Sobir O‘nar. Jondor. Jayraning oyog‘i

Otamzamon hangomalari turkumidan

JONDOR

Otam rahmatli ovchi emas edi, lekin hayvon zoti, ayniqsa jondordan – bo‘rini bizda shunday deb qo‘ya­qolishadi – qo‘rqmagan. Men buni baralla aytaman. Sababi u odam umrida biror marta yolg‘on gapirmagan. Qirq yillik to‘pori, sodda va bag‘rikeng Hamza cho‘pon edi. Umri qir va tog‘larda o‘tdi. Cho‘ponlik, bilasizmi, endi eslasam o‘sha davr uchun eng bemaza kasb ekan: na kechasi, na kunduzi orom yo‘q, tinim yo‘q, qo‘yni yo molni birovning oldiga solib, aqalli bir hafta ta’tilga chiqib dam olish yo‘q. Chamasi yoz chillasida qo‘ylar yotoqjoyda bir necha soat boshlarini egib yoxud yotib tin olgandagina otam bir choynak choyga suvi qochgan nonni botirib yeb olgach bir yo bir yarim soat mizg‘ib olardi. Kunning tafti picha pasaya boshlagach qo‘ylar turib quyoshdan boshlarini bekitish uchun bir-birlarining “pinj”lariga suqilgancha to‘da-to‘da bo‘lib jovdirab jo‘nay berardilar. Otam o‘rnidan turib chaylatom yoniga yalangoyoq o‘tib qo‘lini peshonasiga tirab ovozining boricha “hay-ayt!” deb baqirar edi. Ana shunda naqd besh yuzta qo‘y sergak tortib bir-biriga qo‘shilar va bir tomonga qarab o‘rlab jo‘nar edi. Ovozning baquvvatligi ham bir hunar ekan deyman endi-endilar. Ikki chaqirim masofadan molning boshini qaytarib qo‘yish ham shunchaki ish emas.

Echki ahmoqroq jonivor keladi.

Qo‘y undan ham battarroq, to‘rt yuz-besh yuztasi o‘nta echkiga ergashib jo‘naydi. Axtalangan taka – serka janoblari bo‘lsa, bo‘yniga taqilgan qo‘ng‘iroqni yuksak martaba bilganidan bo‘lsa kerak, otarni qulay-noqulay joylarga boshlab ketaveradi. Qo‘ng‘iroq cho‘pon uchun bir belgi: qo‘ylar qayerda ekanini chamalab oladi. Otarga jondor oralaganda ham dastavval echki tovush beradi. Qo‘y bo‘lsa darhol taqdirga tan berib miq etmay turaveradi.

Bir bo‘lgan hangomani aytay. U vaqtda otam yoshroq bo‘lgan ekan. Keragatosh tomonda mollarni bir joyga to‘plab, shox-shabba, tezakni to‘plab, choygumni qaynatib, choyni ichib bo‘lib mulgib, endi uyqu elitib chiydomini ustiga tortib turgan ekan, bir echkining “baqirig‘i” qulog‘iga chalinibdi. (Ha, echki naqd baqiradi, ma’radi deyish, qanaqadir o‘xshamaydi). Favqulodda baqiriq bir falokatning daragi. Otam o‘rnidan turib tovushning qayerdan kelayotgani va masofasini chamalabdi. Ayvonsifat joylashgan toshning uchigacha engashib kelib qarasa, jondor echkini ermak qilib (qorni to‘qroq shekilli) u yoq bu yoqqa siltab urib yotipti. Odatda bo‘ri molning bo‘g‘zidan oladi. Savqitabiiy yirtqichlik sezgisi bilan jonchiqar joyini mo‘ljallay oladi va hamlada deyarli adashmaydi. Echki hadeganda murdor bo‘lib taslim bo‘lavermagach, bo‘ri oxiri uni tappa bosadi hamda g‘ippa bo‘g‘ishga tushadi.

Otam tosh olib chamalaydi, tayoq olib chamalaydi. Oxiri chiydomini yechib, ehtiyot shartidan oldiga tutadi va… bor og‘irligini solib etiklari zarbi bilan bo‘rining yelkasiga tushadi. Shu holda chiydom bilan jondorning tumshug‘ini o‘rab oladi. Birov o‘sha zahoti bo‘rining umurtqalari sinib ketuvdi, o‘z-o‘zidan joniyam chiqib ketgan, Hamza akaning toshiyam hazilakam emas-da, deydi. Birov esa otang chopqisini ishga solib bo‘rining bo‘g‘zidan tortib yuboruvdi, deydi.

