Televizorda «So‘nggi xabarlar» boshlandi.
«Ulug‘ ayyomlar arafasida keksalar, bemor va nogironlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish – xalqimizning azaliy ezgu fazilatlaridan…» — deb biyron so‘z boshladi diktor.
— Boshqa kanalga olaymi? — dedi ayol.
— Yo‘q,- dedi er. — Tursin.
«…Qurbon hayiti boshlanayotgan ushbu shukuhli kunlarda xalqimizning bunday noyob fazilatlari yanada kengroq va yorqinroq namoyon bo‘lmoqda…»
— Kompaniyamiz ham Olmazordagi yetimxonaga…
— Mehribonlik uyiga, deng, adasi! Quloqqa hunuk eshtilarkan…
— Xo‘p, ana, mehribonlik uyi… O‘sha mehribonlik uyiga hayitgacha mebel sovg‘a qilmoqchi edik. Ulgurolmay qoldik…
— Ulgurasizlar hali. Bu yoqda hali yangi yil ham bor…
«Endi xorij xabarlari bilan tanishing…» Ekranda qandaydir xalqaro anjumanda zerikib o‘tirgan jiddiy odamlarning yaltiragan yuzlari namoyon bo‘ldi.
— Boshqa kanalda kino-pino yo‘qmi?
— Kino keyinroq bo‘ladi.
— Unda o‘chira qol…
Ayol televizorni o‘chirdi.
— Biz ham ertaga adajonimiz bilan oyijonimizni birrov borib ko‘rib kelsak, yaxshi bo‘lardi, — dedi ayol xontaxtaning yonida yonboshlab yotgan eriga choy uzatar ekan. — Xabar olmaganimizga bir oycha bo‘p qopti.
— Har kuni telefonda gaplashib turibmiz-ku.
— Telefon — boshqa, diydor — boshqa, adasi. Hayit kunlari chol-kampir yo‘l qaraydi. Yunusoboddan Qo‘yliqqacha – to‘rt qadam.
— Gaplaring to‘g‘ri, Mohi. Lekin ota-onamning mendan boshqa farzandlari ham bor-ku. Ana Shoikrom borsin, Shoislom borsin, Shohida borsin. Nima bo‘lsa, Shohruh, Shohruh!.. Borolmayman!
— Nega borolmaysi-iz, Shohruh aka?
— Ochig‘i, itday charchadim! Ikki kun, ko‘cha narida tursin, hovliga ham chiqmasdan, to‘yib uxlamoqchiman.
Ayol jim bo‘lib qoldi. Oldida turgan choynakning ipini buradi. Qopqog‘i ko‘tarildi. Qo‘yib yubordi — yopildi. Yana buradi.
— Ukalaringizning yo‘rig‘i boshqa, — dedi muloyim ohangda. — Biz bormasak, ukalaringiz, singlingiz ham ularning ostonasidan qadamini uzib qo‘yadi. Boraylik. Qarzimiz-ku?
— Universitetda besh yil falasafa o‘qiganim yetar, Mohi! Yo shu gaplarga aqli yetmaydi, deb o‘ylaysanmi?
— Yetadi, adasi, yetadi!
— Muallimliging tutib ketadi-ey ba’zan.
— Aytmoqchi bo‘lganim, shukr, chol-kampirning biror narsaga muhtojligi yo‘q. Borib, yarim soatgina yonlarida o‘tirib kelsak, boshlari osmonga yetadi. Xudo umr bersa, ha demay o‘zimiz ham o‘shalarning yoshiga yetamiz…
— Charchadim, dedim-ku senga.
— Sizday navqiron yigitdan bunday gaplarni eshitish… Rosti, erish tuyular ekan, — dedi erka ohangda ayol. — Eshitgan quloqqa — uyat!
— Ellikdan oshgan odamning navqironligi qoladimi! Ish, turmush tashvishlari har qanday odamning tilini osiltirib tashlaydi, domla!
— Qo‘ying, zorlanmang, adasi. Zorlanganni o‘zingiz ham yoqtirmaysiz-ku.
— Bu zorlanish emas. Bor gap.
— Bora qolaylik, iltimo-os. To‘rttagina patir bilan ozroq go‘sht, uzum, olma deganday… Adajonim qiyma kabobni yaxshi ko‘radilar. Besh-olti six olsak…
— Kreditni qanday yopaman, deb necha kundan beri uyqu nimaligini bilmaymanu sening gapingni qara!..
Jimlik cho‘kdi. Bir ozdan keyin ayol yana shirin jilmaydi.
— Unda, o‘zim borib kelsam-chi? — dedi choynakning baldog‘ini silar ekan.
— Bilganingni qil. Lekin meni tinch qo‘y. Hech bo‘lmaganda, xayit kuni odamga o‘xshab dam olay. Axir bayram-ku, barkat topgur!
Ayol indamadi. Ertasi kuni nonushtadan keyin yasan-tusan qilib, qo‘lida oq dasturxonga o‘ralgan tog‘ora bilan yana ayvonga chiqdi.
— Men birrov o‘tib kelsam maylimi?
— Mayli. Boraver.
Televizorda qandaydir serialni xafsalasizgina tomosha qilayotgan er xotini tomon o‘girildi va yashil gulli adras ko‘ylak kiygan ayolidan ko‘zini uzolmay qoldi.
«Shakarning qopini kiydirsang ham yarashadi! — deb o‘yladi. — Shunday ayolni ravo ko‘rganingga shukr!..»
Ayol hovlidan chiqishga ulgurmadi.
— To‘xta, Mohi. Birga boramiz!..
