Maqsud Shayxzodaning adabiy merosida o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti masalalari va namoyandalariga bag‘ishlangan maqolalar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, ularda Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan birorta maqolani yoki “O‘tgan kunlar” romani va uning muallifi to‘g‘risida aytilgan ikki og‘iz so‘zni topa olmaysiz. Hatto Abdulla Qodiriy qamoqqa olinganidan keyin NKVD xodimlarining talabi bilan qariyb barcha yirik o‘zbek yozuvchilari majburan “O‘tgan kunlar” romani muallifini qoralovchi ma’lumotlarni berganlariga qaramay, Maqsud Shayxzodadan shunday materialni ololmaganlar. Buning sababi shundaki, 1937 yil qatag‘oni arafasida Cho‘lpon ijodi bilan shug‘ullangan va u haqidagi adabiy-tanqidiy risolasini yozib tugatgan Maqsud Shayxzodaning ham qatag‘on jabrini chekishi shubhasiz edi. Shuning uchun u qatag‘on bo‘roni gurlamasdan turib, rafiqasi bilan birga ona yurtiga – Ozarbayjonning Agdash shahriga borib yashirinishga majbur bo‘lgan.
Ammo oradan 15 yil o‘tib, sovet davlatining qatag‘on siyosati keskin qoralangan va begunoh mahbuslarning bir qismi olis va sovuq o‘lkalardan qayta boshlaganida yana NKVD xodimlari Cho‘lpon, Fitrat va Abdulla Qodiriydek davlat va madaniyat arboblarining “jinoiy ishlari”ni qayta ko‘ra boshlaganlar va yana A.Qodiriyni ko‘rgan-bilgan zamondoshlarini mudhish idoraga chaqira boshlaganlar. Lekin o‘sha yillarda qatag‘on kampaniyasiga rahbarlik qilgan Stalin va partiya o‘zini oqlash maqsadida “Stalin xato qiladimi?!”, “Partiya xato qiladimi?!” degan savollarni o‘rtaga tashlagan va bu demagogik savollarga “ha!” deya oladigan azamat yo‘q edi. Shuning uchun ham mamlakat va xalq qo‘rquv ostida yashashda davom etdi. NKVDga chaqirilgan guvohlarning ham Cho‘lpon va Fitratlar izidan Kolimadagi o‘lim lagerlariga yuborilishi hech gap emas edi. Shuning uchun ham aksar guvohlar mahbuslarga 1937 yilda qo‘yilgan ayblarni tasdiqlashdan nariga o‘ta olmaganlar.
Maqsud Shayxzoda garchand 1937 yildagi guvohlar orasida bo‘lmagan, hatto o‘zi ham 50-yillarda uni ko‘rolmagan, erishayotgan katta ijodiy g‘alabalarini ko‘rib, uyqusini yo‘qotgan manfur kimsalar tufayli qatag‘on azoblarini boshidan kechirgan edi. Shu sabab ham tergovchilar undan o‘zlariga kerak ma’lumotlarni olish uchun unga uxlash imkonini bermay, tinimsiz kaltakladilar. Maqsud Shayxzoda “Abu Rayhon Beruniy” tarixiy dramasini teatrga o‘z vaqtida yozib topshirmagani uchun teatr direktori shoirni koyiganida, u ko‘ylagini yechib, yelkasini ko‘rsatgan. Yelkasi kaltak izlari bilan to‘la shoir direktorga qarab: “Iskandarjon, miyam ishlamayapti!” degan…
Qatag‘on azobini tortgan va yana tortishi mumkin bo‘lgan shoir Abdulla Qodiriyning “xalq dushmani” emasligini aytib, mardona himoya qilgan.
Keling, yaxshisi, Shayxzodaning 1956 yil 12 aprelda tergovchiga guvoh sifatida bergan ko‘rsatmasi bilan tanishaylik.
Ammo bu ko‘rsatmani siz hurmatli gazetxonlar e’tiboriga havola qilishdan avval shuni aytishim kerakki, hatto eng mard, eng botir guvoh ham tergovchini nima bilandir chalg‘itib, sobiq mahbusning vatanparvar, iste’dodli adib ekanligini aytishi mumkin edi. Maqsud Shayxzoda tergovchini chalg‘itish uchun Abdulla Qodiriy singari keksa yozuvchilarning sotsialistik realizm printsiplarini bilmasligi, bu metod 1934 yildagina “kashf etilgani”ni, keyin “O‘tgan kunlar” romanida tasvirlangan Xudoyorxon zamonida xalqning ezilgani, hokimlar, amaldorlar va boylarning zulm o‘tkazganini oshirib-toshirib gapirgan. Darvoqe, A.Qodiriyni oqlash jarayoni boshlanganida bu “priyom”dan Izzat Sulton ham mahorat bilan foydalangan.
So‘roq savol-javob tarzida emas, balki guvoh Shayxzodaning yozma ko‘rsatmasi tarzida o‘tgan.
