(“G‘urg‘urtepada saraton” turkumidan)
“Hamma Maqsud amakinikiga xudoyiga!”
Aslida Maqsud amaki yiliga ikki martadan xudoyi qilib, unga mahallaning obro‘li keksalarini chorlar, turgan gap, bu tadbirda u kishining o‘g‘illari yonida mahallaning chaqqon yigitlari xizmatda turishardi. Shu bois bu xabar odatdagi yangiliklardan biri bo‘lishi mumkin edi. Lekin…
Lekin Maqsud amakining uyida xudoyi uchinchi marta o‘tkazilayotgan bo‘lib, G‘urg‘urtepa ahlini shu narsa hayron qilayotgan edi.
Ko‘p o‘tmay, xabarga mish-mish ilakishib chiqdi: “Maqsud amaki uylanayotganmishla”.
G‘urg‘urtepa ayollari bunga munosabat bildirmay turisholmadi, albatta.
– Vay, uylanmiy o‘lsinla, kim qo‘yibdi?
– Kim tegarkan-a?
– Kelinlayam yaxshi-de, qareng, indamiy rozi bo‘lishipti…
– Siz uni gapirass, amakini kampir tanlaganlarini eshiting!
– A… Vay… Tanlabdilami?
– Uy ichlari minam charchab ketishibdi-yu, yugurvurib…
Butun mahalla shu xabarni “hazm qilish” bilan ovora bo‘lib yurgan bir mahalda Maqsud amakining uyida, hovli pastidagi oshxonada bahs avjga chiqib borardi.
– Mayli endi, nima bo‘sayam, tinchiylik, odam ja charchab ketti, – deyardi amakining katta qizi.
– Siz oyda-yilda bir kelass, opa, yashiydigan biza, har nuchuk, bizaga yoqishi kereymi? – bo‘sh kelmasdi katta kelin. – Shu xotin tuzukkinaga o‘xshadi-de…
– Opajon, yashiydigan sizamas, biza, sizzi uyiz narigi ko‘chada, – bidirlardi kenja kelin. – Bu xotin tuzukkinaga o‘xshadi, zamette sebe, o‘x-sha-di! Tag‘in yana bilmadim, odammi olasi ichida…
– Hadeb xotinni qayodanam topamiz? Adamla ko‘ndila-yu, bo‘ldi-de! – kenja qiz tomonlarni murosaga keltirmoqchi bo‘lardi. – O‘zi shundog‘am ikki yil ovorai sarson bo‘pmiz! Yosh yigitgayam shuncha voxt qiz qidirishmas!
– To‘g‘ri, – navbatni yana katta qiz oldi. – Bitta xotin biryo‘la shuncha odamga yoqishi mumkinamas, tag‘inam, har tomonlama bo‘masayam, ishqilib, ikki-uch tomoni minam yoqib tushdi-yu hammamizga. Bo‘ladi-de!
– O‘zi uylanadigan dodamla-yu, xotinni “yoqadi-yoqmiydi” qiladigan biza bo‘ldik! – qiqirladi kenja kelin.
Shuncha “boshog‘riq”qa sababchi bo‘lgan Maqsud amaki esa deraza pastiga tashlangan yupqagina ko‘rpachaga cho‘zilgancha, devorga osilgan suratga qarab yotardi. Ertalabdan beri yuragi negadir uvishib kelardi. Qo‘shnisining kasalxonada ishlaydigan kelinini chaqirtirib, qon bosimini o‘lchattirdi: joyida. Nima bo‘ldiykin? Har ehtimolga qarshi, har kungi hapdorisini ichib oldi. Ikki yil bo‘ldi, dorisiz turolmaydigan bo‘lib qolgan, oyog‘i salgina sovuqni ham sezadi. O‘zini hech qari, deb o‘ylamasdi, otasining yoshiga ham yetgani yo‘q-da hali! Onasining yilini o‘tkaziboq, singlisi bilan xotiniga buyurib, tul ayolni toptirib, uylantirib qo‘yganda otasi yetmish uch yoshda edi. O‘zi ikki yildan keyin yetmishga kiradi. Yetmishga yetmay, xotinidan ayrilishi tushiga ham kirmabdi!
