Ozod Mo‘min Xo‘ja. Bashorat (hikoya)

– Kechirasiz, men adashib qolganga o‘xshayman, – xaridor yo‘qligidan zerikib o‘tirgan, yoshi qirq-elliklar orasidagi sotuvchidan so‘radim. – Biznes-markaziga borish uchun qaysi tomonga yurishim kerak?

Sotuvchi shartta javob qildi:

– Men, e’tiboringiz uchun, ma’lumot beruvchi tashkilot xodimi emasman.

– Shu oddiy savolga javob berish qiyinmi? – dedim taajjub bilan. – G‘alati odam ekansiz!.

– Bilimsizlik odamni adashtiradi, noto‘g‘ri, qing‘ir yo‘llarga olib kiradi. Meni haqorat qilmang. Nima, shaharni yaxshi bilmaysizmi?

– Bilaman. Faqat, bu yoqlarga hech yo‘lim tushmagan ekan.

– Mashoyixlar aytishganki, har bir kimsa o‘zi tug‘ilib o‘sgan maskanni, ya’ni vatanini yaxshi bilishi va o‘rganishi kerak. Shu yoshga kirib, o‘z shahringizda adashib yuribsiz. O‘zingiz g‘alati ekansiz!

Men shoshayotgandim. Kelishilgan vaqtda bir tijoratchiga korxonamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini aytishim, ularning o‘ziga xos tomonlarini tushuntirishim va rozi bo‘lsa, shartnoma tuzishim kerak edi. Shu sabab, do‘konni tark etishga shaylanib, unga kesatibroq so‘z qotdim:

– Rahmat, qimmatli o‘gitlaringiz uchun. Yaxshi qoling.

– Sezishimcha, siz biznes odamisiz, shundaymi?

– Ha, topdingiz, – dedim men, to‘xtab.

– O‘zi, biznesmenlar faqat pul topishni o‘ylaydilar. O‘z xalqlari tarixini ham, o‘tmishdagi buyuk bobolarining nomlarini ham yaxshi bilishmaydi. Hozir kamayib ketgan kitob do‘konlari qayerda ekanligidan-ku, umuman xabarlari yo‘q. Sizlar juda tor fikrlovchi odamsizlar. Bilmayman, farzandlaringiz qanaqa inson bo‘lib ulg‘ayar ekanlar… Ishqilib, yurt taqdiri shundaylarga qolmasin.

Bu gaplar menga haqoratdek tuyuldi.

– E’tiboringiz uchun, men tariximizni yaxshi bilaman. Buyuk bobolarimiz Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino, Beruniylarni ham…

– Aytgan zotlaringiz aysbergning ko‘rinib turgan uchi, xolos. Qolganlarni bilmaysiz! Chunki otangiz sizni omi qilib tarbiyalagan! Yoshligingizda pulini qizg‘anib, sizga kitoblar olib bermagan. Bu dunyoning, hayotning qanday mo‘jizakor, antiqa va ajoyib ekanini, uning qonunlarini tushuntirmagan. Faqat, pul top! Pul bo‘lsa – changalda sho‘rva, degan aqidani ongingizga quygan!

– Marhamat qilib, otamga til tegizmang! – Bu gaplar meni tutoqtirib yubordi. – Mening dadam yaxshi inson bo‘lgan.

– Bilaman, u taksi haydagan. Niyati yo‘lovchilardan ortiqcha kira haqi yulib olish bo‘lgan. Siz kichkinaligingizda chiroyli kitoblarga havas qilgansiz, ularni o‘qisam, suratlarini tomosha qilsam edi, deb orzu qilgansiz. Dadangiz hatto, muzqaymoqqa pul bermagan. O‘zi ham, bola-chaqasi ham ortiqcha yemagan-ichmagan. U onangizga, sizga va sing­lingizga tuzukroq kiyimlar ham sotib olmagan. Niyati, pul yig‘ib yangi mashina sotib olish bo‘lgan. Bolalar quruq non-choy-u, eski-tuski kiyim kiyib ham katta bo‘lib ketaveradi, deb o‘ylagan.

– Siz bularni qayerdan bilasiz? – hayratga tushdim men.

– Men, sizdan farqli o‘laroq, ko‘p o‘qiganman. Maktabni bitirganingizda, dadangiz: yangi zamon boshlandi, bozorni egalla, yo‘l top, pul top, dollar top, deb sizni o‘qishga emas, biznesga undagan.

