bir butun non.

– Mana bu nonni olaket, ochqagandirsan, – debdi haligi nozanin. Enamiz unamagan. Shunda haligi zo‘rlab nonni qo‘ltig‘iga tutqazibdi.

– Dugona, o‘zing ham ochqab-netib yurma-da, – deb ming istihola bilan nonning yarmini ushatib olibdi. Uyga kirgan zahoti o‘gay ona boshlaydi-ku to‘polonni. “Nega hayallab ketding? O‘ynash orttirgansan, shu nonni o‘ynashing bergan, uyni haromga to‘ldirding, ket, yo‘qol, o‘l!..” Enamiz haligi qiz non berganini isbotlayman deb borib qarashsa, hech zot yo‘q, soch tarab turgan suluv uchdi-kuydi joyida yo‘q. Qiz bechora kaltakning tagida qoladi. Odamning zolimi yomon bo‘lar ekan, tayoq bilan uraverib, qizning bir ko‘zini ko‘r qilib qo‘yadi. Enam saksonga kirganida ham o‘sha hikoyasini eslab achinar edim, oq chandiq qoplagan ko‘ziga qarab ezilardim. Enam bo‘lsa “E, attang, o‘shanda mortuvning nonini butun olishim kerak ekan, hozirgidan yuz barobar bilgir bo‘lar edim”, deb afsuslanardi. Qiziq.

Yana ham qizig‘i, Xudo bergan taqdirni har qancha bilgich bo‘lsa ham anglayolmay qolarkan-da kishi. Hali tetik edi, to‘qsondan oshar derdim, nevarasining mashinasida cho‘lga ketayotib halokatga uchragan. Mashinada birgina enamning o‘sha zahoti joni chiqib ketibdi. Boshqalar omon qolgan.

Hoy bolam, oyog‘im tortmayapti, bir palakatni sezyapman demagan. Tush-push ko‘rganiniyam aytmagan.

Mening pokizagina enam…

“Kelin-kuyov” kurashi

Ismoil akam Ovloqul otamning Xudodan tilab olgan yolg‘izgina o‘g‘il tirnog‘i edi. Shunga yarasha qo­ruvligina bo‘lsa ekan, ellik-oltmish kilodan ko‘p vazn bosmas edi. Xudo bergan oqko‘ngil, hay-hay, og‘zini ochsa yuragi ko‘rinadiganlardan edi. “Edi” deyotganimning boisi, akani ham shu yilning erta bahorida oltmish olti yoshida boy berganmiz.

Aka Ovloqul otamning birinchi kampiridan. U enamizni biz bilmaymiz – erta qazo qilib ketgan. Ismoil akam, garchi kambag‘al, bolajon odam bo‘lsa-da, yozg‘irmaydigan odam edi. Faqat bir kun menga yorilgisi keldimi, bolaligini eslab yig‘ladi. O‘gay enasi ko‘p azob-uqubatlar bergan ekan. Buloq qishlog‘idan opkegan ekan uni Qora otam. “Eriga bildirmay o‘gay bolani o‘z-o‘zidan uraverar ekan, men-ku mayli, o‘gayman, o‘zi tuqqan chaqaloq ukamni ham bosib o‘ldirib qo‘ygan. Bir vaqt urib hammayog‘imni shilib, ko‘kartirib tashlaganida otam nima bo‘lganini so‘ragan, jim o‘tiraverdim, so‘rayverdi, yig‘lab yubordim. Otam gap nimada ekanini tushunib, o‘gay onamni shu qadar qattiq ura boshladiki, oxiri cho‘zib sulaytirib tashladi. Alamiga chidayolmagan ena chaqaloqni bosib nobud qildi. Otam uni hayvonday urib… haydab qirdan oshirib yubordi. Qaytib ko‘rmadim”.

