Tomas yozishga mukkasidan ketayotir edi… Uning juda olis zamonlarda qolib ketgan, ammo xazin bitiklari ichida tomchi tug‘ayotgan faromush xayollari shakl-shamoyil topayotgandi, vujud bo‘layotgandi. Tomas kayfiyat bandasi, ko‘ngil fuqarosi edi.
So‘z naqqoshining quvvai hofizasi fig‘onli mung taratdi, bamisli aftondil ko‘ngilning hasratli nolasi singari.
Bu tiriklik qismatining yorti bo‘lagi: tomirlari ichra jo‘shib oqayotgan qon, toabad yoniq satrlaridan beqiyos xayol misoli tomchi tomayotgan naqshi bexazon edi. U so‘ngsiz va cheksiz ijodning dunyoi dun saltanatida shu yo‘sinda dalli devona – cavdoyi misoli kezinar edi… Bu so‘ngsizlik jazavasi – yozmoqlik farog‘ati edi.
Shu saodat ichida nafas olmoqlik ne ekanini bilasizmi?
Tomasning yuragi ko‘ksini bezovta tepdi, chunki unga o‘z qini tor kelmoqda, ham borlig‘i otash ichida yonmoqda edi. Tomas isitmasi oshgan vujudini sovutmoq uchun derazani lang ochib yubordi, lahzada yetib kelgan muzdek hovur yuzini chayib o‘tdi. Fursat o‘tib, sahifada xomushlik satrlari vujud ko‘rsatdi. Shunda Tomas chap ko‘kragini bezovta tepgan yuragini bamisli avaylab sug‘urib olarak, hayrat ichida boqayotgan o‘z ko‘ziga ko‘rsatib qo‘ydi.
O‘shanda uning lablari pichirlagandi:
– Qara, ey qorachiq! G‘aflatda ko‘z yumma! Teranroq boq! Yurak neligini ko‘rib qo‘y!
Tomas qiziy boshladi. Bu gal u isitmasi oshgan yuzini sovuq suvda yuvdi. Holbuki u bunday jazavaga ko‘p tushgan, har gal bunday hol yuz berganida, u sovuq dush qabul qilar, so‘ng… so‘ng yana yozishga mukkasidan ketardi.
Yozish ne ekanligini bilasizmi?
Ijodiy jazavani-chi?
“Yo‘q, hech vaqoni anglab bo‘lmas, shunday ekan, eng yomon narsani ham taxmin qilishga haqqimiz yo‘qdek.”
Ruhiy g‘alayon va jismoniy zo‘riqish ichida vujud bo‘lib yaralgan ijodiy jazava nima ekanligini tushunayotgandirsiz endi?
Ayni shu jazavaning mahsuli bo‘lgan naqsh sahifalarda qay yo‘sinda shakl ko‘rsatayotganini ko‘rayotgandirsiz? Uning neligini anglayotgandirsiz?
“Baayni vaqtning o‘zi kabi makon ham barchasini unutishga undaydi: makon insonni unga tanish va o‘zi ko‘nikkan kundalik rishtalardan xalos etadi, shu tariqa inson bolasi o‘zining ibtidosiga, hurlikka oshufta ibtidoiy holatiga qaytadi, bu shunday narsaki, har kimsani daf’atan bir daydiga mengzashga qodir”, deya yozdi u ”Sirli tog‘lar”romanida.
“Dalli-devonalikni o‘zida pinhon qilmagan muhabbat chin muhabbat emasdir. Ta’qiqlar va hadiksirash muhabbatga begonadir. O‘zgacha bo‘lsa, bu biz nazarda tutgan chinakam ishqning olis bir ko‘lankasidan boshqa narsa emasdir. Bunday odmi muhabbatning joyi faqat yengil-elpi qo‘shiqlardadir”. U shularni yozib bo‘lgach, tamaki tutatmoq uchun o‘rnidan turdi.
Tomas dimiq xonaning derazasini ochdi. Biroz turib qolgach, toza havo istab tashqariga chiqdi. Ko‘chkilari bilan qutqu solgan qo‘rg‘oshin tusli quyuq bulutlar osmonni-da ishg‘ol etdi, zamin esa ko‘lankaning soyasida qolib ketdi. Tomas shodmonlikka eltajak, yorug‘likka olib chiqajak so‘qmoqlarga ko‘z tikkan edi… Ammo uning dori-dunyosi yov zabt etib, kuni ko‘kka sovurilgan mamlakat kabi kunpayakun edi.
Bu kun Tomas o‘ksik ko‘ngil xarobalarida haqiru xor edi.
