Sobir O‘nar. Olishuv (hikoya)

Bobosher Hanifaga xat yozganmish. Bu — Bobosherning elchisi Nurmat to‘rtko‘zdan chiqqan gap. Abdimurod Bobosherning raqibi. U elchining bekorga bunday javramayotganini sezadi. Elchi Abdimurod bu «yangilik»dan so‘ng endi qay ahvolga tusharkin, deb kuzatadi. Abdi esa o‘zini qo‘lga olib, sovuqqonlik bilan chidaydi, tishini tishiga bosadi.
Nurmatga o‘xshagan elchilar har bir sinfda bo‘ladi. Masalan, VIII «V»ning sardori (shefi) Bobosher. Bobosherning o‘zi kimu u darg‘a bo‘lgan sinfda elchi kim bo‘lardi, Nurmat-da. Abdimurod VIII «A»ning shefi. Elchisi — Juma tentak. Nurmat to‘rtko‘z Bobosherni, Juma tentak Abdimurodni hozirgi VIII sinf aqlini tanigandan beri bir-biriga gij-gijlab keladi. Ammo hali-hanuz bu ikki «pahlavon» biror marta yakkama-yakka chiqib urishmagan, «mardu maydon ichra» olishmagan. Sinfdoshlari Abdimurodning bo‘yiga qarab fol ochishadi. Yana nima deb: «Bobosheringni bizning Abdi qo‘ltigiga bir bog‘ bedaday qistirib, momosinikiga olib borib keladi». Bobosherning sinfdoshlari uning toshbaqanikiga o‘xshash kalta va yo‘g‘on qo‘liga qarab bichib-to‘qishadi: «Shu qo‘llar bir chirpanib Abdimurodning beliga yopishsa bormi, e, Xudo ko‘rsatmasin, qorniga zo‘r kelib…»
Bir hakam kelib, ikkala polvonni olishtirib, ikki tomondan birining populdirig‘ini pasaytirib qo‘ymadi. Natijada, «Abdimurod o‘ninchidagi To‘xliyevni oyog‘ini osmondan keltirib uribdi», «Bobosher turnikka yigirma besh marta iyak yetkazib tortinibdi», degan uzun-quloq xabarlar maktab bolalari o‘rtasida quyunday paydo bo‘lib, shamolday tez tarqalardi. Bu kuni qarasang, narigi botir uzunlikka olti metrga sakraydi, unisi yetti metrga. Sakkiz, o‘n metrlargayam sakrashadi… Keyin sinfdoshlardan bilag‘onrog‘i jahon rekordidayam bunday yuqori natija qayd etilmaganini uqtirgach, bu bahs «balandlikka sakrashda Bobosher o‘tib ketardi», «Yo‘g‘-e, Abdimurod!» degan baqir-chaqirli tortishuvlarga aylanadi.
Raqiblar go‘yo bir-birlariga «agent» qo‘yib, shular orqali zimdan — mafkuraviy kurashardilar.
— Abdimurodning joni yo‘qqa o‘xshaydi, — deydi bir kuni Saydaz.
— Ha, nimaga?
— Ertalab Sher koridorda eshikka suyanib turuvdi, Abdimurod, yaxshimisiz, deb o‘zi ko‘rishib ketdi.
Abdimurod duv qizarib, endi og‘iz juftlayotganda, qayerdandir To‘rtko‘z paydo bo‘ladi.
— Ming qilsayam shep shep-da. Bekorga tarbiyalayotganimiz yo‘q. «A»dan qo‘rqsak, nima degan odammiz.
Abdimurod zo‘rlab kulmoqchi bo‘ladi. Biroq u o‘zini bosolmay alamzadalik bilan so‘kib yuboradi. Elchiyam so‘kadi va qochadi. Eshikda qora bulutday bo‘lib Sher ko‘rinadi. Burgut burgutning ko‘zini cho‘qimaydi. Aldamchi qush, chaqimchi qush, zag‘chalarning ovozi har tarafni tutib ketadi…
Boshida aytganimizday, bugun to‘rtko‘z narigi sinfdagi Hanifa to‘g‘risida gap topib keldi. Avval aytib o‘taylik: to‘rtko‘z uchun, agar u bilan kecha urishgan bo‘lsangiz uncha ahamiyati yo‘q; bugun bemalol ochilib-sochilib gapiraveradi sizga — xuddi hech gap bo‘lmaganday.
