Qulman Ochil. G‘arov (hikoya)

Siddiq aka bo‘y-basti duppa-durust, kelishgan, tug‘ma yuvvosh odam. Mayin sochlari siyrakroq, qo‘yko‘zlari qisiqroq, yoqimtoy. Gap so‘rasangiz, avval muloyimgina jilmayib qo‘yish odati bor. Ilyos aka bilan to‘n kiyishmagan bo‘lsa-da, kiyishgandan qalin. Moskvada mo‘yqalam ilmidan birga  tahsil olgan. Hujradosh. Hali qarasangiz, ikkalasi Shahrisabz tomonlarda – Hisor tog‘i etaklarida irg‘ishlab yurgan, boshqa kuni rassomlarning Burchmulladagi bog‘ida dumalab yotgan.

Hayron bo‘lardim: fe’lan biri biriga teskari bu ikki musavvirning orasidan qil o‘tmaydiki, boisi nima? Ilyos aka deganimizning ovozi gavdasiday yo‘g‘on, dag‘al. Taroqdan begonalashib ketgan sochi yelkasiga, ko‘kala soqoli ko‘ksiga tushgan. Beti tovoqday. Qalin tirnoqlarini vaqti-soatida olishiga gumonim bor. Joyi kelsa, o‘zini devonalikka oladi-yu, urib-so‘kib bo‘lsa-da, gapini o‘tkazadi. Ko‘ngliga kelganidan qaytmaydi. Na yaxshini biladi, na yomonni: «Maynamni titma. Maniki tog‘di balasi. Man sani bir urgan, san o‘lgan, k chyortu!..» Portretchi. Chizgani – ro‘moli savatday momolaru burnigacha ajin bosgan bobolar, juldur kiyimli bolakaylar. Onda-sonda mehnat ilg‘orlari, xushbichim, xushro‘y juvonlar, viqori baland arboblarki, yuz-ko‘zlariga mahzunlik soya tashlagan.

Siddiq akamiz esa yetimday miskin, siniq. Ijodkor qavmiga tekkan kasallik – o‘zini bo‘lar-bo‘lmas davralarga urishu kerilishlardan yiroq. Soqolini olmay ko‘chaga chiqqanini ko‘rmaysiz. Dazmol bosilmasa, paypog‘ini ham kiymaydi. «Orastalik menga rahmatli otamdan o‘tgan», degani yodimda. «Otangiz kim bo‘lganlar?» deb so‘raganimda, dudmalroq javob qilgan: «Sizning padaringiz ham eskichani bilganlar, chog‘i…»

Tabiat qo‘ynini qo‘msab yo‘lga chiqsagu biror dovonga yetsak, aytadiki, oynam, shu yerda bir saqlab oling! Tepalikda o‘tirib tog‘larga tutashib ketgan adirlar, soylar, o‘lanzorlarni soatlab kiprik qoqmay kuzatadi. Kuzatganlari ajoyib manzarali kartinalarga aylanadi. Erinmagan odam!

Qurdoshlarning oti-ovozasi iqlimlar osha ketgan. Asarlari ko‘rgazmadan ko‘rgazmaga ko‘chib yuradi. Bu yog‘i Kubadan Yaponiyagacha aylanib chiqqanini aytib o‘tirmay.

Molbertining bag‘ri bo‘shadi deguncha ular meni yerning tagidan bo‘lsayam qidirib topadi: «Bir kelib keting qishlog‘imizga!» Demak, yangi asar tayyor! Endi san’atshunosning xolis fikri zarur. Ijodxonalari yonma-yon, «Minor» qabristoni yonidagi oqposhsho zamonidan qolgan  g‘ishtin imoratda. Hayallatmay yetib boraman. Qo‘limni orqaga qilib, do‘kay qiyofada kartinaning u yog‘idan o‘taman, bu yog‘idan o‘taman. Uzoqdan qarayman. Yaqinroqdan tikilaman. «Nu, kak tebe?» deydi toqati toq bo‘lgan Siddiq aka. U do‘stining oldida o‘rischa gapiradi. Darhol javob berib bo‘libman. Boshimni mujmal silkib qo‘yaman. Ikkalasining ichini qizitgim keladi. Hazilmi, dong‘i ketgan musavvirlar fikrimga mushtoq. Kutayotir. Iloji qancha! Xavotirni ham unutganim yo‘q: jo‘yasiz gap aytib, ixlosi beqiyos akalarimni ranjitib qo‘yishdan cho‘chiyman. Nihoyat, labimdan bir so‘z otilib chiqadi: «Shedevr!»