– Mana, onasi, o‘rningga birov keladigan bo‘p turibdi, – dedi beixtiyor ovoz chiqarib. – Mandan o‘pka qima endi, qiynalib qoldim. Ko‘rdingmi, yupqa ko‘rpachada yotipman, oyog‘im sovqotvotti, ustimga chopon tashab qo‘yadigon odam yo‘q. Hovli to‘la, hamma mani deb kegan-u, o‘zim minam hech kimmi ishi yo‘q…
Xotini “osmon to‘la farishta, har qaysisi har ishda”, deb qo‘yardi. To‘g‘ri gap ekan! Baxtiyori yonida bo‘lganda ham bir navi edi. Tunda o‘rnidan qo‘zg‘alsa, Baxtiyor darrov yostig‘idan boshini ko‘tarardi. “Tashqariga chiqassmi, doda?” – derdi-yu, sakrab turib, qoziqdan to‘nini olib berardi. Keyin qorong‘ida zinada qoqilmasin deb ehtiyotlab, qo‘ltig‘idan olardi. Buvasining chiqishini poylab, qumg‘onni ikki qo‘llab ushlagancha halajoyning shundoqqina yonginasida cho‘nqayib o‘tirardi. Maqsud amaki qo‘llarini yuvib, nevarasining yelkasidan sochiqni olarkan, ich-ichidan alqar edi: “Baraka top, bolam, tuproq oseng, oltin bo‘sin”… Mana, Baxtiyori ham yonida yo‘q, chempion bo‘laman deb, internatga o‘qishga kirgan, haftada bir keladi. U kelsa, cholning nazarida uy yorishib ketgandek bo‘ladi, nevarasi yelkasidagi ko‘m-ko‘k sumkasini gursillatib palosga tashlaydi-da, kelib buvasini quchoqlaydi, “tuzzumisiz, doda?” – deya og‘zi qulog‘iga yetgudek iljayadi, shunda endigina chiqa boshlagan mo‘ylabi kulgili bir tarzda qiyshayadi. Keyin palosga cho‘kkalab o‘tirib oladi-da, bir hafta ichida ko‘rgan-kechirganlarini hikoya qila ketadi. Chol berilib eshitadi. Ertasi kun esa nevarasi internetdan o‘qib olgan bir dunyo xabarlarni to‘kib soladi, buvasi Afrikadagi qaysi bir davlatda to‘ntarish bo‘lganini, Xitoydagi ko‘mir koni o‘pirilib tushganini, Rossiyada o‘rmonlar yonib ketganini, Italiyada vulqon otilib, odamlar uysiz qolganini, Amerikada ulkan toshqin vayrongarchilik olib kelganini eshitib, jahon qanchalik katta ekanini yana bir bor his qiladi. Shunda o‘zining dardi chivinchalik ko‘rinib ketadi-da, ich-ichida shukur qiladi. Oxiri nevarasi uning soqolini qaychilab, tartibga keltirib qo‘yadi, buvasi cho‘milib olishi uchun hovli adog‘idagi hammomni isitib beradi. Keyin… keyin kaftlarini ochib, buvasining uzundan-uzoq duosini oladi-da, sumkasini yelkasiga tashlab, ketadi. Chol yana kelasi shanbani kutib qolaveradi.
Bugun kechga tomon Baxtiyor keladi. Chol nevarasining bir dunyo hikoyalarini eshitishini o‘ylab, dili yorishdi. O‘rnidan qo‘zg‘alib, deraza pardasini ko‘tarib, hovliga qaradi. Patnis ko‘tarib to‘rdagi ayvon tomonga pildirab ketayotgan kenja kelindan:
– Baxtiyor kemadimi? – deb so‘radi.
