Har bir odamning, ertami-kechmi, albatta qurilish mollari bozoriga ishi tushadi. Kimdir uy quradi, boshqasi uyini ta’mirlaydi. Men ularni bozorga kiraverishda qarshi olaman. Kasbimmi?.. Nima desamikin… o‘rtakash deyishlari menga yoqmaydi. Unda qandaydir salbiy ma’no bor… Xullas:
— Keling, aka! Nimalar kerak? — deya kutib olaman ehtiyojmandlarni.
Ba’zilar pinak buzmay o‘tib ketadi. Ba’zilari ishi oson ko‘chishini istaydimi, maqsadga ko‘cha qoladi: “Menga gips kerak edi!” yoki “Yaxshi mel bormi?” — deydi yoki bo‘lmasa “Shpaklevkani qanaqalari sotilyapti?” — deb so‘raydi. Hammasiga bir xil javob beraman. “Sizga topamiz! Keling, mana bu yerda zo‘ri bor!” — deyman-da, orqamdan ergashtiraman.
Sotuvchilar men ergashtirib kelgan kishilarga g‘ing demay, savdoga aralashmay turishadi. Kelishib olganmiz. Qay bir sotuvchi ishimga aralashsa, keyingi safar uning do‘koniga mijoz opkirmayman. Shuning uchun ko‘pchiligi menga parvo qilmay, pashsha qo‘rib o‘tiraveradi.
Shu o‘rinda sotuvchilar xususida bir-ikki og‘iz aytib o‘tay: hammasi halollikdan lof uradi. Lekin ularni sinab ko‘rish uchun birortasiga yaqinlashing-da: “Aka, men ustaman. Yangi ish oldim. Ertaga xo‘jayin bilan kelib, sizning mahsulotingizni ma’qul qilaman. Narxini buncha so‘mga oshirib aytasiz. Puldagi farqni indinga menga qaytarasiz! Maylimi?”, deb ko‘ring-chi!.. Ishonavering, o‘ntasidan olti-ettitasi bosh irg‘ab, taklifingizni qabul qiladi. Bilib qo‘yganingiz yaxshi-da.
Xullas, men xaridorga mahsulotni ko‘rsatib, maqtayman: “Sifatiga javob beraman, asl narsa! Agar ustangizga yoqmasa, qaytarib olib keling, yo‘lkira puli ham bo‘ynimda!” Bunday gapga kim ham laqqa tushmaydi deysiz… Darhol narxini so‘raydi. Men uning sotuv narxiga o‘z foydamni qo‘shib aytaman. Goh indamay, gohida biroz savdolashib olib ketishadi.
Bozorga keluvchilar har xil: ayrimlari pishiq-puxta, ahvol-sharoitni avvaldan o‘rganib kelishadi. Ba’zilari esa g‘irt laqma. Savdolashmay ham xarid qilaveradi. Ularni xursand qilish uchun, yuk ortayotgan yigitlarga po‘pisa qilib qo‘yaman: “Yirtilgan qoplarni ortmanglar, tanlab-tanlab ortinglar!”
“Voy-bo‘! Buncha qimmat?” deguvchilar ham bo‘ladi, albatta. Men bo‘lsam: “Aka! Asl mol arzon bo‘lmaydi! Ana, borib arzonidan oling, bir-ikki oyda ta’miringiz uch pul bo‘ladi!” deya to‘ng‘illab beraman. Shunday qilib, ular peshona teri bilan yoki boshqacha yo‘llar bilan topgan pullarining bir qismini menga tashlab ketadilar.
Xaridorga molni ma’qul qildirish va sotish oson emas. Bu ham bir san’at. Sizga aytsam, mening shunaqa tadbir-usullarim borki, jaraq-jaraq foyda o‘z-o‘zidan oqib keladi. Shunday ekan, balki meni tadbirkor deb atash to‘g‘riroq bo‘lar?!. Mayli, voqealarni bayon qilishda davom etaman.