Ular menga ishonqiramaydi. Endi asarning durdonai mutlaq ekanini isbotlashim, muhimi, ikkovini e’tirofimga ishontirishim darkor. Eng qiyini – shu. Eplayman.

Keyin bitimizni to‘kamiz. Siddiq aka chimxo‘r. Qadahga labini tekkizishdan nariga o‘tmaydi. Yeyish-ichish, hangomani oshnasiga chiqargan. Xo‘ran. Araqni kosalab simirib, tandirkabobni kilolab yeydi.

Bir safar baland qoyalar o‘rtasidagi sersoya daraga borib qoldik. Bahaybat xarsanglar, tog‘ni qoq ikkiga bo‘lib oqayotgan soy, oltinrangga kira boshlagan maysazor,  qoyalarga tirmashib o‘sgan archalar, cho‘qqilar uzra ko‘tarilayotgan yengil hovur, osmonda suzib yurgan parqu bulutlar… Soyning shovullashini aytmaganda, sokin-osuda. Salqin nasim yuzlarimizni silab, erkalaydi. Uchalamiz ham tabiatning bu ulug‘vor saltanatidan ko‘z uzolmay, go‘yo tildan qolib turganimizda kimdir na’ra tortib yubordi:

– Eh otajo-on!..

Sapchib tushdim. Qarasam: Ilyos aka. Hali, sayhonlikda o‘tirganimizda ozroq «otib olgandi». Gumbirlagan daradan bo‘rining uvullashidek javob keldi.  Tebranib turgan aks sadoga yangi hayqiriq qorishib ketdi:

– Oh onajo-on!..

Ohki, har qanday etni jimirlatadi. Zorki, dard, alam, armonlarga to‘la: «Qaydasiz? Qaylardasiz, azizlarim? Ko‘kayginam kesilib ketdi-ku!..»

–Ey osmo-on!..

U endi go‘yo aytmoqchi bo‘lardiki, «hammasiga o‘zing guvohsan-ku, ey falak! Sen nega jimsan?..» Yo‘lini yo‘qotib, galdirab qolgan va yashashga havasi so‘na boshlagan yolg‘izning ohu zori. Daraning narigi etagida ikki uyum oppoq bulut ochiq darvozadan qaraganday bizni osoyishta kuzatib turardi.

– Ey Yo-o-or!..

Boshida munojaatni eslatgan  bu iltijoning pardalari tobora avjiga chiqib, shunday chinqiriqqa aylandiki, larzaga kelgan qoyalar mayda-mayda bo‘lib ketadiganday tuyildi.

– Yo-o-or!..

Chohga tushgan yo‘lbars shunday – dunyoni boshiga ko‘tarib o‘kirsa bordir. Quloqlarimni bekitgim keldi! Tortindim. Bandasining zoru tavallosiga falak bokaram  million yillik metin  qoyalar orasidan bosiqdan-bosiq javob qaytardi: «O-o-or!..»

Bo‘g‘riqqan yuzlari xurmo tusiga kirib, bo‘yin tomirlari bo‘rtib-ko‘karib ketgan akaning boshi ana-mana yorilib,  qoni favvoradek otiladiganday. Shu xavotir xayolimdan o‘tib turganida u o‘qqa uchgan kiyikday quladi-yu, tiz cho‘kdi. Suyamoqqa shoshilgan edim, oshnasi yengimdan tortdi: «Qo‘yavering!..»

Ilyos aka zarang yerni mushtlay-mushtlay tinchib qoldi! Turib, soy tomon yurganida burnidan oqqan qon soqolidan tomayotganini ko‘rdik!..

