Tahririyat eshigidan kirishim bilan kotiba oldimga yugurib keldi.
– Sizga xat bor. Bir yigit tashlab ketdi.
Qiziq, kim bo‘ldi ekan? Nega aynan xat? Telefon qilsa ham bo‘lardi-ku. Yo biror do‘stim hazillashdimi? Goho, hamsaboq do‘stlar bir-birimizning ishxonamizga shu taxlit maktub yo‘llab hazillashib turamiz. Hoynahoy, qo‘limdagi ham shunday sho‘xliklar mahsuli bo‘lsa kerak.
Xatni olib xonamga kirdim. Shoshib kimdan kelganini o‘qidim. Konvert ustiga gazetamiz nomidan bo‘lak hech narsa yozilmagan. Ochdim. Birinchi navbatda imzoga qaradim. Qaradimu qotib qoldim: “Oq ovulning Ozodasi…” Hayotda shunday lahzalar bo‘ladiki, o‘sha lahza uchun butun hayotingni tiksang arziydi. Yana shunday lahzalar bo‘ladiki, butun hayoting o‘sha lahza sabab izidan chiqib ketadi.
* * *
Bolalik yakuni yo‘q tushga o‘xshaydi. Bu oltin damlarda ko‘ngling tusaganini qilasan, xayollar qanotida bearmon uchasan. Birov seni ayblamaydi. Ba’zan yigirma kun oldin yuz bergan biror muhim voqeani tuzuk- quruq eslayolmaydi kishi. Ammo yigirma yil avval sodir bo‘lgan g‘ira-shira hodisa hamisha xotirasida turadi. Nega? Hoynahoy, biz bolalikdan ketsak-da, u bizdan ayrilishni istamay doimo ta’qib qilib yuradi. Goh quvonchli, goh g‘ussali nimasi bilandir o‘zini eslataveradi. Hayotimizning har bo‘lagida paydo bo‘laveradi. Mana, bugun mening yuragimning qay bir chetida berkinib yotgan bir ism tilimga qalqib chiqdi. Oq ovulning Ozodasi. U bizning bolalik osmonimizdagi yorug‘ yulduz! Axir, u ilk sevgi, ilk talpinish, ilk iztirob! Aynan shu qiz sharofatidan ilk bor ust-boshimizga e’tibor beradigan, ko‘zguga qarab soch taraydigan bo‘lganmiz. Eh, Ozoda!. Unutmabsan-da. Bu odamzor dunyoda odamlar orasida hamon meni eslab yurganing uchun rahmat. Shu kichkinagina maktubing meni ovulga olib ketdi. Oq ovul…
* * *
Mo‘ylabi endigina sabza ura boshlagan o‘spirinlar edik. Bahor adoqlagan kunlarning birida besh bo‘yinsa toqqa o‘tinga chiqdik. Bahaybat archalarning qurigan shox-shabbalarini yig‘ib-terib eshakka ortib kelamiz. Bu aslida tinka quritar yumush. Lekin biz bolalar o‘yinqaroqlik bilan hamma mashaqqatlarni yengamiz. Yo‘l-yo‘lakay hatto Oqovulga qo‘nib o‘tishga ham ulguramiz Oq ovul biz o‘tinga boradigan tog‘ning shundoqqina biqinida. Keng, ko‘m-ko‘k yaylov. Son-sanoqsiz sigirlar o‘tlab yuradi. Ozodalar har bahorning adoqlarida suruv-suruv sigirlarni haydab kelishadi. Kuz ko‘z ochib mo‘ralay boshlagunga qadar shu yerlarda makon tutishadi. Ozoda qoramag‘izgina, istarasi issiq, biz tengi qiz. Quyosh baland tog‘ tepasiga qo‘ngan payt ovul oldida paydo bo‘lamiz. Xurjunimizda qishloq do‘konidan olingan pomidoru bodring. Ozoda pomidorni shoshib tishlaydi. Qip-qizil suvi ust-boshiga sachraydi. Biz kulamiz. U ham jilmayadi. Ozodaning onasi cho‘ntaklarimizni to‘ldirib-to‘ldirib qurut beradi. Bizning murodimiz hosil bo‘lib, rahmat ayta-ayta toqqa chiqib ketamiz. Tog‘ boshidan ularning o‘tovi kaftdagidek ko‘rinadi. Tevarak yam-yashil. O‘n ikkita ola-quroq o‘tov. Ana, o‘rtadagisi Ozodalarniki. Qiz qo‘lida kattakon oyina. Biz tomonga tutadi. Ahyon-ahyon ko‘zlarimiz ilkis yog‘dudan qamashib ketadi. Biz oyna aksi