Bu dunyoda eng shirin narsa nima, bilasizmi?.. Ha, balli! Maqtov. Maqtov hammaga yoqadi, hatto Tal’at Nu’monovdek ko‘pni ko‘rgan, og‘ir-bosiq odamga ham.
U yakshanba kuni ertalab dasturxonga o‘tirayotganida sezdiki, rafiqai muhtaramasining yuz-ko‘zlari quvonchdan lov-lov yonib, muhim bir xushxabarni qariyb qirq yillik jufti haloliga yetkazmoqqa oshiqayotir. Odatda pensiyasini olganida yoki yangi urfga kirgan ko‘ylakni qo‘shni xotinlardan oldin kiyganida bu ayolni ana shunday hayajon cho‘lg‘ab oladi.
Umrini qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qish-o‘rganish bilan o‘tkazgan er o‘yladiki, rafiqasi pochtaga borib, pensiyasini olib kelganiga hali bir hafta ham bo‘lgani yo‘q. Yangi libosning xaridi esa janobning marhamati va mashvaratidan holisda zuhuriga yetkazilmaydi. Olim ayolidagi xushhollik uzoqroq davom etishini istab, uning botinida va zohirida kechayotgan farahli o‘zgarishlarni sezmaganga oldi. Erning kosasidagi bir oz qaynoq suv qo‘shib isitilgan mastava kamaygani sari ayolning sabr kosasi limmo-lim bo‘lib boraverdi.
-Kecha keliningiz juda qiziq gap topib keldi, – dedi nihoyat ayol. – Eshitib, rosa xursand bo‘ldim.
-Ana xolos! Nima haqda ekan o‘sha qiziq gap?
Xotin paxta gulli piyoladan ko‘k choy xo‘plab, tantanavor ohangda ma’lum qilmoqqa kirishdi:
-Bilasiz-ku, qo‘ni-qo‘shnlarimizning xotinlari, kelinlari domimizning oldidagi maydonchada bolalarini o‘ynatib qo‘yi-ib, o‘zlari miriqib gap sotadi.
Er tasdiq ma’nosida oq sochlari allaqachon tepasini yetim qilib ketgan kattakon boshini irg‘adi. Har nechakim, yuzga yaqin xonadonni o‘z bag‘riga olgan ko‘p qavatli uyning oldida kechadigan bunday mashvaratlarda ne bir voqea-hodisalar, insonlar haqida so‘z yuritilib, ne bir muammolar qizg‘in muhokama qilinishini u taxminlar edi. Kun tartibidagi masalalarining ko‘pligiga ayrim xalqaro anjumanlarning ham rashki kelsa arziydi.
Salom berib kelin kirib keldi va xontaxtaning etagiga omonatgina o‘tirdi.
“Tag‘in yig‘labdi, – deb xayolidan o‘tkazdi qaynota. – Qovoqlari shishib ketibdi. Mayli, jon bolam, yana ozgina sabr qil. Yana ozgina! Xudo xohlasa, avfi oliydan so‘ng ering chiqib keladi.”
-Qo‘shnilarning kelinlari jo‘r bo‘lishib, – dedi qaynona keliniga bir qarab olar ekan, – hammasi Munisaga juda havaslari kelishini aytishibdi.
-Ya’ni?
-Ya’niki, Munisaning qaynonasiday yaxshi qanona bu domda yo‘q emish.
Ayol kulcha yuzi yoyilib, yayrab kuldi. Kelin siniqqina jilmaydi.
-Ha, shunaqa deyishdi, – tasdiqladi u ohista.
Xotini yurak xurujiga chalinmasidan avval bunday “yangilik”dan keyin odatda hazil-huzulga moyilligi baland Tal’at Nu’monovning lafzidan “Yo‘g‘-ey?”, “Nahotki?” kabi so‘zlar chiqib ketardi. Lekin endi olim ayni istagini cho‘ng bir mahorat bilan bosadiki, sabotiga o‘zi ham qoyil qoladi.
-Mazkur bayonotni bergan o‘sha kelinposhsholar bu oddiy haqiqatni shu paytgacha bilmas ekanlarmi? – dedi qaynota g‘oyat taajjub bilan. – Bu tongda qo‘yosh chiqib, oqshom botishidek ravshan bir gap-ku!
-Bilmas ekan-da, dadasi! – yana mamnun jilmaydi qaynona.
-Bilishadi, – dedi kelin. – Har doim aytishadi. “Voy, Munis, saning oyijoning rosa yaxshilar-de” deyishgani, deyishgan. Men: “Ko‘p maqtayvermalaring, ko‘zlaring tegib qoladi” deb yozg‘iraman.
