(“Emiliga maktublar” turkumidan)
Emili, afg‘oningizmidi bu?
Dardchil fig‘on tutib ketdi bu tumonat dunyoni, so‘ng muttasil oqdilar ohingiz bulutlarda.
Qayg‘ungizga sherikman.
Bardam bo‘ling, azizam!
Endi boshqa chaqmoq chaqmasin, qo‘shilib yonmang siz qasirg‘alarda…
Bilsangiz, men ham xuddi siz kabi Adaning suratiga ko‘z tika-tika, nomangizga javob bitayotirman.
Yoza-yoza marjonday sitilib ketyapman, chunki muttasil o‘ylar ichimni to‘kib tashladi.
“Rotterdamda, keyingi hafta ko‘rishaylik”, debsiz. Yaqinda Lyuksemburgdan qaytdik. Hadeb u yoq-bu yoqqa ketaversam, ish qolib ketmaydimi, dugonam?!
“Shahodat, aslida Adani menga siz tanishtirgandingiz! Qarang, uning suqrotona suhbatiga some’ tushibman-u, biroq shaxsiy hayotiga hech qiziqmabman. Bu yog‘ini asti so‘ramang! Boshimdan hushim uchib, boshqacha bo‘lib qoldim! Baxti qaro dugonamiz Ada dunyoni bu qadar tez tark etadi, deya o‘ylamagandim. Nima qilay, chiday olmay sizga yozyapman; tufroqqa qorila-qorila Ada ham qaro yerning tubiga tushdi. Qabristondagilar endi o‘liklar, biroq marhumlardan qolgan xotiralar baribir hamon tirik. Nima qilsam ekan? O‘ksiyotgan ko‘nglimga taskin bo‘larmikan, deyman-da. Uning haqida bilganlaringizni menga so‘zlab bermaysizmi, azizam”, deya yozibsiz.
Mayli, Ada de Braun haqida bor bilganlarimni sizga aytib beray, girgitton!
Hayot, faqat kulfat kuli sepilgan shudgormas, aslo. Yoki xushbo‘y gulg‘unchaga to‘liq guliston ham emas-da. Hayot — odam bolasiga berilgan katta bir imkon. Uni qanday yashab o‘tish odamning o‘ziga bog‘liq. Biz dunyoni bulg‘ab emas, uni toza tutib, erkin yashagani kelganmiz. Bizga qasdlashganlarga aslo pastlashmaymiz!
Tun tezroq chekilsa edi, ro‘shnolikka osonroq yetisharmidik shunda, deya ko‘pam kunning diydoriga oshiqavermaylik. Qaro tunda, to‘plangan dilsiyoh xayollarni mahkam yo‘rgaklab qo‘yaylik.
Bu o‘tkinchi dunyosida jonni halak etmaylik boshqa.
Dunyomizni qutqaraylik, jamiki chirkinlikdan, aslo bevaqt kesilmasin larzon-larzon nafasimiz.
Uzilmasin qildan-da bu ingichka jonimiz.
Nobud bo‘lgan ko‘sakday, navbahorida kuzak ko‘rpasiga yopinib, so‘lib-sarg‘ayganlar ozmunchamidi, ayting! Uni ham nariga suraylik, deymiz-u, biroq hali bahorini yashamay turib, zimistonning alangali o‘chog‘iga tushgan Adaning qismati esimga tushaverib, yuragim o‘rtanib ketadi. Baribir shunda ham vaqtni shoshirma, ko‘pam oshiqma, tin ol, deya ovuntiramiz o‘zni. Nima qilaylik boshqa? So‘ng asta-asta umid tug‘ilarkan, faqat buning o‘zi kamliq qilarkan ozurda ko‘nglimizga. Ko‘ksimizda bong urib turgan Yurakni avaylaylik! Va o‘zni shayton shevasidan uzoq tutaylik. Etak qoqaylik! Yoniq shamni pana-pastqam, chirkin yerga tashlab qo‘ymaylik. Nurdan bahra olaylik.
Guzaron ekanmiz! Zotan shunday ekan, vijdonimizga aslo qarshi bormaylik! Eshityapsizmi, aziz dugonam!