– Mabodo, psixolog yoki ekstrasens emasmisiz? – so‘radim men. Chunki u faqat to‘g‘ri gapirayotgan edi.

– Yo‘q. – dedi u, – Men tadqiqotchiman.

– Qanday tadqiqotchisiz?

– Siz, avvaliga, ishlab chiqarish firmalaridan tayyor shpaklevka olib, qurilish mollari bozorida sotdingiz. Atrofni kuzatib, shpaklevkani har bir xaridorga tortib berishga ancha vaqt ketishiga, mijozlar esa uni, asosan o‘n kilogrammdan olishayotganiga e’tibor qildingiz va firmadagilarga mahsulotni shunchadan qadoqlab berishini so‘radingiz. Natijada, atrofdagi savdochilar kuniga ikki yuz-uch yuz kilogrammlab shpaklevka sotishsa, siz tonnalab uchirdingiz. Yaxshi daromadlar qildingiz, – dedi u savolimga parvo qilmay.

– Niyatingizni tushunmayapman, – so‘z qotdim men. – Hamma gapingiz to‘g‘ri. Lekin o‘zim ham bilaman buni. Mana, hozir o‘sha mablag‘lar hisobidan ishlab chiqarish korxonasi ochganman. Ishlarim yaxshi. Uy-joyimni zamonaviy qilib ta’mirladim. Mashinam yangi. Bir farzandim bor. Uni eng nomdor maktab­ga berganman. O‘zim tuzukroq o‘qimagan bo‘lsam ham, uni ziyoli qilmoqchiman. Xo‘sh, nega meni yo‘ldan qoldirib, vaqtimni olayapsiz?

Sotuvchi menga sinchkovlik bilan tikildi va kesatibroq so‘z qotdi:

– Kechirasiz, biznesmen aka. Men ahmoq, men nodon, sizning qimmatli vaqtingizni olib qo‘yibman. Lekin, aslini olganda, siz o‘zingiz umringizni behuda o‘tkazayapsiz!

– Qanday qilib? – taajjublandim men. – O‘z ishimni qilayapman. Ba’zilarga o‘xshab, butun ro‘zg‘or yukini xotiniga tashlab, ko‘chalarda nard o‘ynab, choyxonalarda valaqlashib vaqtimni sovurib yurmayapman-ku! Oilam, farzandim uchun jon kuydirayapman.

– Ishingiz yaqinda kasod bo‘ladi. Davlat tekshiruv muassasalaridan kelishib, tashkilotingizni titi-piti qilishadi. Bor-yo‘q topganlaringizni ularga topshirasiz. Shunda ham qutilasizmi-yo‘qmi, bilmayman. Dasti uzun do‘stlaringiz ham sizga yordam berolmaydi. Zarur paytda ular uzoq safarga ketgan bo‘ladi. Tushundingizmi, nega sizni tutib qolganimni?

Bu so‘zlardan dahshatga tushdim. Unga ishonmay, hammasiga tupurdim, deb ketvorishim mumkin edi. Ammo u mening butun hayotimdagi voqealardan xabardorligini namoyish qildi-ku! Bir narsani bilmasa, bunchalik ishonch va istehzo bilan meni cho‘chitmasdi.

– Qayerdan bilasiz? – so‘radim men nafasim ichimga tushib.

– Aytdim-ku, ko‘p kitob o‘qiganman, hayot tadqiqotchisiman, deb.

– Aytgan voqealaringizning oldini olish uchun nima qilishim kerak? Maslahat bera olasizmi?

– Ha, albatta. Niyatim ham, vazifam ham shu. Har bir inson bu hayotda o‘z vazifasini bajarib yashashi shart.

– Menga qanday fikrlar bildirasiz?

– Eng avvalo, o‘z vazifangiz bilan shug‘ullanishni boshlashingiz kerak.

– E’tiboringizga binoan, erta-yu kech o‘z biznesim haqida o‘ylayman, yana qanday mahsulot ishlab chiqarsam ekan, deb rejalar tuzaman, tajribalar o‘tkazaman.

Sotuvchi yana istehzoli jilmaydi.

– Bu ish – o‘sha omi dadangizning topshirig‘i. Siz o‘ylab ko‘rganmisiz, bu dunyoga nima uchun kelganingizni?