qayon tushsa o‘sha tomonga yuguramiz. Ozoda buni sezadi chog‘i, oyina tutmay qo‘yadi. Endi bizlar xuddi kelishgandek boltani jo‘r bo‘lib archaga uramiz. Bir… Ikki… Uch. Zarblar aks- sadosi xuddi “O-zo-da” degandek bo‘ladi. Ozoza sezadi va yana oynani qo‘liga oladi. Shunday o‘yinlar bilan quyosh botganda pastga bir eshak o‘tinni ortib tushamiz. Ozoda oldimizga yugurib chiqadi. Ovulda undan boshqa yana o‘ndan ortiq, yoshlari bizdan katta qizlar bor edi. Ular bizni mensimas, “mittilar” deyishardi. Opalarining atamasidan uyalgandek, Ozoda nigohlari bilan bizdan uzr so‘rardi. Yana cho‘ntaklarimizni qurutga to‘ldirib uyga qaytamiz. Yo‘lda urush-janjal boshlanadi: “Ozoda meni yaxshi ko‘radi.” Shu so‘z barchamizni kuchli, o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas qilib qo‘yadi.
Oradan uch kun o‘tib yana o‘tinga chiqdik. Chunki maktabga borgandik. O‘sha har doimgi vaqtda ovulda paydo bo‘ldik. Yoshi katta qizlar sigirlarni sog‘ar, erkaklar buzoqlarning arqonidan tortqilab qizlarga nimalardir deb turardi. Bizni birinchi bo‘lib ovul itlari payqadi. Daralarni boshiga ko‘tarib hura ketishdi.
Ozoda katta toshning ustida, bizdan yuzini o‘girib o‘tirardi. Eshaklarimizni xalalab u tomon yurdik. U o‘rnidan turib o‘tov ichiga kirib ketdi. Biz nima qilarimizni bilmay qotib qolaverdik. Sut sog‘ayotgan opalar xandon otib kulishdi. Yonidagi yigitlar ham jo‘r bo‘lishdi. Biz… karaxt edik. Na ketamiz, na eshakdan tushamiz. Bir mahal o‘tovdan Ozodaning onasi chiqib keldi. Barchamiz salom berdik. U alik olib biz bilan so‘rashdi.
– Nega ko‘rinmay ketdinglar? Ozoda ichikib qoldi-ku, – dedi jilmayganicha.
– Ena, unaqa demang – deb ichkaridan Ozoda piqilab yig‘lab chiqdi. – Men bularni yomon ko‘raman. Ayting, endi hech qachon kelishmasin.
– Hay-hay, uyat bo‘ladi-ya, qizim. Mehmonni ham quvadilarmi? – deb onasi Ozodani bag‘riga bosdi. So‘ng bizga yuzlanib kuldi. – Xafa bo‘lmanglar, sho‘rlik necha kundan beri, bir etak qurut olib sizlarni poylaydi. Kim o‘tsa, yugurib tosh ustiga chiqadi. Shunga arazlagan. Qani bolalarim, ichkariga kiringlar.
Shu payt bo‘sag‘ada bir qop-qora yigit paydo bo‘ldi. Uni birinchi ko‘rishimiz edi. U bizlarga yotsirab qarab turardi.
– Abror, akalaringning eshagini bog‘lasang-chi, – dedi Ozodaning onasi, so‘ng yana bizga yuzlandi, – Abror kecha keldi. Hali sizlarni tanimaydi. Shunga uyalib turibdi. O‘zi yaxshi bola. Sizlar kiraveringlar.
– Hozir, xolajon, bir jo‘ramiz yetib kelsin. Uning eshagi charchab qoldi. Ana, ko‘rindi, – dedi do‘stim Olim.
Nogoh Ozoda yugurib tosh ustiga chiqdi-da, ortda qolgan jo‘ramiz tomon ishoralar qildi, hoynahoy, tezroq kel, demoqchi bo‘ldi. Jo‘ramiz eshagini o‘z holicha haydab, ortidan arang piyoda kelardi. Biz u yetib kelguncha kutib turdik. So‘ng hammamiz o‘tovga kirdik. Dasturxon yozilgan ekan. Bir kosadan issiqqina sut ichdik. Keyin katta karsonda qaymoq keltirildi. Rosa maza qildik . Aytgancha, biz ham quruq qo‘l bilan borganimiz yo‘q. Xurjunimizdagi meva-cheva, sabzavotlardan tortiq qildik. Xullas, Ozoda bilan yarashdik. U bizni kechirdi. Tashqariga chiqqanimizda Ozoda dabdurustdan Qaynarga tanbeh berdi.