Dimiqqan havodan bezib, tashqariga otilgan edi u. Ko‘rdiki, tashqarining-da muhiti buzuq, ichkaridan qolishmas edi. Angladiki, ayni bu dam ikki iqlim – tashqari va ichkari ham uning bit oralab, abgor bo‘lgan xarob holi-yu qorong‘ulik cho‘kkan ruhiyatiga jilla qursa ko‘kdan yelib kelgan musaffo epkin, va yo qorong‘ulikda milt etgan ruhafzo yog‘du olib kirmas edi.
Dilxun muqoyasa – dilgir o‘xshashlik edi bu.
Osmonning-da avzoyi buzuq, ichkarining-da iqlimi dimiq.
Tomas noiloj ortiga – ichkariga burildi…
G‘iybat va g‘urbatga mukkasidan ketgan muhitga darg‘azablik, dimiqqan iqlimga ko‘nikmaslik hissi keltirib chiqargan edi undagi bu jazavani…
Aslida bu ham jismoniy zo‘riqish, ham ruhiy inqiroz ichida ayricha shakl-shamoyilga kirayotgan ijodiy jazava edi.
U olov va otash bilan olishayotir edi. Yo‘q, Tomas olov tillari bilan o‘ralayotgan otash gulxanida toblanayotir edi. Jon qonatgan muttasil o‘y, ruhiyatida qo‘zg‘olgan shiddatli jazava va…
…va barmoqlari uchida titrayotgan qalam…
…ko‘z o‘ngida onasining ma’yus chehrasi…
…quloqlari ostida esa nuri diydasi chalgan kuy yonar edi…
…Yuliya xonim chalgan Lyubek kuylari…
…dalli xayolida badar ketgan Myunxen o‘ylari…
Ciyohdan tomayotgan taloto‘p g‘alayon – ruhiy isyon ichida yaralgan shiddatli tug‘yon edi bu…
Tomas Myunxen xayollari ichida oqar edi…
“Ulug‘ san’atkorlar – ulug‘ nogironlar”- deb yozgan edi u o‘shanda.
Zotan, o‘zi-da anglamasdi, holbuki toleida quyosh charaqlayotir edi uning. Barmoqlari orasida titrayotgan qalam siyohidan esa bexazon bitiklar chakkillab tomayotir edi. Tomasona inkishof, Tomasona mahorat ichida bitilgan bitiklar sahifalar aro durdona asar, inja naqsh bo‘lib qotdi… Tomas so‘z naqqoshi edi. Va bu naqqosh bitgan naqsh millionlar tilida qo‘shiq bo‘lib yangradi… yangrayajak…
“Ulug‘ san’atkorlar – ulug‘ nogironlar!”
Bahorgi guldirosdan so‘ng yog‘ib o‘tgan mayin va yoqimli nayson shiviri kabi taralayotir edi uning ohanglari…
“Har qanday azobning chegarasi bordir. Jismoniy og‘riqning oqibati – hushni yo‘qotish. Qalb azobi esa falajlikka yetaklagay.”
“Baxtsiz muhabbatdan halok bo‘lmaydilar. Tole’siz muhabbat abgor holat emas. Baxtsiz muhabbatga duchor bo‘lganlar o‘zlarini sevadilar…”
Tomas yozishga mukkasidan ketayotir edi. U shu ko‘yida bosh ko‘tarmay o‘n sahifa, o‘n besh sahifani qoralab qo‘ydi. U qancha ko‘p yozgani sari xotirasi shu qadar tiniqlashar, shams esa xushnudlik ichra toleida jilva qilar, uning zarrin nurlari u o‘tirgan xonaga darichadan sirg‘alib tushar, voqealar Tomasning ko‘z o‘ngida jonlanaverar, siyohdan tomayotgan harflar zanjiri bir-biriga ulanib, ajoyib halqalar hosil qilardi. Uning hayot, yashamoqqa oid mulohazalari borgan sari yanada oydinlashayotir, g‘oyibdan yetib kelgan yog‘du zulmat cho‘kkan tun qo‘ynini – uning ruhiyatini xuddi mash’ala-yombi yanglig‘ yoritayotir edi. Bu ijodiy jazava – ijodiy ilhom edi… U bunday inja ijodiy jarayon ichida ko‘p narsaga qodir edi.
Tuyqus Tomasning ko‘z o‘ngida shaffof parda ko‘tarildi va uning chor tarafi yorishib ketdi…
O‘shanda u bamisli mantiq chegaralarini yorib o‘tgandi…
Aslida u adabiyotning mo‘jizakor ummoniga qo‘shilmoq uchun oromini yo‘qotgan savdoyi to‘lqin kabi mavjlanayotir edi…
Bu gal u so‘nib, sob bo‘layotgan inson soyasining naqshini chizdi.