Musal enam “Ismoiljon, jon bolam” deb gapirardi. Bosh farzand Sanobar ammamni ham “Sanavarjon” deb erkalardi. O‘zi Safiya opamni tug‘di. Ismoil akam Oysara chechamga uylanib, qatorlashtirib farzandlar tug‘dirdi. Xudoyim bir joydan bermasa, boshqa tirqishdan ol qulim deb yuborar ekan-da. Hovlisi bolaga to‘ldi. Bir yilda ikki martalab to‘y qildi. Birini uylasa, ikkinchisini turmushga berdi. Bola parvarishiga ko‘milib qoldi. Ismoil akam avval Pangat sovxozi va biopunkt direktori Husan Hakimov qo‘lida ishlagan. Yap-yangi “Belorus” traktorni mast bo‘lib qirdan yumalatib yuborgan, o‘zi bir yashik pivo bilan qirda omon qolgan. Shundan so‘ng Hakimovning ko‘ziga qarashga uyalib ishga chiqmay qo‘ygan. Kechirimli oqsoqol ekan yoxud bu oqko‘ngil insonni yaxshi ko‘rganidan bo‘lsa kerak, ish ustida, qo‘raga yemish tashiyotgan vaqti falokat sodir bo‘ldi, deb dalolatnoma qilib, boshqa traktor ham va’da qilgan, maoshini ham to‘xtatmagan. Biroq akam shu oriyat yuzasidan qaytib oqsoqolga yo‘liqmadi, bir umr ko‘ziga ko‘rinmay qochib yurdi.

Traktor degani ham u mahal toza isqot qolgan ekanmi, akam cho‘lda, Zafarobod tumanida ham bir muddat traktorchilik qilib yurib avariya qilgan, yiqilib jag‘i, tishlari singan. Og‘zidagi to‘rtta tishi bilan umrining oxirigacha yurdi. Hoynahoy, chol otasining tishidan kamroq edi desam ishonavering-da qo‘ying. O‘sha halokatdan keyin munkislanib, biroz soqovlanib qolgan. Yaqin-yaqinlarda ham o‘g‘illari or qilib tish qo‘ydiraylik deb qo‘ydirolmadilar. Sababi, akam tish taqsa battar soqovlanib gapirolmay qolar ekan. Jahldor Ovloqul otam baqirib-so‘kib urishsa ham, baribir o‘g‘lini ayar edi, traktorni dumalatganda bir-ikki xalacho‘p yeganini inobatga olmasa, deyarli kaltaklanmagan.

Akam armiya xizmatidan qaytgan yili uylangan. Bo‘yi o‘zidan biror qarich baland Oysara chechamni qizil saman otga mingashtirib tepa ovuldan pastki ovulga – o‘zining uyiga optushgan. Orasi juda yaqin edi. Kuyov yigit kelinni otdan ko‘tarib tushirib qo‘yganini ko‘rib xotinlar “Voy, beti qora, nima qilgani bu, sharmanda-a!” deyishgan. Rusiya o‘rmonlarida daraxt kesib kelgan sog‘lom yigit parvo ham qilmagan. Yoqilgan gulxan atrofida kelinni uch bora aylantirib, so‘ng shinelining yoqasini tik qilgancha o‘zi ham g‘oz turavergan. Shinel… o‘sha kunlarning yarashiqli kiyimi o‘zi shu edi-yov. Uyam kimda bor, deysiz. Hamma kuyov ham xohlagan vaqti mana shu shinelni topolsa, do‘ppisini osmonga otsa bo‘lardi.

