— Bularni nima qilsam ekan, olib ketaymi…
U kapron arqon bilan taxlam-taxlam qilib bog‘lab tashlangan kitoblarga qarab o‘ylanib qoldi. Eskirib ado bo‘layozgan kursiga omonat cho‘kar ekan, kitoblardan birini «toy» ichidan sug‘urib oldi: «Jamiyatshunoslik xrestomatiyasi». Yaqin orada qo‘l taftini ko‘rmagan kitob muqovasidagi qotib qolgan ohak yuqini yengi bilan artib tashladi. Quyma mato qoplangan pishiq muqova haliyam tarovatini yo‘qotmabdi. Uni varaqlar ekan, o‘zini umrida birinchi marta kitob ushlayotgan odamday his qildi. Dimog‘iga urilgan judayam qadrdon, judayam totli, tanish isdan hushyor tortdi. Bu axir kitob isi-ku! Faqatgina kitobda bo‘ladigan, boshqa yerdan topib bo‘lmaydigan qandaydir ajib, unutilayozgan xotirayu tuyg‘ularni esga soladigan is! Kitobni yuziga qoplab to‘yib-to‘yib hidladi. Negadir ko‘ngli to‘lib, yig‘lagisi keldi. So‘ng bir nima esiga tushganday shoshib muqovaning ichki tomoniga ko‘z tashladi. O‘ziga tanish, qadrdon yozuv: «ToshDU — 1984. Aprel. Shaxsiy kutubxona…».
«Yigirma yildan oshibdi. U paytlar umrimning bahori edi. O‘zim ham bahorni, ayniqsa aprelni sevardim… »
— Nazi, nima qilayapsan? Shu paytda kitob o‘qishga balo bormi? Tursang-chi, mashina kelguncha narsalarni taxlab ulgurish kerak.
Iddao bilan qarab turgan eri ko‘ziga dag‘alu notavon ko‘rinib ketdi.
«Siz nimaniyam tushunardingiz, qirqqa kirib bitta kitob o‘qimagan odam! Men axir… Men axir mana shu kitoblarni o‘qir edim bir paytlar. Men bozorchimas, o‘qituvchi edim-ku! Meni kitoblarim bilan birpas xoli qo‘ying», — degisi keldi. Lekin og‘zidan umuman boshqa so‘zlar chiqdi:
— Kitoblarni… Kitoblarimniyam olib ketamizmi?
— Keragini ol. Yukni ko‘paytirib nima qilasan? — eri yana bir nimalarni ming‘irlab, narigi xonaga chiqib ketdi.
Uning nimalar deganini o‘zicha taxmin qildi: «Qorin to‘ydirarmidi shu kitoblaring? Makulatupaga topshirib qutulaman shekilli?»
Bunga qolsa hammasini ikkita kirsovunga almashtirib yuboradi.
Kitobni ochib duch kelgan qatorni o‘qiy boshladi: «Marks va Engels taraqqiyot haqidagi juda har taraflama, mazmun jihatidan boy va chuqur ta’limot bo‘lgan Gegel dialektikasini klassik nemis filosofiyasining eng buyuk yutug‘i deb hisoblardilar. Ular taraqqiyot va evolyutsiya…». Uf-f, shularni o‘qigan ekanman-da bir paytlar ko‘zimning nurini to‘kib. Tushungan bo‘lsam kerak-da, a!”
— Oyi, nima qilyapsiz? Chetroq turing, — qo‘lida o‘zidanam kattaroq qog‘oz quti ko‘targan ko‘yi tepasida turgan qiziga xayoli chalg‘idi.
— Akangni chaqir, qizim, — dedi-yu, qizining chaqirishini kutib o‘tirmay, o‘zi chaqirdi: — Bobur, bu yoqqa qaravor.
So‘ng salqib qolgan «toy»dan yana bir kitobni sug‘urdi: «M. Bulgakov. Master i Margarita». Qiziq, ruscha kitoblarniyam o‘qirdim-a. Buni qachon o‘quvdim? Margarita, Margarita… Ha-a, qalbini shaytonga sotgan ayol Margo! Esladim seni»
Yana bir nimalar esiga tushganday kulib qo‘ydi. Go‘yo kitobni ochsa iblis Voland chiqib hammayoqni abgor qiladiganday uni ochmay, joyiga tiqib qo‘ydi. Tepasiga kelgan o‘g‘lidan so‘radi:
— Bobur, kitoblarni nima qilamiz, olib ketamizmi? — gapi yalinish ohangida chiqqaniga o‘ziyam hayron qoldi.
— Voy, oyi, bular hammasi e-eski kitoblar-ku. Yangi uyga oborib nima qilamiz bularni? — «Darakchi»da o‘quvdim, Yevropadagi bitta shaharda odamlar yangi uyga ko‘chsa hamma eski narsalarini tashlab yuborar ekan? — deb qo‘ydi qizi.
— Sen jim tur, qaerdagi gaplarni gapiravermay, — jerkib berdi o‘g‘li.