”Aslida baxtsizlikning intihosi ham bir falajlikdir!” – deya yozdi u…
Tomas quyoshning olov tillarini o‘z domiga tortib, qonab qotgan shafaq manzarasini chizayotgan on, yelkasiga shom qo‘ndirib, ibodatdan qaytgan padari ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi.
Tuyqus Tomasning ko‘ngli buzildi.
– Qanday otam bor edi-ya! Yo Lyubekdagi baxtiyor hayot uni bizga ko‘p ko‘rdimi?! – deya o‘ksindi u.
Bu gal endi qarshisida onasi gavdalandi.
Yuliya xonimning ko‘zlari ko‘kdan taralayotgan shu’ladan yolqinlanar edi. Shunda Tomas onasining ko‘zlari shishasida balqiyotgan, yanayam aniqrog‘i, qalqib oqayotgan sarobni tasvirladi.
– Ro‘yo, ro‘yo, ro‘yo! – deya hapqirgan edi uning yuragi.
Tilsimini ko‘rsatib, yo‘qolib borayotgan sarob. Yo‘lida qalqiyotgan sarob… Yo‘qolib, so‘ng yana qayta balqiyotgan ro‘yo! O‘shanda onasining ko‘zlari shaffof tomchi tug‘di: toma-toma, dumalay-dumalay quyiga oqib, avval Yuliya xonimning yuzini, keyin libosini yuvdi.
Tomasning tag‘in ko‘ngli buzildi.
“Onam! Boyaqish onam! Kun ko‘rmay o‘tgan onam!”, pichirladi uning lablari…
Betashvish bolaligi kechgan Lyubekdagi qadrdon go‘sha uning quvvai hofizasida bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi. Mana, bekachi Sara onasiga patnisda sharbat olib bormoqda. Yuliya xonim esa dafna daraxti ostida oromkursida shunchaki xayol surib o‘tirar edi…
O‘shanda otasi dafna niholini allaqayerdan keltirgan va yozgi bog‘lariga o‘tqazdirgan edi. Yillar o‘tib, quvvatga to‘lgan daraxtning xush bo‘ylari butun bog‘ni tutib ketgandi… Tomasning xayolida bolalik xotiralari chindan jonlanayotgandi.
Bolalik xotiralari. Beg‘ubor xotiralar. Axir kim turmagay uning qoshida uzun xayollarga o‘ranib?!
Mannlar oilasi katta xonadon edi. Oila boshlig‘i Tomas Yohan Haynrix Mann badavlat savdogar, Lyubek shahri senatori edi. Onasi esa… onasining ildizlari olis Braziliyaga borib taqalgan – ismi Yuliya Da Silva-Bruns edi. Yuliya besh farzandni dunyoga keltirdi: Haynrix, Yuliya, Tomas, Viktor va Karla.
Yuliya xonim san’atga mehr qo‘ygan ayol edi. Musiqa chalishni qoyillatar edi. U kuy chalganida “devorlar raqsga tushar”, u she’r o‘qiganida samodagi “bulutlar yig‘lab ko‘chardi…” Tomas esa har gal onasi chalgan kuyga some’ bo‘lib tinglar, o‘zi ham unga qo‘shilib kuy chalar edi. Bir kun onasi otasiga qarab:
– Haynrix, boqsang-chi, Tomasimizdan yaxshigina musiqachi chiqadiganga o‘xshaydi. – degandi.
O‘shanda Haynrix Lyubek shahar senatorlar majlisidan endigina qaytgan, zalga kirib kelganida o‘g‘li pianinoda musiqa chalayotgan edi. Tomas deyarli to‘rt yil davomida avstriyalik muallimdan musiqa sirlarini o‘rgandi.
Otasi pianino yoniga kelib, baayni o‘g‘lining barmoqlari oralaridan vujud bo‘layotgan ajoyib kuyga some’ bo‘lib, uzoq turib qoldi…
Shu voqeadan so‘ng besh-olti oy o‘tgach, otasining tobi qocha boshladi. O‘sha kezlar Tomas endigina o‘n olti yoshni qarshilagandi. Mannlar xonadonida esa bir sharpa ko‘rinayotir edi. Bu beomon ajal sharpasi edi. Otasi to‘shakka mixlanib qoldi. Uning saraton kasaliga chalingani ma’lum bo‘ldi.
Dard bilan olishib, o‘lim to‘shagida yotgan Tomas Yohan Haynrix Mann yoniga farzandlarini chorladi. O‘shanda u bir etak bolalariga uzoq nasihat qilgan edi. Keyingi kunlar ichida u juda o‘zgarib qolgandi. Yuzi siniqqan, ko‘zlari esa farzandlariga nolon boqar edi. Uning ko‘zlari nolonmas, jonsarak edi, chunki o‘lim sharpasi o‘ziga qutqu solib yaqinlashayotganini, ehtimol, sezib yotar edi. Erining bu holini ko‘rib turgan Yuliyaning dunyolariga o‘t ketgan edi. U ba’zan eridan, ham farzandlaridan yashiriqcha yig‘lab olardi. Yohan buni sezib qolganida Yuliyaning dili battar xufton bo‘lar edi.