O‘sha yili u ayoli Evelina Naumovna bilan Amerikaga oyoq uzib ketdi. Qandga chalingan qariyaday shalvirab qolgan qalamdoshi xo‘rsindi: «Akangizning shu ishi o‘sal bo‘ldi, inim. Vatanni tug‘mas xotinga almashtirib bo‘lar ekanmi…»

Mezon oxirlab qolgan kezlar. Eski Juvadan bozor-o‘charni tinchitib, endi uyga kirgan edim, Siddiq aka telefonda yo‘qlab qoldi: «Birrov ko‘rishsak». «Xo‘p». «Ustaxonadaman».

Ajablanganim – eshigidan bosh suqishim bilan bo‘yoq aralash spirt hidi dimog‘imni achitdi. Qovoqxonadan battar. Ko‘zlarim yoshovrab ketdi.

O‘rtada – usti yopiq azamat polotno. Rassom birovni uyg‘otib yuborishdan cho‘chiganday, avval temir eshikni, so‘ng oynalarini «ter» bosgan derazaning kambar darchasini sekingina yopib, zulfinlarini avaylab ildirdi.

– Nahorda quyosh charaqlab chiqqandi, – dedi shikasta ovozda, birovdan o‘pkalaganday. – Endi jalaga qarang. Ko‘chadagi suv qayoqqa oqishini bilolmay sarson.

Simlari o‘ynab qolgan divan ustidagi beqasam ko‘rpachaga cho‘kdim. Divanning suyanchig‘i bo‘yimdan baland. Birovning tizzasida o‘tirganday bo‘laman. Burchakdagi radiolada qitir-qitir aylanayotgan plastinkadan taralgan nolai afg‘on – «Cho‘li iroq» yurakni ezadi.

Xona sohibi kursisini men tomon surib, o‘ng qo‘lini tizzamga qo‘ydi. Lablari, ovozi titrar, yuzlari lovullab ketgan, nafasidan araq hidi kelardi. Musavvirni bunday diltang ko‘rganimni eslay olmayman. Go‘yo uzoq o‘tirib qolgan yoqimsiz mehmonni tezroq kuzatib qo‘ysayu ortidan shartta eshikni yopib, yengil nafas olsa.

Sezdimki, muhim, juda muhim gap aytmoqchi. Ayni qarorga kelgunicha ko‘p, haftalab, oylab o‘ylagan. Ikkilangan. Yuragi dov bermagan. Oxiri boshqa yo‘lini topolmagach,  qachon, qanday aytishning surobini olgan.

Orqa-oldiga qarab gapiradigan Siddiq aka bir zum o‘ylanib turdi-da, boshini ilkis ko‘tardi:

– Sizning gardaningizga og‘ir yuk tashlayotganim uchun ezilib ketyapman, uka. Nima qilay, boshqa chora topolmadim. Jigarimday bo‘lib qolgansiz.

Uning g‘am-anduhga to‘la ko‘zlarida yosh qalqidi. Rahmatli, keyinchalik ana shunday – g‘ussali yuzlari sarg‘aygan, aftoda holida qarog‘imda qolib ketdi. Men akani yupatgim kelgan o‘shanda. Kelgan-u, nafi yo‘qligini anglab, noiloj jim turardim. Gapi tushmagur esa rostdan ham fojiali ekan.

– Mabodo, – dedi u, – menga to‘satdan biror kor-hol bo‘lib qolsa, bola-chaqamdan xabardor bo‘lib turing. Uzilishib ketmang, iltimos! Ayniqsa, qizimdan. Bilasiz, topgan-tayangan yolg‘iz tirnog‘im – shu qiz. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, dardimni norasidamga aytolmayman. Uvol!..

Ich-ichimdan bir qalqib tushdim: «Bechora, qamaladigan bo‘pti-da!»

– Yo‘q, – dedi u. – Qamalsam, rozi edim. Mingdan-ming rozi edim! Harna, bir kuni chiqib kelardim-da. Undan ham battarroq, ukajon! Mening kunim bitgan!..