Kelin salomni doim hayotdan mamnun shaddod Mastura xola aytar, childirmani bir xil tarzda urib-urib, bir maromda qo‘shiq qilar, har zamon ikki qoshi o‘rtasiga juvoldiz bilan urib qo‘yilgan ko‘kimtir mayda xolini ko‘z-ko‘zlayotganday qosh uchirib, o‘zicha “Hayt jonidan!” deb qiyqirib qo‘yar, tomoshatalab erkak, ayol, bola-baqra uchun bu qiziq edi. Zamon hayotida o‘zi qiziqlik shu – to‘y edi. Ichganing bir kosa sho‘rva, lekin kechgacha to‘yda to‘ydim deb shataloq otganing otgan edi. Davra so‘nmasligi uchun gulxanni so‘ndirmaslik lozim, shu bois cholma, tappidan tortib Ovloqul otam tog‘dan eshakda tashigan shuvoqlarni ham olovga dastalab uloqtirar edik. Bundan burunroq Mastura xolaning o‘g‘li Jo‘raboy tog‘aning sunnat to‘yida bir yigit rubob chalib Ortiq Otajonov va Olmaxon Hayitovaning qo‘shiqlarini zo‘r berib kuylab yotganida o‘rtog‘im bu yoqqa qara, dedi. U bizdan to‘rt yosh katta Tenglash akaning fufaykasi orqasiga ingichka chumakli choynakda bildirmay suv quyib shakl yasardi. Avvaliga bu hol beadablik, Tenglash aka bilib-netib qolsa o‘rtog‘imni naqd bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yishini o‘ylasam-da, uning sezmayotganidanmi yo bu surbetlik obdan kulgili ekanidanmi, qotib-qotib ichaklarim yulinib ketguday kuldim, qizig‘i, bu holni keyin uning ukasi, bizga sinfdosh bo‘lib birga o‘qigan Abduvali jo‘ramiz ham ko‘rgan, uyam negadir birgalashib kulgan edi.

O‘rtada bir yigit goh Olmaxon, goh Ortiq bo‘lib ohang tortadi, rubobni o‘ynatadi, birpas mediatrni tishlab torlarni tuzatib ting‘ir-ting‘ir qilib qolsa, o‘rtadan taklif tushadi:

“Juda zo‘r aytding, uka, sho‘xroqlaridan ham bo‘lsin, yoshlar o‘yinga tushsin.

Hofiz xuddi Ortiq Otajonovday odob bilan:

– Xo‘p bo‘ladi, talablarga binoan, – deydi-da, rubob dastasini pastga, balandga ko‘tarib-tushirib, tiringlatib sho‘x chala ketadi. Gulxan yorug‘ida sabza mo‘ylovini yana bir silab, suvsar telpagini biroz ko‘taradi-da, – deydi.

– Qani, jonon qizlar, o‘yinga marhamat!

Sho‘x-sho‘x o‘ynar edim,

Sen bilan qirg‘oqda men…

Hech kim o‘rtaga chiqmaydi. Bir payt Gulsum opa degan sakkizinchi sinf o‘quvchisi, sochi tovoniga dovur bir o‘rim tushgan, kelishgan, suluv qiz davradan bir o‘zi ajralib chiqib, gulxan tevaragida o‘z-o‘zidan muqom qilib o‘ynay ketdi. Nazarimda, Toshkentdagi eng yaxshi raqqosalar ham o‘ynasa, shundan oshirmaydi. Faqat shohi atlas, bejirim nimcha, oq yaltiroq tufli, toshlari elektr chirog‘i shu’lasida yalt-yalt etguvchi manglayqosh bo‘lsa bas edi. Goh tez-tez yurib, goh to‘xtab-to‘xtab, engagi ostida qo‘llarini qiya qayiqcha qilib bosh tebratib qo‘yar, bunga sari qo‘shiqchi ham avjga minib “hayt!” deb qo‘yar, qo‘shiqdan chiqib: “Quling o‘rgilsin saning!” derdi ilhomlanib. Hamma, tavba, bizdan ham o‘yinchi artist chiqar ekan-ku, degan taajjubda. Chunki bir-ikki Mastura xolaga o‘xshagan yoshi o‘tgan kampirlardan boshqa biror qiz-juvon qo‘lini ko‘tarib davraga chiqib o‘ynamas, uyalar edi. Gulsum opaning poyabzali, ya’ni kalishi ham yangi, yangi bo‘lmasa ham yog‘langanday top-toza ko‘rinar edi. Gulxan bo‘yiga boshqa hech kim chiqmadi, Gulsumning bir o‘zi o‘ynayverdi, hofiz qizdan ko‘z uzmagan ko‘yi “Zebolanib kelibsiz”, deya ikkinchi ashulani ulab ketdi, har zamon qiz yoniga o‘ynab kelganida boyagiday odatdan tashqari “O‘rgilsin quling!” deb hayqirar, yarim egilib ham qo‘yar, bu hayqiriq olomonga ham, qizga ham ma’qul kelayotgandi, lekin shu paytda orqa tarafdan bir yigit yulqinib chiqib qizning qo‘lidan ushlab qoldi.