* * *
Emili, sizga aytar bo‘lsam, Ada o‘z hududini qo‘riy olgan, tiynati toza, ko‘p mahkam ayol edi. Tag‘in bir nimani eslatsam; buni mendan ko‘ra siz yaxshiroq bilasiz, zotan. Yo‘lga chiqqan odam toblanarkan, balatinday mustahkam bo‘larkan! Ada ko‘zga yaqin, ko‘hlik bo‘lsa-da, biroq zarracha mastonalik yo‘q edi unda. Bo‘lmasa eri o‘lganida atigi o‘ttiz to‘rtga kirganmasmidi! Yosuman atridan sepib, o‘zini taroziga solmadi. Bozorga tashlab, malak siymosini ko‘z-ko‘z qilmadi.
Anavi garmselli, jazira kunlar osuda iqlimni bezor qilmasinlar! Bulg‘amasinlar! Sokin tongning muzdek hovuri ketgach, jazira jazillab qolarkan. Biroq vaqtning salqin shamoli yetib keladi. Bu hayotda har kimsa o‘z tiynatida yashaydi. Pokiza tiynatida yashaydi, shunday bo‘lsa-da, mukammal ruhimiz qarshisida nomukammalmiz!
Biz musofirchilikda, butkul yot odamlar orasida guzaron ekanmiz, bir kun taqdir meni Ada de Braunga ro‘baro‘ qildi.
O‘sha kuni ketayotsam, ro‘paramda kuchuk yetaklab kelayotgan bir oyimtilla ko‘rindi. Itini aytaman, tap tortmay xuddi ustimga bostirib kelayotganday. Shoshdim-qoldim. Mundoq qarasam, iqbolimga narida yog‘och o‘rindiq turibdi deng, bora-sola o‘tirib oldim. Oyimcha yonimdan o‘tayotgan chog‘, “itingiz juda hushyor ekan”, dedim. Biroq u gapimni kinoya deb tushundimi, har tugul o‘pkalangan ohangda “aqlli qilib tarbiyalaganman-da”, deya o‘tib ketdi. Xuddi shu payt bir ayol yo‘lni kesib o‘tdi-yu, kelib yonimga o‘tirdi. U bilan salomlashdim. Bir qo‘lida sumka, boshqasida esa uch torli cholg‘usi bor edi uning. Keyinchalik uyiga har borganimda u o‘sha cholg‘uda kuy chalib beradigan bo‘ldi. Qanday ajoyib edi-ya! Bir borganimda Ada “Tunggi bedorlik”ni chaldi, o‘sha afg‘on haliyam quloqlarim ostida yangragani-yangragan.
Xullas, o‘rindiqda o‘tirarkanmiz, ikkov bir pasda tanishib oldik. Men cholg‘uga ishora qilib:
— Biror nima chalib bermaysizmi, — dedim.
— Bajonidil, biroq bu yerdamas, uyimga borganingizda, — dedi u.
Shundan so‘ng bir-birimiznikiga bordi-keldi qiladigan bo‘ldik. Men unga rahnamom-erim, bolalarim hamda tug‘ilib o‘sgan Vatanim, tug‘ishganlarim haqida gapirib berdim. Ada ko‘ngil yetar mehribonimga aylandi.
Odam bolasi qayerda bo‘lmasin, yolg‘izlanib qolmaskan, unga musofir yurtda ko‘ngil yetar bir mehribon topilarkan. Yo‘qsa, u kimsasiz, ko‘ngli sag‘ir qolib ketmasmidi? O‘sha kuni u ham o‘zining hayoti haqida menga so‘zlab berdi.
Ada tibbiyot oliygohini tugatib, bolalar do‘xtiri bo‘lib ishlagan ekan. Erini u “Olijanobim-Tomasim”, deya xotirlardi mudom.
Uning kasbi advokat ekan. Ittifoqo, Sheffilddagi bir kompaniya Tomasni ishga taklif etadi. Shundan so‘ng kelin-kuyov Britaniyaga ko‘chib ketishadi va to‘qqiz yil o‘sha Sheffildda yashashadi. Ammo baxtlariga bad nazar tegadimi, har tugul Tomas o‘z joniga qasd qiladi.
Tomasning xudkush zavolidan so‘ng Adaning o‘ziga kelishi oson kechmadi. Attang!
Sho‘ri qurib boshqa birovga ko‘ngil bermadi u. Shunday, sho‘ri qurib boshqaga ko‘ngil qo‘yolmadi sira!