Yuliya ado bo‘lgan edi. Unga Yohandan keyin besh farzandni qay yo‘sinda yolg‘iz voyaga yetkazish tashvishi azob berar edi.
Yohanning esa yuzi siniqib ketgan, rangpar bir holda edi. Mudom cho‘g‘ misoli yoniq turuvchi ko‘zlari so‘nik edi. Yuliya barmoqlarini uning barmoqlariga olib bordi. Shunda erining barmoqlarini qaltiroq bosayotganini sezib qoldi. Yohanga o‘lim belgi berib yaqinlashmoqda edi. Tomirlaridagi qon shu yengil titroq bilan xotima topish arafasida turar edi.
Yuliya adashmayotgan edi. Erining jon tomirlarida qonlari uvishayotir edi.
– Yuliya, – dedi Yohan hazin tovushda, – xona dimiqib ketibdi, derazani ochsang-chi! – Yuliya shoshib o‘rnidan turdi. U derazani lang ochib yubordi.
Tashqaridan yengil va toza bir epkin yetib keldi va Yohanning yuzini chayib o‘tgandek bo‘ldi.
Yohanning negadir ko‘ngli buzildi. Shu topda u otasi va onasini eslagan edi. Insonga ikki ajoyib ne’mat berilgandir: bu ota-ona va farzandlardir. Shu ikki ne’matni kimsa tanlay olmas. Uni Qodir Egam ato etgusidir. Ehtimol, shuning uchundir inson qayg‘uli kunida, va ham shodlikka to‘lganida ota-onasi va farzandlarini esga oladi. Inson hayotining asosiy mazmuni aynan shu emasmi?! Axir bu tiriklik qismatining o‘zginasi emasmi?!
Yohan tinmay gapirar, u bolaligi, yaqinlarini esga olayotgandi. Keyin farzandlari haqida tinmay qayg‘urdi…
Yuliya xonim qo‘rqib ketdi. Avvaliga u erini alahsirayapti, degan xayolga bordi. Keyin esa tushunib qoldi: inson o‘limi oldidan shunday talvasaga tushar ekan, barchasini esga olarkan. Ehtimol, Yohan shu soniyalarda o‘zining hayotini qaytadan yashab o‘tayotgandek edi. Yohan hayotga to‘ymay ketayotgan kimsa kabi armonli bir holatda edi…
Bu juda qayg‘uli manazara edi.
– Mendan keyin, – dedi u rafiqasiga hazin tovushda, – Lyubekdan Myunxenga ko‘chib o‘tasizlar.
– Vahima qilma, Yohan!
– Bu bor narsa. Ajal esa menga shu soniyada kelishi ham mumkin, u so‘nggi ishoratni kutayotir. Senga esa maslahatim, hushingni yig‘ib ol. Tetik tur, bolalarga hushyor bo‘l!
– Yetar, bo‘ldi! Meni boshqa qo‘rqitma, Yohan! – Yuliya ko‘z yoshlarini boshqa ichkariga qaytara olmadi. Yuliya ro‘molchasi bilan tinmay ularni sidirar, ammo ko‘zyoshlari hali veri tinay demasdi.
Yohan kechagi kun advokat va notarius orqali vasiyatga qo‘l qo‘ygandi. Vasiyatga ko‘ra jamiki shirkatlar savdoga qo‘yiladi, ulardan tushadigan foiz hisobiga Mannlar xonadoni kam-ko‘stsiz, farovon hayot kechira olishadi. Mulkdan tushadigan tushum esa katta summani tashqil qilar edi. Yohan juda ehtiyotkor, korchalon savdogar edi. U hammasini oldindan sezib turar va o‘limidan so‘ng farzandlari qiynalmay yashashini istar edi. U barchasini oldindan reja qilib, rasamaddi bilan hammasini taqsimlab chiqqan edi.
Yohan o‘zini tashqariga olib chiqishlarini so‘radi. Xizmatkorlar uni suyab bog‘chaga olib chiqishdi. Bekachi unga joy hozirladi. U bog‘chada uzoq o‘tirdi. Bu uning matlubi davron xonadoni – bog‘chasi bilan co‘nggi diydorlashuvi, ham xayrlashuvi edi, ehtimol. Uning ichi-ichiga sig‘mas, daqiqa sayin, lahza sari negadir bezovta, beqaror bo‘lib bormoqda edi. Aslida uning bo‘g‘zida jonsarak joni talvasa qilmoqda edi. Bu o‘lim talvasasi emasmidi?