“SO‘ROQ” BAYoNNOMASI
Abdulla Qodiriyning ismi menga u bilan 1932 yilda shaxsan tanishganimga qadar ma’lum edi. 20-yillar oxiri va 30-yillarning boshlarida “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” degan ikki romanning muallifi sovet yoshlari, ziyolilar – talabalar, shifokorlar, tarixchilar va O‘zbekiston san’ati arboblari o‘rtasida juda mashhur bo‘lgan. Hatto A.Qodiriyning ozarbayjon tiliga tarjima qilingan va Bokuda (Xolid Said tarjimasida) nashr etilgan “O‘tgan kunlar” romani Ozarbayjonda mashhur bo‘lgan.
Abdulla Qodiriy asarining manzur bo‘lgani tasodifiy emas. Gap shundaki, o‘tmishda o‘zbek adabiyotida nasriy roman janri bo‘lmagan. Abdulla Qodiriy foydalanishi mumkin bo‘lgan qardosh xalqlar adabiyoti, xususan, ozarbayjon, tatar va rus adabiyoti tajribalaridan foydalangan holda realistik Yevropa romanlari uslubidagi birinchi o‘zbek romanini yaratgan edi.
Abdulla Qodiriy bu romanlarni yaratar ekan, yirik badiiy asarlarni yaratishga qodir san’atkorlarga xos iste’dodga ega ekanligini namoyish etgan. Uning romanlari qiziqarli, yorqin, inqilobgacha bo‘lgan Turkistondagi davr va odamlarni yaxshi bilgan kishining qalami bilan yozilgan. Bu romanlarning katta badiiy va ma’rifiy ahamiyati xuddi shunda. Bu romanlardagi g‘oyaviy pozitsiyaga kelganda, quyidagilarni chin yurakdan aytish kerak: yuqorida tilga olgan ikki roman mavzu jihatidan XIX asrning 50 – 60-yillaridagi hammaga ma’lum Qo‘qon xoni Xudoyorxon hukmronlik qilgan davrga bag‘ishlangan. Bu xonlikda (o‘sha vaqtda Toshkent ham shu xonlikka qaragan) iqtisodiy va siyosiy tanazzul natijasida urush va janjallar, qabilalar o‘rtasida tinimsiz mojarolar avj olgan davr edi. Bu xonlikning tepasida betayin, uzoqni ko‘ra olmaydigan, uquvsiz xon – Xudoyorxon turgan.
Har ikki romandagi voqealar Farg‘ona (Qo‘qon, Marg‘ilon) va Toshkentda kechadi. Abdulla Qodiriy o‘sha davrdagi xon zulmiga qarshi, amaldorlarning o‘zboshimchaligi, saroy ayonlarining buzuqligi, boshiga salla o‘ragan chayonlarning ochko‘zligi, munofiqligi va tekinxo‘rligiga qarshi kurashgan olijanob mehnat ahli va ilg‘or ziyolilarning obrazlarini ishonarli va yorqin tasvirlagan. Shubhasiz, sotsialistik realizm o‘zbek adabiyotiga endigina kirib kelayotgan bir vaqtda Abdulla Qodiriy tasvirga tortilgan davrning barcha tarixiy muammolarini xatosiz hal qilish uchun markscha-lenincha metodni yetarli darajada egallamagan edi. Ha, o‘sha davrda hech bir narsada adashmagan yozuvchilar ko‘p bo‘lganmi! Shu narsa muhimki, Abdulla Qodiriy xonlik davridagi feodal haq-huquqni tanqid qilgan, zulm avj olgan davlatdagi yovvoyi tartiblarning qurboni bo‘lgan olijanob, yuragida sevgi va sadoqat tuyg‘ulari jo‘sh urgan sovet talabalari, komsomollar va boshqa kishilarning obrazlarini samimiy tasvirlagan.
Yodimda, 1929 yili, Sharq fakultetining talabasi bo‘lgan vaqtimda “Mehrobdan chayon” romanining hali bosmadan chiqmagan tipografik varaqlarini o‘qiganmiz va shu roman varaqlarini bir-birimizga o‘qish uchun berganmiz. Kitob bizda, RAPPdagi “so‘llar” aytganidek, o‘tmishga nisbatan hayrat emas, balki xonlikdagi zulm va zo‘ravonlikka nisbatan nafrat, Mirza Anvar va Ra’noning maftunkor obrazlariga nisbatan esa mehr tuyg‘ularini uyg‘otgan.