– Ha, albatta! Barcha kabi pul topaman, bola-chaqa o‘stiraman, ularni uyli-joyli qilaman. Nabiralarim bo‘ladi. Shu…

– Ko‘rdingizmi, siz ham dadangiz kabisiz. Agar ko‘p kitob o‘qiganingizda, bu hayot to‘g‘risida o‘ylaganingizda, aslo bunday so‘zlarni aytmagan bo‘lardingiz. Aytgan ish jarayoningizni ongsiz hayvon ham ado etadi. Siz – insonsiz-ku!

– Xo‘sh, mening o‘rnimda, ongliroq inson nima qilardi?

– U, eng avvalo, o‘ylardi: “Men nima uchun, qanday maqsadda dunyoga kelganman? Hayotdagi vazifam nimadan iborat ekan?” Va javob topgach, o‘sha kasb bilan shug‘ullanishni boshlardi.

– Demak, men ham o‘zimga shunday savol berishim lozim. To‘g‘rimi?

– Ha! Keling, birgalashib mulohaza qilaylik. Sizning qanday vazifa bilan hayotga kelganingizni aniqlaymiz. Lekin, yaxshi bilib oling, hech kim bu dunyoga ko‘p pul topsin, deb yuborilmaydi. Bu o‘ta yanglish, halokatga sudrovchi maqsaddir.

– Siz shunday gapirayapsizki, go‘yo boshqa sayyoradan kelgandeksiz. Siz oddiy odam emassiz.

– Mening qayerdan kelganimning umuman ahamiyati yo‘q. Faqat shuni ma’lum qilishim mumkinki, men ushbu olamdagi yanglish yo‘lga kirgan har bir odamga qirq yoshlar arafasida tasodifan bir marta uchrayman va uni to‘g‘ri yo‘lga solishga urinaman. Bu mening asosiy vazifam. So‘zimni uqqanlar, tegishli xulosa chiqarib, hayotlarini keskin o‘zgartiradilar va qolgan umrlarini farovonlikda, barcha orzu-havas­lariga erishib o‘tkazadilar.

– O‘z bilganimdan qolmayman deydiganlar-chi?

– Sizga aytdim, nima bo‘lishini. Bor-shudingizdan ayrilasiz, og‘ir kasallikka chalinasiz, o‘zingizni, yaqinlaringizni qiynaysiz va vaqt-soat kelib, ruhiy olamga o‘tganingizda dahshatli va qahrli munosabatga duch kelasiz.

– Mayli, ayting, mening bu dunyodagi vazifam nima?

– Ana endi o‘zingizga keldingiz, eslab ko‘ring-chi, bolaligingizda qanday o‘yinchoqlarni sevardingiz, qanday kasbdagi kishilarga havasingiz kelardi?

– Dadamga bir necha marta “Tez yordam” mashinachasini olib bering, deganman. Lekin, pul yo‘q deb javob bergan. Umuman, bolaligimda ham, hozir ham oq xalat kiyib, bemorlarni davolayotgan odamlarni ko‘rsam havasim keladi. Lekin ular ko‘p maosh olmaydilar. Pullari kam. Ularning ko‘pchiligi kasallarning qo‘liga qaraydi. Shuning uchun, ba’zi-ba’zida, yaxshiyam biznes bilan shug‘ullanaman, deb quvonib qo‘yaman.

– Demak, masala yechildi. Siz bu hayotga odamlarni davolash vazifasi bilan kelgansiz. Hali ham kech emas. Biznesni yig‘ishtirib, shifokorlikka o‘ting.

– Qanday qilib? – tutoqdim men. – Yoshim qirqqa yaqinlashdi, o‘qish uchun yana besh-olti yil ketadi. Ularning topadigan puli ma’lum, oilamni qanday boqaman?

– Bu hayotdagi qonunlar shundayki, har bir insonga o‘zining chin vazifasini aniqlash, uni bajarish yo‘liga kirish uchun qirq yoshiga qadar muddat beriladi. Bu chegaraviy yoshdan so‘ng, u, topshiriqni bajarmayotgan xizmatchilar ishdan haydalganidek, bu dunyodan ketkaziladi. Aytaylik, infarkt, insult, boshqa kasalliklar yoki juda bo‘lmasa, avariyaga uchratish yo‘li bilan ruhiy olamga olib ketiladi. Yoqqan xilini tanlang!

