Ichimda bir vulqon bordek. Ko‘nglim to‘liqadi. Bolajonlarimni uxlatib qo‘yib, yig‘lab ham olaman. Ammo ko‘nglim tinchimaydi. Shunda… Yana sizga xat yozaman. Yuzinchi, minginchi martamikan? O‘sha vulqondek bir nimaning bir siqimi “Azizim!” so‘zi bilan oq qog‘ozga ko‘chadi.
Lekin … Hozirgi alg‘ov-dalg‘ov kunlarda xatlar ham yo‘qolib qolar ekan gohi. Bolalik kezlarimdan “Birovning xatini o‘qish jinoyat, tubanlik” e’tiqodi ongimga singib ketgani bois, ozor chekaman bundan.
– Endi Sizga bittayam xat yozmayman! – deyman kuyinib.
Bu ra’yimdan qaytararsiz, degan umid ko‘ngilda milt-milt etib turadi.
Siz bo‘lsangiz…
Shu onning o‘zidayoq loqaydlik bilan bir ozorni ming ozorga aylantirasiz:
– Yozmang!
Ichimdagi vulqonga yana jon kiradi.
Otilib chiqib ketmaydi lekin!
Va qo‘lga qalam olib, bir vaqtlar rasm chizishga mehr-ishtiyoqim bo‘lganligini, suratlar chizganimda ko‘nglim g‘ashligi chekinishini eslab, qog‘oz qoralashga tushaman…
Bir kuni asarlarimga ko‘zingiz tushar bo‘lsa, iltimos, kulmang. To‘g‘ri, chizgilar no‘noq, g‘aliz.
Tetapoya… Endi yo‘lga kirayotgan bola yiqilsa, avaylab yetaklaymiz, shunday emasmi? Mening musavvirlikka da’voyim yo‘q. Shunchaki… nelarnidir aytishim shartdek, ichimdagi vulqon qog‘ozga ko‘chadigandek bugun.
Birinchi suratimni ko‘rish Sizga nasib etmaydi, chunki…
Uni men ko‘p yillar avval chizib, “So‘nggi qul” deb nomlaganman…
…Notinch dengiz. Vatan tuyg‘usidan benasib Daydi Shamol beg‘ubor osmonning tiniqligidan g‘ashlanib, qop -qora, kir bulutlarni allaqaylardan sudrab kelib, ko‘kni qoplashga tushgan. Sohilda gung olomon. Davra markazida Oltin Shohning qarshisida oyoq-qo‘llari zanjirband qul tiz cho‘kib, Oltin Shoh tomon qo‘llarini cho‘zib turibdi. Shoh esa… engashib, uni kishanlardan halos etayotir…
Ishonish… mushkul, a? Ammo bu yerda gap g‘oyada emas, tasvirda!
Tasavvur eting – o‘sha olomon hayratini!
Tasavvur eting – o‘sha qulning ko‘zlarini!
Tasavvur eting – o‘sha oliyjanob Shohning yuzidan yog‘ilayotgan nurni…
Ko‘ngil biroz taskin topgan, ertam menga yangi asarlar va’da etayotgan edi go‘yo. Shu sabab boshim aylanib, ozgina nomi chiqqan musavvir huzuriga oshiqdim.
O‘sha odam suratni bir muddat ko‘zdan kechirdi va… aftini bujmaytirib, dedi:
– Gullagan diyorimizda, dorilamon zamonimizda hur mehnat qilayotgan baxt egalari – ishchi va dehqonlarni madh etuvchi asarlar yarating! Bu nima?
“Xo‘p” deyishga og‘iz juftladim va qo‘lidan suratni ola turib, “asarimni” hech bo‘lmaganda “Moziy lavhalari” deb nomlamaganimga achindim…
Birinchi “mo‘jiza” huddi ana shu soniyada ro‘y berdi. Tasvirimni oldimu tilimga tushov tushdi, bir nima deyishga tilim aylanmay qoldi. Go‘yo olomonga qo‘shilib men ham endi gunglikka mubtalo bo‘lganday edim.
…Sokin dengiz. O‘sha manzara. Faqatgina… Oltin Shoh oltin taxtda o‘tiripti. So‘nggi qul kishanlaridan halos etilgan. Gung olomon aftodahol hamda zanjirband qo‘llarini falak tomon cho‘zib turibdi…
Uyga yetib kelganimdan so‘ng “asar” asl nusxasiga qaytarmikan, deb ko‘p kutdim. Mo‘jiza ro‘y berdimi, aksi ham bo‘lmog‘i ehtimoldan holi emas -ku? Behuda kutdim. Axiyri “Zanjirlaring senlarga shu qadar aziz ekanmi, battari bo‘lmaydimi…” dedim-da, burdalab tashlagim keldi.
Yana… “Mendan osh-non talab etarmidi, yotar…” hayoli ustun kelib, g‘aladonga tashlab qo‘ydim.
Va… unutdim.
Bir oqshom chiroq o‘chib qoldi. Bolalarning dastidan sham ham qo‘ygan joyingda turmaydi. Gugurt chaqib, g‘aladonni timirskiladim. Beixtiyor ko‘zim haligi suratga tushdi… Yana mo‘jiza!
Olisdan boqqanda, surat asl tusida ko‘rinar, ziyoni yaqinlashtirganing sayin, evrilish ro‘y berar edi.