Yohan o‘lim belgi berib kelayotganini sezib turar edi. Mana, u hozir umr yo‘ldoshi Yuliyaga uzoq tikilib qoldi. Zotan u keyingi daqiqalarda buning qadriga teran yetmoqda edi: er-xotin bir-biriga umr sherik kimsalar. U opa yoki singil emas! Tabiiyki, ota-ota o‘rnini bosa olmaydi. Ammo ota-ona-da rafiqangning o‘rini bosa olmac. Uni umr sherik kimsa – umr yo‘ldosh deydilar. U har qachon, har qayerda, hatto eng qiyin damlaringda yoningda turib beradi. Yohan biladiki, o‘zidan keyin farzandlari onasining izmida bo‘ladilar. U to‘ng‘ichi Haynrix hamda ikkinchi o‘g‘li Tomasga juda ishonar, ikkisi ham ziyrak, hushyor yigitlar edi. Ammo baribir umri oxirlab borayotganini sezgan Yohan tushkun bir holatda edi. Yohanni o‘ylar ado qilayotgan edi. U darmoni qurib, bemajol boshini yostiqqa qo‘ydi. Shu tob to‘g‘ridan esgan epkinlar uning ozurda yuziga urildi. Bu Lyubek shamollari edi. U oxirgi bor o‘zi barpo etgan bog‘ning musaffo havosidan to‘yib nafas oldi. U shu ko‘yi o‘z o‘yi bilan o‘zi ovora uzoq sukut saqladi, keyin Yuliyaga qarab:
– Meni endi ichkariga olib kirsinlar, – dedi.
Shunday keyin Yohan ko‘p yashamadi. Darvoqe, Yuliya uning yonidan bir qadam ham jilmadi.
Ertasi kuni Yohan bezovtalana boshladi. Uning peshonasidan ter bodrab chiqdi, bekachi uni artib turdi. Yuliya esa uning qo‘lini ushlab turardi.
– Mendan so‘ng o‘zingni yo‘qotib qo‘yma. Doim hushyor bo‘l. – Shu gaplarni aytib bo‘lgach, Yohan sukut ichida jimib qoldi.
Yuliya uning so‘zlarini kiprik qoqmay eshitayotgandi, biroq erining sukuti uni xavotirga soldi. Bu tahlikali sukut edi. Yohan tildan qolgandi.
– Beri kel, o‘g‘lim, – degandi onasi o‘shanda Tomasga qarab.
Tomas onasining yonidagi kursiga omonatgina cho‘kdi.
– Haynrix qaytdimi?
– Haliyam darak yo‘q!
O‘sha kuni Haynrixning falsafadan mashg‘uloti bor edi. Yuliya xavotir ichida Tomasga pichirladi. “Bardam bo‘l, otang tildan qoldi.”
Tomas cho‘chib ketdi. Birdan uning yuzi qum tusini oldi. U kursini surib, shiftga ko‘zlarini qadab unsiz yotgan otasiga yanayam tikilibroq qaradi va qo‘rqib ketdi. Otasning shiftga qadalgan ko‘zlari nursiz va so‘nik edi. Tomasning vujudi muzlab ketdi. O‘lim sharpasi otasining ko‘zlariga ko‘lanka tashlagan edi. Shundan keyin Yogan uzoq yashamadi…
Lyubekdagi baxtiyor hayot shu tariqa xotima topgan edi…
* * *
Dafn marosimidan keyin xonadonga o‘lik sukunat cho‘kdi.
– Xonim bir narsa ichadilarmi? Qahva yoki choy? – jur’atsizgina so‘radi bekachi Sara.
– Yo‘q. Hech narsaning keragi yo‘q. – Yuliyaning ovozi zo‘rg‘a eshitildi.
-O‘zingizni qiynamang bunday!
– Qani endi iloji bo‘lganida…
Oqsoch ayb ish qilgan kimsa kabi yelkasini qisgan ko‘yi chiqib ketdi. Tomas esa narida stolga suyangan ko‘yida uzun xayollar ichiga botib jim turar edi. Haynrix va Viktor ham sukut ichida nolon qolgandi…
Opasi Yuliya va singlisi Karla unsiz yig‘layotgandi.
To‘satdan Yuliya xonim bezovtalana boshladi. Nihoyat, u o‘zini orom kursiga tashladi. Uning peshonasidan do‘ldek ter oqmoqda edi. Zumda Sara yetib keldi. Qizlar ham uning atrofini o‘rab olishdi. Yigitlar esa qo‘rquv ichida nima qilarini bilmas edi.
Haynrix Sara keltirgan suvni onasiga tutdi.