Abdulla Qodiriyning uchinchi romani – “Obid ketmon” to‘g‘risida shuni aytish kerakki, bu roman ham o‘zbek qishlog‘ida sotsialistik qayta qurish haqida yozilgan birinchi jiddiy, katta romandir. Bu roman jiddiy nuqsonlardan xoli emas. Muallif ishchi, dehqon obrazida o‘zbek dehqonlarining tarixiy taqdirida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishni tasvirlashni istagan va bunga ma’lum darajada erishgan. Hozir mening ixtiyorimda Abdulla Qodiriy romanlari matni bo‘lmagani uchun bu asarlarni aniqroq tavsif etishga qiynalaman va mening bu asarlar haqidagi fikrlarim bundan qariyb yigirma yil avval olgan taassurotlarimga asoslangan, bunga har doim ham yengil erishilmagan. Bundan tashqari, menga shu narsa ma’lumki, yigirmanchi yillarning o‘rtalarida (yoki biroz keyin) Abdulla Qodiriy Gogolning “Uylanish” komediyasini o‘zbek tiliga birinchi bo‘lib tarjima qilgan. Va u (Qodiriy tarjimasida) dramatik teatr sahnasida qo‘yilib, katta muvaffaqiyat qozongan. Hamza nomidagi teatrning keksa artistlari (masalan, O‘zSSR xalq artisti Sayfi qori Alimov) hozirgacha Abdulla Qodiriy tarjimasidagi bu pesadan olingan ajabtovur iboralarni takrorlab yurishadi.
Men shaxsan Abdulla Qodiriyni adabiy tashkilotlar qayta qurilgan, RAPP tugatilgan va VKP(b) MKning 1932 yil 23 apreldagi qarori asosida SSSR yozuvchilarining yagona tashkiloti tuzilgan vaqtdan beri bilaman. Abdulla Qodiriy o‘sha yillarda Yozuvchilar uyushmasida tez-tez bo‘lardi. Adabiy jurnal tahrir hay’atining a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hay’atining a’zosi. SSSR yozuvchilari birinchi qurultoyining delegati va h.k. Men uning hech qayerda va hech qachon yengil-elpi latifa aytganini eshitmaganman. Men Abdulla Qodiriyning nimadandir norozi yoki sho‘rolarga qarshi kayfiyatda bo‘lganini ko‘rmaganman. Biz Yozuvchilar uyushmasida – yosh shoirlar, Abdulla Qodiriy esa mashhur va masrur yozuvchi bo‘lganiga, favqulodda kamtar va sodda bo‘lganiga qaramay, men, bir yigitcha, Sharqning kattalarga hurmat degan an’anasiga rioya qilib, u bilan, ikki hamkasabadek, teng gaplashishga jur’at etmaganman. Men va bizning avlodimiz undan o‘zimizni ma’lum bir masofada ushlab turar, ammo hammamiz uni or-nomusli, mehnatsevar, bilag‘on va iste’dodli yozuvchi sifatida hurmat qilardik.
Bir voqea esimda. 1933 yili Toshkentga atoqli frantsuz yozuvchisi Pol Vayyan-Kutyure kelgan. Yozuvchilar uyushmasida bo‘lgan qabul marosimida Abdulla Qodiriy ham qatnashgan. Vayyan Kutyure xayrlashuv paytida taniqli o‘zbek yozuvchilaridan avtograf yozib berishni so‘ragan. Abdulla Qodiriy V.Kutyure bergan daftarga o‘zbek tilining arab grafikasida nimanidir yozib bergan. Keyin hamma eshitsin, deb taxminan quyidagi mazmundagi jumlani o‘qib bergan. “Men ozod bo‘lgan O‘zbekistonning keksa yozuvchisiman. Bizga shu masalada rus bolsheviklari yordam berdi. Endi men Siz, frantsuz kommunisti orqali Frantsiyaning poshnasi tagida ezilib yotgan Shimoliy Afrika xalqlariga o‘z istaklarimni yo‘llayman: ular ham mustaqillikka erishsin! Umid qilamanki, frantsuz bolsheviklari bu masalada ularga yordam beradi”.
O‘ylaymanki, Abdulla Qodiriy qanday pozitsiyada turganini tushunish uchun shu so‘zlarning o‘zi yetarli bo‘lsa kerak. Yuqorida qayd qilingan Abdulla Qodiriy romanlarining man etilishi o‘zbek sovet adabiyoti tarixini qashshoqlantirib qo‘ydi, xalqimiz bir necha avlodining to‘g‘ri tarbiyalanishiga, badiiy va ma’rifiy tarbiyalanishiga katta zarar keltirdi.
Bayonnomada mening so‘zlarim to‘g‘ri yozilgan va men uni o‘qib berganman.
So‘roq qiluvchi: Grishchenko imzosi, Turkiston Harbiy okrugi prokurorining yordamchisi, adliya podpolkovnigi
So‘roq qilinuvchi Shayxzoda imzosi, guvoh.
1956 yil 12 aprel”.
Bu yil mashhur o‘zbek shoiri, adabiyotshunos olimi va tarjimoni Maqsud Shayxzodaning tavallud topganiga 115 yil to‘ladi. Umid qilamizki, respublikamiz jamoatchiligi o‘zbek adabiyoti, madaniyati va ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Maqsud Shayxzodaning yubileyini munosib nishonlaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 21-son