Ko‘pchilik eng yaxshi mahsulot chet elniki deb hisoblaydi. Bir yozuvchi, ismi yodimda yo‘q, “Xo‘rozqandni chet elniki desang, hamma yopirilib yalaydi!” degan ekan. Ana shu gap menga rosa asqotadi. Bozorimizda bir yigit bo‘r sotadi. Biz uni mel deymiz. Samarqanddan olib kelib, klapanli qog‘oz qoplarga joylab, rastasiga chiroyli qilib taxlab qo‘yadi. Lekin bu melning rangi oq emas, qo‘ng‘ir kulga o‘xshaydi. Men bo‘lsam boshqalarning importniy oppoq mellaridan ozgina so‘rab olaman-da, uning klapanlari og‘ziga joylab qo‘yaman. So‘ng mel izlab kelgan xaridorlarga o‘shani olib ko‘rsataman. “Mana, ko‘rdingizmi, asl mol. Narxi ham qimmat emas!” deyman.
Bir kuni bir xaridorga shu usul bilan besh tonna mel sotdim. Uzoqdan, Sirdaryo viloyatidan kelgan ekan. Qo‘rqmadim. Shuncha joydan qaytarib olib kelmaydi-ku mahsulotni, to‘g‘rimi? Yo‘lkirasining o‘zi falon so‘m! Natijada, yaxshigina daromad qildim. Oylikxo‘rlar buncha mablag‘ni topish uchun rosa bir oy ter to‘kishsa kerak. Qalay, zo‘rman-a!
Ikki-uch kun “ishga” hadiksirab chiqib turdim: shartta kelib, yoqamdan bo‘g‘ib, militsiyaga sudramasa edi, deb yurdim. Sirdaryolik xaridor kutilmaganda, to‘rtinchi kun paydo bo‘ldi. Uni uzoqdan ko‘rdimu bo‘ridan qochgan tulkidek juftakni rostladim.
U meni rosa surishtiribdi. Qayerda yashaydi, adresi qanaqa, deb hammadan so‘rabdi. Sotuvchilar yelka qisibdilar. “Uning o‘z moli yo‘q, u — o‘rtakash!” deb javob berishibdi. “Qo‘liga tushsang, o‘ldirarmish!” deyishdi ular menga ertasi kuni…
Chuv tushgan xaridor bir haftadan so‘ng yana keldi. Bu gal sezmay qolibman. To‘rt-besh qadam naridangina payqadim. Jonholatda qochdim. Orqamdan hoy-hoylagancha qolaverdi. Shundan so‘ng uni boshqa ko‘rmadim. Sirdaryo — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha huda-behuda qatnash joniga tekkan bo‘lsa kerak.
Bir kuni desangiz, “Jip” haydab, pardoz-andozli ayol keldi. Darhol qarshi oldim. To‘rt qop alebastr so‘radi. O‘zi ikki ming besh yuz so‘m turadigan mahsulotga o‘n besh ming so‘radim. Savdolashgan edi, o‘n to‘rt ming besh yuzga tushirdim. Olib ketdi. Rahmat ham aytdi. Bu hayotda aldanishni istovchilar juda mo‘l. Men nima qilay? Ular bor ekan, tirikchiligim yomonmas.
Yana bir voqea. Peshingi quyuq ovqatdan so‘ng lanjroq bo‘lib o‘tirgandim, bashang kiyingan bir kishi kelib qoldi.
— Menga saten-gips kerak! — dedi buyruq ohangida.
— Zo‘r saten-gips bor! — axborot berdim men. — Turkiyada ishlab chiqarilgan!
Saten-gips degan narsa asli gipsli shpaklevka bo‘lib, haqiqatdan ham Turkiyadan keltiriladigan mahsulot edi. Bir qopi yigirma besh ming so‘m turardi. Men kiprik qoqmay bu xaridorni Samarqand viloyatining Ingichka qishlog‘ida qo‘lbola uskunalarda tayyorlanadigan gips sari yetakladim.
— Mana, aka! Shu qoplarda siz aytgan ajoyib saten-gips joylashgan. Sizga qancha kerak?
— Qoplari sal uniqqanroqmi deyman. Chet elnikiga o‘xshamaydi-ku! — ajablandi u.
— Aka, bu saten-gips vagonda keltiriladi. Keyin ishchilar ularni o‘zimizning qoplarga solib, bozorga chiqarishadi! — darhol gap topib berdim men.