Yuliya xonimning yuzi qum tusini olgan, lablari ham borgan sari tusini yo‘qotayotgan edi. Nihoyat u o‘zini qo‘lga olib, Saraga yuzlandi:
– Oyoq-qo‘lim muzlab ketgandek! Issiq suv olib kelsang bo‘lardi.
– Hozir!
U shoshib chiqib ketdi. Qizlar onasining qo‘lini ushlab, qo‘rqib ketishdi. Uning qo‘llari muzlab qolgan kabi edi. Shundan keyin onasi ancha paytgacha o‘ziga kelolmay, og‘rib yotdi. Uni judolik ezib tashlagan edi. Tomas har gal onasining shu holini ko‘z oldiga keltirarkan, dori dunyosiga o‘t ketar edi. Bu juda ezg‘in hol edi va Tomasni mislsiz qayg‘u domiga otardi.
Onasini yotog‘iga olib kirishdi.
Tomas ortiga burildi. U yurib, zina orqali tepaga ko‘tarildi, so‘ng xonasiga kirib berkinib oldi. Qo‘lini cho‘ntagiga solib, anchaga dovur jim turib qoldi. Aftidan u nima qilishini bilmasdi. Atrofida kimsa yo‘q, Tomas ko‘nglini bo‘shatib yig‘lashni istar edi. Garchi ichi to‘lib tursa-da, ko‘ziga tomchi yosh kelmadi. Ammo ayni damda uning yuragi to‘xtovsiz yig‘layotir edi.
Yurak yig‘lashi qanday bo‘lishini bilasizmi?
Qalb yarasining butun vujudga og‘riq berishini-chi?
U stol yoniga keldi. Qo‘li qalamga qay yo‘sinda borganini bilmaydi. U yozar edi. Faqat yozar edi. To‘xtovsiz yozardi. Va o‘zi yozayotgan bitiklari ichida o‘zi-da oqardi…
O‘shanda ilk bor yozib, yengil tortganini his etgan edi u. Qalamni jips ushlagan barmoqlari esa qabarib ketgandi.
Tomasni judolik azobi qiynar edi. O‘sha kuni Tomas xonasidan chiqmay, kechga qadar yozdi. Shafaq qonab, ufq o‘ksinib qolgan mahal oqsoch Sara uning eshigini taqillatdi. Tomas ovoz berdi.
Sara ichkariga kirib, uni kechki ovqatga, pastga tushishini so‘radi.
Bu otalarisiz kechayotgan birinchi kecha edi. U pastga tushganida onasi biroz o‘ziga kelgan, ammo haliyam yuzi qumdek tussiz edi.
– Sen otangning o‘rnida o‘tir, – dedi Yuliya xonim Haynrixga.
Haynrix onasiga hang-mang bo‘lgan ko‘yida tikilib qoldi.
– Shunday qil, – dedi yana onasi. – Otangning joyi bo‘sh turmasin! Endi sen mudom uning o‘rnida o‘tirasan, – degandi onasi to‘ng‘ichiga qarab.
Haynrix o‘rnidan turib, otasining joyini egalladi.
Barcha sukutda edi. Ular kechki ovqatni shu taqlid, jim va sukut ichida tanavvul etishdi.
* * *
– Haliyam bandmisan, – dedi ichkariga kirib kelgan Haynrix ukasini yozuv stolida ko‘rgach. – Bosh ko‘tarmay yozayotganingni ko‘rib marraga yetib kelding chog‘i, deya o‘ylay boshladim.
– Bir ish boshalagandim. Uni tugatolmay dog‘daman.
– Unda senga qiyin bo‘pti. – tegishdi Haynrix.
– Shunaqaga o‘xshaydi. – Tomas yozuv daftarini yopdi, so‘ng yoyilib o‘tirdi.
O‘sha kezlar bo‘lajak aka-uka yozuvchi Mannlar Lyubekdagi adabiy muhit bilan yaqin aloqada edi. Aynan o‘sha adabiy muhit Tomasning yozuvchi sifatida shakllanishida muhim rol o‘ynagandi. Avvaliga Tomas yozganlarini akasiga ko‘rsatar, u bilan maslahatlashar, keyin «Simplitsissimus» tahririyatiga olib borardi. Tomas ba’zan akasi nimani o‘ylayapti, nima haqida o‘ziga gapiradi, barchasini oldindan sezib turar edi.
Otalari vafotidan so‘ng xonadon ahli Lyubekdagi uylarini tark etishdi. Myunxendagi xonadonga ko‘nikish ularga oson kechmadi. Butun oila go‘yo boshsiz qolgan chavandoz singari edi.
Uyning to‘rida onasi pianino chalardi. Taralayotgan kuy qiya ochiq eshikdan Tomasning xonasiga oralab kirdi.