-Bunday e’tirofu maqtovlarning boisi nimada, kelin? – deb so‘radi qaynota.
-Munis, saning qaynonang bolalaringni bog‘chaga ham o‘zlari olib boradilar, maktabdan ham o‘zlari olib keladilar, ishdan qaytguningcha ovqatni ham o‘zlari boplab pishirib qo‘yadilar… Qo‘llarining shirinligiga-ku gap yo‘q, deb maqtashadi…
Gaz plita ustida turgan sirli choygum suvning harorati qaynash darajasiga yetganidan ogoh etib, “xushtak chalib yubordi”.
-Men bechora tappa-tayyor tekin xizmatkor-da! – dedi birdan rangi o‘zgarib qaynona.- Ilgari uch bolamning xizmatini qilar edim. Endi nevaralarning, kelinning xam cho‘risiga aylandim!..
Tal’at Nu’monov tomoq qirdi. “Taytuv!” deb jerkingisi keldi, lekin yana o‘zini bosdi. Gapni hazilga burdi.
-Cho‘chiganingcha bor ekan-da, ona qizim. Mana, qaynonangga darrov kuz tegdi-qo‘ydi.
Kelin yerga qaradi. Qizardi. O‘rnidan qo‘zg‘oldi.
-Nima, boshqa qaynonalar nevaralarini boshiga ko‘tarishdek ulug‘ ne’matdan o‘zlarini parhezda tutadilarmi? – deb so‘radi olim.
– Albatta-da! – deb javob qildi uy bekasi. – Ertadan qora ke-echgacha teleseriallarni tomosha qili-ib yotishdan, uxlashdan qo‘llari tegmaydi. Semirib ketyapmiz, deb yana oh-voh ham qilishadi.
Siyrak qoshlariga qalin o‘sma surilib, sochlari xurmo rangiga buyalgan oltmish yoshli jikkakkina ayol o‘tirgan joyida qaddini bir ko‘tarib qo‘ydiki, men bunday avboshlikdan yiroqman.
Er ichidan ko‘tarilib kelayotgan kulgini unga sezdirmaslik ilinjida keliniga tomon o‘girildi: parvo qilma, ona qizim, qaynonangning fe’lini bilasan-ku.
Kelin aybsinib yana yerga qaradi.
– Adajon, qo‘shnilarimiz Sizni ham rosa maqtashadi, – dedi oq finjonga damlangan hushbo‘y qahvani qaynotasining oldiga qo‘yar ekan.
Qaynota “Ana xolos!” degan so‘zlarni yana, bu gal g‘oyat samimiy bir hayrat bilan takrorladi.
-Qaynonang fazlu kamol egasi ekanligi-ku ayon. Lekin men ojiz bandani nima deb maqtashlari mumkinligiga sira aqlim yetmay qoldi-ku, qizim?
-Nevaralarini yeru ko‘kka ishonmaydilar deyishadi. Qachon qarasang, bolakaylarni ergashtirib yo muzeyga, yo teatrga ketayotgan bo‘ladilar. Erinmaydilar. Bizning qaynotalarimizning nard o‘ynashu oshxo‘rlikdan qo‘llari bo‘shamaydi…
“O‘zingga shukr, Egam!” – deb suyundi olim zohirida va endi bu suhbatga munosib yakun yasamoq fursati yetganini sezdi. Ro‘parasida o‘tirgan rafiqasiga murojaat qildi:
-Ushbu sitoyish, ya’ni maqtov, sharafi manzilatning asl sababi nimada bilasanmi, onasi?
Xotin eriga anqayib qaradi. Ayol jufti halolining bunday kitobiy, balandparvoz gaplarini har doim ham tushunavermas edi. Shuning uchun mitti gulli qizil kuylagi osilib turgan yelkasini uchirib qo‘ya qoldi.
-Sababi – kelinimizda, – dedi qaynota odatiga ko‘ra, shoshilmasdan, talabalar oldida ma’ruza o‘qiyotgandek, har bir so‘zni chertib-chertib gapirar ekan. – Sababi – kelinimiz Munisaxon uyimizdagi gaplarni ko‘chaga olib chiqmasligida, borimizni oshirib, kamimizni yashirib kelayotganida. Sabr-qanoatida! O‘zining va so‘zining latifligida… Kel, duo qilaylik, onasi, bizni pisand qilganlarni Xudoim o‘zi pisand etsin!
“Hurriyat” gazetasi, 2015 yil 29 iyul.