– Bo‘ldi! – dedi u.

Qiz xijolat bo‘ldimi, birpas to‘xtadi-da:

– Nari tur, qo‘shiq tugasin, – dedi.

– Bo‘ldi deyapman! – deb baqirib yubordi yigit. Qiz uning ko‘kragidan itarib yubordi-da, raqs tushishda davom etdi. Uning xiromoni hammaga yoqayotgan, ich-ichidan tasannolar aytar, “Qo‘y, o‘ynasin” degan xitoblar ham eshitildi.

Yigit tek turmay tag‘in gulxan yoniga chiqdi. Qiz muqom qilib ro‘parasiga kelishini kutib turdi va kelgach bor kuchi bilan yuziga shapaloq tortib yubordi. Qiz lovillab yonayotgan yuzini changallagancha davradan chiqdi. Ho‘ng-ho‘ng yig‘lab yigitni qarg‘adi. Shu ko‘yi uyiga qarab ketdi. Yigit ham sekin uning ortidan yurdi.

Bu Gulsum opaning ukasi To‘lqin edi…

Hozif qo‘shiqchi oxirigacha aytdi. Tugatib:

– Afsus, odamlar orasida san’atni tushunmaydiganlari ham bor. Shuning uchun zo‘r talantlar qish­loqlarda qolib ketayotibdi. San’atni xor qiladi bundaylar, – dedi.

Shu bilan davra sovidi. Qo‘shiq bo‘lsa ham o‘yin bo‘lmadi. Mastura xola:

– Bolamning to‘yida o‘yna hammang, manov artist Ishtixonday joydan kelib o‘tiribdi, – deya biroz silkinib o‘ynadi.

Gulsum opa shundan keyin birorta to‘yda o‘ynamadi. Sakkizinchi sinfni bitirgach, erga tegib ketdi. Olis qishloqda bola ko‘paytirib yurganini eshitamiz.

Oysara chechamning ham etagi to‘la farzand ekan, Ismoil akam jo‘rttaga bir iskab qo‘ysayam, yukli bo‘lib qolaveradi, keyingi faslda ingalatib bir chaqaloq armug‘on qiladi.

Ismoil akam otasiga o‘xshab bola-baqrani bosib-piypalab “mazlum” qilmagan bo‘lsa-da, baribir bolajon edi. Birovning ko‘nglini qoldirish qo‘lidan kelmas edi. Kimdan ko‘p, kimdan oz umr ko‘rdi. Endi-endi bilayapmizki, er-xotin tamoman bir-biriga bag‘ir bosib qolgan ekan. Gap shundaki, to‘rt yil bo‘ldi, urchuqday aylanib, kelinlarga ham ish qildirmay, ro‘zg‘orning xizmatini qilib yurgan Oysara checham hadaha biqinim-biqinim deb yurib ozgina vaqt yotdi-yu, dunyosiga qo‘l siltab jo‘nab yubordi. Ismoil akamning garangi chiqdi. Dardu dunyosi qorong‘ilashib ketganini birov bilmagan ham. O‘g‘illari boshqa uylantirishga urinib ko‘rishdi. Jiyanlaridan biri Ingichka tomondan o‘rislashganroq birini topibdi. Akam borib ko‘ribdi ham, ma’qul kelib o‘sha kuniyoq taksiga bosib opkelibdi. U yoqda tanishganimda yoshini ancha kamaytirib aytgan ekan, kelib yoruqqa tutib qarasam, yoshi menga yovuqligi bilindi, deb kuladi akam. O‘sha kuni aptekadan buncha, do‘kondan buncha qarzim bor dedi, e, ulay-bulay bilan bir milliyonni bo‘yinga olib keldim.

Hammasiyam mayli, har kech kirganda yanga yevropaliklarga o‘xshab ovqat oldidan ikki yuz gramm uradigan odati bor ekan. Avvaliga, xo‘jayin, bayram qilmaymizmi, deb o‘zi taklif kiritadi. Akam bolalari va kelinlaridan uyalishini aytib, bu odatni tashla, jo‘ra, deb iltimos qiladi. Lekin har kech aroq sasib turadi, deydi. Taqiqlash qo‘lidan kelmagani akaga alam qiladi.