– Yo‘, dodajon, kemadi, hali voxli, ikki-uch soatlada kep qoladi.
Chol pardani tushirib, yana ko‘rpachaga cho‘zildi. Hovlidan to‘ng‘ich o‘g‘lining tovushi keldi:
– Ho‘, kim bor? Xalta-xultalani kim oladi? Kerey bo‘masa, etiyla, qaytarib bervoraman.
– Vay, mullaka, hazilizzi qareng, doim plastinkeyiz bir xil-a? – sharaqlab kuldi kelin. – Bera qolin xaltalarizzi, o‘zim qabul qivolaman. Oshpaziyiz kegan, ana, savzi-piyozzi to‘g‘rab, keladigan guruchlani kutib o‘tiripti.
“E, guruch… – o‘yladi Maqsud amaki. – Bugun mehmon keladi-ya…”
Yana yuragi uvishdi. Suratga qaradi. Nazarida ayolining qoshi sal chimirilgandek ko‘rindi, ro‘moli ham qiyshayibdimi?
Ayoli unga hech qachon qosh chimirmagan. Hatto og‘ir yotgan mahali ham inqillagan emas edi, biron marta jonim og‘ridi demabdi ham. Bo‘lmasa, do‘xtir hali juda qattiq og‘riqlar bo‘ladi, endi O‘zi sabr bersin, biz ojizmiz deb aytgan edi. Xotin kishi munchayam bardoshli bo‘larkan! O‘zi bo‘lsa, mana, erkak bo‘la turib, oyog‘ining og‘rig‘iga chidolmay, ingrab qoladi.
Mehribon edi juda. Bir kun kechasi charchaganidan ustini yaxshi o‘ramay uxlab qolibdi. Tunda badani junjikib uyg‘ondi. Qo‘llari bilan paypaslab ko‘rpasini izlay boshladi. Shu payt kimdir yelkalarini avaylab ko‘rpaga o‘radi. Qovoqlarini bazo‘r yirib, ko‘zlarini ochdi: xotini!
– Ma’mura? – dedi. – Qanaqqib kelding? Naga turding?
Xotini indamay uning peshonasini silab qo‘ydi. Keyin o‘zining to‘shagiga qarab emaklab ketdi. U bo‘lsa angrayganicha qolaverdi. Hech bo‘lmasa, to‘xta, o‘zim o‘rningga oborib qo‘yay deyishga ham fahmi yetmabdi. Hozir shuni o‘ylasa, uyatidan yerga kirguday bo‘ladi…
Tokcha ustida turgan eski soat “jir-ring” degan tovush chiqardi-yu, zum o‘tmay o‘chdi. Peshin bo‘lay deb qolibdi-ku. Chol qo‘llariga tayanib, gavdasini ko‘tardi, deraza tokchasidan do‘ppisini olib kiydi. Eshikni ehtiyotlik bilan ochib, zinaga oyoq qo‘ydi. Hovliga tushib, atrofga alangladi. Hamma shoshadi, kim patnis ko‘tarib u yoqqa chopadi, kim idish-tovoq ko‘tarib bu yoqqa pildiraydi, nevaralar shovqin solib, bir-birini quvadi, oshxona tomonda, shundoqqina o‘rik tagiga o‘rnatilgan qozon-o‘choq atrofida bir to‘p yigit hangomalashib, gurillab kuladi. Maqsud amaki zinaning eng yuqori pillapoyasida turgan qumg‘onni oldi. Quvalashib yurgan nevaralardan birini to‘xtatdi.
– Bor, shunga iliq suv to‘latib ke!
Nevara qulog‘ining ortini qashidi.
– Doda, hammomda iliq suv bor-ku, shundo… kranni buriysiz, bo‘ldi! Nima qilass qiynalib? – bijirladi bo‘yi tikrog‘i.
– Kotta gapirganda gap qaytarmiy, xo‘p deb turadi, – achchiqlandi chol.