U laqqa tushdi. Turkiyadan O‘zbekistonga poyezd qatnamasligini bilmasa, ayb menda emas-ku!
— Ha, unda tushunarli. Narxi qanaqa bularni? — dedi.
— Sizga juda arzon aka, yoqimli inson ekansiz — bir qopi o‘ttiz ming so‘m, — dedim.
Aslini olganda, o‘ttiz kilodan qoplangan gaps narxi uch mingdan oshmasdi.
— Bo‘pti, uka! Menga o‘n qop ber! — dedi u. — Aytgandek, sifati qanaqa? Yomon bo‘lsa, kuningni ko‘rsataman! Nozik joyda ishlayman. Isming nima?
— Jamg‘ir! — deya rostini aytdim, chunki birinchidan o‘z ismini noto‘g‘ri aytish taqdirni o‘zgartiradi deyishadi, ikkinchidan kimdir yaqindagina, uning oldida otimni chaqirib, murojaat qilib bo‘lgandi.
Men shartta u yollagan mashinaga o‘n qop oddiy gips orttirib berdim. Va yangi, beli bukilmagan, shitirlab turgan pullarni sanab oldim. Bu tadbirdan qilgan foydamni o‘zingiz hisoblab olavering.
Bu voqeadan keyin ham cho‘chib yurdim. Uning ustasi mening “saten-gips”imdan hayron bo‘lsa, “sizni aldashibdi, xo‘jayin!” desa, boshimga ne kunlarni solarkin? Nozik joyda ishlar ekan, dasti ancha uzundir…
Uch kun shunday xayollarda yurdim. To‘rtinchi kun tinchidim. Endi u kelmaydi. Chunki aldanganini bilgan inson darhol chora ko‘radi. Uch-to‘rt kunlab cho‘zmaydi. Ammo bu mantiqiy fikrim xato bo‘lib chiqdi. Beshinchi kuni u bozor darvozasidan kirib kelayotganini payqadim. U darhol ko‘rdi-da, men tomon yurdi. Nima qilishni bilmay, zudlik bilan odam bo‘yi qilib taxlangan alebastrli qoplar ortiga berkindim. Chunki qochish yo‘li yopiq edi.
U kela solib shu yerdagi sotuvchilardan so‘radi.
— Jamg‘ir qani?
— Bilmadik, shu yerda yurgandi.
— Menga u ucharni topib beringlar! — do‘q qildi u. — Uzoqdan ko‘rdim. Qayerga yo‘qola qoldi?
— Bilmadik, bilmadik! — deyishdi yana sotuvchilar.
— O‘, Jamg‘ir! Qayerdasan? — qichqirdi u atrofga alanglab. “Tutib olsa, o‘laman! — dahshatga tushib, o‘yladim men. — Vajohati yomon! Topib olsa, albatta qamatadi!” Shunday xayollarda qoplar tagiga yanada g‘ujanak bo‘lib tiqilib oldim. Ammo, qat’iy ahd qilgan ekanmi, astoydil izlay boshladi. Va nihoyat ko‘rib qoldi. Oldimga keldi. Ko‘zlarimni ola-kula qilgan holda o‘rnimda o‘tiraverdim.
— Xo‘sh, Jamg‘ir! Nega berkinib olding?! — so‘radi u va do‘q qildi. — Tur o‘rningdan!
— Men… men… — duduqlanib o‘rnimdan turdim.
— Ko‘p duduqlanma! Undan ko‘ra ayt, anavi kundagi saten-gipsdan qolganmi?
Mening battar esim chiqib ketdi. Hozir uni olib, ashyoviy dalil qilib qamatadi! Zo‘rg‘a javob qildim.
— Ha… bor…
— Yaxshi, unda yana o‘n qop ber! — dedi u. — Tez bo‘l, shoshyapman!
Chuqur tin oldim. O‘pkamni havoga to‘ldirdim va uning iltimosini jon-dilim bilan ado etdim…
Ana shunaqa gaplar. Ko‘rdingizmi, ishim oson emas. Mayli, boshqa so‘z demayman. Xulosani xolisanillo o‘zingiz chiqaring va kasbimga munosib nom bering! Faqat, iltimos, o‘rtakash demang.