Kunning bitishi nima ekanini anglab yetolmayotganimni sezdi. Ketma-ket olamdan o‘tgan jigarlari – kattasi avtohalokatdan, kichigi anhorga cho‘kishdan ketgan akalarini, sariq kasali boshiga yetgan opasini, ezila-ezila ado bo‘lgan ota-onasini esladi.

– Eshitgan chiqarsiz, yuragim chatoq, – dedi  bo‘shang bir ovozda. – To‘rt qadam yursam, o‘pkam bo‘g‘zimga tiqilib qolayotir.

Binoning biqinidan o‘tgan qo‘sh tramvayning taraqa-turuqidan derazalar zirillab ketdi. Shu tobda Siddiq aka o‘lib qoladiganday tuyuldi. Vahimamni yashirmadim: bu qanday gap, aka? Tobi yo‘q odam do‘xtirlarga ko‘rinmaydimi?

U eshikka hadik bilan qarab qo‘ydi-da, yaqinroq surildi.

– Ukajon, bu qo‘tir dunyoda hamma narsa bo‘lishi mumkin… Zotimizga qarg‘ish tekkan: otam Stalinning turmasida xizmat qilgan…

Men mo‘ltirab qolaman. Aytadiki, rahmatli padari – Rahim Beknazarni eslatadigan tariqday ham nom-nishon qolmagan. Na bir surat, na bir hujjat. Hammasini marhum o‘zi bilan u dunyoga olib ketgan. Ichki kiyimidan tortib ko‘rpa-to‘shagigacha…

Turib, kartinaning ustidagi dog‘-dug‘ tekkan bo‘zni olib tashlaydi. Seskanib ketaman. So‘z bilan ifodalash qiyin mudhish manzara.

To‘qayzor. Jarda oqib yotgan bo‘tana suv, uzoq-uzoqlardagi shafaq, yerdagi qor – hammasi go‘yo qonga botgan. Yonayotgan g‘arovning charsillagani qulog‘imga chalinib, dimog‘imga tutun hidi urilganday bo‘ladi. Buruqsiyotgan «bukri» mashina – «Pobeda»dan bir uyum qop-qora temir-tersak qolgan. Toptalgan, chopilgan cho‘kirtak qamishlarning nayzadek tig‘larida, qordagi yalang oyoq izlarida – qon. Bo‘tanadan to‘pig‘igacha ko‘rinib turgan ikki oyoq juppay qilib kulliklangan. Haybatli odamning oyoqlari. Baquvvat, go‘shtdor. Kamida qirq beshinchi o‘lchamdagi poyabzal kiygan. «Yurganida yer lorsillagan bo‘lsa kerak», degan taxmin xayolimdan o‘tdi.

Beixtiyor esladim: Siddiq akaning asarlarida ko‘tarinkilik, latiflik, go‘zallik jilvalanib turardi. Bunisida… Bunisidagi dahshatli dard-faryod, telbavor talvasa aqlni shoshiradi. Birgina to‘qayzorga emas, dunyoga o‘t ketganday!..

Kartinada aks etgan pastak-pastak butalarning shoxlari qorning og‘irligidan egilib qolgan. Egila-mayisha singan. Havoda muallaq qotgan shisha bonka zich bekitilib, so‘rg‘ichlangan va  muhrlangan. Muhrning botiq izlariga sin solinsa, «1964» raqamini ilg‘ash mumkin. Bonka to‘la eski-tuski: «Si’vernыy odekolon’»ning qirmizi qutisidagi dumi cho‘ltoq oq ayiq tahdidli o‘kirib turibdi, qorayib ketgan zarang trubkaning sarxonasi yorilib ketgan, arab imlosida chop etilgan   «Qizil O‘zbekiston» gazetasining sarg‘aygan sahifasidagi sarlavha aniq-tiniq ko‘zga tashlanadi: «Zulmdan tiyiling».

Siddiq aka menga yalt etib qaradi:

– Eskichadan xabaringiz bormi?

– Sal-pal.

Otasining izi uch kundan keyin kunduzi borishga ham yurak betlamaydigan ovloq joy – Qiziljardan topilgan.