Bir marta, beshinchi sinfdaligidamidi-ey, Abdimurod koridorda ketayotsa, elchi qo‘lini uning ustidan darvoza qilib qolgan. Keyin: «Va-a-a, bo‘ying o‘smaydi endi!» deb kalaka qilgan. Abdimurodning qattiq jahli chiqqan. Aslida-ku, bu tentakcha qo‘lini darvoza qilgani bilan birovning bo‘yi kaltarib yo o‘smay qolmaydi, bu — bo‘lmagan gap. Lekin Nurmatning kalakasi uning jinini qo‘zitdimi, shartta yoqasidan oldi. Rasm muallimi Eshbek aka ko‘rib qolib, ular endi jiqqa-musht bo‘lay deganida ikkovining ham qulog‘idan tortib o‘qituvchilar xonasiga olib kirib ketdi. Janjal sababini surishtirib bilgach, elchini sinfiga yetaklab kirib, qoloq Xolida bilan birga o‘tqazib qo‘ydi. Maktabda agar biror nomaqbul ish qilib qo‘ysang o‘qituvchilar qiz bola bilan o‘tqazib qo‘yamiz, deb qo‘rqitishardi. Hatto qizlar tomondagi partaga o‘tirsang ham kalakayu nadomatdan qutulolmaysan: bolalar qiyqiraverib yoningdagi qizni naq sening sevgilingga aylantirib qo‘yishadi. Agar qiz bola biror qiliq qilsa uning ham holiga voy: qoloq bir o‘g‘il bolaning partadoshi bo‘ladi, to yig‘laguncha. O‘shanda rasm darsi tugagunga qadar Nurmat Xolida bilan o‘tirgan. Keyin doskalarda «Nurmat –Xolida – sevgi!» degan yozuvlar paydo bo‘lgan. Nurmat tanaffusda yig‘lamsirab, alam qilib jo‘ralarini so‘kkan edi. Jo‘ralari esa battar avjga chiqishgandi. Ha, qishloq o‘quvchisi uchun bundan izzalirog‘i yo‘q!
Nurmat o‘zi shu kalakalarga loyiq edi; qachon qarasang peshonasidan g‘urra arimaydi, ehtimol, u «to‘rtko‘z» degan laqabni shuning uchun ko‘tarib yurgan chiqar. Bekordan bekorga Hanifani gapirmaydi u. Bir oylar burun «B» sinfdagi Hanifa Abdimurodga xotira daftarini bergan. Unda odatdagiday bosh qismida tabrik uchun sahifa, so‘ngra «Orzu», «Ona», «Do‘stlik» deb sarlavha qo‘yilgan sahifalar bor edi. Aytishlaricha, Abdimurod shu «qonun»ni o‘zicha buzgan emish. Hanifaga sevgi izhor qilgan joylariyam bor emish. Nurmat uni o‘qib «Hanifa, nima uchundir doim o‘ychan, ma’yussiz» degan joylarini yodlab olibdi. O‘shandan beri Abdimurodni ko‘rib qolgan joyda o‘zicha ming‘irlab: «Hanifa, nima uchundir doim o‘ychan, ma’yussiz» deb o‘tib ketadi. Oldida o‘zining yaqin jo‘ralari bo‘lsa, xoxolab kulishadi – Abdimurodga o‘sha so‘zlarni yozgani uchun ming pushaymon qildiradi. Agar Abdimurod, nega odamni masxaralaysan, deb uning yoqasidan olsa, u: «Men senga nima qildim, bor, ishingni qil», deydi. Yana qo‘shimcha qilib: «Nima, ko‘chada gapirganiyam qo‘ymaysanmi endi zo‘rman deb, bilamiz, zo‘rsan, faqat Sherdan kamkuchsan», deydi. Abdimurod esa nimagadir unga sira gap topib berolmaydi. Nega deganda, Nurmatimiz shunaqa-da – o‘ziga suv yuqtirmaydigan xilidan.
