Men aytib bermoqchi bo‘lgan bu voqea sobiq sho‘rolar davrida yuz bergandi.
Polkimiz Baykal ortidagi kichik bir shaharchada joylashgandi. Zobitlar turli millat vakillaridan iborat bo‘lgan askarlarga nafrat va alam bilan muomala qilardi. Millatlar o‘rtasida turli nizolar qo‘zg‘ash, askarlarni bir-birlariga qarshi qayrash ularning kundalik yumushlari edi. Tagirov degan bir kavkazlik serjant ularga bosh-qosh. Talakiyan, Zarakua degan ikki baquvvat askar uni hamisha qo‘llab-quvvatlardi.
Mamlakatda kechayotgan to‘s-to‘polonlarni televizor, gazeta-jurnallar orqali kuzatib borardik. Asosiysi, biz askarlikdan bo‘shatish to‘g‘risidagi Mudofaa vazirining buyrug‘i chiqishini kutardik…
Vzvod komandirimiz Dolganin meni imlab yoniga chaqirdi.
– Tayyor bo‘l, Turaga borib kelamiz, – dedi hech bir e’tirozga o‘rin qoldirmay.
Tura bu – polkimizdan ellik chaqirimcha narida joylashgan shaharcha. Qismimiz asosiy ta’minotni o‘sha yoqdan olardi. Demak, oziq-ovqatmi, kiyim-kechakmi, shunga o‘xshash narsalar olib kelamiz.
Hamrohlarimni ko‘rib, ko‘nglim xira tortdi. Mashina kuzovida Tagirov o‘sha ikki hamtovog‘i bilan kekkayib o‘tirardi. Baland ovozda nimalar haqidadir gaplashib, xoxolashardi. Yonlarida leytenant Dolganin burqsitib sigaret tutatayapti. Avzoyilaridan hammalari anchagina otib olishgan. Haydovchining yonida keksa proporshik gazeta varaqlardi.
– Mana, olinglar! – dedi u gazetalar dastasini kuzovga uzatib.
Zarakua gazetalarni qo‘lga olib, istar-istamas leytenantga berdi.
Yo‘limiz quyuq o‘rmonlar oralab o‘tardi. Chor-atrofda qalin, baland daraxtlardan bo‘lak boshqa narsa ko‘zga tashlanmaydi. Ahyon-ahyonda yon-verimizdan biznikiga o‘xshash yuk mashinalari o‘tib qoladi.
Talakiyan mundiri tagiga yashirib o‘tirgan aroq shishasini oldi. Hammalari ichishdi. Kolbasadan gazak qilishdi. Dolganin bir bo‘lak kolbasani shosha-pisha og‘ziga solib, gazetalarni varaqlashga tushdi. Men kuzovning adoqrog‘ida o‘tirardim. Talakiyan uzatgan ichkilikni rad etdim. U ham ortiqcha qistab o‘tirmay, bir sipqorib idishni bo‘shatdi. Bir payt:
– Ie, buni qaranglar! – deb qoldi gazeta varaqlayotgan Dolganin, – sartlar ham sanoqqa kirib qolibdi – O‘zbekiston mustaqillik e’lon qilibdi!
– Ko‘raylik-chi. Uff! Ochlikdan o‘lmoqchi, qirilib bitmoqchimi bular? Mustaqil bo‘lishni bularga kim qo‘yibdi!
Shirakayf askarlarning shunday xitoblar ostida gazeta qo‘lma-qo‘l aylandi. Men eshitganlarim hazil bo‘lib chiqishidan qo‘rqib, toshday qotib o‘tirardim. Yuragim hayajondan bejo urardi. Ammo gazetaga ko‘z tashlayotgan askarlarning qiyofasidagi taajjub, hasadmonand bir ifoda bu sirli mujdaning rost ekanligidan darak berardi.
Talakiyan po‘ng‘illadi:
– E, ahamiyat bermanglar, buzoqning yugurgani somonxonagacha, hali ahvollariga maymunlar yig‘laydi, ko‘ramiz! Markaz bunaqalarning enasini ko‘rsatib qo‘yadi.
Ularning gapi qulog‘imga kirmasdi: vujudimni quvonch, hayajon qamrab olgandi. Yuz-ko‘zimdagi hayratni hech yashirib turolmasdim. Beixtiyor hayqirgim, kulgim, o‘ynagim kelardi.
– O‘rtoq leytenant, ko‘rishga ruxsat eting, – dedim gazeta tomon qo‘l uzatib.