– Sezishimcha, – deydi o‘g‘li, – rahmatli u yerlarni besh qo‘liday bilgan. Qachon borgan? Nega borgan?.. Kul orasidan ancha-muncha narsa chiqqan: tikyoqa kitelining tugmalari, polkovnik belgisi – besh qirrali yulduzlari, orden-medallari, komsomol nishoni, kamarining qoraygan to‘qasi, qo‘nji baland etigining bujmayib qolgan tagcharmi, muguz gardishli qora ko‘zoynagi, majaqlanib ketgan kumush zanjirli cho‘ntak soati… Hammasini ashyoviy dalil sifatida olib ketishgan.

– Kimlar?

– Ma’lum-ku, – deya pichirladi rassom.

Suv tubini titkilagan g‘avvoslarning topgani – mili balchiqqa, sadog‘i o‘qqa to‘la to‘pponcha. Polkovnikning uyi tintuv qilinganida qo‘lga ilinadigan biror narsa chiqmagan. Qulfida kaliti osilib qolgan kattakon seyf ham bo‘m-bo‘sh ekan.

Ko‘paylashib kelgan mulozimlar aytishadiki, «Rahim Beknazarovich avtohalokatga uchraganlar… To‘g‘rimi?»

Ona-bola shosha-pisha bosh irg‘aydi: «To‘g‘ri!»

Kimga, nima deb o‘pka-gina qilasiz? Aza ochilmaydi. O‘li-tiriligi dargumon, tobut buyurmagan, janozasi o‘qilmagan bandaga qanday aza ochasiz? Ota badar ketadi.

O‘sha jar yoqasiga yana borgisi kelgan o‘g‘lining avvaliga oyog‘i tortmaydi. Baribir borib, otasidan biror nishona izlaydi. Qora tuprog‘u gungga qorishib yotgan behisob bo‘sh pistonlardan bo‘lak narsa topolmaydi.

– Otam uyda mahallarida damimiz ichimizga tushib ketardi, – deydi Siddiq aka. – Oyoq uchida yurardik. Shiddati g‘oyat baland, ashaddiy sovuqqon, qarashlari o‘qday odam ediki, hamma zirillardi. Bir kuni o‘ris qo‘shnimizning boshi xumday, oyoqlari buqanikiday yo‘g‘on, dahani pachoq iti – buldog tashlanib qolganida jonivorning jag‘ini shartta ayirib, joyida saranjomlab qo‘ygan. Ertalab eshikdan chiqayotib, onamga savol nazari bilan qarardi. Uvoqqina onam bechora birov yuziga shapaloq tortib yuborishidan cho‘chiganday, ko‘zini yerga tikib: «Bir ovqatlikkina go‘sht qoldi», derdi. Otam cho‘ntagidan pul chiqarib uzatganida, onam uni ikki qo‘llab olar ekan, ta’zim qilayotganini ilg‘ab qolardik.

Oilaning qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar bilan bordi-keldisi bo‘lmagan hisob. Hadeganda mehmon kelavermagan. Uy egasidan hayiqqan. Iste’foga chiqqaniga qaramay, uni turmaga tez-tez chaqirib turishgan. Ko‘pincha kechalari ishlagan.

– Ishdan qaytganida achchiq zax va nam tuproq hidini sezardik, – deydi Siddiq aka. – O‘zini darhol hammomga urib, uzoq yuvinar va kiyim-boshiga tinimsiz atir purkardi. Uyimizdan sartaroshxonaning hidi anqib turgani shundan.

Rahim Beknazar icha boshlaydi. Avval o‘qtin-o‘qtin, so‘ng kunda-kunora. Kayfi oshib qolganida ko‘zlari chaqchayib, jazavasi tutib ketadi: «Mulla bo‘lsa-chi? Ot! Ot deyapman senga, itvachcha!..»

Nigohlari tubsiz g‘orga o‘xshab qolgan polkovnik ko‘chadan o‘tgan-qaytganni ayvonida loqayd kuzatganicha trubkasini tutatib o‘tiradi.