Uzunquloq gaplarga qaraganda shu kunlarda Abdimurod: «Endi nima qilayin, Hanifa, axir, seni Bobosher sevarkan-ku?» deb she’rlar yozayotganmish. Bu ovozaning muboshiri ham Nurmat. Kuni kecha u katta tanaffusda, bolalar maktab hovlisidagi hovuz tevaragida qaldirg‘ochlarday tizilishib o‘tirganda: «Hanifasi tushmagur Bobosherimizni sevib qoptimi-ey, bugun ikkovimiz qolaylik darsdan so‘ng, deganmishmi-ey» dedi. Hovuzning narigi qirg‘og‘ida o‘tirgan Abdimurod baralla aytilgan bu gapni eshitmay qolmasdi. Bolalar qiqirlab kulishardi. «yo‘g‘-e, yo‘g‘-e» deyishdi ba’zilari. Qisqasi, Nurmat shu gapni aytdi. So‘ng, go‘yo niyatiga yetganday Saydazni yetaklab bufet tomon chopib ketdi.
«A» sinfdagi Juma tentak Nurmatga o‘xshab ayyorlik, hiyla degan narsalarni bilmaydi. U o‘z sinfining «B» sinf oldida kam ketishini xohlamaydi, xolos. Shuning uchun Abdimurodga xayrn xoh — Bobosherning oldida sinfdoshini maqtab gapiradi. Uni «B»ning shefidan ustun qo‘yadi. Qaysi fandan «besh» oldiyu muallim uni nima deb maqtadi — barini yodlab olib aytib yuradi. Hatto Abdimurodning javob berayotganda o‘zini qanday tutganini havas bilan so‘zlaydi. Lekin uning tentak degan nomiyam bor: Juma ba’zan, ko‘ngliga o‘tirmasa o‘rtog‘ini ham ayamay qoladi: so‘kib ham, jarga itarib ham ketaveradi. Jini tutmasin uning. Abdimurod hali uning pishagini pisht degani yo‘q. Shuning va o‘rtog‘iga boyagi ixlosining evaziga narigi sinfdagi «dunyo xabarlari»dan og‘iz ko‘pirtirib yetkazib keladi. Bir kuni darsdan so‘ng Abdimurodga yorilib, xuddi uning holini tushunayotganday:
— Hanifa baribir uni yaxshi ko‘rmaydi, — dedi.
Abdimurod uni jerkib tashlamoqchi bo‘ldi-yu, tag‘in… «Nima, bu menga laychami Bobosherning laychasiga o‘xshab», deb o‘yladi. Ko‘zlariga tikilib turib, birdan yumshadi — hurmatining belgisi bu degan qarorga keldi o‘zicha.
— Abdimurod, sen yozgan yo‘qdirsan anavi xotiradagini?
Abdimurod indamadi. Juma darhol xulosa qildi: «Sevarkan!»
— Yaxshi ko‘rsang, borib o‘ziga aytmaysanmi, buncha gap bo‘lgandan ko‘ra…
Juma bu gapni tashida aytdimi, ichida aytdimi — o‘zi ham bilmay qoldi. Yo‘q, ichida aytgan ekan — Abdimuroddan sado chiqmadi.
O‘sha kuni… Ha, Abdimurodga sevgi, Bobosherga g‘arazli rashk aralash to‘polon tuyg‘ular ato qilgan o‘sha kunlarning birida bu maydonsiz bellashuvlaru turli shubhalarga birdan — birato‘lasiga barham beriladigan bo‘lib qoldi. To‘satdan, tomdan tarasha tushgan yanglig‘ kelib qoldi bu fursat. Maktab sport maydonchasining chekkasida — Savron boboning chorbog‘i ichidagi tizzaga uradigan o‘t ustida ikki pahlavon bel olishadigan bo‘ldi. Endi barcha kinoyalarga, «kim zo‘r?» degan javobsiz gumonlarga o‘rin qolmaydi. Kutilmaganda, adabiyot muallimi Quddus aka eshakdan yiqilib kelmay qolgan, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Sa’dulla aka majbur bo‘lib ikki sinfni birga qo‘shib o‘tadigan soatda. O‘sha, yog‘ochlari chirib, tikan simlari osilib yotgan Savron boboning chorbog‘ida.