— Kim bilsin, mening Tomasim o‘ziga azob berayotgan miyasidagi adoqsiz o‘ylardan qutilish uchun joniga qasd qilmadimikan, deya ko‘p o‘ylanaman. O‘ylanaveraman. Chunki Tomasning otasi va tag‘in bir opasi ham o‘z joniga qasd qilib, erta zavol topgandilar, afsus. Biroq bergan savolimga hech javob topolmayman. Nahotki mening sho‘rlik Tomasim o‘ziga og‘riq berayotgan azobdan qutilish chorasini topolmay, o‘limni tanlagan bo‘lsa! Nahot, u xuddi otasi-yu opasiday ojiz bo‘lib qoldi… Oh, Shahodat! Nimasini aytay! Mening olijanobim Tomas, bir paytlar tomirlarida shijoat toshib qaynagan o‘t edi, olov edi. Men uni jondan ortiq sevgandim. Aslida uni hozir ham sevaman, — deya o‘zini otib yig‘ladi…
Ishq!
Hamisha ko‘ngilning mehmoni — Ishq,
Dilning hukmroni — Ishq!
Ne ko‘ylarga solmaydi u odam bolasin!
Boqsam, Ada qoqigulday titilib ketdi…
Baxti qaro dugonam ko‘z o‘ngimda munchoqday sitilib ketdi…
* * *
O‘sha kuni ayozli edi. Rangi quvday o‘chgan Adaning yoniga bordim. U maqsadsiz uyidan chiqib, o‘tirgandi dafna tubida.
Holiga boqib, juda achinib ketdim. “O‘zingizga qaramay qo‘yibsiz”, desam ranjib qolmasin, deya indamadim. Nima qilishni bilmay boshim qotib:
-Ada, nima qilib o‘tiribsiz?-so‘radim nihoyat undan.
-O‘tirmasdan nima qilardim? Yo, yugurmasam, vaqt tashlab ketarmidi meni? Yursam-chi! Yoki shunchaki tursam-chi, dunyo mendan yuz o‘girarmidi? Men muctar qolib ketamanmi shunda?- desa bo‘ladimi! Unga tikila-tikila, tilim kesilib, mum tishlab qoldim o‘shanda.
U tag‘in gapida davom etdi:
— Yomon o‘y tutdi meni, biroq jin ursin bularning barini, ba’zan yuraverish ham jonga tegadi! O‘tiraverishdan esa charchab ketasan, -dedi u nihoyat ovoziga biroz mayinlik qo‘shib.
Ada ko‘zimga xayollari to‘zg‘igan, holi esa parishon ko‘rindi. Unga boqa-boqa o‘ylanib qoldim. Hozir ko‘nglida nimalar kechayotgan bo‘lsa? Bilmasdim. Chunki, agar o‘zi aytmasa, undan hech narsani so‘ramasdim.
— Yuring, uyga ketaylik, — dedim.
— Biznikiga bora qolsak-chi, — deya uyiga taklif qildi meni.
— Maylingiz.
Verbondskerk yonidan o‘tib, chapga qayrildik. Bir payt restoran-kafening biqinida Adaning tanishi bo‘lgan Karin uch-to‘rtta sherigi bilan vaysab turganiga ko‘zimiz tushdi.
Karin jizg‘anagi chiqib, Saraga sachradi, so‘ng to‘polon ko‘tarib, shallaqilikka o‘tdi.
Ada tisarildi va birdan ko‘zlaridan uchqun chaqnadi. Men uning tirsagidan tortdim.
Biz indamay o‘tib ketdik.
Yo‘lda ketayotib Ada mendan so‘radi:
— Shahodat, sizning O‘zbekistondayam shunday tuprog‘i yengillar bormi? Bizda bo‘lsa tuprog‘i yengiliyam, shallaqisiyam, gij-gijlovchi shaytoniyam to‘lib yotipti, ko‘rdingiz…
Birdan sharaqlab kulib yubordim.
— Nega kulyapsiz? — deydi u menga qarab.
“Tuprog‘i yengillar” deganingizga kulgim keldi. Undaylar bizda ham bijib yotipti. Lekigin, aynavi iborayiz bizda ham bor. Juda jonli ibora hamda topib aytilgan…
— Ha, ha! Shu deng, o‘tgan hafta Hoofddorpda, kasalxonada analiz topshirib chiqayotsam, boya ko‘rganimiz Karin dugonasi Hilde bilan turgan ekan. “Sara yaxshi yuribdimi?” so‘raydi mendan. Sara menga qo‘shnimasmi, “ha”, dedim.