– Endi jo‘ra, siying bitdi, – debdi oxiri akam, – kavushing uyingga qarab to‘g‘ri turibdi, kiy-da, jo‘na, oramiz ochiq sen bilan.

Xuddi shuni kutib turganday, yo‘l puli so‘rabdi.

Pulni berib, uyida xayrlashib, haydaganday qilib chiqaradi aka.

Undan oldin ham, keyin ham ba’zilarini eshitdim. Aka uch marotaba muvaffaqiyatsiz nikohni boshidan o‘tkazdi. Zerikib, Oysara chechamni qo‘msab yurgan kezlari sho‘tanoq ukalaridan biri:

– Ismoil aka, siz shoshmay turing, bugun-erta sizni bir baquvvatiga uylantiramiz, xotin ko‘rganday bo‘­lasiz, yopishib shu bilan yashab ketasiz. Muhimi – u xotin rozi, – deydi.

– Kim ekan, bilsak bo‘ladimi?

– Taniysiz, eshitsangiz xursand bo‘lasiz. Hozircha sir. Ertaga Ko‘mak akanikiga o‘tirishga borasiz, o‘sha yerda og‘a-inilar bilan bamaslahat hal qilamiz bu ishni.

Shu kuni sho‘tanoq uka Ko‘mak akanikiga boribdi.

– Endi aka, bilasiz, Ismoil akam yolg‘izlikdan qiy­nalib yuribdi, bir yordam qilmasangiz bo‘lmaydi, – debdi.

– Xo‘sh, men nima qilib yordam beray, xotin top, sovchi bo‘lib boray.

– Yo‘q, sovchilik kerak emas, rozi bo‘lsangiz bo‘ldi.

– Nimaga rozi bo‘lay?

– Adash chechamni akaga bermasangiz bo‘lmaydi. Ko‘k­ragidan urib qolgan.

– Ie, hali men o‘lganim yo‘q-ku, o‘lmay turib xotinimni tortib olasanmi? Kalla-pallang ishlaydimi, o‘zi?

– Gap shundaki, – debdi sho‘tanoq, – Adash polvonning o‘zi ham rozi, bir kelib kuyov yigit qo‘limni so‘rasa mayli, ergashib ketaveraman deyapti. Siz qarshilik qilmang, xo‘pmi?

Sho‘tanoqning avzoyiga qarab gap nimadaligini tushungan Ko‘mak aka kutilganday shartini aytibdi.

– Gap bunday, Ismoilday ukamizga bir xotin sa­dag‘alar bo‘lsin. Shart shuki, ertaga kelganda ikkovi kurashsin, Ismoil yiqitsin, ol halol – opketaversin. Biz rozi.

Shanba kuni Ko‘mak akanikida yeyishma-ichishmadan keyin kelishuvga muvofiq boshqa uyda Ko‘mak akaning xotini va Ismoil akam o‘rtasida kurash marosimi uyushtirilgan.

– Bir, ikki, uch – boshlandi! – shunday deya sho‘tanoq shartta chiroqni o‘chiradi.

– Bo‘ldi! – deya qichqiradi Adash checha. Chiroq yoqilsa, yigit yotibdi – chalqancha, abgor, hansiraydi. Ustida go‘masdan bo‘lib Adash checha o‘tiribdi.

– Oyog‘imdan birov tortganday bo‘ldi, – deydi Ismoil akam inqillab.

– Turing, checha, sizniki halol. Lekin, qarang, kuyov bola norozi bo‘lyapti, yana bir olishing.

Boyagiday yana chiroq o‘chiriladi. Ismoil akam gup etib “kelin”ning ostiga tushadi.

– Endi-chi? – deydi sho‘tanoq. – Yana oyog‘ingizdan ush­ladimi birov?