Ikkoviyam xuddi ko‘rganday gapiradi.

Otamning o‘zi bo‘lsa xuddi uzoq tarixni o‘ylaganday yoki xira tushni eslaganday, yoki bo‘lmasam xushlamaganday turaveradi. Jondor haqida nimagadir gapirgisi kelmaydi.

Shunaqa edi mening otam…

JAYRANING OYoG‘I

Jayraning go‘shtini dorilikka yeyishadi, deb eshitganman. Bodga, xafaqon, mijozga foydasi haqida gapiradilar. Inida kavsh qaytaradi, deyishadi. Bilasiz, ayrituyoq yo kavsh qaytargan hayvon halol emish. Biroq jayraning oyog‘i aynan chaqaloqnikiga o‘xshashi odamni seskantiradi. Buni men Qulmat jo‘radan eshitganman.

Qulmat jo‘ra boyagi Faqir boboning kichik o‘g‘li. Ko‘pirish bundayam bor. Lekin “jo‘ra, otangnikiyam yetadi, sen sal kaltaroq qayt!” desak, “he, o‘linglar” deya shashtidan tushib qoladi. Uning unda-bunda sheriklari bilan toqqa chiqib olqor, to‘ng‘iz otganiniyam bilamiz. Lekin jayra oviga bir o‘zi chiqqan. Tizza bo‘yi qor yog‘ib, odamlar gurtikdan yurolmay turgan kuni akasining armiyadan kiyib kelgan valinkasini kiyib olib, yelkasiga bitta panshaxani tashlagancha toqqa yo‘l olgan. Molxona, uylar ustida qor kurab yurgan qo‘shnilar hayron qolishgan, bosinqi tush ko‘ribdi-yov deyishgan. Faqat xotiniga “bugun bir jayra ushlab kelaman, kechki ovqatga pishirib yeymiz, keyin to‘qqiz oy o‘tib o‘g‘il tug‘asan”, debdi.

Uning ketganini ko‘rganlar kelganini ko‘rishmagan. Faqat ertalabiga Ismat polvonning o‘g‘li hojatga chiqayotib uy oldidagi simto‘siqda oltita… chaqaloq oyog‘i osilib turganini ko‘rib turgan joyida ishtonini ho‘llab qo‘ygan. Ismat polvon odatdagiday bulkillab-bulkillab, damini chiqarmay kulgan. Qulmatning bir emas, uchta jayra tutib kelganini aytgan. Das­tavval Qulmatning jayra tutishiga, jayraning oyog‘i chaqaloqnusxa ekaniga ishonchsizlik bildirganlar ham o‘shalar bo‘lgani uchun ovchi atayin shu yo‘lni tutibdi.

Men Toshkentda edim. Tengqurlar Qulmatnikiga o‘tishgan.

O‘rtoqlar ba’zan “tog‘da o‘sgansan, qaysi hayvonlarni ko‘rgansan?” deb so‘rashadi. (Bul zamonda falon yovvoyi hayvonni ko‘rishlik ham bir obro‘, bir arzandalikday gap). O‘ylab qarasam bo‘ri, tulki, to‘ng‘iz, quyon, jayra, ko‘lvor, o‘qilon, suvilon (mayli-da endi), burgut, kak­lik, qirg‘ovul, g‘ajir (adabiy tilda yoxud fanda nima deyishlarini bilmayman, haybatining kattaligidan maydaroq odamniyam changalida ko‘tarib ketadi deyishardi), ukki, lochin, tuvaloq, zarg‘aldoq, boyo‘g‘li, tira-tira, sassiqpopishak, to‘rg‘ay (mayli-da endi)larni ko‘rganman. G‘ajir, sassiqpopishak ko‘p bo‘lardi, hozir negadir yo‘q, hammayoq qarg‘a. Darvoqe, zag‘cha degan qo‘lga tez o‘rganuvchi musichaday bir qora qush bo‘lardi. O‘zicha xushomad qilib qo‘shnilarning tugma, igna, ipi bormi, tumshug‘iga nima ilinsa egasining uyiga tashigani tashigan edi. Esimda, bir gal chaqaloq ukam og‘zini ochib baqirib yig‘layotsa, zag‘chamiz uning tilidan cho‘qib olgan. Ukam bir pas indamay, balki qo‘rqqanidan qotib qolgan, so‘ng tilidan qon tomayotganini ko‘rib battar qichqirgan. Qushimiz shu “gunohi” uchun xonadonimizdan butunlay badarg‘a qilingan.