Karin bo‘lsa: “Hech yo‘limdan chiqmayapti, unga bir-ikki og‘iz shirin gapim bor edi… Hali qarab tursin, o‘yib olaman”, deydi.
— Qo‘y, Sara bilan chiqishmay qolgan bo‘lsang, bo‘lib turadi. Chiqishadigan dugonalaring bor-ku, o‘zingga o‘xshagan. Sidirim yursang-chi!
— Nega ekan? — deydi irshayib.
— Xo‘p, o‘zing tezob xotinsan, Sara esa bosiq ayol. O‘zingning tuprog‘ing yengil bo‘lsa, rostini aytganimga tutama lekin. Xo‘p mayli, Sarani gap bilan o‘yib olding ham, deylik. Nima o‘zgaradi? Sen — sensan, Sara esa — Sara-da, — dedim.
— Bo‘sh kelma unga, — deydi yonidagi dugonasi. — Bopla, pachag‘ini chiqar, — deydi gij-gijlab.
— Topishibsizlar. Sizlarga xalaqit bermayin, — dedim-da, burilib ketdim.
Ko‘rmaysizmi, Shahodat, hodisani Karin bugunga rejalashtirgan ekan…. Ko‘chaga chiqvolib, dod-voy solganiga yumalab qolasan.
— O‘zi ba’zilar shunaqa ekan, g‘avg‘o chiqargisi kelib turakan. Pokdomonni badnom qilish, degani bu!
— Hofddorpda uchratganimda o‘zimam aytgandim-ov! Fitna qo‘zib, janjal chiqarishi tayin edi. Tovba, tovba! Ha, sening tuprog‘ing yengil bo‘lsa, changib yursang mudom. O‘zingga boqsang-chi. Nega nuqul pokdomonni bulg‘ashni istaysan, desangiz, quturadi. Fobiya, nevroz!
— Bir matal esimga tushdi, — dedim Adaga qarab. — Hozir uni aytib beraman! Siz aytmoqchi tuprog‘i yengilning mudom changi chiqib yotarkan. Hadeb mening yerim changiyveradimi, bog‘ning ham, hech yo‘q, shiviri chiqsin-da, deya avval mushtini ko‘rsatib, malomat toshin otibdi. Bog‘ unga parvo qilmay, gaplashmay, indamay qo‘yibdi. Ko‘zlari suzik shayton buni sezib, shamolga shipshib, fitna qo‘zg‘ash uchun uning qo‘li bilan shona-taroqda hodisa qo‘zg‘abdi. Shunday qilib, palagi toza Bog‘ga qarshi uchlik sulhi tuzilibdi. Mojaro chiqarish uchun fitna qo‘zg‘ab turadigan o‘shalar ekan aslida… Vaqti-vaqti bilan to‘zon ko‘tarilarkan. Bu shunchaki shaytoniy fitna ekanini hamma bilib turarkan. Ajabo! Kim ko‘p qilsa zo‘rlikni, qattiq tortar xo‘rlikni.
— Shahodat, uzr lekin, og‘zingizdan gapingizni oldim. Aytmasam esimdan chiqib ketadi-da. Hozir eshitganimni menga yanayam tushuntiribroq aytmaysizmi, — deydi u.
Kim ko‘p qilsa zo‘rlikni, qattiq tortar xo‘rlikni.
Men Niderland tilida hijjalab tushuntirdim.
— Shayton, Hiyla va Makr vaqti-vaqti bilan Halovatga fitna uyushtirarkan. Insonning pokiza sha’nini bulg‘ash uchun sulh bekorga tuzilmaydi, axir. Bekorga “Hay, barakalla”, deyilmaydi.
Men buni ko‘rib, yomon topishibsizlar-ey, deya sharaqlab kulib yubordim.
— Men sizga aytsam, Ada, mening menim meniga buyruq berganida, o‘zim o‘zining o‘rnini biladi. Bunday chog‘larda mening menim o‘zini boshqacha yaxshi ko‘radi. Pinak buzmay, so‘z qotmay, indamay ketadi….