Shunda bo‘yi yetayozgan yana bir nevarasi chopqillab keldi.
– Manga bering, doda, man opkeb beraman, – dedi bijirlab. Ketidan qo‘shimcha qilib qo‘ydi: – Sochig‘am opkelaman.
– Ha, baraka top, yaxshi joyladan ato etsin…
Qizginaning yuzi lovullab ketdi. Qumg‘onni ko‘tara, oshxonaga qarab yugurgiladi.
Shu payt katta o‘g‘li o‘choq atrofidagi davrani yorib, otasining oldiga keldi.
– Ada, – dedi. – Mahalladagila machitdan chiqib, Sijo buvani birrovgina ko‘rib, keyin keladigan bo‘lishdi. Imomni Asad opkeladi.
Chol beparvogina “hm”deb qo‘ydi. O‘g‘il hayron bo‘lib to‘xtadi: “Noto‘g‘ri bir gap gapirib qo‘ydimmi?” Otasi indamaganini ko‘rib, yana izoh berdi:
– Quda tomon sal kech qolamiz, deyishipti.
Chol loqayd qo‘l siltadi: “Manga nima?” O‘g‘il gapidan tutiliqdi. Ota nevarasi ko‘tarib kelgan qumg‘onni olib, hammom tomonga qarab ketarkan:
– Peshin bo‘p qoldi, – dedi .
O‘g‘il buni o‘zicha tushundi. Im qoqib xotinini chaqirdi.
– Ovqat-povqating bormi? Adamga suzib bermiysanmi? Qorni ochganga o‘xshiydi-yu! Kun peshin bo‘pti!
– Vay… – dedi kelin. – Sho‘rva pishgan, suzvuriymi? Man nomoz o‘qisala, keyin opkiriymi, deb…
O‘g‘il o‘qraydi. Kelin oshxona tomonga yo‘rg‘alab ketdi.
Maqsud amaki peshin namozini o‘qib, ayvonga chiqqanda, xontaxta ustida oppoq dasturxon solig‘liq, uning ustida chiroyli kosada bug‘i chiqib turgan sho‘rva, bir juft obinon, xontaxta yoniga tashlangan ko‘rpachada to‘ng‘ich o‘g‘li o‘tirardi.
– Ada, ochqab ketgandirsiz, chopa-chop minam bo‘lib qarolmabmiz… – o‘g‘il qip-qizarib, dasturxonga ishora qildi. – Issiqqina ichvolaqoling, mehmonla keguncha charchab qolass…
Chol bug‘i chiqib turgan bir kosa sho‘rvaga, issiqqina obinonga, choynak-piyolaga qaradi. Keyin o‘g‘liga boqdi.
– Sho‘rvani mehmonla minam icharman…
– Naga? A… Boya…
– Yuragim uvishib turibdi… Birpas yotaman…
– Do‘xtir qo‘shnimizzi chaqiriymi?
– Yo‘… birpas yotiy… Baxtiyor keladimi? – negadir shu topda yana nevarasini ko‘rgisi keldi.
– Baxtiyor kechro keladi-yu… Bir… soat besh-oltilada kep qoladi.
O‘g‘lining gapini eshitmadi ham. Shu topda yuragi nihoyatda g‘ash edi. Go‘yo yoqimsiz nimadir bo‘ladigandek…
Holbuki, bugun odatda uyiga kelib yurgan mahalladoshlari, qarindoshlarini mehmon qiladi, Bodomzor machitidan mulla Abdulkarim kelib nikoh o‘qiydi, Qibraydan o‘ntacha yangi qarindoshlar uning xonadoniga yana bir a’zo – Suyumaxonni olib kelishadi.
Suyumaxonni unga birrov ko‘rsatishdi, lekin u ayol diliga o‘tirishdimi, yoki o‘tirishmadimi, buni o‘ylab ham o‘tirgani yo‘q. “Bu yog‘iga qanchayam umrim qoldi? – o‘yladi u. – Ma’mura minam qirq yil yashadim. Bunisi minam shuncha yasharmidim? Shunaqaykan, injiqlik qilib ma’qaman”.