– Matalga o‘xshaydi, – deb pichirlayman men.

Aka tasdiq ma’nosida bosh irg‘aydi:

– Ko‘rgilik-da, uka, ko‘rgilik!..

Rahim Beknazar qamoqxonada qaysi lavozimda ishlagan, nima ishlar qilgan – uyidagilar bilmagan. So‘rash ham, aytish ham taqiqlangan.

– Tilimiz tanglayimizga yopishtirilib, lablarimiz kavsharlanganday edi, – deydi Siddiq aka. – Hujjatlarimizga otamizning kasb-korini «O‘rta Osiyo temir yo‘l boshqarmasida muhandis», deb yozganmiz. Onam o‘rgatgan.

Rassom najot istaganday menga iltijo bilan boqadi:

– Lekin, bilasizmi, – deydi o‘ksingan ko‘yi. – Otam mulla o‘tgan degim keladi. Kelaveradi!.. Aldanib, yo‘lidan butkul adashgan bir sho‘rlik. Endi ayon bo‘layotirki, baxtiqora bir komsomol  – puch g‘oyalar navkari ekan…

Qizi so‘nggi nafasigacha azob chekib jon berganida tolei past ota peshonasiga musht urib yig‘lagan. Yaqin-yovuqlaridan bitta-yarimi ko‘ngil so‘rab kelganida, boshida Shahrisabzning gilamdo‘ppisi, shunday tilovat qilgan, shunday tilovat qilgan!..

– Bundan chiqadiki, otamning qalbida tangrisi bo‘lgan, – deydi rassom o‘g‘li. – Zamoniga balo dorigan. Bir tanada ikki xil inson yashagan.

Men nima derdim – ming qilsa ham, otasi. Farzandi uning suratini chizgisi keladi. Qo‘li bormaydi. Lafz qilgan. Padari e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda aytganki, odamzotni minba’d chiza ko‘rma. Bandasi ojiz. O‘zgaruvchan… Bog‘-rog‘lar, gullagan vodiylar, jo‘shqin soylar, qorli tog‘lar, beg‘ubor falak – mangu!..

Rahim Beknazar chap qo‘liga doka tang‘ilgan, ko‘zlari alang-jalang, o‘g‘ribashara o‘spirinni boshlab kelganida ona-bolaning rangi-quti uchadi: «Otamiz birorta ayolga ilakishib qolgan ekan-da!..» Lekin miq etishga yurak qani? Sohibi xonadon tanishtiradi: «Bu yigitcha – Ilyosjon. Yaqin qadrdonimning farzandi. Internat-maktabda o‘qiydi. Endi har hafta uyimizga kelib turadi».

«Qo‘lingni nega bog‘lab olding?» deb so‘raydi Siddiq mehmon boladan. Tengdoshi aytadiki, kechasi oshxonaga kirib non olib yegani uchun tarbiyachi kaftiga temir lineykaning qilichning damiday qirrasi bilan urgan.

Farzandlariga qattiqqo‘l Rahim Beknazar bu alomat yigitchaga qolganda ko‘ngli yumshab ketadi. Taomning ham, kiyim-kechakning ham sarasi – Ilyosga. Bir sidra ust-bosh qilib beradi. Juma oqshomlari Ilyos kechiksa, uydagilarning tomog‘idan ovqat o‘tmaydi. Otasi Sochidan ikkita jemper olib kelganida Siddiqning ko‘zlari o‘ynab ketadi. Biri – qo‘lda to‘qilgan, chiroyli, qalin, sovuq deganning dodini beradi. Unisi – fabrikadan chiqqan. Yupqaroq. «Qaysi birini Ilyosga beray?» deb so‘raganida, qiblagohidan eshitgan javobi haligacha qulog‘ida: «Yaxshisini!» Talabalik yillarida ham Ilyosdan ko‘proq ahvol so‘ralgan: «Pul-muling bormi, bolam? Yo lablaring qovjirabgina och yuribsanmi?..»

– Otam o‘tganidan keyin, – deydi Siddiq aka, – onam meni yonlariga chaqirib, pichirlagan ko‘yi bilganlarini aytib bergan.