— Menga qarang, Shahodat, shu desayiz, so‘rayman deyman, keyin boshqa gapga nuqul chalg‘ib ketaman. Siz mabodo tayyorgarlikdan o‘tmaganmisiz? O‘zingizni ayaysiz. Har ko‘chaga bosh suqmaysiz! Tosh otishsa, indamay ketasiz! Mabodo tayyorgarlikdan o‘tmaganmisiz?
— Bu nima deganingiz? — ajablanib qaradim unga.
— Vildani bilasiz-ku, uning eri nozik joyda ishlaydi, buni sizga aytganman. Odatda nozik joyda ishlovchilarning oilasi, hatto farzandlariyam maxsus tayyorlanadilar, Vilda ana shunday tayyorgarlikdan necha bor o‘tgan. Mabodo siz ham shunday tayyorgarlikdan o‘tmaganmisiz, deyman-da…
— Qo‘ysangiz-chi, Ada!
— Shuni aytaman-da… Biroq shunday tiniq fikrlaysiz-ki! Odam bolasini badnom etish uchun shayton vasvasasiga yo‘liqqanlar nega va qay shaklda fitnalar uyushtirib, toshlar otishganida, hecham pinak buzmaysiz! Biroq yomonam analiz qilib qo‘yasiz-ey! Qoqib tashlaysiz. Adashmaysiz, hayratlanaman… Yo maxsus kurslarda o‘qiganmisiz? Shunday kurslar bor lekigin!
— E-e! Qo‘ying-ey! — degancha uni quchoqlab, sharaqlab kulib yubordim. — Xudodan qolmaylik, Xudodan!
* * *
Adani ko‘rgani shifoxonaga o‘tdim.
— Kiyim kiyilmasdan javonda qolib ketmasin sira. Biroq, ortiqcha kiyim yuk bo‘larmidi hech, deya asrab qo‘yamiz, asqotadi, deymiz-da. Yangi kiyimlarsiz yillaring kecharku-ya, ammo yemaksiz bir kuning o‘tarmidi hech? Siz yomg‘irda ham raqs tusha olasiz! Va hattoki kezi kelsa, sukunatni sindirib, o‘kirib yig‘lab yuborasiz! Nega odamning istagi boshqa-yu, biroq u inon-ixtiyoriga zid, bandi jismini sudrab yurgani-yurgan?!
— O‘zi istaganday yashasa bo‘lmaydimi? — deyman o‘ylanib.
— Menam shuni aytaman. Insonmiz-da, o‘yga tolamiz nuqul! — Ada so‘zlay-so‘zlay shifoxona shiftiga tikilib qoldi.
— Hayotni qiyinlashtirmaylik, — dedim men unga qarab. — Yashasa bo‘ladi, qiynalmay yashay desangiz, vijdoningizga qarshi bormaysiz-da, Ada! Xo‘rliklarga berib qo‘ymaysiz o‘zni. Hatto butun dunyo sizga qarshi oyoqqa tursayam, — dedim. — Buni sizga aytishning hech hojati yo‘q, aslida. Masalan, siz o‘z ko‘nglingizga, vijdoningizga qarshi bormadingiz-ku! -Uning barmog‘ida tovlanib turgan nikoh uzugiga ishora qildim. — Sodiq qoldingiz-ku! Ana, ko‘chada tiqilib yotipti… shaytonga qullar. Bo‘lmasa shularning oilasi, ulg‘aygan bolalari bor! — dedim kuyunib.
U indamay qoldi. Shunda men yana so‘zlandim:
— Bir tanishim bor, bu yog‘ini aytsam. Ba’zi odamlarning ko‘zini quydirib, raqs tushib yashayman, deydi. Eshityapsizmi, Ada? Men uning baxtini hech tushunolmayman. Odam bolasi qanday qilib birovlarga qasdma-qasd yashaydi-a? O‘zini bandi qilib… Yo‘q, Ada, menga ayting siz! Qanday qilib bir odam boshqasiga qasdlashib yashay oladi. Axir u birovga dushmanlik qilib, ozod bo‘lolmaydi-ku! Qasdlashganlar shu tariqa pastlashadilar! Ha, indamay ketovur! Shuning uchun ular hech erkin yurolmaydilar. Bundaylarni ko‘p ko‘rdim. Yer hammaga yetarli-ku! Mazza qilib yashasang-chi, hayotning ne’matlaridan bahra oli-ib!