Holbuki, otasi keyingi xotini bilan yigirma yil birga yashab, yoshi to‘qsonlardan oshib, qaytish qilgan. Yaxshi ayol edi u. Nevaralarni, keyinroq evaralarni bag‘riga bosib olgancha, choli bilan bir nimalarni gaplashib o‘tiraverardi. Otasining yaktaklari oppoq, boshidagi yupqa kallapo‘shi oppoq, soqoli oppoq, butun vujudidan mehr ko‘rgan odamning baxtiyorligi ufurib turardi. U oqshom chog‘i otasining yoniga shoshar, nazarida otasining mamnunligidan unga ham nimalardir “yuqib” qolayotgandek, ko‘ngli to‘lib, ko‘ksi o‘sib ketardi, Ma’muraga “shunaqangi o‘tirishdan bizagayam nasib qisa koshkiydi”, deb qo‘yardi.
Xudoning ishlariga hayron bo‘lmay iloj yo‘q, farishta shunda nimaga omin, deb yuborganiykin? Farishta uning niyatini noto‘g‘ri talqin qildimi yoki uning o‘zi niyatini to‘g‘ri ayta bilmadimi?
Xonasiga kirib, ko‘rpachaga yonboshladi. Obbo, kelingami, qizigami aytib, ko‘rpachani qalinroq qilib to‘shatsa bo‘larkan. Xayolidan ko‘tarilibdi. Derazadan qaradi. Hovlida g‘ala-g‘ovur kuchaygan, qarindoshlar birin-sirin to‘plana boshlagan edi. “Hm… Osmon to‘la farishta, har qaysisi har ishda… – o‘yladi u. – Birpas yotaman-u, turaman. Mahalladan qariyala keladi, chiqishim kerey-ku!”
Boshini yostiqqa qo‘ydi. Yuragi battarroq uvishdi. Yonboshida yotgan adyolni olib ustiga tortgan bo‘ldi. Endi uvishish badaniga o‘tdi. Oyog‘i sovqotdi. “Ie, – o‘yladi u. – Yoz chillada sovqotish nimasi?”
Devordagi suratga ko‘zi tushdi-yu, ikki kun avvalgi mojaroni esladi. Kechqurun qariyalar bilan o‘tadigan “gap”dan kelsa, kelin ko‘zlari qizarib o‘tiribdi. Suyumaxonning ko‘chlarini olib kelib, yoyishgan xotinlar devordan suratni olib qo‘ymoqchi bo‘lishibdi-yu, katta qizi oldirmabdi. Oraga tushgan kelin u tomondan ham, bu tomondan ham dakki yebdi. “Shunaqayam bo‘ladimi, doda? – derdi bechora. – Qo‘yiyla, tortishib nima qilasila, deganimmi bilaman…”
O‘zicha kulib qo‘ydi. Shu topda qizining bir so‘zligi ham, quda tarafning o‘z so‘zli ekanligi ham shu qadar mayda, arzimas ko‘rindiki…
Shu payt oyog‘ining tomiri tortisha boshladi. Kimningdir mehribon qo‘llari oyog‘ini uqaladi. Yelkasiga ko‘rpa tortilganini sezdi. Biram yengil tortdiki… Qovoqlarini yirib, ko‘zini ochdi. O‘ziga qarab turgan mehrga to‘la, tanish, qadrdon ko‘zlarni ko‘rdi. “Ma’mura, – dedi beixtiyor. – Qanaqqib kelding?” Ayoli jilmaydi. “Naga kelding?” – so‘radi yana. Ayoli indamadi. Faqat iliq kafti bilan uning peshonasini silab qo‘ydi…
“Ijod olami” jurnali 2019 yil 6-sonida bosilgan