Dolganin meni hozirgina ko‘rib turganday yuzimga ancha payt tikilib qoldi. So‘ng aftiga zaharxanda qalqib chiqdi.
– Aytgancha, sen ham o‘sha yoqdan-a? Xursand bo‘layapsan, shekilli. Lekin hali yig‘laysanlar!
U shunday dedi-yu, gazetani g‘ijimlab, yo‘l chekkasiga irg‘itib yubordi. So‘ng xoxolab kuldi. Boshqalari unga jo‘r bo‘ldi.
Beixtiyor o‘rnimdan irg‘ib turdim. O‘zim ham kutmagan bir jur’at bilan kuzovdan yerga sakradim. Zarbdan chayqala-chayqala qad rostladim.
– Qayoqqa?! – deb chinqirdi Dolganin menga qo‘rquv va hayrat to‘la ko‘zlari bilan tikilib.
Boshqalar ham harakatimdan hangu mang bo‘lib qotib qolgandi.
– Mashinani to‘xtatmayman! – deb yana o‘shqirdi leytenant. – Turaga o‘zing qanday yetsang yetib ol, tushundingmi? Agar bizni kuttirib qo‘yadigan bo‘lsang, o‘zingdan ko‘r! Seni harbiy tribunalga topshiraman!
Zobitning so‘nggi po‘pisalari elas-elas eshitildi. Chunki mashina mendan ancha uzoqlashib ketgandi.
Qiziq, vzvod komandirining tahdidlari meni zarracha cho‘chitmadi. Yo‘l yoqalab yura boshladim. Tevarakka alanglab, gazetani izladim. Nihoyat topdim. Butalar orasida qisilib qolgan ekan. Gazetani avaylab oldim-da, g‘ijim joylarini silab-siypalab rostladim. O‘qidim! Ha, O‘zbekistan mustaqillik e’lon qilibdi!
Men ko‘zlarimga ishonmaganday, xabarni ovoz chiqarib uch karra o‘qidim. Men goh o‘ynoqlab, goh xirgoyi qilib yo‘l bo‘ylab keta boshladim. Ayni paytda Turaning bu yerdan juda uzoqda, yo‘lning xilvat, vahimali ekanligi ham meni sira tashvishlantirmasdi. Yuragimda anglab bo‘lmas ajib bir tuyg‘ular kechardi. Ahyon-ahyon o‘tib qolgan mashinalarga shunchaki qo‘l silkib qo‘yaman. Shu alfozda bir soatdan mo‘lroq yo‘l bosdim. Havo bulutlana boshladi. O‘rmon allanechuk qoramtir tusga kirdi. Shu payt ortimdan “UAZ” mashinasi yelib kelayotganini ko‘rdim. U menga juda tanish tuyuldi. Adashmagan ekanman. U qismimizga tegishli mashina edi. “UAZ” ortidan “Tez yordam” ulovi ko‘rindi. Men sarosimalanib, yo‘l chekkasida to‘xtab qoldim. Mashina shundoqqina yonimga kelib to‘xtadi. Haydovchi yonida o‘tirgan baland bo‘yli zobit kabinadan tushdi. U polkimiz komandirining o‘rinbosari, polkovnik Kravchuk edi.
– Ey, soldat, sen kimsan, qayerdan kelayapsan? – deb so‘radi u tashvishli bir ovozda.
Men nizom bo‘yicha rasm-rusmlarni bajargach, zobitning savollariga javob berdim. Javob berarkanman, Kravchukning ko‘zlarida taajjub, allaqanday hayrat jilvalanganini ko‘rdim.
– Sen ham leytenant Dolganin bilan birga edingmi? – so‘radi u hanuz gaplarimga ishonmaganday. – Qani, mashinaga o‘tir-chi…
Mashinaga joylashdim. Kravchuk men tomonga burilib, xo‘rsindi.
– Baxting bor ekan, soldat. Seni Xudo saqlabdi…
Zobitning uzuq-yuluq gaplaridan angladimki, meni tashlab ketganlar falokatga yo‘liqibdi! Mashina yo‘l chekkasidagi to‘siqqa urilib, soylikka qulagan! Uch kishi halok bo‘libdi, qolganlari ham og‘ir ahvolda emish.
– Hammasi ichkilik oqibati, – deb g‘udranib qo‘ydi Kravchuk.
Uning keyingi gaplarini deyarli eshitmadim. G‘ijim gazeta – xaloskorimni ko‘ksimga bosgancha, ko‘zlarimni yumdim.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 5-son