– Nega doim orqada qolib yurasan? Otangga ayt, senga boshqa zo‘r eshak olib bersin.
Tabiatan kamgap bu o‘rtog‘imiz qulog‘igacha qizarib ketdi. Nima deyishini bilmay eshagini bir kaltak urdi. Onasi Ozodaga qarab “tilingni kesaman” deganday ishora qildi. Ozoda hamon Qaynarning ortidan allanechuk qarab turardi. Biz o‘tovdan yiroqlashdik. Haligi Abror bizni ancha yergacha sovuqqon kuzatib qo‘ydi. Biz o‘sha kuni o‘z aqlimizga yarasha nimalarnidir tushungandek bo‘ldik. Ozoda Qaynarni yomon ko‘radi. Ha, bo‘lmasa eshagining ustidan kularmidi? Demak, Qaynar o‘yindan chiqdi. Ha, biz shunday qarorga keldik, kimning eshagi zo‘r bo‘lsa Ozoda o‘shani yaxshi ko‘radi. Ne baxtki mening eshagim barchasining eshagidan kuchli va chopqir edi. Demak, Ozoda meniki! Bolalar nima deyishlarini bilmay qoldi. Biz kelishib oldik. Ozoda! Sen menikisan! Faqat meniki…
* * *
Oradan bir oylar vaqt o‘tdi. Bu orada barcha bo‘yinsalarim o‘zlari istamasa-da, Ozodadan umid uzgan bo‘lishdi. Ovulga yaqinlashgan paytimiz men mag‘rur tarzda oldga o‘tardim, o‘tovga ham birinchi kirardim. Sut ulashish ham mendan boshlanardi. Hatto, Ozoda tutgan oyna yog‘dusi qayoqqa tushsa, bolalar meni o‘sha tomonga yo‘llashardi. Xullas, dorilomon kunlarimiz shunday o‘tardi. Bora-bora bolalar ikkilanib qolishdi: “Ozoda seni sevmaydi. Biror marta ovloqda gaplashganlaringni ko‘rmadik.”
Albatta, bu e’tirozda jon bor edi. Bu kamchilik meni ham anchadan beri qiynab kelardiki, buni birovga aytolmay o‘rtanardim. Rost, u biror marta ham ko‘ngil moyilligi haqida menga ishora bermagandi-da. Hech bo‘lmasa, Qaynarga aytganidek, boshqa eshak ol, demagan. Yo‘q, u menga bir og‘iz ham gapirgan emas. Buni o‘zim ham sezardim. Baribir xudbinlikmi yoki manmanlikmi, shunga o‘xshash bir tuyg‘u mening past kelishimga bo‘yin bermasdi. U meniki. Tamom. Ha, u meni sevadi. Faqat aytishga uyaladi. O‘z-o‘zimni shunday ishontirardim. Lekin jo‘ralarimni quruq gap bilan ishontirish qiyin. Demak, qandaydir chora-tadbir qilishim kerak. Shundagina barchasining uni o‘chadi. Shu xayollar bilan yurgan kunlarimning birida Olim shundog‘am yonib turgan olovga moy sepdi.
– Qachon isbotlaysan? Bo‘l endi. Qani ko‘raylik-chi?
– Shu bugun yarim kechasi ovulga ketamiz. Tun yarmidan o‘tganda men o‘tovga kiraman. Va Ozoda bilan chiqaman. O‘sha katta toshning ustida o‘tiramiz. Shu yetadimi?
– Yetadi.