Yillar o‘tdi. Aytishga oson. So‘ngida baribir jismonan yo‘q bo‘lishingni idrok eta turib, tanning tirikligi mobaynida bo‘lsa-da, ruhan o‘lmaslikka tirishib, gohida odamlarga odam
ekanligingni isbotlab, alamda jon saqlashga sarflangan yillar… Ammo tiriklikning bitta o‘zi jon saqlab qolishga ojiz… Ojiz…
Alamlar iztirobi mendan ustun kelayotganini tuyub, yana qo‘lga qalam olgim keladi.
…dardlar qog‘ozga ko‘chadigandek…
Huvillab, yomg‘irlardan bezor bo‘lgan bahor o‘tgach, “Bahor”ni chizdim. Armon ko‘chdi qog‘ozga.
Tasavvur eting, qiz timsolida Bahor bormoqda. Ikki qo‘lida avaylab Quyoshni tutgan. Sochlari, etaklarida turfa gullar. Tevarak-atrofida turli-tuman mitti qushlar ming ovozda hayotni olqishlamoqdalar.
“Ayol ko‘nglini ayol biladi” degan hayol meni mutaxassis ayol huzuriga yetakladi. Bu borada jo‘yali bir fikr eshitish men uchun muhim edi.
Yuguruk nigoh tashlab, aftini bujmaytirdi u:
– Hayotiy narsa bo‘lsin!
– Masalan?
– Ozod mehnatda tolmas qizlarimizni tasvirlang! O‘n beshtalab farzand tarbiyasi bilan band bo‘la turib, tunu kun paxtaning har bir chanog‘i uchun dalalarda kurashayotgan baxtli onalarimiz siymosini aks ettiring. Bu … nima o‘zi?
– Tushunmadingizmi?
Savolim noto‘g‘ri qo‘yildi asli. Bu mening xatoyim, tan olaman
Ayol istehzoli kuldi va qog‘ozni menga uzata turib, dedi:
– Bu dargohda faqat tushunadiganlar ishlaydi.
Gap tamom!
Yurak yutib, suratni qo‘lga oldim… Yanami?!
Bahorim yomg‘irning xivichlaridan shumshayib, turfa gullar yer bilan yakson bo‘lib, loyga
qorilib yotganini ko‘rdim. Na quyosh, na qushlardan asar bor. Quyosh tutgan kaftlari – qo‘llari tavalloda muallaq.
Uyga keldimu qarshisiga sham yoqib qo‘ydim. Shu asno “Bahor”im asl nusxasiga qaytdi. O‘sha oqshom hammasini yig‘ib, parchalab tashladim. Qayta qo‘lga qalam olgani yurak betlamay qo‘ydi.
Mana… yana yillar o‘tdi. Hayot ozgina bo‘lsa-da o‘zgargandek.
Yana… g‘ashlik. Yana yig‘lagim keladi. Bolajonlarimni uxlatib qo‘ygach, yig‘lab ham olaman.
Ko‘ngil tinchlanmaydi. Shunda… Sizga yana xat yozgim keladi. O‘sha g‘ashlikning bir siqimi “Azizim!” so‘zi bilan oq qog‘ozga ko‘chadi…
Lekin…
Men Sizni hech qachon hech nimada ayblamayman.
Qo‘l asta qalam tomon o‘rmalaydi.
Mana, ko‘ring, bularni hozirgina chizdim.
Bu – “Xiyonat”.
Bunisi – “Sadoqat”.
Kimgadir namoyish etishga ulgurmaganligim sabab o‘zga tusga evrilish kuzatilmadi hozircha.
Ko‘zingiz tushib qolsa, sham tutishni unutmang…
G‘ashlik chekingandek. Vaqtincha. Keyin xuruj yangilanadi…
Musavvirlikka da’vogarligim yo‘q, buni hali aytdim. Shon-shuhrat rag‘bati, nomni abadiylashtirish ishtiyoqi ham menga yot. Ishonish juda mushkul bo‘lsa -da, ishoning, zero umrim mobaynida meni bir tuyg‘u izma -iz quvib yuradi: bu mening birinchi yoki so‘nggi hayotim emas! Men qachonlardir yashaganman! O‘zga bir hayot va lekin, shu dardlarim bilan…
“So‘nggi qul” – o‘sha hayotimdan xotira…
Deraza ortida kuz kezinmoqda. Qarang, ertangi ayozlarni tuyib, daraxtlar nochorlikdan
bezillab, bo‘zlamoqda… Mungli ko‘zlarini tunga yashirgan turnalar ham… Go‘yoki borliq mung va tavallodan iborat…
Tun borliqni yamlab, kimlarnidir mangu kutmakka axd etgan yulduzlargagina bas kela olmaydi faqat… Kun esa uning bag‘riga singib ketdi yana. O‘tmagan kun bormi?
Kuz…
Kimsasiz yo‘l kimningdir odimlariga ilxaq… U ham, nihoyat,tun bag‘riga singimoqda…
Aytarimni ayta olmadim baribir. Mayli, hali zaminga qaytarim bor…
Ehtimol, “Bahor”im o‘sha hayot tuyg‘usi…
O‘shanda – bermayman!..
…bermayman Sizni hech kimga!..
“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil 3-son