– Yo‘q, lekin endi chalaman deganimda o‘zim chalinib ketdim. Xuddi birov ataylab…

– Bo‘ldi, aka, o‘ziyam checham gupchak qilib urdi, ba­hona qilavermang, chalqancha tushganingizda bir narsa “pirt!” etdi. Shimingizning u yoq-bu yog‘iga qarang. Checha siz og‘ir gavda bilan bosavermang-da, yana bir joyi pirtillaydi hozir…

– Ha… – deya qolganini ichida so‘kinib, tel­pagini topib kiyib, jo‘nashga shaylanadi aka.

– Bir qulayi kelgan edi, Ismoil aka, qo‘ldan boy berdingiz-da. Hay, attang.

Sho‘tanoqlardan biri shunday deya bosh chayqab kuladi. Ismoil akam oyog‘imni tortgan shu deb o‘ylab challipatrang qilib so‘kadi.

Ko‘mak akaning katta o‘g‘li bo‘lsa:

– Mol sinalgan mol edi, quruq qoldingiz-da. Otam ikkimiz hasratlashib, jalov Ismoil akamda ketdi, ana endi siz xotinsiz, biz onasiz qoladigan bo‘ldik, ko‘p kuyinmang, Ismoil akam qo‘yganlarning polvonrog‘ini sizga qaytarib opkelamiz, deb turib edim, – deya “ham­dardlik” izhor qiladi.

Ismoil akam bunga sari uni ham bo‘ralatib so‘kadi. Anvar esa iloji boricha akaning so‘kishini eshitmaslik chorasi bilan uning og‘ziga aroq to‘la piyolani tutib:

– Oling-oling, shuning uchun oling, rahmat, juft bo‘lsin, ha, akang qarag‘ay, tagida qolmasin, – deya qis­tayveradi.

Aka noiloj uni sipqoradi. Yana so‘kishga og‘iz juftlaganida Anvar gazak deb og‘ziga ilik tutadi. Aka so‘kishga qo‘ymayotgani uchun zavqi kelib, o‘zi ham ag‘anab-ag‘anab kuladi.

Ko‘mak aka o‘g‘li Anvarga qarab deydi:

– Hay, bunga nega aroq berasan, enangga quy. Yiqitgan bumi, umi?

Bizning og‘a-inilar shunaqa, gap, hazil bilan bir-birini oborib-opkeladi. Bir narsani gap qilib hammaga shov-shuv qiladi, kimdir o‘sal bo‘ladi. Biroq oxir-oqibat buning tagida oddiy hazil, bir odamnigina mot qilishga qaratilgan qitmirlik yotgan bo‘ladi.

O‘shanda Ismoil akam amakisining xotiniga uylanishni xohlagan deysizmi? Sho‘tanoq aytgan zahotiyoq bu yerda bir gap borligini sezgan, lekin Ko‘mak akani mot qilsam kerak, o‘libmanmi, erkakman-ku, Adash chechani yiqitarman, deb o‘ylagan.

Ko‘mak aka puxtaroq chiqqan.

Qay bir qo‘l chetdan kelib, Ismoil akamning oyog‘iga yopishishi, chiroq o‘chirilishi ham uyushtirilgan.

Ismoil akam buni, hatto o‘sha qo‘l kimniki ekanini ham yaxshi biladi. Bilib turib qo‘l egasini so‘kadi. Qo‘l egasi ham akaning shubhalanayotganini biladi, shu va ayni onasi akaga yanga bo‘lishini yaxshi bilgani uchun Anvar ham qozoqcha so‘kishlarga chidab, aybi ichida, tumshayib turaveradi. Qaytanga, kulib yengadi.

Bu gaplar el aro yoyilib, kulgi bo‘lib, tildan tilga o‘tib eskirgach, Ismoil akamga tag‘in xotin izlashga tushishdi. Xolmurod bir kunda Jizzaxning Paxtakoridan boladan tingan, otasining uyida ikki sigirga chorvador bo‘lib mixlanib qolgan ayolni topdi-yu, o‘ylab-netib, so‘rab o‘tirmay uylantirdi-qo‘ydi.