Ada bir nima demoqchi bo‘lib, qo‘llarini azot ko‘tardi. Keyin peshonamga uning ovozi urildi:
— “Nur zulmatda porlaydi, Zulmat esa nurni qoplay olmagay.” – dedi hayajoni zo‘ridan.
Bu ”Yuhanno bayon etgan Muqaddas Xushxabar” edi. Men bu injiliy oyatni yillar muqaddam dugonam Monikadan eshitgandim.
Shundan so‘ng Ada menga Injildan “Yangi Ahd”ni yodaki ayta boshladi… Dimog‘i chog‘ Ada uzra esa oppoq bulutlar suzib yurardi…
Shu dam mening ham tilimdan Muqaddas Kalom oyati uchdi:
“U tug‘magan va tug‘ilmagandir!” (Ixlos surasi, 3-oyat.)
* * *
Emili, inson ba’zida xuddi ertangi kunning tezroq kelishini kutib yashayotganga o‘xshaydi. Biroq, ertaga qadar inson yashashi kerak-ku! Ba’zida sukutingiz sizdagi sabrni sindirib, yo‘lga otlanadi. Shunda ko‘rasizki, oy ham, quyosh ham, tun ham, kun ham galma-gal kelaverishin.
O‘tkinchi umrning bir yoniq parchasin uzib-tortqilab, quyosh ham cho‘kyapti… Buni anglamay qolganimizni ko‘ring, Adaning o‘limi esa buni bizga uqdirib ketganday xuddi.
Emili, meni eshityapsizmi? Adaning uyg‘oq qalbi bor edi. Buni ilk bor u menga “Tungi bedorlik”ni ijro etganida anglaganman. U sizga ko‘zlarini tika-tika, qalbingiz tubidagi silsilani anglay olardi. Suhbatlashayotib, ko‘nglingiz chigilini yozardi. Shundan so‘ng odam birdan ruhan yengil tortib, qalbdagi bor g‘uborlari tarqab ketardi.
Kecha uning singlisi bilan ko‘rishdim. Vildani nazarda tutyapman, verandada o‘tirib opasining suratlariga boqa-boqa, ho‘ngrab yuborsa bo‘ladimi! Yig‘layverganidan yoqalari ho‘l bo‘lib ketdi sho‘rlikning. Qani endi, siz yordamga kelsangiz edi shu on! Yuragim o‘rtandi. Nima qilsam ekan-a, sira dosh berolmadim. Dalda bo‘lmoqqa bir so‘z topolmadim. Keyin Vildaga qo‘shilib men ham yig‘ladim.
Bir payt Vilda ko‘zlarini artib, o‘rnidan turdi va jovonda turgan ikki qutini olib keldi-da:
— Uzuklarning biri Tomasniki, ikkinchi esa opamniki, — dedi.
Ada o‘limidan oldin barmog‘idagi uzukni yechib, Vildaga tutgan ekan.
“Buni Tomas menga taqqandi. Uni senga berib ketaman. Meni qachon sog‘insang, silab qo‘yarsan va shunda taksin topasan», deganmish.
Keyin boshqasini tutib aytganmishki, “Tomasniki edi bu. Uni ukasi Yakobga berib qo‘ysang».
— Surishtirsam, Yakob besh yildan buyon Avstriyada yashayotganmish. Akasining omonatini unga bermagunimcha, hech tinchimayman, — dedi Vilda yoshli ko‘zlarini menga qadab. – Opam o‘ziga berilgan ne’matdan baholi qudrat tatib, hayotini yashab o‘tdi. Oshig‘i unga chindan ortiqcha edi.
Men ikkala uzukdan ko‘zlarimni uzmay, qarab qoldim.
* * *
Uyga kelsam, sizdan menga xat kelibdi. Emili, eshityapsizmi, xuddi shu tob, shu soniyada Ada bir nima demoqchi bo‘lib, qo‘llarini azot ko‘tardi, so‘ng peshonamga sho‘rlikning ovozi urildi:
“Nur zulmatda porlaydi, Zulmat esa nurni qoplay olmagay.”
Dimog‘i chog‘ Ada uzra esa oppoq bulutlar suzib yurardi…
Mening esa tilimdan Muqaddas Kalom oyati uchdi:
“U tug‘magan va tug‘ilmagandir!”
Emili, kayfiyatim sabab sizga boshqa yozolmayman. Ko‘rishguncha, azizam!
7 iyun, 2024 yil.