«Davra kengroq bo‘lsi-in!» deb jo‘ralarini orqa tomonga surib-itarib yurgan Ismoil baqaloq deganimiz kayvonilikda otasidan qolishmay, o‘qituvchilar bilan go‘yo qirq yashar odam bo‘lib gaplashadi. Gapining so‘nggida kattalarday «olloga shukur» deb qo‘yishniyam unutmaydi. Hozir ham Sa’dulla akasidan tap tortmadi. Sinfdoshlari Ismoil tushmagurning nafaqat kayvoni, ham shoir ekanligini bugun bildilar. U chap qo‘lini beliga tirab, o‘ng qo‘lini havoga siltab doston ham o‘qiy ketdi. Qurmag‘urning ota-bobosi shoir-da, bir so‘zlarni qo‘shib-chatib to‘qiy ketdi:
Munisi Alpomish,
Alplarning biri.
Munisi Ko‘kaldosh,
To‘qsonning zo‘ri.
Alpomish deb Abdimurodni, Ko‘kaldosh deb Bobosherni ko‘rsatdi.
Oybarchinxon bugun talash bo‘ladi,
Bugun bir zo‘r olish — kurash bo‘ladi.
Ey, haloyiq, ikkiga bo‘linaylik. Qayog‘ing qalmoq, qayog‘ing o‘zbek?
— Bizlar o‘zbek, — chuvilladi «A».
— Io‘q, bizlar o‘zbek, — qichqirishdi «B».
— Kelishib olaylik, bu yog‘ing o‘zbek. Nega deganda Alpomish o‘zbek. Bu yog‘ing qalmoq — Ko‘kaldosh qalmoq, — u «B»ni ko‘rsatdi.
— Boshlanadi bir zo‘r kurash… — deb yana baxshilik qildi Ismoil.
— Hanifaxon bunda talash, — dedi kimdir.
Elchi (to‘rtko‘z) bolalarning orqasiga yashirinib
olgan edi…
— Kim u? Bekmirzami? Tilingni kesib olaman hozir.
— Men emas, to‘rtko‘z.
— Bo‘ldi, tillaringni tiyib o‘tiringlar.
— Kayvonicha-ey…
— Kayvoni kampir….
— Kurashadigan bo‘lsanglar, boshlanglar-da endi, — dedi Sa’dulla aka.
— Bular bir-birovidan qo‘rqayapti.
— Noma’qulni aytibsan, Boboshering qo‘rqayapti., Shalpayishini qara.
— Bo‘ldi! — deb qichqirdi Ismoil. — Bek Alpomish ham, alp Ko‘kaldosh ham bir-biridan qo‘rqmagan. Qani endi, bo‘linglar sizlaram. Noz-firoqlaring tugagandir?
Abdimurod kostyumini yecha boshladi. Keyin botinkasini yechdi. Bobosher ham shunday qildi.
Ismoil sayradi. Olomon hayqirdi:
— E-hey!
— Ol-a!
— Bor ekansan-ku, baqaloq!
Boshlandi. Ikkoviyam bir-biriga belini bermay enkayib olishdi. Odatda bunday boshlangan kurashlar uzoq davom etadi. Hammaning dami ichiga tushgan.
Yalang oyoqlar o‘tda pistoqi rang oldi. Peshonalar ter oldi. Abdi barzangi, sher — kaltabaqay. Abdi oyog‘ini bermaydi. Sher — belini. Enkayishib, bir-biriga og‘irliklarini tashlab yuraverishdi. Kurash uzoq davom etdi…
Abdimurod o‘zini o‘nglagunga qadar raqibi ustidan bosib oldi. U yiqilishiga ishonib qolgan, endi faqat yelkasini yerga tekkizmaslikka harakat qilardi. Bobosher esa uni salmoq tashlab bosaverdi, u g‘irromlik qildi — raqibining yuziga tirsagini tirab ayamay o‘zini tashlab yubordi. Abdimurod «vohh» deb chitinib ko‘zini yumdi. O‘zini qo‘yib yubordi.
— Oh-a, taslimmisan? — pishqirdi Bobosher, — taslimmisan, taslimmisan? — U yana butun gavdasi bilan sapchib tushib bosaverdi.
— Bo‘ldi, ey, go‘rso‘xta, — deb Bobosherni tortib yubordi muallim. — Ahmoqmisan, nima balo bo‘ldi senga?
Jumaning lablari titrab ketdi.