Olim hamma bolalarni kechasi o‘tinga ketishga ko‘ndirdi. Biz gapni bir joyga qo‘yib, kech soat o‘nda qishloqdan chiqib ketdik. Ammo Qaynar negadir borishni istamadi. Eshagim tunda yurolmaydi, deb bahona qilganday bo‘ldi. Uni va albatta eshagini bearmon so‘ka-so‘ka yo‘lga chiqdik. Ovuldan bir tepa berida to‘xtadik. Eshaklarni bog‘ladik. Piyoda boramiz. Eshakni sezib qolishi mumkin. Men yo‘lboshchi. Qanchalik o‘zimni sher bilmay baribir qaltirardim. Ich-ichimdan bu ishim yaxshi emasligini bilib tursam-da, baribir o‘rtoqlarim oldida o‘zimni oqlashim, Ozoda meniki ekanligini isbotlashim kerak edi. Ana, ovul. O‘tovlar dengizda turgan kemalardek oqarib-bo‘zarib ko‘zga tashlanadi. Bir zum barchamiz tikilib qoldik. Barcha uyquda. Qiziq, hatto, itlarning sasi chiqmasdi. Ildamladik. Kichkina jilg‘a yonida to‘xtadik. Daryodan o‘tsak bo‘ldi. Ovulga qadam bosamiz. To‘xtadim. Olim, yurmaysanmi, degandek biqinimga turtdi. Tumshug‘iga bir tushirmoqchi, hammasiga qo‘l siltab ketmoqchi bo‘ldimu… lekin… Ozodaning qo‘ldan ketishini o‘ylab noiloj, tishimni tishimga bosib qadam bosdim. Yuragim qaltirab ketdi. Mana tosh. Shuning ustiga Ozoda o‘tirardi. Biz tosh ortiga berkindik. Panalab turibmiz. Tun osuda. Sukunat. Faqat hashoratlar chirillashi dasht bo‘ylab taraladi. Olim yana turtdi. Bo‘ynimga birov arqon solgandek oldinga intildim. Ikki qadam bosdim. Ortga qaradim. Jo‘ralarim toshning panasida barchasining ko‘zi menga tikilgancha, nafas olmay kuzatib turishardi. Yana ikki qadam bosdim. Mana, Ozodaning o‘tovi. Bir tomoni sal ochilgan. Shamol kirishi uchun shunday qilgan bo‘lsa kerak. Mo‘raladim. Hech kimni ko‘rib bo‘lmaydi. Qarab turaverdim. Ko‘zim qorong‘ulikka o‘rgandi. Bir mahal qulog‘im ostida kimningdir nafas olishi eshitildi. Yuragim tovonimga tushib ketdi. Qaradim… it ekan. Meni iskab turardi. Ko‘zidan ko‘zimni uzmadim. Tanidi shekilli, nari ketdi. O‘zimni qo‘lga olib yana ichkariga qaradim. Asta-sekin qaysi biri Ozoda ekanligini bilib oldim. Ichkariga kirdim. Endi… Butun vujudim muzlab qolgan, nima ish qilayotganimni idrok qila olmasdim. Miyamda faqat bir xayol o‘rnashib olgandi. Ozodani uyg‘otib, tashqariga olib chiqaman. Tosh ustiga borsa bo‘ldi. Bir lahzagina… Men barchani yenggan bo‘lardim. G‘olibga aylanardim. Qahramonga aylanardim… Ozodaning qoshiga bordim. U tush ko‘rayotgan bo‘lsa kerak, kulgichlari o‘ynab turardi. Tikilib qoldim. Qoragina, qoramag‘izgina qizaloq, juda- juda chiroyli! Yonboshiga ag‘darildi. Baqirib yuborishimga sal qoldi. Qo‘limni sochiga olib bordim. Siladim. U hech narsani sezmadi. Yuziga qo‘limni tegizdim. U bir nimani sezgandek, qoshi chimirildi va baqirib yubordi. Xuddi shu lahzada men ham dod deb yubordim. Bilmadim, nima uchun. Qochdim. Shoshganimdan kimnidir bosib ketdim. “Vah” etgan ovoz eshitildi. Ovulda shovqin boshlandi. It izimdan quvib ketdi. Qochyapman. Osmonga o‘q uzildi. Butun ovul oyoqqa qalqqan edi. Ketyapman. Ortimdan odamlar yugurib kelyapti. Kuchuk… buncha quvmasa bu. Nimagadir qoqilib yiqildim. Qolgani esimda yo‘q…
* * *
Ko‘zimni ochganimda allaqachon quyosh chiqib ketgandi. O‘tovda yotibman. Boshim oq latta bilan tang‘ib bog‘langan. Oyoq tomonimda Ozodaning otasi. Bosh tomonimda jo‘ralarim. Tamom. Endi hammamizni itday otib tashlaydi. Ozoda ko‘rinmasdi. Abrorga ham ko‘zim tushmadi. Sezdim, kecha meni aynan o‘sha tutib olgan. Onasi o‘tovning bir burchagida bir nuqtaga tikilganicha jim turibdi. O‘zimga kelganimni ko‘rgan otasi tashqariga chiqib ketdi. Hech qancha vaqt o‘tmay qaytib keldi. Qo‘lida kosa. Qatiq. Menga tutqazdi. Oldim. Shu payt kosa ichiga bir siqim qorakuya soldi.