Hozir nima ko‘p – qishloqni ham, shaharni ham bosib ketdi – taksi ko‘p. Bittasiga o‘tirib, bozordan bir kilo oq, bir kilo sariq qand olib, to‘g‘ri bostirib borishgan. Taksi ko‘chada kutib turadi.

Otasi – bir chol odam ekan, qo‘lini bigiz qilib Ismoil akamni ko‘rsatib:

– Hay, bola, men senga ishonyotippan, lekin mana buning g‘irt jinoyatchi, ko‘zi aytib turibdi, hoynahoy, o‘g‘irlik ham qilsa kerak, qizimni baxtsiz qiladi bu! – deydi.

– E, bobo, bu odam pishakni “pisht” deyishdan oldin ham bir o‘ylab oladi, qiziq ekansiz, nimalar deyapsiz? – deydi Xolmurod.

– Men senga ishondim. Yosh bo‘lsang ham, kayvonichilik qo‘lingdan kelar ekan, agar qizimning ko‘zidan yosh sho‘rg‘alasa, sening yoqangdan olaman.

Ismoil akamning o‘zi bo‘lsa, g‘irt jinoyatchiga chiq­qanidan bukilib-bukilib, qotib-qotib kularmish.

Shuytib, bir kunda savdo pishib, Ismoil akam xotinli bo‘ldi-qoldi. Ikki yilgacha gap-so‘zsiz yashab yurishdi. Yanga poshsho ham bolalarga, kelinlarga singishdi. Nevaralarni o‘zinikiday bag‘riga bosdi, ko‘tardi, yupatdi. Xolmurod ham akamni bir kunda baxtli qilib qo‘yganman, he, yuribsan-da baring, deb katta gapirib yurdi.

Lekin Ismoil akamning o‘zi…

Atigi to‘rt kun avval o‘g‘li Isroilnikida o‘tirib menga telefon qildi. Dimog‘i chog‘ edi. Kelinning tu­g‘ilgan kuni ekan. Amakivachchalar Jozil, Xolmurod ham shu yerda, ular akaga ketma-ket qadaq uzatib, evaziga so‘kish eshitayotganlarini ham bildim. Telefonda kayfiyatidan ma’lum edi.

Ismoil akam kelinga bir pachka pul tutqazgan.

“Keyingi tug‘ilgan kuningda beramanmi-yo‘q. Borida olib qo‘yaver, pensiya olganman”, deb mardlik qi­libdi. O‘sha kunlari “Oysarani sog‘inyapman-da, cha­qi­rib qo‘ymayapti”, deb yurgan.

Odam soppa-sog‘ bo‘lsa, bu gaplarga hech kim e’tibor qilmaydi. Ko‘z ochib ko‘rgani, bolalarining jonday onasi edi, qo‘msayotgandir, deb o‘ylashgan. Keyingi ikki kunda yangi yangamiz bilan ham ko‘rpa-o‘rinni boshqa qilgan. Yanga bundan xavotirga tushgan. Qabatidan ketmaslikka tirishgan. Jerkiyvergach, majbur, boshqa uy­ga o‘tib yotgan.

Keyingi kun tong saharda… og‘ilxonaga kirib…

Yangamiz chala uyquda orqasidan borsa, tanasi sovib bo‘lgan ekan. U o‘zini yulib, o‘zini qarg‘ab yig‘laydi. Endi nima foydasi bor?

Onasi Musal enam tirik bo‘lganida bu ishlar bo‘l­mas edi. Shundayku-ya, lekin enamning o‘zi ham… axir kim yashashni xohlamaydi – ajalni sezmay qoldi-ku.

Ismoil akam Oysara yangamni o‘rtanib sog‘ingani rost. Ha, rost, og‘aynilar, Ismoil akam Oysara yangamning diydorini sog‘inib yurgan, imlayvergach, bu hayot bilan xo‘shlashib qo‘yaqolgan. Hayotdagi barcha lazzat, zavq yangamning visolichalik shirin tuyulmagan.

Men buni to‘g‘ri deb hisoblamasam ham, yaxshi his qilaman…

Hech kimning xotini bemahal, bir-biriga suyanib turgan mahal ketmasin. Juda og‘ir…

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 11-son