— He, onangni… Nima qip qo‘yding buning boshini? — deb baqirib yubordi.
Abdimurodning boshidan sizib qon oqar, ko‘ylagidan sirg‘alib orqasidan tushardi. Boshi o‘tlar orasidagi qiyasiga kesilgan tol novdasiga tekkan, qulog‘ining ortidan yarim qarich joyni tilib yuborgan edi.
Shundayam «B» sinfdagi Nabi, Nurmat, Abdivalilar quvonganlaridan chapak chalib irg‘ishlay boshlashdi. Boshqalar ma’yus qoldilar. Qizlar «voy o‘ldim-ey», dedilar. Bobosher esa jilmayib hammaga qararkan:
— Oldinroq yiqitishim kerak ediku-ya, prosto… — deb pishqirdi-da, so‘ng Nurmatning qo‘lidan kamzulini olib kiydi. Sa’dulla aka unga:
— Nomard ekansan-ku, shunaqa kurashadimi odam? Bor, jo‘rangga yordam ber, — deb po‘pisa qildi. Bu orada Juma tentak bilan Nurmat janjallashib qoldilar. Juma so‘kinib, dabdurustdan Nurmatning chakkasiga shapaloq qo‘yib yubordi.
Boya Abdimurod cho‘kkalab qolganida Nurmat oyog‘ini tutib qolgan, chalib yuborgan emish, Juma unga yopishibdi, so‘kibdi. Ular janjallashib yotganlarida, Sa’dulla aka ularga andarmon bo‘lganida bu ahvol ro‘y beribdi.
Sa’dulla aka kabinetidagi aptechkadan bint va dori keltirib Abdimurodning boshini bog‘ladi. So‘ng Abdimurod jo‘ralaridan ajralib suv bo‘yiga borib yig‘ladi. Yig‘layotganini bildirmaslik uchun soy suvidan betini yuvib turdi. Tanaffusga chiqqan bolalar unga achinib qarashdi, u esa ojizlarcha, bolalarcha yig‘lardi. Juma uning yig‘layotganini sezib turar, girdida Bobosheru uning elchisini bo‘ralatib so‘kib aylanishar, qon tekkan ko‘ylagini yuvishardi.
— Hammasi Nurmatdan bo‘ldi, Nurmatdan! Onangni… Hali ko‘rsatamiz ularga.
Abdimurodning qalbida alam cho‘g‘i balandroq o‘t oldi. Endi u o‘zini to‘xtatib tura olmasdi. Barcha alamlari tiliga ko‘chmay iloji yo‘q edi:
— Ularni birma-bir o‘ldi!..
Ha, u shunday dedi. Qizishdi. Erta bir kun bu so‘zni butunlay yuragidan chiqarib tashlashi mumkindir. Lekin hozir… Hozir u o‘zini to‘xtata olmasdi. Shu holatda sinfga kirishniyam istamasdi. Ammo Juma qistayvergach, u sinfga bordi. Darsda qizargan ko‘zlarini yashirib oxirgi partada o‘tirdi. Shu holatda uch soat o‘qidi. Tanaffuslarda ham o‘rnidan jilmadi. Uyiga ketgisi keldi. Ammo uyiga borib nima deydi? Boshini partaga qo‘yib oldi. So‘nggi soatda shu alpozda, boshini partaga qo‘yib yotganida Tesha muallim kirib keldi. Abdimurod ham turib salom berdi. Muallimning «Nega?», «Nima bo‘ldi?» degan savollariga javob bergach, o‘tirayotib partasining ustida bir kitob ko‘rdi. Sirtiga qog‘ozdan jild qoplangan kitobni olib ichini ochdi: «So‘na». Flamaster bilan quyidagilar yozilgandi unga:
«Abdimurod, ular qanchalik mayda bo‘lsa, sen shunchalik ulkansan! Shu kitobni ol.
Qo‘ldosheva H».
Abdimurodning ko‘z o‘ngida har doim endigina to‘yib-to‘yib yig‘laganday bo‘lib ko‘rinuvchi qizning siymosi namoyon bo‘ldi. U ich-ichidan jo‘shib, quvonib, hatto «So‘na»ni bag‘riga bosib kuylagisi keldi. Kuylasa, kuylayversa. Kuylab turib yig‘lasa…

1988