– Siz meni ikki o‘t orasiga tashlayapsiz!

– Yanglishayapsiz. Gullab-yashnagan bog‘ bilan o‘t orasidasiz! O‘ziga topshirilgan vazifani sidqidildan bajarayotgan kimsalar borliq tomonidan doimo quvvatlanadilar, ularga omad, topayotgan mablag‘lariga baraka beriladi. Jami orzu-havaslariga erishish yo‘llari ochib beriladi. Ularga yomon niyatli, zarar keltiruvchi odamlar ro‘para etilmaydi. Farzandlari ham baxtga erishadilar.

– Hozir, miyamga bir fikr keldi. Shifokorlikni yaxshi egallab olsam, balki xususiy klinika ocharman, to‘g‘rimi?

– Inson har qanday sharoitda, agar o‘z yo‘lidan ketayotgan bo‘lsa, ajoyib yutuqlarni qo‘lga kiritishi mumkin. Men sizga yana bir maslahat beraman, agar qabul qilsangiz.

– Ayting.

– Siz bu yerdan chiqib, bir katta miqdorda savdo qiluvchi odam bilan uchrashmoqchisiz. Aslo, na og‘zaki, na rasmiy, shartnoma tuzmang. U bankdagi hisob raqamingizga to‘rt-besh kungina faoliyat yuritadigan firma orqali ozgina pul o‘tkazadi-da, xushmuomalalik bilan ulkan va’dalar berib, katta miqdorda mahsulotlaringizni oladi. Shundan so‘ng, uning o‘zini ham, idorasini ham topolmaysiz. Faqat, bu gapni kaminadan eshitganingizni hech kimga aytmang.

– Tushundim.

– U holda, xayr. Biz boshqa uchrashmaymiz. Bugunoq shifokorlik yo‘liga tushish rejasini tuzing va harakatlaringizni boshlang. Odamlarning turli, yaxshi-yomon gaplariga parvo qilmang. Siz o‘z hayotingiz va kelajagingiz egasisiz. Eslataman, to‘g‘ri rivojlanish uchun, tanlab-tanlab, yaxshi-yaxshi kitob­lar o‘qib yuring. Shunda aslo yanglishmaysiz.

– Xo‘p bo‘ladi. Mayli, xayr. Darvoqe, men ko‘chaga chiqib, qaysi tomonga yurishni bilmayman-ku! Aytolmaysizmi?

– Men, e’tiboringizga binoan, ma’lumotlar beruvchi tashkilot xodimi emasman. Siz, yaxshisi, tashqariga qadam qo‘ying. O‘z vazifasini aniq bilgan odam har qanday notanish ko‘chadan yo‘l topib keta oladi. Yana bir marta xayr!

– Mayli, xayr! Sizga katta rahmat! – dedim men va eshik sari yo‘naldim.

Do‘konni tark etdim va lol qoldim. Men o‘zimga juda yaxshi tanish ko‘chada turardim. Mashinam oldiga borib, uch qavatli bino tagidagi do‘kon tomonga boqdim. Taajjub, uning eshigidan ketma-ket uchta odam chiqdi. Ular qayerdan paydo bo‘lishdi? Men qaytib do‘konga kirdim. Sotuvchining qiyofasi o‘zgacha, navbatdagi kishiga xizmat ko‘rsatayapti.

– Kechirasiz, hozirgina shu yerda bosh­qa bir sotuvchi o‘tirgandi. Sherigingiz bo‘lsa kerak, qani u? – so‘radim men.

Bu do‘konchi menga ajablanib qaradi.

– Do‘konimiz kichkina. – javob berdi u. – Mendan boshqa sotuvchi yo‘q!

Indamay qo‘yaqoldim. Yana qayta ko‘chaga chiqib, mashinamga mindim.

Bu voqeaning sir-asroriga tushunmay lol qolib, bir-ikki daqiqa xayol surib o‘tirdim. Ajabo! Biz yashayotgan dunyo juda antiqa-ya!

Mashinamni o‘t oldirdim-da, yangi shartnoma tuzishdan voz kechib, korxonamni yopish uchun qanday hujjatlarni rasmiylashtirish zarurligini aniqlash maqsadida tegishli idora tomon yo‘l oldim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 30-son