Rahim Beknazar – mirg‘azab – hukm ijrochisi bo‘lgan. Sud otishga hukm qilgan – u qo‘l ostidagi mulozimlari bilan qatlni ijro etgan. Qiyini – so‘nggi nafasida «Ollohu akbar!» deb hayqiradiganlarga qarata o‘q uzish ekan. Odam o‘ldirish osonmi? Boshida qo‘li qaltiragan bo‘lsa, bora-bora qassobdan farqi qolmagan. Mazaxo‘raklikka o‘rgangan: qatl etilgan har bir jon uchun do‘rjigina pul to‘langanini aytmaganda ham, orden-medal, unvon, mansab-martaba, imtiyozu imkoniyatlar… Mahkumlardan biri uni tanib qolib: «Rahim Beknazar! Senmisan? – deb hayqiradi. – Iloyo, urug‘ingga o‘t tushsin! Omin, Ollohu akbar!»

Bu gaplarni eshitib, juda o‘ng‘aysizlandim. “O‘lgan ilonning boshini qo‘zg‘ab nima qilardingiz, Siddiq aka?” degim keldi. Diydasidagi namni ko‘rib, labimni qimtigancha qolaverdim.

– Yigirma yil o‘tibdi, – deya armon bilan bosh chayqadi u. – Hali-hamon xayolimda otam uyimizga kirib keladiganday bo‘laveradi. Otajonim!.. Bir parchagina yer buyurmagan otajonim!..

Birpas jim qoldik.

– O‘sha hayqirgan jadidlardanmikan?

Siddiq aka nigohini olib qochdi:

– Siz so‘ramang, men aytmayin. Otam peshonasidan otgan o‘sha bechora mahkum Ilyos akangizning qiblagohi Ubaydulla maxsum bo‘lgan. Saboqdosh oshnasi. Ikkovi maktabda Qur’onni birga xatm qilgan.

– «Ilyos akangizning?» – deya hayron bo‘ldim men.

– Ha-da, Ilya Maksimovning!

Ubaydulla maxsum bilan ayoli Ziyodabibi yot unsur sifatida mahv etilganidan keyin, Rahim Beknazar ulardan qolgan go‘dakni izlab topgan. Ota-onasi selda oqib ketgan chin yetim sifatida bolalar uyiga joylashtirgan. Joylashtirish oldidan norasidaning qo‘lini halollatgan. «Ilyos Rafiqovich Maxsumov» degan uydirma nasl-nasab bilan rasmiylashtirilgan bolakay yetimxonada voyaga yetgunicha «Ilya Rafaelovich Maksimov»ga aylanib qolgan.

Yana shunisi aniqki, mirg‘azablarning aksari ko‘karmagan: aqldan ozgan, o‘zini otgan, osgan. Xudkushlarning bola-chaqasiga shafqat qilinmagan. Otilmaganda ham, bor-budi xatlanib, Sibir tomonlarga haydalgan.

– Otam bechora bizni ayagan, – deydi Siddiq aka. – Vaziyat behad qaltis, onam sho‘rlik yig‘layverib adoi tamom bo‘lgan edi.

…Musavvir so‘nggi asarini derazalarining qalin darpardalarini tushirib, eshik zulfinini mahkam bekitganicha kechalari chizganini sezdim. Tunlari mijja qoqmagan, qoqqanida ham dahshatli tushlar ko‘rib, bosinqirab chiqqan.

– Tengliksizlik, zulm, fitna – hammasi yerning ustida, – dedi u salmoqlab. – Chin adolat va osoyish yerning ostida…

– Esa, nima qildik?

U bir kartinasiga, bir menga qaradi:

– Ajalga sabr bersa, biror muzeyga topshirarman. Olishsa, albatta. Olishmasa, sizga qoldiraman. O‘zingiz bir yo‘lini qilarsiz…

Shu-shu, Siddiq aka o‘nglanmadi. Juvonmarg ketgan akalari, opasi va onasining yonidan osoyish topdi.

“Jadid” gazetasi, 2024 yil 31 maydagi 23-soni