Tog‘imizda ayiq bor deydiganlar topiladi. Be, bu bir bodi gap. Ayiq o‘rmonli tog‘da bo‘ladi. Bizning tog‘ – baxil tog‘. Asosan chag‘ir tosh. Soylari ham sang, qayroqtosh.

Jayrani chindan ham ko‘rganman. Qo‘naqishloqdagi chaylatomimizga ko‘chib chiqqanmiz, otam kechki payt mollarini to‘plab kelib, ovqatdan so‘ng hammamiz supada pinakka ketayotgan edik. Qozoqi, yirik itimiz birdaniga bezovta vovullab qoldi. Odatda u begona sharpani ko‘rib qolsa shunday bezovta “hov-hov” qilardi. Otam darhol turib yalangoyoq tokzor oralab ketganini bilmay ham qolibmiz. Bir payt qarasak, xuddi odamni so‘kkandek bir nimalarni so‘kib toshlab quvib yuribdi. Akam bilan moychiroqning piligini ko‘tarib sekin-asta qo‘rqib bordik. Biz yaxshi ko‘rgan qizil husaynining tagida ikki ko‘z yaltiraydi. Qotib turibdi. Otamning qo‘lida kesak ekanmi, shoshib unga uloqtirdi. Bir quchoq tipratikan. Tikonlari uzun, katta odamning tirsagicha kelsa kerak. Albatta, u qochdi va tayoqdan ham, o‘limdan ham qutuldi. Tokzor yonidagi jarga to‘rt-beshtasi birdaniga kalla tashlab ketdi. Zimistonda ularni topib bo‘larmidi. Buning ustiga yaqinlashgan odamga ignasini otadi deb eshitganmiz. Otam bunisini o‘ylab cho‘chiydigan odam emas – duch kelsa tosh yoki tayoq bilan solaman deydi. O‘shanda jayralar tikon otganini ko‘rmaganmiz. Lekin uzumxo‘rlik qilgan joyida to‘rt dona nayzasi tushib qolgan. Va o‘shanda biz pishishini zoriqib kutayotgan, endi rang ola boshlagan qizil husaynining g‘ajib tashlanganini ko‘rib judayam xafa bo‘lganmiz. Qaytib jayra zotini ko‘rmaganman, tabiiyki, oyoq izi chaqaloqnikiga o‘xshash-o‘xshamasligini tekshirish ham o‘shanda xayolga kelmagan.

Ne tongki buni ovchi do‘stimiz Qulmatboy yaxshi biladi. Azbaroyi oyoq odamniki singari bo‘lgani uchun ham qozonga solib pishirishga yurak betlamaydi. Tasavvur qiling-da endi: murg‘ak go‘dakning oyoqchasi – qaynagan suv yoki qizigan yog‘da… Mayli, sizning ham jigaringizni ezmay qo‘yaqolay. Uchta jayrani necha kunda yeganlarini bilmayman. Ammo aytishadiki, qizil et, parrandaniki singari yumshoq ekan, iliklari ham mayingina.

Qulmat yozda jayrani ko‘p poylagan, tutishning epini keltirolmagan. Hatto inining ustidan teshib ham ko‘rgan, og‘zini berkitib ham ko‘rgan, bo‘lmagan. Ini uzunligini chamalay bilmagan. O‘zi tushib borishga qo‘rqqan: nayzalarini birin-ketin o‘qday otib, badanini ilma-teshik qilib tashlasa nima bo‘ladi?

U mo‘ljal qilib yurib qor bosgan kunni ayni payt hisoblagan. Tavakkal bir o‘zi panshaxani ko‘tarib borsa, jonivorlar xuddi o‘sha payt suvlashga tushishgan ekan. Suvga qongan jayra yuqoriga chopolmas ekan. Shu bois uchoviniyam qiynalmay panshaxa suqib joyida qoldirgan. Shu.

Ha, darvoqe, to‘qqiz oy emas, kelasi yili qishga borib Qulmat jo‘ra bir necha qizlardan so‘ng chindan ham o‘g‘il ko‘rgan. Faqir bobo tirik bo‘lganida, albat­ta, jayralar soni g‘aribona uchta deb o‘tirilmas edi. O‘tirikdir, mubolag‘adir, nimalardir deyilgan bo‘­lardi. Buni endi Siz ham bilib turibsiz…