– Oppoq edi-ya. Ha, endi qora bo‘ldi. Senga topshiriq, qatiqni o‘z holiga keltir!
Qo‘limda kosa, nima qilarimni bilmay qotib turaverdim. O‘rnimdan turdim-u, tashqariga otildim. Yugurib ketdim. Boshim lo‘qillardi. Qo‘limda qora qatiq to‘la kosa. Yugurib ketayapman. Nega? Qayoqqa ketyapman, buni o‘zim ham bilmasdim. Lekin yugurayapman. Ketayapman…
* * *
Ozoda! Meni kechir. Mana, bugun xating qo‘limda turib shuni tushundimki, o‘shanda dunyodagi eng razil odam bo‘lgan ekanman. Seni unutganim yo‘q. Faqat eslashdan qo‘rqardim. Xayolimga kelsang, otang menga tutqazgan qop-qora qatiq ko‘zimga qadalib qolaveradi. Bildim, seni o‘sha tongda Abrorga qo‘shib shaharga jo‘natishgan ekan. Men seni boshqa ko‘rmadim. Seni izlashni, topishni qancha xohlagan bo‘lsam, shuncha qo‘rqdim. O‘zing bilasan. Mening nima maqsadda kirganimni, keyin bo‘lsa ham, harnechuk eshitgansan. Olim aytib bergan. Baribir… yaxshi ish bo‘lmagandi. To‘g‘ri, bu voqeadan keyin sizlar o‘sha yaylovga boshqa ko‘chib bormadingiz. U yerlar qaysidir fermerning mulkiga aylandi. Men ham o‘sha yili poytaxtdagi litseyga ketdim.
* * *
Xonamdan chiquvdim hamki, kotiba jilmaydi.
– Kim u Ozoda?
Indamadim. Tashqariga chiqdim. Tahririyat eshigi oldida bir yigit turgan ekan. Bu Abror. O‘sha, bir ko‘rishdan tanidim. Nazarimda, Ozoda shunga tekkan. O‘n qadamlar so‘zsiz ketdik.
– Ikki yil oldin ovulga borgandim. Tomosha uchun. Ovulning fayzi qolmabdi, – u shunday deb biroz jimib qoldi. – Ozoda menga ham tegmadi. Uni azaldan yaxshi ko‘rardim. U… bilasizmi, kimni yaxshi ko‘rardi? Qaynarni!
Ilkis boshimni ko‘tardim. Hoziroq boshimga osmon qulaydigandek beixtiyor ko‘zlarimni yumib oldim. Butun badanim bo‘ylab chaqmoq chaqildi.
– Ha, menga buni o‘zi aytdi. Men shuncha gapni bila turib, unga uylanishga harakat qildim. Bilasiz, bu paytda Qaynar og‘ir kasal edi. Lekin to so‘nggi nafasigacha Ozoda undan ko‘ngil uzmadi. Uning Qaynarning qabri boshida yig‘laganini eslasam, hamon dunyo ko‘zimga tor ko‘rinadi. Qaynar yaxshi yigit edi. Afsus, umri qisqa ekan… Ozoda bir cho‘pon yigitga tegib ketdi.
Abror qisqagina xayrlashib, qo‘limni qattiq siqdi-da, mendan uzoqlashdi. Men-chi?! Men yo‘l o‘rtasida, chorrahada qaysi tomonga yurishni bilmay turaverdim. Turaverdim. Nega? Nega? Qaynar vafot etganida, onasi “bechoraginam” deb yig‘lagandi. Yo‘q, Qaynar bechora emas ekan. Ha, u garchi juda erta vafot etgan bo‘lsa-da, dunyodagi eng chiroyli qizning yuragida mangu yashamoqda. Zero, sevilgan odam bechora bo‘lmaydi… Ozoda hamisha eshagi ortda qoladigan Qaynarni sevar ekan! Nega biz shuni tushunmadik? Axir u ham qadrdon jo‘ramiz edi-ku. Qaynar, eshityapsanmi? Ozoda seni yaxshi ko‘rarkan? Ha, seni…
Men… Bo‘ldi, boshqa gap yo‘q…
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 3-son