Onasi san’atni sevardi: u so‘nggi nafasiga qadar kuyga shaydoligicha qoldi. Yuliya xonim farzandlarining ko‘z o‘ngida xuddi shunday: kuy uchun yaratilgan, san’atni sevgan, adabiyotni qadrlagan ayol sifatida gavdalanar edi. Ba’zan Tomas qo‘pol xato qilgan chog‘larida ham onasi koyish o‘rniga, uning lunjini go‘yo erkalagan misol yengilgina chimdib qo‘yar edi.
* * *
Shom tushmay, qorong‘ulik tuyqusdan bostirib kirdi. Vaqt allamahal bo‘lib qolgan esa-da, Tomasning ko‘ziga uyqu inmasdi. U keyingi kunlarda orom ne ekanini unutgan. Garchi uni uyqusizlik qiynasa-da, uxlay olmasdi. Bu azob komi edi. U avval pastga tushdi, keyin yemakxonaga o‘tdi. U sharbat ichgach, picha turib qoldi. Keyin yana tepaga ko‘tarildi. Tomas nima qilarini bilmasdi. Birozdan so‘ng u o‘zini yozuv stoli ustida ko‘rdi.
Bu gal uning qo‘llari ukasi Viktor hamda akasi Haynrixning shatranj taxtasi uzra diqqat bilan turib qolganlari manzarasini chizdi. Ana nihoyat, Haynrix ustma-ust asp yurish qildi va raqibini dovdiratib qo‘ydi.
– Shohmot! Shohmot!
Bu Haynrixning g‘olibona hayqirig‘i edi. Tomas Viktorning g‘aflatda bosh changallab qolgan holatini ham ko‘zdan qochirmadi…
“Inson bolasi alohida shaxs o‘laroq birgina o‘z hayotini yashamaydi, balki ayni paytda o‘zi umrguzaronlik qilayotgan butun davr hayotini ham boshidan kechiradi”.
Tomas bugun juda erta uyg‘ongan edi. U xonasidan bir qadam ham jilmay yozdi, ertasi kuni ham shu yo‘sin kechdi, boshini ko‘tarmay bitiklari ichida oqdi. Uchinchi kuni u toliqqanini his eta boshladi.
Tomas uyda yolg‘iz edi. Rafiqasi Katarina Pringshaym kechagi haftada Shveytsariyaga jo‘nab ketgandi. Tomas erta-indin uning Syurixdan qaytib kelishini kutayotgan edi. Farzandlari Klaus, Golo, Erika, Elizabet, Maykl va Monika o‘z tashvishlari bilan bilan ovora.
“Qiziq,-deya o‘ylagan edi Tomas o‘shanda – bolalaring dastlabiga bag‘ringda polaponlar singari g‘imirlab, sekin-asta o‘sishadi. Ajabo, keyin birdan katta bo‘lib qolishadi, vaqt qanday o‘tganini bilmay qolasan. Poloponlar ulg‘ayib, qushga aylangach, bag‘ringdan uchib ketishadi, ularni na tuta olasan, na qucha. Axir o‘zimiz ham shunday emasmidik?!”. Endi u yoshi ulg‘ayib, yarim asrlik bo‘sag‘a sari odimlar ekan, onasi Yuliya xonimning bir paytlar o‘zini mushtoq bo‘lib kutgan onlarini esladi.
– Tomas, o‘g‘ilginam, na sendan, na Haynrixdan, na Yuliyadan va na boshqalardan xabar bo‘ldi. Ikki kundan buyon yo‘l qarayman. Hech biringdan darak bo‘lmadi-ya!
Yuliya xonim yig‘lab oldi. Keyin bir pasda barchasini unutib, Tomasni dasturxonga taklif etdi. Tamaddi qilib olishgach, ona-bola to‘yib suhbatlashishdi.
– Elizabetni olib kelmabsan! – deya o‘pkalandi u.
Yuliya xonim nevarasi Elizabetni boshqa nevaralaridan ko‘ra ko‘proq suyar edi.
Elizabet Mann-Borgeze Tomasning farzandlari ichida boshqacha chiqdi. Muloyim, xarxashasiz, ko‘nuvchan, ehtimol shu sababdan Yuliya xonim uni avaylar edi. Har gal Tomas uni yoniga tashlab ketganida, Yuliya xonim Elezabetni yeru ko‘kka ishonmay, ketidan yurar, u bilan vaqtini chog‘ o‘tkazar edi. Hali ham xuddi kechagidek esida, qizi buvisi bilan qo‘shilib kuy chalar edi. Shunda Yuliya xonim u chalayotgan kuyga mahliyo bo‘lib, uzoq xayol surib qolar, ehtimol Elizabet unga olislarda qolib ketgan beg‘ubor bolaligini eslatardi. Darvoqe, Elizabet buvisiga juda o‘xshab ketardi, ko‘zi, qoshi…
“Sohil bo‘yini biroz aylanib kelsam yaxshi bo‘lar edi” – degan o‘y kechdi Tomasning xayolidan.