— Kitobning eskisi bo‘lmaydi, qizim. Sen aytganday hamma eski narsalarni tashlab ketsak, nimamiz qoladi?
— Mayli, oyi, olib ketamiz. Lekin bu kitoblaringizni baribir hech kim o‘qimaydi, — shunday deb o‘g‘li nari ketdi.
— Hammasi kirillcha bo‘lsa, — deb yana gap qo‘shgan qizi keta turib kitob bog‘lamini bepisand tepib o‘tganiga ko‘zi tushib, o‘zini tutib turolmadi.
— Tepma kitobni, befarosat. Ko‘zing oqib tushmasin yana. Senlar o‘qimasanglar, ana, Nafisa o‘qiydi. Hech bo‘lmasa, nevaralarimdan birontasi kitob o‘qiydigan chiqib qolar.
Yana bir nimalar demoqchi bo‘ldi-yu, indamadi.
«Bular otasiga tortdi, — o‘yladi u. — Qo‘liga kitob ushlamaydi. To‘ng‘ichim Nafisa tuzuk. Yaxshi o‘qiyapti, she’r-per ham yozadiganday chog‘i bor. Asli ayb o‘zimda. Maktabdan ketib ko‘p narsa yo‘qotayapman».
Beixtiyor qaykungi eri bilan kechgan suhbatni esladi.
— Maktabning oldidan o‘tayotganimda darsga ko‘ng‘iroq chalinganini eshitsam, o‘qituvchilik davrimni qo‘msab, bir boshqacha bo‘lib ketaman. Ruxsat bo‘lsayu bir soat mazza qilib dars o‘tib olsam… — deb eriga dardini to‘kuvdi o‘shanda.
— Senga bozorga chiq menga qo‘shilib, demovdim shekilli, — o‘yib oldi eri. — Haliyam kech emas, ana Saidning xotini yana binoyiday maktabga qatnab yuribdi.
— Rostdanmi, Malohat maktabga qaytibdimi? Biznesi zo‘r deb eshituvdim-ku yo singanmikin? — shunday deyishga dedi-yu, ichida qandaydir ilinj paydo bo‘lgan edi o‘sha payt.
O‘shanda erining: «Yana qaytsang eplab ketarmiding? Sen oliy toifali eding shekilli» — deganiga e’tibor bermagan edi.
Hozir o‘ylanib qoldi. «Oradan o‘n yilcha o‘tib ketdi. Dasturlar, talablar o‘zgarib ketgan deyishadi. Qaytsam, yana avvalgiday dars bera olarmikinman?».
O‘tgan yili kuzda bozorga uni bir yigit so‘rab keldi. Galstuk taqqan, ziyolinamo yigit. Avvaliga hayron bo‘ldi. Tekshiruvchilardan desa, qo‘lida bir dasta gul.
— Tanimadingiz-a, opa, o‘quvchingizman, — deydi kulimsirab.
— Taniyapman, — dedi yolg‘onlab,— faqat ismingizni eslayolmay turibman…
— Shuhratman, Jumaev. Maktabda o‘qitgansiz.
— Ha-a, Shuhratjon, yaxshi yuribsizmi?
— Yaqinda nomzodlikni himoya qiluvdim. Shunga rahmat aytib o‘tay devdim, — deb qo‘llari qovushmaygina guldasta uzatib turibdi.
Shoshib qoldi. «Rahmat, rahmat», — deydi nuqul.
Biroz o‘ziga kelib so‘radi:
— Qaysi fandan?
— Tarixdan, opa, maktabda qiziqtirib qo‘ygan ekansiz…
Bir boshqacha bo‘lib ketdi o‘shanda. Ko‘p kunlar gapirib yurdi: «Oldimga «kandidat nauk» shogirdlarim kelib turadi…»
Ancha o‘y surib qolgan ekan chog‘i, eri oldiga kelib turganini ham sezmabdi.
— Shunday qilib nima bo‘ldi? — dedi eri kulimsirab. Aftidan u narigi xonadan turib uning kitoblar ustida o‘y surib qolganini obdon kuzatgan va bir xulosaga kelib qo‘ygan edi. — Olib ketamizmi kitobjonlaringni?
Boya notavon tuyulgan eri binoyiday ko‘rindi. Kulib yubordi. So‘ng jiddiy turib dedi:
— Hammasini olib ketaman. Bittasiniyam tashlab ketmayman. Hammasi… Hammasi meniki.
Men hali muallimlikka qaytaman. O‘zimning ustimda ko‘p ishlayman.
O‘tilmay, o‘ta olmay qolgan darslarimning hammasini o‘taman. Shunday darslar o‘tayki, o‘quvchilarim fan doktori, yo‘q, akademik bo‘lib chiqishsin!
— Senga ishonaman, Nazi, — eri shunday degancha kitoblarni kattakon qog‘oz qutiga joylay boshladi. Unga o‘g‘li, so‘ng qizi qo‘shildi.