Shu topda ayol barvasta, ho‘shmuylov, gardishi tilla rang ko‘zoynagi o‘ziga yarashib turgan erini yanada yaxshi ko‘rib ketdi. Uning kostyumi yoqasini to‘g‘rilab, oppoq o‘ylagining ochiq qolgan tugmasini o‘tkazib qo‘ydi.
* * *
— Shohruh o‘g‘limiz baribir boshqacha-da, onasi, — dedi ota qo‘lini sochiqqa artar ekan.- Qo‘li ochiq, mehribon, mehnatkash…
Shohruh xotiniga qarab beo‘xshov kuldi. Qizardi.
— Boshqasini qo‘ying, kecha oqshom kabob yegim kelyapti, degan edingiz. Sezganini aytmaysizmi. Iloyo, baraka topsin! Bir duo qiling, bolaginamni!
Chol-kampir sertomir qo‘llarini duoga ochdi:
— Ey parvardigor, farzandlarimizni, jumladan, shunday ulug‘ ayyomlarda ota-onasini unutmay, yo‘qlab kelgan o‘g‘limiz Shohruhjon bilan kelinimiz Mohinurxonni hamisha o‘z panohingda asragin! Ularni hech qachon to‘g‘ri yo‘lingdan toydirmagin! Topgan-tutganiga doim baraka berib, biz, qariyalarni xursand qilish uchun sarflagan birini o‘zing ming qilib qaytargin! Ikkalasini qo‘sha qaritib, farzandlarining huzurini ko‘rishni nasibi ro‘zi aylagin! Omin!..
— Bu dunyoning ishlari o‘zi shunaqa – xizmatni sen qilasanu duoni boshqalar oladi, — dedi er mashinaga o‘tirgach. — «Boraylik» deb sening qancha joning halak bo‘ldi, yekin olqishni men oldim. Yugurganniki emas, buyurganniki, Mohi!
— Mayli, adajonisi! Ikkalamiz – bir odammiz. Mening ota-onam tirik bo‘lganida, ularning ham duosini olgan bo‘lardik! To‘g‘rimi?
— Albatta!..
— Voy-vuy, ko‘chada mashinaning ko‘pligini qarang.
— Sovuq bo‘lsa ham, butun shahar ko‘chada.
— Hamma bizga o‘xshab ota-onasi, qarindosh-urug‘ini yo‘qlagani chiqqanda…
— Ha. O‘zbeklar — buyuk xalq!
— Nima? Tushunmadim?
— Nimaga tushunmaysan. O‘zbeklar – buyuk xalq, deyapman. Bilasanmi buyukligi nimada?
Ayol yelkasini qisdi.
— Mehr-oqibatida! Mol-dunyo bilan hozir birovni hayratga solish qiyin. Lekin bugungidek urf-odatlarimizni, odamlarimiz o‘rtasidagi mehr-oqibatni ko‘rgan-bilgan har qanday kalondimog‘ milliarder-kapitalist ikki qo‘lini ko‘taradi – qoyil qoladi. Bunga o‘zim million marta guvoh bo‘lganman!
Mashina katta halqa yo‘l tomon burildi.
— Bilasanmi, bizda eng nodon bola ham qari ota-onasini xor-zor qilib, yolg‘iz tashlab ketmaydi. Tashlab ketdimi, demak, u o‘zbek emas!
Mashina chorrahada «qizil chiroq»da to‘xtatdi.
— Mohi, bilasanmi, men seni nima uchun yaxshi ko‘raman? — dedi er va javobini kutmasdan davom etdi. — Eng avvalo, aqlli bo‘lganing uchun yaxshi ko‘raman! Aqlli odam esa chiroyli bo‘ladi!
— Voy-vuy! Sizga nima bo‘ldi? — dedi ayol erka ovozda. — Tinchlikmi?..
— Bugun ota-onamnikiga meni boshlab kelib, naqadar ulug‘ ish qilganingni bilmaysan-da, xotin!
— Qo‘ysangiz-chi.
— Otam bilan onamning go‘dakday quvonganini ko‘rding-ku o‘zing. Oshxonasiga kirib, xolodilnigini ochib qaradim. Liq to‘la.
— Barakat topsin, kenja ukangiz bilan kelin hamma narsani badastir qilib qo‘yishibdi.
— Molodets! Lekin biz olib borgan kabobni chol-kampir maqtab-maqtab yedi. Shunday ulug‘ ayom kunlarida ota-onamni yo‘qlamasam, qanday odam bo‘lardim, Mohi! Rahmat senga, jonim!
Er yonida o‘tirgan ayolning muloyim qo‘lini olib, lovullab turgan yuziga bosdi. Barmoqlarini mehr bilan bir-bir o‘pdi. Shunday chiroyli, aqlli, shirinso‘z ayolni ravo ko‘rgani uchun yaratganga shukr!
— Sen bo‘lmasang, mening ishlarim mana shu mashinaday taqqa to‘xtab qolgan bo‘lardi. Sen ayol emas, farishtasan, oltinsan, naqd barakaning o‘zisan!..
— Qo‘ying, odamni uyaltirmang!..
Mashina joyidan jildi.
— Xudo xohlasa, Germaniyaga jo‘natgan mollarimizning puli bankka tushishi bilan kompaniyamiz olgan kreditni shartta yopaman. So‘ng seni Qizil dengizga olib boraman. Qirolichalardek bir yayra! O‘zim kechayu kunduz xizmatingda bo‘laman!..
— Rahmat, adajonisi, rahmat! Iloyo, aytganingiz kelsin!.. Ba’zan o‘zingiz ham naqd televizordagi diktorlarday biyron bo‘lib ketasiz-da!..