– Janob, bir nima istaydilarmi? Qahva yoki choy? – so‘radi oqsoch ayol.
– Yo‘q. Tashqariga aylanib kelsam degandim. – dedi u.
– Unda tushlikka nima buyuradilar?
– Baliq va guruch!
Tomas kiyimini kiyib, tashqariga odimladi. Haydovchisi Tomasning yonida hozir bo‘ldi:
– Janoblari qayerga olib borishimni buyuradilar?
– Yemakxonaga…
Viktor Tomaslar xonadonining haydovchisi edi. U bo‘sh vaqtlarida qishki va yozgi bog‘larda bog‘bonlik ham qilardi. Viktor juda mo‘min kishi: kamgap, ammo juda ziyrak, xo‘jayinining ko‘nglini bir qarashda payqay olar, kerak bo‘lganda joniga oro kirar edi. Hatto ayrim paytlar Katarina xonim u bilan ba’zi xususida maslahatlashar ham edi. Viktor juda soddadil va xonadonga sodiq xizmatkor edi.
Ular Poshingershtrassedan chiqib, Nyutonshtrasseda joylashgan restoranga yetib kelishdi.
Tomas bu yerda yengil tamaddi qilib olgach, o‘zini sohil bo‘yiga olib borishni so‘radi.
Qish chekinib, Myunxenda bahor boshlangandi. Kunning chiroyi ochiq, chor taraf esa qishki uyqudan uyg‘ongan, yalang‘och daraxtlarga zumrad halqachalar ingandi… Kechagi mayin sevalab yoqqan yomg‘irdan so‘ng chor atrofning g‘ubori ketib, yuvilgandek edi. Ko‘klam o‘z ismi bilan o‘lkaga ko‘karish olib kelgandi.
“Qiziq, deya o‘yladi Tomas. – kechagina osmon tumtayib, kishini xunob qilgandi. Bugun uning ham chiroyi ochiq, mening kabi…“
Tomas ruhiyati baayni kechagi nayson suvi bilan chayilganu, endi ko‘nglidagi g‘uborlar tarqalib, shoyon bir kayfiyatda ekaniin ich-ichidan his etdi. Baayni kechagi kun u ruhiyatida yig‘ilib qolgan allanechuk zaqqumlarni yozish, tinimsiz yozish orqali tashqariga haydab chiqargan kabi yengillab qolgandek edi. Yana Xudo biladi, nimadir bo‘lib, u tag‘in jazavaga tushib qolishi juda mumkin narsa edi.
Tomas mashina oynasidan tashqariga boqdi. Inson nega shunday?! Yoki yoshi o‘tgan sari bunday holga tez-tez tusharmikan kishi?! Keyingi paytlar u ko‘pincha bolaligini sog‘inadigan, yanayam aniqrog‘i, beg‘uborlik kechgan Lyubekdagi hayotini qo‘msaydigan bo‘lib qolgan. Mana hozir ham u tashqariga qarab borarkan, ko‘z oldida qadrdon Lyubek ko‘chalari namoyon bo‘layotir edi. Lyubek ko‘chalari Tomasning ortidan chopib borayotir edi…
Bu qo‘msash, bu sog‘inch va betashvish bolalik kechgan qadrdon go‘shaga xayolan bo‘lsa-da qaytish istagi nedan uni daf’atan qurshab oldi? Ehtimol, aynan Myunxenda bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘la boshlagan tashqi olamning xavotirlarimi edi uni sog‘inch ko‘chalariga yetaklagan?
“O‘limdan qo‘rqmaslik darkor va u hech bir sinoatni o‘zida yashirmagandir, bu faqat ayon bo‘lgan jismoniy bir zarurat. Va bu holatni shundayligicha qabul qilmoq lozim. Bu haqda keragidan ortiq tafakkur qilmoqlik esa hayotning o‘zini chiritmoq bilan barobardir!” – deya yozdi u “Cirli tog‘lar” nomli romanida.
Safsataboz yefreytor aynan Myunxenda o‘zining dastlabki qutquli qadamlarini qo‘ya boshlagan esa-da, chinakam dolg‘alarga qadar hali ancha bor edi, ajaleltar vaboning panjalari o‘lkani batamom o‘z zabtiga olguniga qadar, Tomas Mann butun yaqinlari bilan qadrdon Do‘ychlandni tashlab chiqishiga qadar hali ancha bor edi.
Artofni zulmat chulg‘adi. Ko‘kda esa Myunxen yog‘dulari jilva qilmoqda edi…
2014 yil, 13 mart.